a

Facebook

Twitter

Copyright 2015 Libero Themes.
All Rights Reserved.

9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Twitter

Search
Menu

Rahimboy JUMANIYOZOV.

Filologiya fanlari nomzodi, “Antik dunyo” Xalqaro fanlar akademiyasining akademigi

Komiljon Otaniyozovning ijodiy faoliyatida “Uch birlik” tushunchasining uyg‘unligi va uning jilolanish omillari

Shunday san’atkorlar bo‘ladiki, o‘zi mansub bo‘lgan xalqning ma’naviyatini, boyligi va borlig‘ini o‘z faoliyatida aks ettira oladi. Uch respublika xalq artisti Komiljon Otaniyozov ana shunday sifatga ega bo‘lgan san’atkorlardandir.
Xuddi shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati saylovchilar vakillari bilan uchrashuvdagi nutqlarida “Buyuk san’atkorimizning yubileyini haqiqiy san’at va nafosat bayrami sifatida butun mamlakatimiz miqyosida keng nishonlanishi” maqsadga muvofiqligini ta’kidlab o‘tganlari bejiz emas.
Diltortar qo‘shiqning yaratilishi san’atkorning iqtidoriga bog‘liq. So‘z va soz, ovozni tanlay bilish, ularni uyg‘unlashtira olish hofizning didi, saviyasi bilan belgilanadi. Bu uch birlikning yaxlitligi mumtoz adabiy merosimizdagi gul, bulbul va ko‘ngil timsolining uzviy aloqadorligini eslatadi. Ana shularning o‘zaro uyg‘unligidan jilo topgan qo‘shiqgina tinglovchining ko‘ngliga yo‘l oladi.
Komiljon Otaniyozov ana shunday baxtga to‘la ma’noda sazovor hofiz edi. Uning jozibador qo‘shiqlarini shunchaki tinglash qiyin. Uning jozibador qo‘shiqlari qanday ruhda bo‘lmasin, o‘ziga xos “yuk”ni, dardni tashiydi. Hofiz so‘zni chertib-chertib, uning ma’no qudratini sozi hamda ovozning beqiyos imkoniyatlari orqali etkaza oladi. Uning qo‘shiqlari qalbingizga ko‘hna Xorazmning havolarini olib kiradi, moziy shahodati bo‘lgan maqbaralar, unga ishlangan islimiy naqshlar, arabiy bitiklar bilan muzayyan madrasayu Islomxo‘ja hamda Kalta minoralarni ko‘z oldingizda jonlantiradi. Hofizning nolalarida o‘z san’atsevar xalqiga muhabbati ufurib turadi. San’atkorlar bo‘ladiki, so‘zga e’tiborni kuchaytiradi-yu, soz, ovoz imkoniyatlarini chetda qoldiradi yoxud aksincha.
Komiljon Otaniyozov ana shu uch birlik uyg‘unligiga qat’iy rioya qiladi. Uning har bir qo‘shig‘ini tinglaganingizda shunga amal qilinganining shohidi bo‘lasiz. Bu etuk bilimdonlik belgisi hamdir.
San’atkordagi bu fazilatlar tasodifiy hol emas, albatta. Beixtiyor u voyaga etgan muhit va kamolot bosqichlari haqida o‘ylaysan, kishi.
Toshkent Davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetining so‘ngi kursida o‘qir edim. Marhum ustodimiz – Respublikada xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Subutoy (Usmonbek) Dolimov Xorazm adabiy harakatchiligi haqida diplom mavzusi olishimni maslahat berdilar. Nihoyat, Feruz-Muhammad Rahimxon Bahodirxoni Soniy tashkil etgan shoirlar uyushmasiga kiruvchi san’atkorlardan birining hayoti va ijodini tadqiq qilish fikri tug‘ildi. O‘sha davrga oid tazkiralarni, jumladan, Hasanmurod Laffasiyning “Xeva shoir va adabiyotchilarning tarjimai hollari”, Boboxon Tarroh Xodimning “Xorazm navozandalari”, Rahim Nazariyning “Xeva – shoirlar shahri” nomli kitoblarini sinchiklab ko‘rib chiqdim. Tazkiralarga kiritilgan shoirlar orasida “Niyoziy” taxallusi bilan she’rlar bitgan Otaniyoz Oxund e’tiborimni tortdi. So‘ngra Otaniyoz Oxund Niyoziy g‘azallarining tekstologik tadqiqoti” mavzuida ilmiy ishni boshlab yubordim. Niyoziy ijodiyoti nihoyatda keng qamrovli bo‘lib, u shoirlikdan tashqari tarjimon, tarixchi, bastakor, mohir xattot ham edi. Niyoziy ma’lum muddat xon saroyida devonbegi lavozimida ham ishlagan. SHunday bo‘lsada, u ijodga vaqt ham topa olgan. Niyoziy mukammal bir devon ta’lif etgan bo‘lib, uning nusxalari O‘zFA SHarqshunoslik va Qo‘lyozmalar institutlarining ganjinalarida saqlanadi.

Otaniyoz Oxund Niyoziy xonadoniga so‘z hamda soz san’atining ustalari tez-tez tashrif buyurib turishgan. Ular orasida bo‘ladigan adabiy-musiqiy gurunglar yosh Komiljon uchun saboq va ibrat maktabi edi. Matpano ota Xudoyberganov, Madrahim SHeroziy, Matyoqub Xarrot, Hojixon Boltaev, Matkarim Hofiz, Bola baxshi (Qurbonnazar Abdullaev)larning suhbatlaridan u ko‘p bahramand bo‘lgan. San’at va san’atkorning o‘rni, vazifasi haqidagi ilk tasavvurlar unda o‘shandayoq shakllana boshlagandi. Niyoziy xonadonida o‘tkazib turiladigan adabiy gurunglar hofizxonlik, bedilxonlik, navoiyxonlik hamda g‘azalxonlik, qissaxonlik kechalari bo‘lg‘usi san’atkorning murg‘ak qalbida nafosatga, san’atga bo‘lgan mehr uchqunlarini alangalata boshlagandi. Komiljon maroq bilan g‘azallarni o‘qir va ularni musiqaga solish uchun xirgoyi qilardi. U ayniqsa, otasining g‘azallarini musiqiy qiroat bilan o‘qishni yoqtirar, Matpano ota va Hojixon Boltaevlarga o‘xshab qo‘shiq aytishga intilardi. To‘g‘ri, har qanday boshlovchi san’atkor qaysidir ustoz san’atkorga o‘xshagisi, uning ijro usuliga taqlid qilib qo‘shiq kuylagisi keladi. Albatta, bu o‘ta ta’sirlanishdan tug‘iladigan holat. Umuman aytganda, inson o‘z hayoti ibtidosining taqliddan boshlaydi. Bolalikda ota-onaning yurish-turishiga o‘xshashga harakat qiladi. Bog‘cha va maktab paytida ham uni shu holat tark etmaydi. Unda sevimli murabbiysiga xos xususiyatlar sezilib turadi. Lekin taqlid bilan ta’sir boshqa-boshqa narsa. Afsuski, ko‘pincha taqlidni ta’sirdan, ta’sirni taqliddan farqlashmaydi.
Komiljon Otaniyozov, dastavval, qo‘shiqlarini ustozlariga o‘xshatish asnosida boshlagan bo‘lsa-da, keyinchalik u o‘zining ovoziga, ijro usuliga ega bo‘lgan san’atkor sifatida shakllanadi. Komiljon Otaniyozov taqlid doirasidan chiqolmay qolgan san’atkorlardan g‘azabga kelar, ularni to‘tiqushga o‘xshatardi. Taqlid chinakam san’atning yo‘liga g‘ov ekanligini yaxshi bilardi. U san’atga bo‘lgan qarashi va tushunchasiga ega izlanuvchan shogirdlarni ardoqlardi. Ulardan mehr-muruvvatini, marhamatini darig‘ tutmas edi.
To‘y-hashamlarni kimlarningdir qo‘shiqlarini aytib o‘tkazadigan, o‘zi biron-bir kuy bastalab, yangi qo‘shiq ijro etishga qurbi etmaydigan taqlidchi san’atkorlar Komiljon Otaniyozovning g‘ashini keltirardi. Komiljon Otaniyozov san’atkorning bilimli, orif kishi bo‘lishini juda qadrlagan. Qo‘shiq matnning mazmuni, ruhini, ohangini tushunmasdan ijro etgan san’atkorni aslo yoqtirmasdi. Uning nazdida so‘zning hissiz o‘qish bamisoli tuzsiz, benamak tayyorlangan taomni eyish va uni o‘zgaga ravo ko‘rmak bilan barobardir. Tinglovchiga matnni singdira olish san’atkordan chinakam ma’noda mahorat talab etadi. Marhum san’atkorimiz xushovoz suxandon Qodir Maxsumovning hikmatomuz bir so‘zi bor edi: “Badiiy o‘qish tushunish va his etishdan boshlanadi. Kimning qanday o‘qishi uning shunday tushunishidir”. Haq gap. SHuning uchun ham biror-bir matnni yoki g‘azalni qay tarzda o‘qish g‘azalxonning bilimini, saviyasini, didi va tushunchasini bildiradi.
Komiljon Otaniyozov mumtoz she’riyatimiz namoyandalarining g‘azallarini kuylashga chog‘lanar ekan, uni vaznga solib, baland ovoz bilan takror – takror o‘qir, so‘ngra lug‘at olib g‘azalning mazmunini, notanish so‘z va iboralarning ma’nosini bilishga kirishardi. Bu bosqichdan o‘tgandan so‘ng san’atkorga qo‘shiqning mazmuni ham, ruhi ham ayon bo‘lib qolardi.
Komiljon Otaniyozovga xos bo‘lgan olijanob xislatlardan biri qanday ruhdagi qo‘shiqni qaysi davrada qanday yoshda qachon qanday qilib aytishni yaxshi bilganligi va shunga to‘la amal qilganligidir. Aruz vaznidagi g‘azallarni kuylashga intilgan. SHogirdlardan ayniqsa, o‘ta mas’uliyatli bo‘lishni va g‘azal mazmunini izohlab, so‘zlab berishni talab etardi. SHogirdining g‘azal haqidagi tushunchasidan voqif bo‘lgandan so‘nggina kuyi ustida ishlashda rozilik bergan. Afsuski, hozirda ayrim san’atkorlar bunday mehnatni o‘ziga ep ko‘rmaydi.

Komiljon Otaniyozov arabiy alifbodagi kitoblarni ravon o‘qishi bilan ham ajralib turadi. SHuning uchun ham u shogirdlariga qarata, “SHoir she’rni o‘ynab yozmaydi, o‘ylab uni dard, kuchli ehtiros bilan bitadi. SHunday ekan, qo‘shiqchi ham uni xuddi shunday dard, ehtiros bilan kuylasagina tinglovchiga etkaza oladi”, deb takror-takror aytardi. U o‘zidan oldin o‘tgan san’atkorlarga hurmat bilan qarash, ulardan o‘rganish, xulosa chiqazishni umrning so‘ngi damlarigacha tark etmadi. Qo‘shiqchiligimiz, maqom tarixidagi barqaror an’ana sinashta tajribalarga qat’iy amal qildi, suyandi. SHuning uchun ham unda so‘z bilan soz, soz bilan dilgir ovoz uyg‘unlik hosil qilardi. U kuylagan qo‘shiqlarda so‘zni sozdan yoki sozni ovozdan ayri tasavvur qilish g‘oyat qiyin. Bu esa etni tirnoqdan ajratish mushkulligini eslatadi. Afsuski, yangi yo‘l, usul izlash maqsadida bo‘lgan ba’zi san’atkorlarda milliy kuy va cholg‘u asboblariga o‘zga xalqlarning kuylarini qorishtirish, shuningdek, o‘zga xalqning cholg‘u asboblarini, shuningdek, o‘zga xalqning cholg‘u asboblarini qo‘llash kuchayayotganligini inkor qilib bo‘lmaydi.
Xalq og‘zaki ijodiga, xususan, doston so‘zlariga baxshiyona kuy bag‘ishlab ijro etish ham Komiljon Otaniyozov nomiga shuhrat keltirdi. Ayni paytda Komiljon Otaniyozov ijrosi tufayli “Sayyod va Hamro”, “Xirmondali”, “Oshiq G‘arib va SHohsanam” kabi dostonlarga bo‘lgan xalq mehri o‘n chandon oshdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
So‘zu sozu ovoz uch birligi ijro jarayonida ishqipechak guldek o‘zaro chirmashib ketishi ham san’atkorning mahorati, didi va bilim saviyasiga bog‘liq. Ilmni san’at bilan uyg‘unlashtira olish bu uquvdan ham ko‘ra oriflikni, bilimdonlikni talab etadi. So‘z va soz ilohiy ne’mat bo‘lsa, ovoz miliiy boylik. Hofizlar buni bilish va qadrlash evaziga ehtiromga, e’tiborga ega bo‘lganlar. SHogirdlariga ibrat bo‘lish ustozlarning barchasiga nasib etsin. Bu esa san’atkorning o‘z kasbiga mas’uliyat hissi va majburiyat burchini tuyishi bilan bog‘liq hodisadir.