Annotatsiya
Mahmud az-Zamaxshariy nutq haqida
Abu-l Qosim Mahmud az-Zamaxshariy jahon fani va madaniyati taraqqiyotiga o‘zining munosib ulushini qo‘shgan buyuk allomadir. Uning lingvistika sohasidagi xizmatlari ayniqsa, beqiyosdir. Ushbu maqolada adibning til, so‘z, nutq madaniyati va notiqlik san’atiga bag‘ishlangan fikr- mulohazalariga munosabat bildirilgan. SHu asnoda mutafakkirning ayrim asarlari, dunyoqarashi va tafakkur olami to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan va tahlil etilgan.
Tayanch so‘z va iboralar: balog‘at, notiqlik, fasohat, so‘z, nutq madaniyati, nutqiy va xulqiy madaniyat, nutq mahorati, voizlik, mantiqiy mushohada, xatoba, notiq.
Maxmud Az-Zamaxshariy’s ideas about culture speech and oratory
Annatation
Abu-l Qosim Makhmud az-Zamaxshariy was famous and well known ,he made a great contribution for the world science and development of culture. Most of his works were for the linguistics. This article is about writer’s language, culture of speech and different opinions for oratory. Some works of outstanding people are analysed ,their outlook and thoughts are given as an example.
key words: narrator, word, speech, culture, critical thinking , public speaker.
Annotatsiya
Maxmud az-Zamaxshariy vnes bessennыy vklad v razvitie mirovoy kulturы i nauki v selom, lingvistiki v chastnosti. V nastoyaщey state rech idet ob oratorskom iskusstve, yazыke, rechi, mitrovozzrenii i nekotorыx spetsificheskix osobennostyax literaturnыx proizvedeniy velikogo mыslitelya.
Klyuchevыe slova: oratorstvo, krasnorechie, slovo, kultura rechi, rechevaya i povedencheskaya kultura, rechevoe masterstvo, logicheskoe mыshlenie.
O‘rta asrlar sharq mutafakkirlarining hayotiy va ijodiy faoliyatiga, qoldirgan adabiy merosiga nazar tashlarkansiz, xayoldan ushbu mulohazalar kechadi. Serqirra iste’dod ilohiyotdan beriladi. Ularning iste’dodi muayyan zamon va makon bilan belgilanmaydi. Ulug‘ nomi, ijodiy in’omi asrlar osha abadiyatga daxldor bo‘lib xizmat qilaveradi. Ularni atroflicha o‘rganish uzoq tariximizni anglashdagi, yorqin istiqbol yo‘limizni belgilashdagi muhim mezon va ma’naviy mayoqdir.
Xuddi shu ma’noda, Prezident Islom Karimovning “Bizning tariximizda jahonga dong taratgan ulug‘ mutafakkirlar o‘tgan ekan, ularning qoldirgan ulkan ilmiy ma’naviy merosi, ibratli hayoti, ta’limoti bugungi muammolarni echishda bizga qo‘l kelayotgan ekan, bu merosni o‘rganmaslikka, ta’riflamaslikka, targ‘ib etmaslikka haqimiz yo‘q” – degan fikrlari mohiyat e’tibori bilan ahamiyatlidir.
Ta’bir joiz bo‘lsa aytish mumkinki, o‘tmish bobokalonlarimiz tiynatidagi iste’dod va yaratuvchanlik qadim arab dunyosini jaholatdan chiqishiga sababchi bo‘lgan. Gap Abul Qosim Mahmud az-Zamaxshariy haqida. Garchi bolaligidanoq, taxta oyoq bilan umrguzaronlik etgan bo‘lsada, uning ruhoniyat olami cheksiz edi. U tarqoq holda bo‘lgan, muayyan silsilaga solinmagan arab tilini qoidalashtirish bilan unga tiriklik baxsh etdi. Tilning grammatik me’yorlarini ilmiy-nazariy jihatdan asosladi. Uning qismatiga yozilgan majruhlik aqlu tafakkuriga emas, balki oyog‘iga bitilgandi. Rivoyatlarda keltirilishicha, u ota-ona qarg‘ishi o‘qdek bo‘lishini, balki keyin fahmlab etgandir. Balki, onaizori qushga achinganidan jahl ustida aytgandir. “YAxshi gapga ham, yomon gapga ham farishta “omin” derkan” mazmunidagi naql bejiz emas. Aytishlaricha, tengqurlari bilan birga, qushlarni ovlash ularning sevimli o‘yinlaridan bo‘lgan. Bir kuni u chumchuq ushlab mitti oyog‘iga ip bog‘lab uni uchiradi, chumchuq esa jon holatda devor yorig‘iga kirib oladi. Ipni tortqilaydi, chumchuq chiqmagach, qattiqroq tortganida qushning bir oyog‘i uzilib erga tushadi. Bunga achingan ona: chumchuqning oyog‘idan ayirding, sen ham oyog‘ingdan ayrilgin, deb qarg‘agandek bo‘ladi. Bu qarg‘ish dildan bo‘lmasa ham, farishta omin deb qo‘yganmikan, u bir umr oqsoq bo‘lib o‘tdi. Boshqa rivoyatlarda oyog‘ini sovuq urgani bois shunday holatga kelgan ham deyishadi. Qanday bo‘lsa ham, arablarning “Agar shu ko‘sa, cho‘loq bo‘lmaganida arablar o‘z tillarini bilmas edilar!” degan fikri tarixiy haqiqat.
Zamaxshariy so‘z, til, nutq va mantiq masalalariga juda e’tiborli bo‘lgan ekanligi sezish qiyin emas. Uning nutq borasidagi ayrim mulohazalarini keltiramiz.
Zamaxshariyning notiqlik san’ati haqida maxsus asari bo‘lmasa-da, lug‘atshunoslik, grammatika, aruz, adabiyot va mantiq haqidagi mulohazalariga asoslangan holda uning notiq, nutq, mantiq masalalariga o‘z diqqatini qaratganini ilg‘ash qiyin emas. SHu xususda uning ikkita asari ayniqsa, mohiyatlidir. Bulardan biri “Navobig‘ ul — kalim” (Nozik iboralar), ikkinchisi “Asos ul — balog‘a” (Balog‘at (fasohat) asoslari) asaridir.
“Nozik iboralar” asari Zamaxshariy Makkada yashaganda yozilgan, uning qo‘lyozmalaridan bittasi Bag‘dodda Iroq Milliy muzeyida (563-raqamda), undan tashqari Berlinda (8676), Leydenda(891 va 92 raqamlarda) ham saqlanadi. Nasriy saj’ uslubida yozilgan bu asar asosan hikmatlar, nasihat va o‘gitlar majmuasi bo‘lib, xilma-xil mavzularni qamrab olgan. Taniqli, arabshunos olim Ubaydulla Uvatovning keltirishlaricha, bu asar arab mamlakatlarida bir necha marta nashr qilingan. Asarning 1914 va 1927 yillardagi Qohira nashri, 1306 hijriy yili Bayrutda Muhammad al-Kistiy al-Bayrutiy tomonidan bajarilgan nashri uning dastlabki nashrlaridan hisoblanadi. Bundan tashqari professor Bahiyja Boqir al-Husniy tadqiq qilgan tanqidiy nashri esa 1971 yilda “al-Arab” majallasida bosilib chiqdi. Gollandiyalik olim Genrix Albert SHulteyn 1772 yilda az-Zamaxshariy asarini lotinchaga o‘girdi. 1876 yilda esa fransiyalik sharqshunos Barbier Meynrad tomonidan bajarilgan tadqiqot asarning fransuzcha tarjimasi bilan chop etildi.
“Navobig‘ al-kalim” ga bir qancha sharhlar ham bitilgan bo‘lib, ulardan Samarqandda, Amir Temur saroyida xizmatda bo‘lgan yirik alloma Sa’duddin at-Taftazoniyning “An-Ni’am as-savobig‘ fi sharh in-navobig‘” e’tiboriga molikdir. Mazkur sharh 1286-hijriy yilda Qohirada chop etilgan.
Xorazmlik olim Abu-l-Hasan ibn Abdulvahob al-Xivaqiy yozgan sharhdan bir qo‘lyozma nusxa Berlinda saqlanadi.
“Asos ul — balog‘a” haqida Hoji Xalifaning “Kashf uz-zunun” nomli bibliografik kitobida shunday mulohazalar bor: u hajmi katta, mazmunan boy, adab fanining mustahkam asosi bo‘lib, una lug‘aviy majozlar bor adabiy o‘ziga xos xususiyatlar va fasohatli iboralar moddalariga qarab tartib bilan berilgan asardir”.
Mashhur adib Jurji Zaydon bu asarga shunday baho beradi: “o‘z uslubi bilan arab tilining beqiyos muhim mu’jamidir (to‘liq qomusidir), chunonchi u iboralarning qo‘llanilishi va ularning yakka o‘zi hamda matnda kelganda jumlalardagi o‘rni xususida bahs yuritadi. Agar biror moddani (bandni) sharhlash kerak bo‘lsa uning qo‘llaniladigan o‘rinlarini aniq ko‘rsatadi. SHu sababdan ham bu asar g‘oyatda foydalidir”.
“Asos ul-balog‘a”ning bir nodir nusxasi O‘zFAning SHarqshunoslik institutida saqlanadi. Zamaxshariy o‘z asarining manbalari haqida gapirib, arablarning fasohatli lug‘atidan, turli tuman nasriy va nazmiy manbalaridan yig‘gan ajoyib iboralarga shuningdek, bozorlarda, masjidu jomelardagi so‘zga chechan xatiblardan eshitganlariga asoslanib yozgani haqida zikr qiladi. SHu xususda serunum tadqiqot ishlari olib borgan sharqshunos olim Ubaydulla Uvatov asar tarkibini quyidagicha e’tirof etadilar: Qur’oni Karim, Hadisi sharif, Umar, Ali kabi xalifalar, sahobalar va boshqa fasohatli notiqlarning kalimayu so‘zlari, johiliya, islomdan avvalgi va islom shoirlarining she’rlari, masallar, arablar nasriy asarlarida qo‘llanilgan iboralar.
YUqorida qayd etilgan har ikkala asar Zamaxshariy zakosi, notiqlik fasohati, nutq madaniyati va mahorati borasida etarlicha ma’lumotlar bera olishiga shubha yo‘q.
Qolaversa, dunyo tanigan va tan olgan alloma haqidagi ushbu ta’riflar ham bejiz emas. Allomani chuqur hurmat va alohida mehr bilan “Ustoz ad-dunya” (“Butun dunyoning ustozi”), “Ustoz al-arab va-l-ajam”, “Jorulloh”, “Faxru Xvarazm” kabi birorta ham allomaga nasib etmagan o‘ta sharafli laqablar bilan ataganlar. Mashhur olimlar, shoirlar va adiblar davrasida u doimo peshvolardan biri bo‘lardi. Qizg‘in ilmiy bahs va munozaralarda uning fikr-mulohazalari inobatga olingan. Mana shu zayldagi beqiyos ulkan obro‘-e’tibor va buyuk daho ehtimol, unga o‘z asarlaridan birida “Va inniy fi Xvarazm Ka’bat al-adab” (“CHindan ham men Xorazmda adiblar uchun bir Ka’badekdurman”) deb yozishiga asos bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.
Fikrni chiroyli ibora va so‘zlarda ifodalash, so‘z boyligidan ustalik bilan foydalanish uchun kishi fasohat, balog‘at ilmlaridan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak. Buning uchun so‘zni to‘g‘ri, o‘z o‘rnida ishlatish, qoidaga muvofiq so‘zlash va yozish ham kerak bo‘lgan. Zamaxshariyning yuqorida eslatilgan asarlarida asosan adabiyotning asosiy qismlari frazeologik so‘z birikmalari, ularni amalda tadbiq etish yo‘llari chuqur tahlil etilgan. Alloma odamzod faoliyatida muloqot jarayonida asosan og‘zaki va yozma nutq madaniyatidan foydalanishini e’tiborga olgan holda uning har ikkalasiga tegishli bo‘lgan masalalariga munosabat bildirib o‘tadi. SHu asosda muomala quroli, munosabat va murojaat manbai bo‘lgan nutqning qoidalariga, notiqlik foydalariga e’tibor qiladi. U so‘z bobida ta’sirchan va hikmat darajadagi so‘zlarni topib aytish muhimligini ta’kidlaydi. Bu esa aytuvchi va eshituvchiga malol kelmasligini inobatga oladi va ayni damda suhbat qovushishiga zamin hozirlaydi. U shunday iboralar keltiradiki, ular tashbehiy ifodalar bilan xotirangizga muhrlanadi. Misol tariqasida “Nozik iboralar”dagi ushbu fikrlarga e’tibor qiling. “O‘z birodaringni yanchilgan mushkdan ko‘ra ham xushbo‘y so‘zlar bilan yod et, garchand u sendan uzoq shaharda bo‘lsa ham” yoki “ahmoq kishi hikmat lazzatini bilmaydi bamisoli tumov kishi gulning hidini sezmaganidek”.
So‘z aytuvchining o‘ynab gapirsa ham, o‘ylab gapirishi maqsadga muvofiqligini e’tirof etyapti adib. Har qanday o‘xshatish, sifatlash kabi san’atlar bir jihatdan ta’sirchanlikni kuchaytirsa, ikkinchi jihatdan kishi diqqatini o‘ziga tortadi. Insonning so‘zida uning o‘zligi yotishi, so‘zlik o‘zlik uchun ko‘zgu ekanligini ta’kidlash Zamaxshariy qarashlarida o‘z ifodasini topgan. Har bir inson so‘ziga qarab uning ongu tafakkuri, ma’naviyatini bilib olishi mumkinligini e’tirof etayotgandek bo‘ladi. Mana uning fikrlaridan biri: “ko‘pchilik odamlar haqiqatdan yiroqdir, ularning talab va davolari yolg‘onu bo‘htondir, aytgan so‘zlariyu-ishlari o‘zlariga bog‘liqdir”. Insonning xulqiy madaniyati, nutqiy madaniyati bilan uyg‘un bo‘lishini bular bir-biri bilan bog‘liqligini ta’kidlash ham Zamaxshariy dunyoqarashiga ziynat baxsh etadi. Jumladan, u yozadi: “aqlli, g‘ofil kishining sukut saqlab jim turish holati johil, parishon kishining uzridan afzaldir. Ko‘pincha, til bilan etkazilgan jarohat qilich bilan etkazilgan jarohatdan og‘irroqdir. Ko‘p so‘z iboralar borki, odamlarga ular fasohatli ko‘rinsa-da, Alloh nazdida ular nomaqbuldir, so‘zlovchini ham eshituvchini ham mulzam qilur”.
O‘rni kelganda sukut saqlashning ahamiyati katta ekanligi sharqona qarashlarga vobastaligi e’tirof etiladi. “So‘zlagandan so‘zlamagan yaxshiroq, so‘zlagandim tegdi boshimga tayoq, aytilgan so‘z mis, aytilmagani oltin” kabi maqollar zamirida ham ana shu mantiq mavjud.
U nutqda so‘z qo‘llashda me’yor zarurligini, suhbat ta’sirchan bo‘lishi uchun muxtasar bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. CHunki uzoq so‘zlangan nutq tinglovchilarga malol kelishini uqtiradi. Bu bilan u notiqning so‘zi tinglovchining ko‘zida bo‘lishini, tinglovchining holati va ruhiyatiga qarab gap aytish muvaffaqiyat keltirishini aytmoqchi bo‘ladi. “Ko‘p ortiqcha so‘zlashuv eshituvchini ranjitar” – deydi u yuqoridagi kitobda.
U etuk ruhiyatshunos, tilshunos sifatida ham masalaga chuqur yondashadi. Insonning ko‘zi va so‘zidagi uyg‘unlik zohiran namoyon bo‘lmasa-da, botinan anglanishi mumkinligi borasida so‘z yuritadi. Oddiy insonlar so‘zlashish orqali bir-birini anglashi borasida Mahmud Koshg‘ariyning ushbu bitiklari yodga keladi: kishi so‘zlashu, yilqi yizlashu. YA’ni, odamlar bir-birini so‘zlashib taniganlari singari, hayvonlar bir-birini hidlashib bilishadi.
SHunday toifa insonlar borki, ular so‘zlashish emas, balki ko‘zlashish orqali bir-birini uqadi. Ularda ichki ko‘z, o‘tkir qalb ko‘zi bor. Ularga shuning uchun ham ishoratgo‘y, bashoratgo‘y, karomatgo‘y deyishadi. Bular valiylardir. Insonning botiniy olamini bir qarashdayoq anglab etish bashorati ularga xos bo‘lgan. Endilikda, “Olimlar oldida tilingni tiy, valiy oldida dilingni ham” degan naql zamirida teran hikmat yotganini uqib olish qiyin emas. SHuning uchun ham karomatgo‘y voizlar so‘zni qo‘llash bobida aql va qalb ko‘zini ishga solishadi. Zamaxshariy bu borada shunday yozadi, “Ko‘z o‘z sohibining qalbida nima borligini ifoda etar: muhabbatdan nima, nafratdan nima borligini ko‘z so‘zlaydi, og‘iz esa sukut saqlaydi, bari bir yurakda nima kechayotganini ochiq oydin, zohir ko‘rasan!”
Adib “tiliyu-dili to‘g‘ri va haqgo‘y bo‘lgan odamning xatoyu-nuqsoni kam bo‘lur”, — deya ilova qiladi.
Zamaxshariy balog‘at va fasohat so‘zini ko‘p qo‘llaydi. Bu so‘z tushuncha o‘rnida notiq, nutq, mantiq masalalariga juda yaqin turadi.
Balog‘a(t) insonning aqlan, ruhan va jismonan voyaga etishi, shakllanishini, boshqacha aytganda, barkamolligini anglatadi. Teran tafakkur sohibi bo‘lish, nutqiy va xulqiy madaniyatga ega bo‘lish chinakam balog‘atdir. Fikrni, bilimni boshqa birovga etkazishdagi nutqiy va xulqiy muloyimlik esa fasohatdir. Topib, tanlab so‘zni o‘z o‘rnida qo‘llay olish mahorati fasihlarga xos bo‘lgan.
Zamaxshariy og‘zaki va yozma nutq madaniyatini chuqur idrok etish asnosida, diniy va dunyoviy ilmlarni chuqur bilish zaruratini e’tirof etadi. SHundagina johilni oqildan farqlash mumkin degandek bo‘ladi adib. Nutqiy va hulqiy madaniyatga ega bo‘lgan inson chinakam ma’noda balog‘atga etgan, fasohatli va bo‘lig‘ insondir. U nutq va notiqlik masalalariga hadis mazmunidan kelib chiqqan holda yondoshadi. SHularga asoslangan holda umumlashma xulosalar qiladi.
Hatto, Zamaxshariyning shogirdlaridan biriga, aniqrog‘i, Abul Muayyadga “Axtabu Xvarazm” nisbati berilgan, unga ya’ni, “Xorazmning so‘zga chechan notig‘i” degan laqabning berilganining o‘ziyoq, Zamaxshariyning voizlik san’ati borasidagi xizmatlari katta bo‘lganini anglatadi. Unga “xorezmskiy xarizmatik” deyishlarini istardim. CHunki, dag‘al, qo‘pol yoki muloyim va qahri qattiq yoki mehribon inson qalbiga ham oson yo‘l topa olish salohiyati nutq va xulq orqali ekanini Zamaxshariy bilgan va amalda qo‘llay olgan zoti sharifdir. Uning bir og‘iz gapidan ham buni anglash qiyin emas. U ikkinchi bor Makkaga otlanayotgan paytida “nega yana Ka’ba safarini ixtiyor ayladingiz?” — deb so‘raganlarga “qalb xotirjamligi, dil pokligi va ibodat lazzatini faqat Makkadagina his qilish mumkin”, — deb javob bergan. Tani sihatlik va xotirjamlik, ko‘ngil tozaligi va ilm ibodati chinakam ma’noda inson komilligining mezoni ekanini Zamaxshariy teran his etgan. U hadis, fiqh, qiroat ilmi bo‘yicha ham mashhur bo‘lgani bu fikrning tasdig‘idir.
Xulosa shuki, Mahmud Zamaxshariy nazdida nutq madaniyati va voizlik mahoratini ta’minlovchi mezonlar quyidagilardir:
- Nutq xoh og‘zaki yoki xoh yozma shaklda bo‘lsin, eshituvchiga aniq, to‘g‘ri, ravon va oson etib borishi;
- Til va nutq qurilishi belgilangan andozalarga muvofiq bo‘lishi;
- Nutq tarkibi mantiqiy izchillikka qurilishi;
- Nutqning muxtasar bo‘lishi notiqning mo‘‘tabar bo‘lishiga asos ekani;
- Tilning qudratli qurol, mafkura, maslak manbai ekani;
- SHirinsuxanlik orqali maqsadga etishish, muammo echimi muomala bichimi bilan ekani;
- Nutq jarayonida so‘zlovchining ziyrak va ehtiyotkor bo‘lishi;
- Insonning so‘zligi uning o‘zligining ko‘zgusi ekani;
- Har qanday va’z qoidalari voiz foydalari ekani;
- Nutqning sezgi, his-tuyg‘u va ongu tafakkurdan keyin tug‘ilishi;
Mangulikka muhrlangan mutafakkirlarning fikrlari asrlar, davrlar o‘tsa ham qiymati pasaymaydi. Bugungi kunda ham adibning tilshunoslik va uning muhim tarkibiy qismlari frazeologiya, leksikologiya, semasiologiya, leksikografiya singari bo‘limlariga daxldor mulohazalari o‘z kuchini yo‘qotgan emas.
Rahimboy Jumaniyozov. Filologiya fanlari nomzodi, O‘zDSMI “Sahna nutqi” kafedrasining dotsenti, “Antik dunyo” va “Turon” fanlar akademiyalarining akademigi
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
- Karimov I.A. YUksak ma’naviyat – engilmas kuch. –T.: “Ma’naviyat”. 2008.
- Karimov I.A. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. –T.: “O‘zbekiston”. 2011
- Karimov I.A. Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir. –T.: “O‘zbekiston”. 2015
- Abu–l Qosim Mahmud az–Zamaxshariy. Nozik iboralar. –T.: “Kamalak”.1992
- Mahmud az–Zamaxshariy. –T.: “Tafakkur” nashriyoti. 2011
- Ishmuhammedov R., Abduqodirov , Pardaev A.Ta’limda innovatsion texnologiyalar. – Toshkent, 2008.
- Jumanov I. Badiiy so’z mahorati. –T., 2015.
- Inomxo‘jev S. Badiiy o‘qish asoslari. –T.: O‘qituvchi, 1973.
- R. Ta’lim, tarbiya, tafakkur, taraqqiyot. – T., 2015 y.
- R. Toshkentdan gapiramiz. T.: O‘zbekiston, 2016 y.
- R. Dil – qulf, til – kalit. T.: O‘zbekiston, 2016 y.
- http://www notiq.uz Muallifning shaxsiy sayti.