9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Twitter

 

Xon og‘a, bir tortib yuboraymi?

Notiqlik san'ati - Rahimboy Jumaniyozov rasmiy sayti > IJODIYOT  > Xon og‘a, bir tortib yuboraymi?

Xon og‘a, bir tortib yuboraymi?

Ustoz Matyoqub Qo‘shjonov bir rivoyat aytgandi. Aslida, bu bosar-tusarini bilmasdan, ko‘zini yog‘ boylab, odamlarni tanimay qoladigan, mensimaydigan ayrim toifa odamlarga nisbatan aytilgan. Qishloqda bir sartarosh bo‘lgan ekan, katta-kichikning birdek hojatini chiqazib duo olib yurgan kamsuqum yigit ekan. Nimadir bo‘libdi-yu, uncha-muncha odam bilan gaplashmaydigan, manmanlik kayfiyati vujudiga kirib gaplari ham balandparvoz bo‘lib qolibdi. Bundan xabar topganlar qoziga norozi bo‘lib u haqda gapirishibdi. Qozi soch-soqolini oldirish uchun sartaroshning yoniga boribdi. Sartarosh vazifasini bajara turib, ustarani qozining bo‘yniga qo‘yib, “qozi buva, shu erdan bir tortib yuboraymi” – debdi. Qozi o‘qrayib “kim bilan gaplashayotganingni bilayapsanmi”, – debdi. “Bilaman, yurt qozisi falonkas pistiyonkas o‘g‘lisiz”, – debdi. Darg‘azab bo‘lgan qozi indamay, endi o‘zingdan ko‘r deb ketibdi. Bo‘lgan voqeani vazirga aytibdi. Endi bir sartarosh hazillashsa, shuning uchun g‘azab otiga minish shartmi, hazillashsa hazillashibdi-da. “Aminmanki, sizga ham shu hazilni qiladi” – debdi qozi. Bo‘lmag‘ur gap, – deb vazir soch-soqolini oldirish uchun borsa, sartarosh yigit vazirga ham xuddi shu muomalani qilibdi. Vazir jahl otiga minib “o‘z umringga o‘zing yakun yasayapsan” – deb chiqayotganida sartarosh nima qilardingiz degandek miyig‘ida kulimsirab turganmish. Xon ham bu voqealardan xabar topgach, hech kimga bildirmasdan sartaroshning yoniga o‘zi ham boribdi. Sartarosh xonning soch-soqolini ola turib iyagi tagiga pokini qo‘yibdi-da, “xon og‘a, shu erdan bir tortib yuboraymi” deb kulibdi. “Ajal bilan o‘ynashyapsanmi, ertaga o‘zingni dor tagida ko‘rasan, bola-chaqang bilan vidolash” desayam xonga qarab tirjayib turganmish. Es-hushidan og‘gan shekilli, deb xon saroyga kelib, maslahatgo‘y voizni chorlab bo‘lgan hodisotni aytib beribdi. Voiz sartaroshning oyog‘ini tagini bir kavlab ko‘ringlar-chi deb maslahat beribdi. Kavlashsa bir xum oltin chiqibdi. Sartarosh esa qaltirab, bukilib, munkayib qolibdi. Xon qilmishi uchun sartaroshga jazo tayinlabdi. Bunga sayrab turgan til-zabonni va kuch-qudratni shu boylik bergan ekan, degan xulosaga kelibdi. Ko‘rmaganni ko‘rgani qursin degani ham shu. Xon xudodan qo‘rqmasa ham sartaroshdan qo‘rqadi degan naqlning zamirida ham ana shu mantiq yashirin bo‘lsa ajab emas.

No Comments

Leave a Comment