Sohirnafas suxandonni so‘roqlab
Targ‘ibot, tashviqot, axborot so‘zlari bir-biriga uyg‘un bo‘lgani holda, bugungi davrda ularning o‘rni, roli yanada kengroq, muhimroq ahamiyat kasb etayotgani sir emas. “Mafkura poligonlari yadro poligonlariga nisbatan ko‘proq kuchga ega” bo‘layotgan ayni damda boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Bularning zamirida tinglovchilar ommasiga nimanidir etkazish niyati yotadi. Gap nimani, kimga, qachon va qaerda etkazish emas, balki ma’lumotni qanday etkazish, aniqrog‘i, o‘tkazish masalasi yanada mohiyatlidir. Demak, qalam, qog‘oz, mikrofondan har bir ijodkor foydalanishi mumkin, lekin u har birida o‘zgacha jilolanadi. O‘qish, aniqrog‘i, ifodali o‘qish, tushuntirib o‘qish o‘zining uzoq tarixiga, boy an’analariga ega.
O‘qishdan maqsad uqish va uqtirishdir. Qiroatxonlik nomi bilan yuritiluvchi san’at dunyoning deyarlik barcha xalqlari orasida turlicha ko‘rinishlarda yashab keladi. U qaysidir ma’noda o‘zi mansub bo‘lgan xalqning mafkurasiga xizmat qilib kelgan. Hamma ham ovoz chiqarib o‘qiydi. Lekin hamma ham ifodali tarzda, intonatsiya bilan o‘qiy olmaydi. Go‘yoki, qalam oddiy odamning qo‘lida boshqachayu, chin shoirning qo‘lida boshqacha badiiyat manzarasi yaratgani kabi. Bozordan ovqat tayyorlash uchun bir xil masalliq keltirib berasiz, lekin tabboxlar har xil taom tayyorlashadi. Ta’mi, tuzi, tusi, totlilik darajasi boshqacha.
SHunday ekan, o‘qish san’ati ham o‘zgacha. Ayrim suxandon yoki aktyorlarning o‘qiganlarida sehrlanib qolasiz. Sehringiz mehringizga do‘nadi. Tovushlarni, so‘zlarni aniq va tiniq talaffuz qilishi bilan sizni o‘ziga tortadi, qoyil qoldiradi. Bulardan biri xalqimizning e’tiborini, ehtiromini qozongan qo‘ng‘iroqovoz marhum san’atkorimiz O‘zbekiston xalq artisti Qodir Maqsumov edi. Men u kishini turkiy qiroatning qiroli edi degim keladi. O‘zining o‘qish manerasi va matnga munosabat tarzi, ovoz imkoniyatlaridan foydalana olishi bilan har bir kishini maftun etmasdan qolmasdi. Afsuski, umrlari qisqa ekan. Bugungi davrimizga, bunyodkorona ishlari bilan jahonga yuz tutgan, qisqa davr ichida dunyo tanigan va tan olgan hur diyorimizni hayrat va mehr nigohi bilan madh etish ular taqdiriga yozilmagan ekan. Agar hayot bo‘lganlarida bugungi munavvar kunlarimizni, mustaqilligimizning sharofati, ozod va obod vatan shukuhini o‘zgacha muhabbat, iftixor va viqor bilan o‘qigan bo‘lardilar. Ichidagi dardini baralla aytish imkoni yo‘q, tili qisiq edi. Mustabid tuzum hukmron bo‘lgani uchun, uyda ham, ishxonada ham xoli qolgan paytlari Qobiljon YUsupov ijrosidagi “O‘shal kun kelur” qo‘shig‘ini tinglab umid bilan, armon bilan yashab o‘tdi. Ushalmagan orzularini ichiga yutib yashadi. Alamini “goh xud, goh bexud” (Q.Maqsumovning iborasi) mikrofondan oldi.
Garchi bugungi kunlarimiz tarovatini ko‘rish, mustaqilligimiz nafasidan bahramand bo‘lish ularga nasib etmagan bo‘lsa-da, ustozning ta’limiy va tarbiyaviy mehridan oziq olgan yuzlab shogirdlari bugungi kunda diktorlik mahoratini yuqori nuqtalarga etkazganlarini inkor etish qiyin. Qodir aka jurnalistlarga bergan intervyularidan birida “Siz uchun faoliyatingizda unutilmas iz qoldirgan kunni eslay olasizmi?” — degan savolga o‘sha paytlari shunday javob bergandilar: “Ona xalqimga, o‘zbekistonliklarga ikkinchi jahon urushining tugaganligi, fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba to‘g‘risidagi xabarni ilk bor quvonch va hayajon bilan o‘qib e’lon qilganim.”