9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Cho‘pon va qo‘chqor

notiq.uz > IJODIYOT  > Cho‘pon va qo‘chqor

Cho‘pon va qo‘chqor

Bir qo‘ychivon hikoyasi: Qadrdon bir do‘stim bor edi. Ota kasbi bo‘lgani uchunmi maktabni bitkazgach, o‘qimay qo‘ydi, umri qo‘y-qo‘chqorlar orasida o‘tdi. Bir kuni menga “do‘stim, shaharga tushib keladigan ishim bor, shuning uchun o‘rnimga cho‘pon bo‘lib turolmaysanmi, — deb qoldi. Men ko‘ndim. CHo‘ponlik ham oson emas, mashaqqatli, xavotirli kasb ekanini bildim. Lekin, toza havoda tinchgina dam olib, iyagingni tayoqqa tirab, qo‘ylarni kuzatib o‘tirishning ham gashti boshqacha ekan. Hamma qo‘y ham itoat qilavermaydi. Soqchi itning hurishiga ham e’tibor qilmay qo‘yadiganlari yo‘q emas. SHu kunni tinchgina o‘tkazib qo‘y, echki va qo‘chqorlarni qo‘raga qamadim. Minnatdorlik bildirgan do‘stimga qo‘ylar orasidagi xuddi otning qashqasi singari peshonasiga sal-pal oq tushgan bir qo‘chqorni ko‘rsatib, “ana shundan ehtiyot bo‘l, kasalga chalingan o‘xshaydi, bir necha bor qon o‘xchiganini ko‘rdim,”- deb qo‘ydim.

SHu kundan boshlab cho‘ponning diqqat-e’tibori faqat shu qo‘chqorga qaratilibdi. Suruvni qo‘radan chiqarganda ham, o‘tlog‘-u yaylovda ham, qo‘raga kirgizganda ham faqat uni kuzatadigan, borligini bilgach, ko‘ngli xotirjam tortadigan bo‘lib qolibdi. Hatto, boshqa qo‘ylarga uning e’tibori susayibdi ham. O‘rniga birovni qoldirib ketadigan bo‘lsa-da, o‘shani ko‘rsatib, “undan ehtiyot bo‘l, biron kor-hol bo‘lsa, shu zahoti bo‘g‘ziga pichoq tortasan” deb tayinlarkan. Oradan bir yil o‘tdi. U ba’zan tushlarida ham alahsirab chiqadigan, o‘sha qo‘chqorni ko‘rib chiqadigan odat chiqaribdi. Uning xotirjamligi yo‘qolib, qo‘yni ta’qib qilaverish ham joniga tegibdi, shekilli. Bir kuni so‘nggi qarorga kelib, hayit arafasi uni qurbonlikka so‘yib yuboribdi.

Hayit oshiga meni ham chaqirdi. Do‘stim gap orasida so‘z qotdi: “Bu qo‘chqor boshqalariga o‘xshamaydi, kasal bo‘lsa kerak, qon o‘xchiyapti” deganding, hech qanday illati yo‘q ekan, top-toza chiqdi-ku, bugungi hayit oshi shuning go‘shtidan” dedi mamnun holda.

Dong qotib qoldim. “Hazilniyam tushunmas ekansan-u, og‘ayni. O‘sha kuni rosa ochiqib, qornimni to‘yg‘izib olay” — deb o‘tirgandim, qayoqdandir bir qo‘chqor bilan suzishib keldi-da,  orqa oyog‘i bilan choynakdagi choyni tepib, to‘kib yuborsa bo‘ladimi. Azbaroyi jahlim chiqqanidan uni tayog‘ing bilan rosa savalagandim, alamimdan aytgandim. U asli, soppa-sog‘ edi. Gapimga chippa­-chin ishonganingga hayronman, deb qo‘ydim-u, og‘zimga solingan bir burda go‘shtni chaynashni ham, yutishni ham bilmay garangsib qoldim.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.