Tarozi
Aqlni taroziga tortib bo‘lmaydi. Mabodo shunday bo‘lsa, tortgan ham, torttirgan ham dono emas. Bir hovuch bug‘doy yoki tillomidiki tortilsa. Ta’lim, tarbiya, tafakkur va taraqqiyotni ham taroziga qo‘yib o‘lchab bo‘lmaydi. Lekin ramziy ma’noda, qo‘llanilishini nozik didli kitobxonlar yaxshi tushunishadi. Navbatdagi kitobimning sahifasini tayyorlayotgan paytda dizaynerga ko‘rib turganingizdek, shaklda ishlov berishini tayinladim. Ta’limli va tarbiyali inson etuk ong-u tafakkurga ega bo‘lib intilgandagina jamiyatda chinakam taraqqiyot bo‘lishini, ana shu to‘rtta tushuncha bir-biridan kuch olishini e’tirof etib donolik qilmoqchi emasman. Tarozining tepa qismidagi “IQ”ni ko‘rib, u nima deyuvchilarga hayronman. Hazillashib “ilmning quvvati”, “imonning qudrati” yoki “ikromning qo‘g‘irchog‘i” deb qo‘yaman.
“IQ” bu intellektual koeffitsient demakdir. Uning bizda go‘yoki ahamiyati yo‘qday tuyuladi. Ammo g‘arbda “IQ”ning roli, o‘rni katta. U bilan o‘qishga kiriladi, ishga joylashiladi, hatto turmush quriladi. Bu insonning intellektual qobiliyatini, didini, qiziqish va dunyoqarashini baholovchi psixologik testlardan iborat ta’lim mezoni aslida.
Tilshunos olim Baxtiyor Mengliev o‘zining “Ma’rifat” gazetasida chop etilgan “Kafedra” nomli maqolasida buni birinchi marta 1903 yilda fransuz olimi Pine joriy etganini qayd etadi.
Kitob muqovasida, nomlanishida chaqiriq, chorlov yo‘qday, lekin ichini ochib bir necha varag‘ini o‘qigandim, chizgilaringiz xuddi o‘zimning sezgilarimning ifodasi ekan degan do‘stlarimning bahosini eshitib ich ichimdan xursand bo‘ldim. So‘z boshini sizga ilinaman. Kitobni o‘qimoqchi bo‘lsangiz, fikrlar bilan oshna tutinsangiz yuragimga yaqinsiz, misoli yog‘du, chaqinsiz. Ta’limu tarbiyaning ta’sirchanligiga taalluqli talablar, tegishli tavsiyanomalar taraqqiyotimizning tarziyu tarhi, tinchligimiz tayanchidir. Tavzi’ san’ati bilan aytganim bu tez aytish, shunchaki so‘z o‘yini emas, balki davr talabidir. Tarozi o‘lchov uskunasi. Hamma narsa vaqti bilan sarhisob qilinadi, taroziga tortiladi, diyonatu xiyonat ham, savobu gunoh ham, yaxshiliku yomonlik ham… Xullas, barchasi. CHunki umrning o‘zi o‘lchog‘lik. Umr mezonida, paymonamiz to‘lgunga qadar kimlar bilandir uchrashamiz, nimalardir qilamiz, qandaydir ishlarga bosh-qosh bo‘lamiz. Birovni rozi, birovni norozi qilamiz. Tarozida hikmat ko‘p. Bozorda ham, mozorda ham o‘lchov bor, ishqilib. Keling, fikrlashamiz, bir-birimizga ham shogird, ham ustoz bo‘laylik.
Hech kimni qilmam norozi,
Bo‘lsin bizdan barcha rozi.
O‘tar kuz, qish, bahor, yozi,
Ta’lim-tarbiya tarozi.
SHu bilan inson parvozi,
Qofiya qildim oz-mozi.
Sizga aytgum so‘zni sozi,
Dedi Rahim Jumaniyozi.