Tushovlangan ot
Uni ko‘rib tomosha qilishardi va deyishardi: zo‘r ot, chopqir ot, topqir ot, yaxshi ot, bunaqasi yo‘q. O‘tgan ham, ketgan ham shu monand gaplarni takrorlashardi. Nega ko‘pkariga qo‘yishmas ekan? Axir, buni bir necha yillar oldin poygada ham ko‘rganmizku? Bugungi kunda undan nega foydalanishmaydi? Boshqa otlarga imkon bermasmikan yo? Kimga ziyoni bor ekan?
Ot esa hammadan bir xil gapni eshitib zerikdi shekilli, yulduzni ko‘zlab kishnadi. Kuch-g‘ayrati toshib, old oyoqlarini ko‘tarib harakat qildi, tushovlangani yodiga tushib yana shashti qaytdi. Boshini quyi soldi. Og‘ir tin oldi. Otxonada turar, beriladigan suvi, em-xashaki ham qiziqtirmasdi uni.
Kishanlangan odamzotning arz dodi og‘zida, tushovlangan otniki esa bo‘g‘zida. Quloq solganlarga ham, uloq olganlarga ham iltijoim shu tushovlangan otning oyog‘ini bo‘shating. Uni ko‘pkariga qo‘shing, o‘zi ham, o‘zga ham yayrasin!