O’zi, so’zi joiz voiz
Bor edi bir zamonda,
Rabot degan tomonda.
Donishmand voiz edi
So’zlari joiz edi.
Hamma uni tinglardi,
Tinglab turib anglardi.
Unga bo’lgan havasmand
Farzand, shogir, arjumand.
Biri dedi: ey ustoz,
Sizga yorliqdir e’zoz.
Menga so’z hunarini
Hunardan unarini
O’rgatsangiz deb keldim,
Obro’ shunda deb bildim.
Qancha bo’lsada haqqi
To’laydi otam naqdi
Bidirlardi tinmayin
Ustoz hayron: bundayin
Shogirdni ko’rmagandim
Unga yuz burmagandim
To’xta demagunimcha
Yo’qsa kun botmaguncha
Shogird to’xtamas edi
Ustoz “jim, bir pas”- dedi
Seni tushundim, bildim
Shunday qarorga keldim
So’zni so’zga ulaysan
Bidillaysan tinmaysan.
Boshqalarga nisbatan
Uch karra haq to’laysan.
“Nega?” dedi, u hayron
Cho’chib tushgandek quyon.
Ustoz miyig’ida kulib,
Uning ahvolin bilib
Asta so’zin boshladi,
Zimdan nazar tashladi.
O’zgalarga nisbatan
Senga xizmatim uch bor
Kuch sarflashim ham darkor.
Jim turib ham tinglashni
So’ng oqish ham anglashni
Keyin esa so’zlashni,
So’zni so’zga ulashni
O’rgatishim kerak ekan
Yo’qsa gulsiz sen tikan.
Tinglash madaniyatdan,
Anglash ma’naviyatdan,
So’zlashchi ma’rifatdan
Xulqu odob iffatdan
Chetta turgan har voiz
So’zi tutmaydi joiz.
Bunga asos bor bilsang.
Bilib turib amal qilsang.
Til bir, quloq ikkita
Odamzodga berilgan
Tilga soqchi bo’lsin deb,
O’ttiz ikki tish terilgan.
Tinglashni o’rgan oldin
Aytilgan so’z mis bo’lsa
Aytilmagani oltin
So’zga quloq sol, ol tin
Ta’lim talabi nutqdir,
Tarbiyaniki xulqdir.
Voiz bo’lsa muqtadir
Voizlik asli taqdir.
O’zi bo’lsin yoqimli,
So’zi bo’lsin yuqumli.
So’zi bilan yondirsin,
Fikri bilan qondirsin.
Bilimini yetkazsin,
O’zga qalbga o’tkazsin.
Dildan g’ubor ketkazsin,
Shuytib ishin bitkazsin.
O’zi ham so’zi joiz
Haq so’zni desa voiz
Mantiqiy bo’lsa nutqi
Unga tahsin yuz foiz!