Chor dovon
Qadim o‘tgan zamonda,
Xevaq degan tomonda.
Bor edi piri murshid,
YOnida qirqta murid.
Ustoz yonidan jilmas,
Usiz dunyoni bilmas.
CHiqarmasdan aslo sas,
Pirning so‘zin muqaddas
Bilib qilishar havas.
Qirqtasi qirq ilm fan,
Go‘yoki tilsim, chiltan,
Pirning dong‘in eshitib,
Unga ko‘p havas etib,
Qirq birinchi murid bo‘b,
YOnida yursam bo‘lar xo‘b,
Debon keldi bir yigit
Ustozdan kutib o‘git.
Bilmoq chun matlabini
Yigitning talabini,
Pir ko‘z qirin tashladi,
Yigit so‘zin boshladi.
- El ichra manzur nomingiz,
Mo‘‘tabar in’omingiz,
Obro‘ — ehtiromingiz,
So‘zlagan kalomingiz
Meni qildi sizga rom,
Bog‘lanib qoldim tamom.
Sizdek e’zozli bo‘lsam,
Buning sirini bilsam.
Qolmas edi armonim,
Mansab, obro‘ darmonim.
Pir yigitni tingladi,
Maqsadini angladi.
- Havas qilish mumkindir,
Murid bo‘lish mushkuldir.
Baland uning qoyasi,
Muqaddasdir g‘oyasi,
Tekismas zinapoyasi
Iymon uning moyasi.
Bu yo‘lda chor dovon bor,
Oshib o‘tsang tole yor.
- Tayyorman, qiling bayon
Der u, qarab pir tomon.
SHaydoyilikdir ilk shart,
Senda bo‘lsa yuqmas gard.
O‘z kasbini sevmagan,
Bo‘lmas aslo, javonmard.
- Bo‘lsam elda hurmatli,
Sizning kabi izzatli.
Tayyorman men bu shartga,-
Dedi o‘ylamay shartta.
- SHoshma, ikkinchisi bor,
Undan oshganlar ilg‘or
Senga bo‘lsin bu bilik
Ikkinchisi fidoyilik.
Jonbaxsh bo‘lmasang fanga,
Ruh harom bu badanga,
Fido bo‘l yurt, vatanga
Borlig‘ing – jon va tanga.
- Bunga kamina rozi,
Ayting qilmay norozi.
- Ey yigit, aslo shoshma
SHoshib haddingdan oshma
Uchinchisi ham bordur,
Undan oshgan dongdordur.
Adoyilikdir bu dovon,
Oshmoq emasdur oson.
Kuyar yurak ham bag‘ir,
Elkang ham bo‘lar yag‘ir.
Kasallik kelar og‘ir,
Bo‘larsan ojiz, faqir.
Yigit bir zum o‘ylandi,
So‘z aytishga shaylandi.
Tovush pasaydi asta,
Bo‘lib qolgandek xasta.
- Oxirgisin ayting qani,
Sizdek bo‘lsam bo‘lgani.
- To‘rtinchisi ibtido
Bu dunyoga intiho.
Bilmaysan aslo lazzatni
Anglamaysan izzatni.
Manzur hamda mashhursan,
Yo‘qlik ila mag‘rursan.
Eng so‘nggisi gadoyilik
Suyak boru yo‘q ilik.
Ko‘rinmaydi xazinang,
Ganjinayu dafinang.
SHukronalik – boyliging
Qanoat – chiroyliging,
Aqcha, oddiy oyliging,
SHudir moddiy boyliging.
Imorat ham qurmassan
Va gerdayib yurmassan.
Uy joy, hasham begona,
Senga kulbayi vayrona.
Qarab qolding chaqchayib,
Nega bo‘lding hayrona?
Yigit talmovsirab qoldi,
Ko‘p muddat o‘yga toldi.
Qaray olmasdi pirga,
Nazar qadalgan erga.
Ketishga etdi fursat,
Pirim bersangiz ruxsat.
Qabul qilolmam bu yo‘lni
Sizga berolmam qo‘lni.
Igna bilan quduq qazish
Men chun aqldan ozish.
Bilim pulim deb bilibman,
Ilm sarob deb kelibman.
SHunday deya yo‘naldi
Yo‘qlik bongini chaldi.
Pir ortidan chaqirdi,
G‘azabnok bo‘b baqirdi.
Bilimdonga hurmat bor
Navoiyda bir hikmat bor.
Buni tingla nogoh, bil,
Bu hikmatdan ogoh bo‘l.
“Ilmnikim vositai joh etar
O‘zini ham xalqini gumroh etar”.