9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

So‘zlar ila so‘zlashar

notiq.uz > IJODIYOT  > So‘zlar ila so‘zlashar

So‘zlar ila so‘zlashar

Davlat boshqaruvida ham, xalq orasida ham alohida e’tiborga molik san’atlardan biri bu suxandonlik san’atidir. SHuning uchun ham uning shartlari, mezonlari haqida qator manbalarda ma’lumotlar uchraydi.

Ulardan biri XI asrda yashagan Amir Unsurulmaoliy Kaykovusning «Qobusnoma»sidir. Unda bu san’at tabiati bilan bog‘liq muhim mulohazalar ilgari surilgan. Suxandon so‘zining o‘rnini, tabiatini to‘g‘ri belgilashi lozim. So‘zning to‘rt navi borligi, uni qo‘llaydiganlar ham to‘rt xil bo‘lishi ta’kidlab o‘tiladi. So‘z martabasi kishi bilan emas, kishi martabasi so‘z bilan ekani uqtirilib, har bir so‘zning ikki yuzi bor: «biri xub, biri zisht»,-deyiladi. Xub – yaxshi, zisht – yomon demakdir. Buni bilish fakat so‘z ustalariga emas, balki hamma uchun zarurdir.

Husayn Voiz Koshifiy «Futuvvatnomai sultoniy yoxud javonmardlik tariqati» kitobining «Suhbat odobi», «Maddohlar va g‘azalxonlar zikrida» nomli qismlarida e’tiborli mulohazalar ilgari surgan.

Dastavval, «maddoh» so‘zining Koshifiy qo‘llagan va hozirgi ma’nolari tafovuti haqida. «Maddoh» madh etuvchi demakdir. Ahli saltanat, ahli bayt ta’rifida maqtov so‘zlarni aytib yurish ularga xos bo‘lgan. «Maddoh» hozirda birmuncha salbiy ottenkali ma’noni ifodalaydi. Bu so‘z hozirda biron narsa ilinjida ta’magirlik bilan o‘rinsiz maqtovlarni yog‘diradigan, tengsiz ta’rifu tavsiflar bilan nutq irod etuvchi laganbardorlarni ham eslatadi. Koshifiy madh etishning asoslari va xususiyatlari haqida so‘z yuritib, maddohlarni to‘rt guruhga bo‘ladi.

  1. O‘zlari badehatan ijod etuvchilar. Ular she’r yozish va etkazish iqtidoriga ega bo‘lishadi. Fikr yo‘sinida lozim bo‘lgan rivoyatu hikoyatlarni xoh nazmiy, xoh nasriy tarzda to‘qib, bichib aytishaveradi. Ularda ijod va ijro bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi. Ularda davraga mos, xos so‘zni topish va aytish qobiliyati shakllangan bo‘ladi.
  2. Boshqa shoirlarning she’r, hikoya, badihalarini ijro etib, xalqqa foyda etkazuvchilar. Bular roviylar deyilgan. Bularda ijoddan ko‘ra, ijro mahorati ustunroq bo‘ladi. Ular ma’lum fikrni ommaga singdirishda mohir ijrochi sifatida gavdalanishadi.
  3. Maddohlik barobarida  boshqa  ishlar  bilan  ham shug‘ullanib xalqqa foyda etkazuvchilar. Ularning asosiy kasb-hunari boshqa bo‘lgani bilan so‘zga, nazmga, badihaga moyilligi kuchli buladi. Davraning kayfiyatini, mavzuni ilg‘ab olgan holda so‘z aytishga qobil bo‘lishadi.
  4. Har erdan har xil baytlarni yod olgan kishilar bo‘lib, eshikma-eshik yuradilar. Qasida aytib, non yig‘adilar va maddohlikni gadoylik deb tushunadilar. Ularda ta’magirlik, yalinish, iltijo ohangi ustuvor. Odamlarni insofga chaqirish, rahmini keltirish, achintirish yo‘li bilan baytlar aytib kun ko‘rishadi.
  5. Maddohlik odobi, sifatlari, o‘ziga, so‘ziga va o‘zgaga e’tibor bilan uyg‘undir. Doimo taqvo va tahoratda bo‘lish, g‘arazli niyatda qasd olish uchun maddohlik qilmaslik, boylikka berilmaslik, madhda oshirib  mubolaga qilish  bilan shug‘ullanmaslik maddohlik odobi bo‘lsa, maddohlik sifatlari esa sidk, sabr, shukr, zuhd(parhez), toat, qanoat, muhosaba (umr hisobini olish), xudo yodida tafakkurga berilish, tavozu’, ixlos, karam, tafakkur, tavakkul, kam eyish, kam uxlash, shafqatli bo‘lish kabilardir.

YUqorida qayd etilgan sifatlar bilan bog‘liq holda maddohlar hazar qiladigan sifatlar haqida ham Koshifiy ibratomiz fikrlarni bildirib o‘tadi. Ular soni o‘ttizta; g‘aflat, g‘urur, aybjo‘ylik, riyo, mayxo‘rlik, korako‘ngillik, zino, badaxloqlik, janjalkashlik, yaramas va noshoyista so‘z aytish, va’dani buzish, masxara, mazax qilish, noo‘rin ta’na, yolg‘on gapirish, yolg‘on qasam ichish, birodarlarni g‘iybat qilish, tuhmat qilish, gap tashish, g‘ammozlik, hasad, makkorlik, odamlarni yomonlash, boylikka hirs qo‘yish, zulm, baxillik, ko‘p uxlash, ko‘p eyish va hokazo.

Maddohlarning o‘zaro munosabatlaridagi qoidalar haqida to‘xtalib, Koshifiy ularning bir-biri bilan do‘st bo‘lishini, o‘zaro kelishmay ish boshlamasliklarini, zaif, ojizalarini qatorlaridan surib chiqarmasliklarini, gumon va shubhaga yo‘l qo‘ymasliklarini, hamma erda aziz va muhtaram bo‘lishlarini uqtirib o‘tadi. Bunday xususiyatlarni yaxshi bilgan maddohlar uch xil bo‘lishini ta’kidlaydi. Birinchisi, ravon va ifodali tarzda she’r o‘qiydilar. Ikkinchisi, nasriy asarlar, mo‘‘jaz gaplar, ibora va ta’rifu tavsif (qasidaxonlikni) madh bilan ifoda etadilar. Ularni g‘arraxonlar (chiroyli o‘qiydiganlar) deyishadi. Uchinchi toifasi esa murassa’xon (so‘z ustalari) deb yuritiladi. Koshifiy tilga olgan maddohlik san’atining ayrim ko‘rinishlari, sifatlari biz hozirda tushungan va qo‘llaydigan suxandonlik va diktorlik san’atlariga ham yaqinligini ilg‘ash qiyin emas.

YUqoridagi mulohazalar diktorlik va suxandonlik bir-biriga uyg‘un bir san’atning ikki bosqichidir deyishga asos beradi. Diktorlik birinchi bosqich bo‘lib, nutqiy texnikani yaxshi egallash, ohangdor etkazish bo‘lsa, suxandonlik ikkinchi bosqich bo‘lib, so‘zning tovush hamda ma’no tomonlarini to‘la bilish, amalda qo‘llay olishdir. Diktorlik muayyan matn bilan ish yuritish bo‘lsa, suxandonlik erkin, ijodiy fikr aytish san’atidir.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.