Yaxshi gap
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla aka Oripov ancha tetik va sog‘lom bo‘lib qaytibdilar. Amerikadagi muolajalar o‘zining samarali natijasini bergani aniq. Men ko‘rishib rosa shod bo‘ldim. Xalqimiz baxtiga har doim omon bo‘lsinlar. O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat targ‘ibot markazi huzuridagi “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasida O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi tizimida faoliyat yurituvchi pedagoglar bilan “Ma’naviyat va hayot” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Davolanish bahonasida xorijliklarning yurish-turishi, narsa-hodisalarga munosabati va muomala madaniyatini kuzata turib xalqimizning insonparvarligi, ma’naviyati nihoyatda yuksak ekanligiga yana bir bor amin bo‘lganligini aytdilar. Kechagina yozilgan, ohori to‘kilmagan “YAxshi gap” nomli she’rini o‘qidilar. Ko‘pchiligimizga ma’qul kelganligi uchun ruxsatlari bilan o‘sha she’rlarini so‘rab oldim. Ana shu she’rning yozma va audio nusxasi e’tiboringizga havola qilinmoqda.
Yaxshi gap
Orzu-havaslarim yo‘q edi hali,
Parvosiz kezardim maysa o‘tlarda.
YOshim o‘smirlikka etgan mahali
Uchgim keldi nogoh samolyotlarda.
Yillar o‘tib ketdi goh xud, goh bexud,
Ayriliq, hijronlar engdilar meni.
Endi barchasidan uzgandim umid,
Ko‘rgim kelib qoldi daf’atan seni.
Kechdi-ku hayotim yovuzlar aro,
Baxtsizlik so‘ziga ko‘nikdim beun.
Derdim, mehmondirman dunyoda, ammo
Baxtli bo‘lgim keldi ajoyib bir kun.
Ishonmay qo‘ygandim do‘stu yorga ham,
Birdan yuragimda uyg‘ondi ishonch.
Qaygadir yo‘qoldi, g‘oyib bo‘ldi g‘am,
Qaytdi unutilgan shodlik va quvonch.
Ajib hol yuz berdi umrimda go‘yo,
Ko‘nglimni tog‘ etdi qandayin sabab?
Jimib qolgandilar g‘animlar hatto,
CHunki eshitgandim men ham yaxshi gap.
Ko‘rinmas iplar orqali bir-biri bilan chambarchas bog‘lanib ketgan, lekin har qanday jamiyatning tayanchi bo‘ladigan uchta tushuncha bor. Bular ma’naviyat, madaniyat, ma’rifatdir. Aka-ukalardek o‘zaro oqibatli bu tushnchalar birlashgandagina engilmas kuchga aylanishi muqarrardir. Ma’naviyat anglashdan, madaniyat tinglash, ma’rifat bilish bulog‘idan yaraladi. Abdulla aka Oripov bilan suhbat xalqimiz tiynatidagi ana shu uch birlikka munosabat fonida kechdi.
“Bugungi kunga qadar etib kelish jarayoni oson bo‘lmagan, — deb so‘z boshladi shoir, — kurashlar, to‘qnashuvlar bilan dovonlar zabt etiladi. Oqilona va odilona ish tutuvchi rahbarning borligi doimo xalqning boyligi va istiqbolining mezoni. Bizga bu Allohdan berilgan, nazar qilingan ne’mat aslida. Ma’naviyatning engilmas qudratini avvalo, Navoiyning bilish, chuqurroq anglash ehtiyoji ham ma’naviy zaruratdir. Ma’naviyatning otasi u tabarruk zot. Mutafakkirlarning mutafakkiri, avliyolarning avliyosi, shoirlarning sultoni — deya bejiz e’tirof etilmagan. Til masalasida ikki tillikni yoqlab chiquvchi, uni konstitutsiyaga kiritish borasidagi tortishuvlarni aytmaysizmi? Konstitutsiya mustaqil davlatimiz qomusi, or-nomusi bo‘lishi kerakligini uqtirishga hojat yo‘q. Bu ayrim davlatlarda shariat deb yuritilsa, bizning konstitutsiyamiz yashash, ilm olish, mehnat qilish singari huquqiy burchlarimizning tarzidir. Bayroq masalasida ham turli fikr va qarashlar bo‘ldi. Hatto qip-qizil qonga botirilgandek bayroq rangini ham aytganlar bo‘ldi. Tortishuvlar natijasida ko‘zingizni quvnatib, qalbingizga g‘urur baxsh etadigan hozirgi bayrog‘imiz tasdiqlandi. Bu ham katta g‘alabalarimizdan biri edi. YAna shulardan biri madhiyamiz bo‘ldi. Madhiyaning ham turli variantlari bor edi. Hammasi eshittirila boshlandi. Hozirgi madhiyamiz yangraganda, 800 ta deputat o‘rnidan turib qarsaklar bilan olqishlashgandi. Men buni ulug‘ voqea deb bilaman. Buning zamirida ma’naviyat turibdi. Ma’naviyat atom bombasidan ham kuchliroq ekanligini his etish boshlandi. Agar shu bo‘lmaganda, dunyoda urushlar ko‘payib ketgan bo‘lardi. Ma’naviyat quruq so‘z emas u moddiyatni yo‘naltirishi kerak. “Och bachchag‘ardan qoch bachchag‘ar” degan gapga o‘xshab qolmasligi kerak. Adolat, insof, vijdon tushunchalariga boy ham kambag‘al ham bir xil tushunib, bir xil amal qilsagina ma’naviyat yanada yuksaladi. Tangri ta’birida birinchi dushman bu kibrdir. Manmanlikni istagan, xudoman deb da’vo qilgan Fir’avn hukmdorlarining taqdiri nima bo‘ldi?
Jaholatga yuz tutganlar ana shunday yo‘l tutadilar. Qullik degan tushuncha og‘ir va og‘riqli muammo. Tariximizga nazar tashlasak, 850 yil mobaynida qullik qismatimizga yozilgan ekan. Oldin yunon, eron, arab, mo‘g‘ul yaqin davrlarda ruslar iskanjasida bo‘lganimiz tarixdan ayon. Ma’rifatparvar adiblarimizning aksariyati o‘tgan asr boshlaridagi milliy ozodlik harakatlari sabab o‘liga hukm etilgan. Kimki Abdulla Qodiriy, CHo‘lponni o‘qisa 25 yilga qamalib ketgan. Qur’onni o‘qiganlar otilgan. Qul bo‘lib yashash insonni yukinib yashashga o‘rgatadi. Qul birinchi navbatda sotqin, baxil, chaqimchi bo‘ladi. Uning g‘ururi bo‘lmaydi, unda vatan tuyg‘usi, yurt qayg‘usi ham bo‘lmaydi. Xo‘jayini nima desa, shuni qiladi. Uning qorni to‘q va egni but bo‘lsa bo‘ldi.Ta’bir joiz bo‘lsa aytish joizki, qorni to‘ysa qurbon hayit. Ularning aqidasi shu.
Mardikor degan tushuncha, kunlik mehnat bilan o‘z kuchini, qobiliyatini pullaydi. Bir paytlari “Mardikor” degan she’r yozgandim. Mardikorni vatan himoyasiga jo‘natib bo‘ladimi? Yo‘q. O‘g‘lini o‘qishga kiritmoqchi bo‘lsa mardikor yollasa, qiziga to‘y qilmoqchi bo‘lsa, ot-obro‘ bilan o‘z joyidan chiqib ketsa bo‘ldi deb, mardikor-kuyov yollasa, bunday insonlarda ma’naviyatning “M” harfi ham yo‘q. Bir paytlari eng madaniyatli xalq deb nemislar, madaniyatsiz deb mo‘g‘ullar topilgan. Lekin madaniyatli deyilgan xalqdan ham manfur Gitler chiqqan. Insonning o‘ziga insof bermasa qiyin masala bu. Ota-onani yoddan chiqazib amaldorning oyog‘ini o‘psa unday insonga ma’naviyat tushunchasi yot. O‘zimizning asriy, milliy urf-odatlarimiz yo‘qolib ketsa bunisi dahshat. Hatto G‘afur G‘ulom vafot etganda, “pominka” qilingan. Yig‘ilganlarga aroq uzatilgan. SHarof aka buni eshitib bekor qilgandilar. Bular urfga aylanmasin, ishqilib. SHu paytgacha meni davlat rahbarlari og‘ir vaziyatlarda qolganimda doim qo‘llab kelishgan. Bundan shod va minnatdorman. AQSHda davolanishimga to‘g‘ri keldi. Bozorida hamma narsa bor. O‘ziga keraklisini oladi, ortiqchasini nima qilaman” — deydi, kartoshka olsa ikkita uchtasini oladi. Bizga o‘xshab kilolab olishni o‘ylamaydi. Xalqi yaxshi, ko‘zi to‘q, lekin bir-biriga mehri yo‘q. Qo‘ni-qo‘shnichilik, bordi-keldi bizdagidek emas, hatto qo‘shnisini tanimaydi ham. Aza bo‘lsa, bizdagidek g‘amini bo‘lib oladiganlar yo‘q. Qiziq bir voqea. Hamyurtlarimizdan biri osh tayyorlagan ekan, bir laganda qo‘shniga ham ilinibdi. Eshigini taqillatib, oshdan bahramand bo‘linglar, — deganida baqirib ketibdi. “Nima, sen bizni tilanchi, och deb o‘ylayapsanmi, ichida balki zahari bordir, meni kim deb o‘ylayapsan” — deb o‘shqira boshlabdi. Qarasa, bu holat katta to‘polonga, yozuv-chizuvga aylanib ketishiga sal qolibdi. YUgur-yugur qilib zo‘r bazo‘r tinchitibdi. Amerika fuqarosi to‘yga faqat aytilgan keladi, yonida sherik boshlab kelmaydi. Baxt vijdonning tinchligidir. Ularning qalbida qandaydir ilohiy nur yo‘q. Ibodatlari soxta, xo‘ja ko‘rsinga ish qiladigandek taassurot qoldiradi kishida. Muhimi, farzandlarimizda ota-bobolarimizga xos fazilatlar yo‘qolmasin, o‘zlikni saqlay bilishimiz kerak. “Evropa” degan she’rimda xuddi shunga monand fikrlarni aytgandim. Sevgi va sadoqatning ramziga aylangan “Romeo va Juletta”laringiz, bir ro‘mol uchun rashk tuyg‘usi sabab o‘z yorini bo‘g‘ib o‘ldirgan “Otello”laringiz qani? Biz esa millat bolasi bo‘lib qolaylik, basharasi emas, qalbi o‘xshasin. Qorni to‘q bo‘lib mehnat qilish sharofatli. Och qolsak ham mayli imorat qurish kerak. Imoratlar 5 ming yil turadi. Keyin ovqatlanamiz deyish ham joiz emas. Ma’naviyat millatning qalbu qiyofatini saqlab qolishdir. SHunday toifadagi bobolar bor, nevarasiga qarata “Ana undan so‘rachi, “O‘zbekiston qahramoni”ning qancha puli bor ekan, mening yarim boyligimga etarmikan topgan tutgani”, -deydiganlar ham bor. Alloh dispetcherga, tarjimonga muhtoj emas. Mening she’rlarimda g‘amginlik, mahzunlik va isyonkorlik bor. O‘sha davrlarni alam bilan eslayman. Mening 45 yillik ijodim, umrim o‘sha davr bilan bog‘langan. O‘qituvchimga baxshida bir she’rimda “Nega meni bu rasvo jamiyatni maqtab o‘rgatdingiz” — deb yozganim bor.
Muqaddas so‘zlarni ko‘p takrorlash ham o‘rinli emas. Har damda, har qadamda mustaqilligimizni toshirib gapirish, o‘rinsiz qo‘llayverish o‘rinli emas. Ariqqa suv to‘lsa ham, yomg‘ir sharros quyib bersa ham uni mustaqillik sharofati deyish kulgilidir. Adabiyot fani bo‘yicha darsliklarni to‘g‘rilash kerak. Tanish-bilishlik bilan duch kelgan yozuvchi va shoirlarni qalang‘i qasang‘i asarlari bilan to‘ldirib bolalarni didsizlantirmaslik kerak. O‘n yashar ikkita bolakayning suhbatiga e’tibor bering. “Men maktabni bitkazib oliy o‘quv yurtlarni Oksfordda o‘qiyman, Kaliforniya va Indiana shtatlarida tahsilni davom ettiraman”, — deya g‘ururlanadi ulardan biri. Ikkinchisi esa shunday deydi: “To‘g‘ri, sen albatta, o‘sha shaharlarga borib o‘qiysan, chunki sening otangning ulkan do‘koni bor”, — deya xo‘rsinadi. Bu fojia emasmi? 10 yashar bolaning murg‘ak dilida umidsizlik uyg‘otish, ertangi kunga ishonchsizlik bilan qarashi bu alamlidir. Demak, puli borlarning, boylarning bolalalarigina unday ulkan shaharlarda borib o‘qishi mumkin degan umidsizlikning uning qalbida armonga aylanishiga chidab bo‘ladimi? Biz imkon darajada ularga yordam qilib qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. To‘g‘ri, hukumatimiz miqyosida bunday ishlarga e’tibor davlat siyosati darajasida qaraladi. Lekin boy, o‘ziga to‘q kishilarning ham ma’naviyatga e’tibori bo‘lishi zarur. Amerikada muolaja olayotgan paytimda bir turk yigit Nobel mukofoti oldi. Uni telekanallarda namoyish qilishdi. U “men yoshligimdan etim-esir bo‘lib o‘sganman. Maqsad yo‘lida barcha og‘ir yumushlarni ham qilishimga to‘g‘ri keldi, qiyinchilik bilan o‘sdim, “- dedi. Keyin bilsam, u o‘ziga o‘xshagan etim-esirlar, kam ta’minlangan yoshlar uchun o‘quv muassasalari va yotoqxonalar qurgan ekan. Ta’limga, ma’naviyatga e’tibor istiqbolning mezoni ekanligini unutmaslik kerak.”
So‘ngra Abdulla aka Xyuston shahrida yozgan “O‘g‘rilar haqida ballada” va “Vatanni sevmoqlik imtihondir bu” degan ikkita she’rini taqdim qildilar. YAna bitta she’ri esa “YAxshi gap” deb nomlangan bo‘lib, u kuni-kecha yozilgandi. Har uchalasining yozma va audio variantini galma-gal e’tiboringizga havola qilmoqchimiz. Marhamat.