Dilshod Isroilov: IRQIY KAMSITISHGA QARSHI HARAKAT — ADOLATLI JAMIYATNING TAGZAMINI
Dilshod Israilov
Odil sudlov akademiyasi kafedra mudiri, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori, dotsent
Irqiy kamsitishning barcha koʻrinishlariga barham berish-inson huquqlarini taʼminlash va adolatli jamiyat qurishning asosiy yoʻlidir
Irqiy kamsitish bu inson huquqlari va qadr-qimmatiga tahdid soluvchi eng ogʻriqli va salbiy ijtimoiy hodisalardan biridir. U odamlarning irqi, terisining rangi, etnik yoki milliy mansubligiga koʻra huquq va erkinliklarini cheklaydi. Jahon hamjamiyati bu illatni tubdan yoʻqotish zaruratini anglab yetib, turli huquqiy choralar koʻrishga harakat qilib kelmoqda. Ushbu yoʻnalishdagi eng muhim xalqaro hujjatlardan biri- “Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisida”gi xalqaro konvensiya hisoblanadi. Konvensiya 1965 yil 21 dekabrda qabul qilingan va 1969 yil 4 yanvardan kuchga kirgan.
Ikkinchi jahon urushi va uning oqibatlaridan keyin, inson huquqlarini himoya qilish, kolonializm va mustabidlikka qarshi kurash kuchaygan davrda irqiy kamsitishni bartaraf etish masalasi xalqaro miqyosda dolzarb boʻlib qoldi. Shu tariqa 1965 yilda mazkur konvensiya qabul qilindi. Konvensiya irqiy kamsitishning har qanday koʻrinishini bartaraf etish borasidagi xalqaro huquqiy majburiyatlarni belgilab berdi.
Konvensiyaning muqaddimasida davlatlar shunday taʼkidlaydi:
“Bir irqning boshqalardan ustunligi gʻoyasi ilmiy jihatdan asossiz, axloqiy jihatdan qoralanadigan, ijtimoiy jihatdan adolatsiz va xavflidir. Hech qanday sharoitda irqiy kamsitishni oqlab boʻlmaydi.”
Konvensiyaning 1-moddasida “Irqiy kamsitish tushunchasi — bu irq, teri rangi, kelib chiqishi yoki etnik, milliy mansubligiga koʻra odamlarning huquq va erkinliklaridan teng foydalanishini cheklovchi yoki ustunlik beruvchi har qanday farq, cheklash yoki afzallikdir”, deb belgilangan.
Konvensiyaning aʼzo davlatlari irqiy kamsitishning har qanday koʻrinishini qoralaydi va uni bartaraf etish uchun tezkor choralar koʻradi, davlat organlari yoki muassasalari orqali kamsitishga yoʻl qoʻymaydi, shaxslar yoki tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan kamsitishni ham qoʻllab-quvvatlamaydi.
Shuningdek, davlatlar kamsitishni ragʻbatlantiruvchi qonun yoki siyosatlarni qayta koʻrib chiqadi, irqiy ajratishni kuchaytiradigan emas, balki integratsiyani ragʻbatlantiruvchi jamoat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlaydi, irqiy jihatdan kam imkoniyatga ega guruhlar huquqlarini taʼminlash maqsadida maxsus choralar koʻradi.
Konvensiyada belgilanganidek, davlatlar irqiy ustunlik yoki nafrat gʻoyalarini targʻib qiluvchi tashkilotlar va shaxslar faoliyatini taqiqlaydi hamda ularga nisbatan jinoiy choralar koʻradi. Har bir shaxs irqi yoki etnik kelib chiqishiga qaramasdan qonun oldida tengdir va adolatli sud himoyasi, xavfsizlik, saylov huquqi, taʼlim, mehnat va boshqa asosiy huquqlardan teng foydalanish imkoniga ega boʻlishi lozim.
Davlatlar har bir shaxsga irqiy kamsitish holatlariga qarshi samarali huquqiy himoya va kompensatsiya huquqini kafolatlaydi.
Konvensiyaning asosiy qoida va prinsiplari aʼzo davlatlarning qonunchiligiga singdirilgan. Shunday boʻlsa-da, uning normalarini amalga oshirishda maʼlum muammolar ham bor. Xususan, jiamiyatda siyosiy iroda va xabardorlik yetishmaydi. Koʻplab davlatlarda irqiy kamsitishning yashirin shakllari toʻgʻrisida jamiyat va amaldorlar yetarli bilimga ega emas.
Ayrim davlatlarda antidiskriminatsiya qonunlari mavjud boʻlsa-da, ularning ijrosi samarasiz yoki cheklangan. Irqiy farqlar huquqiy emas, balki iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda — taʼlim, sogʻliqni saqlash, ish bilan taʼminlash kabi yoʻnalishlarda namoyon boʻladi.
Konvensiya va undan kelib chiqadigan majburiyatlarni monitoring qilish va hisobot tizimi zaif. Konvensiyaga muvofiq davlatlar BMT huzuridagi Irqiy kamsitishni bartaraf etish qoʻmitasiga (CERD) davriy hisobot taqdim etishi kerak. Ammo, ayrim davlatlarda qoʻmitaning tavsiyalari bajarilmaydi
Migratsiya, etnik nizolar va milliy ozchiliklarning muhofazasi kabi masalalar xalqaro hamkorlikni talab qiladi. Ayrim davlatlar konvensiyaning maxsus choralarga oid moddalariga rezervatsiyalar kiritgan, bu esa uning taʼsirini susaytiradi.
Yuqoridagi muammolar yechimini topish uchun qonunchilikni mustahkamlash lozim. Yaʼni, irqiy kamsitishga qarshi javobgarlik va huquqiy himoyani belgilaydigan samarali qonunlar qabul qilish.
Barcha taʼlim muassasalarida inson huquqlari, bagʻrikenglik va irqlararo tenglik mavzularini oʻqitish lozim. Irqiy kamsitish holatlari boʻyicha statistik maʼlumotlar jamiyatga taqdim etib borilishi kerak. Fuqarolik jamiyati institutlari va faollar monitoring, hisobot tayyorlash va jamoatchilikni xabardor qilishda faol ishtirok etishi lozim.
Etnik yoki irqiy jihatdan kam imkoniyatga ega guruhlarga vaqtinchalik imtiyozlar (masalan, taʼlim yordami, ish oʻrinlari kvotasi) joriy etish kerak.
Sohada xalqaro munosabatlarni yanada kengaytirish lozim. Davlatlar va xalqaro tashkilotlar oʻrtasida tajriba almashish, qoʻshma dasturlar tashkil etish, BMT va boshqa institutlar bilan hamkorlikni kuchaytirish kerak.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, barcha turdagi irqiy kamsitishlarni tugatish — nafaqat huquqiy, balki axloqiy va ijtimoiy burchdir. Konvensiyaning amalga kiritilishi — insoniyat taraqqiyotidagi muhim qadam boʻldi. Ammo, uning samaradorligi davlatlar irodasi, fuqarolik jamiyatining faolligi va taʼlim-tarbiya orqali ongni oʻzgartirishga bogʻliq.
Konvensiya muqaddimasida taʼkidlanganidek: “Irqiy toʻsiqlarning mavjudligi har qanday inson jamiyati ideallariga ziddir”. Shunga koʻra, barcha xalqlar uchun tenglik, hurmat va qadr-qimmatni taʼminlash — adolatli jamiyat qurishning asosiy yoʻlidir.