9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

ENG KATTA VIRUS — VAHIMA, OCHKO‘ZLIK, KITOB O‘QIMASLIK

notiq.uz > IJODIYOT  > ENG KATTA VIRUS — VAHIMA, OCHKO‘ZLIK, KITOB O‘QIMASLIK

ENG KATTA VIRUS — VAHIMA, OCHKO‘ZLIK, KITOB O‘QIMASLIK

(Prezident Shavkat Mirziyoevning xalqqa murojaati xususida mulohazalar)

Odamzodning irodasi bo‘sh yoki qat’iyligi turli sinovlarda bilinadi. Tarixdan ma’lumki,  zamon va makon bilan bog‘liq turli ne’matlar ham, ofat-balolar ham xalq irodasining bukilmasligi uchun sinov. Iroda ishonchni mustahkamlay olishdir, aslida. Bugun butun dunyoni tashvishga solayotgan muammolardan biri tojsimon virus balosidir. Jahon ahli bu ofatga qarshi kurash yo‘llarini, uni butkul tugatish borasida izlanayapti. Demak, bu borada yakdillik va ertangi kunga ishonch har narsadan muhim.

Prezidentimiz bu xususda aniq fikr va chora-tadbirlarni 18 mart kuni xalqimizga murojaatnomasida keskin tarzda bildirdilar. «Millati, tili va dinidan qat’i nazar, hammamiz yakdilmiz va, ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, o‘tib ketadi. Buning uchun birinchi navbatda shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiena va sanitariya qoidalariga har birimiz o‘z oilamiz, bolalarimiz bilan uyimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda qat’iy amal qilishimiz zarur. Kasallikni yashirmasdan, o‘z vaqtida murojaat qilish uning oldini olishda eng samarali choradir.»

“Kasallikni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi” — degan xalq naqlining mazmunini yoddan chiqazish jaholat, Prezident ta’biri bilan aytganda, bu «xiyonat»dir. Nima bo‘lsa bo‘lar qabilida ish tutish ham mantiqsiz harakat. Bu esa loqaydlik, beparvolik va befarqlikning urchishidir. Demak, masalaga ongli yondashishgina muammolarga to‘g‘ri yechim bo‘la oladi.  To‘g‘ri, taqdir yaratgandan, tadbir bandadan. O‘rinli, eng to‘g‘ri chora-tadbirgina ofat-u balolardan asraydi. Ayrimlarning sarosimaga tushib oziq-ovqat masalliqlarini tashmachilik qilib uyiga jamlashi insofdan emas. Nahotki, muftiyat rahbarligida, diniy ulamolar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, bemorlarga shifo tilab, duoi fotihalar qilishayotgan paytda, oziq-ovqat va boshqa kundalik iste’mol mahsulotlarining narxi oshib ketmasligi uchun barcha choralar ko‘rilib, ishonch bildirilayotgan paytda bunday o‘rinsiz xatti-harakatni qanday izohlash mumkin?

O‘z jonini saqlasa, go‘yoki barcha balolar daf bo‘ladi qabilida o‘ylayotgan noshud kimsalar o‘ziga yoxud Bosh prokuratura huzuridagi departament xizmatiga ish orttiradi, xolos. Nahotki, ular tashvish ustiga o‘zlariga tashvish orttirayotganini sezishmasa. Insonni ochlik o‘ldirmaydi, ochko‘zlik o‘ldiradi. Xalqimiz og‘ir sinov paytlarida ham bir burda nonni bo‘lib yeyishgan, qorni och bo‘lganda ham ko‘zi to‘q bo‘lgani uchun o‘zi yemay o‘zgaga yedirgan. Biz kimlarning avlodi, izdoshi ekanimizni unutmasligimiz kerak. Fursatdan foydalanib, pul undirishni niyat qilgan ba’zi bir chayqovchilarning qilmish-qidirmishiga aql bovar qilmaydi. Prezidentimiz bu borada ham oqilona javob aytdilar. «Birovning tashvishi evaziga topilgan pul hech kimga buyurmaydi.» Demak, xudbinlik, o‘zbo‘larmonlik bilan ish tutgan kimsaning oqibati xunuk, oxirati kuyuk. Bu haqiqatni unutgan kishining kulfatga duchor bo‘lishini tushuntirishga hojat bormikan?

Shu tobda nemis mutafakkiri Frans Kafkaning bir hikmati yodga keladi. «Odamzotning baxtsizligiga uning ikkita gunohi sabab bo‘lgan. Biri uning betoqatligi, ikkinchisi beparvoligidir. Betoqatligi sabab u jannatdan yerga quvildi, befarqligi bois qaytib u yoqqa bora olmaydi.»

Bundan shu narsa anglashiladiki, befarq va loqaydlik qanchalik ayanchli bo‘lsa, betoqatlik bilan sarosimaga tushib, apil-tapil ish tutish ham shu darajada kuyunchlidir.     

         «Mamlakatimizda yetarli darajada zaxira mavjud, xavotir yoki vahimaga tushishga hech qanday asos yo‘q. Ammo ko‘pga kelgan bu baloga qarshi hammamiz birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz lozim,»-deya Prezidentimiz uqtirayotgan paytda ahillik va hamjihatlik zarur ekanligini unutmaslik kerak.

Vaqt qadriga yetish, undan unumli foydalanish zaruratini his etgan davlatimiz rahbari o‘quvchi talabalarning onlayn tarzida bo‘lsa-da, ta’lim berish, ta’lim olish tizimini yo‘lga qo‘yishlari borasidagi mulohazalari g‘oyat e’tiborlidir. Shuning uchun O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda videodarslar turkumi yo‘lga qo‘yilmoqda. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun tariximiz, boy madaniyatimizga oid ko‘rsatuv va eshittirishlar, yoshlarimiz uchun foydali va qiziqarli badiiy dasturlar, kinofilmlarni ko‘paytirish maqsadga muvofiq.

Biz odatda, tanamizga ta’sir qiluvchi har qanday  xavfdan saqlanishni eplaymiz. Lekin ruhiyatning shifosi bo‘lgan ma’naviy oziqqa unchalik e’tibor qilavermaymiz. Aslida, har qanday kasallik ruhiyatdan tanaga ko‘chadi. Afsuski, bizning tibbiyotimiz, asosan tanani davolaydi. Vaholanki, ruhiyat shifo topsa, tana darddan forig‘ bo‘ladi. Ruhiyat davolansa, har xil qo‘rquv va vahimalardan yiroq bo‘ladi inson.

       Barchani vahimaga solgan koronavirusning oldini olish maqsadida hukumatimiz tomonidan turli xil choralar ko‘rilayotgani aniq. Shu munosabat bilan 8 million 300 ming talabalarning ta’tilga chiqazilishi qaysidir ma’noda ular uchun imkoniyat hamdir.

Ular bu muddat mobaynida ma’naviyat ozig‘i bo‘lgan kitob mutolaasiga sho‘ng‘ishi, turli yo‘sindagi badiiy, ilmiy, tarixiy mavzudagi asarlarni o‘qish uchun yaratilgan sharoit sifatida tushunishlari maqsadga muvofiq. Ma’naviyat ozig‘i bo‘lgan kitob barcha dardlarga darmon, sodiq do‘st, tun-u kun hamroh bo‘la oladigan qudratli kuch, mador dorisi.

O‘qishdan maqsad uqish, mutolaadan maqsad mushohada. Mushohadasiz mutolaa, tashxissiz muolajadir. Shuning uchun ham vaqt qadriga yetgan inson qanday sharoitda bo‘lmasin, ilm olishga talpinadi, yo‘l topadi.

      Turli transport vositalarida talabalarni o‘z uylariga kuzatish arafasida, institutimiz yoshlariga qarata TIQXMMI yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Ro‘zimurod Choriev shunday dedi: “Ta’til degani bu tahsil to‘xtadi degani emas, balki, ikki karra ilm olishni kuchaytirish demakdir, fan bo‘yicha kitoblarni o‘qish, onlayn dasturlarni kuzatib borish, o‘z bilimini oshirishdir”.

     Shunga amal qilgan holda, biz fanlarga oid kitoblardan tashqari, tarixiy va zamonaviy mavzudagi jahon adabiyoti hamda o‘zbek adiblarining eng sara ijod durdonalarini o‘qishni boshlab yuborishdi.

       Talabaning maqsadi o‘z nomi bilan ilm talab etishdir bu esa muayyan sharoitni talab etadi. Kitob mutolaasi, tafakkur tarzi, dunyoqarashining o‘sishi bilan bog‘liq ushbu ta’til yoshlarga mana shunday imkoniyat berganligidan unumli foydalanmaslik tojlivirus ofatidan ham og‘irroq virusga chalinish, aniqrog‘i, jaholat uyasi — kitob o‘qimaslik illatiga duchor bo‘lishdir. Nodonlikka, jaholatga qarshi ma’rifatning mayog‘i, yarog‘i va sabog‘i bilim va ilm manbai bo‘lgan kitobni sevish va o‘qishda davom etishdir.

Shuning uchun ham Prezidentimiz ta’lim jarayoniga alohida e’tibor qilgan holda, uning sur’atini to‘xtatmasdan sinf xonasi yoxud auditoriyada bo‘lmasa-da, uyda bo‘lsa ham davom ettirish zaruratini keskin tarzda qo‘ydilar.

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo mamlakatlarini tashvishga solayotgani bois uning oldini olish uchun har bir fuqaro mas’ul. Garchi bu holat iqtisodiyotimizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq bo‘lsa-da tojlivirus xavfini bartaraf etish choralari shuni taqozo etadi.

Bu yo‘sinda qaysidir soha va tarmoqlarga, yirik korxonalarga bir muncha og‘irlik tushishi tabiiy. Lekin qanday bo‘lmasin, moliya va xomashyo bozorida barqarorlikni saqlash muhimligini Prezident alohida e’tirof etdilar. Chunki narx-navoning o‘sishi beqarorlikka sabab bo‘lishini hech kim inkor eta olmaydi.

Barcha islohotlar xalq bilan bamaslahat, ularning roziligi bilan amalga oshirilishini talab etayotgan Prezident koronavirusga qarshi kurash faoliyatini oshkoralik tamoyillari asosida olib borilishini ham e’tirof etdilar.

Buning uchun viloyat hokimlari joylardagi sanitariya-epidemiologiya muassasalarini birma-bir aylanib, laboratoriya-diagnostika, tibbiy vosita va jihozlar bilan ta’minlanganlik darajasi, kadrlar salohiyati, oylik maoshi kabi muammolarni chuqur o‘rganishi zarurligini ularning zimmasiga yukladilar. Jahon jamoatchiligini va xalqni vaqtida xabardor etib borish, qo‘shni davlat — Qozog‘iston va Turkmaniston rahbarlari bilan muloqot qilish, bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorliklar koronavirus xavfini tamomila tugatish harakati bilan bog‘liq. Bu borada, albatta, ichki va tashqi imkoniyatlarni salmoqlab ko‘rish zarurdir. Ochig‘ini aytish kerakki, sanitariya va epidemiologiya masalasiga, uning moddiy texnik bazasi, laboratoriyasi, tibbiy asbob-uskunalariga e’tibor past darajada bo‘lgan.

Prezident yurtimizda ikkita respublika darajasidagi shifoxona, 14 ta yuqumli shifoxonalar, 216ta hududiy sanitariya va epidemiologiya muassasasi borligini, ularning achinarli holga kelib kolganini qayd etdi. Har bir viloyat hokimlarning joylardagi sanitariya va epidemiyalogiya muassasalariga borib ko‘rishi, laboratoriya, tibbiy vosita va tehnik jihozlar bilan ta’minlanganlik darajasi, kadrlar salohiyati, xizmatchilarning oylik maoshi qay ahvolda ekanini bilishlarini qat’iy tayinladi.

Davlat rahbari o‘z ma’ruzasida asosiy masala — moddiy texnik bazani mustahkamlash, kadrlarni o‘qitish, ilm-fanni rivojlantirish aholi salomatligi uchun mablag‘ni ayamaslik zarurligini uqtirdi.

  Bugungi kunda 163 davlatga qutqu solayotgan koronavirus ofati jiddiy muammoligini anglash asnosida ildiz otib ketmasdan qisqa muddatda daf etish zarur. Bu borada xalqimizning jipsligi, hamjihatligi, xotirjamligi muhim. Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda “og‘ziga kuchi yetmagan”lar xalqni qo‘rqitish, sarosimaga solish bilan shug‘ullangani sir emas. Bularga qarshi kurash choralarini ko‘rish zaruratini eslatib “odamlarni sarosimaga solish qonunbuzarlik bilan teng”, — dedilar Prezidentimiz.

Shuningdek, bunday sinovlardan mardonavor o‘tgan, qat’iy iroda  va azmu shijoatga ega bo‘lgan xalqimizning kuchiga ishonch bildirib, hamjihatlik, xotirjamlik va sanitariya va gigiena qoidalariga rioya etish muammoning yechimi bo‘lishini qayd etib buning uchun bizda ichki va tashqi imkoniyatlarimiz mavjudligini aytdilar.

     Xulosa o‘rnida aytish kerakki, eng xavfli virus — bu qo‘rquv, vahima, ochko‘zlik, kitob o‘qimaslik va sarosimaga tushishdir. Ibn Sino ta’rifi bilan aytganda, “vahimaning o‘zi yarim kasallikdir, xotirjamlik yarim sog‘likdir, sabr esa shifoning boshlanishidir”.

2020 yil

                  Hammasi hamjihatligimizga bog‘liq

       Mulohaza fikri bor insonga, mushohada  ilmi bor insonga, murojaat esa fikri, ilmi, eng muhimi, ishonchi bor insonga xos.  Murojaat  tasodifiy emas,  u zaruriy ehtiyojdan kelib chiqadi. Unda  ezgulikka chorlov, biron maqsad va vazifalarni astoydil bajarishga da’vat  chaqirig‘i bo‘ladi. Mamlakat ravnaqi va xalq farovonligi uchun  qilingan va amalga oshiriladigan sa’yi harakatlar Davlat rahbarining murojaati orqali mohiyat  kasb etadi.  Tahlikali paytda  qilingan murojaat fuqarolik burchini  his etgan, yurt taqdiriga  daxldorlik tuyg‘usi bilan  yashaydigan  insonni befarq qoldirmaydi.

Buning birdan  bir talab-u taqozosi Prezident g‘oyalariga sadoqat va ularning atrofida jipslashishdir. Har qanday sharoitda, og‘ir, sinovli damlarda  ahillik va hamjihatlikkina g‘alabaga yetaklagan, insoniyatning zafar quchishiga bois bo‘lgan. Demak, birdamlik, bardamlik va  qat’iy ishonch g‘oliblik nishoni. Befarqlik va boshboshdoqlik, o‘zboshimchalik va o‘rinsiz vahima, sarosimaga tushish tanazzulga  mezon.

Shunday ekan, hamma bir-biriga mas’ul, ota-ona o‘zining kelajagi bo‘lgan farzandlariga qay darajada javobgar bo‘lgani singari farzandlar ham o‘z ota-onasi va ta’lim beruvchi ustozlari  salomatligiga  mas’uldirlar. Bugun jamiyatimizning  jipsligi  va yakdilligi har qachongidan ham muhim. Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun degan naqlning mazmun-mohiyatini his etmaslik, aslo mumkin emas. Prezidentimiz atrofida jipslashish va ularning ko‘rsatma hamda  tavsiyalariga  binoan ish tutish  yorug‘ kunlar  va porloq istiqbol sari ishonchli yo‘ldir.

    Prezidentimizning uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va o‘quvchi yoshlarimizga qilgan murojaati harakatimiz va maqsadimizning mayog‘i desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Unda e’tiborimiz qaratilishi, bilish va amal qilishimizga asos bo‘luvchi yo‘l yo‘riqlar bor. Ota-onalarning farzandlariga, ustozlar talabalariga  qanday yo‘sinda mas’ulliklarini  Prezidentimizning yaqindagi  murojaatnomasidagi talablar barchamizning  ilmu amalimzga daxldordir.

      «Uyda vaqtingizni bekor o‘tkazmang.»

Inson dardi vaqt qadri bilan belgilanishi aniq. Chunki u har damga, har qadamga mas’ul bo‘lsagina biron soniya va daqiqani bekor o‘tkazmaydi. Koronavirus pandemiyasi biz uchun qaysidir ma’noda vaqt qadriga yetish uchun ham sinovdir. Uyda qolish, kitob mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘lish, oilaviy mashg‘ulotlar vaqtdan oqilona foydalanishning kaliti. Ushbu xalqning naqli bejiz aytilmagan. Bekordan tangri bezor. Uyda bekor o‘tirish vaqtni behuda sarflash vaqt qadriga yetmaslikdir. Uyda qolish shunchaki bekorchilik uchun emas, balki, uyda ishlash uchun imkon bo‘lishini hamma idrok etishi zarur. Lekin afsuski, ba’zi birovlar tojlivirus ofatini onqadar his etayotgani yo‘q. Garchi  xorijda o‘lim xavfi qutqu solayotgan, televidenie orqali mudhish xabarlarning guvohi bo‘layotgan bo‘lsada, ayrimlarning parvoyi palak. Ming nasihatdan ko‘ra bir musibat afzal bo‘lsa ham ko‘zi ochilmayapti ayrimlarning.

      Bugungi kunda butun dunyo, insoniyat murakkab davrni boshidan kechirayotgan ayni paytda mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilayotgani sir emas. Ayri damda mamlakatimizda 100 ming kishi karantinga olingan. Shuningdek, chet eldan salkam 13 ming fuqaro olib kelinib, ular ham to‘la karantinga olindi. Toshkent viloyatida 10 ming kishini qabul qilishga mo‘ljallangan karantin zonasi barpo etilmoqda. Uning dastlabki bir qismiga xorijdan kelgan 2 ming 200 dan ortiq fuqarolarimiz joylashtirildi.

    Zangiota tumanida 10 ming o‘rinli 2 ta virusologiya shifoxonasi qurilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu shifo maskanlaridagi 2 mingta o‘rin ishga tushiriladi. Hozirgi kungacha 245 mingta test, 700 mingga yaqin himoya vositalari olib kelinib, davolash muassasalariga yetkazildi. Bu illatga chalinganlarning ayrimlari shifo topib o‘z oilalariga qaytganlari ham rost. Bularning hammasi har qanday holatda ham koronavirus pandemiyasi bizga pand bera olmasligi, Prezidentimiz rahbarligidagi xalq ishonchining  tantanasi muqarrarligining isbotidir.

       «Onlayn darslarni qunt bilan o‘zlashtiring.»

        Ta’limga e’tibor bir soniya bo‘lsa-da, susaymasligini inobatga olgan Prezident bu borada ham yakdillik va hamjihatlikni ma’naviy qurol deb bildilar.  Sakkiz million uch yuz ming talaba yoshlarni uylariga kuzatish, ularni ta’limdan chetlatish emas, balki  ilm-fanga  ikki-uch barobar  e’tiborlarini kuchaytirish va ularning salomatligini o‘ylash talabidandir. Onlayn tarzidagi videodars, teledarslar orqali ta’lim ham ana shu niyat va harakatning  amaldagi ifodasidir.

Talabalarga navbatdan tashqari ta’til berilganligi munosabati bilan  ularning bilim olishlari uchun masofaviy ta’lim dasturi joriy etilganidan xabardorsiz.

Turli fanlardan videodarslar, o‘quv adabiyotlari, o‘quv-uslubiy majmualar, mustaqil ta’lim topshiriqlari, mavzular bo‘yicha taqdimotlar, videolavhalar, masalalar to‘plami, test va nazorat savollari  kabi vazifa va topshiriqlar malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan joylashtirib borilayotganini, ulardan talaba yoshlar qay darajada foydalanayotganining nazorati masalasi ota-onalarga ham ustozlarga ham bab-baravar taalluqlidir. Professor-o‘qituvchilar talabalar bilan turli masofaviy ko‘rinishlarda, jumladan, telegramm kanallari va boshqa tizimlar orqali muloqotga kirishib, tegishli mavzular bo‘yicha talabalarga on-line tarzda maslahatlar berib bormoqdalar. Talabalarga telegramm kanaliga kirish va undagi manbalardan foydalanish to‘g‘risida video yo‘riqnoma orqali tegishli ko‘rsatmalar berilishi ham maqsadga muvofiq bo‘layapti.

          Shuningdek, barcha fanlardan testlar bazasi shakllantirilgani va telegramm kanali orqali muntazam ravishda talabalarga yetkazib borilayotgani ahamiyatlidir.

Endi maqsad Prezidentimiz talab etayotganlaridek, fanlarni chuqur o‘zlashtirish, qunt bilan o‘rganishdir. Talaba-yoshlar  fursatni boy bermasdan, o‘z ustida ishlashi, ustozlar tomonidan joylashtirilgan  o‘quv-reja dasturlarini  to‘la egallashlari shart. Ana shundagina ular zamonaviy axborot-kompyuter texnologiyalarining, ilm-fanning, raqamli iqtisodiyot tizimining  mohiyatini anglab yetgan bo‘ladi.

      «Kitob o‘qing, bilimingizni oshiring».

Tafakkur xazinasi, bilim bulog‘i bo‘lgan kitobsevarlikka, kitobxonlik madaniyatiga e’tiborning kuchaytirilishi borasida Prezidentimizning bir necha farmon va qarorlar qabul qilganlaridan voqifmiz. Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yo‘qligi haqidagi davlat rahbarining o‘gitlari doimo yodda turishi zarur. Chunki, inson nimaga erishmoqchi bo‘lsa, kitobdan olingan bilim, egallangan ilm, o‘zlashtirilgan malaka, hosil qilingan ko‘nikma orqali erishishi ayni haqiqat. Karantin tugagunga qadar bo‘lgan muddatni talaba yoshlarimiz, hatto pedagoglarimiz ham ma’naviyat ozig‘i bo‘lgan kitob mutolaasiga sho‘ng‘ishi, turli yo‘sindagi badiiy, ilmiy, tarixiy mavzudagi asarlarni o‘qish uchun yaratilgan sharoit sifatida tushunishlari maqsadga muvofiq. Ma’naviyat ozig‘i bo‘lgan kitob barcha dardlarga darmon, sodiq do‘st, tun-u kun hamroh bo‘la oladigan qudratli kuch, mador dorisi. O‘qishdan maqsad uqish, mutolaadan maqsad mushohada. Mushohadasiz mutolaa, tashxissiz muolajaga o‘xshaydi. Shuning uchun ham vaqt, bilim, kitob qadriga yetgan inson qanday sharoitda bo‘lmasin, ilm olishga talpinadi, izlanadi, imkon topadi.

    «Badantarbiya  va jismoniy mashqlarni  bir kun ham qoldirmang.»

    Prezidentimiz xalqqa murojaatnomasida o‘zlari tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusning kuchiga ishora qilganlarini sezish  ham qiyin emas. Aqlan, ruhan va jismonan sog‘lom  avlodgina  yurt kelajagiga tayanch bo‘la oladi. Shunday ekan, jismonan sog‘lomlik mezoni badan tarbiya qilish bilan. Uni bir kun ham qoldirmaslik zaruriyatini e’tirof etgan Prezident  ko‘chada emas, balki uyda ham mashq qilish orqali bunga erishish mumkinligini uqtirayotganlari rost.

   Shunday ekan, yagona maqsad koronavirus tarqab ketmasligi uchun barcha choralarni ko‘rayotgan, shu sinovli damlarda har bir o‘zbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht bo‘lib harakat qilishi kerakligini ta’kidlayotgan, kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo, o‘zimizning mas’ulligimizni uqtirayotgan Prezidentimiz atrofida jips va hamjihat bo‘lishimiz. Bundan boshqa yo‘l yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas. Ta’lim yo‘nalishida ushbu uch toifaning mas’ulligi nihoyatda muhim.

— Talaba o‘zining  ilm talabgori ekanini, o‘z sohasi nuqtai naaridan  muayyan kasb egasi bo‘lib el-yurtning koriga yarashini his etsin. Yaratilayotgan imkoniyatlardan uy sharoitida bo‘lsa-da, unumli foydalansin. O‘zini kelajak bunyodkori, Prezident g‘oyalariga kamarbasta ekanini doimo idrok etib yashashi, intilishi, izlanishi shart.

—  Ota-onalar  farzandlarining  tarbiyasiga mas’ul ekanini, u jamiyat uchun qanday  farzand o‘stirayotganini bilishi, bu borada, ya’ni, nazorat etishda professor-o‘qituvchilarga qo‘shqanot va farzandlariga ibrat bo‘lishlari kerak. Chunki, farzand olayotgan tarbiyasiga qarab ota-ona uchun yo jazo, yo mukofotdir. Karantin vaqtida ayrim mas’uliyatsiz shaxslar turli ommaviy marosimlar o‘tkazganini sira oqlab bo‘lmaydi. Ota-onalar mahalla bilan  hammaslaklikda ish tutishi kerak. Farzandlariga buning oqibatini tushuntirishi, xalqimiz hayotiga xavf solayotgan bunday noma’qul ishlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi borasida tushunchalar berishi shart. Muloqot va munosabatlar jarayonida mutaxassislar ta’kidlagan “yapon fenomeni”ni qo‘llashni o‘rgatishlari kerak.

—     Professor -o‘qituvchilar faqat auditoriyada emas, balki ta’lim berishning  turli zamonaviy  texnologiyalarini chuqur egallashlari asnosida shogirdlariga o‘rnak va namuna bo‘la olishlari talab etiladi. O‘z ustida ishlashi, sohasi, fani nuqtai nazaridan yangiliklardan boxabar bo‘lib kengqamrovli  bilimga ega bo‘lishlari talab etiladi.

      Jamiyatning istiqboli, mamlakatimiz ravnaqi bugun farzandlarimizga berilayotgan ta’lim-tarbiyaning samarasi  va sifati bilan bog‘liqligini uchala toifa ham chuqur anglashi, his etishi kerak. Ular bu borada Prezident g‘oyalariga sodiq va sobitqadam bo‘lishi zarur. Bu  zamon talabi, makon taqozosidir. Chunki, bu sinovli davrdan yorug‘ yuz bilan o‘tishimizga ishonchimiz komil, imkonimiz  bor. Prezidentimizning “Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni ko‘radi. Ammo shu sinovli damlarda har bir O‘zbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo o‘zimiz mas’ulmiz.”  degan mulohazalari bizga  mayoq, qalbimizga chiroq bo‘lishi shart.

 Yuqori gigienaga asoslangan kundalik turmush tarzimiz, milliy urf-odatlarimiz bu kasallikni yengishga imkon yaratadi. Qolaversa diagnostika, davolash, karantin ishlarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari hamda ilg‘or xorijiy tajribalarga tayanib amalga oshirilayotgani ham muhim. Janubiy Koreyadan malakali shifokorlar kelib, bemorlarni davolashda qatnashayotgani, bir guruh xitoylik mutaxassislarning ham yetib kelishi, vrachlarimiz xorijiy hamkasblari bilan muntazam videomuloqotda bo‘lib, kundalik tajriba almashayotgani imkoniyatlarimiz cheksizligini bildiradi. Amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlarimiz, albatta, o‘z natijasini berayotganini e’tirof etish o‘rinlidir. Kasallikka chalinganlarning  aksariyati 30 dan ziyodi to‘liq sog‘ayib, reabilitatsiyaga o‘tkazilgani bunga misoldir.   Koronavirus bir balo — Bo‘lmaymiz unga mubtalo! Bu institutimiz talabalarining shioriga aylangan desak, mubolag‘a emas. Ularning aksariyati muntazam ravishda internet tarmoqlari, telegramm kanallari orqali biz bilan aloqada. Buning isbotini bizga yuborilgan ushbu videolavhalari orqali ham anglab olish qiyin emas.

Rahimboy Jumaniyozov, professor

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.