9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

PEDAGOGIK MAHORAT ‒ KASBIY MAHORATNING O‘ZAGI VA O‘ZANI

notiq.uz > IJODIYOT  > PEDAGOGIK MAHORAT ‒ KASBIY MAHORATNING O‘ZAGI VA O‘ZANI

PEDAGOGIK MAHORAT ‒ KASBIY MAHORATNING O‘ZAGI VA O‘ZANI

«Mahorat» so‘zi arabcha bo‘lib, o‘zagi mohir degan so‘zdan. U esa epchillik, mohirlik, uddaburonlik degan ma’nolarni anglatadi. Buni barcha soha va jabha kishilariga nisbatan qo‘llash mumkin. O‘z ishining ustasi birikmasi ham aynan shundan. Har bir sohaning mahoratli xodimlari bo‘lib, ularda kasbiy mahorat nuqtai nazaridan yaratuvchanlik, ilmiy termin bilan aytganda, kreativlik, innovatorlik xususiyatlari ustun turadi. Bunday insonlar mamlakat taraqqiyotiga o‘z sohasi nuqtai nazaridan munosib hissa qo‘sha oladilar. Turli soha, xalq xo‘jaligining turli jabhalarida faoliyat yuritadigan innovator insonlar o‘z kasbining ustasidirlar. Shuning uchun ham kasbiy mahorat tushunchasi kengqamrovlidir. Hunarmand, me’mor, rassom, haykaltarosh, duradgor, naqqosh qo‘yingki, barcha kasblarning ustalari o‘z sohasi rivojiga hissa qo‘sha oladilar. Kasbiy mahoratning uzviy bir bo‘lagi, qaysi soha yoki qaysi yo‘nalish bo‘lmasin, barchasini umumlashtiradigan o‘ziga bog‘lab turadigan jamiyatning o‘zagi va o‘zani bu pedagogik mahoratdir. Pedagogdan oziq olmagan kasb egasi ham, hunar sohibi ham yo‘q. Davlat va jamiyat rivojlanishining asosini ta’minlovchi ta’lim va tarbiyaga bevosita daxldor pedagoglarga nisbatan olinganda esa, bu ulkan ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham ta’lim tizimida alohida fan sifatida e’tirof etiladigani bu PEDAGOGIK MAHORATdir.»Pedagogik mahorat» tushunchasi o‘tgan asrning 80-90-yillarida ilmiy-nazariy va pedagogik jihatdan asoslanib, oliy ta’lim muassasalarida mustaqil fan sifatida o‘qitila boshlagan. Keyinchalik, «Pedagogik texnologiya» fani tarkibiga singdirib yuborilgan.

         Aslida, bu ta’lim mexanizmining harakatlantiruvchi kuchi, ta’bir joiz bo‘lsa, rulidir. A.L. serkovskiy, Z.S. Kunsevich, O. I Gapovalarning hammuallifligida yaratilgan «Pedagogicheskoe masterstvo» nomli qo‘llanmada bu borada e’tiborli fikrlar ilgari surilgan. Unda «pedagogik mahorat ‒ bu eng avvalo, muloqot mahorati» (9-bet) sifatida o‘rinli ta’kidlanadi. Xuddi shu yo‘sinda professor B.Skinnerning «Ta’lim texnologiyasi ‒ bu pedagogik tajribada psixologiya yutuqlarini qo‘llashdir» (6-bet) degan mulohazasi keltiriladi. Bular bir-birini inkor etmaydi, balki o‘zaro to‘ldirishga, boyitishga xizmat qiladi. Bularning asosida kognitivlik, effektiv(emotsional)lik, ierarxiya (kognitiv maqsad) yotishini izohlashadi va quyidagi oltita xususiyatni tarkibiy qism sifatida ko‘rsatishadi. 1.Bilim. 2.Tushunish. 3.Ilova. 4.Analiz. 5.Sintez. 6.Baholash. E’tibor qilinadigan bo‘lsa, bular pedagogik faoliyatning mohiyatini belgilovchi bosqichlardir.

      Muhimi, faoliyatda, doimiy izlanishda bo‘lgan pedagogning tajribasi, ko‘nikmasi tobora oshib boradi. Faoliyatning ikki qanoti bor bo‘lib bular tashabbuskorlik va tashkilotchilikdir. Bu harakat esa pedagogning kreativ jihatlarini, ijodkorlik mahoratini tobora oshib borishiga xizmat qiladi. Faoliyat ‒ taraqqiyot ta’minoti. Shuning uchun ham amerikalik ruhiyatshunos Deyl Karnegi kuyunish bilan «Bizning fojiamiz savodsizligimizda emas, balki faoliyatsizligimizdadir» degani rost. Pedagogik mahorat qanday rakurs bilan qaralmasin, olingan bilimni mohirona yetkazish, singdirish mexanizmidir.

«Pedagogik ensiklopediya»da pedagogik mahorat tushunchasiga bunday ta’rif berilgan. «O‘z kasbining mohir ustasi bo‘lgan, yuksak darajada madaniyatli, o‘zfanini chuqur biladigan, yondash fanlar sohalarini yaxshi tahlil etaoladigan, tarbiyalash va o‘qitish uslubiyatini mukammal egallaganmutaxassis».

Anglashilayaptiki, kengqamrovli bilimga ega bo‘lgan pedagogda ikkita xossa muhimligi ta’kidlanayapti. Bu ilm va ma’rifatning qo‘sh qanoti bo‘lgan ta’lim va tarbiyaga daxldor jihatdir.

 1. Dars berish mahorati. 2. Tarbiyalash mahorati.

        Ana shu har ikkala asos pedagogning mahoratini belgilovchi muhim omillardandir. To‘g‘ri, bu o‘rinda o‘quvchi bilimini xolis va aniq baholay olish iqtidorini ham e’tibordan soqit qilmaslik kerak.

«Pedagogik mahorat» fanining vazifalari «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun hamda «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» talablarida ham mufassal belgilab berilgan. Pedagogning zamon bilan hamnafasligi, yangi g‘oya va tashabbuslar bilan hamqadam bo‘lishi, ijodiy intellektual salohiyatga ega bo‘lishi, har damda o‘z ustida ishlashi talab etiladi. Ma’lumki, ilg‘or jamiyat fuqarosining, xususan o‘qituvchining ma’naviy boyligi uning keng dunyoqarashi, teran fikrlash layoqati, savodxonligi, yuksak insoniy fazilatlarga boyligi bilan baholanadi. «Barcha illatlarning ildizi ilmsizlikdandir». Yunon faylasufi Suqrotning bu fikri yosh avlodning yuksak bilim va tafakkur sohibi bo‘lishi uchun barchamizning mas’ulligimizni anglatadi.

          Dars berish mahorati o‘quvchi diqqatini jalb etish va e’tibori hamda ehtiromini qozonish bilan belgilanarkan, u ushbu jihatlarda namoyon bo‘ladi: Kasbiy layoqat va eruditsiya, psixologik-pedagogik tayyorgarlik, ta’lim oluvchilarni mustaqil fikrlash va yangi bilimlar olishga o‘rgatish mahorati, innovatsion pedagogik va axborot texnologiyalarini egallaganlik, internetning global tarmog‘i bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar, fanlararo aloqalardan foydalanish mahorati, ritorika va notiqlik san’ati asoslarini bilish. Bilimdonlik ‒ pedagog uchun shart bo‘lgan fazilat. Uning vazifasi o‘sib kelayotgan avlodga insoniyat tomonidan to‘plangan ilm xazinalarini ochib berishdir. O‘qituvchi fan va bilimlar yangi jamiyat qurish quroli ekanligini bilish asnosida turli xil insonlar bilan muloqotda bo‘lish, notiqlik san’ati va muomala madaniyatini chuqur egallashi, faol, tashabbuskor va o‘rnak bo‘lishi talab etiladi. Iste’dodli pedagog olim Komil Zaripov «O‘qituvchilar malakasini oshirishda maktab rahbarining roli» nomli kitobida («O‘qituvchi», 1993, 97-bet.) o‘qituvchining kasbiy mahoratiga, mazmun-mohiyatiga qarab «Ilg‘or o‘qituvchi», «Ijodkor o‘qituvchi», «Novator o‘qituvchi» sifatida ta’riflaydi. Aslida, har uchalasini ham uyg‘unlashtira oladigan bitta atama bor bo‘lib bu «Notiq pedagog»dir. Chunki notiq pedagogda har uchalasiga xos xususiyat ham umumlashadi. U shunchaki kasb, hunar, san’at yoxud fangina emas, balki taqdirdir. Kaykovusning «Qobusnoma»sidagi ushbu bitik ham fikrimizga dalildir. «Hamma qobiliyatlardan eng yaxshisi nutq qobiliyatidir.» U bu xulosaga kelishi uchun voqelikni kuzatgan, aql, hayot chig‘irig‘i va qalb prizmasidan o‘tkazganligi ma’lum. Demak, pedagogik mahorat fanidan ko‘zlangan maqsad mahoratli o‘qituvchilarni tayyorlashdir. Shu o‘rinda, ma’rifatparvar adib Abdulla Qodiriyning o‘tmishga qaytib ish ko‘rishni xayrlik ekani borasidagi hikmatlariga amal qilish joizdir.

Rahimboy Jumaniyozov

Professor, O’zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.