MAʼRIFATNING KAMOLI — MAʼNAVIYATNING JAMOLI

Xalqda “Bekobodning shamoli” degan ibora yuradi. Geografik maʼnoda haqiqatan ham Bekobod tumanidagi shamolning shiddati va tezligiga ishora bor bunda. Olamning moddiy asosi boʻlgan toʻrt unsurning biri bu – shamol. U harakatlantiruvchi kuchdir. Ijodiy va ijobiy maʼnodagi harakat – barakatning kaliti. Maʼrifatning kamol topishi maʼnaviyatning jilosi bilan uygʻun.
Respublikamizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Bekobodda ham oʻzgacha havo, oʻzgacha ruh va shukuh hukmron. Ayniqsa, keyingi toʻrt oy mobaynida barcha jabhalardagi jonlanishni koʻrib beixtiyor ruhlanasan kishi.
Ancha yillardan beri nashr etilmay turgan hayot koʻzgusi hisoblangan gazetaga eʼtibor boʻlakcha, uning endilikda “Yangi Bekobod” nomi bilan chop etila boshlangani buning yaqqol misolidir.
Chin maʼnoda, matbuot, maʼnaviyat, adabiyot va sanʼatga eʼtibordan boshlangan harakat barcha sohalarga ham oʻz taʼsirini oʻtkaza boshlagani rost.
Shu maʼnoda davlatimiz rahbarining “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir” degan oʻgitlarining nechogʻlik haqiqat ekanligini his etasiz.
Zamon qanchalik oʻzgarib, texnika taraqqiyoti qanot qadar tezlashmasin, inson hayotining tayanchi boʻlgan ikki ulkan tushuncha oʻz qadrini yoʻqotmaydi — bu maʼrifat va maʼnaviyatdir. Ayniqsa, maʼrifat kamol topgan joyda maʼnaviyat oʻz-oʻzidan jamol kasb etadi. Bu haqiqatni Bekobod tumani hayoti misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.
Bekobod tumani uzoq yillardan beri ilm-maʼrifat, mehnat va hunar sohasida yetuk kadrlar yetishtirib kelayotgan hududlardan biridir. Ayniqsa, yaqin oylarda tumanda maktablar, kasb-hunar markazlari va kutubxonalarning moddiy-texnik bazasi yuksaltirilib, ularning targʻibot markaziga aylanishi maʼnaviy uygʻonishga kuchli turtki berdi.
Bekobod tumanidagi aksariyat umumiy oʻrta taʼlim maktablarda “Maʼnaviyat va maʼrifat darsi” maxsus dastur asosida joriy qilindi. Ushbu loyiha orqali oʻquvchilar har hafta donishmand ajdodlar, milliy qadriyatlar va zamonaviy yutuqlar haqida chuqur tahliliy suhbatlarda ishtirok etmoqda.
Tumandagi kutubxona tizimida “Kitobli mahalla” tashabbusi doirasida har oy mahalla oqsoqollari, yoshlar yetakchilari va muallimlar ishtirokida kitobxonlik suhbatlari, fikr almashuvlari oʻtkazilmoqda.
Kamina keyingi ikki oy ichida Bekobodda ikki marotaba boʻlib shu narsaga shaxsan amin boʻldi desam, xato boʻlmaydi. Bekobod aholisi orasida yillar davomida shakllangan oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, kattalarga izzat, yoshlarga gʻamxoʻrlik kabi milliy qadriyatlar bugun yangi kuch va shiddat olib, mahallalar va oilalar hayotining bezagiga aylanmoqda.
Jumladan, “Yangi hayot” mahallasida yoshlar ishtirokida oʻtkazilgan “Mehr-oqibat – ezgulik ildizi” nomli uchrashuvda 10 dan ortiq yigit-qizlar ijtimoiy koʻmak va maʼnaviy yordamga muhtoj oilalar roʻyxatini shakllantirib, ularga volontyorlik asosida yordam koʻrsatgan.
“Obod turmush” mahallasida esa har yakshanba tongida nafaqat obodonlashtirish, balki axloqiy suhbatlar, “Ota-ona qadri”, “Oqsoqollar maktabi” kabi jonli uchrashuvlar oʻtkaziladi. Koʻplab mahallalarda jinoyatchilik darajasi mutlaq kamaygani kuzatilmoqda. Bekobod tumanida taʼlim muassasalari faqat bilim emas, balki milliy tarbiya oʻchogʻiga aylantirilmoqda. Yaqinda oʻtkazilgan “Yosh notiqlar” bellashuvida oʻquvchilar oʻz nutqlari orqali ham ilm, ham maʼnaviyat haqida erkin fikr bildirgan holda jamiyatga signal yoʻlladilar: “Biz maʼrifat bilan qurollangan, maʼnaviyat bilan kamol topgan avlodmiz!”
12-sonli maktabda oʻtkazilgan “Notiqlik sanʼati va vatanparvarlik” haftaligida 60 nafardan ortiq oʻquvchi ishtirok etib, nutq madaniyati, axloqiy qadriyatlar va yoshlar masʼuliyati haqida chiqishlar qildi. Eng faol qatnashchilar tuman hokimligi tomonidan taqdirlandi.
Bekobod tumani misolida koʻrib turibmizki, maʼrifat ildiz otgan, maʼnaviyat gullagan joyda yovuzlik, befarqlik, axloqiy tanazzul yoʻqoladi. Har bir maktab, har bir mahalla, har bir oila maʼrifat va maʼnaviyat maskaniga aylansa, bu zaminning ertasi nurli boʻladi. Chunki maʼrifatning kamoli – bu insonning tafakkur yutugʻi, maʼnaviyatning jamoli esa – yurakda yashovchi ezgulikdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 may kuni oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida yurtimiz boʻylab “Dolzarb 90 kun” maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlari oʻtkazilayotganidan voqifsiz.
Shu munosabat bilan 2025 yil iyul oyining birinchi oʻn kunligida bir guruh ziyolilar bilan Bekobod tumanida boʻlib “Har maktabga 100 kitob“ shiori ostida kitob taqdimotida qatnashdim. Tuman xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Nodiraxon Doʻsmatova fidoyi, oʻz kasbini ardoqlaydigan oʻqituvchilar tumanda koʻp ekanligini gʻurur bilan tilga olib bizlarni 25-sonli umumtaʼlim maktabiga boshlab bordi. Taʼlim maskanida oʻtkazilgan maʼnaviy tadbirda beshta maktabdan kelgan oʻquvchi hamda oʻqituvchilar faol qatnashishdi. Savol-javob zamiriga qurilgan musobaqaviy oʻyin tashkil qildim. Savollarga tezkorlik hamda tezfahmlik bilan javob berayotgan oʻquvchilar, ochigʻini aytganda, havasimni keltirdi. Topqir va bilimdon oʻquvchilarga taniqli jurnalist Gʻulomjon Samadov, taniqli sanʼatkor Jasurbek Jabborov hamda Feruzbek Xursandovlar poytaxtdan keltirilgan qimmatbaho kitoblardan tortiq qilishdi.
Har qanday kasallik ruhiyatdan tanaga koʻchadi. Tananing davosi esa ruhni sogʻlomlashtirishdan boshlanadi. Ruhiyat kitobdan uning manbai boʻlgan soʻz va nutqdan shifo topadi. Taʼlim va tarbiyada tanaffus boʻlmaydi degan ulugʻ fikrning quvvati ham shunda, aslida.
Keyingi tadbir 24 iyul kuni tumanidagi muhtasham madaniyat saroyida boʻlib oʻtdi. Zalda jamuljam boʻlgan bekobodlik ziyolilar, pedagoglar va maktab direktorlari bizlarni ochiq chehra, tabassum va mamnuniyat bilan qarshilashdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Mudofaa vazirining vatanparvarlik targʻiboti, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Olimjon Oʻsarov, Qahramon shoir Abdulla Oripovning rafiqasi Hanifa opa Mustafoyeva va qizlari Ruxsora, Biznesni rivojlantirish bankining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi, “Doʻstlik“ ordeni sovrindori Shuhrat Oripov, intellektual mulkni himoya qiluvchi Palataning maslahatchisi, yuridik fanlari doktori, professor Boboqul Toshev, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzozi, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirining Davlat tilida ish yuritish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha maslahatchisi, isteʼdodli shoir Dadaxon Muhammadiyevlar ishtirok etib oʻz chiqishlari bilan davra ahlini xushnud etishdi.
Tadbirni Bekobod tumani hokimi Zaynilobiddin Nizomiddinov kirish soʻzi bilan ochib poytaxtdan tashrif buyurgan mehmonlarga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.
Tumandagi 61 ta maktabga 100 tadan kitoblar taqdim etilgani, bu tashabbus yakunlangani, endilikda maʼrifiy harakat mahallalar bilan davom etishi rejalashtirilayotgani ham qayd etildi. Maktab jamoalari uchun mutasaddilar tomonidan poytaxtdan keltirilgan kitoblar jamlanmasi tantanali tarzda tarqatildi.
Maʼrifiy tadbirning ikkinchi qismida Oʻzbekiston respublikasi Qurolli kuchlari Markaziy ashula va raqs ansamblining iqtidorli sanʼatkorlari oʻz sanʼatini namoyish etishdi. Tadbirning mazmundor va zavqu shavqqa boy tarzda oʻtganini bekobodlik ziyolilarning, mahalliy aholining yuzu koʻzlaridagi quvonch va mamnunlikdan anglab olish qiyin emas edi.
Mahalliy aholi vakillari bilan gaplashganimizda ular sal oldinroq Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori, senator Abdusaid Koʻchimov, adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yoʻldoshev, taniqli shoir Muhammad Ismoil, sanʼatkorlardan Shuhrat Daryo va Gʻanisher Meliqulovlar tumanga tashrif buyurishgani maroq bilan suhbatlashganlarini cheksiz faxr bilan eslashdi.
“Xalq dengiz boʻlsa, yoshlar uning toʻlqinidir.” Haqli eʼtirof. Yoshlarga eʼtibor kelajakka poydevor. Bu borada Bekobod tumani misolida ayrim faktlarga murojaat qilish eʼtiborga molik. Tumanda istiqomat qiluvchi 14-30 yoshgacha boʻlgan yoshlar xatlovdan oʻtkazildi. Mahallalarda “Yoshlar balansi”ni shakllantirish maqsadida, har bir xonadonga kirib, yoshlar muammolari va qiziqishlarini oʻrganish orqali qariyb 40 ming nafar yoshlar boʻyicha maʼlumotlar elektron platformaga kiritildi. Tumanda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 300 nafardan ortiq yoshga amaliy yordam koʻrsatildi. Mazkur muammolarni hal etish uchun “Yoshlar jamgʻarmasi”dan salkam 1 milliard soʻm mablagʻlar sarflandi. Mazkur yil uchun moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlardan kelib chiqib, 673 nafar yoshlarning bandligini taʼminlash boʻyicha “Yoshlar bandlik dasturi” ishlab chiqildi hamda ijroga qaratildi.
Yoshlarni ish bilan taʼminlash va tadbirkorlikni ragʻbatlantirish ham muhim muammolardan. Yoshlar uchun ish oʻrinlari yaratish masalasi hokimlikning doimiy eʼtiborida. “Yoshlar mehnati” loyihasi orqali oʻnlab yoshlar vaqtincha va doimiy ish joylariga joylashtirildi. Shu bilan birga, yosh tadbirkorlar uchun imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va “Yoshlar daftari” asosida amaliy koʻmaklar koʻrsatildi.
Yoshlarning ijtimoiy va madaniy hayotdagi faolligi ham ibratlidir. Bekobodda “Yoshlar haftaligi”, “Yoshlar karvoni”, “Yoshlar teatri” kabi turli tadbirlar oʻtkazilib, yoshlarning ijodiy salohiyatini namoyon etish imkoniyatlari yaratildi. Yoshlar ishlari boʻlimi hamda yoshlar yetakchilari orqali shaxsiy rivojlanish, turli tanlov va forumlarda qatnashish uchun motivatsiya berilmoqda.
Bugungi kunda yoshlar – har bir millatning kelajagi, taraqqiyot istagan har qanday davlatning strategik kapitali hisoblanadi. Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan boʻlib, bu yoʻlda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, taʼlim, ish bilan taʼminlash, tadbirkorlik va ijtimoiy faolligini qoʻllab-quvvatlash kabi muhim vazifalar mujassamlashgan. Bekobod misolida bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar bunga yorqin misol boʻla oladi.
Taʼlim va intellektual salohiyatga eʼtibor doimiy diqqat markazda. Bekoboddagi umumtaʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar maktablarida taʼlim sifatini oshirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, yuqorida qayd etib oʻtganimizdek, “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida “Har maktabga 100 kitob” aksiyasi tashkil etilib, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini shakllantirish va bilim olishga qiziqishini oshirish maqsad qilindi va amalga oshirildi. Bu orqali yoshlarni erkin fikrlaydigan, maʼrifatli shaxs sifatida tarbiyalash maqsad qilingan.
Shuningdek, yoshlarni xorijiy til va zamonaviy kasblarga oʻqitish doirasida “Ibrat farzandlari” loyihasida 6 mingdan ortiq yoshlar 7 ta xorijiy tillarni oʻrganib kelmoqdalar.
Xalqaro imtihon tizimlaridan C1 darajasida sertifikat olgan 60 nafar yoshlarga jami 111 million soʻm imtihon topshirish xarajatlari qoplab berildi. Bundan tashqari, bugungi kunda “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Ustoz-AI”, “Qizlar akademiyasi”, “Uz Chess” loyihalarida 17 mingdan ziyod tuman yoshlari qamrab olingani quvonarlidir.
Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida Bekobodda sport va madaniyat obyektlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, yaqin yillarda “Yoshlar sport maydonchalari” va “Kitobxon yoshlar kutubxonasi” loyihalari amalga oshirildi.
Yoshlarning boʻsh vaqti dushmanning ish vaqti degan gap bejiz emas. Ogoh boʻlinmasa, aks holda, yoshlar turli oqimlar taʼsiriga tushib, ekstremizm, giyohvandlik singari millat tanlamas illatlar girdobiga duchor boʻlishi hech gap emas.
Alisher Navoiy hazratlarining “Dushman maqoloti – bang xayoloti” degan hikmati zamirida ham ana shu haqiqat bor. Yot gʻoya – yov gʻoya. U oʻzining taʼsirchan soʻzi bilan yoshlar ongiga salbiy taʼsir qiladi. Natijada bosh karaxt boʻlib, bangining holatiga tushirib qoʻyadi demoqchi Navoiy hazratlari. Buning uchun yoshlarning boʻsh vaqtini unumli oʻtkazish turli toʻgaraklar, sport oʻyinlari, eng muhimi, kitob mutolaasiga jalb etish oʻrinlidir.
Ommaning savodxonligi, maʼnaviyati kitobga boʻlgan munosabat bilan bogʻliq ekani ayon. Shavkat Mirziyoyevning “Kitob oʻqimagan odamning ham, millatning ham kelajagi boʻlmaydi” degan fikrlari mamlakatimiz taraqqiyotiga daxldor oʻzak masalalardandir.
Joriy yilning oʻtgan 6 oyi davomida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning isteʼdodlarini qoʻllab-quvvatlash, mahallalarda yoshlar oʻrtasida madaniyat, sanʼat, sport, Ay-Ti hamda kitobxonlik yoʻnalishida jami 225 marotaba turli musobaqalar tashkil etilib, bu orqali 28 ming nafar yoshlar qamrab olindi.
“Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2025 yilgi mavsumiga tumandagi 51 ta mahalladan 50 mingdan ortiq yoshlar jalb etildi.
“Yoshlar daftari” jamgʻarmasi hisobidan tumandagi kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan fuqarolar farzandlariga beriladigan yordamlar uchun 1 milliard soʻm, oʻzini-oʻzi band qilish istagini bildirgan yoshlarga jami 10 milliard soʻm kredit mablagʻlari ajratish koʻzda tutilgan.
“Yangiovul”, “Qoʻqoniy”, “Qoʻshtamgʻali”, “Shova”, “Uyas”, “Nayman” va “Achamayli” mahallalarida istiqomat qiluvchi 40 ming nafardan ziyod aholini tuman markazi bilan bogʻlash, ortiqcha sarsonlikni kamaytirish maqsadida, Sirdaryo daryosi ustidan oʻtuvchi yangi koʻprik qurilishi jadal surʼatlarda davom etmoqda. Ushbu obyekt shu yilning kuzida foydalanishga topshirish reja qilingan va tuman markaziga keluvchi aholi uchun 30 kilometr masofa qisqaradi.
Tuman markazi “Istiqlol” mahallasidagi koʻp qavatli uylar oldida uzoq yillardan beri qarovsiz holda yotgan boʻsh maydonda koʻrkam sayilgoh tashkil qilinmoqda.
Bu maskan ota-onalar oʻz farzandlari bilan madaniy hordiq olishlari, yoshlar boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari, nuroniylar dildan suhbat qurishlari uchun bahavo, osuda va xavfsiz joy boʻladi.
Tuman tarixida birinchi marta “Zafar” shaharchasi hamda “Istiqlol”, “Guliston”, “Boʻston”, “Dalvarzin”, “Bobur Mirzo” va “Yangibozor” mahallalarini qamrab olgan qiymati 53 milliard soʻm, uzunligi 41 kilometrlik oqova suv tizimi quriladi. Oddiy qilib aytganda, tumanda ota-bobolarimiz uzoq yillar orzu qilgan kanalizatsiya masalasi batamom hal boʻladi.
Bu borada “Oʻrikzor” mahallasining Sirdaryo boʻyida joylashgan 50 gektar hududida eng zamonaviy loyihalar asosida yangi turistik dam olish maskani barpo etish ham tub aholi va sayyohlar uchun keng imkoniyatdir. Bunda, ekoturizm, rekreatsion turizmni rivojlantirish, zamonaviy kemping, glemping, ot va kvadratsiklda sayr qilish, kapsulali va modulli komplekslar xizmati, golf maydoni, umumiy ovqatlanish va savdo shaxobchalari tashkil etiladi. Bekobod tumani Kasbiy koʻnikmalar markazida ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun oʻquv kurslari tashkil etib, u yerda xorijiy tillar, elektron tijorat va marketing yoʻnalishlarida bepul masofaviy oʻqitishlar boshlanadi.
Yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan zamonaviy “Yoshlar markazi”ni yoʻlga qoʻyib, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 5 ming nafar yoshlarga masofaviy taʼlim beriladi.
Nogironligi boʻlgan bolalarni sogʻlomlashtirish va muloqot qobiliyatini takomillashtirish maqsadida, “Kunduzgi parvarish xizmati” tashkil etiladi.
Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda “Yosh kitobxon” respublika tanlovining final bosqichini 2026 yil mart oyida aynan Bekobod tumanida oʻtkazish ham maqsad qilinmoqda.
“Ikki til va bir kasb” oʻrgatish tizimi doirasida maktablarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish ishlarini kuchaytirish uchun “Boʻston” mahallasi hududida joylashgan 61-sonli umumtaʼlim maktabi negizida xususiy taʼlim klasteri tashkil etiladi.
Tumandagi aholini qoʻllab-quvvatlash, jumladan yosh oilalarni zamonaviy uy-joylar bilan taʼminlash maqsadida, “Bogʻishamol” mahallasi hududida koʻp qavatli uylardan iborat “Yangi Oʻzbekiston” massivi, zamonaviy tilda aytganda, Yangi Bekobod Siti barpo etiladi.
Ushbu massivda ekobozor, istirohat bogʻi, Yoshlar markazi, universal sport majmuasi, nuroniylar va ayollar markazlari, tijorat banklari kabi koʻplab zamonaviy binolar qad koʻtaradi.
Viloyat markazi va poytaxtga oʻqish hamda ishlashga borayotgan aholiga, jumladan yoshlarga qulaylik yaratish maqsadida, “Toshkent – Nurafshon – Bekobod – Toshkent” yangi avtobus yoʻnalishlari ochiladi.
Shuningdek, muhtaram yurtboshimizning topshiriqlariga binoan, Nurafshon – Piskent – Boʻka – Bekobod – Boyovut – Yangiyer yoʻnalishida zamonaviy tezyurar elektr poyezd harakati yaqin yillarda yoʻlga qoʻyiladi.
Tuman aholisini, xususan yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, ishlab chiqarish va sanoat loyihalarini koʻlamini kengaytirish maqsadida, qariyb 400 gektar maydonda “Bekobod” maxsus iqtisodiy zonasi tashkil qilinib, 10 mingdan ortiq doimiy ish oʻrinlari yaratiladi.
Shuningdek, 34 gektar maydonda “Oybek” erkin savdo zonasi va logistika markazi ham faoliyat boshlaydi va bu yerda ming nafardan ziyod yoshlar ish bilan taʼminlanadi.
Umuman, yaqin 3 yil ichida Bekobod tumanida oʻnlab yirik sanoat korxonalari, yuzlab tadbirkorlik subyektlari, xizmat koʻrsatish obyektlarini barpo etish koʻzda tutilmoqda.
“Dalvarzin” mahallasi hududidagi 5 gektar yer maydonida “Yashil jamoat parki”ni barpo etiladi.
Bundan tashqari, tumanda zamonaviy Ay-Ti markaz tashkil qilib, salohiyatli yoshlarimizning Ay-Ti mahsulotlarini chet davlatlarga eksport qilish boʻyicha amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Shu kunlarda AQSHning 20 universitetiga jami 1 million dollar grant yutgan Abdulaziz Abduhamidov, AQSHning 10 ta universitetiga jami 280 ming dollar grant yutgan Abdulaziz Muhammadjonov, Janubiy Koreyaning Sanmun universitetiga grant yutgan Diyora Eshpoʻlatova, “Turin” universitetiga kirgan Jamshid Anvarov, Kikboksing boʻyicha Jahon chempioni boʻlib, Jismoniy tarbiya universitetiga qabul qilingan Bekzod Yormamatovlar tumanning chinakam iftixoriga aylandi.
Bularning barchasi Yangi Bekobodning porloq istiqbolidan nishondir, desak oʻrinli boʻladi.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, Bekobodda yoshlarga oid davlat siyosatining samaralari koʻzga yaqqol tashlanadi. Bu jarayonda davlat idoralari, taʼlim muassasalari, mahalla vakillari va eng avvalo, yoshlarning oʻzi faol ishtirok etmoqda. Shu bois, yoshlarga boʻlgan eʼtiborni yanada kuchaytirish, ularning manfaatlarini taʼminlash orqali jamiyatning har bir sohasida barqarorlik va taraqqiyotga erishish mumkin.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, tuman aholisi Muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar va ulkan bunyodkorliklardan benihoya mamnun va rozilar.
Bir soʻz bilan aytganda, Bekobodda yangicha havo, yangicha iqlim, boshqacha aytganda, Yangi Oʻzbekiston ruhi va shukuhiga monand yangicha jonlanish yaqqol sezilmoqda.
Rahimboy JUMANIYOZOV,
professor,
Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi

