TAFAKKUR TAROZIBONI

Shunday insonlar bo‘ladiki, ular bilan zamondosh bo‘lganing bilan bir karra, agar zamindosh ham bo‘lsang ikki karra qalbingda g‘urur hissini tuyasan kishi. O‘zbekistonimizning so‘lim go‘shalaridan biri Boysundan chiqqan Shukur Xolmirzayev, Erkin A’zam, Usmon Azimovlarga ishora qilayotganimizni sezgan bo‘lsangiz kerak. Bugungi kunda o‘zbek adabiyotining zalvorli yukini yelkasida ko‘targan va ko‘tarayotgan mazkur adiblarning ma’naviyatimiz taraqqiyotida ulkan hissasi bor. Ular ijodiyotini o‘rganish, asarlarini ommalashtirish va targ‘ib qilish burchdorlik tuyg‘usidir. Qolaversa, ma’naviy farz, ma’rifiy qarzimizdir. Prezidentimiz iborasi bilan aytganda, adabiyotning ta’sirchan kuchidan foydalanish, odamlar qalbiga yo‘l topish va ularni ezgu maqsadlar sari ilhomlantirish bugunning ham dolzarb muammolaridandir.
Xuddi shu talab yo‘sinida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimizda ilm-fan, madaniyat va adabiyot rivojiga munosib hissa qo‘shgan atoqli shaxslarning yubileylarini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoyishi ham bejiz emas. Unda adabiyotimiz ravnaqiga muhim ulushini qo‘shgan adiblar qatori yuqorida tilga olingan ijodkorlarning nomlari ham qayd etilgani faxrlidir.
O‘zlarining iborasi bilan aytganda, «qalamdan boshqa qurolim yo‘q» degan Erkin aka A’zamov haqida ikki og‘iz so‘z aytish qalb ehtiyoji va yurak amri o‘rnidadir.
Ularning tarjimai holi, ijodiy faoliyati ham boshqa adiblarnikidan keskin farq qilmaydi. 1950-yil 10-avgustda tog‘li Boysunda tug‘ildi. 1972 yil Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy Universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomladi. Respublika radiosida muharrir, „Guliston“ va „Yoshlik“ jurnallarida bo‘lim muharriri, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va San’at nashriyotida, tahririyat mudiri bo‘ldi. 1992–1994-yillarda O‘zbekiston milliy axborot agentligida bosh direktori o‘rinbosari. 1995-yildan „Tafakkur“ jurnali bosh muharriri, l, ll chaqiriq O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati, 2016 yilda O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvoniga musharraf bo‘lganlar.
„Chiroqlar o‘chmagan kecha“ (1977), „Otoyining tug‘ilgan yili“ (1981), „Olam yam-yashil“ (1984), „Javob“ (1986), „Bayramdan boshqa kunlar“ (1988), „Mir v svetax“ (1999), „Pakananing oshiq ko‘ngli“ (2001), „Kechikayotgan odam“ (2002) to‘plamlari muallifi. Yozuvchi asarlari asosida „Chantrimore“, „Piyoda“, „Dilxiroj“ filmlari suratga olingan. Asarlarini ruhan birlashtirib turadigan jihat — insoniy erk, har qanday zo‘ravonlikka munosabat masalasidir.
Lekin Erkin aka A’zamovdagi sinchkovlik, hassos nazar, teran o‘ychanlik, hayotiylik va xalqchillik alohida bo‘yoqqa, rang va ohangga ega. Xalqning ijtimoiy ongi va tafakkurini o‘stirish, hayot tarzi va o‘y-kechinmalarini rangin tarzda aks ettirish ilinji uning dardiga aylangan. Hayot va adabiyotning uyg‘unlik mohiyati inson dardu alamlarining in’ikosi bilan aslida. Adabiyot insonshunoslik ekan hayot, ijodiyot, taraqqiyot tushunchalarining tag zamirida ham inson taqdiri turadi. Uning turli holat, turli vaziyat va sharoitlarda o‘zligini saqlab qolishi, irodasi va matonati adabiyotning bosh mavzui.
Ma’lumki, dard biln yozilgan asarlargina qalblarni ishg‘ol etadi. Yurakdan chiqqanigina yurakka yetib boradi. Erkin aka qo‘liga qalam olgani hamonoq ana shu aqidaga sodiqligini sezish qiyin emas. Uning ushbu iborasida ham dard atalmish tuyg‘uga ishora bor. «O‘zbek bo‘lib tug‘ilish mumkin, ammo rostakamiga o‘zbek bo‘lib yashamoq oson ish emas». Xalqimiz tabiati va tiynatidagi ayrim atvorlarga diqqatini qaratib dam achinib, dam kuyunib, goh faxrlanib, goh suyunib yuradigan o‘zbek o‘g‘lonining iqrori bu.
Bevafo olamda hech kim xurrammas
Odamzod nasliga shodlik hamdammas,
Kimki bu olamda bo‘lsa g‘ussasiz,
Yo bu olamdanmas, yoxud odammas.
Badriddin Hiloliyning ushbu ruboiysi boyning ham — faqirning ham, ochning ham — to‘qning ham o‘z qayg‘usi, g‘ami borligini eslatadi. Boylar ham yig‘lashi, o‘z qalbini tig‘lashi mumkinligi haqidagi haqiqatni yodga soladi.
Erkin aka o‘z suhbatlaridan birida shunday degandi: «Kamina chinakam badiiy asarni iztirob mevasi, iztirobnoma deb bilaman. Asarda sirqiragan dard bo‘lmasa, iztirob ifodalanmasa, shundan hosil bo‘lgusi tayin maqsad-muddao ko‘rinmasa, o‘quvchi mardumning boshini qotirib nima kerak?!»
Mana, Erkin A’zamovning adabiy qarashi, aniqrog‘i, badiiy o‘lchovi. Erkin aka o‘zbek mumtoz va jahon adabiyoti durdonalarini ixlos bilan o‘qiydiganlardan. Shu tobda uning xotirida Boborahim Mashrabning ushbu misrai jonlangan bo‘lsa ajab emas. «Dilda darding bo‘lmasa, dardisarimni kavlama!»
Shunga monand fikrlar mag‘ribzamin adabiyotida ham uchraydi. Ernest Xemingueyning «Boshidan baxtsiz bolalik va rad etilgan muhabbatni kechirmagan inson chin yozuvchi bo‘la olmaydi.» Bu ham dard degani. Nemis mutafakkiri Gyotening ushbu fikriga e’tibor qiling. «Men o‘zimni quvontirgan, qayg‘uga solgan, qiynaydigan narsalarning barini obrazlarga aylantirishga, poeziya bag‘riga joylashga o‘rganganman. Mening hamma asarlarim katta bir iqrornomaning bo‘laklaridir.” Bu ham dard demakdir. “Anna Karenina – aslida mening o‘zim” — degan Lev Tolstoyni ham xuddi shu ma’noda tushunish mumkin.
Erkin A’zamov tafakkuri teran, faylasuf yozuvchilarni ayniqsa, e’zozlagan, qadrlagan. Hamma so‘zining tagiga chizib qo‘ygingiz keladi, deya havas bilan qaraganlaridan biri Asqad Muxtordir. Uning hayot mantig‘i borasidagi “Baxt izlash azobi bilan jazolash” degan shoirona tashbehlarini bot-bot eslab turishdan zavq olishlari aniq. Duch kelgan narsa haqida duch kelgan gapni aytish, yozish bu adabiyot degani emas. So‘z san’atini muqaddas tutish kerak, bu gap san’ati emas. Bu ham aslida, Erkin akaning adabiy qarashlaridan. Asarning yaralishi muayyan vaqt bilan belgilanmaydi. Uning qog‘ozga tushirish jarayoni ikki asosga tayanadi. Biri voqelikni aql chig‘irig‘idan o‘tkazish, ikkinchisi, qalb prizmasidan sizdirish asnosida akslantirish. Erkin aka bu haqda «Adabiy matn bir qaynovda tayyor bo‘ladigan qiyom emas», — deyishi bilan to‘la haqlidir. Uning xuddi shu nazariy qarashlari hikoyalarida ro‘yi rost o‘z ifodasini topgan.
Sarlavha tanlash ham san’at, aslida. Yaxshi nom ollohdan in’om deganlaridek, asarga qo‘yilgan nom bir tomondan diqqatingizni tortibgina qolmay, ikkinchi tomondan asarda deyilmoqchi bo‘lgan maqsadga ishora qiladi. Zeroki, adabiyotning vazifasi ham shu. O‘zbekistonnning birinchi professori Abdurauf Fitrat ham adabiyot bu obrazlar orqali ishorat degan mazmundagi fikrni bejiz keltirmaganlar. Boshqacha aytganda, «Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit» qabilida ish tutish badiiy adabiyotning tasvir taktikasidir.
Erkin aka tomonidan «hayotda ham, ijodda ham o‘ziga xos noyob hodisa edi,» — deya ta’riflangan iqtidorli adib Shukur Xolmirzaev bilan bog‘liq xotirotlarga qo‘yilgan nomga e’tibor bering. «Do‘rmon asiri». Nomning o‘ziyoq, etingizni junjiktiradi va sizni o‘yga toldiradi, mutolaa qilishingiz bilanoq, mushohadaga chorlaydi. O‘zgani baholash aslida, o‘zingni baholatishdir. Do‘rmon xotiralarini varaqlarkansiz, Erkin akaning Shukur akaga bo‘lgan oshkor etilmasdan qalb tubida saqlangan pinhoniy mehr-u muhabbatini his etasiz. U yozuvchi haqida emas, yozuvchining qalbi haqida yozadi, borini aytadi va o‘z qalbini ham ochib qo‘yadi degan fikr unga begona emas.
«Har gal yangi nimadir yozganingizda bir gaplarni aytdim-ov, deb o‘ylaysiz o‘zingizcha. Lekin, bari – dengizdan tomchi. Dildagisini umrning oxirigacha aytib ado qilib bo‘lmas! Muhim gapni aytish uchun avvalo, ko‘ngilda shunday gap bo‘lishi kerak», — deydi Erkin aka. Bu qat’iy xulosa, ta’bir joiz bo‘lsa, xotira hukmi. Erkin akaning ushbu mulohazalarini ularning o‘ziga ham nisbatan qo‘llash mumkin. «Shukur akaning nazarida, hayotda eng qudratli mohiyat – adabiyot, jamiyatdagi eng zo‘r odam – yozuvchi edi. Adabiyotga g‘ayrioddiy bir qizg‘anish bilan qarar, uni baayni norasmiy mulkidek ko‘rar, unga da’vogarlarga munosabatda ham goho o‘ta murosasiz edi». Erkin akaning e’tirofi zamirida ulug‘ yozuvchimizga bo‘lgan ehtirom va e’zozni ham sezmaslik mumkin emas. O‘xshatishlarning naqdini topishda Shukur akaga xos usullar Erkin akani ham to‘lqintirganini anglash qiyin emas.
«Yozganlarini hech kim o‘qimasligi»ga, o‘n-o‘n besh yillardan beri bironta ham kitobi chop etilmaganiga qaramay, Shukur aka bolaligida yaxshi ko‘rgan qahramoni Robinzon Kruzo misol, kimsasiz Do‘rmon bog‘ida o‘tirib, qissayu hikoyalarini yozaveradi. …nasr maydonida Shukur aka rostdan ham Robinzon Kruzoga o‘xshab yolg‘izlanibroq qolgan edi».
Erkin aka davr dardini, yolg‘izlik iztirobini ko‘ngil ovunchog‘i, og‘riq va yaralar malhami bo‘lgan adabiyotga sadoqatni Shukur aka timsolida ko‘rdi.
Adabiyot hayotning ko‘zgusi ekan, uning ijtimoiy hayotdagi o‘rni borasida fidoyilik, jonbozlik zarur. Uning sofligi uchun kurashish, badiiyatning, nafosatning go‘zalligi uchun intilish yozuvchining ijodiy faoliyatida, hayotiy mezonlarida o‘z aksini topmasdan qolmaydi. Erkin aka adabiyotga yondashgan paytda, baho berganda, ushbu so‘zlarni e’tirof etgani ham ana shu aqidaga sodiqligining nishonasidir. «Umrim adabiyot nashriyoti-yu adabiy jurnallarda xizmat bilan o‘tdi, o‘tayotir. Qo‘lyozma saralashda muallifning yosh-qariligi yoki boshqa “imtiyoz”lariga qarab emas, hamisha muayyan nashr talablari, avvalo, adabiyot manfaatini ko‘zlab ish tutmoqqa harakat qildim. Beayb Parvardigor, bu borada goho kimgadir yetarlicha mehribonlik qilolmagan yoki talabchanlikni oshirib, ko‘nglini qoldirgan bo‘lsam – aybi bo‘ynimda. Shulardan kimki kiroyi bir asar yozib chiqib kaminaning o‘shandagi xatosini isbotlasa, qo‘shilishib quvonmoqqa tayyorman.» Adabiyotning xalqqa xizmat qilishi muqarrar ekan, u ezgulikning bayrog‘i bo‘lishi lozim.
Erkin akaning adabiyotga janriy nuqtai nazardan ham yangilik kiritganini ta’kidlash joiz. Fiqra degan tushuncha bor. U arab tilidan olingan bo‘lib “bo‘lak, parcha” degan ma’nolarni anglatadi. Bu maqola ham emas, hajviyot ham emas. Uning fiqralari qator maqola va hajviyalarda aytish mumkin bo‘lmagan haqiqatni e’tirof etish nuqtai nazaridan ahamiyatlidir. U novator ijodkor sifatida fiqrani adabiy janr sifatida adabiyotga olib kirdi deyishimiz mumkin. Adabiyot demak, tafakkur mevasi, tafakkur hosilasi, ijtimoiy, badiiy tafakkurning mevasi. Shunday ekan, Erkin aka «Tafakkur» jurnalining bosh muharriri sifatida ijtimoiy-badiiy tafakkur mezonlariga mas’ul, fidoyi olim sifatida ham qalam tebratmoqdalar. Ular jahon adabiyoti, xususan sharq adabiyoti mutafakkirlarining, mumtoz faylasuflarning fikrlarini aql chig‘irig‘idan o‘tkazishdan huzurlanadi. Taxayyul tasavvurga, tasavvur tafakkurga yo‘l ochar ekan, tabiiyki, uning o‘ziga xos mezonlari bo‘ladi. Buning uchun yetuk salohiyat, yuksak did va tab’, teran tafakkur sohibi, boshqacha aytganda, tafakkur taroziboni bo‘lish zarur.
Bugun muborak 75 yoshlarini nishonlayotgan xalqchil, ma’rifatparvar adib, xokisor inson, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin aka A’zamov ana shunday nisbatga, sharafga loyiq iste’dod egasidir.
Rahimboy Jumaniyozov, professor