Xurshidabonu Azimjonova: SEVGI
Azimjonova Xurshidabonu Xolmamat qizi. 2006-yil 2-noyabrda Namangan viloyati Namangan tumanida tug’ilgan. Hozirda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar unversitetining 2-kurs talabasi. Yoshligidan she’r va hikoyalar yozishga qiziqadi va 16-yoshida uning «Dunyoga keldingmi kulib yashagin.» nomli ilk she’riy kitobi nashr etilgan.
Sevgi nima?
Sevgi-hamma seni tashlab ketgan paytda ham yoningda qoladigan onadir. Kasal bo’lsang, bir marta emas yuz martalab qo’ng’iroq qilib holingdan xabar oladigan, joni kuyib «Qizim qandey ekan?, yaxshimikan?» deb yuragi siqiladigan ona-sevgi emasmi? Butun dunyo seni keraksizdek his qildirgan damda ham, faqat onang uchun sen har doim eng kerakli va qadrli insonsan.
Sevgi-sog’ligida muammosi bo’lsada og’rig’ini ichiga yutib, «Bolalarim o’qib olsin, o’g’lim, qizim bilimli bo’lsin» deb tinim bilmay ishlaydigan, ba’zan charchaganini ham sezdirmaydigan otadir. «Bolalarim o’qisin, uy qilay, to’y qilay, ularni hech kimdan kam qilmay», deb yashaydigan ota-sevgi emasmi? Har safar «Puling bormi?, qorning to’qmi?», deb so’rashi shunchaki savol emas, bu yurakdan chiqayotgan mehrdir aslida.
Sevgi-suyanganingda tog’dek bo’lib turadigan akadir. O’zida pul kam bo’lsa ham sen uchun qaydandir topib beradigan, sening muammoyingni o’z muammosidek qabul qiladigan va tushunadigan akadir-sevgi.
Sevgi-«Nabiralarim o’qisin» deb Hojilikni ham kechiktiradigan, «Mening hojilarim farzandlarim, nabiralarim», deydigan bobo-buvidir. O’zlari yemay, ichmay pensiyalarini yig’ib, farzandlari va nabiralari uchun sarflaydigan, 80 yoshdan oshgan bo’lsa ham hali ham nabiralarining kelajagi haqida qayg’uradigan bobo-buvingning borligi eng buyuk sevgi.
Lekn ba’zan biz noshukur emasmizmi? Yonimizda shunday fidoyi muhabbatlar bor bo’lsa-da, tashqaridagi bir og’iz shirin so’zlarga, va’dalarga ishonib, begona «Sevgi» larga yonib kuyib yashaymiz. Kutamiz, pishamiz, yig’laymiz. Ammo bir kun kelib o’ylaymiz: arzidimi? Bizni bir kun ham charchamay so’raydigan ota-onamizning duosiga, to’kilgan terlariga teng kela olarmidi o’sha «Sevgi».
Sevgi-Avvalo Allohga va oilaga. Chunki seni hech qachon tark etmaydigan, qo’lingdan tutadigan, eng og’ir damlarda ham yoningda turadigan, xatolaring bilan sevadigan eng sof va eng halol sevgi-bu ota-onang va oilangdir.
Sevgi-vaqtinchalik hislar emas, balki umr bo’yi davom etadigan mehr va ma’suliyatdir.
Haqiqiy sevgi-sabrli bo’ladi, ketmaydi, foyda izlamaydi.
Haqiqiy sevgi baland ovozda gapirmaydi, sotilmaydi va faqat sabr bilan yashaydi.
Shudir sevgi, shudir muhabbat.