9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Yorqinoy Foziljonova: TIL VA TAFAKKUR MUSHTARAKLIGI

notiq.uz > IJODIYOT  > Yorqinoy Foziljonova: TIL VA TAFAKKUR MUSHTARAKLIGI

Yorqinoy Foziljonova: TIL VA TAFAKKUR MUSHTARAKLIGI

Til va tafakkur mushtarakligi: arab va o‘zbek frazeologizmlarining umumiy jihatlari

Foziljonova Yorqinoy Ubaydullo qizi
O‘zJOKU, Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) yo‘nalishi 2- bosqich talabasi

Til – xalqning eng muhim ma’naviy boyligi va tafakkur ko‘zgusidir. Har bir millat o‘zining o‘ziga xos dunyoqarashi, qadriyatlari va tarixiy-madaniy merosini tilda, xususan, frazeologik birliklarda mujassamlashtiradi. Frazeologizmlar milliy tilning nafaqat bezagi, balki xalqning ruhiy olami, madaniyati va dunyoni idrok etish tarzini ifodalovchi barqaror til birliklaridir. Shu bois ularni o‘rganish tilshunoslikda ham, madaniyatshunoslikda ham alohida ilmiy ahamiyatga ega. Arab va o‘zbek tillari ming yillik tarixiy, diniy va madaniy aloqalar bilan uzviy bog‘langan. Qur’oni karim, hadislar, islomiy adabiyotlar hamda diniy-axloqiy meros orqali arab tilidan o‘zbek tiliga ko‘plab so‘zlar, iboralar va frazeologizmlar kirib kelgan. Natijada ko‘plab frazeologik birliklar shaklan yoki semantik jihatdan yaqinlik bo‘lib, ikki xalq tafakkurida umumiy tasavvurlarni aks ettiradi. Masalan, sabr, qalb, til, nur kabi konseptlar asosidagi ramziy ifodalar ikkala tilda ham o‘xshash ma’nolarni hosil qilgan.
Frazeologizm – bu tarkibiy qismlari barqaror bo‘lgan, ma’nosi ularni tashkil etuvchi so‘zlarning oddiy yig‘indisidan farq qiluvchi turg‘un so‘z birikmasidir (Rahmatullaev, 1978). U xalq tafakkuri, hayotiy tajribasi va madaniy qadriyatlarini ifodalovchi obrazli birlik bo‘lib, tilning badiiy va emotsional boyligini ta’minlaydi.
Tilshunoslar frazeologizmga turlicha yondashgan. Masalan, V.V. Vinogradov ularni “ma’nosi tarkibiy qismlarining yig‘indisidan farq qiladigan turg‘un birliklar” deb ta’riflaydi (Vinogradov, 1977). O‘zbek tilshunosligida Sh. Rahmatullaev frazeologizmlarni “ko‘chma ma’noda qo‘llanadigan, barqaror shaklga ega birliklar” sifatida izohlaydi (Rahmatullaev, 1978). Arab tilshunosligida esa bunday birliklar ta’bīrāt mustaqirra (устойчивые выражения) atamasi bilan izohlanib, ular Qur’oni karim, hadis va badiiy adabiyotlarda keng qo‘llangan (Salimov, 2019).
Arab va o‘zbek tillaridagi frazeologizmlarning qiyosiy o‘rganilishi shuni ko‘rsatadiki, umumiyliklar ko‘proq diniy manbalar, madaniy aloqalar va ramziy ifodalar asosida shakllangan. Shu bilan birga, har ikki tildagi iboralar xalqning dunyoqarashidagi mushtaraklikni yaqqol ifodalaydi (Kitāb at-takallum fī al-lugha al-‘arabiyya, 2015).
Arab tilidagi frazeologik birliklar xalqning dunyoqarashi, hayot tajribasi va madaniy qadriyatlarini ifodalovchi muhim til hodisasi hisoblanadi. Ular tildagi obrazlilikni kuchaytiradi, inson tafakkuri va hissiyotini badiiy shaklda ifodalashga xizmat qiladi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, arab tilida mavjud haqiqiy frazeologizmlar o‘zining barqaror tuzilishi, ko‘chma ma’nosi va emotsional-ekspressiv tusiga ko‘ra o‘zbek tilidagi frazeologik birliklarga yaqin turadi. Masalan, “يد واحدة لا تصفق” (ابن منظور, 1981) (Bir qo‘l qarsak chalolmaydi), “أكل بعقله حلاوة” (Shirin gap bilan aldadi), “بلغ السيل الزبى” (Sabr kosasi to‘ldi) kabi iboralar o‘zbek tilidagi “bir qo‘ldan sado chiqmaydi”, “ko‘ziga chang soldi”, “sabr kosasi to‘ldi” kabi frazeologizmlar bilan semantik jihatdan o‘xshashdir. Bu esa ikki xalq tafakkuridagi umumiylik – hayotiy tajriba, ijtimoiy qadriyat va axloqiy qarashlarning mushtarakligini ko‘rsatadi.
Arab tilidagi frazeologizmlar ko‘p hollarda inson xulq-atvor, mehnat, sabr, tavakkul, donolik, ehtiyotkorlik kabi ma’naviy-axloqiy tushunchalarni badiiy shaklda ifoda etadi. Shu bois bunday birliklar til madaniyatini, xalq tafakkurini va milliy ruhiyatni o‘rganishda muhim manba hisoblanadi. Ularning o‘zbek tili bilan qiyosiy tahlili ikki xalqning madaniy tafakkuridagi o‘xshashlik va farqlarni aniqlash, tarjima jarayonida ma’no va obraz uzviyligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Umuman olganda, arab tilidagi haqiqiy frazeologizmlarni tahlil qilish natijalari shuni ko‘rsatadiki, frazeologik birliklar nafaqat tilshunoslik, balki madaniyatshunoslik va tafakkur psixologiyasi uchun ham muhim tadqiqot ob’ekti sanaladi. Ularni o‘rganish orqali til egalarining hayotiy tajribasi, qadriyatlari va ijtimoiy ong darajasi haqida keng tasavvur hosil qilish mumkin. Shu bois arab frazeologizmlarini chuqur o‘rganish, ularni o‘zbek tilidagi ekvivalentlar bilan qiyoslab tahlil etish, xalq tafakkurining sanogen (sog‘lom fikrlashga yo‘naltirilgan) jihatlarini ochib berishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.