9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Shahnoza Ochildiyeva: CHO‘LPONNI ANGLASH HAQIDA

notiq.uz > IJODIYOT  > Shahnoza Ochildiyeva: CHO‘LPONNI ANGLASH HAQIDA

Shahnoza Ochildiyeva: CHO‘LPONNI ANGLASH HAQIDA

Shahnoza Ochildiyeva Avdivohid qizi
O‘zJOKU Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy-gumanitar fanlar fakulteti Filologiya va tillarni o’qitish:ingliz tili yo’nalishi 2-bosqich talabasi,

“Cho‘lponni anglash” maqolasida milliy tafakkur va ijodkor shaxsiyati

Tanqid va tahlil, muhokama va izlanishlar doimo adabiyot taraqqiyotida muhim rol o‘ynagan. Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon ijodi va hayot yo‘lini alohida o‘rganib katta izlanishlar olib borish esa sharafli vazifa. Bu yo‘lda Ozod Sharafiddinov nihoyatda katta fidokorlik ko‘rsatdi va “Cho‘lponni anglash” maqolasida Cho‘lpon shaxsining betakror qirralari va uning ayanchli taqdiri tafsilotlari, asarlaridan keltirilgan parchalar tahlilini juda keng yoritib berdi. Ushbu maqolada aynan Ozod Sharafiddinovning “Cho‘lponni anglash” maqolasi adabiy tahlili va maqola yuzasidan fikr-mulohazalar bayon qilinadi. Muallifning Cho‘lpon va milliy tafakkur tushunchasi o‘rtasidagi bog’liqlik haqida qarashlari keltiriladi. Maqolaning yoshlarni millatni sevish va ijodiy erkinlikni qadrlashga undashi haqida so‘z boradi.
Haqiqat va holislik har qachon eng muhim masalalardan hisoblangan. Ayniqsa,o‘zbek adabiyoti va o‘zbek xalqining ardoqli shoir-u yozuvchilari haqida ishonchli ma’lumotlar topish, haqiqiy manbaalarga asoslangan tarixni o‘rganish zarur. O‘zbek tarjima maktabi asoschisi,Ozod Sharafiddinovning “Cho‘lponni anglash” nomli maqolasi aynan Cho‘lpon hayoti va ijodi haqida ishonchli ma’lumotlar manbaidir. Ushbu maqola 90-yillarda, ya’ni O‘zbek adabiyoti cho‘qqilarini qayta kashf etish davrida yozilgan bo‘lib, o‘zbek adabiyoti uchun yangi davr eshigini ochish bilan birga milliy merosni qayta o‘rganishga ham turtki bo‘ldi. “Cho‘lponni anglash” maqolasi faqatgina adabiy tanqid namunasi emas, balki milliy ong va adabiy merosni tiklash ramzi sifatida muhim ahamiyatga ega.
Ozod Sharafiddinov, atoqli adabiyotshunos olim va taniqli tanqidchi, maqolalarida xalq ongini uyg‘otish, milliy merosni asrab-avaylash va adolatni tiklash masalalarini ko‘tarib chiqdi. Muallif o‘z publisistik ijodi orqali adabiyot va milliy tafakkur o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini bajardi. Uning “Cho‘lponni anglash” maqolasi esa bu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon-o‘zbek xalqining fidokor farzandi, jadidchilik harakati yorqin namoyondasi, shoir o‘z ijodini 1914-yildan boshladi va 20-yillarda ilhom cho‘qqisining eng yuqorisiga ko‘tarilib ijodiy parvoz qildi. U avval “Qalandar”, “Mirzaqalandar”, “Andijonlik” va nihoyat “Cho‘lpon” taxallusi bilan qalam tebratdi. U 3ta she’riy to‘plamdan tashqari she’r, hikoya, maqola va ocherklar yaratdi, o‘zining dramatik asarlari bilan o‘zbek adabiyoti rivojiga hissa qo‘shdi. Xo‘sh, uning asarlari jamiyatda qanday kutib olindi? Xorijlik adabiyotshunoslar shoir ijodi mohiyatini holis baholashga harakat qilgan bir paytda o‘zimizning o‘zbeklar shoirning haroratli va o‘tkir misralarini qanday baholadi? Nega kuchli tanqidlarga uchragan qo‘rqmas san’atkorga uydirma ayblovlar qo‘yildi? Xalqi, millati uchun yonib yozgan, shiddatli bir daryo kabi o‘z o‘zanlaridan toshib oqqan,Vatan va vatandoshlardan o‘zini hech ayro tasavvur qilmagan Cho‘lpon og‘ir sinovlar, ayblovlarga duch keldi. Bular qanday va nega yuz berdi?
Ozod Sharafiddinov o‘zining “Cho‘lponni anglash” maqolasi orqali aynan shu muammoli savollarga javob topishga intiladi. Shuningdek, Cho‘lpon siymosini Vatan va xalq muhabbati, milliy ong, tafakkur tushunchalari bilan chambarchas bog‘liq holda o‘rganish g‘oyasini ilgari suradi. Adib haqida bildirilgan fikrlar va nashrlarda e’lon qilingan maqolalardan namunalar keltirib birma-bir izohlaydi. Cho‘lpon nomiga bildirilgan har qanday ta’rif borki, barchasining sababi, paydo bo‘lish tarixi va vaziyati haqida chuqur tafakkur yuritiladi. O.Sharafiddinov “Cho‘ponni anglash”maqolasi orqali salkam 70 yil davomida “burjua shoiri”, “Xalq dushmani”, “millatchi”, “jadid”, “mafkurasi buzuq”, “aksilinqilobchi” va hatto “oktabr inqilobini tushunmagan ovsar” kabi bir dunyo tuhmatlar bilan qoralanib kelgan Cho‘lpon shaxsini oqlashni, uning pokiza qalbi va ibratli hayot yo‘lini boricha sharxlashni maqsad qiladi. Muallif ochiq va qat’iy fikrlar bilan Cho‘lpon nomini ulug‘lash va ma’naviy uyg‘onish pozitsiyasida turadi.
Maqola, ayniqsa, muallif davri uchun nihoyatda muhim bo‘ldi. Negaki, o‘zbeklar endigina o‘z adabiyotini qayta anglash ostonasida turardi. Tarixiy davrlar almashinuvi, zamon va siyosatdagi o‘zgarishlar natijasida yolg‘on va mavhum ma’lumotlarga to‘lgan, qora oq deyilib, oqlar qoraga chiqarilgan o‘zbek adabiyotida adolatli tartib o‘rnatilishi zarur edi. Ushbu maqola hali ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmay Yangi O‘zbekiston yoshlari uchun Cho‘lponni kashf etishga va mohir rejissor mehnati orqali holis tarix sahnasini tomosha qilishga ko‘mak bermoqda.
Maqola davomida mutolaachi davr va faktlarni kuchli his qiladi. Chunki Ozod Sharafiddinov sud zalida ayblanuvchini oqlagan advokatdek aniq dalillarni keltiradi. Chuqur muhokamalar olib boradi. Muallif qo‘llagan kinoya, metafora va undovchi jumlalar maqolaning uslubiy ta’sirchanligini oshiradi. Masalan muallifning “Cho‘lpon o‘rtoq “el” va “xalq” so‘zlarini qancha ko‘p yozsa ham, u xalq shoiri emas, deb yozgan edilar” degan jumlasida o‘sha davr tanqidchilari fikrining kinoyasi namoyon bo‘ladi. “Cho‘lponni anglash- Vatanni, ko‘hna Turkistonimizni Cho‘lpon ko‘zi bilan ko‘rib, Cho‘lpon yuragi bilan seva bilmoqdir” deb yozganida esa “Cho‘lpon ko‘zi”, “Cho‘lpon yuragi” ramziy obraz sifatida ishlatilgan. Shuningdek, “Nahotki bizning xalqimiz o‘z oldidan oqqan suvning qadriga yetmaydigan bu qadar noshukr xalq? Nahotki bizning odamlarimiz go‘zallik qarshisida shunchalar so‘qir va kar…” (Sharofiddinov.1994) kabi alamli savollar bilan yuzlanadi o‘qirmanlarga.
Ma’lumki, Abdulla Qodiriy Cho‘lponnong “Tong sirlari” kitobiga muqaddima yozadi va bu muqaddima e’lon qilingandan 1 yil o‘tar-o‘tmas “Qizil O‘zbekiston” gazetasida Ayn imzosi bilan Cho‘lpon haqida maqola e’lon qilinadi. Ushbu maqola so‘ngidagi izohda tahririyat barcha qiziqqan o‘rtoqlarni bahsga taklif qilib Cho‘lpon haqida munozara boshlagandi. Ozod Sharafiddinov “o‘rtoqlar” so‘zini kuchli kinoya bilan qo‘shtirnoqqa oladi. Shu bahsni boshlab bergan Olim Sharafiddinov Cho‘lponni “eski klassizmning tor ramkasini buzib, uning ifoda yo‘sinini, ommaga anglashmaydigan tilini soddalashtirib ommaga yaqin qo‘yishga urinadi”(1927), deb ta’riflab Cho‘lponning ijobiy sifatlarini ochadi. Ammo u sinfiylik ko‘zoynagini taqishi bilan adibning she’rlaridagi ayrim misralar og‘ir aybovlarga loyiq gunohdek ko‘rina boshlaydi. Ozod Sharafiddinov tasvir va tashbeh qo‘llash orqali bu kabi jarayonlarni o‘quvchiga aniq yetkazishga erishadi.
“Sud majlislari atayin xalqni qo‘rquvga solishga, ayniqsa, birinchi navbatda shakkok ziyolilarni tiyib qo‘yishga qaratilgan edi. Tabiiyki bunday sharoitda Cho‘lpon boshidagi bulutlar quyuqlashib qoladi-uni so‘kib qarg‘ashlar, “millatchi”dan olib “sinfiy dushman”ga solishlar jamoatchilik fikrini tayyorlab borib,uni qamoqqa olish uchun zamin yaratish kerak edi”(1994), deb yozadi Ozod Sharafiddinov maqolada.
Cho‘lponga tuhmat toshlari tinmay otilgan davrda muallif Cho‘lponga vaziyat butkul ta’sir qilmadi deb aytolmasligini, zamon unga boqmaganda u zamonga boqishga majbur bo‘lganini, biroq Cho‘lponda bunday asarlar ko‘p emasligini ham ta’kidlaydi. Bu esa muallif Cho‘lponni faqat oqlabgina qolmay vaziyatni xolis baholaganining yaqqol isbotidir. Ammo “tuzukroq yozuvchilar birin-ketin o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘layotgan va “oq kaltak kompaniyalari” davom etayotgan tahlikali zamonda ham Cho‘lpon samarali ijod qiladi. Bu uning temir irodasi va nihoyatda katta qudratga ega iste’dodining yaqqol isboti edi. Muallif maqola davomida ta’sirli tashbehlar va qo‘shtirnoqqa olingan kinoyalardan foydalanar ekan, kishida butun davr, siyosat va “o‘rtoqlar”, “manqurt” adabiyotshunoslar, soxta tanqidchilar haqida to‘la tasavvur paydo bo‘ladi.
Maqolada qo‘llangan nutq ohangi samimiy: muallif faqatgina quruq ilmiy tahlil yoki tanqid qilmaydi, balki qalbdan yozadi. Shuningdek, adib Cho‘lpon siymosining haqqoniy ilmiy tahlilini publisistik da’vat bilan uyg‘unlashtirarkan, vatanparvar ohang darrov seziladi. Maqolaning janr-xususiyatlari publisistik, tahliliy va adabiy-tanqidiy belgilar uyg‘unligida namoyon bo‘ladi. Maqolaning kirish qismi muallifning noodatiy adabiy-badiiy fikrlari bilan boshlanadi. Ya’ni kirish qismi Ozod Sharafiddinov ijodkorlar ijodiy yuksakligi va bu yuksaklikka yetgan insongina ijodkorlar chin haqiqatlarini anglay olishini tasvirlashga, Cho‘lpon siymosi haqida umumiy ma’lumotlar berishga bag‘ishlaydi. Shundan so‘nggina davriy ketma-ketlikda turli ma’lumotlar dalillar va adabiyotshunos tanqidchililar fikrlarini keltiradi. O‘sha davr matbuotlarida e’lon qilingan tanqidiy maqolalar, ta’riflar va uydirma ayblovlardan parchalar taqdim etishi maqolani yanada boyitib, fikrlarni asosli isbotlaydi
Maqolada Cho‘lponning “Bu o‘lkaning ko‘klami”, “Bahorni sog‘indim”, “Kuzak” kabi she’rlari tahlil qilinadi. “Cho‘lponni anglash” maqolasining har qaysi zamon yoshlari uchun tarbiyaviy-axloqiy va ruhiy, mafkuraviy ta’siri nihoyatda kuchli. Chunki u birgina shaxs hayotidan ko‘ra ko‘proq masalalarni yoritadi. Shaxsni adolatli va haqparvar bo‘lishga, fikr va milliy erkinlikka intilib ibratli hayot kechirishga undaydi. Noyob adabiy va tarixiy ma’lumotlarni shunchaki taqdim etibgina qolmay, ishonchli dalillar va misollar bilan mustahkamlaydi. Bugun biz yuzlashib turgan axborot tirbandligi davrida bu maqola soxtaliklardan holi ma’lumotlar va pokiza hislarni ulashib yoshlarni tafakkurga, ilm olish va izlanishga, tarixdan xulosalar chiqarib fikr va ijod erkinligini qadrlashga undashi shubhasiz.
Maqola yakuniga yetarkan Ozod Sharafiddinovning ijodi, uning o‘ziga xos tanqidi-yu tahlili, uslubining holisligi, Cho‘lpon siymosining esa takrorlanmas qudrati haqida ijobiy xulosalar paydo bo‘ladi. Unda e’tibor qaratilgan Cho‘lpon hayoti va ijodi, siyosiy davr, adabiy tanqidchilikdagi muammo va kamchiliklar haqida qimmatli tahlillar va oqilona qarashlar maqolaning ilmiy va ijtimoiy qiymatini oshirishga katta xizmat qiladi. Xo‘sh, bu maqolaning boshqa manbaalardan nimasi bilan farqlanadi? Axir Cho‘lpon ijodiga juda ko‘plab asarlar, maqolalar bahshida etilmadimi? Shoir ijodi ko‘p bor o‘rganilmadi? Garchi ko‘plab insonlar Cho‘lpon ijodiga qiziqish bildirib, she’rlarini o‘qib yod olishgan bo‘lsada uning yirikroq asarlari nashr qilinish jarayonida ko‘rinmas qarshiliklarga uchrardi. Ba’zida esa kichik “tasodifiy ma’lumotlar” mahalliy matbuot sahifalarida behosdan ko‘rinib qolardi. Ozod Sharafiddinov bu maqolaning aynan adabiy yutuqlarimiz, milliy boyligimiz kashf etilishi davrida yaratdi. Maqolada Cho‘lponni anglash yo‘lidagi oldingi munosabatlar hamda mustaqillik yillarida qo‘yilgan ilk qadamlar haqida ham ma’lumotlar keltirilgan. Shuningdek, muallif faqat biryoqlama qarashlardan qochib, tanganing har ikki tomoniga nazar soladi. Hatto o‘rni kelganda Cho‘lponning o‘zini ham tanqid ostiga olishi maqolaning o‘ziga xos jihatlaridan biri sanaladi. Maqola so‘ngida muallif yosh ijodkorlarning ko‘nglida qo‘rquv yo‘qligi, erkinligi va hech kimga hushomad qilishga majbur emasligini mamnun sanab o‘tadi. Yosh avlodning Cho‘lponni anglashda chinakam jonbozlik ko‘rsatib “Cho‘lpon yuksakligiga eltuvchi ko‘prik”(Sharofiddinov.1994) bunyod etishiga ishonch bildiradi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.