ORZU TAXALLUSLI SHOIR

MADRAHIM SAFARBOYEV: Yaqinda ijtimoiy tarmoqlardan shoir Orzu haqida maʼlumot izlab koʻrdim. Afsuski, bodringni “orzu” navidan boʻlak maʼlumot topa olmadim. Oʻylanib qoldim: nahotki muxtasar maʼlumotni ijtimoiy tarmoqqa kiritish qiyin boʻlsa… Shuning uchun Orzu haqidagi muxtasar maʼlumotni eʼlon qilmoqdaman.
YANGIBOY QURBONNIYOZ OʻGʻLI ORZU
(1890 – 1979)
Yangiboy Qurbonniyoz oʻgʻli 1890 yilda Qoraqalpogʻistonning Qoʻngʻirot tumanida tavallud topgan. U “Orzu”, “Orzu Urganjiy” taxallusi bilan gʻazallar bitgan. Dastlabki maʼlumotni qishlogʻida, keyinchalik Xiva madrasalarida oʻqib olgan.
1930-yillarning boshida Xorazm viloyati, Urganch tumanidagi Yuqori Doʻrmon qishlogʻiga koʻchib kelgan va qishloqda imomlik qila boshlagan. Soʻngra bu qishloqda muqim yashab qolgan va ilk tashkil topgan “Obod” nomli kolxozga birinchilardan boʻlib aʼzolikka kirib, qurilish brigadasida mehnat qilgan.
“Stalin qatagʻoni” shoirni ham chetlab oʻtmagan. 1938 yilda uni hibsga olib, imomlik bilan shugʻullanadi, partiya siyosatiga qarshi tashviqot yuritadi, degan ayb bilan toʻrt yilga qamashgan. Qamoqdan soʻng Yangiboy Qurboniyoz oʻgʻli front orqasiga — ishchi batalyoniga chaqirilib, Ural zavodlarida ikki yil ishlab qaytgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin oʻz qishlogʻida mehnat qilib, 1960 yilda nafaqaga chiqqan va ijod bilan shugʻullangan. Orzu 1979 yilda salkam 90 yoshida vafot etgan.
Orzuning hayoti va ijodi, badiiy meʼrosi tadqiqotchilar tomonidan oʻrganilmagan, sheʼrlari toʻliq nashr qilinmagan. Faqat, 1979 yilda “Oqsoqollar kalomi” nomi bilan Toshkentda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida, 1997 yilda “Vasling chamani” nomi bilan Urganchda “Xorazm” nashriyotida, 2015 yilda “Hikmatlar gulistoni” nomi bilan Toshkentda “Kamalak” nashriyotida va vaqtli matbuotda qisman nashr qilingan. Shoirning insoniylik, sof muhabbat, vafoni ulugʻlovchi gʻazallari Hojixon Boltayev, Komiljon Otaniyozov, Roʻzmat Jumaniyozov, Otajon Xudoyshukurov, Ortiq Otajonov, Ogʻabek Sobirov kabi hofizlar tomonidan kuylangan va hozir ham yosh xonandalar tomonidan kuylanmoqda. Orzuning badiiy merosi OʻzR FA Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida № 63-inventar raqami ostida, shoir xonadonida va uning doʻstlari qoʻlida qoʻlyozma sifatida saqlanmoqda.
professor Madrahim SAFARBOYEV
Muxammaslar
Karam aylab, nigoro iltifot et vasli bogʻingda,
Kezarman ishqning sahrosida doim soʻrogʻingda,
Muhabbat shahrining majnuniman hijroni dogʻingda,
Yangi oymu munavvar xalqayi zarrin qulogʻingda,
Koʻzim yoshi yangligʻ jon rishtasi yonmish charogʻingda.
Chiqarma osmonga dilrabo dudi sharorimni,
Olib dildin tarahhum qilmayin sabru qarorimni,
Ajab berahm ekansan tinglamay ahvoli zorimni,
Kel ey moh, ne boʻlgʻay erdi tarqatsang xumorimni,
Ochib guldek yuzingni nogahon xushnud chogʻingda.
Qilib erding mango avval nechuk ahdi vafolarni,
Hamisha ayshu ishrat surgali zavqi safolarni,
Tagʻofuldin unutding, aylading behad jafolarni,
Raqib ahlini mahram aylading, qilding xatolarni,
Mani mahrum etib, agʻyor boʻlmish soʻlu sogʻingda.
Xirom aylab, ayo gulchehra, koʻnglim shodu xandon et,
Qadam qoʻy boshim uzra, baytul ahzonim guliston et,
Laʼli labing erur obi hayotim, xayru ehson et,
Hasad ahlini yoqib rashk oʻtiga, koʻnglin zimiston et,
Raqiblarga munosib yoʻq labi kavsar bulogʻingda.
Qaysi oshiqning bordur dilbarimdek mohitoboni,
Jahon ahli parivashlarin husni mulki sultoni,
Agar huru pari koʻrsa yonar rashk oʻtida joni,
Muyassar boʻlsa qatra kimga laʼlidin, yoʻq armoni,
Muhabbat ayla, jono, bir kecha boʻlsam qarogʻingda.
Koʻnglim maqsudi hosil boʻlmadi bu dahr toqidin,
Figʻonim haddin oshdi ul parivash ishtiyoqidin,
Junun sahrosida avvoraman vasli firoqidin,
Qachon boʻlgay muyassar shahdi maygunlik dudoqidin,
Olay diydamni surtib, gar boʻlsa gʻubor oyogʻingda.
Ayo sarvi ravon, och daftarimdin har varaqlarni,
Koʻring ishq maktabi ichra majnuniy sabaqlarni,
Qildi ohimning dudi kun yuzin aylab shafaqlarni,
Otib dushman malomat toshini, qildi nasaqlarni,
Tanimni tiyra beron qildilar saning firoqingda.
Ne boʻlgʻay erdi kelsang kulbama eldin nihon aylab,
Qilib har bir qadamda ishvayi nozing ayon aylab,
Visoling bodasidin noʻsh etay jismimga jon aylab,
Hasad ahli, raqiblar haylining bagʻrini qon aylab,
Mango shohlikdin ortiqdur boshim qoʻysam ayoqingda.
Soʻrab holimni mahvash, ayla bas, nozu itobingni,
Siniq koʻnglimni ravshan aylasin, och mohitobingni,
Necha yil arz etarman, bermading yaxshi javobingni,
Yozib men Orzu ashʼor etib husni kitobingni,
Oʻlikni tirguzur obi hayotingdur dudogʻingda.
Zoeʼ etma umringni may bodai mayno bilan,
Qilma oluda koʻngilni bevafo raʼno bilan,
Boʻlma hamroh bir qadam ham niyati qaro bilan,
Ey, koʻngil, hamsuhbat boʻlgʻil mardumi dono bilan,
Ochilur qalbing hamisha har dili biyno bilan.
Dilda donishmand ahlin tutgin azizroq jondin,
Gardi poyin toʻtiyo qil bu iltifot mehmondin,
Bil soʻzini gavhardin qimmatli gavhar kondin,
Oqil ahliga boʻlib ulfat, qoching nodondin,
Tun qorongʻu oʻxshamas xurshidi diloro bilan.
Bil farosat birla har kimning koʻngilda niyatin,
Fitnachilardin qoching, qilma havas hamsuhbatin,
Kelturur boshga balo behuda chekma kulfatin,
Bilmoq istarsan birovning botinin, koʻr ulfatin,
Bir emas gavhar bahosi koʻhi sang xoro bilan.
Ahli hikmatlarning qimmatli soʻzini bil guhar,
Jon qulogʻing birla tingla topgaysan ozdin samar,
Maʼrifat dorulfununiga mudom bogʻlang kamar,
Har kishining aqli bordur kasb etar ilmu hunar,
Tengmu biron qatrasi ul mavj urgan daryo bilan.
Har shabi-shab qadrining shomiga tushdi oʻxshamas,
Har sharob obi hayot jomiga tushdi, oʻxshamas,
Badning ismi yaxshilar nomiga tushdi, oʻxshamas,
Qaysi qush sayyodning domiga tushdi, oʻxshamas,
To navo qilgan gul uzra bulbuli shaydo bilan.
San oʻzingdin yaxshiroq bil uchragan insonni,
Koʻnglini olgil jarohatlik dili vayronni,
Axtarib qalbi musaffolarni, qil ehsonni,
Xush eli xush ahlini, johil topar nodonni,
Bogʻu boʻston ichra bulbul, vaxshiylar sahro bilan.
Fitna angiz betamiz qalloblardin nafrat et,
Pok dillardin judo boʻlmay hamisha hikmat et,
Xalqi olamga muhabbat birla doim izzat et,
Xush elidin kelsa mehmon jonu dildan xizmat et,
Yaxshi nom olamda qolsin obroʻyi aʼlo bilan.
Soʻzlagil shirin suxan, behuda soʻzga ochma lab,
Dahr aro mahbub boʻlib xalqi jahon aylar talab,
Marhamat ayla yomonu yaxshiga, boʻl boadab,
Lutfi ehson birla dushman doʻst boʻlsa yoʻq ajab,
Sher ham qilgay itoat, marhamat, oro bilan.
Badligingni tashla endi, yaxshilikni ayla xoʻ,
Bu sababdin topgaysan el ichra doim obroʻ,
Xush qiliq odat ila ilmu hunar qil justijoʻ,
Maʼrifatdin bexabar umring oʻtibdur Orzu,
Boʻlsa aqling, ulfat boʻlma botini rasvo bilan.
FUZULIY GʻAZALIGA ORZU MUXAMMASI
Otashi ishqing sharori yoqdi beandozalar,
Taʼna toshi birla sindurdi boshim badmozalar,
Kim buzuq koʻnglim yoʻl ustida misoli qozalar,
Har kitobakim, labi laʼling hadisin yozalar,
Rishtai jon birla ishq ahli oni sherozalar.
Bu muhabbatda hayotim demadan hech kimsaya,
Shavqing ila pora koʻnglim demadan hech kimsaya,
Tun sahar kon ogʻlogʻonim demadan hech kimsaya,
Bu na sirdur, sirri ishqing demadan hech kimsaya,
Shahra dushmish man sani sevdim deya ovozalar.
Orazin ul mohi siymo keldi ochib kechada,
Zohidi xudbin man aylab koʻngillar ranjida,
Kim xarobot ahli masjiddin qochib dayr ichida,
Shayxlar mayxonadan yuz doʻndirdilar masjida,
Betariqatlarni koʻrkim, doʻgʻri yoʻldan ozalar.
Kimki ishq ahli emas ondin qochibdur tigʻi ishq,
Koʻnglima tuxmi muhabbatni sochibdur tigʻi ishq,
Tashna erkan bagʻrimning qonin ichibdur tigʻi ishq,
Choklar koʻksimda, sonmang kim ochibdur tigʻi ishq,
Koʻngliming shahrina mehring kirmaka darvozalar.
Yor vasli hajri mahjur etsa, ondin injima,
Bogʻi husni vasl aro dur etsa, ondin injima,
Orzu, qilsang vafo hur etsa, ondin injima,
Ey Fuzuliy, yor agar javr etsa, ondin injima,
Yor javri oshiqa har dam muhabbat tozalar.
FUZULIY GʻAZALIGA ORZU MUXAMMASI
Muhabbat shevasini siynasi afgor oʻlandan soʻr,
Balo dashtida Majnundek koʻzi xunbor oʻlandan soʻr,
Marizi ishq dardin xalq aro beor oʻlandan soʻr,
Shifoyi vasl qadrin hajr ila bemor oʻlandan soʻr,
Ziloli zavq shavqin tashnai diydor oʻlandan soʻr.
Sahar afgʻon chekib bulbul sifat mastona yurma,
Qilib nozu tagʻofil har kuni ming lahza oʻlturma,
Dili sodiqlaring mahrum etib agʻyora dil berma,
Labing sirrin kelib, guftora, mandan oʻzgadan soʻrma,
Bu pinhon nuktani bir voqifi asror oʻlandan soʻr.
Koʻzim giryon, bagʻir biryon, koʻngil vasling uchun moyil,
Qoshing goʻyo kamondur, kipriging oʻq, koʻzlaring qotil,
Boʻlib uyqu harom, tun-kechalar til zikringa qoyil,
Koʻzi yoshlularning holin na bilsun mardumi gʻofil,
Kavokib sayrini shab to sahar bedor oʻlandan soʻr.
Jafo togʻin qozib Farhod yangligʻ Koʻhkanlardan,
Kechib Layli uchun Majnun kabi mulki vatanlardan,
Hayoti jovidondur menga laʼli siymutanlardan,
Xabarsiz oʻlma fatton koʻzlaring javrin chekkanlardan,
Xabarsiz mastlar bedodini xushyor oʻlandan soʻr.
Erursan husn shohi, lek ikki koʻzlaring zolim,
Jamoling shaʼmiga parvonadek yondi paru bolim,
Junun bozorida shavqing bila kechdi mahu solim,
Gʻamingdin shaʼmtak yondim, sabodan soʻrma ahvolim,
Bu ahvoli shabi hijron manimla yor oʻlandan soʻr.
Tariqi ishq birla boʻldi duto bu qaddi dolim,
Gadoyingga nigohi sadqa qil, yoʻq qil ila qolim,
Labing obi hayotim, soʻzlaring shirin-shakar bolim,
Xarobi jomi ishqam, nargisi masting bilur holim,
Xarobot ahlining ahvolini xummor oʻlandan soʻr.
Basirat koʻziga bir necha donolar solib durbin,
Dedilar hech lazzat yor javridek emas shirin,
Qilibman Orzu koʻksimga dilbarning jafo tigʻin,
Muhabbat lazzatidan bexabardur zohidi xudbin,
Fuzuliy, ishq zavqini zavqi ishqi vor oʻlandan soʻr.
FUZULIY GʻAZALIGA ORZU MUXAMMASI
Qomatingga mahv oʻlgʻon sarvi xiromon istamas,
Orazi husning asiri oʻzga jonon istamas,
Laʼli jonbaxshing degan, laʼli Badaxshon istamas,
Tashnai jomi visoling obi hayvon istamas,
Moili moʻri xating mulki Sulaymon istamas.
Ahli ishq hijronda vahm etmas tani ranjurdan,
Gulshani vasling sevgan parvoyi boʻlmas hurdan,
Nechalar majnuning oʻldikim, kechib maʼmurdan,
Zulmati zulfing giriftori dam urmas nurdan,
Tolibi shamʼi ruhing xurshidi raxshon istamas.
Ey sanam, koʻnglim uyin toroj etib gʻam lashkaring,
Gul boʻlib boʻynimga mushkin ikki zulfi anbaring,
Boʻlsa vasling, bas, netay jannatda gʻulmon hurlaring,
Aylamas mayli behisht aftodai xoki daring,
Sokini kunji gʻaming sayri guliston istamas.
Yo qoshi mujgon oʻqin gar otsa, ayni lutfidir,
Chashmi jallodi taning chok etsa, ayni lutfidir,
Xonu moning shavqi barbod etsa, ayni lutfidir,
Javrdan oh etma, ey oshiqki, ayni lutfidir,
Doʻst, asbobi kamoli husna nuqson istamas.
Javr zulmidan faryod etma, yoqar koʻnglim, deb,
Gʻamza oʻqin otsa, dod etma, yoqar koʻnglim, deb,
Oʻzga bir dilbarni yod etma, yoqar koʻnglim, deb,
Ishqdan vahm etmasin oshiq, yiqar koʻnglim, deb,
Hech sultonam din mulkini vayron istamas.
Gar malomat toshi yogʻsa, boshingga voh etmakim,
Yo itob etganda maʼshuq oʻzga bir roh etmakim,
Shoh ersang, gar bu yoʻlda, faxr ila joh etmakim,
Oshiq ersang rindu rasvolikdan ikroh etmakim,
Ishq sirrin iqtizoyi davr pinhon istamas.
Orzu, zohid ahli haryon muxolifdur sango,
Doʻst joning zohiri pinhon muxolifdur sango,
Ishq zavqin bilmagan nodon muxolifdur sango,
Ey Fuzuliy, muttasil davron muxolifdur sango,
Gʻolibo, arbobi isteʼdodi davron istamas.
FUZULIY GʻAZALIGA ORZU MUXAMMASI
Muhabbat olamida ishq elin avvora yozmishlar,
Junun sahrosida holini ohu zora yozmishlar,
Muyassar boʻlmayin maqsad dilini yora yozmishlar,
Azal kotiblari ushshoq baxtini qora yozmishlar,
Bu mazmun ila xat ul safhai ruxsora yozmishlar.
Qilib ishqing vatandin mosivo tokim nishonim gum,
Boʻlib uyqu xarom, tun kechalar doim sanab anjum,
Koʻrinmas sizsiz ushbu jahon bir donai gandum,
Havosi hoki poying sharhini tahqiq etib mardum,
Gʻuborila bayozi diydai xunbora yozmishlar.
Jahon mahvashlari oy ersalar, san oftob, ey gul,
Quyosh chiqgʻoch, hijolatdin qilur oy ijtinob, ey gul,
Koʻngul lavhiga sigʻmas, qilsa vasfing yuz kitob, ey gul,
Gulistoni sari koʻying kitobin bob-bob, ey gul,
Xati rayhon ila jadval chekib, gulzora yozmishlar.
Topilmas bu sifat mahvashni, axtarsang bashar naslin,
Jahon oshiqlari hayratdadurlar bilmayin aslin,
Sanamlar sarvari ham mahv oʻlur koʻrsa oning vaslin,
Ikki satr aylayub ul ikki maygun laʼllar vasfin,
Koʻranlar har birin bir chashmi gavhar bora yozmishlar.
Niqob ochsang yuzingdin el bori hayron boʻlur beshak,
Necha ishq ahli gʻavgʻolar topib qurbon boʻlur beshak,
Yetolmay maqsadiga oʻlsa nohaq, qon boʻlur beshak,
Kirib butxonaga qilsang takallum, jon boʻlur beshak,
Musavvirlar na suratkim daru devora yozmishlar.
Yotibman ostonang yostonib, yigʻlab shabu roʻzi,
Tarahhumdin nogahon aylar ersang baxti feruzi
Yetolmay gulshani vaslingga, ohim birla jonsoʻzi,
Muharrirlar yozonda har kima olamda bir roʻzi,(soʻzi?)
Mango har kun dili sadporadan bir pora yozmishlar.
Kimi daʼvo qilur ushshoqlar xaylinda boʻlmoq fard,
Malomati toshi boshiga yogʻib boʻlmish tani gard-gard,
Matoi husniga jon bermasa, deng, Orzu nomard,
Yozonda Vomiqu, Farhodu, Majnun vasfin ahli dard,
Fuzuliy odini, koʻrkim, sari tummora yozmishlar.
MUSADDASLAR
VASLING CHAMANI
Ey, jabru sitamli hurzodim,
Bildim sitamingni, shodibodim,
Sen birla hamisha fikri yodim,
Xalq ichra afsona boʻldi odim,
Yetgaymu sango bu arzu dodim,
Vasling chamani boʻlib murodim.
Dilbarlar ichinda sen yagona,
Kim koʻrdi saning kabi janona.
Husn ichra boʻlib shohi zamona,
Chindur bu soʻzim, dema gumona,
Yetgaymu sango bu arzu dodim,
Vasling chamani boʻlib murodim.
Ishq ahlini muncha zor etibsan,
Hijron sitaminda xor etibsan,
Koʻzimga jahonni tor etibsan,
Agʻyor ila oʻzni yor etibsan,
Yetgaymu sanga bu arzu dodim,
Vasling chamani boʻlib murodim.
Maʼshuq hamisha bevafodir,
Oshiqlara ishi koʻp jafodir,
Agʻyor bilan zavq ila safodir,
Bermak dil ango biling, xatodir,
Yetgaymu sango bu arzu dodim,
Vasling chamani boʻlib murodim.
Dilbarlar ichinda san jafokor,
Yuz vaʼda berib kelurga har bor,
Yuzdin birga topilmay ey, yor,
Hajringda bu hasta boʻldi bemor.
Yetgaymu sango bu arzu dodim,
Vasling chamani boʻlib murodim.
Kulbamga nihon kel, oy nigorim,
Majnun kabi qolmadi qarorim,
San Layli sifat, olib madorim,
Man Gʻaribu berayin borim,
Yetgaymu sango bu arzu dodim,
Vasling chamani boʻlib murodim.
Orzu sango qildi iltijosin,
Mahrum qiladurmi oshnosin,
Quvlarmi eshikdin gadosin,
Soʻrmasmi gʻaribu mubtalosin,
Yetgaymu sango bu arzu dodim,
Vasling chamani boʻlib murodim.
MUASHSHAH
(Mashhur hofiz Komiljon Otaniyozovga)
Kelsa doʻstim shod etar elni, tamosho aylasa,
Bedud aylar xalqni majlisda goʻyo aylasa.
Olibon qoʻlga rubobin aylasa sozu navo,
Boshda parvona bulbul savtini aʼlo aylasa.
Marhamat bobida elga goʻyo Xotami toy kelib,
Xoni ehsonin xaloyiq uzra paydo aylasa.
Loladek doim ochilgan qalbining gulxonasi,
Tortar el koʻnglin oʻziga, soʻzga oro aylasa.
Jumla el sozing bila ovozing mushtoqidurlar,
Toʻyiga eltib tamoshosin tamonno aylasa.
Olibon bahra xaloyiq sheʼrining mazmunidin,
Mavj urar ilhomi gar, qalbi oshkoro aylasa.
Navbahor umriga agʻyordin yomon koʻz tegmasin,
Orzu der xalqini koʻp soziga shaydo aylasa.
QITʼALAR
1.
Aqli komil boʻlsa har kim, bir ibratli soʻz yetar,
Befahmga yuz iborat xayf, behuda ketar.
Shoʻr yerga qilmagil zoeʼ amalning tuxmini,
Tuxmi rayxon sepsang, oning oʻrniga jangal bitar.
2.
Hikmatingni tut baland, boʻlsin yuzing monandi moh,
Gʻaflat aylab bir yomon ishdin yuzing qilma siyoh.
Umring ichra mehnat aylab yaxshi nom olgan eding,
Zisht bir afʼol ila bu mehnating qilma taboh.
3.
Har kishi sanga birovning aybini izhor aylagay,
Sani ham shul kun anga aybingni bisyor aylagay.
Solma gʻiybatkash soʻziga oqil ersang hech quloq,
Doʻstlaringni dushman aylab gʻamga duchor aylagay.
4.
Kim saxovatpesha, hech kim ani dushman tutmadi,
Har daraxtkim mevalidur, tesha hech kim urmadi.
Gar taom yesa eshikni bekitib ahli xasis,
Tushsa boshiga havodis, kimsa holin soʻrmadi.
5.
Ahli hikmatda masal bor oʻtgan ayyomi bila,
Barchaga maʼlumdurkim subh ham shomi bila.
Biri odil, biri zolim nomi hargiz oʻchmagay,
Biri yaxshi xislat ila, biri badnomi bila.
RUBOIYLAR
1.
Har taomni lazzatlidur tuz bila,
Odamiy lazzatli shirin soʻz bila.
Boʻlsa shak koʻnglingda, qilgin imtihon,
Teng emas eshitgan ,koʻrgan koʻz bila.
2.
Aql birla adab bordur kishida,
Sharofatlar boʻlur har bir ishida.
Takabbur,beadab,nodondur ulkim,
Ziyondin oʻzga hech boʻlmas kishida.
3.
Yaxshini hamma boshiga toj etar,
Suhbatiga barchani muhtoj etar.
Doʻst bilsang bir xiyonatkorni,
Topganingdan ayrib toroj etar.
4.
Soʻzning yaxshisi ibratli,oz boʻlur,
Koʻp boʻlib maʼnisi,mazmun soz boʻlur.
Soʻz koʻpaygan birla maʼno boʻlmasa,
Bu sifat odam quruq ovoz boʻlur.
5.
Soʻzni koʻp bilgan bila oz soʻzlagin,
Oʻn soʻzingni bir qilib soz soʻzlagin.
Garchi soʻz koʻp boʻlsa, koʻp boʻlgay xato,
Qoyil ayla soʻzni, mumtoz soʻzlagin
MASNAVIYLAR
1.
Bad asilga har necha qil tarbiyat,
Lek oʻylama umid yaxshi xosiyat.
Necha yuvsang oq boʻlmaydur koʻmir,
Arpadin bugʻdoy boʻlmas bir umr.
2.
Yosh yigitlik chogʻida oʻrgan hunar,
Umring oxir boʻlguncha bergay samar.
Bu hunar ochgusi davlatning yoʻlin,
Istagay ahli hunarlarning qoʻlin.
3.
Ish qilursan maslahat birla qiling,
Maslahat xosiyatin yaxshi biling.
Maslahat birla qilingan har ishi,
Yoʻq ziyon,koʻp foyda koʻrgay kishi.
Ish qilursan ota-onadin soʻrash,
Qilma ishni hech alardin bekengash.
Unda ota-ona koʻngli shod boʻlur,
Roʻzgoring doimo obod boʻlur.
Maslahatsiz qilsa kim har korni,
Gar ziyon etsa koʻrar ozorni.
Qaysi ishni qilmoqga qilsang jadal,
Maslahat birla unga qilgil amal.
Maslahat birla bichilgan har libos,
Tor boʻlmas egninga kiysang xalos.
4.
ILM FAZILATI
Ey, oʻgʻillar, yana bir ish bordur,
Kim qilur davlat hamisha yordur.
Ey, yigitlar, kasb eting ilmu hunar,
Ilm olishga jahd ila bogʻlang kamar.
Yoshlik chogʻing ilmsiz qolmagil,
Qarrigan soʻng koʻp pushaymon boʻlmagil.
Qancha chiljon dunyodan yaxshi ilm,
Oʻgʻri olmas, oʻtda yonmas bu bilim.
Qancha sarf etsang ilm boʻlgay ziyod,
Hosil boʻlgay qancha xarj etsang murod.
Chirimas ham suvga botmas bu gavhar,
Hurmating qilgay ziyod ilmu hunar.
Necha yuz boʻlsa agar ilmu fani,
Oʻqimoq afzal erur doim ani.
Behuda oʻtkazma yoshlik chogʻini,
Yuv koʻngildin jahli gʻaflat dogʻini.
Maʼrifat ilmiga kim qalbin tutar,
Shubha yoʻq xalq ichra ul rahbar boʻlar.
5.
Ey Xudoyo! Osiy qulman qil madad,
Ismi zoting “Qul xuvallohu ahad”.
Xoliqul olamsan “hayyu lo yamuvt”,
Sandin oʻzga barcha xalq boʻlgʻusi mavt.
Roziq ul-maxluq zotingdur saning,
“Gʻofir-uz zanb” sifatingdur saning.
Bandai bechoraman qildim xato,
Fazli altofing manga qilgʻil ato.
Osmonga uyqusi zanbu gunoh,
Zarra baxsh etsang karam, ey podshoh.
Loyiq oʻgʻlon sanga toat qilmadim,
Sahvu nuqsonsiz ibodat qilmadim.
Ul Muhammad Mustafoning hurmati,
Chori yori bosafoning hurmati.
Magʻfirat daryosiga gʻarkob qil,
Vaslingga yetkur, yuzim mahtob qil.
Orzu qilgum visoling bogʻini,
Solmogʻil manga judoligʻ dogʻini.