9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

MA’NAVIYAT FIDOYISI — TO’LQIN ESHBEK

notiq.uz > IJODIYOT  > MA’NAVIYAT FIDOYISI — TO’LQIN ESHBEK

MA’NAVIYAT FIDOYISI — TO’LQIN ESHBEK

U 1963-YIL 1-IYUNDA SAMARQAND VILOYATI ISHTIXON TUMANIDA TUG’ILGAN . 1985-YILDA TOSHKENT DAVLAT UNIVERSITETI (HOZIRGI MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI ) JURNALISTIKA FAKULTETINI TAMOMLAGAN. AYNI PAYTDA U SHU DARGOHDA DOTSENT LAVOZIMIDA TALABALARGA DARS BERMOQDA.

Adib, shoir va publitsistning “Jigarbandlar”, “Shabada esgan kun”, “Qishloqlik bola qissasi”, “Jaydari hangomalar”, “Adashgan qiz qismati”, “Hayot karvonlari”, “Samarqand farzandi”, “Olimning beqiyos olami”, “O‘zbekning yomoni bo‘lmaydi”, “Ikki asr odami”, «Korrupsiyasiz hayot zavqi», “Generalning mangu yulduzi”, «Boburning gavharlari»,  «Buxoroi sharif ziyosi», «Ayol va Oy», «Jadidlar javhari» deb nomlangan nasriy hamda she’riy to‘plamlari kitobxonlar qalbidan joy olgan.

U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar uyushmasi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi. Adabiyot sohasidagi Usmon Nosir mukofoti laureati (1993), jurnalistika sohasida “Oltin qalam” Milliy mukofoti sovrindori (2008) bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga binoan 2019 yilda “Do‘stlik” ordeni, 2022 yilda ikkita ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

MUSHOIRA ETADI DAVOM

“Jo‘shqin mushoira etadi davom,

Do‘stim, kel sen ham”.

Zulfiya

Yaydoq novdalarga qaytmoqda barglar,

G‘uncha visoliga oshufta bulbul.

Parquv bulutlarning ustidan shitob

Ko‘klamoy choptirib o‘tmoqda duldul.

Mushoira qilar yer bilan osmon,

Chaqmoqlar samoga yozmoqda she’rni.

Xarsanglar kiftidan unar qo‘zigul,

Hamal bezamoqda har qarich yerni.

Hamid Olimjonning satrin eslatib,

O‘riklar tong payti bodroq qovurdi.

Yana aldagancha mushtoq shoirin

G‘unchalar iforin yelga sovurdi.

Faqat aldamadi sadoqatli yor,

O‘z bag‘riga olgan Vatan tuprog‘i.

Ikkisi uchun ham sayrga chiqar

Zulfiya o‘riklar gullagan chog‘i.

O‘lanchi momolar o‘rnatar o‘rmak,

Qo‘shchi bobolarim tilida yalla.

“Bu kunlarga yetgan-yetmaganlar bor!”

Shu baxtni olamga aytgin baralla.

Mushoira oni yig‘ilib keling,

“Adiblar bog‘i”ga shoiru she’rxon.

Vodiy-u vohadan salomlar ayting:

Andijon, Buxoro, Xorazm, Surxon.

Yettiyu yetmish yosh birday navosoz,

Bahrubayt azaldan kelgan silsila.

Umum mushoira topgaydir og‘oz

Sirojjidin Sayyid kalomi ila.

Zulfiya Mo‘min va Zebo Mirzodan

Tinglaylik bahorga olqish, qasida.

Farog‘at Xudoyqul nozik satrini

Ilg‘aylik gullarning karashmasida.

Gulkosa pinhonlar bol ila atrin,

Qizlar kulgusida – oshiqqa tuzoq.

Najib lutflar ila bezasin satrin

G‘ayrat Majid ila Nodir Jonuzoq.

Muhammad Yusufday she’r aytsin Iqbol,

Erkin Vohidga bayt bog‘lasin Shodmon,

Axir juda qisqa umr hisobi:

Quvonchi misqollab, tashvishi – botmon…

Salim Ashur ila Rustam Musurmon,

Orif To‘xtash ila ustoz Olloyor.

Eslaylik Ablulla Orifdan yana:

“Bizlar barhayotmiz, omad bizga yor!”

Qo‘chqor Norqobil va Xosiyat Rustam,

Tortiq etar sizga «Kitob dunyosi»n.

Zulfiya izidan shoira qizlar,

Taratib borishar she’riy ziyosin.

Barobarlab kelar kecha va kunduz,

Biroq baxt borada barobar, teng kam.

Jo‘shqin mushoira etadi davom,

Do‘stim, kelaqolgin, kelaqol sen ham!..

ASL FASLLAR

Har faslning o‘z xislati bor,

Har faslning o‘z fazilati.

Kumush qishdan, zumrad bahordan

Qolishmaydi kuzning ziynati…

Uyg‘un

ZUMRAD BAHOR

Bahorning bo‘stoni bor,

Qizg‘aldoqlardan bazmi.

«Boychechagim boylandi»,

Degan qo‘shig‘i, nazmi!

Ko‘ksomsayu, halimga,

Sumalakka to‘yamiz.

Varrak, chillak o‘yinni,

Xo‘p joyiga qo‘yamiz!

JAZIRAMA YoZ

Yozning bordir xumdoni,

Chiniqtirar tanlarni.

Soylarda quloch otsang,

Yugurtirar qonlarni!

Issiq qum tanga rohat,

Dumbul ko‘mamiz qo‘rga.

Kunlar judayam uzun,

Shomga yetamiz zo‘rg‘a…

OLTIN KUZ

Kuzning bor dasturxoni:

Paxtasi, bug‘doy noni.

Sollonadi sholisi,

Qorayadi olusi.

Behilari tuklidir,

Shoxlar larzon, yuklidir.

Sarg‘ayar barglar, o‘tlar,

Sog‘iladi bulutlar!

KUMUSH QISH

Qishning bordir surpasi,

Oppoq qordan ko‘rpasi!

Tutun o‘rlar mo‘ridan,

Uyga ko‘chdik so‘ridan.

Kunlar qisqardi juda,

Tog‘lar ham mast uyquda.

Adirda bo’ri uvlar

Muzladi oqar suvlar

To‘lqin ESHBEK,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.