ALIJON ZOHIDIY: ZABONDAN KELUVCHI BALOLAR

Rabboniy, har ishga qodirsan oʻzing!
Har kimni siylaysan, qalbiga qarab.
Meni muhib etgin, topmayin toʻzim-
Sendan soʻramadim martaba, mansab.
Tilimni shoh qilma, soʻlmayin tokim-
Meni zabonimga aylagil hokim.
Oʻzini tanigan tanir Rabbini…
Maʼrifat, Haqiqat bisotingdan ber.
Oʻzni isloh etay oʻzim har kuni-
Erta quchoqlashdan or qilmasin yer.
Menga bergin togʻdek bardosh va toqat-
Zabonimdan toki topmayin ofat.
Sohibim, Xoliqim oʻzingsan, Razzoq!
Aqlga boʻysunmas tildan asragil!
Sukut neʼmatingdan menga ber koʻproq-
Tilga boʻysunuvchi qoʻldan asragil!
Kufr ham, iymon ham tilning bayoni-
U bois toʻkilgay begunoh qoni.
Uni shuurimga gʻulom qil, Jabbor!
Zabonim jilovla, shariat bilan.
U bois koʻp zotning umri kechgay xor-
U sabab Rizvonga oʻxshamas vatan.
Har kuni sajdada soʻrayman shuni,
Iblisga bir qurol qilmagin uni.
Ezmalar yurgaylar yoʻllarda toyib…
Eng nodir neʼmatdir sukut saqlamoq.
Unga lablarimdan posbonlar qoʻyib-
Unga tishlarimdan yaratgil qamoq.
Saqarni toʻldirgan tildan kuyganlar
Ujmohning toʻrida-uni tiyganlar.
Vaqt muʼmin uchun sarmoya derlar…
Uni behudaga sarflagich qilma!
Har qadamda naʼra tortmaydi sherlar-
Vaysaqilar kunin boshimga solma!
Iblisning kemasi qilmagin qonim-
Kam va rost soʻzlovchi etgin zabonim.
Soʻzlaguvchi etma hojatdan ortiq…
Mahmadonalardan berma safardosh.
Menga shunday doʻstlar aylagil tortiq-
Minbar, mikrofonni qilmasin talosh.
Ikki goʻsh, bir tilni bergansan, Xudo!
Tinglash neʼmatidan etmagil judo.
Botil soʻzlovchidan qilma, Al-Fattoh!
Tilim poda boʻlsa, men boʻlay choʻpon.
Oʻziga va yurtga qazigancha choh
Haqqa zid soʻzlovchi koʻpaydi chunon.
Botil soʻzlovchining koʻkarmas bogʻi-
U katta xatokor Qiyomat chogʻi.
Al-Haliym, bermagil gojlik-oʻjarlik!
Bahsu-mujodala boʻlmasin kasbim.
Shundandir yoʻlimda uchragan jarlik-
Gʻanimim koʻpligi shundandir, balkim?
Etmagin qiyiqlar axtargich qildan-
Oʻzing hifzingga ol, bahsu-jadaldan.
Saratondan ogʻir xusumat dardi…
Birovning nuqsonin izlovchilar koʻp.
Silning mikrobiday tarqalar gardi
Undaylar millatda uchragay toʻp-toʻp.
Hazrat Xizr hamroh boʻlsin yoʻlimga-
“Sen Haqsan”- kalomin bergil tilimga.
Safsata sotguvchi qilmagin tojir…
Ortiqcha takalluf balodir boshga.
Har rahbar ostida ming voiz hozir
Xojasin tenglarlar oyga, quyoshga.
Har kun besh namozda soʻrayman shuni-
Gapdon kimsalardan qilmagin, meni!
Rasululloh aytar; Soʻkinmas muslim,
Behayolik qilmas, aytmaydi laʼnat.
Buzgʻunchilik qalbim etmasin taslim-
Husni xulq-borliqda eng katta neʼmat.
Al-Kariym, murodim aylagil hosil!
Toʻxtaboy piyrimdek halimlardan qil.
Kufr, bidʼat, fisqdan asragil, Yorab!
Badduo aytuvchi boʻlmasmish muʼmin.
Ulugʻ dargohingdan turibman soʻrab-
Laʼnat aytguvchidan qilma, Muhaymin!
Qargʻish aytib oʻtda ketmayin yonib-
Sura va oyatlar oʻqiy oʻqiy uygʻonib.
Soʻzda sehr bordir, sheʼrda hikmat…
Ammo zikr qilmoq yaxshiroq undan.
Maddoh shoirlar ham yetarli albat
Ikki dunyong haqqi-qil yiroq, undan!
Asra, iymonimga bermasin xatar-
Nodon qoʻshiqchilar, raqqos erkaklar.
Naslimdan tugʻdirma masxarabozni…
Dilga ozor bermoq kufrdan derlar.
Koʻplar gʻarlik bilan tikkancha koʻzni
Qarang, bir-birini goʻshtini yerlar.
Ogʻuli til berma, mordek xatarli-
Menga oʻz nuqsonim, aybim yetarli.
Tili boʻsh zotlarning koʻpini koʻrdik…
Farqi ham yoʻq ekan yoshni-qarrini.
Asror ochguvchilar gunohkor birdek-
Xiyonatdir aytsang birov sirrini.
Tishlarim tilimga aylagil qafas!
Sirni saqlovchi qil, ochguvchi emas.
Yolgʻon rizqni qirqar.. Hadisda kelgan,
Baraka qocharmish samodan-yerdan.
Tilimni qasamga qilmagin vatan-
Al-Hakiym, asragil qasamxoʻrlardan!
Kazzob-nafsiga qul, iblisga yemish-
Yolgʻon-munofiqlik eshigi emish.
Chaqimchi olmasmish jannatning hidin…
Al-Majiyd, bu darddan asragil oʻzing!
Til bois doʻzvxga qilmagil oʻtin-
Jinlar qurmasinlar qalbimda bazm.
Mana bomdodlarda turibman soʻrab,
Yolgʻon guvohlikdan asragil, Yorab!
Al-Vakiyl, asragil tilyogʻmalardan!
Qulingni maddohdan qilmagil sira.
Qabrga iymonli kirsin bu badan-
Rahbarlarga qulluq qilmay bir bora.
Meni mindirmasin maddoh markabi
Asragil, moxovdan asragan kabi.