UCH TA’RIF ZAMIRIDAGI KUCH

Shoirlikka da’vogarligim yo‘q. Ma’naviy tadbirlar bo‘lsin, ma’rifat ulashib dasturlarida bo‘lsin, imkoniyatim nuqtai nazaridan ishtirok etib kelaman. O‘shanda tug‘ilgan ushbu to‘rtlik.
Zamonga nazar qil, boqqil hayotga,
Tilingni chog‘lagil orzu — niyatga,
Yomondan hazar qil, qolma uyatga,
Dilingni bog‘lagil Ma’naviyatga.
Demak, har bir tushunchaning o‘z mohiyat — mazmuni bo‘lganidek, ta’rif va tavsifi ham bor. Ma’naviyat tushunchasi haqida qator ta’riflar borligini bilamiz. Lekin, uning amaliy qudrati, nazariy mohiyati va ahamiyati borasida Davlatimiz rahbarining mulohazalari e’tiborga molik.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari prezidentlik faoliyatini boshlagunlariga qadar ham, ayni damda ham O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining raisi sifatida qator samarali ishlarni amalga oshirib kelganlari bejiz emas.
Demak, so‘z ma’naviyatga berilgan uch ta’rifning mazmun — mohiyati haqida.
“Ma’naviyat — eng ta’sirchan, qudratli qurolimiz.”
Prezidentimizning ma’naviyat bobidagi ushbu ilk ta’rifida ma’naviyat tushunchasining ijtimoiy hayotdagi o‘rni va kuchi haqida muhim mulohaza mavjud.
Bugungi kunda ota-onalardan tortib, ta’lim tizimidagi mutasaddi-yu mas’ul rahbarlar, hatto davlatimiz rahbarigacha bu borada bosh qotirayotgani sir emas. Har qanday jamiyatning ertasi, mamlakatning kelajagi yosh avlodning ma’naviyati va ular qabul qilayotgan ta’lim-tarbiyaning sifatiga bog‘liqligi oynadek ravshan.
Har qanday g‘oya va mafkura omma ongiga sodda, aniq, ravon va eng muhimi ta’sirchan yetkazilsa, u qudratli kuch kasb etadi.
Shuning uchun ham ma’naviyat va ma’rifatning, ta’lim-tarbiyaning ta’sirchan tarzda yetkazilishi o‘ta muhim masaladir. Bu esa o‘z-o‘zidan targ‘ibotchining kommunikativ kompetensiyasiga, nutqiy ko‘nikma va malakasiga borib bog‘lanadi. Lekin hamma ham minbar, mikrofon va videokamera orqali auditoriyaga yuzlansa, qo‘rquv va hayajonga tushadi, bilganini ham aytolmay, fikri poyintar-soyintar bo‘ladi. Endi tasavvur qiling. O‘z faniga, mavzuiga qiziqtira olmagan, targ‘ibotning ta’sirchanligiga rioya eta olmagan targ‘ibotchi tinglovchilar ommasiga yetarli ma’lumot berib, tasavvur uyg‘ota oladimi? U qanday yo‘l bilan tinglovchini rom etishi, keng jamoatchilik ommasini mahliyo etishi, o‘ziga, so‘ziga ergashtira olishi mumkin?
Xuddi shu ma’noda Alisher Navoiy hazratlarining mazkur mulohazasi bejiz emas. “Odamning tab’i so‘z bilan, taomning ta’mi tuz bilan, suvning ta’mi muz bilan”.
Demak, ta’sirchan nutq badiiylik mezoniga tayanadi. Antik davrlarda yunonlar chuqur fikrlash va chiroyli gapirish ilmini hikmat va donishmandlik deb ataganlar. Kezi kelganda aytish kerakki, hissiz kalom aytgandan ko‘ra tuzsiz taom yedirgan afzaldir.
Qaysi sohada faoliyat yuritmaylik, ma’rifat targ‘ibotchisi sifatida olib borilayotgan siyosat va amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun — mohiyatini yetkazishda, targ‘ibot va tashviqot ishlarida targ‘ibotchi, albatta, germenevtik qobiliyat, ritorika, nutq madaniyati va notiqlik san’atini egallagan bo‘lishi maqsadga muvofiq. Bu esa o‘z-o‘zidan ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotining sifati va samarasini belgilovchi muhim omildir. Ta’bir joiz bo‘lsa, insonning tirikligi, sog‘lomligi uning vena va arterial qon aylanish tizimining me’yoriy aylanma harakatiga bog‘liq. Agar insonni butun bir ta’lim tizimi sifatida tasavvur qilsak, uning vena va arterial qon aylanish tizimini nutq madaniyati va notiqlik san’atiga qiyos qilsa bo‘ladi. Demak, ta’lim tizimining qon tomiri va jon tomiri notiqlik mahoratiga asoslangan pedagogning kommunikativ kompetensiyasidir. Xalqimizning “O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar”, degan naqli bejiz emas. Insonning ikki og‘iz so‘zidayoq, uning bilim-saviyasi, ma’naviyati, dunyoqarashi, tabiati, tiynati – xarakteri namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham pedagogning nutqiy va xulqiy madaniyati ulug‘vor maqsadlarimizni, ta’lim tizimidagi istiqbolli rejalarni amalga oshirishdagi muhim quroldir.
Davlatimiz rahbarining yuqoridagi ta’rifi targ‘ibotda ta’sirchanlik bo‘lgandagina ma’naviyatning mohiyatli va natijador bo‘lishiga ishora bor. Ta’sirchanlik o‘ziga xos qurol ekanligini, u ongu shuurga ta’sir etuvchi, kerak bo‘lsa manipulyatsiya qiluvchi vosita ekanligini ham aslo unutmaslik kerak. Undan o‘z paytida Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi ham, Chingizxon, Lenin va hatto, Gitler ham o‘z maqsadi yo‘lida foydalanishgan.
Shuning uchun ham yirik mutasavvuflar notiqlikni dudama xanjarga o‘xshatishgan. Dudama xanjar ikki tomonlama kesadigan yarog‘ deganidir. Uning bir tomonida ezgulik bo‘lsa, bir tomonida yovuzlik, boshqacha aytganda bir tomonida adolat bo‘lsa, ikkinchi tomonida adovat bo‘ladi. Kim qaysi tomoni bilan kessa, shunga xizmat qilaveradi. Notiqlik, voizlik san’atidan kim ustalik bilan foydalansa, uning qo‘li baland kelaveradi.
Shuning uchun ham biz bu san’atdan Milliy g‘oya targ‘iboti va mustaqillik mafkurasini mustahkamlash, ko‘p asrlik qadriyat va an’analarimizni, boshqacha aytganda, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, Uchinchi Renessansning tamal toshi va asoslarini tushuntirish, ta’sirchan yetkazishda unumli va o‘rinli foydalana olishimiz kerak. Aks holda, undan yot, yov g‘oya tarafdorlari foydalanishi mumkin.
Yot g‘oya — yov g‘oya. Ta’sirchan vositalardan foydalanib, omma ongiga ta’sir qilish, yetarli hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan yoshlarni izidan ergashtirib, turli oqimlar ta’siriga tushirishdek fojiali holatlarni yaqin tariximizda ham ko‘rdik, kuzatdikku. Mulohaza o‘rnida aytish joizki, biz ayrim yoshlarning ularning ta’siriga tushib qolishiga birlamchi sabab sifatida beriladigan moddiy mablag‘ni, pulni sabab qilib ko‘rsatdik. Ayrimlarini pulga o‘chlik yoki muhtojlikdan shu yo‘lga tushib qolgan deb o‘zimizga tasalli bergan bo‘ldik, moddiy manfaatdorlikni ro‘kach qildik. Vaholanki, ularning aksariyati o‘ziga to‘q oilalarning farzandlari. Hali hayot haqida keng tajriba va bilimga ega bo‘lmagan yoshlarning bunday kuyga tushishi mumkin deb o‘zimizni ovutdik.
To‘g‘ri, bu holatni inkor etish qiyin. Lekin, masalaga chuqurroq va teranroq yondashadigan bo‘lsak, o‘zgacha manzara namoyon bo‘ladi. Ochig‘ini aytish lozimki, ayrim targ‘ibotchi va pedagoglarimizning aksariyati neyrolingvistik metodlarni, psixolingvistik uslublarni, aniqrog‘i, voizlik, ya’ni notiqlik san’atining sir-asrorlarini obdon egallamaganlardir.
Yot g‘oya tarafdorlari dinni niqob qilish asnosida yoshlar ongini manipulyatsiya qilishda, so‘zning ta’sirli kuchidan foydalanadi. Aniqrog‘i, ular jonli so‘zni topib, tanlab, kishi ruhiyatiga bog‘lab, eshituvchini ko‘rinmas iplar bilan bog‘lash iqtidoriga ega. Hazrat Navoiyning “Dushman maqoloti – bang xayoloti” degan hikmatiga e’tibor qiling. Dushmanning hiyla-nayranglari, shirin so‘zi, aldovi kishini bang chekkan kishidek garangsitib tashlashi mumkinligiga ishora bor unda. Odamni so‘z ta’sirida zombiga aylantirish, manqurt holatiga keltirish ham mumkin. Psixolingvistikada bu holat allaqachonlar e’tirof etilgan. Inson miyasi bosh qobig‘ida 86 milliard neyron to‘qimasi bor. Har soniyada hujayralar bir-biriga minglab informatsiyalar tashiydi. Noto‘g‘ri, asossiz, uydirma fikrlar virus kabi inson miyasini zaharlaydi. Natijada dunyoqarashda keskin o‘zgarish boshlanadi. Keling, bir misol keltiraylik.
Illyuzion o‘yinlar ko‘rsatuvchi shaxsning harakatiga, manipulyatsion mashqlariga qarab, hayratdan yoqa ushlaymiz. Biz eplay olmaydigan harakatlarni qilib, har xil usulda fokuslar ko‘rsatadi. U shu yo‘l bilan ko‘zimizni bog‘laydi, tomosha ko‘rsatadi. Garchi, ishonmasakda, o‘zimiz anglamagan holda hayratlanish asnosida uning sehrli doirasiga tushib qolganimizni bilmaymiz. Shuning uchun ham u ko‘zboyloqchidir. Notiq esa so‘z boyloqchi. U so‘z sehrgari va sinchisi. Fokuschi oddiy tomosha bilan ko‘zni bog‘lasa, voiz ta’sirchan so‘zi bilan miyani bog‘laydi. Shuning uchun ham ular ta’siriga tushgan “miyasi bog‘langan”lar o‘z ota-onasiga borib, “kufr va to‘g‘ri yo‘l” haqida va’z aytishdan tap tortishmaydi. Go‘yo ota-ona bolani emas, bola ota-onani “tarbiya”layotgandek g‘alati taassurot paydo bo‘ladi. So‘z magiyasi, uning ta’sir kuchi va doirasiga e’tibor kuchli bo‘lmas ekan, milliy g‘oya va istiqlolimiz mohiyatini yetkazish, targ‘ib etishda ojiz qolishimiz, shubhasiz.
Xulosa qilib aytganda, ma’naviyatning eng ta’sirchan mexanizm va qudratli qurol ekanligi haqidagi yurtimiz yetakchisining mulohazalari biz targ‘ibotchilarni sergaklikka va ishimizga mas’uliyat hissi bilan qarashga undaydi.
“Iqtisodiyot jamiyat hayotining tanasi bo‘lsa, ma’naviyat uning joni va ruhidir”
Bu Prezidentning ma’naviyatga bergan ikkinchi ta’rifidir.
Tiriklik tan, jon va ruh birligidan iborat. Ularni bir-biridan ayro tasavvur etish aslo mumkin emas. Jon va ruhsiz tana oddiy jasad, mayit. Yurtboshimiz xuddi shu mazmunni idrok etganlari holda, ma’naviyatga tashbehona ifoda bilan ta’rif berib, jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyotga, uning joni va ruhini ma’naviyatga qiyos qildilar. Ushbu muqoyasa zamirida hayot va taraqqiyotning mohiyati bor. Bu boshqacha aytganda hayotga yo‘llanma, taraqqiyotga qo‘llanmadir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 2021 yilning 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi ma’naviyat sohasida yana bir yangi bosqich bo‘ldi desak xato bo‘lmaydi.
Har bir mamlakatning ikki tayanchi bo‘ladi, bu bamisoli tarozining ikki pallasiga o‘xshaydi. Rozilik ana shu tarozining tengligi bilan izohlanadi. Bu tayanch tarozisining bir pallasi ma’naviyat bo‘lsa, ikkinchisi iqtisodiyotdir. Ularning o‘zaro bog‘liqligi, bir-biridan kuch olishini nazarda tutish va jaiyatning barcha jabhasida ularning o‘zaro muvofiqligini ta’minlashga intilish chinakam strategga xos.
«Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat», — deydi prezident.
Ma’naviyat yo‘nalishidagi dolzarb vazifalar o‘sha paytda ham yechimini kutib turgan, evrilishlar epkini, o‘zgarishlar shamoli kirib bormagan masalalar ko‘p edi.
Milliy g‘oya va mamlakat mafkurasi doim Prezident e’tiborida. Darhaqiqat, bunyodkorlik va qurilishlardanham ko‘ra xalq ongidagi burilishlar davlatni yuksaltiradi. Bugungi xalqimiz kechagi xalq emas, uning ongu tafakkuri o‘zgardi deyishlarida ham ulkan haqiqat bor. Tafakur o‘zgarmasa jamiyat o‘zgarmasligini qayta-qayta uqtirishlarida ham chuqur ma’no bor. To‘g‘ri, bir paytlari ma’naviyat desa unga o‘ninchi daraja deb biladigan, panja orqasidan qaraydiganlar ham yo‘q emas edi. Ayrim hokimlarning nomlarini tutib ularni tanqid ostiga olganlari ham rost. Videoselektorda mamlakatimiz mafkurasining asosiy g‘oyasi haqida ham ibratomiz mulohazalar bildirildi.
“Biz yaratayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan» deydi yurt yetakchisi.
Har bir zamon va makonga xos millat tanlamas illatlar mavjud. Bular Terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiber-jinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlardir. Bularga qarshi kurashish uchun «Jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasini qalban his etgan bilimdon ma’naviyat targ‘ibotchilari zarur. Bunday muammolarni daf etishning birdan bir yo‘li yurt qismatiga, vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydigan, fuqarolik burchini to‘la va to‘g‘ri anglaydigan vatanparvar avlodni shakllantirishdir. Vatan tuyg‘usi, oila qayg‘usi tushunchalariga befarqlik, loqaydlik mudhish illat. Aks holda, milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlarning ortib borishi, faqat o‘zini o‘ylash, ego — xudbinlik ildiz otishi, hayotga yengil-yelpi qarash kabi illatlar quloch yoyishi mumkin. Bu esa katta ijtimoiy xavf. Mashhur bir iborani, aforizmni shu o‘rinda keltirib o‘tish maqsadga muvofiq. «Do‘stingdan qo‘rqma nari borsa, u seni sotadi, senga xiyonat qiladi. Dushmaningdan ham qo‘rqma, nari borsa u seni o‘ldiradi, ammo sen loqayd, beparvo kimsalardan qo‘rq. Ular seni sotmaydi, senga xiyonat ham qilmaydi, o‘ldirmaydi ham. Lekin ularning jim turishlari tufayli, dunyoda qotilliklar, fojialar sodir bo‘laveradi.»
Loqaydlik barcha mudhish illatlarning moyasi va doyasi hamdir. O‘sha yig‘ilishdaPrezidentimiz loqaydlik va beparvolik eng katta xavf ekanini, bugun uchrayotgan ijtimoiy muammolarni kamaytirish uchun nuroniylar tarbiyasi, jamoatchilik nazorati yetishmayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Bu ijtimoiy-ma’naviy muhitni ilmiy asosda tahlil qilishdir. Olib borilgan, o‘tkazilgan tadbirlarning samarasi va natijadorligi muhim vazifa bo‘lishini va jamiyatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar ilmiy-tahliliy asosda yo‘lga qo‘yilmaganini qayd etdi. Markazning «Ma’naviyat targ‘ibotchisi» o‘quv muassasasi negizida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutini tashkil etish taklifini bildirishlari ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish uchun zamin bo‘ldi desak, o‘rinli bo‘ladi.
Yoshlarni vatanparvarlik, milliy iftixor ruhida tarbiyalash tarixni yaxshi o‘rgatish bilan chambarchas bog‘liq. Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoevning mulohazalari o‘rinlidir. «Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak. Aks holda uning tarbiyaviy ta’siri bo‘lmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur».
Darhaqiqat, o‘tmishsiz kelajak yo‘q, moziy istiqbolning poydevoridir degan hikmatlar zamiridagi chuqur mazmunni bilmaslik, idrok qilmaslik nojoiz.
Aksariyat muammolarga kalit bo‘ladigan targ‘ibot va ma’rifatning muhim quroli til tasalasiga, O‘zbek tilining davlat tili maqomini kuchaytirish borasidagi mulohazalari har damda, har qadamda, o‘zligimiz ko‘zgusi bo‘lgan so‘zligimizga, adabiy tilimizga e’tibor bilan qarashga undaydi. O‘zga tilda so‘ylash, o‘z tilingda o‘ylashdan boshlanishini aslo unutmaslik kerak.
“Bugun hayot yangicha fikrlash va ishlash, milliy «aql markazlari»ni shakllantirishni talab etmoqda. Afsuski, atrofdagi barcha siyosiy-ijtimoiy jarayonlarni chuqur tushunib, ta’sirchan tilda yetkazib beradigan tahlilchi va ekspertlarimiz juda kam»-dedi Shavkat Mirziyoev.
Demak, tarbiyaning va ta’limning qudrati va mohiyatini yetkazuvchi vosita ham til bilan ekanini unutmaslik kerak. Zeroki, tarbiyaning kaliti xulq bilan, ta’limning kaliti nutq bilan bo‘lganidek, muloqotning kaliti – nutq, muomalaning kaliti xulq bilandir. Nutqiy va xulqiy madaniyatga ega bo‘lmagan shaxsni komil inson deb, avlodni barkamol avlod deb bo‘larmikan. Tilni shunchaki o‘rganish emas, balki, tilda yashash, nafas olish zarurligini anglaganlar Prezident aytmoqchi bo‘lgan «ta’sirchan tilda yetkazib beradigan tahlilchi», ma’rifat targ‘ibotchisi, dastavval, so‘z sehrini fikr tarhini yaxshi bilishi lozim.
“So‘zdan so‘zning farqi bor, o‘ttiz ikki narxi bor”.
Bu maqol so‘zlovchiga ham daxldor. Gap so‘zni qanday ayta olish va yetkaza olishda. Kitob nutq va fikr manbai ekanligini, fikrni emas, fikrlashni o‘rganish va o‘rgatish muhimligini doimo yodda tutish zarur. Ajab emaski, Tomas Alva Edison “Sivilizatsiyaning eng buyuk vazifasi odamlarni fikrlashga o‘rgatishdir” deganida til va tafakkurning chambarchas bog‘liqligini nazarda tutgan bo‘lsa.
Tafakkur qanoti esa kitob bilan daxldorligini his etgan holda, istiqbolli rejalarni ko‘zlash asnosida xalqimizni ommaviy kitobxonlikka chorlash, ko‘p kitob mutolaa qilgan yoshlarimizni katta mukofotlar bilan taqdirlash ham xayrli amal, ma’rifiy maqsaddir.
«Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yo‘q, bugun bitta kitob o‘qigan bola ertaga o‘nta televizor ko‘radigan bolani boshqaradi»- deyishlarida yurtboshimiz yuz bora haq.
«Kimki kitob o‘qishdan to‘xtasa, bilingki, u fikrlashdan ham to‘xtabdi.»-deydi Deni Didro. Demak mutolaa — so‘zning makoni, tafakkur koni, u nutqni o‘stiruvchi, so‘z boyligini oshiruvchi, fikrni, ongu dunyoqarashni kengaytiruvchi hodisadir.
O‘sha videoselektor yig‘ilishida kitobxonlik madaniyatini kengaytirish, kino san’atini izchil rivojlantirish, barcha telekanallar qoshidagi badiiy kengashlar faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, teledasturlarning saviyasini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu ham ommaviy saviyani oshirish bilan bog‘liq bo‘lib, jumladan kitobsevar avlodni shakllantirish yo‘lidagi ulug‘ va qutlug‘ qadamdir.
Ana shu ma’naviy hamda ma’rifiy ehtiyojni nazarda tutgan holda, o‘qituvchi va o‘quvchi orasidagi oltin zanjir – muloqot va muomala madaniyatini mustahkamlashga qaratilgan “Notiqlik san’ati akademiyasi” ta’lim muassasasi tashkil etilgan edi. O‘tgan yili o‘quv muassasamizda bir tajriba o‘tkazildi. To‘rtta o‘qituvchini bir joyga chaqirib, ularga besh daqiqalik ijtimoiy mazmundagi videorolik qo‘yib berildi. Keyin ulardan alohida-alohida o‘sha videorolikning syujetini aytib berish hamda olgan taassurotlarini so‘zlab berishi so‘raldi. Ularning birinchisi shunday gapirdiki, xuddi antennasi yaxshi ishlamaydigan televizordagi tasviri “bijir-bijir” bo‘lib, nima berilayotganini anglash qiyin bo‘lgandek taassurot uyg‘otdi. Ikkinchisi gapirganda, oq-qora rangli televizorda tasvir ko‘rgandek bo‘ldik. Uchinchisi rangli televizorda tomosha qilgandek taassurot bergan bo‘lsa, to‘rtinchisi 3D, 5D, 7D formatli tasvirda ko‘rgandek his-tuyg‘umizga ta’sir etdi.
Demak, to‘rtovlon bir joyda bir xil narsani ko‘rib gapirgan bo‘lsa-da, ularning taxayyul, tasavvur va tafakkur tarzi hamda tildan foydalanish darajasi har xil. Odatda, so‘zlovchilarning farqi uchta tushunchani qay darajada qo‘llashiga bog‘liq. Bu so‘zlash, tinglash va anglashdir. So‘zlash ma’rifatdan, tinglash madaniyatdan, anglash ma’naviyatdandir. Pedagogning nutqi ana shularning uyg‘unligi va ta’sirchanlik darajasi bilan baholanadi. Mashhur yunon notig‘i Gorgiyning fikricha, so‘zlovchining eng muhim vazifasi tinglovchini ishontirish, uni maftun etish va o‘ziga rom qilishdan iboratdir. Rom etish tabiiyki, nutqning ta’sirchanligiga bog‘liq.
Shunday targ‘ibotchilar ham borki, ularning ma’ruzasini tinglaganda “dimedrol” (uyqu dorisi)ga hojat yo‘q. Dars mashg‘ulotlaridan birida shu narsaning guvohi bo‘lganman. Zeriktiruvchi nutqi bilan ma’ruza qilgan o‘qituvchiga bir talaba ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, “Ustoz, sizga ming rahmat, maza qildim” degandi. Taajjubga tushgan o‘qituvchi unga qarab “O‘g‘lim, salkam qirq yildan beri dars beraman, xuddi shu so‘zni, shu iltifotni kutib yashadim, kutib ishladim, nima uchun rahmat deb minnatdorchilik bildirdingiz” desa, unga javoban talaba shunday degandi: “Domlajon, shunday «monotonniy» ma’ruza o‘qidingiz, onamning allasi ham meni bir soat bu darajada mazza qilib uxlatmasa kerak”. Kulgili, lekin aslida, bu fojia.
Ayting-chi, tarbiyachi pedagogning vazifasi nima o‘zi? O‘quvchini fandan bezdirishmi yoki fanga qiziqtirish orqali ortidan ergashtirish, ta’limning ta’sirchanligiga erishishmi? Tarbiyachi, targ‘ibotchi kommunikativ kompetensiyaning lingvistik va nutqiy kompetensiyasini obdon egallashi kerak. Ajdodlarimiz qadim zamonlardan boshlab so‘z san’atining, xususan, og‘zaki ijrochilik san’atining inson ruhiyatiga ko‘rsatadigan ta’siriga juda katta e’tibor bilan qarashgan. Markaziy Osiyoda notiqlikning ta’sirchan mexanizmi orqali “Avesto”, “Bundaxishn”, “Dinkard” kabi diniy xarakterdagi asarlardagi g‘oyalarni omma ongiga singdirishda foydalanishgan. Jumladan, “Avesto”ning asosiy mohiyatini tashkil etgan “Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal” ta’limotini xalq o‘rtasida targ‘ib qilib, odamlar qalbida ezgulik tuyg‘ularini uyg‘otishda kohinlarning xizmati beqiyos edi. Kohinlar faqat din targ‘ibotchilari sifatidagina emas, balki ifodali so‘z sehri bilan mo‘jizalar ko‘rsatuvchi san’atkor ijrochilar sifatida ham shuhrat qozongan. Ular “Avesto”dagi ibodat qo‘shiqlarini, Axura Mazda so‘zlarini, afsona va rivoyatlarni yorqin nutq, ifodali so‘z va jozibador ovoz bilan ijro etib, xalq ommasini o‘z g‘oyalariga ishontirganlar. IX-XV asrlarda “Qur’oni Karim” targ‘ibi bilan bog‘liq holda voizlik san’ati rivojlandi. Voizlik san’atining taraqqiy etishi esa ifodali o‘qish san’ati tarixida muhim o‘rin tutadi. Qur’oni Karimni o‘qish voizdan juda katta ilmiy salohiyatni, ayni paytda yoqimli ovoz sohibi bo‘lishni ham talab qilardi. Shu boisdan ham “Qur’on” suralarini maftunkor qiroat, jozibali ohangda o‘qishga o‘rgatuvchi “Ilmi balog‘a” san’atiga alohida e’tibor qaratilgan.
Alisher Navoiy voizlar haqida, ularning ta’sirchanlik talablariga rioya etishlari borasida shunday yozadi: “Va’zxon shunday bo‘lishi kerakki, uning majlisiga bo‘sh kirgan odam to‘lib chiqsin, to‘la kirgan odam esa yengil tortib xoli qaytsin. Voiz olim va halol ish ko‘ruvchi bo‘lsa, uning nasihatidan chetga chiqqanlar gunohkor bo‘ladi. Agar u boshqalarga buyursa-yu o‘zi qilmasa, uning so‘zlari hech kimga ta’sir etmaydi va foyda keltirmaydi”. Pedagog xoh ilmiy, xoh publitsistik, xoh badiiy xarakterdagi ma’ruza bo‘lsin, uni yetkazishda o‘zining ruhiy holati – goh osoyishta, goh jo‘shqin bo‘lishi, bayon ohangi ifoda etilmoqchi bo‘lgan mazmunga qarab turlanib turishi zarur. Shu bois amerikalik ruhiyatshunos Deyl Karnegi “Qalb harorati bilan sug‘orilmagan nutq hech nima, notiq esa hech kimdir” degan.
So‘zning sehrini unga mehr qo‘yganlargina ilg‘ashadi. So‘z ma’nolarini bilmaslikdan anglashilmovchilik kelib chiqadi. Hatto, ayrim davlat tizimida mas’ul vazifalarda ishlovchilarning nutqidagi vulgar so‘zlarning ishlatilgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lganini ham bilasiz.
Demak, aytiladigan har bir so‘zga e’tibor qilishimiz, uning lug‘aviy va majoziy ma’nolarini bilib qo‘llash kerak.
Jadid ma’rifatparvarlari ham, ayrim ziyoli boylar ham ilm-ma’rifat va iqtisodning bog‘liqligini teran idrok etishgan. Badavlat kishilar, sarvatmand odamlar o‘z yonidan, shaxsiy mablag‘idan to‘lab maktab va madrasalar qurishgan, kitob chop etadigan litografiyalarni, bosmaxonalarni tashkil etishgan. Shunday ekan, iqtisodiyot va ma’naviyat bir tanganing orqa va oldi, bamisoli et va tirnoq ekanini yoddan chiqazmaslik koni foyda.
“Agar kimdir, ma’naviyat masalasi – bu faqat Ma’naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb o‘ylasa, xato qiladi. Bularning barchasi oldimizda turgan eng asosiy, eng muhim vazifalardan biridir,» — deydi Prezident o‘sha videoselektor yig‘ilishida.
Demak, xoh iqtisodchi, moliyachi, xoh harbiy, xoh murabbiy, xoh diniy ulamo bo‘lmaylik hammamiz ma’naviyatchimiz. Buni birlamchi vazifa sifatida qarashimiz kerak. Iqtisodiyot va ma’naviyat bir-birida kuch olgandagina taraqqiyot haqida gap bo‘lishi mumkin.
Demak, Ma’naviyat va moddiyat jamiyatning harakatlantiruvchi kuchi, qush qo‘sh qanotisiz parvoz qila bilmagani kabi jamiyatning ham qo‘sh qanotisiz taraqqiy eta bilmas. Bu qanotlar — ma’naviyat va moddiyatdir.
3. Ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi, yangi kuch va yangi harakatga aylanishi kerak.
Ushbu uchinchi da’vatkor ta’rif 2023 yilning 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida qayd etildi. “Ma’naviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi, yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak.” Darhaqiqat, Prezident e’tirof etganidek ma’naviyat doim yuqorida turadi. Ma’naviyatning ildamligi, uning bayroq va mayoq ekanligi va boshqaruvchi kuchini his etmaslik mumkin emas.
Shuning uchun ham men “So‘zlash ma’rifatdan, tinglash madaniyatdan, anglash esa ma’naviyatdandir, — degan iboramni bot-bot takrorlashdan zerikmayman. Bu sezgir va ogoh odamda ko‘z, quloq va miyaning doim ishlab turishi, sergak yurakning urib turishiga ishora. Xalq va vatanning obodligi — inson va makonning ozodligidan. Zamon, makon, inson tushunchalarining o‘ziga xos hisoboti bor.
Har qanday mafkuraning mohiyati, g‘oyaning kuchi targ‘ibot va tashviqotning samarali va ta’sirchan bo‘lishiga bog‘liq. Davlatimiz rahbari qaerda, qaysi soha vakillari bilan uchrashmasin, uchta tushunchaga alohida e’tibor qilib, shuni talab etadilar. Bu — sifat, samara va natijadorlikdir.
Xalq xo‘jaligining barcha jabhalarida ana shu uchta tushuncha bo‘lmasa, harakatlar behuda, taraqqiyot haqida gap bo‘lishi mumkin emas.
Prezident raisligida ma’naviyat va madaniyat faollari, adabiyot va san’at namoyandalari, shuningdek, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi vakillari, vazirlar va hokimlar ishtirokida o‘tgan Kengash ham ma’naviyat, madaniyat va san’at masalalariga oid ko‘plab muammolarni hal etishda motivatsion ruh o‘ynadi desak, aslo xato bo‘lmaydi.
Ayniqsa, ushbu harakatlarning iqtisodiy asosi o‘rnida bu yil ijtimoiy sohaga eng ko‘p – 134 trillion so‘m mablag‘ ajratilgani, 2016 yilga qaraganda 5,6 barobar ziyod ekani ta’kidlandi.
Har bir zamon va makonning o‘ziga yarasha muammolari bo‘lgani kabi o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri mamlakatimizda ham sezilayotgani e’tirof etildi. Davlatimiz rahbari 9 ta yo‘nalishda o‘z fikrlarini bildirib, muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Faoliyatimizga bevosita daxldor bo‘lgan Prezident e’tiborini qaratgan ba’zi masalalar haqida mulohazalar bildirmoqchimiz.
Bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur’atlari misli ko‘rilmagan darajada shiddatli tus olmoqda. Ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda.
Prezident bu borada ogohlikka chorlab shunday dedi: “Ilgari o‘z maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tganiga hammamiz guvohmiz. Afsuski, bunday keng ko‘lamli va o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi bo‘lgan mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti. Ana shunday g‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda O‘zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan to‘g‘ri yo‘lni topish albatta oson bo‘lmayapti”.
Demak, davrga aql ko‘zi bilan qarab, har xil ta’sirlarga berilmasdan oqilona yondashib to‘g‘ri xulosa chiqarish bu mamlakatimiz osoyishtaligiga daxldor masala ekani uqtirilayapti.
Tarix saboq, ibratdir. Undan to‘g‘ri xulosa chiqazish, yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamaslik kerak. Prezident o‘z nutqida bugungi kunlarni orzu qilgan millat dardi, xalq ozodligi, uning ma’rifatli bo‘lishi uchun jiddu jahd etgan, hatto jonini qurbon qilgan jadid bobolarimiz haqida katta ehtirom va mehr bilan so‘z ochdi. Ular merosini chuqur o‘rganish bugungi kundagi ayrim global muammolarning yechimiga kalit bo‘lishini e’tirof etdi. Ularning qarashlarini bilgan, bugungi dunyo yutuqlarini o‘rgangan, idrok etgan yoshlarni chinakam bunyodkor avlod deyishga haqlimiz.
«Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”, — deydi Prezident.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaqinda poytaxtimizda o‘tkazilgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi konferensiya ham xuddi shu ma’noda katta ahamiyat kasb etgani rost. Bu borada davlatimiz rahbarining ma’rifatparvar ajdodlar merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi haqidagi mulohazalari muhimdir.
“Bu kimgadir yoqadimi yoki yo‘qmi, xalqimiz jadid bobolarimiz ko‘rsatib bergan yo‘ldan og‘ishmay borishi kerak. Chunki ularning g‘oya va dasturlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg‘un va hamohangdir», — dedi qat’iy tarzda Prezident.
Bu haq gap. Shuning uchun ham Buxorodagi tarixiy maskanda Jadidlar merosi davlat muzeyi ochilishi va “Jadid” nomli yangi gazeta tashkil etilishi haqidagi xushxabarni hamma olqishladi.
Eng muhimi, jadid ma’rifatparvarlarining qarashlarida bugungi kunga daxldor bo‘lgan dolzarb mavzularni ko‘rish mumkin. Kengashda Prezident tomonidan diqqat qaratilgan rahbar yetakchilar ijtimoiy dunyoqarashi, madaniy saviyasi, teatr, kino va maqom san’atini rivojlantirish, baxshilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, atlas-adras, kulolchilik va zargarlik maktablarini yaratish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, muzeylar faoliyatini takomillashtirish, milliy seriallar ishlab chiqarish konsepsiyasi, tasviriy va amaliy san’at sohasini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kutubxonalar, nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasining mustahkamlanishi kabi bir qator masalalarni bog‘lab turadigan, ularning targ‘iboti va tashviqotiga mezon bo‘ladigani bu shubhasizki, til masalasidir. Shuning uchun ham jadid ma’rifatparvarlarini jiddiy o‘ylantiradigan eng muhim muammo bu – avvalo, milliy tilning ravnaqi masalasi bo‘lgan. Chunki til masalasi bir qancha siyosiy jarayonlar bilan ham bog‘liqdir. Mahmudxo‘ja Behbudiy bunga o‘sha paytdayoq e’tibor qilib shunday yozgandi: «…til birligining foydalari juda yaxshi ma’lum. Zero, til birligi do‘stlik, muhabbat, bir-biriga yordam va jipslashuvning asosi.»
Bu fikr nafaqat o‘zligini va so‘zligini ifoda etuvchi xalqimizga, balki turkiy tilli tashkilotlarning sammiti va hamkorligiga ham daxldordir.
Shuning uchun ham davlatimiz rahbari Kengashda o‘zbek tilining nufuzi va mavqeini tubdan oshirish hamda til siyosatini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorlarining davomi sifatida O‘zbek tili masalasiga alohida e’tiborni qaratdi. BMTning oliy minbaridan turib va bir necha yuksak darajadagi xalqaro anjumanlarda o‘zbek tilida nutq irod etishlari xalqimizning shonu shuhratini, qat’iy siyosiy pozitsiyasini namoyon etish istagi bilan chambarchas bog‘liq. Shuningdek, Prezidentning “O‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilariga ham xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan boshqa fan o‘qituvchilaridan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanishi, milliy sertifikatga ega bo‘lgan “O‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilariga kelgusi o‘quv yilidan boshlab 50 foiz ustama to‘lanishi, o‘zbek tilidan boshqa tillarda ta’lim olgan hamyurtlarimizni davlat tilini o‘rganishga rag‘batlantirish bo‘yicha alohida mexanizm joriy etilishi, o‘zbek tilidan boshqa tillarga ixtisoslashgan maktablarda davlat tilini o‘qitish soatlari 2-3 karra ko‘paytirilishi, o‘zbek tili bo‘yicha xalqaro fan olimpiadasi o‘tkazilishi, g‘olib va sovrindorlari pul mukofoti bilan taqdirlanishi hamda oliygohlarga o‘zbek tili filologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishi masalasining Kengashda alohida urg‘ulanishi tilparvar va elparvar rahbarning kuchli irodasi, millat yetakchisining o‘z xalqini baxtli va rozi qilish borasidagi qutlug‘ qadamlaridandir.
Biz ona tilimizning imkoniyatlaridan, ifoda vositalaridan unumli va o‘rinli foydalana olsak, targ‘ibotning ta’sirchan kuchidan foydalana olamiz. Buning uchun tilni shunchalik o‘rganish emas, balki unda yashash, nafas olish kerak. Aks holda, tilimizdan, ta’sirchan nutqdan foydalanish asnosida uni o‘zimizga qarshi qurol sifatida istifoda etadigan yot g‘oya-yov g‘oya tarafdorlari ham borligini unutmaslik kerak. Shuning uchun ham ta’lim-tarbiyaning, muloqot va muomalaning, targ‘ibot va tashviqotning ta’sirchan mexanizmi bo‘lgan til masalasi, notiqlik mahoratini egallash muhim vazifadir. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish albatta bilim va notiqlikni talab etadi.
Xuddi shu ma’noda Prezidentimiz “Biz bugungi keskin sharoitda g‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob berayaptimi?” kabi keskin savollarni o‘rtaga tashladi.
O‘z nutqida davom etib, «Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy o‘ylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorug‘ dunyoda “o‘zbek”, «o‘zbekistonlik», “O‘zbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan bo‘lsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish bo‘yicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech bo‘ladi» – degan fikrlari hammamizga mas’uliyat hissini va majburiyat burchini yuklabgina qolmay, balki ogohlikka da’vat hamdir.
Shu o‘rinda buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning bir hikmati yodga keladi. Uning “Dushman maqoloti – bang xayoloti” degan hikmatida chuqur ma’no bor. Dushmanning aytadigan ta’sirli so‘zi xuddi aql-hushdan ayiruvchi bang chekkan kimsaning holatiga o‘xshaydi demoqchi. Sarxush banggini qayoqqa yetaklasangiz ketaveradi demoqchi hazrat Navoiy.
Tan olish kerakki, qabih niyatli ekstremistik kayfiyatda bo‘lgan yot g‘oya tarafdorlarining “yoqimli” va “yuqumli” so‘zlari ta’siriga tushib adashgan yoshlarimizning fojiasida bizning — targ‘ibotning ta’sirchan mexanizmi bo‘lgan kommunikativ kompetentlikni, nutq mahoratini, notiqlik san’atini chuqur egallamaganimizning ta’siri bor. Bu achchiq haqiqat, albatta. Matbuot nashrlari, televidenie, radio qo‘limizda bo‘la turib biz ta’limiy-tarbiyaviy targ‘ibot jarayonini eplay olmayotganimiz afsuslanarli holdir. Turli seriallar bilan, oldi – qochdi ko‘rsatuvlar, yengil-yelpi tomoshalar bilan ularning vaqtini, aqlini band qilishdan voz kechish fursati yetdi, nazarimda. Ijtimoiy tarmoqlardagi turli xil noxush, salbiy hodisalargaga o‘z vaqtida javob bera oladigan, saragini sarakka, puchakini puchakka ajrata oladigan bilim, idrok va nutq sohiblari suv va havodek zarur.
Prezidentimizning bu borada kuyunib gapirayotgan ushbu mulohazalari bejiz emas. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan chetdan, ba’zan, hatto, mamlakatimizning o‘zida ham Konstitutsiya va qonunlarimizga zid pozitsiyalar ilgari surilayotgani, jumladan diniy e’tiqod niqobi ostida yoshlarni ma’rifatga emas, jaholatga undash holatlari paydo bo‘layotgani ta’kidlandi.
Bunday vaziyatda jamiyatimizda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishni kuchaytirish, ehtiyotkorlik va ogohlikni oshirish lozimligi ta’kidlandi. Bu noxush holat mening ko‘chamda emas, bizning mahallada emas deyish befarqlikdir. Loqaydlik esa barcha illatlarning doyasi. Yuqorida e’tirof etganimiz ushbu hikmat bejiz aytilmagan: “Dushmanlardan qo‘rqma — nari borsa ular seni o‘ldirishi mumkin. Do‘stlardan qo‘rqma – nari borsa ular senga xiyonat qilishi mumkin. Befarq odamlardan qo‘rq – ular seni o‘ldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim turishlari tufayli yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir bo‘laveradi.”
Prezident tashabbuslari orasida ma’naviyat va madaniyat sohasi uchun metodik asos bo‘lib xizmat qiladigan milliy g‘oyamizni rivojlantirish bo‘yicha alohida dasturiy hujjat ishlab chiqish lozimligi ta’kidlandi. Chunki, milliy g‘oyamiz – himoyamiz, himoyamiz esa g‘oyamizdir. G‘oya — chiroq, mafkura — mayoq. Ularsiz harakat ko‘zi bog‘langan holda yo‘l topolmayotgan kimsaning tentirashiga o‘xshaydi.
Ba’zi guruhlar orasida diniy qarashlarni Konstitutsiya va qonunlarimizga qarshi qo‘yish, dunyoviy qadriyatlarni harom deb bilish holatlari afsus bilan qayd etildi. Prezident bu o‘rinda Ibrat domlaning “Ulamo g‘ayrat etkanda millat, albatta, isloh topur”, degan hikmatli so‘zlarini yodga oldi. Ziyolilar, nuroniylar, haj va umraga borib kelgan yurtdoshlarimiz ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerakligi aytildi. Bu vazifalarning ijobiy tarzda amalga oshirilishi ham yuqorida ta’kidlaganimizdek o‘z-o‘zidan targ‘ibotning ta’sirchan mexanizmi — til taktikasiga, notiqlik mahoratiga bog‘liq.
Prezidentimiz madaniy-ma’rifiy sohadagi ishlarda hokimlarning mas’uliyati yanada oshirilishi, tuman va shaharlarda Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari ishga tushirilishini ta’kidlay turib, “Bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak, – deya uqtirdi Prezident.
Boshqa sohalarga nisbatan oldinda yurish kengqamrovli bilimga, yetuk dunyoqarashga, yuksak ma’naviyatga ega bo‘lgan targ‘ibotchi — notiqlar jamoasini shakllantirishni taqozo etadi. Ijtimoiy-siyosiy soha bo‘yicha notiqlar, akademik notiqlar, diniy-ma’rifiy yo‘sindagi voizlar, ijtimoiy-maishiy hamda harbiy notiqlar galereyasining faoliyat olib borishi bu sohadagi sifat, samara va natijaning kafolatidir.
Yangi kuch, yangi harakatning hosilasi ushbu jarayonda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zolarining quchoq ochib xalq ichiga kirishi, olis ovullarda, chekka qishloqlarda yashaydigan aholilar bilan samimiy suhbatlar uyushtirilishida namoyon bo‘lmoqda. Respublikamizning turli viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston respublikasining turli tumanlarida o‘tkazilgan «Ma’naviyat festivali» doirasidagi tadbirlar buning yorqin misolidir.
Bularning hammasi ma’naviyatning ildam va o‘ktam qadami hamda yangi kuchli harakatning to‘lqinidan nishondir.
Birgina misol sifatida qoraqalpog‘istonlik qadrdonlar bilan uchrashuvlarni eslash kifoya. Hayotning ma’no, mazmuni aslida, ma’naviyatga munosabatdan boshlanadi. Bir hafta mobaynida Qoraqalpog‘iston respublikasining turli tumanlarida bo‘lib «Ma’naviyat festivali» doirasida qizg‘in uchrashuvlar uyushtirdik. Ushbu muloqotlar qaysidir ma’noda davlatimiz mustaqilligining 33 yilligi oldidan bayramona kayfiyat ulashish jihatdan ham ahamiyatli bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonlk qadrdonlar davrasida bo‘larkanmiz, Prezidentimizning «O‘zbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayotining ma’nosi deb bilmog‘i kerak, Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» degan o‘gitlarining hayotbaxsh qudratini yana bir bora his etdik.
Targ‘ibotning oldingi ko‘rinishlaridan farqli o‘laroq, tarkib ixcham tarzda tuzilgan bo‘lib samaradorlik va natijadorlikka qaratilgani bilan e’tiborga molik bo‘lganligini ta’kidlash o‘rinlidir. Interfaol uslublardan foydalangan holda aniq fikr, real dallillar bilan, bunyodkorlik ishlari, qurilishlar va xalq tafakkuridagi yangicha burilishlar bilan bog‘liq holda tashkil etilgani ma’rifiy tadbirning mazmuni va qiymatini yanada oshirdi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tuzilgan maxsus guruh rejali jadval asosida Qoraqalpog‘istonning olis joylarida, ovullarda, madaniyat muassasalarida bo‘lishdi. Iqtidorli olimlardan Narzulla Jo‘raev, Shahlo Ahrorova va kamina bugungi kunda olib borilayotgan islohot va siyosatning mohiyati haqida tushuncha bersa, iqtidorli shoirlar Chorsham’ Ro‘ziev, Rustam Musurmon, Farog‘at Xudoyqulovalar o‘zlarining o‘tli va haroratli she’rlari bilan keng jamoatchilikning qalbiga yo‘l topgan bo‘lsa, taniqli aktyorlar Tohir Rahimov, Bahodir Mamarasulov, Shukurjon So‘pievlar o‘zlarining ta’sirchan chiqishlari bilan, mahoratli qo‘shiqchi san’atkorlardan Baxtiyor Sultonov, Iroda Iskandarova, Rustam Mirminov, Jasur Ahmedovlar esa dilbar qo‘shiqlari bilan davraga fayz kiritdi.
Qoraqalpog‘istonlik qardoshlar uchrashuvlarda olimona mulohazalar, she’r zavqi va shavqi hamda musiqiy san’atkorlarning chiqishlaridan xursand bo‘lishdi. Amudaryo, Kegeyli, Shumanay, Beruniy, Xo‘jayli, Ellikqal’a singari tumanlardagi uchrashuvlar unitilmas xotiralarga boy bo‘ldi.
Ayniqsa, Amudaryo tumanida bo‘lganimizda davlatimiz tashabbusi bilan qurilgan ko‘prikni borib ko‘rdik. Ko‘prik odatda qirg‘oqlarni qirg‘oq bilan bog‘laydi bordi — keldini mustahkamlaydi. U ramziy ma’noda elni el bilan, tilni til bilan, dilni dil bilan bog‘laydi. Shubhasizki, mustaqilligimizning mustahkamligi birdamlik va bardamlik, ahillik va do‘stlik zaminiga qurilgani rost. Biz bugun bir haftalik ma’rifiy safarimizni ma’naviy zafarimizga aylantirgan holda poytaxtimizga qaytib keldik.
To‘g‘ri, u qo‘l bilan ushlab, tish bilan tishlab, ko‘z bilan ko‘rib, quloq bilan eshitib, burun bilan hidlab bo‘lmaydigan, faqat miya, ong bilan anglanadigan qudratli kuch nima? Bu ma’naviyat. Ko‘kka bo‘y cho‘zgan daraxtga nazar tashlang. Uning shoxu novdalarini, yaproqlarini ohista tebranib qimirlayotganini sezasiz. Xo‘sh barglarni nima qimirlatayapti? Havo, shabada. Demak, bu ko‘zga ko‘rinmas shabada, nasim, epkin, sabo, toza havo — Ma’naviyatdir.
Ta’bir joiz bo‘lsa, Ma’naviyat kerak bo‘lsa, shamol, kerak bo‘lsa, bo‘ron, dovul, kerak bo‘lsa uragan, tornado. Ana shunday qudratli, yengilmas kuchga ega, bu ma’naviyatdir.
Rahimboy Jumaniyozov,
Professor, O’zbekiston va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi