“TUYDIM EHTIROSNING SAMOVIY KUCHIN…”

Abdulla Oripov dunyodan shoirlik yalovini baland koʻtarib oʻtdi…
Har jihatdan barakali bu umr kitobida uncha-muncha ijodkorga nasib etmaydigan ardogʻu eʼzozga boy yorugʻ, shodumon sahifalar moʻl boʻlgani kabi alam-anduhli, turtkilash-tirsaklashlardan iborat noxush oʻrinlar ham kam emas edi. Darvoqe, “achchiq va taxir” hayot taʼmini tuymagan, mudom baxtiyorlik doʻmbirasini tingʻirlatib yuradigan shoir – shoirmi?! Asl oʻtli misralar iztiroblar olovida toblanib, ranju alamlar farzandi boʻlib dunyoga kelmaydimi, axir?! Risolabop roʻzguzaronlikni afzal bilgan kimsa qalam ishini havas qilmay, begʻamlik yallasini aytib yuravergani maʼqul, nima dedingiz? Shu toifani nazarda tutibmikan, “Oʻgay ersak ne tong sogʻlar orasida!” deya tantilik qilingandir.
Shoir umri yakun topgach, bu ulkan shaxsiyat va ijodga turlicha baho berishlar, uni boshqa ulugʻlarimiz bilan qiyoslashlar, oʻzimizcha faxrli oʻrin hadya etishlar avjga mindi. Oʻsha kunlarda, lof deyilsa ham, telefon zanglariyu internet puchmoqlarida eng koʻp tilga olingan nom Abdulla Oripov edi. Biz kabi kitob ahli-ku, shoir bayozlarini varaqlaganda, bir chogʻlar oʻqilgandayoq dilga muhrlanib qolgan yuzlab, minglab qadrdon satrlar qaytadan xotiraga quyilib kelaverishiga ajablanmasa boʻladi, biroq bu xalqchil sheʼriyatdan bebahra, hechqursa, besh-oʻn misrasini yod bilmaydigan odam bormikan mamlakatda?!
Kimdir koʻrmay ketgan baxtni men koʻrdim,
Kimdir aytmay ketgan soʻzni aytdim men…
Munozaralar oʻrinsiz – Abdulla Oripov oʻxshashi yoʻq shoir!
Shubhasiz, hayotda shoirning tengsiz sheʼriyatiga, shuhratiga zavq va hayrat koʻzi bilan boqib havas qilguvchilar behisob, ammo unga ochiqdan-ochiq hasad qilguvchilar, goho oyogʻidan tortib, oʻzlari bilan boʻylashtirishga urinuvchilar ham topilardi.
Bundan oʻttiz-qirq yil burun Yozuvchilar uyushmasida oʻtgan bir mushoirani eslayman. Sheʼr oʻqish navbati Abdulla Oripovga berilganda anjuman zali chapagu olqishlardan yorilgudek boʻlgan, shunda yonimda oʻtirgan oʻsha kezlardagi xiyla taniqli bir ijodkor ensasi qotibroq “Namuncha, Abdullasi ham oʻzimiz qatori bir shoir-da!” deb mingʻirlagan edi. Muxlislar talabiga koʻra, qayta-qayta sheʼr oʻqib, olqishlar ostida minbardan tushayotgan yosh shoirni toʻrdagi hayʼatda qoʻr toʻkkan oqsoqollarimizdan biri piching bilan kuzatib qolgan: “Bilamiz, bilamiz! Bular bari Abdullaga chapak urish uchun Ozod (Sharafiddinov domlani aytmoqchi) atay olib kelgan ustudent bolalar, haydab solish kerak bu bezorilarni!”
Oʻsha odamlarning nomini tutgim kelmayapti hozir. Befoyda – bugungi avlod ularni eshitmagan ham chiqar. Abdulla aka har qancha topqiru donishmand boʻlmasin, kundalik turmushda “oʻzimiz qatori” bir odam edi. Qoʻliga qalam tutganda esa uni tanib boʻlmasdi, goʻyoki qatorimizdan uzilib chiqib, osmonning biz yetolmaydigan sirli manzillariga yuksalib ketardi. Samoviy hislar bagʻriga – ularni quchmoq, ularni tuymoq, soʻng esa sheʼrga aylantirmoq uchun!
Avom nazarida, katta shoirlarning sheʼr bitishi oson, oʻtirib olib shartta yozib tashlayveradi – qonun-qoidasini bilib ketgan, qoʻl qurgur ham qichib turibdi deng! Nazmboz, qofiyabozlarga nisbatan aytilsa, bu gap toʻgʻri. Lekin yurak qoni bilan yozadigan ijodkorning yoʻrigʻi boshqa, ijod ishi unga tobora ogʻirlashib, azob-mashaqqatga doʻnib boraveradi, negaki kitobxon huzuriga har gal yangilanib, yangi fikr, yangicha ruh bilan chiqmogʻi shart – chin shoirlik talabi shu!
Abdulla akaning sheʼrlarini “Tafakkur” jurnaliga tayyorlash asnosida necha bor shunga amin boʻldimki, biz havas qiladigan, bizni hayratlarga soladigan oʻsha quyma satrlar, avom oʻylaganidek, bir nafasda emas, ne bir azobu izlanishlar, ikkilanishlar hisobiga dunyoga kelar ekan. Bundayin muttasil ruhiy taranglik, tayinki, har qanday odamni horitadi, jisman yemiradi. Nachora, ruh ila yashamoqni qismat deb bilgan shoirning kuni shu – “vujudning gʻamini yemoq” fidoyi koʻngilga begona…
Shu oʻrinda oʻzimcha bir tusmolimni aytay. Eshitganmiz, Abdulla akaning otalari Orif bobo qariyb yuz yil umr koʻrgan ekan. Deylik, Abdulla aka “boshini zoʻr ishga berib qoʻymagan”ida, kim bilsin, bul aziz bosh hali-veri omon boʻlarmidi… Lekin unda Abdulla Oripov otligʻ buyuk shoir qayda edi deng!
Toʻrt-besh ijodkor bir davrada “Abdulla Oripovdan kim eng koʻp sheʼr bilishi” musobaqasi oʻynaganimiz esimda. Gʻolibni aniqlash iloji boʻlmagach, boshqa masalaga oʻtilgan: Abdulla aka sheʼr qilib yozmagan nima bor? Bunisiga ham aniq javob topilmagan. Darhaqiqat, kechagi va bugungi voqeligimizda Abdulla Oripovning sheʼriga tushmagan gap qolganmi? Qaysi bir mavzuni olmang, bu ulkan bisotdan albatta shunga mos bir satr topiladi. Shoir bor umrini, hayotda koʻrgan-kechirganlarini, oʻy-xayollarini bus-butun sheʼrga koʻchirgan, sheʼrga solgan deyish mumkin. Ayniqsa, xastalik sabab keyingi yillarda turli hayʼatu minbarlardan chetlanib xonanishinlikni kasb etganida biror kun qoʻlidan qalam tushmadi, bamisoli “isteʼdodi soʻnganidan bashorat” qilganlarga “hamon navqiron Abdulla Oripov” shijoatini yana bir karra namoyish qildi.
Lekin baribir har toʻkisdan ayb qidiruvchilarning koʻngli toʻlmasdi: qani yoshlik tugʻyonlariga toʻliq “Birinchi muhabbatim”u “Bahor”, qani falsafiy teran “Oʻylarim”u dilgir “Onamga xat”, qani asr fojialaridan bahs etgan shiddatvor “Avlodlarga maktub”u “Yuzma-yuz”?.. Axir, shu manzumalarni ham sizu biz emas, Abdulla Oripov yozgan-ku! Necha-necha sheʼrxon avlodni larzaga solgan oʻshal oʻtli tuygʻularni sizu biz ilk bor ana shu kashshof sheʼriyat tufayli his etmaganmi edik? Aynan oʻsha ohanglarni qayta takrorlayverish shoirni ham, sheʼriyatni ham qadrsizlantirib qoʻymasmi edi? Dur deganlari kamyobligi, hisobli ekanligi bilangina nodir, qimmatli sanalmaydimi? Qolaversa, sizu biz ham endi kechagi odamlar emasmiz, koʻz ham, koʻngil ham har gal yangilik istaydi. Bir vaqtlar bizni oʻshal otashin tuygʻular bilan siylagan yurak esa endi andak horigandir, zamon gʻaddorliklari uni-da chalgʻitib, boshqa koʻchalar sari boshlab ketgandir?! “O, inson qismati naqadar chigal!” Shoir mabodo shu koʻchalarning muqim fuqarosi boʻlib qolganida, buyuk isteʼdodni “oʻtin yorishga sarflagan”, qatordagi oddiy zamon kuychisi atalib, boshi malomatlardan chiqmay yurarmidi! Taassufki, bunday choqda kechagina qilingan ulkan xizmatlar ham hisobga oʻtmaydi. Oʻtgan kunlarga yuzlanay desang, “bu uchqur yoʻlovchi solmaydi quloq sening iltimosing, sening raʼyingga”. Filga fildek, qumursqaga qumursqadek munosabat farz. Ot aylana-aylana qozigʻini topmasa, avj parda bilan boshlangan tarona yana xuddi shunday yuksak nuqtada yakunlanmasa, umr halqasi, ijod halqasi mukammallik kasb etmay, chala, bir cheti ochiq, notoʻkisligicha qolmogʻi muqarrar edi. Ammo daholikning xislati shuki, bir hamla, bir talpinish ila kechagi zamon oʻpqonlaridan hatlab, yana oʻsha munosib gʻolibiyat yoʻliga chiqib oladi. Shoirning soʻnggi yillarda goh Doʻrmon bogʻlarida, goh Istanbulu Xyuston atalmish xorijiy manzillarda bitgan asarlari ana shu yoʻlning har biri belgili bekatlari boʻldi demoq mumkin. Shunday ajib bekatlarki, har biri bugungi sheʼrxonning tilida, dilida. Kechagi taʼna-malomatlar endi abas, endi yakkash faxr, hayrat, havas… “Avliyo qissasi”, “Umrimiz yoʻllari”, “Adolat”, “Mangu panoh”, “Monolog”… Koʻp, yana koʻp!
Abdulla Oripov sheʼriyati – shoir-muallif umrininggina emas, butun bir zamondosh avlodning ruhiy xaritasi. Shoir hayotini ana shu xaritaga qarab oʻrganish mumkin, millat taqdiriga esh bu umrnoma misolida serdolgʻa kelgan davrning tavsifnomasini oʻqish mumkin. Biroq bu ajib ibratli umr daftarining shunday sahifalari, ul sahifalar qatida shunday sir-sinoatlar borki, uni faqat oʻsha muhitda baqamti unib-oʻsgan kishigina bilar… Buyuk shoirimiz hayoti va ijodidan naql etuvchi qoʻlingizdagi zalvorli kitobning muallifi ana shunday odam. Abdurahim Erkayev – koʻzga koʻringan faylasuf olim, maʼnaviyat va maʼrifat masalalariga bagʻishlangan koʻpdan-koʻp kitoblar muallifi, taniqli jamoat arbobi, eng eʼtiborli jihati esa oʻlmas shoirimizning qondoshi, jondoshidir.
Ushbu kitobning noyobligi shunda.
…Shoir nafaqat oʻzbek sheʼriyati bogʻini, oʻzi necha oʻn yillar yashagan Doʻrmon bogʻlarini-da huvillatib ketdi. Sarupo qordek oppoq libosda, qoʻlida qiblagohi Orif bobodan meros guldor aso, oqshom kezlari bir-bir bosib, bul manzillarni oʻychan kezib yurardi. Bir avliyo misoli, bir anbiyo misoli…
“Yaydoq koʻchalarda jim yurgan koʻyi sening izlaringni axtardim…”
Erkin AʼZAM
O‘zbekiston xalq yozuvchisi
