9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

TIL TA’LIM-TARBIYANI TA’MINLASHDAGI TA’SIRCHAN MEXANIZM   

notiq.uz > TIL TARAQQIYOT TAROZISI  > TIL TA’LIM-TARBIYANI TA’MINLASHDAGI TA’SIRCHAN MEXANIZM   

TIL TA’LIM-TARBIYANI TA’MINLASHDAGI TA’SIRCHAN MEXANIZM   

         Globallashuv davrida, keskin islohotlar olib borilayotgan ayni paytda ta’lim-tarbiyaning sifati va samarasi masalasiga e’tibor katta  ahamiyat kasb etayotgani sir emas. Tabiiyki, sifat va samara mezoni esa bilim va tushunchalarni o‘quvchi ongu shuuriga aniq, to‘g‘ri, to‘la, tezkor va eng muhimi, ta’sirli yetkazish omili bilan bog‘liqdir. Ta’lim va tarbiya o‘zaro uyg‘un tushunchalar. Ular aslida, ajralmas. Bamisoli insonning vena va arterial qon aylanish tizimiga o‘xshaydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ularni bir tanganing orqa va oldi yoki et va tirnoqqa qiyos qilish mumkin. Shunday ekan, ana shu uzviy birlik barkamollikning belgisi hamdir. Inson qalbiga yo‘l ta’lim va tarbiyadan boshlanarkan, uning muhim mezonlar haqida o‘ylash ham, so‘ylash muhim. Ta’lim va muloqotning kaliti nutq bilan bo‘lsa, tarbiya va muomalaning kaliti xulq bilan. Nutqiy hamda xulqiy madaniyatga ega insonni komil, avlodni barkamol deyishga haqlimiz. Pedagoglar esa buning mohiyati va imkoniyat darajasini yaxshi bilgan hamda o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak. Shuni unutmaslik kerakki, barcha fan o‘qituvchilari, ta’bir joiz bo‘lsa, aslida ona tili o‘qituvchisidir. Chunki, hamma pedagoglar o‘z fanini, mavzuini ona tilida tushuntirishadi. U til va nutq ko‘nikmalarini yaxshi egallagan bo‘lsa, o‘quvchi yoxud talabaning o‘zlashtirishi ham oson kechadi. Kimyoviy reaksiyalarni, matematik funksiyalarni, geometrik aksioma va teoremalarni, astronomik hodisalarni ham u ona tilida tushuntiradi, izohlaydi. Demak, barcha uchun til va adabiyot ta’limi birdek zarur va aziz.

Qaysi fan, qanday o‘quv predmeti bo‘lmasin, o‘qituvchi oldida muhim bir muammo turadi. Bu o‘z fanini o‘quvchiga yetkazish aniqrog‘i, uning ongu shuuriga singdirishidir. Xoh tabiiy, xoh  ijtimoiy fan bo‘lsin, o‘qituvchi o‘z sohasining yetuk bilimdoni va mohir ustasi bo‘lishi zarur. Fan haqidagi nazariy ma’lumotlarni qiziqarli yo‘sinda yetkazish jarayonida bir qancha muammolar borligini inkor etib bo‘lmaydi. Tasavvur qiling, o‘qituvchi o‘z fanini, o‘quv predmetini to‘la o‘zlashtirgan bilimli shaxs ham deylik, lekin unda bilimlarini, fikrini o‘quvchilarga yetkazish borasida malaka, tajriba, ko‘nikma hosil qilinmagan bo‘lsa, maqsad to‘la amalga oshmaydi. Shuning uchun ham o‘qituvchidan bu borada tinimsiz mehnat, mashaqqatli mashq va izlanish, tashabbus va tashkilotchilik talab etiladi. Zamon bilan hamnafas va hamqadam odimlash o‘qituvchidan yuksak mas’uliyatni va majburiyatni talab etadi. Bugungi o‘quvchi o‘qituvchidan ko‘ra kengroq axborotga ega bo‘layotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bunga bois ko‘plab internet tarmoqlari va boshqa texnologiyalar orqali yetib kelayotgan informatsiyalardir. Hatto, ayrim o‘qituvchilar o‘z o‘quvchilaridan internetga kirib ma’lumot olib berishlarini iltimos qilishlari ham sir emas. Shunday ekan, qabul qilinayotgan ma’lumotlarning asosli yoki asosli emasligini bilish va bildirish uchun o‘qituvchining o‘zi ham internet va boshqa informatsion vositalardan xabardor bo‘lishi zarur. Uni to‘g‘ri tushuntirib, to‘g‘ri tahlil qilib bera olish zarur. Aks holda, o‘quvchi axborot xurujlari orqasida qanday g‘arazli maqsadlar yashiringanini idrok etmay, turli uydirma ma’lumotlarni boshqa tengqurlariga yetkazib ularning fikrini chalg‘itishi hech gap emas. “G‘oyaga qarshi faqat g‘oya, fikrga qarshi faqat fikr, jaholatga qarshi faqat ma’rifat bilan bahsga kirishish, olishish” mumkinligi ta’kidlanarkan, demak, o‘qituvchining o‘zi ma’rifatga, yetuk bilim va dunyoqarashga ega bo‘lishi zarur. Uning bilimi, ma’naviyati esa ma’rifat mayog‘i, himoya yarog‘idir. Milliy g‘oya himoyachisi bo‘lish, mustaqillik mafkurasini mustahkamlash mas’uliyati shuni taqozo etadi. Xalq qalbi va ongi uchun kurash ketayotgan, mafkura poligonlari yadro poligonlariga nisbatan katta kuchga ega bo‘lgan ayni zamonda pedagogning vazifasi va ogohligi har qachongidan ham muhimdir.

         Ta’lim va tarbiya inson kamolotida qo‘sh qanot ekan, uning ta’sirli bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Davlatimiz rahbari ma’naviyat va adabiyot tushunchalariga ta’rif berganlarida “ta’sirchanlik” so‘zini alohida uqtiradilar: “Ma’naviyat — eng ta’sirchan va qudratli qurolimiz.” Darhaqiqat, g‘oya va mafkura omma ongiga ta’sirchan singdirilgandagina qudratli qurolga, kuchga aylanadi. Shuningdek, Prezident Sh. Mirziyoev “Adiblar xiyoboni”ning ochilishida ham xuddi shu so‘zga e’tibor qilganlari bejiz emas. “Adabiyot xalqning yuragi, elning ma’naviyatini ko‘rsatadi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yo‘l topish, ularni ezgu maqsadlar sari ilhomlantirishda adabiyotning ta’sirchan kuchidan foydalanish kerak.”

Har bir pedagog yuqoridagi fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqara olishi va amalda to‘g‘ri qo‘llay bilishi kerak.

Xo‘sh, ta’lim — tarbiyaning ta’sirchanligi faqat zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish, ko‘rgazmalilik asosida ish olib borishmi? Bu vosita, xolos. Avvalombor, o‘qituvchining o‘quvchi bilan munosabatidagi nutqi va xulqi muhim masaladir. Nutq madaniyatining har ikkala shaklini, og‘zaki va yozma nutqni to‘la va to‘g‘ri amalda qo‘llay olmagan pedagogning maqsadi sarobdir. Nutq madaniyatining har ikkala ko‘rinishi, ya’ni og‘zaki va yozma nutq qoidalarini bilishi va amalda qo‘llay olishi zarur. Bu bir oylik yoki bir yillik emas, doimiy izlanish va mashq qilish orqali ro‘yobga chiqadi.  Bir karra ta’lim berish ikki karra ta’lim olish degan mashhur aqidani ham yoddan chiqazmaslik zarur.

Qanday yosh va qanday kasbda bo‘lishdan qat’iy nazar, har birimiz kishilar bilan nutqiy munosabatda bo‘lamiz-so‘zlaymiz, tinglaymiz, fikrlashamiz. Har kimning o‘z didi, saviyasi, dunyoqarashi, sajiyasi, fe’l-atvori, ko‘rinishi, kiyinishi bo‘lganidek, uning ovozi, so‘zlashish uslubi, til va nutqiy madaniyatni egallash darajasi ham o‘ziga xos. «O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar» — degan naql bor. Kishining fahm-farosati va saviyasi ikki og‘iz so‘zidayoq namoyon bo‘ladi. Kishi fikrining aniq, samimiy va ta’sirli yetib borishi so‘zlovchining  til va uning harakatdagi ifodasi bo‘lgan nutq qoidalarini qanchalik bilishi va amal qilishiga bog‘liq. Shunday ekan, nutqning aniqligi-tafakkurning tiniqligiga daxldor bo‘lsa, talaffuzning aniqligi-nutqning tiniqligiga bog‘liqdir. Notiq nutqining mantiqiy qudrati, ta’sir kuchi, jozibasi ham, aslida shu bilan. Notiq nutqi, voiz va’zi har bir davrlarda, har bir makonlarda joiz bo‘lgani haq. Demak, nutqiy mahoratni egallashga intilish nutq odobi, aniqrog‘i, til va nutq vositalarini puxta bilishni taqozo etadi. Nazariy ma’lumotlar amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashmas ekan, bunga erishish mushkul. Og‘zaki va yozma nutqning o‘zaro bog‘liqligi ularning shakllanish jarayonidagina emas, balki taraqqiy etishida, sayqal topishida muhim ham muqimdir. Og‘zaki nutqning qator vazifaviy ko‘rinishlari mavjudki, ular kezi kelganda, yozma nutqqa jilo beradi. Uning ta’sirchanligini oshiradi. Kundalik so‘zlashuv nutqi, lektorlar nutqi, radio va televidenie nutqi, sahna nutqi bularning har biri alohida  tadqiqni talab etadi. Har qanday so‘zning xosiyati nutqning mohiyati bilan aloqadorgina emas, balki mantiqiy tafakkur mezoni hamdir. Nutq, notiq, mantiq, notiqlik atamalarining bir o‘zakdan yasalgani ham bu til birliklarining o‘zaro uzviy bog‘liqlikda namoyon bo‘lishini anglatadi. Biri birisiz ro‘yobga chiqmasligini, biri ikkinchisini taqozo etishini bildiradi.

Demak,  so‘z xosiyatli bo‘lganidek, nutq ham mohiyatli bo‘lishini uni istifoda etuvchilar, xususan, o‘qituvchilar, notiq, diktor, didjey va lektorlar doimo yodda tutishlari, amalda o‘rinli qo‘llay bilishlari zarur. Nutqiy mahoratning ikki omili bor. Biri nutq xususiyatlarini bilish bo‘lsa, ikkinchisi nutq texnikasini egallashdir. Nutqning to‘g‘riligi, aniqligi, mantiqiyligi, sofligi, boyligi, ifodaviyligi, ta’sirliligi, jo‘yaliligi, maqsadga muvofiqliligi uning xususiyatlarini tashkil etsa, og‘zaki nutqdagi ovoz, diksiya, pauza, urg‘u, ohang, intonatsiya, yozma nutqdagi tinish belgilari silsilasi nutqiy texnikadir. Fikrlash texnikangiz kuchli, ammo ovozingiz past, ta’sirsiz bo‘lsa, yoki aksincha o‘ktam ovoz, o‘tkir nafasga ega bo‘la turib tafakkuringiz bo‘lmasa, bari behuda. Har ikkalasi omixta bo‘lishi maqsadga muvofiq. Bularning bari mantiqni mustahkamligiga xizmat qiladi. Mantiqsiz nutq bug‘doysiz boshoqqa, puch yong‘oqqa o‘xshaydi.

Tinglovchi e’tiborini, dastavval, notiqning ko‘rinishi, so‘ngra uning ovozi tortadi. Ovoz o‘qituvchining ham, notiqning ham birinchi quroli. Shuning uchun ham italyan aktyorlaridan biri Tomazzo Salvinidan «Aktyor uchun nima birlamchi?»-deb so‘raganlarida, u «birinchidan ovoz, ikkinchidan ovoz, uchinchidan ovoz, to‘rtinchidan boshqa narsalar»- deb javob bergani bejiz emas.

Ma’lumki, o‘qituvchi va o‘quvchi orasidagi muloqot muayyan mavzu bo‘yicha ma’lumot almashish, bilim berishdir. Muloqotning vositalari ikkita bo‘lib, ular nutqiy, ya’ni verbal  va nutqiy bo‘lmagan, ya’ni noverbaldir. Har ikkalasidan o‘rinli foydalanish o‘qituvchiga keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Ular orasiga xitoy devori qo‘yish o‘rinlimas, ular biri birini boyitadi, to‘ldiradi, asoslaydi va izohlaydi. Oddiy suhbat jarayonida, olimlarning e’tirof etishlaricha, ma’lumotning 35% dan kam qismi nutqiy muloqot, 65% dan ziyod qismi noverbal, boshqacha aytganda, paralingvistik hodisalar orqali yetkazilarkan. Taniqli ruhiyatshunos olim, professor E. Sattorov “Omadga erishish psixologiyasi” nomli kitobida shu xususda fikr yurita turib, “nutqiy kanal orqali axborot uzatiladi, noverbal kanal bo‘yicha esa muloqot sherigiga bo‘lgan munosabat uzatiladi” degan fikrni keltirib o‘tadilar. Bir jihatdan qaraganda, e’tiroz yo‘qdek, lekin ular o‘zaro bog‘liq hodisa bo‘lib, noverbal kanal fikrni, ma’lumotni yetkazishdagi tasdiq, “yo‘llovchi va qo‘llovchi” vosita ekanligini ham e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi. O‘qituvchi ta’lim jarayonida o‘quvchi holatini, darajasini his etish asnosida yo‘l tutishi muhim. Mavzuni o‘zlashtirish va qabul qilish o‘quvchilarda har xil kechishini yaxshi bilamiz. Tasavvur qiling, dars jarayonida o‘qituvchi e’tiborsizroq o‘quvchi yoniga borib qo‘l harakati bilan uning boshini silab o‘tib ketsa, o‘quvchiga qanchalik ta’sir etishi va muloqotning samimiy bo‘lishini sezish qiyin emas. O‘qituvchining o‘quvchini tushunishi va his etishi, fanda identifikatsiya va empatiya terminlari bilan yuritiladi. Bular odamning o‘zini o‘zgaga ko‘chirishi orqali o‘sha vaziyatda uning o‘zi qanday yo‘l tutishi mumkinligini o‘ylashi va uni his etishi jarayonlarini anglatadi. Dil-qulf, til-kalit. Duch kelgan eshikka duch kelgan kalit tushavermagani singari har bir o‘quvchining o‘qish va o‘zlashtirish darajasi borligini inkor etib bo‘lmaydi. Verbal va noverbal vositalarni o‘qituvchi va o‘quvchi bilan boshqacha aytganda, ikki qirg‘oqni bog‘lovchi, bordi-keldini ta’minlaydigan “ko‘prik” deb tushunish o‘rinlidir. Ko‘prik mustahkamligi esa har ikkala tomonning bir-birini yaxshi tushunishi va his etishiga bog‘liq. O‘quvchilarga mavzuning bayoni va mazmuni yuz foiz yetib bormasligi aniq. Har qanday holatda ham o‘quvchi mavzuga qanchalik diqqat qilmasin, ma’lumotning yetib borishida juz’iy yo‘qotishlar bo‘lishi tabiiy. Yuqorida qayd etilgan kitobda uning o‘quvchiga yetib borishidagi holat quyidagicha izohlanadi. “Fikr o‘ylanildi, nutqiy shaklga ega bo‘ldi (100%), aytildi (80%), eshitildi (70%), tushunildi (60%), xotirada qoldi (24%).”

Demak, har qanday holatda ham mavzuni to‘la yetib borishi mushkul ekan. Lekin mavzuni o‘quvchi ongu shuurida to‘la o‘zlashtirishi va xotirada mustahkamlashi uchun turli interfaol metod va zamonaviy pedtexnologiyalardan foydalanish zaruratini yoddan chiqazish yaramaydi. Bunda o‘quvchi faolligi, qiziquvchanligi, ijodkorligiga ko‘proq e’tiborni qaratish foydadan xoli emas. Pedagog so‘zining lug‘aviy ma’nosi “bola yetaklovchi” demakdir. Nutqiy jarayonda ham shunga monand holat kuzatiladi. Ya’ni, o‘qituvchi yetaklovchi va o‘quvchi yetaklanuvchi. Bu jarayonda yetaklovchi bilim, tajriba, ko‘nikma va malakaga, intellektual kuchga ega bo‘lmas ekan, murod hosil bo‘lmasligi ayon. O‘qituvchining uquvi o‘quvchining aqlu tuyg‘usiga ta’sir etib uning diqqatini tortmasa ta’lim ta’sirchanligi haqida so‘z ham bo‘lmaydi. O‘quvchi e’tibori o‘qituvchining e’tiborida bo‘lmas ekan, ta’lim o‘z samarasini bermaydi. Diqqat-e’tibor masalasi hamisha muhim. Nimagadir chalg‘igan o‘quvchining o‘zlashtirish darajasi sust va past bo‘lishi oynadek ravshan. Shuning uchun ham mashhur adib Dante “Diqqatdir suhbatning asl asosi” deyishi bilan haqlidir. O‘quvchi diqqat-e’tiborini tortmasdan aytilgan so‘z bamisoli nishonga olmasdan o‘q uzayotgan ovchininng holatini eslatadi.

Ta’lim-tarbiyaning ta’sirchanligiga tegishli talablarni bilish o‘quvchilarning fanga bo‘lgan mehri va qiziqishini tobora orttiradi. Shunday ekan, o‘qituvchi izlanish va intilishdan aslo to‘xtamasligi, o‘zining nutq mahoratini oshirib borishi va o‘z ustida ishlashni kanda qilmasligi kerak.

 Hissiz kalom aytish bamisoli tuzsiz taom tortgandek gap. Bu esa zamonaviy pedagogik texnologiyalar va interfaol metodlarni o‘rinli qo‘llash va notiqlik san’atini chuqur egallash zaruratini taqozo etadi.

Xulosa o‘rnida shuni e’tirof etish kerakki, ta’lim va tarbiya ta’sirchanligining turli yo‘llari ustida bosh qotirish o‘qituvchilarning ijodiy imkoniyatlarini yanada kengayishiga, ayni paytda, o‘quvchilarda izlanuvchan va intiluvchan fazilatlarning yanada qanot yozishiga imkon tug‘diradi. Uzluksiz ta’limning barcha bosqichlarida ta’lim va tarbiya ta’sirchanligi muhim masala bo‘lishini va usiz sifat va samaraga erisholmaslikni yodda tutish zarur. Alliteratsiya, ya’ni tavze’ usulidagi ushbu so‘zlar tizimi maqsadga va xulosaga to‘la xizmat qiladi deb o‘ylaymiz. Ta’lim-tarbiyani ta’minlashning ta’sirchanligiga taalluqli talablar, tegishli tavsiyanomalar taraqqiyotimizning tarzi, tafakkurimiz tarhi, tinchlik, totuvligimiz, targ‘ibot-u tashviqotimiz tayanchi. Til taktikasi taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan va innovatsion mexanizmidir.

Rahimboy Jumaniyozov

O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.