9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

HAR DAMDA, HAR QADAMDA ZARUR — MAʼLUMOTLARGA BOY QOMUSIY KITOB

notiq.uz > Yangiliklar  > HAR DAMDA, HAR QADAMDA ZARUR — MAʼLUMOTLARGA BOY QOMUSIY KITOB

HAR DAMDA, HAR QADAMDA ZARUR — MAʼLUMOTLARGA BOY QOMUSIY KITOB

«Dunyo mamlakatlari” ensiklopedik nashrining uchinchi boyitilgan tahriri bilan tanishib


Dunyo tobora kichrayib, chegaralar shartli tus olayotgan, axborot oqimi esa kun sayin jadallashayotgan hozirgi zamonda bilim — eng qimmatli sarmoyaga aylanmoqda. Ayniqsa, xalqaro munosabatlar, diplomatiya, tashqi iqtisodiy aloqalar va madaniyatlararo muloqot kuchayib borayotgan bir paytda, dunyo mamlakatlari tarixi, siyosiy tuzumi, iqtisodiyoti va madaniyati haqida tizimli bilimga ega boʻlish nafaqat mutaxassislarga, balki har bir fuqaroga zarur ehtiyojga aylanib bormoqda. Bugungi kunda dunyoga yuz tutgan va jahon hamjamiyati tomonidan tan olinayotgan Yangi Oʻzbekiston nufuzi haqida soʻz yuritar ekanmiz, uning har bir fuqarosi, ayniqsa, masʼul vazifadagi insonlar dunyo mamlakatlarining tarixi, aholisi, bugungi taraqqiyoti hamda mamlakatimiz bilan bogʻliq diplomatik munosabatlar haqida yetarli bilim va tasavvurga ega boʻlishi nafaqat shaxsiy eruditsiyaning, balki davlat manfaatlarini munosib ifoda eta olishning ham muhim sharti hisoblanadi.
Aynan shu nuqtai nazardan qaralganda, siyosatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori, iqtidorli jurnalist, tarjimon va dramaturg Laziz Rahmatov tomonidan koʻp yillik izlanishlar samarasi oʻlaroq tayyorlangan “Dunyo mamlakatlari” nomli monumental asar alohida eʼtiborga loyiqdir. Ushbu kitob oddiy maʼlumotnoma emas, balki oʻzining mazmun-mohiyati, keng qamrovi va ilmiy-amaliy ahamiyati bilan haqiqiy qomusiy manba darajasiga koʻtarilgan asardir. Unda jamlangan maʼlumotlar nafaqat raqamlar va faktlar majmui, balki muallifning yillar davomida toʻplagan tajribasi, tahliliy fikrlashi va dunyoqarashining ham yorqin ifodasidir.
Kitobga boʻlgan ehtiyoj va yangi nashrning ahamiyati
Jamiyatda bunday tizimli maʼlumotnomalarga boʻlgan ehtiyoj ortib borishi kitobning uchinchi, ancha boyitilgan va toʻldirilgan nashrini dunyo yuzini koʻrishiga asosiy sabab boʻldi. Keng jamoatchilikka taqdim etilgan yangi nashr nafaqat mazmun jihatidan, balki hajman ham ancha kengaytirilgan boʻlib, bu hol muallifning oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashgani, doimiy ravishda uni takomillashtirib borayotganidan dalolat beradi. 2019 yilda chop etilgan avvalgi nashrdan soʻng tayyorlangan mazkur yangilangan versiya xalqaro munosabatlardagi soʻnggi oʻzgarishlar, geosiyosiy jarayonlar hamda davlatlarning ichki rivojlanish tendensiyalarini chuqur tahlil qilgan holda yaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega. Bu esa kitobning ilmiy va amaliy qiymatini yanada oshirib, uni zamonaviy dunyoni anglashda muhim manbalardan biriga aylantiradi.
Muhimi shundaki, dunyo siyosiy xaritasi, davlatlararo munosabatlar, iqtisodiy ittifoqlar va geosiyosiy markazlar tobora tezkor oʻzgarayotgan bir sharoitda, statik maʼlumotlar bilan cheklanib qolish mumkin emas. Aynan shuning uchun ham muallif har bir yangi nashrda kitobni faqat toʻldirish bilan kifoyalanmay, balki uni tubdan yangilash, zamon talablariga moslashtirish yoʻlidan bormoqda. Bu esa asarning hayotiyligini, uning doimiy ravishda oʻz dolzarbligini saqlab qolishini taʼminlaydi.
Asarning mazmuni va qamrovi
2026 yilda nashr etilgan mazkur ensiklopedik kitob dunyoning deyarli barcha mamlakatlari haqidagi batafsil va muhim maʼlumotlarni oʻzida mujassam etgan. Unda har bir davlatning tabiati, dini, aholisi, siyosiy tuzumi, tarixi, iqtisodiyoti, tashqi siyosati, shuningdek, global beqarorlik sharoitida yuzaga kelayotgan yangi siyosiy jarayonlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi bilan oʻzaro munosabatlari atroflicha yoritilgan. Bunday keng qamrovli yondashuv kitobni nafaqat maʼlumotnoma, balki tahliliy asar darajasiga koʻtaradi, zero unda har bir davlat haqidagi maʼlumotlar alohida-alohida emas, balki umumjahon siyosiy-iqtisodiy jarayonlari kontekstida berilgan.
Salkam 1200 sahifadan iborat boʻlgan hamda alifbo tartibida joylashtirilgan ushbu nashr 236 ta mamlakat va oʻzini oʻzi boshqaruvchi hududlarni qamrab olgan boʻlib, mingga yaqin rangli suratlar bilan boyitilgan. Bunday hajm va sifat — kitob ustida olib borilgan ulkan mehnat, izlanish va masʼuliyatning natijasidir. Har bir mamlakat haqidagi maʼlumotlar nafaqat matn, balki vizual maʼlumotlar — rasmlar, bayroqlar, xarita tasvirlari orqali ham boyitilgani kitobning idrok etilishini yanada osonlashtiradi va oʻquvchida dunyo haqida yaxlit tasavvur uygʻotadi.
Muallif Laziz Rahmatovning chuqur tahliliy yondashuvi va keng qamrovli bilimlari asosida tayyorlangan mazkur nashr oʻquvchiga dunyo mamlakatlari haqida tizimli, ishonchli va zamonaviy maʼlumotlarni taqdim etadi. Bu borada muallifning siyosatshunoslik sohasidagi ilmiy tayyorgarligi, jurnalistik tajribasi hamda tarjimonlik faoliyati orqali turli tillarda mavjud manbalardan foydalana olish imkoniyati asarning ilmiy asoslanganligini taʼminlagan muhim omillardan biri boʻldi.
Muallifning falsafasi va kitobning maʼrifiy vazifasi
Kitob muallifi Laziz Rahmatov taʼkidlaganidek: “Dunyo — goʻzal xilqat. Inson sayyoramiz ajoyibotlarini, bashariyatning turfa olamini qanchalik koʻp tanisa va anglasa, shunchalik kengroq tafakkur qilishga intiladi”. Ushbu fikr kitobning asosiy gʻoyaviy magʻzini tashkil etadi — bilim orttirish shunchaki axborot toʻplash emas, balki inson tafakkurining kengayishi, dunyoqarashining boyishi, millatlararo tushunishning chuqurlashuvi uchun vosita hisoblanadi.
Bugungi globallashuv va internet asrida, ijtimoiy tarmoqlar jadal rivojlanayotgan bir sharoitda, aynan mana shunday tizimli va ishonchli manbalarning ahamiyati yanada ortadi. Internetda mavjud boʻlgan maʼlumotlarning katta qismi tarqoq, tasdiqlanmagan yoki bir tomonlama boʻlishi mumkin, holbuki “Dunyo mamlakatlari” kitobida jahon mamlakatlariga oid eng muhim va ishonchli maʼlumotlar tizimli hamda keng qamrovda jamlangan. Haqiqatan ham, ushbu mukammal va salmoqli asarni qoʻlga olgan inson dunyo davlatlari haqida zarur maʼlumotlarni izlash uchun qidiruv tizimlari yoki boshqa manbalarga murojaat qilishga ehtiyoj sezmaydi.
Taʼlim tizimi va yoshlar tarbiyasidagi oʻrni
Oʻzbekiston Respublikasi Muvofiqlashtirish Kengashining tashabbusi bilan mazkur kitobni respublikamiz oliy taʼlim muassasalariga taqdim etish ishlari yoʻlga qoʻyilgani alohida qoniqish bilan taʼkidlashga arziydi. Bu tashabbus nafaqat bir kitobning tarqatilishi, balki yosh avlodda dunyo siyosati, xalqaro munosabatlar va global jarayonlar haqida tizimli bilim shakllantirishga qaratilgan davlat darajasidagi eʼtibor namunasidir. Oliy taʼlim muassasalari kutubxonalarida bunday qomusiy manbalarning mavjudligi talabalar, yosh tadqiqotchilar va oʻqituvchilar uchun ishonchli bilim manbai boʻlib xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan kitob muallifi Laziz Rahmatov, ustoz-shogirdlik anʼanalariga sodiq qolgan holda, universitetimizga tashrif buyurib, ushbu uchta nashrni hurmatli rektorimizga shaxsan yetkazishni istadi. Bu — faqatgina rasmiy tadbir emas, balki ilm ahli oʻrtasidagi vorislik, hurmat va bilimga boʻlgan sadoqatning yorqin namunasi edi. Ustozning shogirdiga, shogirdning esa oʻz navbatida jamiyatga xizmat qilishi — ilm-fan taraqqiyotining uzviy zanjirini tashkil etadi.
Xulosa qilib aytganda, “Dunyo mamlakatlari” kitobi — bu shunchaki maʼlumotnoma emas, balki zamonaviy Oʻzbekiston fuqarosining dunyoqarash kengligi, bilim saviyasi va xalqaro jarayonlarni anglash darajasini oshirishga xizmat qiladigan muhim maʼrifiy vosita hisoblanadi. Unda jamlangan sistemali, ishonchli va dolzarb maʼlumotlar nafaqat mutaxassislar, balki keng kitobxonlar ommasi uchun ham qimmatli manba boʻlib xizmat qiladi. Chunki kitobda jahon mamlakatlariga oid eng muhim maʼlumotlar bir joyda, tizimli va puxta tarzda jamlangan.
Shu maʼnoda, mazkur asar nafaqat ensiklopedik qoʻllanma, balki zamonaviy dunyoni anglashga xizmat qiluvchi muhim maʼrifiy manba sifatida ham yuksak qadrga egadir. Laziz Rahmatovning bu boradagi tinimsiz mehnati, izlanishi va masʼuliyatli yondashuvi natijasida yaratilgan mazkur asar kelajakda ham takomillashib, Oʻzbekiston kitobxonlari va ilm ahli uchun ishonchli hamroh boʻlib xizmat qilishiga shubha yoʻq.

Rahimboy Jumaniyozov, professor, universitet matbuot kotibi
Bahriddin Muqimov, “Gumanitar fanlar” kafedrasi oʻqituvchisi

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.