HECH KIM (MANZUMA)

Hech kimga yetmas ziyoni,
Yo‘q dunyo, pul, hamyoni.
Faqir unga qavmu xesh,
O‘zi donishmand darvesh.
Bilimdonni boy bilar,
Insonga chiroy bilar.
Odamzotning ko‘nglini
Muqim makon, joy bilar.
O‘tib ketgan umrni,
Misli oqar soy bilar.
Vaqtni g‘animat deb,
O‘qdan ayro yoy bilar.
Birovga yo‘q do‘q, xitob,
Faqat titkilar kitob.
Ovunchog‘i ham shudir,
Zurriyotsiz edi faqir.
Bor boyligi-kachkuli,
Yo‘q edi tanga, puli.
Kachkulda bir qotgan non,
Lek butkul edi iymon.
Ko‘mak so‘rasa kimki,
Ojiz, faqir, hakimki,
Bariga berar yordam,
Tinib tinchimas bir dam.
Qilar toat, ibodat,
Dilda ilm-ma’rifat,
Odamzotga yaxshilik
Qilish ko‘ngilbaxshlik.
***
Bir kuni tun yarmida,
Darvesh o‘z maromida,
Ketib borardi sekin,
Nafas rostlab, olib tin.
Egnida juldur xirqa,
Boshda kuloh, yo‘q chaqa,
Oyoqda eski kovushi,
Eshitildi shu onda,
Ot tuyog‘in tovushi.
Suvoriy orqa tomonda
Turib uni chaqirdi,
Kimsan, deya baqirdi.
Sendan so‘radim kimsan,
O‘g‘rimisan, nega jimsan?
Darvesh dedi “Men hech kim”,
Taajjublandi mirshab,
Shuncha yil yoshin yashab,
Bunday unvon borligin
Qanday inson yorligin,
Bilmagan ekan mirshab
Qoldi boshini qashlab.
So‘ng dedi bo‘lib hayron,
Bormi”Hech kim” degan unvon?
Sen sallaga qaraysan,
Biz kallaga qaraymiz.
Yelkangdagi yulduzing,-
O‘y-xayol, tun kunduzing.
Sen mol-mulkning chegasi,
Biz ko‘ngullar egasi.
Kelib do‘q urding menga,
Bir savolim bor senga,
Javob ber, o‘zing kimsan?
Kimliging bilurmisan?
O‘zin bilmay odamzot,
O‘tib ketsa umr barbod”.
Mirshab dedi ko‘rmisan,
Yo peshonasi sho‘rmisan?
Zobitman, leytenantman,
Otliqman, sendan balandman.
Xo‘sh, erta kim bo‘lursan?
Nasib etsa, kapitan.
Qurbon bo‘lsin jonu tan.
Xo‘sh undan keyinchi ayt
Keyingisi ham tayyor
Albatta bo‘lgum mayor.
Niyatingga ham yetding
Undan keyinchi aytgin.
Polkovnik, so‘ng general
Balki, bo‘larman marshal
Maqsadingni ayt darhol,
Qilmasdan meni behol.
Ayt, ahvolim qilmay tang
Mirshabning bag‘rin tildi
Marshaldan so‘ng martabang?
Mirshab jim turib qoldi
Ohista o‘yga toldi.
Harbiy sohada undan
Boshqa yo‘q edi unvon.
Yosh ham bir joyga borar
O‘zi ham xo‘p qartayar.
Mirshab biroz duduqlandi,
Javob aytishga chog‘landi.
Undan keyin “hech kim”
Qazoyim yetar balkim.
Darvesh qahqah urib kuldi
Bir haqiqatni bildi
U jimgina turardi
Unga boqibon derdi:
“Hech kim” dedingmi, mirshab
O‘tgin umringni yashab,
Ko‘rdingmi hozir unvonim,
Yo‘q bo‘lsada makonim
Sendan ko‘p baland ekan.
Senga o‘git, pand ekan.
O‘zingni katta olib
So‘ng malomatga qolib
Tag‘in bo‘lmagin mulzam,
Tortmagin qayg‘u, alam.
Hayotning ma’nisin bil
Bilib turib amal qil.
Oqillar buni biladi
Hech kim bo‘lib keladi
Hech kim bo‘lib ketmasin.
Odamzot armon-la o‘tmasin.
Hech kim hech qachon, hech narsa
Unutilmas aslo, kimarsa.
Kimningki muhabbati
El-yurtga muruvvati
Yetkazgan manfaati
Bo‘lsa xalqi unutmas,
Yomonlik undan kutmas.
Rahimboy JUMANIYOZOV
O’zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasi a’zosi