9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

OLIY MINBARDA MAMLAKATLAR MANFAATI

notiq.uz > IJODIYOT  > OLIY MINBARDA MAMLAKATLAR MANFAATI

OLIY MINBARDA MAMLAKATLAR MANFAATI

Tarixdan ma’lumki, turli zamon va makonlarda dunyoni o‘zgartiradigan nutqlar bo‘lgan. Ular kichik doirada emas, balki yuksak minbarlardan olam ahliga qaratilgani bilan ajralib turadi. Buning boisi irod etilgan nutq o‘zining mazmun mohiyati va ko‘tarilgan muammolarda muayyan hududning emas, balki dunyo xalqlari taqdiriga daxldor masalalarning ko‘ndalang qo‘yilishi va uning yechimiga doir qat’iy talab va tavsiyalarning e’tirof etilishi bilan izohlanadi.

Xuddi shundagina u tarixiy nutq maqomini olishi muqarrardir. O‘shandagina dunyo davlatlari va hukumat rahbarlarining nigohi unga qaratilgan bo‘ladi.Shubhasizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMTning 75 — yubiley sessiyasidagi ma’ruzasi ana shunday nutqlar sirasiga kiradi. Mohiyat e’tibori bilan u ikkita asosga ega bo‘ldi. Birinchidan, bugungi kunda dunyo mamlakatlarini tashvishga solayotgan muhim va muqim muammolarning e’tirofi bo‘lsa, ikkinchidan, xuddi shu masalalarning dunyo ahliga, xalqaro hamjamiyat, hukumat doiralari e’tiboriga xalqimizning borlig‘i va boyligi bo‘lgan davlat tilida, ya’ni o‘zbek tilida havola qilinganidir. Oliy minbardan o‘zingiz tug‘ilib o‘sgan vatanning tili yangrasa, o‘ylaymizki, fuqarolik burchini anglagan, yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bo‘lgan har bir inson qalbiga g‘urur baxsh etishi tayin.Prezident nutqini butun jahon ahli qatorida xalqimizning ham hayajon va ayricha intiqlik bilan kutgani va tinglaganining boisi bor, albatta. Bu hayot, vatan taqdirigagina emas, balki sayyoramiz, yer aholisining qismati bilan bog‘liq muammolarning ko‘tarilganidir. Har bir davlatning qudrati o‘z xalqining barcha ehtiyojlarini qondirishi bilan izohlanishi aniq. Chunki davlat va xalq birligisiz vatan qudrati va boyligini tasavvur etish qiyin. Ayniqsa, ijtimoiy va tabiiy ofatlar xalqlar boshiga kulfat keltirgan tahlikali va sinovli damlarda bahamjihat oqilona siyosat yuritish taklifi uzoqni ko‘zlagan rahbarlarga xos bo‘ladi. Pandemiya pand berishi bilan birga dunyo ahlining irodasini ham sinagani rost. Prezidentimiz o‘z nutqlari debochasida Covid-19 global halokati insoniyatning zaif jihatlarini ko‘rsatganini, bu esa barcha davlat va xalqlar taqdirining o‘zaro bog‘liq ekanini, orada muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik muhimligini, xalqaro sheriklikni muvofiq holda rivojlantirish lozimligini ta’kidlab o‘tdilar.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida BMT shafeligida pandemiya davrida Davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etishlari bejiz emas. Ushbu hujjatda har bir davlatning o‘z fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozimligining uqtirishlari o‘rinli bo‘ldi. Bu fikrga birdan kelinmagani, buning uchun vaqt va hayotiy tajriba, malaka va donishmandona harakat, ilmu amal birligi zamin bo‘lgani rost.

Uch yil muqaddam tashlangan qadam

Faoliyatning ikki qanoti bor, bu tashabbuskorlik va tashkilotchilikdir. Qolaversa, shu orqali taraqqiyotga zamin hozirlanadi. Bu esa so‘z va amalning birligi, qonun va islohotlarning bekamu ko‘st ijrosi bilan izohlanadi. Bu borada Prezidentimiz ibrat va o‘rnak bo‘lganiga shubha yo‘q.

Buni 2017 yil sentabrida, BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surilgan va amalga oshirilgan tashabbuslar misolida ham ko‘rish mumkin.

Barqaror taraqqiyot va tinchlikka xavf soluvchi har qanday kuchlarga qarshi hamjihatlikdagi harakat muhimligini Prezidentimiz uch yil oldin ta’kidlagan edilar. Afg‘oniston misolida bu masalaning muhimligiga jahon hukumat doiralarining e’tiborini jalb etgan edilar. Tinchlikka erishishning yagona yo‘li sifatida markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish lozimligini e’tirof etgan edilar. Bu borada qator amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilgani e’tiborga molik. Ayniqsa, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan harakatlar misolida 2018 yil 28 mart kuni «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi o‘tkazilganini ham misol sifatida aytish mumkin. Shuningdek, 2018 yil aprel oyida Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi Bosh assambleyaning 72-sessiyasi va BMT xavfsizlik kengashining rasmiy hujjati sifatida tarqatilgani ham muhimdir. Ayni paytda Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining ushbu fikrlari ham amalga oshirilayotgan ishlarning har tomonlama manfaatli ekaniga iqrorligini ifoda etadi: «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ikki yil avval o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi muhim voqea. Afg‘oniston muammosini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha siyosiy jarayonni boshlash manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi muloqotning o‘zaro maqbul shakllari va mexanizmlarini izlash jarayonida «boshlang‘ich nuqta» bo‘ldi».

2017 yilning noyabrida Termizda Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi ochilgani, Qobul-Toshkent-Qobul yo‘nalishi bo‘ylab to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilgani, 2018 yil oktabrda Termizda Afg‘onistonning Bosh konsulxonasi ochilganini, 2019 yil iyulda ikki mamlakat tarixida O‘zbekiston Bosh vazirining Mozori sharifga ilk tashrifi amalga oshgani, O‘zbekiston Surxon-Puli-Humri elektr uzatish liniyasini qurish bo‘yicha loyiha amalga oshirilayotganini, pandemiya davrida O‘zbek-Afg‘on chegarasi orqali Afg‘oniston hududida turli yuklar muntazam yetkazilayotgani, koronavirus pandemiyasi sababli O‘zbekiston Afg‘onistonga bir necha bor oziq-ovqat, kundalik zaruriy mahsulotlar dori-darmonlardan iborat insonparvarlik yordami jo‘natayotganini, 2020 yil avgustda Toshkentda O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha 10 yillik shartnoma imzolangani hamda O‘zbekiston-Mozori sharif-Qobul temir yo‘l liniyalarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga kirishilgani kabilarni tashabbus va tashkilotchilikning yorqin namunasi sifatida sanash mumkin.

Jahonshumul ekologik masalaga aylangan Orol muammosi haqida to‘xtalganlarida maxsus xaritani namoyish etish orqali o‘z fikr va takliflarini bildirgan edilar. Xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faol birlashtirish dengizning qurishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etish borasidagi muhim qadam bo‘lishini qayd etgandilar. Prezidentning shu kabi taklif va mulohazalaridan so‘ng bir qator ijobiy harakatlar sezildi. 2018 yil 27 noyabrda Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasi tashkil etilgani buning yaqqol misolidir. Orolbo‘yi inqirozidan jabr tortgan aholiga yordam ko‘rsatish bobida ham O‘zbekiston ibrat namunasini ko‘rsatgani rost. O‘zbekiston hukumati 2019-2020-yillarda Trast jamg‘armasiga hissa qo‘shishi rejalashtirilgan olti yarim million dollardan uch yarim millionini o‘tkazgani, shuningdek, Yevropa ittifoqi, Norvegiya, Finlyandiya, Koreya respublikalarining ham o‘ziga xos hissalari borligini ta’kidlash kerak. Bu borada BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish «Orol bo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik Trast jamg‘armasi mahalliy aholining turmush sharoitlarini sezilarli darajada yaxshilashga va barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirishga sezilarli hissa qo‘shadi. Trast jamg‘armasi qo‘llab-quvvatlaydigan dasturlar allaqachon mintaqada yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi, ularning 45 foizini ayollar tashkil etadi» — deya minnatdorchilik bildirgani ham e’tiborlidir. 28 ta mamlakatdan 250 ga yaqin ishtirokchi qatnashgan, 2019 yil 24-25 oktabr kunlari Nukusda «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi», deb e’lon qilish bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya ham o‘tkazilganini e’tirof etish o‘rinlidir. «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi» deb e’lon qilish bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish to‘g‘risida O‘zbekistonning taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Bu esa davlatimiz rahbarining qat’iy ishonchi va uzoqni ko‘ra bilish salohiyatining nishonasidir.

Prezidentimiz uch yil muqaddam ana shu yuksak minbardan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazish muhimligini ta’kidlagandi.

Davlat rahbari sessiyada BMT Bosh Assambleyasining «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyusiyasini qabul qilish taklifi bilan chiqqandi. Hujjatning asosiy maqsadi — barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat.

2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida islom dinining chinakam insonparvarlik mohiyatini targ‘ib qilish, bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlash maqsadida «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» maxsus rezolyusiyasini qabul qildi. Bu ham xalqi nomidan so‘zlagan Prezidentga ishonchning belgisi. Prezident taklifi asosidagi ushbu rezolyusiyani BMTga a’zo davlatlar bir ovozdan ma’qulladi. Hujjatda ma’rifat, tinchlik, inson huquqlari, bag‘rikenglik va do‘stlikni targ‘ib qilishning muhim roli ta’kidlangan. Dinlararo, madaniyatlararo, konfessiyalararo totuvlikni rivojlantirishga va shaxslarga nisbatan din yoki e’tiqod asosida kamsitishlarga qarshi kurashishga qaratilgan barcha xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslar mamnuniyat bilan qabul qilingan.

Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi takliflar ham reallashgani aniq. O‘zbekiston Prezidenti o‘sha nutqida «O‘zbekiston bugungi kunda o‘zining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqda», — deya ta’kidlagan edi. 2017 yil 10-11 noyabr kunlari Samarqandda «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» mavzusida xalqaro konferensiyaning tashkil etilishi, 2018 yil 22 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» rezolyusiyasining qabul qilinishi, O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyoning qo‘shni davlatlari bilan birgalikda ishlab chiqqan loyihasini BMT tarkibidagi davlatlarning barchasi bir ovozdan ma’qullashi O‘zbekiston xalqi va rahbariga bo‘lgan xayrixohlikning namunasi ekani ayon.

Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya eng muhim masalalardan biri. BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi «virusi» tarqalishining oldini olish ahamiyatini e’tirof etgandilar. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat — BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish taklifi mamlakatlar manfaati va kelajagi uchun qayg‘urish edi. Bu borada bir necha bosqichli amaliy harakatlar boshlab yuborildi.

Bir qator davlat organlari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va yoshlar NNT tashkilotlari, inson huquqlari sohasidagi milliy va xorijiy ekspertlar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgani, ishchi guruh xalqaro va mintaqaviy tajribalarni 50 dan ortiq davlatlarning yoshlar huquqlari bo‘yicha milliy qonunchiligini o‘rganib chiqqani, o‘rganishlar natijasi bo‘yicha Konvensiya loyihasi va unga hamroh materiallar to‘plami ishlab chiqilib, ular xalqaro hamjamiyat, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining keng muhokamasiga taqdim etilgani, Konvensiya loyihasi 40dan ortiq xalqaro forumlar va ekspertlar hamjamiyati yig‘ilishlarida hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilingani e’tiborlidir. Shuningdek, Konvensiya loyihasini muhokama qilish milliy darajalarda tashkil etilib, hujjat Oliy majlis huzuridagi Yoshlar parlamentlari tomonidan ko‘rib chiqilgani, Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya loyihasi videokonferensaloqa orqali 2020 yil 12-13 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan inson huquqlari bo‘yicha ikkinchi Samarqand veb-forumi davomida muhokama qilingani diqqatga sazovor.

Bu sa’yi harakatlar faoliyat davomida so‘z va ish birligini namoyon etibgina qolmay, balki jahon afkor ommasi va hukumat doiralarining tinchliksevarlik siyosati, madaniyati, diniy-ma’rifiy ong-u tafakkuri, istiqbol mezoni bo‘lgan yoshlarga bo‘lgan munosabatida hamkor va hamjihat bo‘lishga, birgalikda ish tutishga chorlashi bilan ahamiyatlidir.

Shu bois Prezidentimiz BMTning 75-sessiyasidagi nutqida bugungi vaziyatga baho berish va mamlakatlar taqdiri, manfaatlari borasida yakdil maqsad sari qadam tashlashdagi komil ishonch hamda ko‘ngil to‘qligi, yuz yorug‘ligi, dadillik, mulohazakorlik ruhini sezmaslik mumkin emas edi. Jahonning yuqori tashkilot va idora rahbarlari tomonidan tarixiy nutq sifatida e’tirof etilgan bu chiqishda dunyo mamlakatlari manfaatiga daxldor mulohaza, taklif va tavsiyalar hech kimni befarq qoldirmadi. Dunyoni tashvishga soladigan tabiiy ofatlar-u ijtimoiy xavflar davlatimiz rahbari e’tiboridan chetda qolmadi. O‘zbekiston misolida aytilgan bu fikrlar barcha jahon ahlini ham tashvishga solmasdan qo‘ymasligi ayon.

Jumladan, sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan keng qamrovli islohotlarning izchil amalga oshirilayotgani, Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga ko‘tarilgani, bu borada muhim qonun hujjatlari qabul qilinib, mustaqil tuzilma – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgani mamlakatimizda inson huquqlari borasidagi demokratik tamoyillarning amaldagi ifodasi ekani aniq. Dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida ham muhim muammolardan sanalgan iqtisodiy islohotlar masalasini jadal rivojlantirish, ayniqsa o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazgan pandemiya sharoitida buning dolzarbligi e’tirof etildi. Birinchi marta kambag‘allikni kamaytirish haqidagi qat’iy qarorni ochiq e’lon qilingani ham ta’kidlandi. Bunga tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, odamlarni yangi kasb-hunarlarga o‘rgatish va aholiga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish orqali erishayotganimiz ro‘yi rost e’tirof etildi. Shuningdek, mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etishi, Respublikamizda har bir yigit-qizning jamiyatda munosib o‘rin egallashi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilayotgani, jumladan, O‘zbekistonda Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat ko‘rsatayotgani e’tiborga molik.

Davlatimiz rahbari nutqida bayon etilgan ushbu takliflar bamisoli nishonga tekkan o‘qdek mohiyatga ega bo‘lib, dunyo ahlini hayratga soldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Oldingi sessiyada ko‘tarilgan masalalar borasida qat’iy harakat va amaliy ishlar bir muncha reallashdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish bo‘yicha taklif dadillik va o‘ziga xos jur’at bilan aytildi.

Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish zarurati bilan bildirgan takliflari ham mohiyat e’tibori bilan dolzarb va muhim.

Ayniqsa, ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash borasidagi da’vat ham ko‘pchilikka ma’qul keldi.

Qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazish ham kundalik masala sifatida ko‘ndalang turganini qayd etishlari ham o‘ziga xos jasorat bo‘ldi.

Prezidentimiz nutqidagi mazkur takliflar ham BMTga a’zo mamlakatlar hukumat doiralarining diqqatini tortdi. Qolaversa, bu nutqning eng muhim qismlari hamdir.

Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblarining bugungi inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan sammitni o‘tkazish bo‘yicha taklif to‘la ma’qullandi. Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT konvensiyasini qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirishlari ham diqqatga sazovor bo‘ldi.

Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish, mintaqaviy qo‘shma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani o‘tkazish takliflari mohiyat e’tibori bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Ayniqsa, Prezidentimizning 2021 yilda YuNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni o‘tkazishga O‘zbekiston tayyorligini e’lon qilishlarida nutqni ayricha zavq va diqqat bilan tinglayotgan ishtirokchilarning aksariyatida yurtimizga tashrif buyurish istagi paydo bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.

BMTga a’zo 193 ta davlatdan faqat ayrimlarigina ya’ni, mavqei yuksak mamlakatlarning rahbarlari so‘zga chiqqani va ular orasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ham borligi barchamizda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otgani rost. Muhimi, maqolamiz avvalida ta’kidlaganimizdek, doimiy harakat va faoliyat mezoni bo‘lgan tashabbuskorlik va tashkilotchilik fazilatlari bilan ajralib turadigan Prezidentimiz nutqidagi mamlakatlar manfaati, ularni o‘ylantirayotgan muammolarga yechim borasidagi aniq taklif va tavsiyalar jahon afkor ommasining diqqat markazida bo‘lgani va ma’qullangani bejiz emas. Ayni damda O‘zbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli sheriklikni, BMT va uning institutlari bilan amaliy muloqotni rivojlantirish uchun doimo tayyor va ishonchli, sadoqatli hamkor bo‘la olishi mumkinligini jahon afkor ommasi, xalqaro hamjamiyat davlat rahbarining mulohazakorligi, oqilona va odilona siyosat yuritishidan his etdi, deyish mumkin. Uzoqni ko‘zlovchi strateg sifatida notiqlik san’atining siyosiy-ijtimoiy, akademik notiqlik turlariga xos bo‘lgan barcha talab va qoidalar ularning chiqishlarida to‘la namoyon bo‘ldi. Strategik maqsadni amalga oshiruvchi taktik vosita, ta’sirchan mexanizm bu o‘zbek tilida qilingan nutqning imkoniyatlaridir. Bugungi texnologiya qaysi tilda bo‘lmasin, oltita dunyoviy tilga bir zumda o‘girib yetkazish imkoniyatiga ega. Til taktikasi taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan va innovatsion mexanizmi ekani Prezidentimiz nutqi misolida yana bir bor o‘z bo‘yini ko‘rsatdi.

Prezidentning jahonning Oliy minbaridan turib qilgan nutqi o‘zining kompozitsion qurilishi, masala va takliflarning qo‘yilishidagi mantiqiy izchillik, dolzarb muammolarning ko‘tarilgani bilan xarakterlanadi. Ko‘tarilgan muammo va takliflarni 16 daqiqaga joylashning o‘zi ham yetuk tajriba va mahorat belgisi.

Muhimi, Prezidentimiz o‘zbek tilida nutq irod qilar ekanlar, xalqimiz tabiatiga xos bo‘lgan bag‘rikenglik va mehridaryolikni, va’daga vafodorlik, oqibatlilik, do‘stona qadr-qimmat, hamjihatlik va adolatparvarlik xislatlarini namoyon etdilar. Notiq, nutq, mantiq tushunchalarining o‘zaro uyg‘unligi, fikrni bayon etishdagi o‘ktamlik va ishonch, ovoz tembridagi yoqimlilik, tafakkur ildamligi va sur’ati, o‘zbek tili imkoniyatlaridan keng foydalanilgani, urg‘u, pauza va intonatsiya nutqqa ko‘rk, ruh va mazmun baxsh etgani aniq. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 40 yildan beri taqdir taqozosi bilan Amerikada yashaydigan o‘zbek yigitining aytgan ushbu fikrlarida ham jon bor. «Prezidentning yuksak minbar orqali o‘zbek tilidagi jarangdor va ohangdor, yoqimli ovozi bizni ruhlantiribgina qolmay, balki, o‘zimiz tug‘ilib o‘sgan yurtimizga bizni olib borib kelganday bo‘ldi. Shaxsan men ovoz ohangida kelajakka ishonchni, o‘zbekona nafas va o‘ktamlikni sezdim. Qiziq jihati shundaki, o‘zbek tilini umuman bilmaydigan qo‘shnim ingliz fuqarosi ham men bilan birga nutqni diqqat bilan kuzatib o‘tirgach, “Bravo!” deya bosh barmog‘ini tikka qildi. So‘rasam, ovoz ohangi va tiniq talaffuzga mahliyo bo‘lganini aytdi.»

O‘zbekning o‘zligini o‘z ona tiliga bo‘lgan mehridan izlash o‘rinli ekani isbotlandi. Davlatimiz rahbarining o‘z ona tilida so‘zlashlari dunyo xalqlari tasavvuri va tafakkurida mamlakatimiz mustaqilligini ich-ichidan tan olishi va qayta iqror bo‘lishiga bois bo‘ldi. Turkiyada chop etiladigan «Jumhuriyat» gazetasi o‘zining 21 sentabr sonida «O‘zbek tili BMTda» sarlavhali maqolaning e’lon qilishi ham xalqimiz va yurtboshimizga hurmati yana bir qadar oshganining kafolatidir. «Prezident Shavkat Mirziyoev BMTning Bosh assambleyasida hamkorlik marralari, umidlari va mamlakatning tinchlikparvar maqsadlarini ilk bor Navoiy tilida dunyoga xitob qiladi», — deyiladi o‘sha matbaa nashrida. O‘zligimiz va so‘zligimizga e’tiborimiz o‘zga xalqlarning ham xursandchiligiga sabab bo‘ldimi, demak, bu ular bilan turli sohalar bo‘yicha munosabatlarimizga mustahkam ishonch ko‘prigi o‘rnatildi deganidir.

Zeroki, Prezidentimizning millatimiz ruhi va ko‘rki bo‘lgan davlat tili haqidagi bir qadar islohotlari, o‘zbek tilining nufuzi va mavqeini oshirishga xizmat qilgani quvonarlidir. Oliy minbardan dunyo mamlakatlari va vatanimiz manfaatlaridan kelib chiqqan holdagi nutqlari davlat tilining o‘rni borasida qilayotgan xayrli harakatlarining amaliy ifodasi bo‘ldi. Qolaversa, o‘zligini anglagan, jahonga yuz tutgan, jahon tanigan va tan olgan mamlakatimiz chinakam ma’noda «Uchinchi renessans» davriga qutlug‘ qadamini qo‘yganining nishonasi ham bu.

Rahimboy JUMANIYoZOV,

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini 

mexanizatsiyalash muhandislari instituti 

matbuot xizmati rahbari

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.