ERKIN A’ZAM USLUBINING O’ZIGA XOSLIGI VA YUMOR
filologiya fanlari doktori, professor (BuxDU)
tel: 91-4026654; e-mail: axxxmedova@mail.ru
Hajviy ruh, ramziylik, nozik kinoya va yengil yumorga asoslangan ifoda uslubi yozuvchi Erkin A’zam ijodi uchun xos bo‘lgan xarakterli xususiyatlardan biridir.
Yumor voqelikni ob’ektiv tasvirlashga, asarga hayotbaxsh ruh berishga, shu bilan birga, kitobxonga badiiy-estetik zavq bag‘ishlashga, ayni paytda, uni tarbiyalashga, o‘z navbatida yozuvchiga hayot qusurlari haqida samimiy, do‘stona so‘zlashga imkon berishga yo‘l ochadi. Kulgi yaratish yozuvchidan so‘zamollik, adabiy va jonli til hamda xalq og‘zaki ijodi imkoniyatlarini mukammal bilish mas’uliyatini talab etadi. O‘z o‘rnida qo‘llangan yumor asar uchun poetik jilo hisoblanadi.
Erkin A’zam ijodida yumor turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Ba’zida muallifning o‘z tilidan keltirilgan so‘z, ibora hamda maqol va matallarda, boshqa paytlarda personajlarning o‘zaro muomala-munosabatlarida, ba’zida ularning turq-tarovat va xatti-harakatlarida, yana ba’zan, qahramonlarning atrofdagi boshqa kimsalarga bergan baholarida yumor zohir bo‘ladi. Ijodkorning “Otoyining tug‘ilgan yili” qissasidan tortib, mustaqillikdan keyingi davrdagi ijod namunalarida ham yozuvchi uslubining ana shunday rangin qirralari namoyon bo‘ldi.
Adib mustaqillik davridan keyin faol ijod bilan shug‘ullandi. “Shovqin” romani, “Pakananing oshiq qo‘ngli”, “Chapaklar yoxud chalpaklar mamlakati” qissalari, “Aralashqo‘rg‘on”, “Yozuvchi” hikoyalari, “Jannat o‘zi qaydadir yoxud Jiydalidan chiqqan Jo‘raqul”, “Tanho qayiq yoxud devonaning orzusi” dramatik asarlari va shuningdek, bir qancha kinoqissa va ssenariylari bilan yangi davr san’ati va adabiyoti xazinasini boyitishga xizmat qildi.
Nasriy asarlari, xususan, qissalarida ijodkor uslubiga xos ramziylik, falsafiylik, kinoyaviylik serjilo tovlanishlari bilan namoyon bo‘lib, ijodkorning g‘oyaviy maqsadi va ifoda etilgan voqelikning haqqoniy manzarasini ochishga xizmat qildi. Bu borada adibning “Pakananing oshiq ko‘ngli” qissasi ayniqsa diqqatni tortadi. Chindan, “Bu – o‘ziga xos, ichki ziddiyat, murakkablik, qiziqarli tafsilotlarga boy asar. Pakananing sirti, tashqi ko‘rinishi hazil-mutoyibaga tortadi, hangomabop. Bo‘yning kaltaligi haqidagina shuncha ko‘p gapni o‘ziga xos uslubda gapirib berish mumkin ekan-da. Pakananing uylanishi, ota bo‘lishi – alohida hangoma. Pakana va rassomlik. Bu jabhadagi intilishlar… Nihoyat Pakanananig oshiq ko‘ngli tasviri: serjilolik, sertuyg‘ulik… Pakananing shirin orzulari… Xayoldagi malaklaru hayotdagi jo‘n, tashvishband ayollar… Xullas, yozuvchi Pakana haqida pishiq-puxta asar yaratgan”[1].
Asarda tabiatan zaifroq va past bo‘yli qilib yaratilgan inson Pakana obrazi qalamga olinadi. Yozuvchi uni jismiga mutanosib kelmaydigan ichki olamini parallel tasvirlab borish yo‘lini tutadi. “Aksiga — notavon bu ko‘ngil go‘zallikka behad oshufta, o‘ta sevuvchan, mehru muhabbatga tashnai zor edi”[2], deya ta’kidlanadi asarda. Pakana hamisha yuqoriga intilish barobarida mukammal ma’noda yuksalib ham keta olmaydi. U go‘zallikka oshufta ko‘ngli bilan iste’dodining rangin qirralarini namoyish etishga intilar ekan, oqibatda barchasining tanazzuliga yana o‘sha pakanaligini sabab deb biladi. Barcha omadsizliklarining asl manbaini jismoniy kamchiligi bilan behad darajada bog‘lab qo‘yadi.
Asarda Pakana hamisha tashqi ko‘rinishi jihatidan o‘ziga munosib kelmaydigan sarvqad qizlarga muhabbat qo‘yadi; o‘z iste’dodi, imkoniyatlarini yuzaga chiqarishning xilma-xil yo‘l va usullari oldida turgani holda ularni ko‘ra olmaydi, balki jismoniy nuqsonidan xalos bo‘lish yo‘llari to‘g‘risida ortiq darajada bosh qotirish bilan band bo‘ladi. To‘g‘ri, bu ham aslida hayot haqiqatiga mos keladi. Chunki har qanday inson jismonan barkamol, barchani mahliyo etadigan tarovatga ega bo‘lishni, tabiiyki, ich-ichdan istaydi. Biroq unga erishish uchun haddan tashqari berilish boshqa masala. Qissada yozuvchi ana shunday hayotiy haqiqatdan badiiy haqiqat hosil qilishga kirishar ekan, turli-tuman poetik usul va vositalardan foydalanadi. Natijada o‘ziga xos qiyofa va xarakterga ega bo‘lgan badiiy timsol olami ko‘z oldimizda butun murakkabligi va yorqinligi bilan namoyon bo‘ladi.
Asarda aks etgan kulgining ko‘lami keng va rang-barang. Yozuvchi yumoristik ifodalarning turli-tuman usullarini ishga soladi. Beozor yumor kitobxonning chehrasida tabassum uyg‘otadi. Biroq ayni paytda bu kulgi achinish, qahramon qismatiga biroz xayrixohlik tuyg‘ulari bilan ham omuxtalashib ketadi.
“Yumoristik tasvirlashda salbiy hodisalarga o‘tkir baho berilmaydi, shunday bo‘lsa-da, uning g‘oyaviy-tarbiyaviy ahamiyati kattadir”[3]. Chindan, ushbu asarda yetakchi poetik vositaga aylantirilgan yumorning axloqiy-tarbiyaviy ahamiyati salmoqli hisoblanadi. Inson pakana, daroz, puchuq, duduq va hokazo juda ko‘plab kamchiliklarga ega bo‘lishi mumkin. Biroq u o‘zidagi ana shunday jismoniy nuqsonlardan ustun kela olish kuchini namoyon qilganligi bilan qudratlidir. Uning ma’naviy ustunligi jismoniy nuqsonidan ko‘ra ko‘zga yaqqolroq tashlangachgina, jisomoniy nuqson tabiiy ravishda hukmronlik mavqeini parallel tarafga bo‘shatib beradi.
Adib Pakana xarakterini yorqin ochib berishda turli-tuman badiiy usul va vositalardan foydalanadi. Masalan, Pakana Safsarni uchratganida “Dunyomiding, ro‘yomiding, bilmadim” yoki Safsarning Nurali ismli rassom bilan ishlayotganligidan alamlanganida “ammo sen o‘zgalar bazmi ila band”, yoxud Safsar rasmini chizdirish uchun nihoyat kelganida “Va’daga vafodor malak” kabi poetik uslubga xos ifodalar keltiriladiki, ushbu holatlar yozuvchining o‘ziga xos usulibiga aylanganligini ko‘rsatadi.
Asar yumorga nihoyatda boyligi bilan ajralib turadi. Eng avvalo, ko‘zga tashlanadigan xususiyat, muallifning bayon uslubidir. Hikoyachi hazilga, kinoya va beozor kulgiga yug‘rilagan bayon va ifoda tarzi bilan kitobxonga yaqinlashadi. Hikoyachini tinglash oqibatida tabiiy ravishda kitobxon chehrasida kulgu zohir bo‘ladi va uning so‘zamolligi, hazilkashligi, ayni paytda o‘tkirligi va faylasufligi beixtiyor diqqatni tortadi.
Ijodkor personajning tashqi qusurlarini tasvirlash orqali ham kulgi uyg‘otishga harakat qiladi. Jumladan, asardagi obrazlarning, ayniqsa, yetakchi qahramon tashqi qiyofasi tasvirida yumoristik bo‘yoqlarning kuchliligi ko‘zga tashlanadi. “O‘zini barvastayu basavlat deb bilmasa-da, har qalay, xiylagina ulug‘vor hisoblardi (ko‘nglida, albatta). Yurganda jussasiga yarasha pildirabgina yurmay, salmoq bilan, butini yirtgudek yirik-yirik qadam tashlar, gapirganda mavrid-bemavrid so‘lish olib, salmoq bilan, ta’sirchanlikka intilibmi yoki diqqatni tortish uchunmi, xuddi maxfiy bir sinoatni ochayotganlek pichirlab gapirar edi”[4], deb ta’riflash bilan harakat kulgisini yaratib, asar boshidayoq kitobxon ko‘z o‘ngida ajabtovur bir qiyofa yaratadi.
Qissada qo‘llanilgan poetik usullardan yana biri zid qo‘yish asosida fikrni va tasvirni quyuqlashtirish, mubolag‘ani kuchaytirib borish orqali kulgini kuchaytirishdir. Ushbu usul asarning boshidan oxiriga qadar yetakchilik qiladi. Pakananing tashqi qiyofasi va ichki olamini zid qo‘yish asosida komik ruh kuchaytirilib boriladi: “Aksiga — notavon bu ko‘ngil go‘zallikka behad oshufta, o‘ta sevuvchan, mehru muhabbatga tashnai zor edi. Ko‘ngil daftarining ana shu qismi o‘zi bir doston. Uni varaqlamaslik, uni mensimaslik — shundoq ham kam-kemtik Pakanani battar kamsitish, yerga urish bilan barobar; bu tarixsiz uning hayoti g‘arib, o‘zi esa qiyomat Pakana emas, oddiy bir bo‘yi past-pachoq kimsa bo‘lib qoladiki, unaqalar olamda son-mingta, har birini ta’riflamoqqa bu tanbal qalamga so‘z qani, siyoh qani!”[5], deb ta’kidlanadi qissada. Demakki, yozuvchining tasviriga ko‘ra qahramon o‘zi pakana bo‘lsa-da, oshiq ko‘ngli baland; o‘zi pakana bo‘lsa-da sarvqad qizlarni yoqtiradi. “Yo‘q-yo‘q. Boshimiz kal bo‘lsa ham ko‘nglimiz nozik”, deb ta’kidlaydi u.
Qissada qo‘llanilgan yana bir poetik usullardan biri parallel tasvirlash orqali yumorni yuzaga keltirishdir. Qahramonning xilma-xil sarguzashtlarga boy pakanaligi tarixi haqidagi kulgili voqealar xikoya qilib borilar ekan, buning ustiga uning tepakalligi ham ko‘shiladi. Yozuvchi uning tashqi tomonidagi qusuriga ma’naviy jihatdan boyligini zid qo‘yadi, ya’ni qahramon ichki va tashqi qiyofasini kontrast qo‘yish orqali yanada bo‘rttirib boradi. Pakanaligi, tepakalligi va bunga zid bo‘lgan oliy belgisi – nafis qalbi uni kulgili, ayni paytda ko‘p ayanchli holatlarga tushiradi.
Ijodkor yumorni yuzaga keltirishda yangidan-yangi ifoda vostalaridan foydalanib boradi. Asarning ayrim o‘rnilarida tabobat usullaridagi tavsiyalarni yumorga yo‘g‘rilgan holda qo‘llanilishi holati kuzatiladi. Masalan, Pakananing bo‘yini o‘stirish uchun qo‘llagan davo usullari haqida hikoya qilarkan, shu jarayonda ko‘pgina tabobat kitoblaridagi tavsiyalar keltiradiki, ushbu tavsiyalar ham aynan asardagi holatiga ko‘ra kitobxonda kulgu uyg‘otishga xizmat qiladi: “Ko‘hna tabobat kitoblarida bitilganidek, “Bir hissa sariq halilaga qizil balilani qo‘shib, bir chimdim omila, bir misqoldan makkai sana va toshbaqa safrosiga aralashtirib, ustiga bir paysadan shakokul urug‘i, seylon dolchini va boqilma sepib, so‘ng bir diram Abu jahl tarvuzining danagini tuyib, piyozchasi o‘n yillik nargis suvida qaynatib laylatulqadr kechasi tanovul qilinsa…”[6] tarzidagi tavsiya keltiriladiki, bu beixtiyor o‘quvchining kulgisiga bois bo‘ladi.
Yozuvchi uning mo‘y o‘stirish bilan bog‘liq qiziqishlari doirasini kulgili holatlar tasviri bilan kengaytirib boradi: “Bir gal televizorda ko‘rsatildi. Amriqolik bir afandi tepakal boshini sigirga yalatar ekan, gurkirrab jingalak soch o‘sib chiqibdi. Pakana o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Yaltirbosh bir davangir cho‘zilib yotibdi, govmish kelib yalayapti”[7].
Adibning kulgi hosil qilishda qo‘llagan muhim poetik usullaridan yana biri xalqning bebaho xazinasi bo‘lmish maqol, matal va iboralardan o‘z o‘rnida foydalanish orqali yuzaga chiqadi. Xalqona va yengil yumorga yo‘g‘rilgan maqol va matallar asar tilining jozibadorligini ta’minlovchi muhim vositalardan biri sifatida ko‘zga tashlanadi. Masalan, “Notavon ko‘ngilga qo‘tir jomashov”, “Toqqa chiqmasangiz, do‘lona qayda”, “Nomi ulug‘ – suprasi quruq”, “Oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ich”, “O‘g‘rini qaroqchi urib turgan bo‘lsa”, “Tizzasi yirtiq ishtoni yo‘qqa kulgandek bo‘ladi”, “Holvani hokim yer” kabi.
Adib maqol va iboralarni bir o‘rinda uyushgan holda qo‘llash asosida ham yumor hosil qiladi. Masalan, Pakana oh-voh chekib yurgan qizlarning boshqa birov bilan ketib qolishi haqida so‘z yuritar ekan, yozuvchi “Zikrxona bu yoqda-yu, halimxona u yoqda. Suv keltirgan xor-zor-u, ko‘za sindirgan aziz. Ayshni nodon surib, kulfatni dono tortadur”[8], tarzida mazmuni bir-biriga yaqin bo‘lgan maqollarni yonma-yon qo‘llash orqali Pakanadagi ham kulgili, ham ayanchli holatni tasvirlashga muvaffaq bo‘ladi.
Yozuvchining o‘xshatishlari, umuman, poetik ifodalari zamirida ham kulgi hosil qilishga intilish yotadi. Masalan, Pakananing tovushi haqida gapirilarkan, qissada “baayni chala puflangan surnay”, yoki uning kasalxonada Levon amakini uqalashi haqida so‘zlarkan, “Pakana bir qop go‘shtni alohida hafsala bilan uqalay boshladi”, uning ko‘ngli yildan yilga so‘lish o‘rniga alangalanib borayotganligi haqida aytarkan, “Notavon ko‘ngilga qo‘tir jomashov”, ijodga berilib toliqqanligi ta’kidlanarkan, “Pakana pakkaga yetgan uloqchi otdek sulayib” kabi poetik ifodalarni keltiradiki, bular yozuvchining yumor yaratishdagi o‘ziga xos mahoratini namoyon etib turadi.
“Yumor o‘z ob’ektida qisman bo‘lsa-da idealga muvofiq jihatlarni ko‘radi, uni mukammallashtirish, nuqsonlarini bartaraf qilish, undagi umuminsoniy qimmatga molik jihatlarni yuzaga chiqarish maqsadini ko‘zlaydi. Shuning uchun yumorda tanqid ruhi, nuqsonlar ustidan kulish bilan birga xayrixohlik, achinish xam mavjud”[9]. “Pakananing oshiq ko‘ngli” qissasida ham yetakchi obraz tasvirida hazil, mutoyiba, ayrim hollarda kinoyaviylik bilan bir qatorda xayrixohlik, insonga xos nuqsonlarni bartaraf qilish maqsadi yo‘lidagi harakat seziladi. Shu boisdan ham asar qahramoni kulgiga yo‘g‘rilgan holda tasvirlanishidan qat’i nazar to‘la-to‘kis kitobxonning nafratini uyg‘otmaydi. Asardagi epizodlarda yozuvchi uning xarakteriga xos bir talay ijobiy jihatlarni ham parallel tarzda havola etib boradi: ijrada turgan xonadonidagi chol-kampirga beminnat yordam berishi; Arofatga ko‘ngli bo‘lmasa-da, uning qiyin ahvolga tushib qolganini ko‘rgach, o‘zinining aybini tushunib yetishi va unga xayrixoh munosabatda bo‘lishi; yengiltabiat ayol Qamara opadan hazar qilishi va hokazo jihatlar ushbu timsolga nisbatan kitobxonning murakkab bir munosabatini uyg‘otadi: ajablanish, xayrixohlik, achinish va shuningdek, qahramon hayotining to‘g‘ri o‘zanini topib olishiga umidvorlik va hokazo tuyg‘ular qurshab oladi.
Qissada diqqatni tortadigan yana bir muhim xususiyat yozuvchining yumoristik xarakter yaratishda uning ruhiyati tasviriga alohida ahamiyat berishida namoyon bo‘ladi. Yumoristik asarlarning ko‘pchiligida qahramonni tashqi tarafdan kuzatishga muvaffaq bo‘lamiz, uning nuqsonlaridan kulamiz, unga achinamiz. Ammo ushbu asarda qahramon ichki olamining butun murakkabligi bilan namoyon bo‘lib, kitobxonni o‘ziga jalb etadi. Masalan, quyidagi parchani ko‘zdan kechiraylik: “O‘zida paydo bo‘lgan tag‘in bir odatni sezib qoldi. Kim bilan yonma-yon turmasin, beixtiyor zimdan bo‘y o‘lchashar ekan: yelkasidan kelamanmi, tirsagidan? Jamoat orasida, ko‘cha-ko‘yda ham goho tevaragiga razm solib qoladi. Tavba, hammasining bo‘yi baland-a! Xudo shunday ham uradimi odamni?!”[10]. Ko‘rinyaptiki, jismoniy nuqsoni qahramon ruhiyatiga shu darajada kuchli ta’sir etganki, u butun olamni o‘zidagi ana shu kamchilik yuzasidan o‘lchaydigan bo‘lib qolgan. Demakki, u kuchli ruhiy iztiroblar og‘ushida qolgan. Shu boisdan ham uning hayoti ana shunday og‘riqli muammolar girdobida aylanib, undan chiqib ketish uchun yo‘l topishga qiynalmoqda. Yozuvchining xarakter yaratishdagi mahorati qahramonning ruhiy olami, ichki dunyosi tasviriga yetarlicha o‘rin ajratganligi bilan ham belgilanadi.
Qissada hikoyachi tilidan keltirilgan quyidagi qarashlar asarning yetakchi g‘oyaviy mazmunini to‘laqonli tushunishga yordam beradi: “Aslida-ku, gap sochda ham emas, bo‘yda ham emas. Zo‘r bo‘lsangiz — pakanamisiz, novchamisiz yo tepakalmisiz, jingalaksochmisiz — ahamiyati yo‘q. Noshud-notavon bo‘lsangiz esa — bari bahona. Qisqasi, gap omadda. Gap ko‘ngilda, ko‘ngilning to‘qligida. Yigit kishining omadini bersin deng. Omadi yor odam qiyofasidaga uncha-muncha qusurga parvo qilmaydi. Buni tabiatning ishi deb, ortiq bosh qotirmaydi. Negaki, bunga vaqt sarflasa, shu bilan mashg‘ul bo‘lsa, omad ketib qoladi. Uni tutish esa oson emas. Omad yurishmasa, bir quchoq soch ham, terakdek qomat ham bir pul, quruq sumbat, xolos. Bo‘yni xudo beradi, soch — boshdagi omonat mo‘y, ertami-kechmi, hammadayam to‘kilishi mumkin. Buni debgina qayg‘urmoq — umrning zavoli. Darvoqe, tepakallik ham husn, soch taramasining bir turi, xolos, degan tushuncha bor. Ba’zilarga yarashganini ayting! Bilsangiz, mashhur kishilar pakana bo‘ladimi, tepakal bo‘ladimi, baribir, ko‘zga issiq ko‘rinaveradi. Shu nuqsonlari ham yoqimli, jozibali, hatto suyumli tuyuladi”[11]. Ushbu qarashlar asarning yetakchi g‘oyaviy asosini tashkil etadi. inson katta-kichik jismoniy nuqsonlarini bartaraf etish ustida emas, balki o‘z iste’dodi, tajribasi, imkoniyatlarining boridan unumli foydalanib, o‘zi, qolaversa, insoniyat taraqqiyoti uchun xizmat qilish to‘g‘risida ko‘proq bosh qotirsa, uning jismoniy ayrim kamchiliklari sezilarsiz darajaga ega bo‘lishi haqidagi qarashni asardan kelib chiqadigan asosiy xulosa deb hisoblash mumkin. Demakki, asar qahramoni Pakana bo‘y va mo‘y o‘stirish ishiga ortiq darajada berilmasdan, balki boshida ko‘plarni lol qoldirgan rassomchilikdagi iste’dodini rivojlantirishga bel bog‘laganida, balki muammolar o‘z-o‘z o‘zidan bartaraf bo‘lib borar edi. Asar kitobxonda ana shuning kabi xilma-xil xulosa va qarashlarni uyg‘otishi mumkinligi bilan e’tiborni tortadi.
Umuman, olganda, yozuvchi Erkin A’zam “Pakananing oshiq ko‘ngli” asari bilan mustaqillik davri qissachiligida hajviy yo‘nalish taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shdi. Qolaversa, adib ushbu asarida mukammal darajadagi yumoristik xarakter yaratish mahoratini namoyon etdi.
Adabiyotlar:
- Axmedova Sh. Yumor jilolari. – T.: Fan, 1998. – 48 b.
- A’zam E. Pakananing oshiq ko‘ngli. – T.: Ma’naviyat, 2001. – 208 b. / Internet sayti: www.ziyouz.com kutubxonasi.
- Rasulov A. Jasur qalam sohibi. // Sharq yulduzi, 2010. – №5. – B.68-75.
- Quronov D., Mamajonov Z., Sheralieva M. Adabiyotshunoslik lug‘ati. – T.: Akademnashr, 2013. – 408 b.
BUYuK AJDODLARIMIZDAN O‘RGANAYLIK!
Shoira Nematovna Axmedova, O‘zMTDP Buxoro viloyati Ijroiya qo‘mitasi raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha muovini, filologiya fanlari doktori, BuxDU professori
O‘zbek ayoli haqida gapirganda, eng avvalo, oila ko‘z oldimizga keladi. Chunki o‘zbek ayolini oilasiz, farzandlarsiz tasavvur qilish qiyin. Bu degani ayol faqat oila, bola bilan shug‘ullanadi, degani emas. Xalqimiz uchun muqaddas bo‘lgan oilani hayotimizning tayanchi deb bilamiz. Oilaning sog‘lomligi, bag‘rining butunligi ayol — Ona bilan bog‘liq. Zero, oilaning tinchligi va farovonligi, ertaning egasi oqil farzandlar tarbiyasi ayolga bog‘liq. Shuning uchun “ayolni ulug‘lash oilani, hayotni, Vatanni ulug‘lash demakdir. Bu haqiqat har birimizning dilimizga jo bo‘lishi, barcha xayrli ishlarimizning mezoniga aylanishini istardim”, — degan edi birinchi Prezidentimiz. Shonli tariximizga nazar tashlasak, sohibqiron Amir Temur ham ayollarga nisbatan mehribon, o‘ta shafqatli bo‘lganlarini ko‘ramiz. Hayotda ayollarning o‘rniga alohida ahamiyat qaratganlarki, shuning uchun ham farzandlar, nevaralar tarbiyasini oqila Saroymulkxonim tarbiyasiga ishonib topshirganlar.
Qutlug‘ tavallud kunlarini nishonlaganimiz Hazrati mirzo Bobur ham buyuk bobosi Amir Temur an’analarini har tomonlama davom ettirganini ko‘ramiz. Ayniqsa, uning ayollarga ehtiromi bo‘lakcha ekani ko‘zga tashlanib turadi. “Boburnoma”ni o‘qiganda kitobxonning ko‘z oldida o‘sha davrning ulkan shaxsi, siyosiy arbobi gavdalanadi. Shu bilan birga tabiat va hayot oshig‘i, o‘zbek va fors mumtoz adabiyotini o‘zlashtirgan talantli shoir, xato va kamchiliklarini halol bo‘yniga oluvchi mard, o‘z davridagi shoirlar ijodiyotiga keskin baho bera oladigan bilimdon tanqidchi, o‘zbek adabiy tilini xalq tili qolipiga solishga astoydil uringan ziyrak adib, mustahkam davlat qurish yo‘lida qiyinchiliklardan qo‘rqmaydigan jasur, shu bilan birga Ayolni hurmat qiladigan, uning qadriga yetadigan olijanob qalb egasi sifatida ham hayratga soladi. Shuning uchun “Boburnoma” ayolni sevishni, qadrlash ilmini ham bizga o‘rgatadi.
Onasi oqila va mehribon Qutlug‘ Nigorxonim, aqlli va tadbirkor, bir kentni boshqarishga kuchi yetadigan mulohazakor buvisi Eson Davlat begimning tarbiyalarini olgan Boburning yosh qalbida Ayolga bo‘lgan yuksak hurmat juda erta o‘sgani ma’lum. Onasi haqida “Boburnoma”da: …Maning volidam Qutluq Nigorxonim edi. Aksar qazoqliklarda va fatarotlarda maning bilan billa edilar. Kobulni olg‘andin besh-olti oy so‘ngra, tarix to‘qquz yuz o‘n birda Tengri rahmatig‘a bordilar” deb yozadi. “Yulduzli tunlar”da opasi Xonzoda begim uchun iztirob chekib, guldek opasining keksa Shayboniyxonga xotin bo‘lishga rozi bo‘lganligidan qalbi larzaga kelgan Bobur hatto mag‘lubiyatga, o‘limga ham rozi bo‘lgani tasvirlarini eslaylik: “Mening mag‘lubiyatim sizni ilojsiz qoldirgani rost. Lekin iningiz hali tirik. Men asir tushmoqchi emasmen.Bir o‘lim bo‘lsa, hamma vaqt bor.Ajal yetmagan bo‘lsa, sizlarni olib chiqib keturmiz. Kunim bitgan bo‘lsa, ilkimda qilich bilan jon beremen.Ana undan keyin rizolik bersangiz mayli. Unda hech kim “o‘zi omon qolib, egachisini qurbon qildi” deyolmas.Menga bunday malomatdan o‘lim afzal. Rizo bo‘lmang”.(“Yulduzli tunlar”.226-bet).
Boburning qizi Malika Gulbadanbegim “Humoyunnoma” asarida otasining bu xislatlari, atrofidagi ayollarga e’tibori balandligi, mehribonligi haqida yozadi: “O‘n beshta podshohning xazinasi otam hazratlarining qo‘liga tushdi. Hind amirlari o‘tgan podshohlarning xazinasini birovlarga bo‘lib berish janjalga sabab bo‘lishi mumkin, deb e’tiroz bildirishgan ekan. Otam hazratlari Xoja Kalon bekka shunday deb tayinlabdi: “Siz bu sovg‘alarni keksa amma va xolalarimga, opa-singillarimga va haramdagi har bir ayolga olib olib borib berasiz. Men sizga ro‘yxat qilib beraman va siz shu ro‘yxat asosida sovg‘alarni tarqatib berasiz, Siz devoni om turgan bog‘da har bir malika uchun maxsus uy qurdirasiz, uning devorlarini yaxshilab bezatasiz va ziyofat uchun mo‘ljallangan joy tayyor bo‘lgach, ular ana shu ziyofat uyushtirib, g‘alabamizni nishonlaydilar va bizning haqimizga duo qiladilar.
Har bir malikaga Sulton Ibrohimning raqqosa qizlaridan bittadan kanizak, bir tovoqda qizil la’l, dur va gavhar, olmos hamda ikkitadan patnisda Yoqut va zumrad kabi qimmatbaho toshlar, shuningdek, har bir turi to‘qqiztadan bo‘lgan kuylak va sarpolar berildi.
Opa- singillarim va ularning bolalariga, qarindoshlarimiz haramidagi ayollarga, boshqa malikalarga, uy bekalariga, enagalarga va ko‘kaldoshlarga ularning ayollariga, umuman, kim o‘sha yerda turib bizni duo qilib turgan bo‘lsa, hammaga ulush berildi”.
Ko‘rinadiki, Bobur mirzo ayollarni juda qadrlaydi, doim ularning hurmatini joyiga qo‘yishga harakat qiladi. Yana bir misol, Gulbadanbegimdan: Bobur mirzo yaqinlarini Kobuldan Agraga kelishlarini so‘raydi. Olti yoshli Gulbadanbegim “onam hazratlari” deb e’zozlaydigan Mohim begim bilan Bog‘i Zog‘on bog‘iga kelganlarida bizni otam hazratlari yuborgan ikki taxtiravon va uch otliq kishi kutib oldi deb yozadi. “Biz shoshilinch tarzda yo‘lga tushib, Kuyildan Agra tomon yo‘l oldik. Otam bizni kutib olish uchun shu boqqacha kelmoqchi bo‘lib turgan ekan. Shom namozi paytida kimdir kelib: “Men malika hazratlarini bu yerdan to‘rt milcha masofada kelayotganda yonidan o‘tib, ildam yurib keldim” debdi. Podshoh otam otini egarlab kelishlarini ham kutmay, yayov yo‘lga chiqibdilar. U kishi bizni, bizga ajratilgan uy oldida kutib oldilar. Onam hazratlari taxtiravondan tushmoqchi bo‘lganlarida, u kishi buni kutmay, bizga qo‘shilib, bizni o‘z uylari tomon yetakladilar”.
Boburning muhabbati shu darajada kuchli, qalbi mehrga to‘la ediki, sevgan yori uchun jonini fido etishga tayyor va buni ruboiylarida haroratli misralarda shunday ifodalagan edi:
Sen gulsen, men haqir bulbuldurmen,
Sen shu’lasenu ul shu’laga quldurmen.
Nisbat yo‘qtur deb ijtinob aylamakim,
Shohmen elga, vale senga quldurmen.
Yoki uning farzandlariga bo‘lgan mehri muhabbatidan ham “Boburnoma”, “Humoyunnoma” saboq beradi. Gulbadanbegimdan: “Men podshoh otamning oyoqlari ostiga o‘zimni tashladim. Otam mendan ko‘pgina savollar so‘radilar va meni bag‘riga bosib, ancha vaqt quchog‘ida olib o‘tirdilar. Men faqir bunday mehribonchilikdan shunchalik o‘zimni baxtiyor sezardimki, undan ortig‘ini tilash insofdan bo‘lmas edi”.
Hind xalqining ulug‘ farzandi, yirik davlat arbobi Javoharla’l Neru Bobur mirzo va boburiylarning faoliyati haqida to‘xtalib: ” Bobur dilbar shaxs, Uyg‘onish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam bo‘lgan. U san’atni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur qilishni yaxshi ko‘rardi. Uning nabirasi Akbar yana ham dilbarroq bo‘lib, ko‘p yaxshi fazilatlarga ega bo‘lgan. Mard, jasur, iste’dodli lashkarboshi, rahmdil va shafqatli, idealist va xayolparast, shu bilan birga u harakatchan, o‘z ishini davom ettiruvchilarning sadoqatiga sazovor bo‘lish uchun intiluvchi odam bo‘lgan” deb yozgan edi. San’atni, adabiyotni, go‘zallikni sevgan Bobur mirzo go‘zallik timsoli bo‘lgan Ayolga hurmati baland ekanligini uning lirikasi ko‘rsatib turibdi. Bu she’riy asarlarning asosiy mazmuni vatan, yor va muhabbatning tavsifi, hijron alamlaridan iztirob chekayotgan qalbning dardlarini bayon etishdir:
Xazon yaprog‘i yanglig‘ gul yuzing hajrida sarg‘ardim,
Ko‘rib rahm aylagil, ey lolarux, bu chehrai zardim…
Ruboiylarida esa ko‘nglidagi yashirin dardlarini, o‘z sevgili yoriga bo‘lgan muhabbat tuyg‘ularini, undan ayrilib chekkan azoblarini, ona-yurtini sog‘inib, unga qaytish orzusidagi qalb iztiroblarini samimiy va yorqin tasvirlaydi:
Jonimda mening hayoti jonim sensen,
Jismimda mening ruhi ravonim sensen.
Bobirni seningdek o‘zga yo‘q yori aziz(i),
Alqissaki, umri jovidonim sensen.
Ma’naviy-ma’rifiy bilim chashmasi bo‘lgan islom dini ham bizni doimo bir-birimizga mehrli bo‘lishga o‘rgatib keladi. Hammamizning qalbimizda ota-onamiz, yaqinlarimiz, qon-qarindoshlarimiz do‘stlarimizga, o‘zimiz sevgan barcha insonlarga nisbatan muhabbat bo‘lishi lozimligini uqtiradi. Hazrat Navoiy ham buni “o‘tlug‘” satrlarda shunday ifodalaydilar:
Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘ling, bir- biringizgakim, erur yorlig‘ ish.
Shunday ekan, har kuni bir-biriga mehr ko‘zi bilan qarasak, qiladigan ezgu ishlarimizni Yaratganning o‘zi qo‘llab- quvvatlaydi. Shuning uchun yurtboshimiz “farzandlarimizni ona- Vatanga muhabbat, boy tariximiz, ota-bobolarimizning muqaddas diniga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun, ta’bir joiz bo‘lsa, avvalo ularning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni kuchaytirishimiz zarur”, — deb ta’kidlaydi.
Bugun yurtimizda ayollar, yosh qizlar uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochiq. Ana shu imkoniyatlardan foydalanish, buyuk ajdodlarimiz an’analarini davom ettirish, millatimizning nomini ajdodlarimiz kabi dunyoga tanitish imkoniyatidan chetda turmaslik lozim. Hazrat Bobur mustaqillikka erishgan bugungi kunlarimizda ham o‘zining “taqdirnoma”si, firoqnomasi, sabrnomasi (S.Sayyid) — “Boburnoma”si bilan tarix saboqlaridan xulosa chiqarish ilmini o‘rgatmoqda, Hazrati insonni sevish, uni qadrlash ilmidan saboq bermoqda.
“Bobur biz uchun eng yorqin, eng mahobatli bir yulduz. Bu yulduz ham juda olis, ham behad yuksak. Uning zavqbaxsh nuri hech qachon so‘nmaydi.Ana shu musaffo nur bizu sizning ong va idrokimizni yorishuviga xizmat qiladi. Bundan qariyb besh asr muqaddam shunday bo‘lgan. Hozir ham shunday. Keyin ham shunday bo‘lib qolaveradi” deb yozadi adabiyotshunos olim I.Haqqulov. Haqiqatan ham Vatanni sevishni, ota-ona, do‘stlarimiz, yaqinlarimizga muhabbatni, vatanparvarlikni buyuk Boburdan o‘rganishimiz kerak emasmi! Faxr qilsa arziydigan, xalqi uchun fidoyi ajdodlarimiz, dunyoni lol qoldirayotgan milliy an’analarimiz bor ekan, ularni har kuni yod etish, ularga ergashish hayotimizni, umrimizni bezaydi, ma’naviyatimizni boyitadi, qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi. Pandemiya — butun dunyo tahlikali kunlarni boshidan kechirayotgan bir davrda yoshlarimiz — ozod va obod Vatanimizning, kelajagimizning posbonlari yot g‘oyalarga berilmasligi uchun ma’naviy immunitetni oshirishimiz, sakkizinchi mo‘jiza bo‘lgan kitob bilan do‘stlashib, milliy o‘zligimizni asrasak, buyuk bobolarimiz ruhi bizdan shod bo‘lg‘usi!
Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q,
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘!
[1] Rasulov A. Jasur qalam sohibi. // Sharq yulduzi, 2010. – №5. – B.74.
[2] A’zam E. Pakananing oshiq ko‘ngli. – T.: Ma’naviyat, 2001. – 208 b. Internet sayti: www.ziyouz.com kutubxonasi.
[3] Axmedova Sh. Yumor jilolari. – T.: Fan, 1998, 12-b.
[4] A’zam E. Pakananing oshiq ko‘ngli. – T.: Ma’naviyat, 2001. – 208 b. Internet sayti: www.ziyouz.com kutubxonasi.
[5] O‘sha asar. / Internet sayti: www.ziyouz.com kutubxonasi.
[6] O‘sha asar. / Internet sayti: www.ziyouz.com kutubxonasi.
[7] O‘sha asar. / Internet sayti: www.ziyouz.com kutubxonasi.
[8] O‘sha asar. / Internet sayti: www.ziyouz.com kutubxonasi.
[9] Quronov D., Mamajonov Z., Sheralieva M. Adabiyotshunoslik lug‘ati. – T.: Akademnashr, 2013, 378-b.
[10] A’zam E. Pakananing oshiq ko‘ngli. – T.: Ma’naviyat, 2001. – 208 b. / Internet sayti: www.ziyouz.com kutubxonasi.
[11] O‘sha asar. / Internet sayti: www.ziyouz.com kutubxonasi.