9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

BO’YI JO’YI MOLIEN

notiq.uz > IJODIYOT  > BO’YI JO’YI MOLIEN

BO’YI JO’YI MOLIEN

Sultonmurod OLIM

 

Badia

 

Islom konferensiyasining  Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti ‒ AYSESKO (ISESCO) Buxoro shahrini 2020 yilda “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qildi.  2007  yili Toshkent shahri xuddi shunday sharafga muyassar bo‘lgan edi. 

O‘zbekistonimiz tarixida, madaniyati, ma’naviyati va adabiyoti rivojida  Buxoroning ayricha o‘rni va ahamiyati bor. Ushbu maqola ham shundan dalolat beradi.

 

Buxoro ziyoratini nimadan boshlash kerak?..

 

Buxoro viloyatining Vobkent tumanidagi Qirg‘izon qishlog‘ida tug‘ilib o‘sganman. Tilim o‘zbekcha chiqqan. Qirg‘iz ‒ o‘zbek urug‘laridan birining nomi. “Qirg‘izon” so‘zi “qirg‘izlar” degan ma’noni anglatadi.

Har qanday bolaning tili chiqishi – bu dunyodagi mo‘jizalarning mo‘jizasi hisoblanadi. Insongagina Xudo aql bergan. Lekin tilni insonning ana shu aqli yaratgan. Olimlar har qancha o‘rganmasin, turli-tuman nazariyalaru qarashlarni ilgari surmasin,  bizningcha, hali hech kim tillarning yaralishi sirini topgani yo‘q, ya’ni bu borada voqelikni to‘g‘ri aks ettiradigan xulosalarga kelinmagan.

Yon-atrofimizda yana bir til borligini bola tasavvurim ajoyib mo‘jiza yanglig‘ qabul qilgan. Tojik tilini uch-to‘rt yoshligimdan o‘rgana boshlaganman. Onamiz maktabni ham, texnikumni ham tojikcha bitirgan, tojik maktabida bir necha yil dars bergan bo‘lsalar ham, bizning qishloqqa kelin bo‘lib tushganlaridan boshlab o‘zbek maktabida ishlaganlar. Keyinchalik institutda o‘qib, o‘zbek tili va adabiyoti muallimi ham bo‘lganlar. Qarang, onamiz biz ‒ oilada o‘sgan 9 farzandning hech biri bilan tojikcha gaplashmaganlar. Faqat gap orasida o‘z ona tillaridagi ayrim xalq maqollari, baytlar va misralarni keltirib o‘tar edilar (ular rahmatli ukam Mirzaahmad Olimovning “Sino” jurnali 2007 yilgi 3-sonida “Xadicha bibidan qolgan hikmatlar” maqolasida batafsil tahlil etilgan). Ona bolasi bilan  qaysi tilda so‘zlashishni boshlagan bo‘lsa, farzand uchun umrining oxirigacha shu til ona bilan gaplashadigan vosita bo‘ladi-da. Ehtimol, shuning uchun ham “ona tili” dermiz? Ona bilan har qanday boshqa tilda gaplashish amalda sun’iylik, soxtalik, nosamimiylik bo‘lur edi.

Tojikchani, asosan, ona taraf qarindoshlar mehmon bo‘lib kelganida yoxud biz Shofirkon yoki Peshko‘ tumanidagi xesh-aqrabolarnikiga borganda o‘rganar edim. Ba’zan-ba’zan  Buxoro tojiklari va o‘zbeklari nikoh to‘ylaridagi salomnomalar, ayrim to‘y-hashamlardagi muxammasxonliklarda ijro etilgan forsiy she’rlarni eshitganman. Buxoroning shunday turkiy hududida ulg‘ayganmizki, maktabimizda bir nafar ham tojik bola o‘qimagan.

Hozirgi O‘zbekiston milliy universitetining Jurnalistika fakulteti  3 ‒ 4-bosqichida bir guruhga chet tili sifatida fors tili o‘qitildi. Bsu tilni jon-dilim bilan o‘rganishga kirshib ketdim.  Xullas, men uchun sehrli tuyulgan bu tilda Toshkentda o‘qigan va yodlagan birinchi she’rim Abu Abdullo Rudakiyning “Bo‘yi jo‘yi Mo‘liyon…” deb boshlanadigan qasidasi bo‘ldi.

Adabiyotshunos bo‘la turib, ochig‘i, ko‘p shoirlarimizning she’rni “ilohiy” deb ta’riflashi ko‘ngilga uncha yoqinqiramaydi. Ammo shunday she’rlar bo‘ladiki, ulardagi favqulodda badiiy yuksaklikni ko‘rib, bu ‒  bevosita ilohiy ilhom hosilasi, deb yuborganingni o‘zing ham bilmay qolasan. Birgina misol keltirish kerak bo‘lsa, buyuk Alisher Navoiyning “Qaro ko‘zum…” g‘azalini boshqacha baholashning iloji yo‘q. “Bo‘yi jo‘yi Mo‘liyon…”ni ham, hech ikkilanmasdan shunday yaratmalar sirasiga kiritish kerak.

…Buxoro viloyatida rahbar lavozimlarda ishlagan bir birodarimiz hikoyasiga quloq tutaylik:

“Viloyatimizga Germaniyadan bir mansabdor shaxs mehmon bo‘lib keldi. Uni olib yurish xizmat yuzasidan kaminaga topshirilgan edi. Ko‘ngli uchun:

‒ Buxoro ziyoratini nimadan boshlashimizni istaysiz? ‒ deb so‘rabman-da. “Ixtiyoringiz, axir, siz Buxoroni mendan yaxshi bilasiz”, ‒ desa kerak”, deb o‘ylagan edim. Qayoqda?!

‒ Albatta, Mo‘liyon arig‘ini ziyorat qilishdan, ‒ desa bo‘ladimi? Ana endi ahvolimni bir tasavvur qilib ko‘ring. Sharif shahardagi diqqatga sazovor ko‘p-ko‘p joylarni besh barmoqdek bilaman-u, lekin Mo‘liyon arig‘i‒ qaysi ariq, u qaerdan oqib o‘tadi, bugun ham bormi, bo‘lsa, oti ‒ nima, bilmasam.

Yaxshi ham, tarixchilarimiz bor, muzeylarimiz, ularning zukko xodimlari bor. Telefon orqali aniqlashtirib olishga to‘g‘ri keldi. Ariq ziyoratiga bordik. Mehmon uning qirg‘og‘iga tiz cho‘kib, yig‘ladi, loyqa bo‘lsa ham, suvidan kaftiga olib bir necha qultum ichdi. Hayronlar qoldim.

Na iloj, u mendan so‘rashi kerak bo‘lgan narsalarni men undan so‘ray ketdi:

‒ Bu qanday ariq? Nega Buxoro ziyoratini aynan u bilan “ko‘rishish”dan boshladingiz?

G‘arblik mehmon savolimga savol bilan javob berdi:

‒ Abu Abdullo Rudakiyni bilmaysizmi? Uning mashhurdan-mashhur “Bo‘yi jo‘yi Mo‘liyon…”ini o‘qimaganmisiz?..”

 

 

Ko‘z yoshlarni yashirgan suv

 

Endi marhum shoir, 40 yilcha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limini boshqargan Toshpo‘lat Ahmad akamizning hikoyalariga quloq tutaylik:

“Bir gal Buxoroga Tojikiston xalq shoiri Sherali Loyiq keldi.

‒ Avval meni Mo‘liyon arig‘i ziyoratiga olib borasiz, ‒ dedi.

‒ Malik ul-kalom Abu Abdulloh Rudakiyni ko‘rgan, uni mahliyo etgan ariq bu! ‒ deb to‘yib-to‘yib yig‘ladi. Bu ham kamlik qilganday, havo ancha salqin bo‘lishiga qaramay, miriqib-miriqib cho‘mildi. Yuz-ko‘zlaridan oqqan suv  yosh tomchilarini yashirdi…”

 

 

“Taxt chun bo‘ldi xondin xoli…”

 

Tarix tarix bo‘lib hali hech kim Buxoroni X asr qalam sohibi, “Malik ul-kalom”(“So‘z podshohi”)  unvoni bilan sharaflangan Abu Abdulloh Rudakiychalik ta’rifu tavsif qilgan emas. Bu shoir hozirgi Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyatiga qarashli Panjakent  shahrida tavallud topgan bo‘lsa ham, somoniylar hukmronligi zamonlarida uzoq yillar Buxoroda yashab, ijod qilgan. Lekin uning Buxoro haqidagi eng zo‘r she’ri ‒ “Bo‘yi jo‘yi Mo‘liyon…”

Rudakiy  qasidasi bilan bog‘liq bir mashhur rivoyat bor.

Aytilishicha, Buxoro amiri dam olish, ov qilish uchun mamlakatning g‘arbiga ‒ Amudaryoning nari yog‘iga, hozirgi Turkmanistonning Lebob (eski Chorjo‘y) viloyati hududlariga jo‘nadi. Ov jozibasi, u yerdagi dala-dasht, go‘zal tabiat, musaffo havo somoniy amir ko‘ngliga xush yoqib, saroy mashmashalaridan mosuvo holda ancha vaqt o‘sha yerda qolib ketdi.

Holbuki, mamlakat xavfsizligi jihatidan hukmdorning ma’lum muddat poytaxtdan uzoqda bo‘lishi ko‘p yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu masalada, yaxshisi,  buyuk Alisher Navoiyga quloq tutaylik.

“Sab’ayi sayyor” dostoni asosiy voqeasidan xabari bor kishi yaxshi biladiki, kayf holatda bo‘lgan Bahrom ovdagi mahoratini maqtamagani, ya’ni bunga mashq bilan erishish mumkinligini aytgani uchun suyukli rafiqasi, ya’ni Diloromni qattiq  jazolaydi.  Avval uni o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Ammo ba’zi a’yonlari ayol kishini qatl etish yaxshi emasligini aytishadi. Keyin uni suvsiz bir biyobonga olib borib, ikki sochiga bog‘lab, tashlab kelishadi. Ertalab shohning hushi o‘ziga qaytadi. Yorini so‘raydi. Ahvolni bilgach, o‘sha dashtu biyobonga rafiqasini izlash uchun bormoqchi bo‘ladi. Lekin toju taxt nomusi ham, el-ulus xijolati ham bunga yo‘l qo‘ymas edi. Uchinchi kuni shoh beixtiyor turib, ayoli tashlab kelingan  dasht sari yo‘l soladi. Diloromni izlashga tushadi. “Hech bo‘lmasa, murdasini toparman, uni dafn etib, ustida o‘zim ham jon topshirarman”, – deb o‘ylaydi. Topolmaydi. Ohu vovaylo chekadi. Dunyoni unutib, o‘sha cho‘lda afg‘on chekib, qolib ketadi.

A’yonlari ham birga borgan edi. Xalq ham podshoh ketidan cho‘lga ko‘chadi. Noilojlikdan o‘sha yerda hukmdor uchun oq uy tiklab berishadi. “Atrof-javonib, podshoh shu yerdan turib  mamlakatni  boshqaryapti, deb o‘ylasin”, –  deyishadi. Chunki davlatchilikda shohning taxtdan yiroqda bo‘lishi ko‘p-ko‘p xavf-xatarga sabab bo‘lishi mumkin. Bu o‘gitni ulug‘ Navoiydan o‘tkazibroq aytishning hech iloji yo‘q:

 

Taxt chun bo‘ldi xondin xoli,

Fitnadin xoli o‘lmas el holi[1].

 

Buxoro xavf ostida edi. Dushmanlar shohsiz qolgan poytaxtga hujum tadorigini ko‘ra boshladi. Ahli a’yonlar har harchand urinmasin, qancha yalinib-yolvormasin, qaysar amirni poytaxtga qaytarishning yo‘lini topa olishmadi.

Oxiri, buyuk shoir va xonanda Rudakiydan shohning ko‘nglini eritadigan, uning ruhiga ta’sir qiladigan, yuragiga jiz etib tegadigan bir she’r yozib, shohni Buxoroga qaytarishga undashni iltimos qilishdi.

Ana shunda buyuk shoir “Bo‘yi jo‘yi Mo‘liyon…” qasidasini yozib, unga kuy bastalab, shoh huzurida o‘zi tamom mahorat bilan qo‘shiq qilib kuyladi.

 

 

“Vatanimdur, Vtanimdur, Vatanimdur, Vatanim!..”

 

Agar buyuk Muhammad Fuzuliydan birgina satr ayting, desalar, shu so‘zlarni keltirar edim…

Insonda Vatan tuyg‘usidan nozikroq, buyukroq, ta’sirchanroq, jozibadorroq tuyg‘u topilarmikan?!

Kim ham kindik qoni to‘kilgan, unib-o‘sgan go‘shasini jon-dilidan yaxshi ko‘rmaydi?!

Kim ham yurtdan yiroq tushganida yuraklari o‘rtanib-o‘rtanib, uni sog‘inmaydi?!

Kim ham ona yurt buloqlariyu daryolariyu anhorlariyu ariqlari suvlaridan kaftiga olib, ho‘plamaydi?!

Bundan ham qoniqmay, qirg‘oq uzra tiz cho‘kib, sajda qilib, yuzlarini bosib,  bu suvdan qonib-qonib ichmaydi?!

Vatan oldida shohu gado ‒ barobar!

Somoniy amir ham bundan mustasno emas.

Avvalo, Buxoroni Rudakiyning o‘zi ham qattiq sog‘ingan edi. Qo‘shiq  boshlaganda beixtiyor o‘zi ham yig‘ladi, sozi ham nolayu fig‘on qildi.

O‘zi, asli, suvning, anhorning mutlaqo hidi bo‘lmaydi. Lekin shoirta’b ko‘ngil yurtdan uzoqda shahri Buxoroning shundoqqina shimolidan oqib o‘tgan qadim va so‘lim Mo‘liyon anhorining xushbo‘y-xushbo‘y hidlarini tuya boshlagan bo‘lsa, ne ajab?!

Axir, bu ariq bo‘yida somoniylarning jannatmonand bog‘lari, bu bog‘lar bag‘rida esa go‘zal yozgi saroylari bor edi. Shu bog‘larda, anhor qirg‘oqlarida yayrab-yashnab, Yaratganga hamdu sano aytayotgan ne-ne giyoh, ne-ne gulu chechak, ne-ne na’noyu yalpizlar taratgan xush bo‘ylarni aytmaysizmi?!

Bu anvoyi hidlar beixtiyor ona yurtdagi mehribon yoru do‘stlarni yodga solgan bo‘lsa-chi?!

Bu ilohiy qo‘shiq hammani ‒ shohu gadoni xayolan ona Buxoro sari yetaklab ketdi.

 

Dilkash navo qudrati

 

Bu olamda eng avval “Yaral!” ma’nosidagi “Kun!” degan so‘z yaralgan.

Shuning uchun Payg‘ambarimiz Muhammad (s. a. v.) marhamat qiladilarki: “So‘zda sehr bor, she’rda esa ‒ hikmat”. 

Shuning uchun Navoiy hazrat aytadilarki:

 

Donau dur so‘zini afsona bil,

So‘zni jahon bahrida durdona bil.

 

So‘zning qudrati-ku, shunchalar ekan, bordi-yu, unga dilkash musiqa ham qo‘shilsa-chi? Agar she’rga yoqimli musiqa ham ulansa, buning ko‘ngilga ta’sirini Yer yuzidagi biron-bir asbob-uskuna o‘lchab bera olmaydi.

Yana Navoiy bobomizga quloq tutamiz:

 

Bazmda har mutribi daston saro,

Cheksa tarannum bila dilkash navo.

 

…Yo bu navo zimnida asrab mahal,

Cheksa Navoiy so‘zidin bir g‘azal.

 

Bazmda ul lahza aloloni ko‘r,

Ko‘yi xarobot aro g‘avg‘oni ko‘r.

 

Ko‘rki, nechukdur yaqo chok aylamak,

O‘zni fig‘on birla halok aylamak.

 

Har Vatanning ana shunday ilohiy qo‘shiqlari bo‘ladi.

Qo‘shiq hamisha elu yurtni balo-qazodan asraydi.

Har yurtning qo‘shig‘i omon bo‘lsin!

Buxoro amirining Chorjo‘yda ov bilan mashg‘ul bo‘lib yurishi ham xuddi shoh Bahromning dashtu biyobonda qolib ketishiga o‘xshaydi.  Bahromni-ku essiz-hushsiz bir holatida a’yonlar saroyga olib kelishadi. Ammo somoniy amirni bir qo‘shiq Buxoroga qaytardi. Hali surud oxiriga yetmasdan, uning “Buxoro” degan szlari jaranglashi bilan amir otlarni poytaxt safari uchun hozirlashga hukm qildi. Qo‘shiq tugashi bilan, hatto, oyog‘iga etigini ham kiymay, otga mindi. O‘sha kuniyoq a’yonlari bilan poytaxtiga kirib keldi.

 

 

“Mo‘liyon”ning ma’nosi

yoxud Vobkent bilan Quvani bog‘lagan kitob

 

O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Lutfullaevning o‘tgan asrning 70-yllarida xit bo‘lgan bir ashulasida:

 

Avvalambor, sevmagin edi

O‘zingni ham, meni ham qiynab, –

 

degan satrlar bor. “Maqola mavzusiga buning nima aloqasi bor?” – dersiz?  Aloqasi shundaki, mabodo, Mo‘liyon arig‘i bilan bog‘liq ming yil burungi she’r tahlil qilinayotgan ekan, o‘quvchi uchun “Mo‘liyon” so‘zining ma’nosi ham noshoyon qolmasligi kerak-da.

Tarixni tarix kitoblaridan o‘rganish kerak. Bu – oddiy haqiqat.

Markaziy Osiyo o‘tmishi haqida o‘zimizning olim yozgan ilk kitob – Buxoro viloyatining Vobkent tumanidagi Narshax qishlog‘idan bo‘lgan Abu Bakr Muhammad  ibn Ja’far ibn Zakariyo ibn Xattob ibn Sharik  Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asari. U aynan o‘sha Rudakiy yashagan somoniylar zamonida, ya’ni X asrda, aniqrog‘i, 943/944 yili  arab tilida bitilgan. Biroq o‘sha asl nusxa bizgacha yetib kelmagan. Uni 1128 yili Farg‘ona viloyatining Quva shahridan bo‘lgan Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr Quboviy arabchadan fors-tojik tiliga o‘girgan.  U ayrim qisqartirishlar ham qilgan. 1178/1179 yili Muhammad ibn Zufar ibn Umar ana shu tarjimani yana ba’zi qisqartirishlar bilan tahrir qilgan. Ammo bizgacha yetib kelgan variantdda 1220 yilgacha bo‘lgan davrga oid ayrim tarixiy voqealar haqida ham ma’lumotlar uchraydi.

Xullas, ana shu “Buxoro tarixi”da “Jo‘yi Mo‘liyonning bayoni va uning tavsifi” degan fasl bor.  Yozilishicha, Buxoro hisor(ark)iga shimoliy-g‘arbiy tarafdan bir tekislik tutash edi. Uni avvallari “Dashtak”, ya’ni “Dashtcha” der edilar. Hamma yog‘i qamishzor edi. Mo‘liyon arig‘i shu yerdan oqib o‘tgani uchun atrofidagi yerlar juda bahavo edi. Bu yerlar Bag‘dod xalifasi Musta’in ibn Mu’tasimning lashkarboshisi bo‘lgan Hasan ibn Muhammad ibn Tolutga tegishli edi.

Bir kuni Amir Ismoil Somoniy Buxoro arkidan ana shu ko‘m-ko‘k Dashtak tomonlarga qarab turganida yonida  otasining mavlosi, ya’ni ustozi[2] Simo ul-Kabir ham bor edi.  Unga: “Bir kun kelib, Xudo imkon bersa, bu yerlarni sotib olib, siz va avlodingizga berar edim”, – dedi. Farishta: “Omin!” – degan ekan. Niyatiga yetib, bu joylarni 10 ming diramga  sotib oldi. Birinchi yildayoq qamishning pulidan 10 ming diram qo‘lga kritdi. Keyin  bu yerlarni obod qilib, go‘zal saroylar va  obod bog‘lar barpo etdi. Va’dasida turib,   yerlarning katta qismini mavlolarga, ya’ni mavoliylar boshqargan jome masjidiga vaqf qilib berdi. Shundan bu yerlar “Jo‘yi Mavoliyon”, ya’ni “Ulug‘ ustozlar arig‘i” nomini oldi. Narshaxiy asarida oddiy xalq uni “Jo‘yi Mo‘liyon” deyishini ham qayd etgan[3]. Narshaxiy dalolat beradiki: “Amir Ismoildan keyin uning farzandlaridan kimki amir bo‘lsa, u go‘zalligi, toza va xushhavoligi tufayli Jo‘yi Mo‘liyonda o‘zi uchun bog‘ va ko‘shklar bino qildi”[4].

“Buxoro tarixi”da yana ma’lumot berilishicha, Amir Mansur ibn Nuh milodiy hisobda 961 yilning 11 dekabrida aynan Jo‘yi Mo‘liyonda taxtga o‘tirdi. Anglashiladiki, Jo‘yi Mo‘liyonda somoniylarning saroyi bo‘lgan. Ana shu hukmdor Buxoro shahrining Registonida saroy qurdirib, o‘sha yoqqa ko‘chadi. Biroq bir yil ham o‘tmasdan u saroyga o‘t ketib, yonib bitadi. Amir yana Jo‘yi Mo‘liyonga ketadi. “Keyin podshohlar saroylari Jo‘yi Mo‘liyonda bo‘lgan”[5], – deb yoziladi kitobda. Shundan so‘ng tarixchi Jo‘yi Mo‘liyonni ta’rifini qistirib o‘tadi: “Jo‘yi Mo‘liyonning jannatni eslatuvchi go‘zal maqomidan ko‘ra yaxshiroq biror joy va manzil Buxoroda yo‘q edi. Chunki uning hamma joyi saroylar, bog‘lar, gulzorlar va bo‘stonlar bilan qoplangan. Doimiy oqib turuvchi suvlar [bilan ta’minlangan]. Uning chamanzorlari bir-birlariga tutashib ketgan va ularning oralaridan ariqlar o‘tib, chamanzorlar va gulzorlar tomon ming tarafga qarab oqar edi.  Oqib turgan suvlarni tomosha qilgan har bir kishi: “Bu suv qaerdan kelyapti-yu, qaerga ketyapti?” – deb, hayratda qolar edi. O‘z zamonining nodir ustodlari va me’morlari ana shunday tarh chizgan edilar. Bir baxtli [shoir] bunday degan , bayt:

 

Hayot suvi bu chamanga keldi-yu, zor-zor yig‘lab ketdi,

Bu gulshanni tashlab ketish shart ekanligidan nolalar qilib ketdi”[6].

 

Tarixchi Buxoro hisor(ark)i oldidagi Registondan to Jo‘yi Mo‘liyon, ya’ni Dashtakkacha ham nihoyatda obod ekanini qayd etadi: “Yana Registonning darvozasidan to Dashtakkacha [bo‘lgan] hamma yer toshdan ishlanib, naqshlangan, bir tartibda [qurilgan] baland uylar, turli suratlar ishlangan mehmonxonalar, chiroyli bog‘lar va yaxshi sarhovuzlar bilan band edi. Sada qayrag‘ochlar shunday bir tarzda chodir shaklini olgan ediki, sarhovuz labidagi o‘tiradigan joyga sharq tomondan ham, g‘arb tomondan ham zarracha Quyosh tushmas edi. Bu chorbog‘larda nashvati, bodom, yong‘oq, gilos, jilon jiyda va anbar bo‘yli jannatda bo‘ladigan har bir meva g‘oyatda yaxshi va go‘zal tarzda [o‘tqazilgan] edi”[7].

Demak, Jo‘yi Mo‘liyon Rudakiy o‘z qasidasida maqtaganchalik, somoniy amir qalbida bu go‘zal go‘sha sog‘inchi jo‘sh urganchalik bo‘lgan ekan.

Hozir ham xalq bu ariqni “Jo‘yi Mavlaviyon” deb ataydi. Bu ana o‘sha birinchi nomga ko‘proq hamohang keladi. Chunki “mavlaviy” ham “mavlo” so‘zining sifat shakli. “Mavlono” ham – shu so‘zning bir shakli. Ya’ni “mavoliyon” bilan “mavlaviyon” – bir ma’noga ega. Manbalarda buyuk shayx va shoir  Jaloliddin Rumiyning goh “Mavlono”, gohida esa “Mavlaviy” tarzida tilga olinishi fikrimizning isboti bo‘la oladi.

Buxoro amirlari avval zamonlardan mamlakatni navbati bilan turli qal’alardagi saroylardan turib boshqarishgan. Ya’ni Jo‘yi Mo‘liyondagi saroy ham somoniy amirlarning qarorgohlaridan biri bo‘lgan. Odatda saroylar daryo, soy yoki anhor yoqasida bunyod etilgan. Masalan, Buxoro viloyatining Qorako‘l tumani hududidagi qadimiy qal’asi Amudaryoga oqib o‘tgan Qashqadaryoning o‘ng qirg‘og‘iga qurilgan. Zahiriddin Muhammad Boburning otasi Farg‘ona davlatini Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘iga joylashgan Axsikent qal’asini saroy qilgan. Buxoroning qadimiy arki chap yonidan ham qadimda anhor oqib o‘tgan. Mo‘liyon arig‘i ham, tabiiyki, somoniylarning bu yerdagi saroyi yonginasidan oqqan.

 

 

Mo‘liyon qaerdan qaerga oqadi?

 

Mo‘liyon arig‘i hozir ham bor. Buxoro shahrining 5 – 6 chaqirim shimolidan o‘tib, Sitorayi Mohi Xossa tarixiy yozgi saroyining shimolidan, hozirgi Buxoro shahriga kirib kelish ramziy darvozasi yondan qiblaga tomon oqib o‘tadi. Buxoro tumanining sobiq “Madaniyat” jamoa xo‘jaligi hududlaridan oqib o‘tib, Chor Bakr me’moriy majmuasi yaqinida Jo‘yi Zarga qo‘shilib ketadi. Bir farqi shuki, Rudakiy zamonlarida, bu yog‘i to o‘tgan asrning 60-yillari oxirlarigacha unda Zarafshon daryosidan suv kelar edi, hozir esa unga Amudaryodan nasoslar bilan 80 metrcha balandlikka tashlab beriladigan suv oqadi.

Mo‘liyon arig‘i XV asrlarda ham mashhur bo‘lgan. Shu davr tarixchisi Ahmad ibn Mahmud Buxoriy “Tarixi Mullozoda” asarida qayd etilishicha, Buxoro shahri atrofidagi Daymun qishlog‘iga olti yil davomida suv yetib kelmagan. Oxiri Jo‘yi Mo‘liyon tomondan yangi ariq orqali suv keltirilgan[8].

Buxorolik taniqli olim, tarix fanlari doktori, BuxDU professori Sulaymon Inoyatovning aytib berishicha, o‘tgan asr 60-yillari boshlarigacha Mo‘liyon arig‘i bo‘yida hozirgi Buxoro – Gazli yo‘liga yaqin yerda qadimiy tepalik, ya’ni somoniylar saroyi xarobalari saqlanib qolgan edi. 1962 yili atoqli o‘zbek arxeologi, akademik Yahyo G‘ulomov boshchiligida   keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademyasining akademiklari bo‘lgan marhum Abdulahad Muhammadjonov va Ahmadali Asqarov ham bo‘lgan. Somoniylar davri tarixini o‘rganish borasida arxeologik qazishmalar o‘tkazilgan.

Afsuski, sho‘ro davrida bu tepalik tuprog‘i dalalarga tashilib, keyinchalik bu joylar shaxsiy  uy-joylarga taqsimlab berilgan.

 

 

Tarjimalar va tajribalar

 

Yaxshi she’r bir tilga bir martagina tarjima qilinmaydi. Avvalo, bir tajribadayoq o‘sha asar badiyatini to‘la o‘tkazish hamma vaqt ham nasib etavermaydi. Qolaversa, har bir tarjimon asliyatga o‘zicha yondashib, uning qaysidir jihatini bo‘rttiribroq o‘giradi. Bulardan tashqari, yaxshi asar tarjimonlarni mudom musobaqaga chorlayveradi ham. Bu – yaxshi jarayon. Bundan asliyat ham yutadi, tarjima tilida o‘quvchi she’rxon ham.

Rudakiy Movarounnahr shoirlari orasida birinchi bo‘lib devon tuzgan. Uni “malik ul-kalom”, ya’ni “so‘z podshohi” deb ulug‘lashgan. “Bo‘yi jo‘yi Mo‘liyon…” shunchalar mashhurki, unga fors-tojik tilida 100 dan ortiq nazira bitilgan.

“Bo‘yi Jo‘yi Mo‘liyon…” qasidasini o‘zbek tiliga tarjima qilish XX asrning ikkinchi yarmida boshlandi. Dastlabki to‘rt tarjimani qiyosiy o‘rganar ekan, filologiya fanlari doktori, professor Oxunjon Safarov:  “…To‘rt iste’dod sohibi tomonidan o‘zbek tiliga to‘rt marta o‘girilgan esa-da, hamon ularni takomillashtirish, aniqrog‘i, ustod Rudakiy dahosiga munosib badiiy mukammal adekvat tarjimasini amalga oshirish zaruriyati zamon talabi bo‘lib kelayotir”[9], – deb yozadi.

Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Nasrullo Shukrulloev bir kitobda[10] ushbu she’r dastlabki ikki baytining Iqbol Nazarov tarjimasidagi varianti ham keltirilganini yozadi[11]. Ammo bu she’r yana ikki shoir tomonidan tarjima qilindi.

Bu yerda bu tarjimalarni qiyosiy o‘rganish maqsad qilinmagani uchun ularning matlalarinigina keltiramiz. Shuning o‘zidayoq tarjimon vazn, radif va qofiyani qayta yaratish bo‘yicha qanday yo‘l tutgani ayonlashadi.

  1. M. Muinzoda tarjimasi:

 

Mo‘liyonning hidi bu yonga kelur,

Yor yodida dil fig‘onga kelur.

 

  1. Sh. Shomuhammedov tarjimasi:

 

Mo‘liyonning hidi bu yon keladur,

Mehribon yor yodi shu on keladur.

 

  1. S. Rahmon tarjimasi:

 

Mo‘liyon hidi bu yon kelmoqdadur,

Yodga yori mehribon kelmoqdadur.

 

  1. S. Vohidov tarjimasi:

 

Mo‘liyonning xush hidi kelgay bu yon,

Esga tushgay yodi yori mehribon.

 

  1. I. Nazarov tarjimasi:

 

Mo‘liyonning hidi bu yon keladur,

Mehribon yor yodi har on keladur.

 

Shu va undan keyingi baytlar tarjimasida ko‘rinadiki, M. Muinzoda, Sh. Shomuhammedov va I. Nazarov she’rni barmoq vazniga solib o‘girishgan. Ayrim vazniy saktaliklar uchrasa-da, S. Rahmon va S. Vohidov g‘azalni o‘z vaznida tarjima qilgan. M. Muinzoda (“kelur”),  Sh. Shomuhammedov (“keladur”), S. Rahmon (“kelmoqdadir”)  va I. Nazarov (“keladur”) radif qo‘llagan. Biroq S. Vohidov radifdan voz kechishni ma’qul ko‘rgan.

  1. Shukrulloev ana shu besh tarjimani qiyosiy o‘rganib, oxiri she’rni o‘zi quyidagicha tarjima qiladi:

 

Mo‘liyon jo‘y isi bu yon keladi,

Xayolga yori mehribon keladi.

 

Amu qumi, uning og‘ir yo‘llari

Poyandoz to‘shalgansimon keladi.

 

Do‘stlar quvonchidan Jayhunning suvi,

Ot qornidan o‘tmay, chunon keladi.

 

Ey Buxoro, bo‘lgin hamisha shod-hur,

Shodmon amir senga maston keladi.

 

Amir Oy bo‘lsa, Buxoro – osmon,

Oy nurini tarab, osmon keladi.

 

Amir sarv bo‘lsa gar, Buxoro – bo‘ston,

U o‘z bo‘stoniga tomon keladi.

 

Madhing kuylanadi baland pardada,

Garchi bundan ganjga ziyon keladi[12].

 

Tarjimon ma’no jihatidan asliyatga imkon qadar yaqinlashishga intilgan. Biroq bu she’riy jozibani qayta yaratishga ma’lum darajada putur yetkazgan. Barmoq vazniga solingani ham tarjimani asliyatdagi ohangdan ancha uzoqlashtirgan.

Internetdan bu she’rning Nasimjon Nasimov amalga oshirgan yana bir tarjimasi matnini topdik. Ammo, negadir, g‘azalning oxirgi ikki bayti tarjimasi berilmabdi. Mavjud matn ham ko‘rsatib turibdiki,  bu tarjima – oldingilariga qaraganda ancha ustun. O‘zingiz qiyoslang:

 

Bo‘yi jo‘yi Mo‘liyon kelgay hame,

Yodi yori mehribon kelgay hame.

 

Regi Omusi dag‘alliklarida,

Zeri po chun parniyon kelgay hame.

 

Obi Jayhun qancha ulkan bo‘lmasin,

Otimizga to miyon kelgay hame.

 

Ey Buxoro, shod bo‘lgin, ko‘p yasha,

Mir sendan shodmon kelgay hame.

 

Mir mohdiru Buxoro osmon,

Moh so‘yi osmon kelgay hame…

 

Birinchidan, ayrim saktaliklar (masalan, vazn rost bo‘lishi uchun “dag‘alliklarida” so‘zini o‘ta sun’iy ravishda “dag‘alliklorida”, “mohdiru” so‘zini esa “mahdiru” deb yozish kerak edi) bo‘lsa-da, she’r o‘z vazniga solib o‘girilgan. Ikkinchidan, “kelgay hame”  radifi ohang jihatidan juda mos tushgan, faqat o‘zbek tilida “hame” shakli uchramaydi, xolos.

Xullas, Rudakiyning bu shoh she’ri tilimizga 7 marta tarjima qilindi.

 

 

Tarjima: yutqiziq  va  badal

 

Shuncha katta tajriba bo‘lishiga qaramay, biz  yana bu g‘azalni yana qaytadan tarjima qilishga tutindik.

Qasidani o‘zbekchaga o‘girish uchun avval muhim poetik vazifalarni aniq-tiniq qilib belgilab olish kerak.

Birinchisi  ‒  v a z n.  She’r ramali musaddasi mahzuf (yoki maqsur), ya’ni “foilotun foilotun foilun (yoki foilon)” vaznida bitilgan. Taqtesi: – V ‒ ‒ / – V ‒ ‒ / – V ‒ ‒ /  – V ‒ (yoki – V ~). “Maqsur”ligiga sabab shuki, g‘azalning:

 

Obi Ҷayhun az nishoti rӯi dӯst, –

 

satri oxiri o‘ta cho‘ziq hijo (“do‘st”)  bilan tugaydi. Shuning uchun “ro‘yi do‘st” rukni “foilun”ga emas, “foilon”ga mos tushadi.

Albatta, ramal ‒ o‘zbek tiliga eng mos aruziy vazn. Bu muammo bo‘lmaydi. Chunki o‘zbek tilidagi aruziy she’rlarning eng katta qismi aynan ramal bahridagi vaznlarda bitilgan. Masalan, Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” to‘plamiga kirgan jami 3 ming 132 she’rning naqd 1 ming 827 tasi, ya’ni 58,33 foizi, yana ham aniqroq qilib aytsak, har 100 tadan 58 tasi  ramal bahrining jami 20 ta vaznidan birida bitilgan[13].

Ikkinchisi ‒  q o f i ya.  7 baytli qasida qofiyasida jami 8 ta ohangdosh so‘z (“Mo‘liyon”,mehrubon”, “parniyon”, “miyon”, “shodmon”, “osmon”, “bӯston”, “ziyon”) ishlatilgan. Shundan 6 tasi (“Mo‘liyon”,mehrubon”, “shodmon”, “osmon”, “bӯston”, “ziyon”) o‘zbek tilida ham xuddi shu ma’noda qo‘llanadi. Faqat 2 tasi (“parniyon” va “miyon”) bizda yo‘q. Shunga qaramay, “miyon” kalimasi “o‘rtamiyona” qo‘shma so‘zi tarkibida keladi. Bunday imkoniyatni aslo boy bermaslik lozm. Demak, masala ‒ hal: qofiyadagi ohangdoshlikni aynan saqlab qolish va ana shu 6 qofiyadosh so‘zning o‘zini qo‘llash zarur.

Uchinchisi ‒ r a d i f.  “Oyad hame” radifi she’rga o‘zgacha joziba baxsh etib turgani hech kimga sir emas. “Oyad” so‘zi  bizdagi “kelsin” yoki “kelsa”ga mos tushadi. “Hame” ‒ fors-tojik tilidagi tarixiy bir qo‘shimcha. U ba’zan oldqo‘shimcha tarzida ham qo‘llanadi. Lug‘atlarda uning ish-harakatning davomiyligini ko‘rsatuvchi vosita ekani qayd etilgan[14]. Demak, “oyad hame”  bizdagi “kelayotibdi”, “kelyapti”, “kelayotir” va “kelmoqda” shakllariga mos tushadi. Biroq bularning hech biri “oyad hame” (“..tun foilun”) vazniga teng kelmaydi. Nima qilish kerak? Vaznga moslamasang, yana bo‘lmaydi. Kamina dastlab “kelgay, qarang” radifini  qo‘llab ko‘rdi. Birinchidan, vaznga aynan tushadi, ikkinchidan, “kelgay” shaklida tarixiy iqlim (kolorit) bor. Lekin, baribir, “qarang” so‘zi Rudakiydagi jiddiylikni jo‘nlashtirib qo‘yganday tuyulaverdi. Keyin xayol “kelgay nasib”  radifiga moyil bo‘ldi. Bu, oldingisidan ko‘ra, ancha mosdek tuyuldi ham. Ammo bunda shohning poytaxtga kelishiga ishonchsizlikdek bir kayfiyat sezilib qolar ekan. Ko‘ryapsizmi, tarjima ‒ qanday nozik ish. Yillar o‘ylab, oxiri topganday bo‘ldim ‒ “kelgay hamon”. Birinchidan, ma’no ko‘p ham uzoqlashmadi. Ikkinchidan, “hame” o‘rniga “hamon”ni qo‘llasangiz, asliyat ohangiga yaqinlik kuchayganday bo‘ladi. “Hamon”da davomiylik  ma’nosi ham aks etgandek tuyuladi.

Ana shundan keyin tarjima misralari ravon tarzda qog‘ozga tusha boshladi. Baribir, “parniyon” so‘ziga mos ravishda qofiya topolmadim. Holbuki, “-on” bilan tugaydigan so‘z tilimizda ham to‘lib-toshib yotibdi. Biroq topgan so‘zingiz ham vaznga tushishi, ham ma’no ifodasiga xizmat qilishi zarur-da. Asliyatda “o‘rta” ma’nosidagi  “miyon” so‘zi otga nisbatan qo‘llangan. Amalda bu so‘z bilan shoir “otning beli”ni ko‘zda tutgan. Shunga ko‘ra, qofiya uchun “tomon” kalimasi ma’qul ko‘rildi:

 

Do‘sti yuzini ko‘rib, Jayhun suvi

Otimiz beli tomon kelgay hamon.

 

Yana bir nozikkina jihatni ham aytib o‘tay. Tilimizda “osmonga kelgay”, “bo‘stonga kelgay” deyilsa, har taraflama adabiy til talablariga mos ish qilingan bo‘ladi. Biroq vazn va qofiya  “osmon”, “bo‘ston” so‘zlariga “-ga”ni qo‘shishni taqozo etmaydi. Tarjimonga tirgak bo‘ladigan bir imkoniyat ham bor. Bu shundan iboratki, tilimizda ba’zi kelishik qo‘shimchalari tushib qolsa ham, o‘sha ma’no ifodalanaverishi mumkin. Masalan, “maktabning o‘quvchisi” ‒  “maktab o‘quvchisi”, “kitobni ber” ‒  “kitob ber”, “Buxoroga bor” ‒ “Buxoro bor”. Shulardan uchinchisi, nisbatan kam qo‘llansa ham, mavjud. Tarjimaning  beshinchi va oltinchi baytlarida “osmon kelgay hamon”, “bo‘ston kelgay hamon” ifodalarida “-ga” qo‘shimchasi tushirib qoldirildi.

Har qanday tarjimada qurbonlik bo‘ladi, albatta. Busiz hech iloji yo‘q. Xo‘sh, bizning tarjimada nima qurbon berildi?

“Bӯyi ҷӯyi Mӯliyon” birikmasidagi uch so‘zning “o‘” tovushi ishtirokidagi ikki tovushdan iborat bo‘g‘inlar (“bӯ-” ‒ “ҷӯ-” ‒ “Mӯ-”)  o‘rtasidagi ohangdoshlik, ya’ni alliteratsiyani to‘la ifodalash imkoni bo‘lmadi ‒ bittasi (“ҷӯyi”) qurbon berildi.

Tarjimada yo‘qotilgan narsalar o‘rnini to‘ldirish, ya’ni kompensatsiya qilish amaliyoti ham bor. “Kompensatsiya”ning o‘zbekchasi “badal” bo‘ladi. Shu jihatdan qaraganda, bizning tarjimamizda ham bir necha badal amalga oshirildi.  Birinchisi ‒ matla’dagi  “bӯyi ҷӯyi Mӯliyon” alliteratsiyasida boy berilgan uchinchi komponent (“ҷӯyi”) so‘zidagi “ҷӯ-” bo‘g‘iniga ohang jihatidan yaqin keladigan “bu” olmoshi ishlatildi.  Ikkinchisi ‒ shu baytda “Mo‘liyon” so‘zlariga mos keladigan “bu yon” qo‘llanib, yangi ohangdoshlik paydo qilindi. Uchinchisi ‒ beshinchi baytning ikkinchi misrasi o‘zbekchasida, asliyatda bo‘lmasa ham, “tomon”, “shodmon” va “hamon” so‘zlari o‘rtasida ajib ohangdoshlik paydo qilindi: “Sen tomon Mir shodmon kelgay hamon”.

Shuni unutmaslik kerakki, agar o‘zbek tilida ming yillik boy aruziy tajriba, ya’ni Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Uvaysiy, Nodira, Ogahiy, Muqimiy, Furqat kabi shoirlari ijodi bo‘lmaganida, aruz XX va XXI asrlarda ham Chustiy, Erkin Vohidov, Jamol Kamol kabi mohiru sohir qalam sohiblari tomonidan izchil davom ettirilmaganida edi, Rudakiy she’rini bu darajada asliyatga yaqin keltirib tarjima qilishning hech iloji bo‘lmas edi. Ishonmasangiz, bu she’rning aruz rivojlanmagan turkiy tillardagi tarjimalarini o‘qib ko‘ring.

 

 

Tarjima va avtotahlil

 

Bir tarjimonning she’rni o‘zi tarjima qilib, o‘zi uni atroflicha tahlil qilib berganini kam ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Lekin tarjimashunoslikda bunday tajriba bor. Masalan, sankt-peterburglik taniqli olim, filologiya fanlari doktori, professor Sergey Nikolaevich Ivanov Alisher Foniy (Navoiy) qalamiga mansub “Lison ut-tayr” dostonini asliyatdan, hatto, asarning  arab yozuvi asosidagi eski o‘zbek alifbosida tartib berilgan  ilmiy-tanqidiy matnidan biror-bir baytini ham tashlab ketmasdan va joyini o‘zgartirmasdan rus tiliga she’riy  tarjima qilgan edi.  Buyuk shoirning rus tiliga, birinchidan, o‘zbekchadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ikkinchidan,  to‘liq o‘girilgan yagona dostoni – shu. Tarjimon o‘z tajribalari asosida “Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostoni tarjimaviy talqiniga doir”[15] sarlavhali 6 qismdan iborat kattagina maqola (uni “risola” deb hisoblasa ham, bo‘ladi) yozadi. Amin bo‘ling, tarjimon o‘zi  amal qilgan qat’iyatlarini bayon etsa,  tarjimani tushunib o‘qish imkoniyati juda kengayadi.

Tarjimon asliyat xususiyatlarini o‘tkazish uchun o‘zi qalam surayotgan tildagi barcha imkoniyatni ishga solishi lozim.

Kamina qariyb yarim asrdan buyon tarjimashunoslik hamda turkiy-forsiy mumtoz she’riyat xususiyatlarini o‘rganish bilan shug‘ullanib keladi. Bu orada ancha-muncha she’rlar ham mashq qilindi. U o‘zicha, Rudakiyning  bu she’r tarjimasida barcha ob’ektiv va sub’ektiv imkoniyatlar kuchi yetgancha ishlatildi, deb hisoblaydi. Yana vallohi a’lam.

 

 

Qiyos imkoni

 

Marhamat, Abu Abdullo Rudakiyning ilohiy qasidasi asliyati va uning o‘zbekcha tarjimasidan bahramand bo‘ling:

Asliyat:

 

Bӯyi Ҷӯyi Mӯliyon oyad hame,

Yodi yori mehrubon oyad hame.

 

Regi Omӯvu durushti rohi ӯ,

Zeri poyam parniyon oyad hame.

 

Obi Ҷayhun az nishoti rӯi dӯst,

Xingi moro to miyon oyad hame.

 

Ey Buxoro, shod boshu der zӣ,

Mir nazdat shodmon oyad hame.

 

Mir moh astu Buxoro osmon,

Moh sӯi osmon oyad hame.

 

Mir sarv astu Buxoro bӯston,

Sarv sӯyi bӯston oyad hame.

 

Ofarinu madh sud oyad hame,

Gar ba ganҷ andar ziyon oyad hame.

 

Tarjima:

 

 

Mo‘liyon bo‘yi bu yon kelgay hamon,

Yodi yori mehribon kelgay hamon.

 

Omuning o‘ydim-chuqur qumlik  yo‘li

Oyoq ostida ravon kelgay hamon.

 

Do‘sti yuzini ko‘rib, Jayhun suvi

Otimiz beli tomon kelgay hamon.

 

Ey Buxoro, shod bo‘lu ko‘p yasha,

Mir, boqqil, shodmon kelgay hamon.

 

Mir Oy bo‘lsa, Buxoro ‒ osmon,

Mir ham bu osmon  kelgay hamon.

 

Mir sarv-u, ul Buxoro ‒ bo‘ston,

Sarv, ko‘rki, bo‘ston kelgay hamon.

 

Madh etarman, foydaga kelgay hamon,

Ganj topsa gar ziyon, kelgay hamon.

 

 

Til, yozuv, adabiyot va davlatchilik

 

Qani endi bir xonanda bu mashhurdan-mashhur qasidani tojikcha-o‘zbekcha baytlar ketma-ketligida zullisonayn tarzda ijro etsa! Ashulaga, hatto, ajoyib klip ham ishlash mumkin.

Bir kuyga tushishi uchun asliyat va tarjima yagona ohangda jaranglashi kerak. Tarjimamizning vazni, qofiya va radifi, ruhi va uslubi bunga monelik qilmaydi, inshoolloh.

Axir, bu qasida o‘zbek davlatchiligi tarixining yorqin guvohi hisoblanadi.

Darvoqe, bugungi O‘zbekistonimiz hududida shakllangan va faoliyat olib borgan har qanday davlat amalda o‘zbek milliy davlatchiligi tarkibiga kiradi. U davlat “Avesto” bitilgan lisondami, so‘g‘d, xorazmiy, baxtariy,  sak, massaget, arab yoxud boshqa zabondami ish yuritgani yoxud u davrlarda  qaysi tillarda  badiiy adabiyot yaratilgani, qanday ‒ oromiy, so‘g‘d, pahlaviy, urxun-yenisey, uyg‘ur, arab, kirill va lotin yozuvidan foydalangani  esa bu masalaning yechimiga bevosita daxl qilmaydi.

Bahsga esa o‘rin ‒ yo‘q. Chunki butun dunyoda shunday qat’iy tamoyil hukm suradi.

 

[1]Alisher  N a v o i y. Mukammal asarlar to‘plami. 20 tomlik. T. 10. – Toshkent:  Fan, 1992. – B. 127.

[2]“Buxoro tarixi”ni o‘zbek tiliga tarjima qlib, nashrga tayyorlagan izohga ko‘ra, matnda bu so‘z Ismoil Somoniy lashkarida xizmat qilib, ozodlik olgan qul ma’nosida qo‘llangani aytilgan (Qarang: Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far  N a r sh a x i y. Buxoro tarixi. Fors-tojik tilidan tarjima  A. Rasulevniki. – Toshkent: Fan, 1966. – B. 98).  Biz bu fikrga qo‘shilmaymiz. Amirning yuksak hurmat-ehtiromidan ko‘rinib turibdiki, hoynahoy, Simo ul-Kabir ulug‘ diniy ulamo bo‘lgan.

[3]O‘sha nashr. ‒ B. 32.

[4]O‘sha nashr. – B. O‘sha.

[5]Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far  N a r sh a x i y. Buxoro tarixi. Fors-tojik tilidan tarjima  A. Rasulevniki. – Toshkent: Fan, 1966. – B. 31.

[6]O‘sha nashr. – B. O‘sha.

[7]O‘sha nashr. – B. O‘sha.

[8]Qarang: Ahmad ibn Mahmud  B u x o r i y. Tarixi Mullozoda (Buxoro mozorlari zikri). – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2009. – B. 75.

[9]S a f a r o v   O. Buxoro adabiy harakatchiligi tarixidan lavhalar (Maqolalar va risolalar). ‒  Buxoro: Durdona, 2015. ‒ B. 17 ‒ 18.

[10]Nomim elimda qoldi… Iqbol Nazarov zamondoshlari xotirasida. – Toshkent: Navro‘z, 2012. – B. 48 – 49.

[11]Sh u k r u l l o ye v  N. Besh tarjima va yana bir tajriba. / Tasavvuf adabiyotining o‘rganilishi va tarjimashunoslik muammolari. Professor Najmiddin Komilov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlanadi. Respublika ilmiy-nazariy anjumani materiallari, 13 dekabr, 2018. – Toshkent: 2018. ‒ B. 220.

[12]O‘sha nashr. – B. 221 – 222.

[13]Qarang: Sirojiddinov Sh., Yusupova  D., Davlatov  O. Navoiyshunoslik. 1-kitob. Darslik. – Toshkent: Tamaddun, 2019. – B. 379.

[14]Qarang: Farhangi zaboni toҷikӣ. Iborat az 2 ҷild. Ҷ. 2. ‒ Moskva: Sovetskaya ensiklopediya, 1969. ‒ S. 724.

[15]I v a n o v  S. N.  K perevodcheskomu  istolkovaniyu poemы “Yazыk ptis” Alishera Navoi. / Alisher       N a v o i. Yazыk ptis. Izdanie podgotovili S. N Ivanov i A. N. Malexova. Perevod S. N. Ivanova. 2-ye izdanie, stereotipnoe. – Sankt-Peterburg: Nauka, 2007. – S. 330 – 358.

 

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.