9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Twitter

 

SO‘Z SAN’ATKORI

SO‘Z SAN’ATKORI

Shukurki, xalqimiz ist’dodlarga, ijodkorlarga nihoyatda boy. Shunday so‘z san‘atkorlaridan biri – Said Ahmad hisoblanadi. Adibning o‘zbek ma’naviyati, xususan, milliy tilimiz xazinasini boyitishdagi xizmatlariga qiyos yo‘q. Uning yozuvchilik mahorati haqida ko‘p va xo‘p gapirilgan, ta‘rif va tavsif qilingan, ammo tildan foiydalanish mahorati haqida kam aytiladi. Shu sababli adibning tilga, undagi so‘zlarga munosabati to‘g‘risida fikrlashsak. Agar Said Ahmad xalq tilidan shu qadar ustalik bilan foydalanmaganda, bugun «Kelinlar qo‘zg’aloni» spektakli, yoki filmi bu qadar sevimli bo‘lmasdi, undagi jumlalar xalqning tiliga ko‘chib qolmasdi. Bu o‘rinda Said Ahmad o‘zlashma so‘zlardan ham juda o‘rinli va maromida foydalanganiga guvoh bo‘lish mumkin. Farmonbibi, Ikrom ota kabi adabiy qahramonlarning lisoniy portretlatini yaratish, uni o‘quvchi, kinorejissyor, aktyor yaqqol tasavvur eta oladigan darajada ifodalab berish uchun tildan, undagi so‘zlarning nozik ma’no qirralaridan ustalik bilan foydalana olish lozim. Adib ijodida satira ustunlik qiladi, u tilning kinoya birligidan unumli foydalangan. Said Ahmadning o‘z qahramonlari tilidan «Xo‘rozqand chet elniki desa, yotib olib yalashadi», «O‘zimizniki ham teshib chiqmaydi», «Miltig‘ingiz nam tortib qolibdi», «Bir tovuqqa ham suv kerak, ham don kerak», «Fon bilan yozamiz», «Shpionlar haqida gaplashyapmiz» «Chuchvarani xom sanabman» singari noyob ifodalarni yozuvchi, dramaturg sifatida xalq tilidan olib ularni o‘ziga yana chiroyli qilib qaytarib berishi, el orasida ommalashtirdi, natijada til og‘izdan og‘izga o‘tib yashashda davom etishiga olib keldi. Bu jumlalar hozir ham muloqatda oramizda tez-tez ishlatilib turibdi.
Said Ahmad asar qahramonlariga ism tanlashga ham tilchilardan kam bo‘lmagan bir sinchovlik bilan yondashadi. Uning asar qahramonlariga berilgan nomlar ham muayyan vazifalarni bajargan, ma’naviy, badiiy «yuk» tashigan. Masalan, Farmonbibi. Yozuvchi nega Mastura yoki Unsin yo bo‘lmasa, Nodirabegim deb qo‘ymadi, chunki asardagi mavqeyi, qanday g‘oyani ochib berishi inobatga olingan. Shuningdek, Sotti, Boqivoy, yoki kenja o‘g‘ilga To‘xta deb ism qo‘yilishi ham tasodif emas.
«Qoplon» hikoyasida ijodkor «laganbardor» so‘zini ta’riflash bilan birga yaqqol tasvirlab beradi. «Men bu itni taniyman», degan birgina jumlani itni silab Qurbonboyga yuzlanib aytishi qanday nodir topilma. Mo‘jazgina hikoyada salbiy ma’no ifodalovchi so‘z, umuman, qo‘llanmagan, ammo laganbardorlik illati o‘quvchida yorqin taassurot qoldiradi. Bu asar maktab dasturlariga kiritilgani juda yaxshi bolgan. Bu hikoyani o‘qimaguncha, har bir kishi laganbardorlik so‘zining lug‘aviy ma’nosini, mohiyatini anglamaydi. Qochoq, qo‘rqoq, xoyin so‘zlariga tomlab izoh keltirish mumkin, ammo Said Ahmad kabi bitta obraz orqali ozgina so‘z bilan ifodalagan ta’sirni, tushunchani berib bo‘lmaydi, chunki izoh boshqa tasavvur boshqa. «Ufq» trilogiyasi ham qamrov va hajm jihatidan ona tilimizning ifoda imkoniyatini namoyon qiluvchi katta maydondir. Birgina «Qochoq» deb nomlangan bobni oladigan bo‘lsak, yozuvchi so‘z orqali qanday dahshatli dramatik manzarani chizib bera olgan. Mana Said Ahmadning tildan foydalanish mahorati. Mana so‘zning qudrati.
Gullar ko‘p lekin rangi, hidi har birida o‘zgacha bo‘lgani kabi, Said Ahmadda ham o‘zbek tilidan foydalanishda o‘zigagina xos bo‘lgan uslub bor. Topqirlik. So‘zni topib aytish, o‘rinli qo‘llash, kesatish, kinoya qilish, o‘xshatish kabilar adibning muvaffaqiyatini ta’minlab bergan bo‘lsa, ajab emas, bu kabi ijodkorlar tilni e’zozlagani, boyitgani, so‘zlarning qo‘llanilish davomiyligini uzaytirgani, el orasida mashhur qilgani uchun til ham Said Ahmadni xalq orasida qadrli qildi. Televizion minatyuralar uchun yozgan hajviyalaridan tortib katta hajmli asarlarigacha so‘zdan samarali foydalanilganini ko‘rish mumkin.
Har birimiz tilimizni hurmat qilaylik, uni go‘zal ifodalar bilan boyitaylik, biz tilga e’tibor qilsak, u bizning nutqimizni bezaydi. So‘zning buyukligini his qilgan kuningizdan yuksalishni, ulg‘ayishni boshlaysiz. Said Ahmad asarlarini o‘qib ona tilinizning qudratiga shohid bo‘ling.

G‘ofir HAMROYEV, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori

No Comments

Leave a Comment