9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Qilqalam xattot

notiq.uz > xattot xati  > Qilqalam xattot

Qilqalam xattot

Taqdir bitigining ham, qog’ozdagi bitikning ham yozg’uvchisi bor. Taqdir bitigi bu inson peshonasidagi yozig’, u haq taoloning ishi. Qog’oz yuzidagi bitik esa qilqalam xattotlarning ilmu amali. Birinchisini o’qishning imkoni yo’q, ikkinchisi esa o’qiladi, asrlardan-asrlarga, avlodlardan-avlodlarga yetkaziladi, o’tkaziladi. Yozuv kishilik dahosining muhim kashfiyotlaridan biri. Yusuf Xos Hojib tili bilan aytganda, “Bo’lmaganda agar xattot qalami, qorong’u qolardi moziy olami”.

1300 yil mobaynida arab alifbosiga asoslangan yozuvda xalqimiz tarixi, ijtimoiy-siyosiy va moddiy-ma’naviy ahvoloti yozib kelingan. Arab alifbosining har xil xat turlarida yoza olish va o’qiy olish chinakam iste’dod. Yozganda ham go’zal yoza olish, qog’oz yuziga so’zlarni chiroyli joylashtira olish asl iqtidorli xattotlarga nasib etadi. Qalam bilan, siyoh bilan, qog’oz bilan sirlasha olish oson ish emas. Arab xat turlarining har biri o’z shaklu shamoyili, qonun-qoydasiga ega. Harflarni yozishda ana shu o’lchovlarga rioya etish muhim. Ushbu me’zonlarga rioya qilmagan xattot har xil maqomga yo’rg’alagan shogirdga o’xshaydi. Nasx, ta’liq, nasta’liq, rayhoniy, ko’fiy, suls, riqo’, devoniy kabi xat turlarini yozishda xattotlar muayyan me’zonlarga amal qilishadi. Shunday ekan, xattotlikda ustoz va shogirdlik an’anasi alohida ahamiyat kasb etadi. O’tmish adabiy merosimizni kitob holida arabiy yozuvda yetib kelishida, xattotlarning hissasi katta. Ular xattotlik anjomlarini qamish, siyoh va davotlarni toza saqlashgan. Ish quroling soz bo’lsa, mashaqqating oz bo’lar degan mazmunda o’z ish uslublariga, yozuv anjomlariga e’tibor bilan qarashgan. Tabriziy, Sultonali Mashqadiy, Abduljamil kotib singari xattotlar Navoiy va Bobur asarlarini tayyorlashda ibrat bo’lgani kabi Habibullo Solih, Muhammad Nuri, Sayfiddin Sayfulloh o’g’li Raf’iddinov, To’xtamurod Usta Usmon o’g’li Zufarov va Salimjon Sobirjon o’g’li Badalboyevlar bugungi kun xattotchilik an’anasini yuqori nuqtaga chiqarganlar deyish mumkin. Har bir xattotlik maktabi va an’analari mavjud bo’lgan. Bu esa O’rta Osiyo xattotlik maktabining rivojlanishiga o’z ulushini qo’shgan. Mashhur xattot Abdulqodir Murodov “O’rta Osiyo xattotlik san’ati tarixidan” nomli kitobida ular haqida mufassal ma’lumotlar berganlar. Bugungi kun xattotlik maktabining fidoyi, jonkuyar xattotlaridan biri Salimjon Badalboyevdir desak, mubolag’a bo’lmas.

Salimjon aka suhbatlarining birida o’tmishda xattotlar qaysi maktabda qaysi ustozning shogirdi ekanligi bilan e’zozlanganligini e’tirof etganlar. Asl xattotlar qalb qo’rini xatga baxshida etgandagina go’zal namunalar yaraladi. Xattotlikda dong qozongan Salimjon aka qo’llaydigan ushbu ibora  ayniqsa ahamiyatlidir. “Dil amir, qo’l quldir. U buyuradi, bu yozadi. Chin xattot ham mahoratli, ham tahoratli bo’lishi kerak. U aqlan, qalban, jismonan toza va sog’lom bo’lishi zarur. Agar shunday bo’lmasa oq qog’oz ham, qora siyoh ham, qil qalam ham unga  bo’y sunavermaydi. Ko’rgan va o’qigan kishini o’ziga rom qilolmaydi. Xattot xati va qalami borasida , qahramon shoirimizning ushbu to’rtligi baqrcha xaqttotlarga dasturulamal bo’la oladi:

Eski alifboni dilga qilsang jo,

Mana bu hikmatni unutma aslo,

Egri niyatniyu yuvuqsiz qo’lni,

Sira yoqtirmaydi o’sha alifbo.

Qalb go’zalligi, xat chiroyi, qo’l pokligi xattot xatining bezagi va zebu ziynati. Xattotlarning go’zal xatlari qadimdan yuqori baholangan. Muborak so’z va iboralar, muqaddas kalimayu oyatlar, har xil shakllarda oroyish berib yozilgan. Ularni maxsus doirasimon taxtalar ichiga joylashtirib ilib qo’yishgan. Shuningdek, ularning ayrimlari turli rangdagi chit, atlas, kimxob kabi materiallariga yozilgan. Bu esa uyning bezagi sifatida devorlarni ziynatlagan.

Navro’z arafasida turli xil matolardan yasalgan, qo’l mehnati bilan san’at asarlari qatorida, “Madaniyat va ma’rifat” telekanali orqali turli xil idishlarga yozilgan xattotlik namunalari ham namoyish etilgani, ko’rgazmaga qo’yilgani nur ustiga nur bo’ldi. O’tmish madaniyatimiz, tariximizning ochqichi bo’lgan arabiy xat turlari o’z nafisligi va naqshinkorligi bilan xalqimizni asrlar mobaynida rom etib, mahliyo qilib kelayotgani rost. O’z yaqinlariga bayram sovg’asi sifatida turli idishlarga, tovoqlarga, piyolalarga bitilgan lavhalar hadya etilgan.

Xattotlarning xattotlik san’ati namunalariga boqib ularni ikki turga bo’lish mumkin: xattot-musavvirlar va musavvir-xattotlar. Ularning farqi nimada? Xattot musavvirlar har bir harfni, so’zni o’z shaklu shamoyilidan kelib chiqqan holda, uni ortiqcha zo’rlamasdan tabiiylik doirasida biron bir shaklni paydo qiladi. Unda shakl shunga xos yozuv ham muvofiqlik kasb etadi. Musavvir-xattotlarda esa yozuvdan ko’ra suvrat yetakchilik qiladi. Ular muayyan narsaning oldin shaklini chizib keyin esa uning ichiga yozuv joylashtirishadi. Bunda shakl va xat orasidagi uzviy birlik, mazmunan bir butunlik bo’lishi shart. Birinchi tur xattotlarda yozuv yetakchilik qilsa, ikkinchilarida esa suvrat yetakchilik qiladi. Har ikkalasiyam xattotlik san’atida katta mohiyatga ega.

Salimjon Badalboyev singari xattotlar har ikkala usulning uquvini bilgan, uddasidan chiqa oladigan mohir qil qalam xattot sanaladilar. Bugungi kunda Respublika dizayn va rassomchilik institutida yosh talabalarga xattotlik siru sinoatlaridan saboq berar ekanlar, biz ularga omad va sihat-salomatlik ilhombaxsh ijod tuyg’usi hamisha hamroz bo’lishini tilab qolamiz.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.