9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

MILLATNING SO‘NGGI LIBOSI

notiq.uz > TIL TARAQQIYOT  > MILLATNING SO‘NGGI LIBOSI

MILLATNING SO‘NGGI LIBOSI

Kiygan kiyimingiz yarashsa, hamma havas bilan qarashsa, g‘ururlanasiz, albatta. Har bir xaqning xos-u mos libosiga qarab turib ham qaysi millatga mansubligini bilish mumkin. Milliatning o‘zlig‘ini, o‘zagini, so‘zligini namoyon etadigani bu uning tilidir. Qoraqalpoq davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Farhod Bobojonovning inson imiji va notiqlik san’atiga tegishli qator kitoblarini mutolaa etganman. Hatto, o‘zlarini Notiqlik san’ati akademiyasiga taklif etib tinglovchilarga mahorat darsi o‘tishini ham uyushtirganmiz. Tinglovchilarimizning olqish-u ehtiromlariga sabab ham bo‘lganlar. Millatning oxirgi kiyimi ramziy ma’noda uning tili masalasidir. Kiyimsiz badan xijolatli va kulgili hamdir. Farhodjonning ushbu maqolasida ana shu masalaga jiddiy e’tibor qaratilgan. Keling, mutolla eting, so‘ng mulohazaga kirishing.

 

Til qashshoqmi yoki nutq?..

Ko‘cha-ko‘yda odamlarning o‘zbek tilida o‘zaro muloqotini tinglab qolsangiz, ular qo‘llayotgan so‘zlarning qanchalik ozligini, boshqacharoq qilib aytganda nutqining naqadar qashshoqligini ko‘rib achinib ketasan kishi. Til muayyan tizim qoidalariga bo‘ysunganligi bois o‘rni bilan kerakli lug‘aviy birliklar talab qilinadi. O‘sha birlik xotiraga kelmasa, olmosh (o‘sha, haligi, anaqa, kim, nima) yoki vulgar so‘zlar (adabiy tilga yot so‘kish yoki qo‘pol va dag‘al so‘zlar) qo‘llaniladi. Bunday holat asosan shahar shevalarida keng tarqalgan. Afsuski, bu “kasallik” keyingi vaqtlarda ommalashib bormoqda. Oddiy xalqning tilga munosabati, aniqrog‘i, tildan foydalanish ko‘nikmasi kundan-kunga pasayib borayotganligi ayni haqiqatdir.

Xo‘sh, ziyolilar-chi? Ularning orasida ahvol qanday, deb so‘rashingiz mumkin. Hujjatchilik bilan shug‘ullanadigan milliy kadrlarimizdan ham ko‘pincha eʼtirozli fikrlarni eshitib qolamiz: “O‘zbek tilida fikrni aniq ifodalash qiyin”, “O‘zbek tilida maʼlumotlarni to‘g‘ri yetkazib bo‘lmaydi”, “O‘zbekcha xujjatlar tushunarsiz bo‘lib qoladi”. Demak, tilimiz shunchalik qashshoq ekan-u, biz bilmay yurgan ekanmiz (!).

Keling, masalaga boshqacha yondashamiz. Chiroyli kiyinish uchun javonimizda liboslar yo‘qligi bozorda ham kiyim topilmaydi degan xulosaga olib kelmaydi-ku. Nega endi kimlarningdir nutqi qashshoqligi uchun til aybdor bo‘lishi kerak?! TILIMIZ BOY! Afsuski, ko‘pchilik tildoshlarimiz bu boylikdan bebahra qolgan.

Kasalni tuzatishdan oldin unga to‘g‘ri tashxis qo‘yish va tarqalish o‘chog‘ini, kelib chiqish manbasini aniqlash juda muhimdir. Nutqiy qashshoqlik ham ijtimoiy kasallik, uning tarqalish manbasini aniqlagandan keyingina davolash muolajalarini o‘tkazish mumkin. Haqli savol tug‘iladi: tilni qayerda o‘rganamiz va nutqni qanday boyitamiz? Javob sifatida asosan uchta muhitni ko‘rsata olamiz: oila, ko‘cha-ko‘y, maktab. Oilada maishiy muloqotni, ko‘cha-ko‘yda ijtimoiy muloqotni, maktabda esa milliy adabiy muloqotni o‘rganamiz.

Tan olish kerak, bugungi kunda oila maskani ko‘pchiligimiz uchun mehmonxona bo‘lib qolgan. Oilaviy muloqot, ayniqsa, keksalarning pandu nasihatlarini tinglash allaqachon urfdan qolib ketgan. Har kim o‘zi bilan o‘zi ovora, kimdir televizor ko‘radi, kimdir gajetlar (gadjet) bilan band (kompyuter va telefon o‘yinlari, ijtimoiy tarmoqlardagi betartib muloqotlar). Faqat ovqatlanayotgandagi ikki-uch og‘iz suhbatni hisobga olmasa, deyarli uyda gaplashilmaydigan holatga kelayapmiz.

Ko‘cha-ko‘ydagi ahvol bundanda badtar. Ikki-uchta tilni, yana shuncha shevani qorishtirib aralash bir qorishma tilda (buni til deyish mumkin bo‘lsa) muloqotga kirishamiz. Ko‘cha tilida eng ommabop, yoshlarga qayta-qayta takrorlab o‘rgatiladigan birliklar bu – so‘kishlar. Farzandingizni ikki-uch kun ko‘chada nazoratsiz qoldirsangiz, siz bilmagan ancha so‘kishlarni o‘rganib kelishiga men kafil.

Endi maktab taʼlimiga kelsak, rasmiy til o‘rganish maskani eng og‘riqli nuqta! Ona tiliga ajratilgan qanchadan-qancha soatlarni hech kimga va deyarli hech qayerda kerak bo‘lmaydigan grammatik qoidalarni o‘qitish va yodlatishga sarflab ko‘kka sovuryapmiz. Balki muhtaram hamkasblarimiz (mutaxassisligim o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi) eʼtiroz bildirishar. Lekin maktabdagi (oliy taʼlimda ham) ona tili taʼlimida grammatik qoidalarga ko‘milib qolganimiz achchiq haqiqat.

Ayting-chi, maktab bitiruvchilari ona tilida kamalak ranglarini sanab bera oladimi? Qarindoshlik atamalarini-chi? Hech bo‘lmaganda O‘zbekistonda o‘sadigan o‘simlik va o‘lkamizda yashaydigan yovvoyi hayvonlarning nomlarini bilisharmikan? Respublikamiz hududlari orasidagi muloqot xulqidagi farqlarni-chi? Birorta darslikda o‘zbekona muloqot etiketlari xususida so‘z yuritiladimi? Bularni qayerda o‘rganish mumkin? Axir tildan amaliy jihatdan foydalanish ko‘nikmasini maktabda o‘rganmasak, o‘rgatmasak nutq bilan birgalikda til ham qashshoqlashib ketaveradi-ku!

Tibbiyotda shunday qoida bor ekan: qaysi organdan foydalanilmasa, shu organ ish faoliyatini susaytirib boraverarkan. Til ham jonli organizm, undagi birliklarning isteʼmoliga tez-tez murojaat qilinmasa, ularning maʼnosi xiralashib, yo‘qolib boraveradi.

Yuqoridagi savollarni bekordan bekorga bermadim. Agar maktab darsliklarida kamalak ranglari va boshqa ranglar ko‘rsatilib ostiga so‘zlar bilan izoh berilganda, mashina ranglarini tushuntirishda “boshqa tillar”ga murojaat qilib o‘tirmasdik; qarindoshlik atamalari maktabda o‘rgatilganda “akamning o‘g‘li ham, singlimning o‘g‘li ham menga jiyan bo‘lishi”ni isbotlash uchun natariusga (Qoraqalpog‘iston hududida) izohli lug‘at ko‘tarib borishga hojat bo‘lmasdi yoki inglizcha o‘rganayotganda ayrim qarindoshlik atamalarini topolmay har kim o‘z shevasidagi shaklini aytib o‘tirmasdi; Orolbo‘yi hududida yashovchi do‘stimning yozgan sheʼrlaridagi qushlar va hayvonlarning nomlarini anglash uchun lug‘atlarga murojaat qilib o‘tirmasdik; hududlardagi muloqot xulqidagi farqliliklar maktabda o‘rgatilganda, qoraqalpog‘istonlik do‘stimizning muomalasidan andijonlik do‘stimiz xafa bo‘lmasdi yoki Toshkentga borgan do‘stimiz “biznikiga ham o‘ting” deyishganda “kutilmagan mehmon” bo‘lib mezbonni bezovta qilmasdi; xorazmlik shogird “domla falonchiyev keldilarmi” deyishning o‘rniga “falonchiyev keldimi” deya etiket qoidalarini buzib, domlaning oldida hijolat bo‘lib o‘tirmasdi. Xullas, bularning hammasi tilni amaliy qo‘llash bo‘yicha men shaxsan guvohi bo‘lgan va esimga tushgan muammolar. Men bilmagan yana qancha muammolar borligini xudo biladi.

Bu muammolar maktabda ona tilini o‘rgatish grammatik taʼlim tamoyiliga asoslanganligining natijasidir. Grammatika faqat o‘zga tilni o‘rganganda kerak bo‘lishi mumkin. Shu bois grammatikani ona tili fanidan ajratib, yuqori sinflarda o‘rganish maqsadga muvofiq. Shuningdek, boshlang‘ich sinflarga ona tilidan boshqa tillarni tiqishtirmagan maʼqul.

Har qanday til parvarishga, eʼtiborga, nazoratga muhtoj. Aks holda “gulzorni begona o‘tlar bosib ketishi” tabiiy hol. Til davlat tomonidan huquqiy muhofazaga, jamoatchilik tomonidan qatʼiy nazoratga olinsagina ravnaq topadi. Olimlar va yozuvchilar tomonidan qayta ishlansa va jamoatchilikka tavsiyalar berilsa, yana-da sayqallashib, go‘zallashib boradi. O‘zbek adabiy tili XX asrning 30-40 yillaridagi holatida qotib qolganligini hammamiz yaxshi bilamiz. 90-yillarda ozroq o‘zgarishlar boshlangan-u, kimlargadir yoqmay qolgan shekinli – harakatlar to‘xtatilgan. To‘g‘risi, biz o‘ttiz yildan beri “ura-ura”chilikka berilib, “o‘zbek tili – davlat tili” deb gerdayishdan, til bayramlarini nishonlab maqtanishdan nariga o‘tganimiz yo‘q. Vaholanki, “Davlat tili haqida”gi Qonun (1995-yilgi tahriri) matnini sinchkovlik bilan o‘qib chiqsangiz, unda o‘zbek tilining huquqiy maqomiga emas, ko‘proq boshqa tillarning isteʼmolda bo‘lish kafolatlariga eʼtibor qaratilganligini sezish mumkin. Qonundagi 24 moddaning bor-yo‘g‘i ikkitasida (1- va 22-modda) faqat o‘zbek tili haqida gap ketadi, qolgan moddalarda albatta boshqa tillar “esdan chiqmagan”. Davlat tilida ish yuritish masalasi ham achinarli ahvolga kelib qolgani bugun hech kimga sir emas.

Yana bir narsa meni hayratga soladi: dunyodagi deyarli barcha tillar o‘zga tildan so‘z o‘zlashtirganda (agar o‘zlashtirish lozim bo‘lsa!) qabul qilingan iug‘aviy birlikni o‘zining tili qonuniyatlariga moslab oladi. O‘zbek tilida ham bu qonuniyat bir vaqtlar bo‘lgan: chor-chorizm (цар-царизм), cherkov (церковь), bo‘lish (волость) kabi. Hozir esa o‘zga til unsurini hech qanday o‘zgarishsiz qabul qilishga majburmiz (kim majburlashini o‘zimiz ham bilmaymiz!). Qanday beʼmanilik! Arabchasi bormi, forschasi bormi, ruschasimi, inglizchasimi farqi yo‘q. O‘zga tilda qanday bo‘lsa shunday qabul qilish kerak! Tamom, vassalom. Tilimiz tabiatini bir tiyinga olmaymiz. Ko‘ngilchanlik ham evi bilan-da! Xalq orasida shunday qo‘pol gap bor: “Ko‘ngilchanglik qilib, bolalarim o‘zimga o‘xshamay qoldi”. Millatimizning ko‘ngilchanligi so‘zlarimizning o‘zimiznikiga o‘xshamay qolishiga sababchi bo‘lmoqda. Buni bugun to‘xtatmasak, ertaga kech bo‘ladi! (Shundog‘am ancha kech qoldik)

Ochiqchasini aytganda, respublikamiz bo‘ylab og‘zaki muloqot qilishga mos tabiiy standart til ishlab chiqilmagan. Adabiy til asosan yozma nutqqa moslashgan, og‘zaki shaklida sun’iylik yaqqol seziladi. Chunki adabiy tilimizdagi lug‘aviy birliklar va jumla qoliplari tabiiy ravishda emas, asosan (rus tili orqali) tarjima-kalkalar asosida sunʼiy ravishda yasalgan. Hujjatlar tili va uslubi ham o‘zga til qoliplari negizida shakllantirilganligi bois o‘zbek tili o‘z tabiatidan uzoqlashgan.

Tildoshlar, uyg‘oning! Tilimizni o‘z o‘zaniga qaytaraylik, aks holda undan ayrilib qolamiz. Til millatning oxirgi kiyimi, undan ham ajralsak yalang‘och qolamiz…

 

Farhod Bobojonov

 Qoraqalpoq davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.