TILIMIZNI BUGUN TARAFLAB SHARAFLAMASAK, ERTAGA…
Sharaflanadigan, taraflanadigan tushunchalar orasida ona tili – davlat tili alohida o‘rin tutadi. Aks holda, biz o‘zligimiz ko‘zgusi bo‘lgan so‘zligimizdan ajralib, uni yo‘qotishimiz tayin. Shunday ekan, biz unga muhtojmiz. Kimki, davlat tili haqida biron gap aytib jig‘imizga tegishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Qitiq patimizga tekkanday sakrab tushamiz va tegishli javobini beramiz. Ziyolilar, yurt taqdiriga, tilimizga, elimizga mehri chandon ustuvor bo‘lgan san’at va madaniyat xodimlari bu masalaga befarq emas. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, shoir G’ayrat Majidning shu boradagi mulohazalari e’tiborga molik, mana, mutolaa qiling.
TIL INSONLIK ShARAFIDIR
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga ham o‘ttiz yildan oshdi. Bu ozgina vaqt emas. Bir yigitning umri, axir. Mustaqilligimiz e’lon qilinganiga ham chorak asrdan oshdi. Nima deb o‘ylaysiz, bu muddat kammi? Yodingizda bordir, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan pallalarda “O‘zbek tilini o‘rganamiz” degan o‘quv mashg‘ulotlari yaxshigina yo‘lga qo‘yilgandi. Tilimizni bilmaganlar ozmi-ko‘pmi o‘rganishni boshlagan edilar… Keyin juda ko‘pchiligimiz eski o‘zbek yozuvidan dars olishga astoydil kirishib ketdik. Shunchaki, ko‘r-ko‘rona emas, muhabbat bilan intildik bunga. Negaki, ko‘nglimiz shunga juda tashna edi, rost gap. Necha-necha asrlik adabiy, ilmiy merosimiz shu tilda yozilgan-ku. Bu holdan esa eng ko‘p quvongan ijod ahli bo‘ldi. Axir, ular bundoq natijaga erishimoq uchun ozmuncha jabr chekishdimi? O‘sha paytlarda nashr etilgan gazeta-jurnal taxlamlarini bir varaqlab ko‘rsangiz yana ham yaxshiroq anglaysiz. Ular o‘sha paytlardayoq, davlat, uning ozodligi, millatni ilm, to‘g‘rirog‘i, ilmli, ixlosli, qat’yatli kishilar asraydi, deb bilganlar. Keyin nima jin urdi bilmayman. Hammasi boshqacha tus ola boshladi. Tilimizning nufuzi tusha boshladi. Ajnabiy (ming afsuski, ko‘p hollarda o‘z tilimizni unutgan hola) tillarda chuldiray boshladik. Alam qiladigani, o‘z tilida gaplashishga or qiladiganlar toifasi ham paydo bo‘ldi. Bularning barchasiga o‘zimiz ruxsat berdik. Hoy, to‘xta, esing joyidami, ko‘zing qayoqda seni, deydigan odam topilmadi. Yoki bosh ko‘tarmoqchi bo‘lganlarning boshiga urish uchun gurzini o‘zimiz tayyorlab qo‘ydik. Oktyabr oyida nari-beri til haqida so‘zlagandek, til uchun qayg‘urgandek bo‘ldik. Oktyabrning 21 sanasi shunchaki nishonlanadigan bayramga aylandi. Sana o‘tishi bilan… yana eski tos, eski hammom qo‘shig‘ini aytdik.
O‘tgan yili O‘zbek tilining o‘ttiz yilligi keng nishonlandi. Bayram tadbirida mamlakat rahbari ishtirok etdi va nutq so‘zladi. 21-oktyabrni O‘zbek tili bayrami sifatida nishonlash taklifini berdi. Joriy yilning 10-aprelida bu qonun bilan mustahkamlandi. Endi ham mum tishlab o‘tirsak, bo‘lmaydi. Endi jur’atli bo‘lishimiz kerak. Men so‘zlarim avvalida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani hamda mustaqillikka erishganimizga ancha yillar bo‘ldi, bu oz muddat emas degan gapni aytgan edim. Aslida katta natijalarga allaqachon erishmog‘imiz kerak edi. Uzoqqa bormang. Biz bilan bir vaqtlarda mustaqilligini e’lon qilgan mamlakatlarning davlat tili qonunlariga va unga amal qilish mezonlariga bir diqqat qilsangiz, nimalarni boy berayotganimiz ma’lum bo‘ladi. Hech bo‘lmaganda shulardan o‘rnak olaylik. Ona tilimizga qarshi kurashuvchi ichimizdagi yog‘iylar bo‘ladimi, tashqi makkor, iflos niyatli odamlar bo‘ladimi, hammasiga qarshi dadil kurashimiz zarur va shartdir.
Men til bilan bog‘liq maqolalarimning birida misol kettirgan edim. Yana eslatib o‘tmoqchiman. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Tarixi Muhammadiy” kitobida shunday mazmundagi hikmatli so‘zlar bor: to‘rt narsaga ega bo‘lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo‘ladilar. Birinchi o‘z erki va ixtiyori o‘zida bo‘lmagan kishi, ikkinchi shar’iy va qonuniy kasb qilib topgan mulkining sohibi bo‘lolmagan odam, uchinchi Vatanini boshqalar tassarrufida qoldirmoq (bu esa kechirilmas jinoyat va inson haqlariga xiyonatdir), to‘rtinchi asrlar bo‘yi asralib kelinayotgan muqaddas dinlariga emin-erkin amal qilib yashay olmagan odam.
Hazrat Sog‘uniy so‘zlari hamisha ogohlik bongi bo‘lib qolaveradi. Chayonning zahari dumida bo‘ladi, deyishadi, dumdan ham, chayondan ham voz kechish kerak. Ba’zi dardlarning davosi bo‘lmaydi. Jarroh uni tanimizdan kesib, olib tashlaydi. Biz xuddi jarroh kabi qalbimizdagi ona tilimizga bo‘lgan g‘ayri qarashlarni, kir bosgan o‘y-xayollarni, sasib-bijg‘ib ketgan tafakkurni olib tashlashimiz kerak. Boshqa yo‘l yo‘q. Bu maqsad yo‘lida hammamiz yakdil bo‘lishimiz ham, albatta, muhim. Yo‘qsa, ustozimiz Abdulla Orif aytganidek, sho‘rlik to‘tining holiga tushib qolish hech gap emas.
G‘ayrat Majid, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, shoir