9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Twitter

 

Amaliy natija bo‘lmasa gap gapligicha qoladi

Notiqlik san'ati - Rahimboy Jumaniyozov rasmiy sayti > TIL TARAQQIYOT TAROZISI  > Amaliy natija bo‘lmasa gap gapligicha qoladi

Amaliy natija bo‘lmasa gap gapligicha qoladi

Iqtidorli yozuvchi, jurnalist Nazar Eshonqulning ushbu maqolasida xuddi shu masalaga e’tibor qilingani ahamiyatli. Xalq xo‘jaligining barcha jabhalarida, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy jarayonda, rasmiy ish yuritishdan tortib davlat hujjatlarigacha bo‘lgan ish uslubida davlat tilining rutbasi, o‘rni sezilmasa bari behuda. Keling, yaxshisi maqolani mutolaa qiling.

 

Mustaqilligimizni ona tilimizga munosabatimiz belgilaydi

 

Til – millatning ko‘zgusi. Unga qarasangiz o‘zingizni ko‘rasiz, balandu pastingizni, imkonu imkonsizligingizni. Ko‘krak urib, kerilmaylik, qay darajada mustaqilligimizni ham ona tilga munosabatimiz ko‘rsatib turibdi. Tilga munosabat – mustaqillikka, mustaqil davlatchiligimizga munosabat!

Davlat idoralarida o‘zbek tiliga munosabatga shunday yondashish kerak. Agar bu idoralarda hali hanuz to‘liq o‘zbek tilida hujjat, ish yuritilmayotgan ekan, unda biz hali to‘liq mustaqil davlatmiz, o‘z yo‘limizni, kelajagimizni o‘zimiz belgilaymiz, deb kerilishimiz o‘rinsiz. Milliy tilga munosabat bularning bari omonat ekanini ko‘rsatib turadi.

Davlat idoralarida davlat nomini belgilab turgan tilda ish yuritilishi shu idoralarning, shu xodimlarning mustaqil davlatchiligimizga munosabati demakdir. Demak, davlat tilida ish yuritish chala ekan, mustaqillik ham hali chala, oxiriga yetmagan, hali ham xavf turibdi. Davlat tili, O‘zbekistonda o‘zbek tiliga munosabatni ana shunday baholash, shu ko‘z bilan qarash kerak. (Inchunin, barcha mamlakatlarda ham shu yondashuv bo‘lishi zarur).

Davlat tiliga amal qilishning demokratik, plyuralistik, xolislik ko‘rinishi yo‘q. Chunki o‘zbek tili faqat O‘zbekistonda davlat tili. Boshqa biron davlatda emas. U yagona, uning boshqa joyda yashash imkoni, kafolati yo‘q. Xuddi boshqa davlatlarning milliy tili kabi.

O‘zbekistonda barcha davlat hujjatlari, ish o‘zbek tilida yuritilishi shart. Bu o‘zbek nomini olgan davlatning bosh vazifasi, chegara, armiya, milliy valyuta kabi o‘zbek tili ham “O‘zbekiston” degan milliy davlatchilikning kafaloti, atributi.

Bizda o‘ttiz yildan buyon davlat tilida ish yuritilmagan va hanuz to‘la yuritilmayotgan ekan, demak, takror aytaman, biz mustaqilmiz, deb kerilishimiz ortiqcha, chunki milliy davlatchilikning asosiy ustunlaridan biri mo‘rt, biriga munosabat noaniq, o‘lda-jo‘lda. Shuning uchun tilga munosabatga qarab xulosa qilaylik, biz mustaqilmizmi yo yo‘q? Mustaqil bo‘lsak, unda davlat tiliga hamma joyda, har qanday mahal to‘liq amal qilaylik. Bu miliy davlatchilik, mustaqillik talabi. Amal qilmas ekanmiz, mustamlaka virusi ichimizda turaveradi, bir kuni baribir o‘zini ko‘rsatadi, “epidemiya”ga aylanadi, keyin bu virusdan tozalash uchun chetdan yordam kuchi keladi. Bu usul tarixda ko‘p marta o‘zini isbotlagan.

Davlat tiliga amal qilish masalasini siyosiy chayqovchilikka aylantirayotganlar ham buni juda yaxshi biladi. Ular aynan shuning uchun ham ayuhannos solishayapti, davlatning milliy tilda ishi yuritishi, oxir-oqibat ular umid qilib turgan zanjirlarni uzib yuborishini his qilishayapti. Bu ayuhannoslar tagida shu xavotir yotibdi, buning oldini olish uchun ular turli shakllardan, o‘yinlardan, usullardan foydalanishmoqda. Foydalanishadi ham. Lekin agar qatʼiyat bo‘lsa, buzoqning yugurgani somonxonagacha bo‘lib qolaveradi. Shuning uchun bu masalani – Davlat tiliga munosabat orqali o‘zini namoyon qiladigan to‘liq mustaqillik masalasini qatʼiy siyosiy iroda bilan hal qilish davri keldi.

 

Hamkorimiz: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departameni sayti asosida tayyorlandi.

No Comments

Leave a Comment