9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

XALQIMIZGA MUKAMMAL ALIFBO KERAK!

notiq.uz > TIL TARAQQIYOT  > XALQIMIZGA MUKAMMAL ALIFBO KERAK!

XALQIMIZGA MUKAMMAL ALIFBO KERAK!

 Eng milliy boylik

 “Milliy boylik” tushunchasiga ko‘p narsa kiradi. Lekin til – har qaysi xalqning birlamchi va eng muhim boyligi, milliy xazinasi, ulkan bisoti. Zabon borki, millat bor. SHuning uchun tilga munosabat milliy davlat siyosatining ham o‘zak-o‘zagini tashkil etadi.

Bugun lotin yozuvining afzalliklari, uning asosidagi yangi alifboga o‘tayotganimizning to‘g‘riligi haqida alohida so‘zlab o‘tirishga hojat yo‘q. Bunga zamin bo‘lgan omillar ko‘plab chiqishlar, jumladan ushbu satrlar muallifining “Biz nega lotinga o‘tyapmiz?” maqolasida[1] ham bayon etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbida “O‘ZBEKISTON” so‘zi, milliy valyutamiz kupyuralaridagi bitiklarning bari yangi o‘zbek alifbosida qayd etilgan. YAqin kelajakda mamlakatimizda rasman kirill yozuvi asosidagi eski alifbodan batamom voz kechilib, to‘liq yangi  alifboga o‘tiladi.

Lotin yozuvi dunyoda shunchalar keng yoyilganki, hatto, rus tili lotin yozuvini rasman qabul qilmagan bo‘lsa ham, internet tizimi, mobil aloqa kompaniyalari xabarlari rus tilida ham lotin yozuvi asosida mijozlarga jo‘natilyapti. Eronda arab yozuvi asosidagi forsiy alifbo ishlatilsa ham, aholining muayyan qismi elektron tarmoqlarda bir-biri bilan lotin alifbosi harflaridan foydalanib yozishadi. CHunki kompyuter tizimi lotin yozuvini harf deb ko‘radi, boshqa yozuvlarni esa suvrat deb bilib, uni o‘qishga keragidan ortiq ko‘p vaqt sarflaydi.

Xullas, lotin yozuvi bugungi kunda eng qulay, eng zamonaviy yozuv ekaniga shubha qilib yoki bahslashib o‘tirishga aslo hojat yo‘q.

 

Kechikish oqibatlari

 

O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganiga 26,  “O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonuni qabul qilinganiga esa 24 yil bo‘ldi. SHunga qaramay, hali-hamon bu yangi alifboga o‘tganimiz yo‘q. Holbuki, Ozarboyjon Respublikasida 2001 yiliyoq lotin yozuvi asosidagi yangi alifbo to‘liq joriy etildi. Hech narsa bo‘lgani yo‘q. Hech kim norizolik ham qilgani yo‘q.  Hech kim yangi alifboda o‘qiyolmay, savodsizga aylanganib qolgani ham yo‘q.

Bizning nimadan ehtiyot bo‘layotganimiz – noma’lum.

YAngi alifboga yoppasiga o‘tmaganimiz ayrimlarning: “Kirill alifbosi yaxshiroq emasmikan?” – degan mulohazaga borishi uchun xamirturush vazifasini o‘tadi. Xamir ko‘pchigandan ko‘pchib boraverdi. YAqinda ayrim matbuot nashrlarida ba’zi fuqarolar aynan kirill yozuvi asosidagi alifboda qolish g‘oyasini jon kuydirib targ‘ib qila boshladi ham.

Holbuki, xalqning kelajagini o‘ylagan odam biz uchun lotin yozuvidan yaxshisi yo‘qligini dildan his etadi, albatta.

 

 

Qat’iyatlar, qat’iyatlar…

 

Bugun bizni boshqa masala qiziqtiradi: nega lotin yozuvi asosidagi yangi qabul qilingan alifbomiz  hali ishlatib-ishlatilmay bir marta isloh etildi?

YAngi o‘zbek alifbosi ingliz tili uchun chiqarilgan, demakki, dunyoda eng ko‘p qo‘llanadigan kompyuter klaviaturasiga mos bo‘lsin, deyildi. YAxshi qat’iyat. Mantiq yo‘q emas. SHunday qilindi ham.

Lekin…

Ko‘p yillik tajribalar bu islohni ham yana qayta isloh qilishni taqozo etyapti.

 

Bir ortiqcha harfga ne hojat?

 

Bozor iqtisodiyoti jarayonida yashayapmiz. Har lahzamiz – pul. Ortiqcha sarflangan har qanday vaqt – amalda, bekorga xarajat qilingan mablag‘, degan gap. Har gal 29 daqiqada yozish mumkin bo‘lgan matnni 30 daqiqada yozsangiz, ya’ni har yarim soatdan bir daqiqasini bekorga sarflasangiz, yig‘ilib-yig‘ilib bu qancha vaqtga aylanadi-yu, amalda qancha puldan mahrum bo‘lasiz? CHunki boshqalar ana shu siz bekor ketkazgan vaqtda ham nimadir ishlab chiqarib, mo‘may daromad topadi-da.

Xullas, biz alifbomizga bir ortiqcha harf kiritganmiz. Gap “ch” harfi haqida ketyapti. Tabiiy savol tug‘iladi: nima uchun “ch” tovushi ifodasi uchun “c” va “h” harflari qo‘shilmasi qabul qilindi? Axir, yangi alifbomizda “c”  harfi boshqa hech qanday vazifa bajarmaydi-ku. Faqat bir o‘rinsiz mulohaza o‘rtaga tushgan bo‘lishi mumkin. U ham bo‘lsa – “c”  lotin yozuvi asosidagi ayrim milliy alifbolarda kirill yozuvidagi ba’zan “s”, ba’zan “s” va ba’zan “k” tovushlarini ifodalab kelishi.

Lotin yozuvidagi harflar uning  asosidagi milliy alifbolarda aynan qanday tovushni ifodalash uchun ishlatilgani biz uchun birlamchi ahamiyatga ega emas.  CHunki o‘z milliy alifbomizni yaratish qat’iyatiga amal qilganmiz. Bunda ayrim lotincha harflar faqat bizdagina xos tovush ifodasi uchun ishlatilishi yo‘lidan yurilgan. Masalan, lotin yozuvidagi “x” ayrim milliy alifbolarda aynan “ks” tovushi ifodasi uchun ishlatiladi. Biz uni “xato”  so‘zi boshida keladigan “x” ifodasi uchun qo‘llaymiz. YOki “j” harfi ayrim milliy alifbolarda kirill yozuvidagi “y”  o‘rnida keladi. Biz uni “jo‘ra” hamda “jargon” so‘zlari boshida keladigan ikki tovush uchun qabul qilganmiz.

Demak, alifbomizga kiritiladigan birinchi o‘zgarish  aynan “ch” harflar qo‘shilmasidagi “h”dan butunlay voz kechishdan iborat bo‘lishi kerak.

 

Bir imkonni boy bermaylik!

 

O‘zbek tilida tarixan bitta “v” tovushi mavjud edi. Bu – lablanmagan “v”. U amalda “u”ga juda yaqin kelgani uchun ham arab yozuvi asosidagi eski o‘zbek alifbosida “v” hamda “u” tovushlari uchun bitta “vov” (و) harfi qabul qilingan. Kelib chiqishi turkiy (o‘zbekcha), arabiy va forsiy bo‘lgan so‘zlarda “v”  xuddi ingliz tilidagi “dablyu”, ya’ni “w” kabi lab labga tegmagan holda talaffuz qilinadi: “valdiramoq”, “vaysamoq”, “voybo‘y”,  “viq-viq”, “vaqt”, “Vatan”, “avval”, “savlat”, “lavha”… 

Biroq XIX asrning oxirlaridan boshlab tilimizga rus tili orqali rus va boshqa G‘arb tillaridagi lablangan “v” tovushi ishtirok etgan ko‘p-ko‘p so‘zlar ham kirib keldi. Arab yozuvi asosidagi eski o‘zbek alifbosiga ham, lotin yozuvi asosidagi 1929 – 1939 yillar ishlatilgan o‘zbek alifbosiga ham, hatto, mana, lotin yozuvi asosidagi yangi o‘zbek alifbosiga ham bu biz uchun yangi tovush ifodasiga alohida harf olishni o‘ylamadik, uni ham bitta harf (و” , “v”, “v”) bilan  ifodalab ketaverdik.

Oqibat nima bo‘ldi?

SHo‘ro davrida ikki taniqli navoiyshunosning “Navoiy” so‘zini g‘alati talaffuz qilishidan hayron qolar edim. Endi o‘ylasam, ular bu so‘zdagi “v” tovushini aynan ruscha, ya’ni lablangan holda talaffuz qilar ekan. Bu quloqqa xuddi “Nafoiy” degandek eshitiladi. Gap shundaki, rus tilida bizdagi lablanmagan “v” (ya’ni “dablyu” – “w”) tovushi, umuman, yo‘q.  SHuning uchun ruslar buyuk ingliz shoiri SHekspirning ismi – Wilyamni s “Uilyam” deb yozishadi. Natijada aslida ikki bo‘g‘inli bo‘lgan ism ruschada uch bo‘g‘inli bo‘lib qoladi.  Biz ham ruslarga ko‘r-ko‘rona ergashib, boz ustiga, tilimizda inglizcha bilan bir xil talaffuz qilinadigan tappa-tayyor “v” (“w”) tovushi bo‘la turib, “Uilyam” deb yozamiz.  Bir davlatning nomini “Uels” deb, ya’ni ikki bo‘g‘inli qilib yozamiz va o‘qiymiz. Holbuki, aslida, bu – “Vels” degan davlat. Ruslar, azbaroyi ularda lablanmagan “v”, ya’ni “w” yo‘qligi uchun shunday yo‘l tutishgan. YOki “shou” degan so‘zni olaylik. U ham – aslida, “shov”, ya’ni “show” degan bir bo‘g‘inli so‘z. Bundan keyin xuddi shunday ingliz tilidan ko‘p-ko‘p so‘zlar kirib keladi.

Hozir esa tilimizda ruschadan lablangan “v” (ya’ni “v”) tovushi ishtirok etgan shunchalar ko‘p so‘z kirib kelganki, uni o‘zbekcha “v” bilan talaffuz qilish mutlaqo xato bo‘lur edi.

Maktabda “v” (lotin yozuvida “v”) o‘qitilayotganda kamdan-kam o‘qituvchi u tilimizda bir-biridan keskin farq qiladigan ikki tovushni ifodalashini aytadi, o‘rgatadi.

Rus tili orqali kirib kelgan so‘zlarni o‘zbekcha “v” bilan talaffuz qilayotganimiz bir xato bo‘lsa, o‘zimizning turkiy, forsiy, arabiy so‘zlardagi “v”ni ruschadagidek lablangan “v” tovushi bilan talaffuz qilayotganimiz dard ustiga chipqon chiqqandek bo‘lyapti. Hatto, O‘zbekiston xalq artistlarining ayrimlari ham sahnada, televidenie ko‘rsatuvlarida “vafo”, “Vatan”, “vaqt”, “gavhar”, “lavha” kabi oddiy-oddiy so‘zlarimizni xuddi o‘zbek tilini endi o‘rganayotgan ajnabiy kabi “fafo”, “fatan”, “faqt”, “gafhar”, “lafha”  deganga yaqin tarzda aytyapti.

Bu ketishda yaqin kelajakda tilimiz tamoman vayron bir holga kelib qoladi. Keyin uni hech kim tuzata olmaydi.

Nima qilish kerak?

Kelinglar, alifbomizga “w” harfini xuddi ingliz tilidagidek lablanmagan “v” tovushi ifodasi uchun ishlataylik.

Ana o‘shanda “vokzal”, “volfram”, “ob’ektiv”, “sub’ektiv”, “nerv”, “volt” kabi so‘zlardagi “v”larni ham aslidagidek, ya’ni lablangan holda, boshqacha aytganda, “f”ga yaqinroq tarzda talaffuz qiladigan bo‘lamiz.

Modomiki, tilimizga ingliz tilidan ko‘p-ko‘p so‘zlar kirib kelishi jarayoni boshlangan ekan, bu ikki tovush uchun alohida-alohida harf qabul qilish – o‘ta muhim masala bo‘lib boraveradi.

 

“Jo‘ja”dagi “j” – boshqa, “jandarm”dagi “j” – boshqa

 

Nima uchun kirill yozuvi asosidagi alifbodan lotin yozuvi asosidagi yangi alifboga o‘tyapmiz?

Avvalo, tilimizdagi tovushlarni maksimal darajada to‘g‘ri ifodalash uchun!

SHunday ekan, keling, shu yo‘lni mahkam tutaylik. YA’ni hozir – payti. CHunki hali lotin yozuvi asosidagi yangi alifboga to‘liq o‘tganimizcha yo‘q. Imkon borida oldindan ishni puxta qilaylik. Bira-to‘la alifbomizni mukammallashtirib, keyin yoppasiga uni qo‘llashga o‘taylik.

Arabiy va turkiy tillar uchun jarangsiz “j” tovushi xos emas. Arab yozuvi asosidagi forsiy alifboga jarangsiz “j” tovushini ifodalash uchun maxsus bir harf () qo‘shilgan. Turkiy tilga forsiydan o‘tgan ana shu jarangsiz “j” tovushi uchun shu harf arab yozuvi asosidagi eski o‘zbek yozuvi tarkibida ham qolgan. Hozirgi tojik alifbosida ham bu ikki harf alohida-alohida ifodalanadi. YA’ni “jo‘ja”dagi “j” uchun – boshqa (ҷ) va “janda”, “ajdar”, “ajdaho”dagi jarangsiz “j” uchun boshqa (“j”) harf olingan.

Biz uchun yo‘l shu yo‘l bo‘lishi kerak. YA’ni lotin yozuvi asosidagi yangi alifbomizni mukammallashtirish niyatida bo‘lsak, “j”ni “jo‘ja” so‘zida keladigan jarangli “j” uchun qoldirib, “jandarm”da keladigan jarangsiz “j” uchun yangi harf tanlashimiz lozim. Buning uchun qanday harf tanlanishining katta ahamiyati yo‘q.

Haqiqat yo‘lida orqaga qaytish ayb emas. O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida” 1993 yil 2 sentyabrdagi qonunida jarangsiz “j” tovushi uchun “Ɉɉ” harfi qabul qilingan edi. Ikki bir-biriga yaqin tovush uchun shaklan o‘xshash, birgina farq (bu erda beli bog‘langani) bilan harflar qabul qilish tajribasini kirill yozuvi asosidagi alifbomizda “x” va “h” misolida ko‘rdik. Bu ko‘p xatoliklarga sabab bo‘ldi. Hozir bu ikki tovush uchun bir-biriga o‘xshamaydigan harflar (“x” va “h”) bilan ifodalanayotgani uchun xatolar, bir oz bo‘lsa-da, kamaydi.

SHularni hisobga olib, kamina bir taklif sifatida, “jandarm”ga ketadigan jarangsiz “j” uchun, masalan, “Ȥȥ” harfini kiritish kerak, degan bo‘lardim.

Bu masalaning yana bir nozik va ahamiyatli jihati bor. Bundan buyon tilimizga ingliz va boshqa G‘arb tillaridan ko‘plab so‘zlar olinaveradi. Rus tilida jarangli “j” tovushi yo‘q. SHuning uchun ular bu tovushni aniq ifodalamoqchi bo‘lsa, oldiga “d” harfini qo‘shib, “dj” tarzida yozishga majbur. Biroq ko‘p g‘arbona so‘zlardagi jarangli “j”  rus tiliga jarangsiz “j” bo‘lib o‘tavergan. Biz ruschadan olib, masalan, jarangli “j” bilan boshlanadigan “jurnal”(“jurnal”)ni jarangsiz “j” bilan boshlanadigan “jurnal” (“ȥurnal) deb olganmiz.

Quvonarli tomoni shundaki, 1993 yilning 2 sentyabrida tasdiqlangan yangi o‘zbek alifbosida “jo‘ra”ga ketadigan “j” uchun alohida (kattasi uchun – “J”, kichigi uchun – “j”), “jandarm”ga ketadigan “j” uchun alohida (kattasi uchun – “Ɉ”, kichigi uchun – “ɉ”) harf qabul qilinib, to‘g‘ri yo‘l tutilgan edi[2].

Axir, milliy alifboda har bir tovush uchun alohida harf bo‘lsa, qanday yaxshi.

 

“O”larning olam-olam “mojaro”si

 

Hozirgi o‘zbek adabiy tilida amalda uch xil “o” bor.

B i r i n ch i s i – turkiy “o”. “Ona”, “ota”, “bobo”, “opa”, “bola”, “olma”, “ovul”, “oz”, “qon”, “qosh” kabi so‘zlarda aynan shunday “o” ishtirok etadi. U talaffuzda qisqaroq bo‘ladi. SHevalarda osongina boshqa qisqa unliga aylanaveradi – “ena”, “buva”, “apa”, “alma”, “bala”, “avul”, “av”, “az” (“azgina”) bo‘lib qolaveradi ham.

SHuning uchun tilimiz tabiatini ich-ichdan bilgan, ya’ni zukko shoirlar, hatto, “ona” so‘zini “mardona” so‘ziga qofiya qilmaydi. CHunki “ona” so‘zidagi “o”ga urg‘u tushmaydi, asli fors-tojik tilidan olingan “mardona” so‘zidagi “-ona” qo‘shimchasining “o” tovushiga urg‘u tushadi. Qaysi bir no‘noqroq shoir “ona”ni “mardona”ga qofiya qilsa, she’rxon – turkiy “ona” so‘zini “o(-o-)na” tarzida, ya’ni “o”ga sun’iy ravishda urg‘u berib, chщzib o‘qishga majbur.

I k k i n ch i s i – arabiy-forsiy so‘zlardagi “o”. “Odam”, “oila”, “olim”, “bog‘”, “or”, “osmon”, “dehqon”, “gulzor”, “dono” kabi so‘zlardagi “o”lar turkiy so‘zlardagi “o”ga nisbatan ochiqroq, cho‘ziqroq, kattaroq tarzda talaffuz qilinadi.

U ch i n ch i s i – ruscha va rus tili orqali kirib kelgan so‘zlardagi “o”. “Ob’ektiv”, “tok” (“elektr toki” ma’nosida), “donor”, “domino”, “kontrast”, “korroziya”, “okrug”, “oktava”, “organ”, “otorinolaringologiya”, “ofitser”, “ofitsiant” so‘zlaridagi “o” shunday tovush hisoblanadi. Aslida, bu “o” turkiy va arabiy-forsiy “o”larga tovush sifatida ko‘p yaqin kelmaydi.

Rus tilining qoidasiga ko‘ra,  urg‘u tushmagan “o”lar talaffuzda amalda “a” yoki “i”ga aylanib ketadi. Urg‘u tushgan “o”lar esa bizdagi  “o” bilan “o‘”ning o‘rtasidagi alohida bir tovush bilan aytilishi lozim.

O‘zbek tilida esa aksariyat  harflar o‘z o‘rnida to‘g‘ri talaffuz qilinishi qoidasiga amal qilinadi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari rus tilidan va rus tili orqali kirib kelgan bu so‘zlarning barini “o” bilan o‘qiydi: “ab’ektiv” deyish o‘rniga “ob’ektiv” deydi, “to‘k” deyish o‘rniga xuddi uzumning tokini aytayotgandek, “tok” deydi. Bu so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilishga o‘tguniga qadar ancha yillar kechadi. Qoidaga: “O‘zbek tilida harflar qanday yozilgan bo‘lsa, shunday talaffuz qilinadi”, –  degan qat’iyatni kiritganmiz. Ruschadan kirgan so‘zlarga kelganda esa bu qoidani o‘zimiz buzamiz.

Axir, til o‘zimizniki bo‘lsa, nima uchun o‘z erkimizdan o‘zimiz foydalanmasligimiz kerak? Oqibatda ikki xillik kelib chiqadi. Bu esa ona tilini o‘rganishni juda murakkablashtiradi. Til o‘rganish murakkablashdimi, bolaning aqliy faoliyati sustlashadi. Boshqacha aytganda, boshlang‘ich sinf o‘quvchisi, aslida, juda soddalashtirilishi mumkin bo‘lgan nuqtalarda qiynalib, keragidan ortiq vaqt va aqliy kuch sarflab qo‘yadi. Bundan millat yutqazadi.

Muammoni echish uchun ikki yo‘l tutish kerak. Birinchisi, rus tilidan va rus tili orqali kirib kelgan so‘zlardagi “o”  tovushini ifodalashda uni talaffuzga moslash ususlini qo‘llash zarur. Masalan, “tok”, “fon”, “stanok”, “terror”, “okrug”, “obraz” kabi so‘zlarda kelgan “o”larni bemalol o‘zimizning “o‘” bilan ifodalayversa, bo‘ladi. “Traktor”, “selektor” kabi so‘zlardagi “o”ni biz amalda “i” bilan talaffuz qilamiz. SHuning uchun bu so‘zlarni “traktir”, “selektir” tarzida ifodalasak, o‘zbek tilidagi qanday yozilgan bo‘lsa, shunday o‘qish qat’iyatiga amal qilgan bo‘lamiz. Bolalarimiz ham qiynalmaydi, kattalarimiz ham. “Ob’ektiv”, “otryad”, “oktava”, “ofitser” kabi so‘zlardagi kelgan “o”larni, urg‘u tushmagani uchun, ruslarning o‘zi ham “a” tarzida talaffuz qiladi. Biz ularni o‘zbek tilida bemalol “ab’ektiv”, “atryad”, “aktava”, “afitser” deb yozishimiz lozim. Deyarli hamma shunday qiladi. Uzoqqa bormaylik, mana, qozoq qardoshlarimiz, masalan, asli arabcha bo‘lgan “axborot” so‘zini o‘z tillariga moslab, bemalol “aqparat” deb yozishaveradi. YOki ular ruscha “oblast” so‘zini qozoqchasiga yozuvda ham, og‘zakida ham “oblыsdeb ishlatishaveradi.

Ruslar “Odil”ni “Adil”, “Qo‘chqor”ni “Kuchkar”, “choyxona”ni “chayxana”, “Jo‘ra”ni “Djura”, “Xoltoy”ni “Xaltay”, “Ahmadov”ni “Axmedov” tarzida yozib kelyapti, hech narsa deyayotganimiz yo‘q-ku.  Ular bizda bor-u, o‘zlarida yo‘q tovushlarni o‘zlarida bori bilan ifodalab ketaveradi. SHunday ekan, biz nega aynan rus tilida qanday bo‘lsa, shunday yozishimiz kerak? Birgina ы va щ harflarini “i” va “shch” deb ifodalashimizni aytmasak, ruscha har qanday so‘zni aynan yozib kelamiz.

Bu borada shu qadar mukkasidan ketganmizki, asti qo‘yaverasiz.

Rus alifbosida “yo” harfi mavjud. Lekin rus tilining imlo qoidalariga binoan,  “yo” o‘rniga “e” yozib ketaverish mumkin. Lekin u o‘rniga qarab “yo” o‘qilaveradi. Hatto, 1983 yili chop etilgan ikki jildli “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”da “e” va “yo” harflari bilan boshlanadigan so‘zlar bir guruhda berilgan. Bizda bunday qoida yo‘q: hamma joyda “e”ni – “e”, “yo”ni – “yo” deb yozishga majburmiz. SHunga qaramasdan, sobiq Ittifoqning birinchi rahbari bo‘lgan ikki shaxsning familiyasini yillar mobaynida o‘zbek alifbosi va tilimizning  imlo qoidalariga tamoman zid ravishda xato yozib kelganmiz: “Xrushchev” yozganmiz, “Xrushchyov” deb o‘qiganmiz, “Gorbachev” deb yozganmiz, “Gorbachyov” deb o‘qiganmiz.

Ko‘r-ko‘ronalik, bir millatga qulluq qilish bundan ortiq bo‘lmasa kerak!

 

 

Alifbomizda “g‘” (g‘), “o‘” (“o‘”)  “sh” (sh) “daxmaza”lari

 

Vaqt – pul. Vaqt – umr. Vaqt – taraqqiyot.

Taraqqiyotga erishgan borki, vaqtdan yutgan.

Biz-chi?

Lotin yozuvi asosidagi yangi o‘zbek alifbosida “g‘” hamda “o‘”  harflarini yozish uchun klaviaturada avval “g” yoki  “o”  harflari tugmachalarini bosamiz. Keyin “qo‘yish” (“vstavka”) orqali “simvol” dasturiga kirib, “‘” belgisini “Alt” bilanmi, “Ctrl” bilanmi ikki tugmacha orqali yoziladigan qilib, biror joyga o‘rnatib olamiz. Kompyuterimiz buni xotirasida uzoq saqlasa-ku, xo‘p-xo‘p. Bo‘lmasa, shu ikki harfni yozish mahali har gal shuncha ishni yana qaytadan bajarishga majburmiz. Bitta katta G‘ni yok “O‘”ni yozish uchun kamida oltita tugmachani bosishga to‘g‘ri keladi.

Eh-he, essiz shuncha vaqt, shuncha mehnat!

SHu bizga zarurmi?

Boshqa osonroq yo‘lini topish kompyuterlar asrida shunchalar qiyinmi?!

Fikri ojizimcha, bittayu bitta yo‘l bor: orqaga qaytish, ya’ni 1993 yili dastlab qabul qilingan lotin yozuvi asosidagi yangi o‘zbek alifbosi variantini boshqatdan qabul qilish kerak. Unga ko‘ra, “g‘” uchun “g” ustiga belgi qo‘yiladi (kattasi – “Ğ”, kichigi – “ğ”), “o‘”  uchun “o”ning ustiga belgi qo‘yiladi (kattasi – “Õ”, kichigi – “õ”), vassalom.

Tajriba shuni ko‘rsatdiki, ko‘pchilik tutuq (“’”) belgisini “g‘” hamda “o‘” harflarini yozishda ishlatiladigan “‘” belgisi bilan adashtirib ifodalaydigan bo‘ldi. Holbuki, tutuq belgisida yuqorida “9” raqamiga o‘xshab ketadigan, “g‘” hamda “o‘” harflarini yozishda esa yuqorida “6” raqamiga o‘xshab ketadigan belgi qo‘llash kerak. Hatto, ayrimlarimiz bu ikkalasi uchun imlo qoidalarida umuman bo‘lmagan “′” belgisini  qo‘llayveradigan  bo‘lib ketdik.

Bir tovush uchun ikki harf ishlatishimiz sh misolida kutilmagan yana bir muammoni keltirib chiqardi. “Ishoq” ismini, tibbiyotga oid “ishaq”, zoologiyaga doir “ishoqqush” so‘zlarini bitishda sun’iy ravishda “s” bilan “h” harflari orasiga tutuq belgisi (“’”) qo‘yishga majbur bo‘ldik.

Bu esa “sh” tovushini ham ikki harf (“sh”) bilan ifodalash tajribasidan voz kechib, o‘rniga  “š” harfini qabul qilish kerakligini taqozo etadi.

 

Asl o‘zbekona “ng” va “ng‘” tovushlari “mashmasha”si

 

Har bir tilda shunday xos tovush bo‘ladiki, u boshqa zabonlarda aynan shu holda uchramasligi ham mumkin.

Bizda ham bor: biri  – “ng”, ikkinchisi – “ng‘”.

“O‘zbekona” deb urg‘u berayotganimizga sabab, bu tovushlar, masalan,  arab, fors-tojik, rus, turk, ozarboyjon tillarida yo‘q. Hatto, “ng” tovushi o‘zimizning ayrim shevalarimizda ham barham egan. Toshkent, Jizzax, Qo‘qon, Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari shevalarida “n” (“ayting” – “aytin”, “keling” – “kelin”) yoki “y” (“olinglar” – “oliylar”“yuringlar”  – “yuriylar”) holatiga aylanib ketadi. Tili tojikcha chiqqan yoki maktabda ruscha o‘qigan fuqarolarimizning ko‘plari ham bu xos tovushimizni “n”+”g” tarzida talaffuz qiladi.

Kirill yozuvi asosidagi alifbomizda bu tovush uchun alohida harf yoki harflar qo‘shilmasi aks ettirilmagani uchun kamdan-kam kishi “ng”ni alohida tovush sifatida qabul qildi. Oqibatda “ko‘-ngil”, “si-ngil”, “de-ngiz”, “CHi-ngiz” kabi so‘zlarimizni “ko‘n-gil”, “sin-gil”, “den-giz”, “CHin-giz” tarzida talaffuz qilib, shu zaylda bo‘g‘in ko‘chiradigan bo‘lib ketishdi. Holbuki, tilimizda “sin-gil” (“sin” ma’nosida), “ko‘n-gil” (“ko‘n” ma’nosida) degan so‘zlar ham bor. Ularda “ng” tovushi yo‘q – “n” harfi “n” tovushini, “g” harfi “g” tovushini ifodalaydi.

Hatto, adabiy tilimizda ham “ng”ning “n”ga aylanish jarayoni kechgan. To‘ylarimizda “YOr-yor” aytiladi. Ularning ayrimlari:

 

                            Hay-hay o‘lan, yor o‘lan-o, –

 

deya boshlanadi ham. Bunga hammamiz ko‘nikib qolganmiz.

Holbuki…

Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonining 56-bobi yakunida:

 

                             Mug‘anniy tuzub chinga vaznida chang,

Navo chekki: “Hay-hay o‘lang, hoy o‘lang…[3]

 

deb yozadi. “Farhod va SHirin”da ham “o‘lang” so‘zi qo‘llanadi:

 

Samar suvlar bo‘lub oyinaohang,

O‘lang aylab ayon ul ko‘zguda zang[4].

 

         Demak, asli “o‘lan” emas, “o‘lang” bo‘lgan ekan.

YOki biz hozir inson yuzining bir qismini “yonoq” deymiz. Holbuki, Mavlono Lutfiy she’rlarida bu so‘z har gal “yangoq” tarzida keladi[5].

Navoiylar zamonida “so‘ngak”[6] deb ishlatilgan so‘zdagi “ng” tovushi ham  shevalardagi  “ng”ni  “y”  deb   talaffuz   qilish   hodisasi   ta’sirida

“suyak”ka aylangan.

O‘zbek tilida “ng‘” tovushi ham bor. Hali tilshunosligimiz buni tan olmayapti. Tan olmaganining isboti shuki, umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun chiqarilgan darsliklarda o‘zbek tilida “ng‘” undoshi borligi haqida ma’lumot berilganini bilmayman. Mayli, musulmonchilik – asta-sekinchilik. Ob’ektiv asos bormi, ertadir-kechdir, olimlar bor narsani tan olishga majbur bo‘ladi.

Bu “ng‘” tovushi amalda “ng”ning “aka”si yoki “uka”si.  Ba’zan so‘z o‘zagida “ng” bo‘lgan tovush “ng‘”ga aylangan ham. Masalan, tilimizda “o‘ng”  so‘zi bor. Bu “chap” tushunchasining ziddi ma’nosida (“o‘ng qo‘l”)  ham keladi, “qulay” degan ma’noda ham ishlatiladi (masalan: “Maktabga shu yo‘l bilan etib olish o‘ngroq”). Lekin tilimizda “o‘ng‘ay” degan shakl ham bor-da.   Bu so‘zni biz ko‘pincha “o‘n-g‘ay” tarzida talaffuz qilyapmiz, bu – mutlaqo xato, “o‘-ng‘ay” tarzida talaffuz qilinishi kerak. Bu ham so‘zning asli “o‘ng‘” bo‘lganiga dalil bo‘la oladi.

Alifboda alohida aks etmagan bo‘lsa ham, kirill yozuvidan foydalanib kelayotgan davrlarimizda o‘zbek tili darslarida ham ikkita alohida harf qo‘shilmasi sifatida hosil qilinadigan “ng” tilimizdagi undosh tovushlardan biri ekani o‘qitilgan. Ammo, shunga qaramasdan, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”da kirill yozuvida harf sifatida aks etgan barcha tovushlar haqida alohida-alohida maqolalar berilgani holda  “ng” tovushi haqida ham, “ng‘” tovushi haqida ham maqola yo‘q.

Holbuki, tilimizda “ng” va “ng‘” ming yillardan beri mavjud. Mahmud Koshg‘ariy o‘zining mashhur “Devonu lug‘at it-turk” asarida turkiy tilda “ng” ham, “ng‘” ham borligini qayd etadi. Bu ikki tovushning hosil bo‘lishini “g‘unna” deb ataydi. Asarni hozirgi o‘zbek tiliga tarjima qilib, nashrga tayyorlagan olim Solih Mutallibov bu haqda shunday izoh bitadi: “G‘unna – avtor bu tovushni ikki turli deb ko‘rsatgan: “n” bilan “g”ning  birikishidan hosil bo‘lgan “ң” (masalan: “јӱң”[7]); “n” bilan “g‘”ning birikishidan hosil bo‘lgan “њ” (masalan: “buduњ”[8] ) kabi”[9].

Alisher Navoiy nazdida ham “ng” tovushi – alohida, jiddiy, o‘ta muhim masala. Ulug‘ shoir va mutafakkir turkiy aruz nazariyasini shakllantirishga bag‘ishlangan “Mezon ul-avzon” risolasida bu tovushning aruzda qo‘llanishiga doir o‘ta muhim va nozik jihatni qayd etib ketadi.

Gap shundaki, aruzda bir bo‘g‘inda ikki undosh (“vasl”, “mo‘rt”,  “sadr”, “to‘rt”, “qadr”, “qalb”, “qand” so‘zlaridagi kabi) yonma-yon kelsa va bu so‘z misra boshi va o‘rtasida ishlatilsa, bir hijo hisoblanmaydi. YO ana o‘sha oxirgi undosh (misollarimizdagi “l”, “t”, “r”, “b”, “d” tovushlari) alohida qisqa hijoni paydo qiladi, yo o‘zidan keyingi unli bilan boshlanadigan so‘zga ulanib, yangi hijoga “sherik” bo‘ladi. Agar bunday ikki undosh baqamti kelgan so‘z misra oxirida ishlatilsa, ana shu oxirgi hijo o‘ta cho‘ziq hijo hisobiga o‘tadi.

SHuni hisobga olib, Navoiy “ng” uchrasa, aruzda buni ikki undoshning yondosh kelishi deb hisoblamaslikni uqtiradi:

“YAna ortuqsi “nun”lardurkim, so‘z irtiboti (bog‘lanishi, ulanishi – S. O.) zamoyirda (o‘rtada, ichida – S. O.) “-ning” lafzida bitilur, misli “oning”va “mening” va “sening” lafzida, andoqkim,

b a y t:

 

         Ey ko‘ngul, bilgilki, bu jon ne seningdur, ne mening,

         Bilki: “Oningdur”, – desang, “Kimning?” – deyinkim, yorning.

 

Va bu mazkur bo‘lg‘on alfozning “kof”laridurkim, “kof” o‘rnig‘a bitilur, ammo talaffuzga “kof” o‘rnig‘a kirmas. Va yana “nun” bila “kof”lardurkim, “oning” va “mening” va “tong” va “o‘ng” va “so‘ng” va “nang” va “tang” lafzida voqe’durkim, borchasi taqte’da soqit bo‘lur”[10].

Navoiy bu erda zukkolik bilan “ng” yozilgani bilan, bu ikki tovush emas, bir tovush ekanini, bir tovush sifatida talaffuz qilinishini, shuning uchun aruz vazni taqte’sida bir tovush hisoblanishini jon kuydirib ta’kidlayapti.

Bu erda zaruratan bir tovush yozuvda ikki undosh bilan ifodalangan, xolos. Aslida, bu ikki undoshning birlashgani emas, balki bir undoshni noilojlikdan ikki harf bilan yozishdan boshqa narsa emas. CHunki arab alifbosi arablar uchun yaratilgan. Unda turkiy “ng” tovushini ifodalaydigan maxsus harf yo‘q.

Ana endi alifbomizni isloh qilish bilan bog‘liq yana bir o‘ta muhim masala o‘rtaga tushadi. Modomiki, “ng” alohida bir tovush va uni ifodalash uchun alifbomizda yangi bir harf (aniqrog‘i, harflar birikmasi) joriy etilgan ekan, nega endi “ng‘”ni alohida tovush deb bilmasligimiz va uni ifodalash uchun alifboga yangi harf  kiritmasligmiz kerak? Axir, tilimizda “ng‘” tovushi – “ng”ning “egizagi”-ku. Agar “ng‘”ni  alohida, mustaqil bir tovush deb tushunmas ekanmiz, tilimizda “su-zo-ng‘ich” so‘zini “su-zon-g‘ich”, “qi-ng‘ir” so‘zini “qin-g‘ir”, “sho‘-ng‘i-moq” so‘zini “sho‘n-g‘i-moq”, “o‘-ng‘ay” so‘zini “o‘n-g‘ay”, “to‘-ng‘ich” so‘zini “to‘n-g‘ich”, “to‘-ng‘iz” so‘zini “to‘n-g‘iz” , “ta-ng‘il-la-moq” so‘zini “tan-g‘il-la-moq”, “ta-ng‘i-moq” so‘zini “tan-g‘i-moq” deb talaffuz qiladigan bo‘lib ketamiz. Eng yomoni, “qing‘-qing‘ qildi”ni “qin(i)g‘-qin(i)g‘ qildi” deb o‘qiymiz. Tilimizni o‘rganayotgan xorijliklar ham “ng‘”dagi ikki harfni sun’iy ravishda, bu erdagi “ng‘”da ikki undosh ishtirok etyapti, deb o‘ylab, amalda ularni ikki tovush deb hisoblab o‘rganishga majbur bo‘ladi.

SHu tariqa tilimizning tug‘di-bitdi, ya’ni asliy tabiatiga katta putur  etadi. Jozibasi butkul yo‘qoladi. Boshqa qardosh turkiy tillardan uzoqlashadi. Quruqlashib, quruqshab qoladi.

Tilimizda “tang‘” degan taqlidiy so‘z bor. Masalan: “SHu payt nimadir tang‘ etib ketdi”, – deymiz. SHuni ovoz chiqarib aytib ko‘ring, qani, qulog‘ingizga “n” va “g‘” eshitiladimi? Biz shartli ravishdagina bu tovushni “n” va “g‘” harflari orqali ifodalab kelyapmiz. Holbuki, bu tovushda “n” ham yo‘q, “g‘” ham: shu ikkalasining qo‘shilmasidan hosil bo‘ladigan butunlay boshqa – alohida, mustaqil tovush bor. U bo‘g‘iz orqali talaffuz qilinadi.

Kamina tilshunos emasman. “Devonu lug‘at it-turk” asaridan tashqari, o‘zbek tili haqidagi biron kitobda “ng‘” tovushi borligi haqida o‘qigan erim yo‘q. Bo‘lsa, bordir. O‘qimaganim uchun, ehtimol,  o‘zim aybdordirman. Lekin gap bu haqda emas.

“Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi”, – degan maqol bekorga to‘qilmagan. Bugun aytmasak, ertaga avlodlardan balolarga qolib ketamiz. Hali ham kech emas. Hech bo‘lganidan kech bo‘lgani ham – yaxshi-ku.

O‘zbek tilida, “ng‘” ishtirok etadigan so‘z oz emas: “boshlang‘ich”, “yong‘oq”, “ming‘ayish”, “ming‘aymas”, “ming‘aymaslik”, “ming‘aymoq”, “ming‘illamoq”, “ming‘ir”, “ming‘irlayvermoq”, “ming‘irlamoq”, “ming‘irlash”, “ming‘irlashmoq”, “ming‘irlov”, “ming‘ir-ming‘ir”, “ming‘ich”, “tang‘”, “tang‘illamoq”, “tang‘illatish”, “tang‘illatmoq”, “tang‘imoq”, “ting‘”, “ting‘illamoq”, “ting‘illatish”, “ting‘illtuv”, “ting‘illov”, “ting‘ir”, “ting‘-ting‘”, “to‘ng‘iz”,“to‘ng‘izlik”,“to‘ng‘izsirt”,      “to‘ng‘iztaroq”,  “to‘ng‘iztaroqdoshlar”, “to‘ng‘izchi”, “to‘ng‘izchilik”,“to‘ng‘illamoq”, “to‘ng‘illatmoq”, “to‘ng‘illash”, “to‘ng‘ir-to‘ng‘ir”,“to‘ng‘ich”,“chang‘aroq”,“chang‘i”,“chang‘ili”,“chang‘ichi”,“chang‘ichilik”,“sho‘ng‘imoq”, “sho‘ng‘itish”,“sho‘ng‘itmoq”,“sho‘ng‘ich”,“o‘ng‘ay”,“o‘ng‘aylanmoq”, “o‘ng‘aylashmoq”,“ o‘ng‘aylik”, “o‘ng‘ayroq”, “o‘ng‘aysiz”, “o‘ng‘aysizlanish”, “o‘ng‘aysizlanmoq”, “o‘ng‘aysizlantirish”, “o‘ng‘aysizlantirmoq”, “o‘ng‘aysizlik”, “o‘ng‘alish”, “o‘ng‘alishlik”, “o‘ng‘almas”, “o‘ng‘almaslik”, “o‘ng‘almoq”, “o‘ng‘arilish”, “o‘ng‘arilmas”, “o‘ng‘arilmoq”, “o‘ng‘arish”, “o‘ng‘arishmoq”, “o‘ng‘armoq”, “o‘ng‘artirish”, “o‘ng‘artirmoq”, “o‘ng‘aruv”, “qalang‘i-qasang‘i”, “qang‘li”, “qirchang‘i”,  “qo‘ng‘iz”, “qo‘ng‘iroq”, “g‘ing‘illamoq”, “g‘ing‘illatish”, “g‘ing‘illatmoq”, “g‘ing‘illash”, “g‘ing‘illashmoq”, “g‘ing‘ir”, “g‘ing‘irlamoq”, “g‘ing‘irlatish”, “g‘ing‘irlatmoq”, “g‘ing‘irlash”, “g‘ing‘irlashmoq”, “g‘ing‘ir-g‘ing‘ir”, “g‘ing‘-g‘ing‘”, “g‘o‘ng‘”, “g‘o‘ng‘illab-g‘o‘ng‘illab”, “g‘o‘ng‘illamoq”, “g‘o‘ng‘illashish”, “g‘o‘ng‘illashmoq”, “g‘o‘ng‘irlamoq”, “g‘o‘ng‘irlashmoq”, “g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir”, “g‘o‘ng‘-g‘o‘ng‘”…

Tariximizda “Qang‘” degan toponim bo‘lgan. Bu haqda akademik Abdulahad Muhammadjonov shunday yozadi: “Miloddan avvalgi III asrda qadimgi CHoch viloyatida chorvador sak qabilalari ittifoqi asosida tashkil topib, milodning III asrigacha hukm surgan davlat “Qang‘”, “Qanqa” yoki “Qang‘xa” deb atalgan. …Qadimgi toharlar (Surxondaryo vohasining qadimgi aholisi) tilida “Qang‘” so‘zi ham “toshdek yaxlit yurt” ma’nosini anglatgan. Miloddan avvalgi II – I asrlarda Qang‘ davlati nihoyatda kuchayib, unga beshta  viloyat: xitoycha Suse (Kesh), Fumu (Sug‘d), YUni (CHoch), Gi (Buxoro), YUetszyan (Xorazm) hokimlari bo‘ysunishgan”[11].

Alifbomizda “ng‘” tovushini ifodalaydigan alohida harf yo‘qligi uchun uni hammamiz bu so‘zni “Qan(i)g‘” deb yoki shuncha juda yaqin tarzda o‘qishga moyil bo‘laveramiz.

Navoiyning “Farhod va SHirin” dostonida:

 

To‘kub Farhodning ul holig‘a yosh,

Qo‘nqordi ul qayodin bir og‘ir tosh (B. 320), –

 

degan bayt uchraydi. Bir qarashda,  “qo‘nqordi” so‘zi – vaznga tushmagandek. CHunki bu bayt hazaji musaddasi maqsur, ya’ni “mafoiylun mafoiylun mafoiyl” vaznida bitilgan. Bu vazn talabiga ko‘ra, misra boshidagi rukn   “V – – –” tarzida, ya’ni bir qisqa va uch cho‘ziq hijodan iborat bo‘lishi kerak. “Qo‘n-qor-di ul” deb o‘qisak, shu talabga tushmaydi. CHunki satr boshi “mafoiylun” bo‘lishi, ya’ni bir qisqa, keyin uch cho‘ziq hijo kelishi kerak. Bu tarzda taqte’ qilinganda birinchi bo‘g‘in, ya’ni “qo‘n” cho‘ziq  hijo bo‘lib qolyapti. Xo‘sh, nima bo‘ldi? Navoiy vaznda saktalikka yo‘l qo‘ydimi? Aslo! Bu uning uchun she’riy savodsizlik hisoblanar edi.

Avvaliga: “Bu o‘rinda qay bir xattot “g‘ayn” (ya’ni “g‘”) o‘rniga “qof” (“q”)  yozib yubordimikan?” – degan mulohazaga ham borildi. SHu ehtimol bilan dostonning zukko matnshunos Porso SHamsiev tayyorlagan ilmiy-tanqidiy matni ko‘zdan kechirildi. U erda ham bu so‘z arabiy yozuvda “qo‘nqordi”[12] deb bitilgan. Demak, Navoiy biz hozir “ng‘” tarzida ifodalayotgan tovushni “nq” tarzida yozgan, vassalom. Lekin uni bitta tovush hisoblagan. SHunda vazn to‘ppa-to‘g‘ri keladi. Buning uchun so‘zni “qo‘n-qor-di” tarzida emas, balki “qo‘-nqor-di” tarzida bo‘g‘inlarga ajratamiz. SHoir dostonning 53-bobi nasriy sarlavhasida ham bu so‘zni “qo‘nqorg‘on” (B. 460) tarzida yozadi.

Lekin dostonning boshqa ikki o‘rnida shu so‘zda kelgan “ng‘” tovushini aynan “ng‘” tarzida ifodalaydi:

 

Qilich no‘gi bila davrini yorg‘il,

Solib sarpanja o‘rnidin qo‘ng‘org‘il (B. 148).

Tahammulsiz bo‘lub, uy sori borib,

Eshik ochilmog‘ondin so‘ng qo‘ng‘orib (B. 447).

 

Bu dostonda jami to‘rt marta ishlatilgan ushbu so‘zdagi xos turkiy tovush ikki erda “nq” va ikki joyda “ng‘” yozilgan. SHe’riy matnda kelgan uch o‘rinda ham bu so‘zdagi “ng‘” tovushi bir undosh sifatida ikkinchi bo‘g‘inning boshi sifatida hijo hosil qilgan.

Ko‘p “ng‘”lar bora-bora “ng” aylanib ham qolyapti. Masalan, “tang‘lay” degan so‘z bor. Uni Abdulla Qodiriy aynan “tang‘lay” deb ishlatgan: “Doyachimiz nima deb tang‘layimizni ko‘tardi?”[13]. “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”da ham bu so‘z “tanglay”[14] tarzida berilgan.

Xullas, yangi alifbomizni isloh qilayotgan ekanmiz, shak-shubhasiz, “ng‘” tovushini ifodalash uchun ham alohida harf qabul qilish – shart. Modomiki, “ng” alohida tovush, uni ifodalash uchun alifbomizda maxsus harf ajratilgan ekanmi, demak, “ng‘” ham – alohida tovush, uni ifodalash uchun alifbomizda maxsus harf ajratilishi zarur.

Ba’zi mutaxassislar tilimizda “ng” va “ng‘” bilan so‘z boshlanmasligini vaj qilishi mumkin.  Ammo bu hech qanday asos bo‘la olmaydi. So‘z boshlanadimi-yo‘qmi, bundan qat’i nazar, tilda muayyan tovush mavjudmi, demak, u alifboda aks etishi kerak.

 

 

Bir tovush uchun ikki harf yozish shartmi?

 

Bir tovushni  ifodalash uchun ikki harf ishlatish ikki jihatdan o‘zini oqlamaydi. Vaqt anqoning urug‘i bo‘lib borayotgan tezkor zamonda bir harf uchun ikki marta tugmacha bosish zarurmi? Axir, bunaqada qanchadan-qancha fursatimiz havoga uchib ketadi-ku! Kompyuter zamonida xohlagan belgini alifboga kiritish imkoniga egamiz. SHuning uchun har qanday bir tovush uchun bir harf ishlatish qat’iyatiga izchil amal qilishimiz lozim.

Boshqa muammo shundan iboratki, bir tovush uchun ikki harf olsak, odamlarning aksariyati buni ikki harf deb tushunadi. Kirill yozuvi asosidagi alifbomizda “ng” uchun alohida belgi qabul qilinmagani uchun lotin yozuvi asosidagi yangi alifboga bu tovushni 29-harf sifatida “ng” tarzida kiritganimiz bilan butun xalq, eng achinarlisi, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariyu o‘zbek tili va adabiyoti muallimlari ham bolalarimizga buni “nege” deb o‘rgatib kelyapti.

Bundan buyon hech kim “ng”ni “nege” demasin! Axir, hech kim lotin yozuvi asosidagi yangi alifbomizda ikki harf bilan ifodalangan “sh”ni  “sehe” yoki  “ch”ni “kehe” demaydi-ku. Nima  uchun? CHunki kirill yozuvi asosidagi eski alifbomizda ular bitta harf (“sh” va “ch”) bilan ifodalangan-da.

Nega “ng” tovushi uchun “n” va “g” harflari qo‘shilmasidan foydalanish ma’qul emas? CHunki oxiri “n” bilan keladigan “men” (“man”), “sen” (“san”) olmoshlariga jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi – “-ga” qo‘shilganda “men+ga (“man+ga”) va “sen+ga” (“san+ga”) degan ikki bo‘g‘inli so‘z hosil bo‘ladi. “U”, “bu”, “shu” olmoshlariga ham jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi qo‘shiladigan bo‘lsa, o‘rtada “n” orttirilib, “unga”, “bunga”, “shunga” shakllari hosil qilinadi. Bu erdagi “n” harfini “n” va “g” harfini  “g” deb talaffuz qilamiz. Bo‘g‘in ajratishga to‘g‘ri kelsa,  “men-ga” (“man-ga”), sen-ga” (“san-ga”), “un-ga”, “bun-ga”, “shun-ga” tarzida ajratamiz. Lekin ming yillik she’riyatimizda vazn ba’zan bu so‘zlarni “me+nga” (“ma+nga”), “se+nga” (“sa+nga”), “u-nga”, “bu-nga”, “shu-nga” tarzida talaffuz qilishni taqozo etadi. Bunda “n” va “g” harflari bilan emas, “ng” tovushi uchun qabul qilingan alohida harfni ishlatgan – ma’qul. Agar, “ng” uchun hozirgidan boshqacha, alohida, ya’ni bir harf qabul qilsak, bu muammo oson echim topadi.

Erkin Vohidovning:

 

Menga Pushkin – bir jahon-u,

Menga Bayron bir – jahon,

                                      Lek Navoiydek bobom bor –

                                               Ko‘ksim osmon o‘zbegim[15], –

 

baytidagi “menga” so‘zi ikki o‘rinda ham vaznga mos ravishda “men+ga” deb o‘qilishi – shart. Lekin Navoiyning:

 

                            Ul parivashkim, bo‘lubmen zoru sargardon anga,

                            Ishqidin olam menga hayronu men hayron anga[16], –

 

baytidagi “anga” va “menga” so‘zlari, vazn taqozosiga ko‘ra, “a-nga” va “me-nga” tarzida hijolarga ajratilishi – zarur. Agar,  taklif qilinayotgandek, “ng” tovushi uchun bir harf olinsa, bu so‘zlar “aña” va “meña” tarzida yoziladi va uni har kim to‘g‘ri o‘qish imkoniga ega bo‘ladi.

 

Harf va nom: xalqqa quloq tutaylik

 

Har qanday harfning uch xususiyati bor. Birinchisi – shakli. Ikkinchisi – nomi. Uchinchisi – vazifasi, ya’ni qanday tovushni ifodalab kelishi.

Ming yil ishlatib kelganimiz arab alifbosidagi ko‘p undosh harflarning nomi o‘sha  harf ifodalagan tovushga “e” unlisini qo‘shish orqali hosil qilinadi “be”, “te”, “se”… degandek. SHu xalqimizning miyasiga qattiq o‘rnashib qolgan.

1929 yili G‘arb alifbosi bo‘lgan lotinga o‘tdik. 1939 yili esa yana bir Evropa yozuvi – kirill asosidagi alifbo joriy etildi. Bu alifbolarda harflarni nomlashda arab alifbosida uchramagan bir  qat’iyat qo‘llanadi: ayrim undoshlar oldidan “e” qo‘shiladi, ba’zi harflar nomida o‘sha harf ifodalagan undosh tovush ketidan “a” unlisi orttiriladi.

SHu tariqa dastlab 1993 yili tasdiqlangan alifbomizdagi “f”ni “ef”, “k”ni “ka”, “l”ni “el”, “m”ni “em”, “n”ni “en”, “q”ni “qa”, “s”ni  “es”, “x”ni “xa”, “g‘”ni “g‘a” deb nomlaganmiz. Nimagadir, ehtimol, “er” (“er”) so‘zi bizda alohida ma’noga egaligidan kelib chiqib bo‘lsa kerak, qoidaga xilof ravishda “r”ni “re” deb nomlash ma’qul ko‘rilgan.

Lekin, mana, 90 yildirki, xalq Evropa “standart”idagi harflar nomiga ko‘nmay kelyapti. Ochig‘ini tan olaylik, hammamiz – hatto, maktabda bolalarimizga savod berayotgan muallimlarimizgacha “f”ni “fe”, “k”ni “ke”, “l”ni “le”, “m”ni “me”, “n”ni “ne”, “r”ni “re”, “s”ni “se”, “x”ni “xe”, “g‘”ni “g‘e”, “q”ni “qe” deymiz.

“Goh – pirdan, goh – muriddan”, – degan ajoyib maqolimiz bor. Til egasi – xalq. Modomiki, xalq qariyb bir asrdan buyon g‘arbona qoidaga ko‘nmay kelyaptimi, bas, til egasiga quloq tutaylik: alifbomizni isloh qilib, bu undoshlarning nomini elimiz nima deb aytayotgan bo‘lsa, shunday nomlaylik. Osmon kelib Erga tushmaydi.

 

 

Ayrim unlilarimiz muammosi

 

Tilimizda “a”, “i”, “u” va “o‘” unlilari ham bir xil emas. Alifbomizdagi bu harflarimiz amalda bir necha bir-biriga yaqin, lekin o‘zaro bir oz farq qiladigan tovushlarni ifodalaydi. Masalan, “aka”, “maktab”dagi “a” bilan “matlab”, “talab”dagi “a” talaffuzida sezilarli darajada tafovut bor. Xuddi shuningdek, “nina”, “millat” so‘zlaridagi “i” bilan “qiz”, “qirq” kalimalaridagi “i”, “kulgi”, “umid”dagi “u” bilan “uzun”, “uzum”dagi “u”, “o‘rdak”, “o‘rgimchak”dagi “o‘” bilan “bo‘ldi”, “o‘rtoq”dagi “o‘” ham bir xil talaffuz qilinmaydi.

Biroq kamina bu unlilarimizdagi farqlarni aks ettirish  uchun alohida-alohida harflar qabul qilish tarafdori emasman. Birinchidan, tilimizda singarmonizm ayrim shevalarimizdagina saqlanib qolgan. SHuning uchun bu unlilar talaffuzida ham o‘rtacha yo‘l tutish uchun bir harf sifatida qolgani – ma’qul. Ikkinchidan, bu unlilarning ayrimlari talaffuzi so‘zda urg‘u o‘zgarishi bilan o‘zgaradi ham. Masalan, “olim”, “odil”, “oqil” degan so‘zlarimiz mavjud. Ular ism sifatida ham qo‘yiladi. Bu so‘zlarni talaffuz qilganimizda “i” qisqa, ya’ni yo‘g‘on aytiladi, bu quloqqa, hatto,  xuddi ruschadagi “ы”ga yaqin eshitiladi. Lekin shu ismlar familiyaga aylanganda, ahvol o‘zgaradi: “Olimov”, “Odilov”, “Oqilov” deyilsa, “i” cho‘ziq, ya’ni ingichka talaffuz qilinadi. SHuning uchun ham bu harf bittaligicha qolgani – yaxshi.

 

 

Milliy klaviatura jiddiy muammo emas

 

Bir masala o‘rtaga tushadi. Buncha milliy o‘ziga xosliklar bilan alifbo qabul qilsak, bu harflarni ingliz tili uchun chiqarilgan klaviaturadan topa olmaymiz-ku.

SHoshmang, nima uchun biz inglizlar uchun chiqarilgan klaviaturaga buncha yopishib olishimiz kerak o‘zi? Axir, nemislar, fransuzlar, portugallar va boshqa G‘arb xalqlari lotin yozuvi asosidagi o‘z alifbolarini yaratib, millati uchun alohida klaviatura ishlab chiqaradi-ku. Nega til borasida bir davlat ikkinchi davlatga bunchalar qaram bo‘lib qolishi zarur? Axir, hozirgi texnika va texnologiyalar haddi a’losida rivojlangan asrda yaqin kelajakda 40 millionli xalqqa ega bo‘ladigan bir mamlakat uchun milliy klaviatura ishlab chiqarish shunchalar qiyinmi?  Kerak bo‘lsa, birgina firma ularni mamlakat uchun etarli darajada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin.

 

 

Eng qulay imkonni boy bermaylik

 

Til, xususan, uning alifbosi borasidagi islohot hamma zamon va makonlarda ham o‘ta murakkab jarayon hisoblanadi. CHunki bu degani –million-million odamning aqlini o‘zgartirish, degani. Miyadan eski ko‘nikmalarni butunlay chiqarib tashlab, o‘rniga tamoman yangisini qabul qilish ongda oson kechadigan jarayon emas-da.

Hozir alifbomizni mukammallashtirib olish uchun eng qulay vaziyat yuzaga keldi. CHunki hali yoppasiga lotin yozuvi asosidagi yangi alifboga o‘tganimiz yo‘q. Ochig‘ini aytganda, o‘rta va katta yoshdagi fuqarolarimizning aksariyati lotin yozuvi asosidagi yangi alifbomizni bilmaydi hisob. YA’ni ko‘pchilik – 1995 yildan buyon qisman amalda bo‘lgan alifbomiz xususiyatlaridan bexabar. SHu yillar mobaynida maktabni yangi alifbo asosida bitirgan fuqarolarimiz ozmi-ko‘pmi qiyinchilikka duch kelishi mumkin. Biroq boshqa yo‘l yo‘q. Bir qism fuqaroning mushkulotini o‘ylab xatoni tuzatmaslik tarix oldida gunoh bo‘lib qoladi.

Xullas, kelinglar, to‘liq lotin yozuvi asosidagi yangi alifbomizga o‘tishdan oldin uni obdon mukammallashtirib olaylik. Toki tilimizdagi tovushlar unda imkon darajasida to‘liq aks etsin, axir, kelajak avlod yana bizni yozg‘irmasin.

Til shunday narsaki, agar hozir bu masalalarni oqilona hal qilib olmasak, yuz yildan keyin ham xalq oldida echimini  topish zarur muammo sifatida ko‘ndalang bo‘lib turaveradi.

SHu tahlillardan kelib chiqib, kamina lotin yozuvi asosidagi yangi o‘zbek alifbosida uch harfning shaklini o‘zgartirishni, uch yangi harf kiritishni, undosh tovushlarni ifodalab kelgan harflarni bir xil shaklda nomlashni, rus tili va u orqali kirib kelgan so‘zlardagi “o”larni õ(“o‘”)ga aylantirishni taklif qilaman.

SHunda isloh qilingan yangi alifbomiz quyidagi 32 harfdan iborat bo‘ladi:

 

Lotincha                          Nomi              Kirill yozuvidagi

bosma harflar                 (talaffuzi)          ifodasi

 

  1. A a           a                         a
  2. B b            be                       b
  3. C c            ce                       ch
  4. D d             de                       d
  5. E e             e                         e
  6. F f             fe                        f
  7. Ӻӻ                ӻe (qõӻiz)             ng‘
  8. G g              ge                       g
  9. Ğ ğ             ğe                       g‘
  10. H h            he                       h
  11. I i            i                          i
  12. J j                  je (jõja)              j (jo‘ja)
  13. K k            ke                        k
  14. L l            le                          l
  15. M m             me                        m
  16. N n             ne                         n
  17. Ñ ñ                         ñe (keñ)               ng
  18. O o            o                           o
  19. Õ õ                õ (õrdak)              o‘
  20. P p             pe                          p
  21. Q q             qe                          q
  22. R r             re                           r
  23. S s             se                           s
  24. Š š             še (šamol)              sh
  25. T t             te                            t
  26. U u             u                              u
  27. V v             ve (vanna)               v (vanna)
  28. W w             we (waqt)                v (vaqt)
  29. X x             xe                            x
  30. Y y             y                              y
  31. Z z            ze                             z
  32. Ȥ ȥ            ȥe (ȥandarm)            j (jandarm)

 

Qozoq birodarlarimizning kirill yozuvi asosidagi alifbosida 42 ta harf mavjud. Lotin yozuvi asosidagi yangi qozoq alifbosida 37 ta harf qabul qilindi. Bu ularga tildagi tovushlarni maksimal darajada qamrab olib, harfda aks ettirish imkonini bergan. Bundan, alifboda harflarning ko‘payib ketishidan unchalar qo‘rqmaslik kerak, degan xulosa kelib chiqadi.

YAna bir mulohaza. Taklif etilayotgan harflarning aynan o‘zini qabul qilish-qilmaslik birlamchi masala emas. Asosiysi – shu tovushlar uchun alohida va bittadan tugmachani bosish orqali yoziladigan harf qabul qilish.

Til, xususan, uning tovushlari – ob’ektiv hodisa. Ob’ektivligicha qolaveradi ham. YA’ni u biron-bir shaxsning istak-irodasiga bo‘ysundirilmasligi lozim. Mukammal alifbo tilimizda ob’ektiv hodisa sifatida mavjud  barcha tovushlarni to‘g‘ri va to‘liq aks ettirishi – shart.

Til aqlni o‘stiradi, peshlaydi, o‘tkirlashtiradi.

Aql esa jamiyat taraqqiyotini ta’minlashning birlamchi omili hisoblanadi.  Alifbomizni mukammallashtirish amalda xalqimizning ong-tafakkurini o‘stirishga xizmat qiladi. CHunki har qanday fikr til orqali ifodalanadi. Har bir xalq lisonidagi tovushlar shu millat yozuvida qancha mukammal aks etsa, bu til shuncha kuchli bo‘ladi.

   [1]О л и м  С. Биз нега лотин ёзувига ўтяпмиз? // Ўзбекистон адабиёти ва санъати, 2000,  20 октябрь.

 

 

    [2]Қонун сифатида тасдиқланган шундай мўътабар ҳужжатда бир саводсизликка йўл қўйилганини айтмай ўтишнинг ҳеч иложи йўқ. “Жандарм” сўзига кетадиган “ж”га мисол тариқасида алифбода “аждод” калимаси берилган. Ҳолбуки, “аждод” – келиб чиқиши жиҳатидан арабча сўз. Араб тилида эса “жандарм”га кетадиган “ж” товуши мутлақо йўқ. У  – “отанинг отаси”, яъни “ота тарафдан бобо” маъносида келадиган “жадд” сўзининг кўплик шакли. “Жадди аъло” дейилса, “ота тарафдан бобонинг отаси” тушунилган. Шунинг учун “аждод” бизда умумийроқ маънода “ота-боболар” маъносида қўлланади ва “жўжа”га кетадиган жарангли “ж” билан ёзилади, албатта.

 

   [3]Алишер  Н а в о и й. Мукаммал асарлар тўплами. 20 томлик. Т. 11. – Тошкент: Фан, 1993. – Б. 401.

   [4]Алишер  Н а в о и й. Мукаммал асарлар тўплами. 20 томлик. Т. 8. – Тошкент: Фан, 1991. – Б. 109. Бундан кейин шу нашрдан олинган парчаларнинг саҳифаси қавсда кўрсатилади.

   [5]Л у т ф и й. Девон – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа уйи, 2012. – Б. 31, 59, 60.

   [6]Қаранг: Алишер  Н а в о и й. Мукаммал асарлар тўплами. 20 томлик. Т. 16. – Тошкент: Фан, 2000. –  Б. 21.

   [7]Јӱң – юнг.

   [8]Будуњ – будунғ.

   [9]Маҳмуд  К о ш ғ а р и й. Девону луғат  ит-турк. 3 томлик. Т. 1. – Тошкент: Фанлар академияси, 1960. –      Б. 50.

   [10]Алишер  Н а в о и й. Мукаммал асарлар тўплами. 20 томлик. Т. 16. – Тошкент: Фан, 2000. – Б. 62.

   [11]М у ҳ а м м а д ж о н о в   А.  Тарих фалсафаси – маънавият кўзгуси – Тошкент: Ўзбекистон, 2015. –         Б. 222 – 223.

  [12]Алишер  Н а в о и й. Фарҳод ва Ширин. Танқидий матн (араб ёзувида) – Тошкент: Фанлар академияси, 1963. – Б. 151.

 

 

   [13]Ж у л қ у н б о й.  Оғзингга қараб гапир! // XXI аср, 2017 йил, 20 июль.

   [14]Ўзбек тилининг имло луғати –Тошкент: Академнашр, 2013. – Б. 349.

   [15]В о ҳ и д о в  Э. Муҳаббат. – Тошкент: Адабиёт ва санъат, 1976. – Б. 336.

   [16]Алишер  Н а в о и й. Мукаммал асарлар тўплами. 20 томлик. Т. 3. – Тошкент: Фан, 1988. – Б. 31.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.