Or-nomus topsa qaror, demak, til va millat bor!
Ilm-ma’rifat davr muammolarining yechimiga yo‘g‘rilsa, uning qiymati yuqori bo‘ladi. Aslida, barcha ilmlarning ibtidosi til va yozuv bilan. Izohlash, tushuntirish, sharhlash, tahlil-u tadqiqlar ham uning qudrati bilan. Ko‘p yillardan beri jonkuyar tilshunos sifatida o‘zining teran fikri, kengqamrovli bilimi, o‘ziga xos tahliliy nuqtai nazari bilan ajralib turadigan Zulxumorxon Xolmanova fidoyi olimalarimizdan. Ular Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining professori sifatida talabalarga dars berishdan, ona tilimizning ilmiy-nazariy asoslari borasida bilim berishdan zavq oladilar. Ularning ushbu maqolasi ham yuqoridagi mulohazalarimizning isboti bo‘lishiga shubha yo‘q. O‘qing, dolzarb mavzu borasidagi muhim fikrlar.
“EMDI NOMUSIMIZNI HAM ISTAMASUNLAR…”
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi – millatimiz hayotidagi buyuk voqea. Ajdodlarimizning azaliy orzusi ushaldi. Tilimizning huquqiy asosi ta’minlanishi barobarida millatimiz mustaqillikni qo‘lga kiritdi. Bu jarayon oson va shunchaki, o‘z-o‘zidan ro‘y bermaganini ta’kidlash shart emas. “Davlat tili haqida”gi qonun o‘zbek tilining huquqiy asoslarini belgilab berdi. Qonunning 1-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir”, deb qayd etildi. 3-moddasida O‘zbek tilining O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari ushbu Qonun va boshqa qonunlar bilan belgilab berilishi ta’kidlandi. 7-moddadagi “Davlat o‘zbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini ta’minlaydi”, 8-moddadagi “O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati, boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi” degan fikrlar milliy tilning huquqiy asoslarini ta’minlash maqsadida keltirilgan edi. Konstitutsiyamizning 4-moddasida o‘zbek tilining O‘zbekiston Respublikasi davlat tili sifatida rasman belgilab qo‘yilishi ma’naviyatimiz tarixidagi eng katta yutuqdir.
O‘zbek tili huquqiy asoslarining yaratilishi negizida milliy tilning mavqeini yuksaltirish, tilga munosabat, tilga e’tibor, tilga hurmat tuyg‘ularini yanada turg‘unlashtirish, O‘zbekiston fuqarolari ongida “davlat tili”, unga amal qilish talablari haqidagi e’tirofni shakllantirish masalalari kun tartibiga qo‘yildi. Davlat tiliga munosabat, unga amal qilish ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etdi. O‘zbek tilining ijtimoiy funksiyasi kengaydi. Bu tilning aloqa-munosabat, hissiy ta’sir, to‘plash vazifalari bilan bir qatorda tafakkurni rivojlantiruvchi, aniq fan doirasidagi, ishlab chiqarish tarmoqlaridagi yangiliklarni ifoda etish xususiyati takomillashdi.
“Davlat tili haqida”gi qonun moddalarini hayotga tatbiq qilish, Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarida hisob-kitob, statistika, moliya hujjatlari, sudlov ishlarida, notarial harakatlar, fuqarolik holatini qayd etuvchi tashkilotlarda davlat tilida ish yuritish, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro anjumanlarni davlat tilida olib borish, shaxsni va uning huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlar, arizalar, takliflar, shikoyatlarning davlat tilida rasmiylashtirilishini ta’minlash maqsad qilingan edi.
Teleko‘rsatuvlar va radio eshittirishlar, noshirlik faoliyati, pochta-telegraf jo‘natmalari, muhrlar, tamg‘alar, ish qog‘ozlari matnlari, lavhalar, e’lonlar, narxnomalar, mahsulot yorliqlari, Respublikaning ma’muriy-hududiy birliklari, maydonlari, ko‘chalar va geografik ob’ektlar nomlari, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasi matnlarini, asosan, davlat tilida rasmiylashtirish rejalashtirilgan edi. Ammo afsuski…
O‘zbek tiliga “davlat tili” maqomi berilgan sanaga 30 yil to‘ldi. Tan olish kerak: “Davlat tili haqida”gi Qonunning amaliyotga tatbiqi borasida bir qator muvaffaqiyatlarga ham erishdik. Lekin amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, yo‘l qo‘yilayotgan nuqsonlar oldida bu yutuqlar hech gap emas. Atrofni ingliz tilidagi, qolaversa, rus tilidagi nomlar bosib ketdi. O‘zbekistonning chekka hududlarigacha I love…. tarzidagi “yurak” so‘zlari kirib bordi. Iqtidorli bolalarimiz bilimini ingliz tilida takomillashtiradi, deb bong urmoqdamiz… Rus tilini chuqur o‘rgansin, deyapmiz. Ona tili-chi? Ko‘pgina rasmiy hujjatlar, qonun loyihalari rus tilida amalga oshirilib keldi.
Ana shunday o‘ta qiyin, og‘ir, ona tilini asrab qolish, takomillashtirish borasida sustkashlik hukm surayotgan bir paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon e’lon qilindi. “Davlat tilini rivojlantirish departamenti”, “Atamalar komissiyasi” tashkil etildi. Davlat tilini rivojlantirish konsepsiyasi va yo‘l xaritasi ishlab chiqildi.
Adliya vazirligi tomonidan davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutgan “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining ishlab chiqilgani ayni muddao bo‘ldi.
“Davlat tili haqida”gi qonunning 9-moddasida: “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi ta’minlanadi” deyilgan. Ushbu moddadagi “zaruriyatga qarab” degan birikmada “ayrim hollarda” degan tushuncha nazarda tutilgan. Lekin o‘tgan 30 yil davomida ko‘pgina korxona, tashkilot, muassasalarda bu moddaga, deyarli, amal qilinmadi. Aksincha ish yuritildi: ya’ni me’yoriy hujjatlarning aksariyati rus tilida tayyorlanib, majburiyat yuzasidan o‘zbek tiliga o‘girildi (shunda ham hammasi emas).
9-moddaning “O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro anjumanlarda davlat tili, shuningdek, qatnashchilarning o‘zlari tanlagan tillar anjumanning ish tili hisoblanadi” degan qismi ham davlat tilini amaliyotga tatbiq etishda ehtiyotkorlik bilan yondashilganini ko‘rsatadi.
“Davlat tili haqida”gi qonunning 10-moddasida “Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarning ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda, boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin” deyilgan. Bu moddada davlat tilida ish yuritish qat’iy qilib qo‘yilmagani uchun ham o‘zbek tilining rasmiy maqomi qonun e’lon qilingan yillardagi darajada qotib qoldi. Mazkur moddada qayd etilgan “ishlovchilarning ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda, boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin” degan bandga ko‘proq amal qilingani ma’lum bo‘ldi. Eng qizig‘i, bunday yondashuv “o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda”gina emas, o‘zbek tilini biladigan jamoalarda ham muntazam ravishda kuzatildi.
“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasi “Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish” deb nomlangan bo‘lsa-da, ushbu modda davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlariga rioya etmaslik bilan bog‘liq munosabatlarni qamrab olmaganligi” to‘g‘ri ta’kidlanmoqda. Mazkur moddaning mavjudligini ham ko‘pchilik bilmasligi bugungi kunda oydinlashib qoldi. Bu holat ushbu moddaning amaliyotga tatbiq etilmaganligidan dalolat beradi. Natijada davlat tili me’yorlari tatbiqi talab darajasida emasligi, davlat tilida ish yuritish tizimiga amal qilinmayotgani haqida ommaviy axborot vositalarida, radio, televidenieda, ilmiy-amaliy konferensiyalarda mutaxassislar, jamoat arboblari, ma’naviy-ma’rifiy tashkilot xodimlari tomonidan kuyunchaklik bilan aytilgan fikrlar muallaq qolaverdi. Aksincha, ko‘pgina hamyurtlarimiz “necha yillardan beri bir xil muammo – ko‘cha-ko‘ydagi xatolar haqida gapiryapsizlar” degan mazmundagi iddaolarini bildirishdi. Achinarlisi, shahar ko‘chalaridagi e’lonlar, reklamalar matnidagi imloviy, uslubiy xatoliklar bilan bir qatorda boshqa bir muammo – xorijiy tildagi matnlarning, nomlarning me’yordan ortiq ko‘payishi, “xorijiy tus” masalasi ko‘ndalang bo‘lib qoldi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasiga: “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy maosh miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi” degan qo‘shimcha kiritilishi haqidagi qonun davlat tiliga amal qilishning bugungi holati hamda Prezident farmoni ijrosi uchun ayni zaruratdir.
Sir emas, bugun har bir masalada xorij tajribasiga tayanmoqdamiz (shu o‘rinda ba’zi sohalarda milliy tajribaga asoslanish lozimligini, xorij tajribasini to‘liq, qolip sifatida olmasdan, undan ijodiy foydalanish kerakligini, buyuk ajdodlarimiz tafakkur mahsullari, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy faoliyati, aksincha, dunyo afkor ommasiga ibrat bo‘lganini ham unutmaslikni ta’kidlaymiz). Ukraina, Litva, Tojikiston, Fransiya va bir qator mamlakatlar qonunchiligida davlat tili me’yorlariga amal qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangani qayd etilgan. Alohida ta’kidlash lozimki, mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishda xorijiy malakatlarning davlat tili sohasidagi qonunchilik tajribasi o‘rganilgan. SHuning o‘zi ham qonunning bugungi kun talabiga mosligini ko‘rsatadi. Qolaversa, qonun qat’iyligi, me’yoriyligi, majburiyligi bilan ustuvordir.
Aslida ma’naviy zarar moddiy zarardan ustun turadi. Ma’naviy zarar millatning ildizini emirishi mumkin: o‘zbek xalqining buyuk mutafakkirlari shunday uqtirib keladi. Afsuski, bunday ta’sirning zararini ko‘pchiligimiz anglab etmadik. Agar tushunib etganimizda edi, 42-moddaning natijasi shu kunga qadar ko‘ringan bo‘lar edi.
Moddiy zarar insoniyatni hushyor torttiradi. Insonda majburiyat tuyg‘usini uyg‘otadi. Biror faoliyatni majburiyat yuzasidan amalga oshirish inson tabiatiga xos. Agar majburiyat bo‘lmasa, inson faoliyatining ko‘p qismi izdan chiqib ketishi mumkin. Ajdodlarimiz ham majburiylik shaxs harakatini ta’minlovchi omil ekanligini ta’kidlashgan. Xususan, YUsuf Xos Hojib ta’lim-tarbiya berishda majburlash lozimligini qayd etgan. Taniqli olim, millatparvar ustozimiz professor Begali Qosimov jadidlarga monand “…ma’naviyatga etaklab, kerak bo‘lsa majburlab eltish kerak” degan edilar. Qonun loyihasida qayd etilgan jarimaning xalq vakillariga emas, davlat tashkiloti mas’ullari, mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘llanishi adolatli yondashuvdir. Hozirga qadar davlat tilida ish yuritishning zarurligi hech qanday jarimasiz, ma’muriy javobgarliksiz ta’kidlab kelindi. Aytarli natijaga erishilmadi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasiga jarima haqidagi band maqsadga muvofiq kiritilgan ( shu o‘rinda yo‘l harakati nazoratini tizimli tartibda olib borishda qat’iy belgilangan jarimalarning alohida ahamiyatga egaligini ham qayd etib o‘tmoqchimiz).
Rossiyaning Regnum nashrida “O‘zbekistonda davlat organlarida rus tilidan foydalanganlik uchun jarima belgilandi”, O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan Vesti.uz saytida “O‘zbekistonda Pushkin tili uchun jarima qo‘llashmoqchi” degan mazmundagi xabarlarning asossiz ekanligini mamlakatimizda istiqomat qilayotgan boshqa millat vakillarining, xususan, ruslarning aksariyat qismi anglab turibdi. Lekin ularning bu ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri, sintez qilmay qabul qiladigan vakillari ham borligini unutmasligimiz kerak, albatta. SHu sababdan, avvalo, mazkur nashrlarda, qolaversa rus tilidagi boshqa ommaviy axborot vositalarida o‘zbek millatiga mansub bo‘lmagan (aniqrog‘i – rus millatiga mansub) yurtdoshlarimiz vaziyatni to‘g‘ri tushuntiradigan, qonun mohiyatini to‘g‘ri talqin qilib beradigan maqolalar e’lon qilishsa ma’qul bo‘lardi. Qonun loyihasida rus tili yoki boshqa til haqida, umuman, so‘z yuritilgan emas. Rus xalqi o‘zbeklar uchun juda yaqin millat hisoblanadi. Rus she’riyati, musiqasi, qo‘shiqchilik san’ati bolalik xotiralarimiz bilan uyg‘unlashib ketgan. Qonunda ko‘zda tutilayotgan masala rus tiliga mutlaqo aloqador emas, balki o‘zbek tilining taqdiri, kelajagi, milliy tilning ravnaqi va rivoji xususidadir.
Respublikada xorijiy tillarni, jumladan, rus tilini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Albatta, til o‘rganish madaniyatlar bilan tanishish imkoniyatini beradi, dunyoqarashni boyitadi. Lekin bu jarayon ona tilini e’tiborsiz qoldirish hisobiga amalga oshirilishi kerak emas. Behbudiy ikki emas, to‘rt tilni bilishga chaqiradi, lekin xorijiy tilni o‘rganish, deganda zinhor ona tilini unutishni nazarda tutmaydi – ona tilini tafakkur asosi, deb biladi. U vatan shu avlodniki bo‘lishini istadi. Bilimli bo‘lmasa, tilini unutsa, avlodlar vatanida yashab turib bevatan qolishi mumkinligini ta’kidladi.
YAna bir gap. “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi loyihasida rasmiy murojaatlarning davlat tilida bo‘lishini majburiy tarzda belgilash lozim.
Dunyo miqyosida ayrim tillar iste’moldan chiqib bormoqda, ona tilini asrashdek global muammo yuzaga kelyapti. Xalqimizda milliy tilga munosabat o‘zgarishi lozim. Asrlar bo‘yi sayqallangan milliy-madaniy qadriyatlarimiz, an’analarimiz qatorida ona tilimizni ham bor ko‘rku tarovati bilan avlodlarga etkazishga mas’ulmiz. Bu borada ajdodlardan ibrat olishimiz, dunyoning rivojlangan mamlakatlari yutuqlaridan unumli foydalanishimiz kerak. Avvalo, ko‘chalardagi reklama va e’lonlar matnini talab darajasida to‘g‘ri shakllantirishimiz darkor. Nomlashda davlat tili imkoniyatlarini namoyon qiluvchi turkiy so‘zlar yoki ba’zi hollarda, xalqimiz ma’naviyatiga singib ketgan arabcha, fors-tojikcha o‘zlashmalarni ham tanlash maqsadga muvofiq. Xuddi shu ma’noda qadimiy, mumtoz manbalar orqali hozirga qadar etib kelgan ayrim turkiy so‘zlarni tiklash, ommalashtirish lozim. Nomlar, reklama va e’lonlar matnining “Atamalar komissiyasi” nazoratidan o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish kerak. SHu o‘rinda ayrim yurtdoshlarimizning “o‘zbek tilining ko‘p so‘zlari arabcha va forscha-tojikcha”, kompyuter yoki mashinasozlik terminlarini qanday qilib o‘zbekchalashtirish mumkin?” degan e’tiroznamo munosabatlariga keladigan bo‘lsak, avvalo, gap terminlar ustida borayotgani yo‘q. O‘zbek tilidagi hamma chet so‘zlarni o‘zbekchalashtirish mumkin emas. Bu erda “me’yor”, “imkon qadar” degan tushunchalarga urg‘u beriladi. Qolaversa, o‘zbek tilida arabcha, forscha so‘zlar ko‘p bo‘lsa ham, qo‘llanish miqdori jihatidan turkiy otlar, fe’llar faoldir. Turkiy so‘zlarning nom sifatidagi doirasini kengaytirish, turkiy so‘zlar miqdorini oshirish Prezident farmonida belgilangan vazifalardan biridir. Milliy tilning asosiy lug‘at boyligini o‘z qatlam so‘zlari tashkil qilishi kerak. Bu masalani ongli ravishda yondashib hal qilish jahon tajribasida ko‘p kuzatiladi, xususan, Koreya til siyosatida uchraydi.
Umumta’lim jarayonida savodxonlikka, ona tili va adabiyot ta’limiga, tildan foydalanish ko‘nikma, malakalarini hosil qilishga alohida e’tibor qaratish lozim. O‘zbek tilini o‘qitish tizimini milliy pedagogika negizida, xorij tajribasi asosida yangilash, zamon talablariga mos adabiyotlar sinfini yaratish, innovatsion texnologiyalarni qo‘llash dolzarb masalalar sirasiga kiradi. O‘quvchilarda lingvistik, nutqiy, kasbiy, kommunikativ, axborotni qabul qilish, o‘z-o‘zini rivojlantirish uquvini shakllantirish juda muhim. O‘zbek tilida bilimlarni baholash, avtomatik tahrir, tarjima, til o‘rgatish dasturlarini yaratish, “O‘zbek tilining Milliy korpusi”, ko‘p jildli “O‘zbek shevalari lug‘ati”, “Turkiy arxaizmlar lug‘ati”ni tuzish ustuvor vazifalardan biridir. Davlat tilida turli bosqichlar va darajalardagi sinovlarni joriy etish, ishga qabul qilishda davlat tilini bilish, savodxonlik darajasini tekshiruvchi tizimni ishlab chiqish ehtiyojga aylandi.
O‘zbek tili taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladigan, milliy til rivojini maqsad qilgan huquqiy-me’yoriy hujjatlarga, rasmiy chiqishlarga nisbatan salbiy munosabatlarni o‘qiganim zahoti shuurimda “Abulfayzxon” dramasidagi Farhod otaliqning xon qizini tortiq qilishini so‘rattirganida aytgan so‘zlari jonlanadi: “Biz xon hazratlariga o‘zimizni qurbon qildik. Emdi nomusimizni ham istamasunlar”.
Til millatning mavjudligini belgilaydigan asosiy omil hisoblanadi. Ona tilini e’zozlash, qadrlash, serqirra imkoniyatlarini, so‘z boyligini borligicha saqlash, takomillashtirish, davlat tili sifatidagi mavqei va nufuzini oshirish har birimizning muqaddas burchimizdir.
Davlat tili tengsiz boyligimizdir, nomus-orimizdir. Milliy til xalqimizni hamjihatlikda taraqqiyot sari boshlaydi. Xalqni yanada jipslashishga, milliy qadriyatlarni asrab-avaylashga undaydi.
Til bor ekan – millat barqaror!
Zulxumor Xolmanova
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining professori, filologiya fanlari doktori,