9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

To‘y tadbirida

notiq.uz > To'ylar  > To‘y tadbirida

To‘y tadbirida

Inson orzu-umid bilan yashaydi. Turmush quradi, farzand ko‘radi, qizini turmushga chiqarib, o‘g‘lini uylantiradi. Nevaralar ko‘rib, ularning to‘ylarini qilishni orzu-havas qiladi.  Aslida, umr o‘qish, ish, to‘y qilish orzu-niyatlari bilan kechadi. Jonajon akamiz, qadrdon inson Muhiddin Polvon o‘rtancha o‘g‘illarining nikoh kechasiga qarindosh-urug‘, kasbdoshlariyu barcha yaqinlarini to‘y tantanasiga taklif etdilar. Muhiddin akam Sudobaxon kelinoyim bilan “Sayohat” restorani oldida mehmonlarni kutib olish, “Xush kelibsizlar!” deyish bilan ovvora edilar. Ularning xursandchiliklari cheksiz. To‘ng‘ich farzand SHohruhbek ukasi uchun elib-yugurib xizmatda. Temurmalik va Nozimaxonning baxtiyor va saodatmand bo‘lishlarini tilab kelgan mehmonlar uchun nozu ne’matlarga to‘la dasturxon muhayyo qilingan. Sirdaryodan tashrif buyurgan, o‘z navolari bilan dillarni xushnud etuvchi maxsus karnay-surnaychilar guruhi “Mo‘‘jiza” nomli raqs ansamblining suluv raqqosalari bilan hamkorlikda kelin-kuyovlarni to‘yxona to‘riga boshlab borishdi. Ular baxtdan yaratilgan o‘z o‘rindiqlarini egallashdi. To‘yda xizmat qilayotgan navbatchi san’atkorlar guruhi – “Nihol” mukofotining sovrindori, suluv, sohirnafas, sevimli san’atkorimiz Sarvara rahbarligidagi ansambl. Boshlovchilar esa “Eng yaxshi voiz” Respublika ko‘rik-tanlovining laureati Rahimboy Jumaniyozov va “O‘zbegim taronasi” G‘M-radiosining maftunkor boshlovchisi Albina. Ular o‘zbek, rus va ingliz tillarida davrani boshlab berdilar. Debocha so‘z o‘rnida kelin-kuyovni tabriklash uchun O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro mukofot sovrindori Qodirov Sarvar Muqodirovich mikrofon qarshisiga taklif etildi. Ularning tilaklaridan so‘ng musiqiy tabriklar boshlandi. Iste’dodli, yosh umidli san’atkorlarimizdan Oybek-Nigora, Masrur Usmonov, Abdulatif Mirzolarning jozibador qo‘shiqlari davraga ayricha ruh baxsh etdi. To‘yda o‘z xizmatlari bilan katta quda To‘lqin aka, Mamasoli aka, Abduhamid akalarning o‘rni o‘zgacha bo‘ldi. To‘yning mazmunli va tarovatli o‘tishiga bois bir-birini bilgan va bir-birini hurmat qilgan insonlarning jamuljam bo‘lganligidandir desak to‘g‘ri bo‘ladi. Biz ham Temur Malik va Nozimaxonga baxt, ota-onalariga biri-biridan shirin-shakar nevara-chevaralar ato etishdek baxtga bois bo‘lib yurishlarini tilab qolamiz. Qudachilik ming yillik, degan mazmunda Baxtiyorjon va SHahloxonlarni ham chin dildan samimiy muborakbod etamiz.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.