9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

TO‘YLAR — O‘YLAR

notiq.uz > To'ylar  > TO‘YLAR — O‘YLAR

TO‘YLAR — O‘YLAR

To‘y – orzu-havas, yillarning armoni, dillarning darmoni. Inson tug‘ilibdiki, to‘y orzusi bilan yashaydi. “Mahalla” telekanali orqali efirga uzatiladigan, har gal muhim va dolzarb muammolarni ko‘tarib chiqaruvchi “Xalq vijdoni” ko‘rsatuvining galdagi soni to‘ylar va ulardagi ortiqcha chiqimlarga yo‘l qo‘ymaslik mavzuiga bag‘ishlandi. To‘y – xalqning ma’naviyati, millatning ko‘rki. SHunday ekan, to‘ylarimiz o‘ylarimiz bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Hech bir joyda o‘zbek xalqi singari to‘ytalab, mehrtalab va to‘y marosimlari xilma-xil bo‘lgan elni topish qiyin, nazarimda. Bu yaxshi. Lekin kishini tashvishga soladigan bir narsa haqida gapirmasak, bo‘lmaydi. To‘ylarda ortiqcha chiqim va dabdababozlik illatidan hanuzgacha qutulolmayapmiz. To‘ylar kim o‘zarga, musobaqaviy shaklda bo‘layotgani katta xavfdir. “Birovning cho‘ntagidagi pulga to‘y qilayotganim yo‘q-ku, o‘zimning pulimga qilayapman, to‘yni qanday o‘tkazish o‘zimning ishim” — deb gerdayadigan “akaxonlarimiz” o‘z tanalariga bir o‘ylab ko‘rsa, yomon bo‘lmasdi. «Pul ketsa ketsin, obro‘ ketmasin», — deb ish tutish johillik, bema’nilikdir. Ortiqcha sarf-xarajatlarsiz ham to‘y o‘tkazish mumkinku. Ayrimlar to‘y qilishga qurbi etmagani sabab aka-ukalar farzandlarining to‘ylarini birga qo‘shib o‘tkazishayotgan bir paytda ortiqcha hashamdorlikka hojat bo‘lmasa kerak. Hatto, “oshxonangizni qo‘shnining devoriga yaqin qurmang, taom va yog‘ hidi ularni bezovta qilmasin”,- deb yon qo‘shnilardan aziyat chekkan ota-bobolarimizning farzandlari ekanimizni unutmasligimiz kerak. Mahalla fuqarolar yig‘inining raislaridan Nuriddin aka Jalolov,  Olloyor aka Mutalov va Raisa opalar o‘zlarining o‘tkir, achchiq va haqqoniy fikrlari bilan ko‘rsatuvga ruh va mazmun baxsh etibgina qolmay, balki uning ancha jonli va dinamik tarzda o‘tishiga imkon tug‘dirganlarini tan olish zarur. Prezidentimizning 1998 yil 28 oktyabrdagi to‘y marosimlaridagi dabdababozlik va sarf-xarajatlarni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonlarida ham xuddi shu masalalar borasida ibratli talab va mulohazalar o‘rtaga tashlangandi. Har qanday qonun, qaror va farmonning kuchi uning ijrosida ekanligini zinhor unutmaslik kerak.

Ko‘rsatuv muallifi SHavkatjon Melixolov, boshlovchi Gulnoraxon, rejissyor SHuhratjon, tasvirchilardan Baxtiyor, xullas, butun bir ijodiy va texnik guruh xalqimizga to‘ylar bobida etkazish zarur bo‘lgan muammolarning echimini o‘rtaga tashlashda yakdillik bilan ish olib borganliklari ahamiyatlidir.

To‘qlikka sho‘xlik oqlanmagani singari to‘ylardagi ortiqcha dabdababozlik ham yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Havas qilsa arzigulik mahalla ko‘yi, yaxshi niyatu ezgu o‘yi,  shinam va sarishta uyi, to‘kin-sochin qiladigan to‘yi bor bo‘lgan xalqmiz. Buning shukronasini qilishimiz va aql-idrok bilan ish tutishimiz maqsadga muvofiq.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.