Hozirgi o‘zbek dublyaji haqida
Talabalik davrida darsga kelish-ketish, fanlarni o‘zlashtirish bu burch, vazifa. Lekin iqtidorli talabalarning qiziqish olami, dunyoqarashi kengqamrovli bo‘ladi. CHunki ularning tabiatida ijodkorlik tuyg‘usi, yaratuvchanlik ishtiyoqi ustun bo‘ladi. Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Loish shaharchasida tavallud topib bugungi kunda O‘ZDSMI “Kino TV va Radio san’ati” fakultetining “Sahna va ekran san’ati dramaturgiyasi”bo‘limida tahsil olayotgan Durdona O‘roqova ana shunday talabalardan biridir. Uning o‘zbek dublyaj san’atining bugungi kundagi ahvolotini sinchkov kuzatish va shu asnoda teran mulohazalarni bildirishga bo‘lgan mayli pedagog sifatida e’tiborimni tortgani bois uning shu haqdagi maqolasini keltirishni lozim topdim.
Hozirgi o‘zbek dublyaji haqida. Dublyaj ekran ortidagi notanish kino yulduzini o‘zbekcha “so‘zlash”ga undovchi, boshqa xalqlar turmush tarzini ona tilida tanishtirish imkoniyatini beruvchi takrorlanmas san’atdir. Nisbatan yangi san’at turi hisoblangan dublyaj har bir xalqning so‘z san’atini, boyligini namoyon qila oluvchi ma’naviy-ma’rifiy kuch. Bu kuch til, har qanday yoshdagi kishiga ta’sir qila oladi. Bu kuchni boshqaruvchi dublyaj bilan ovoz rejissyorlari shug‘ullanadi. Tibbiy xodimlarning ta’kidlashlaricha, ko‘z bergan xabar quloqdan olingani bilan mustahkamlansa, tezroq va kuchliroq miyaga etib kelar ekan. Eshitish qobiliyatdan mahrum bo‘lganlar orasida san’at namoyandalarini uchratmaysiz. Ko‘z bilan berilgan xabar ularning rivojlanish darajasiga etarli emas. Aksincha, ko‘zi ojiz qancha – qancha sozandalar, shoirlar, hofizlarimiz bor. CHunki quloq orqali olingan ma’lumotga suyanib miya taraqqiy etadi. Demak, quloq bilan qabul qilinayotgan narsalardan ehtiyot bo‘lish kerak. Ogoh bo‘lish kerak!
80 — 90 – yillar o‘zbek dublyaji uchun eng yutuqlar davri bo‘ldi. Bu davrda dublyajimiz darg‘alari Obid YUnusov, To‘lqin Tojiev, Hamza Umarov, Mukambar Rahimova, Rima Ahmedova, Dias Raxmatov, Nabi Rahimov, Xojiakbar Nurmatov kabi ko‘plab aktyorlar minglab filmlarni tomoshabinlarga o‘zbek tilida mohirona etkazib berdilar. Aytishlaricha, Vitsin kabi mashhur rus aktyori Dias Rahmatov ijrosidagi dublyajni eshitib, “Men o‘zbekcha gapirishni bilar ekanman-da” deb ajablangan ekan. Ovoz sehri bilan qo‘rqitish, kuldirish, yig‘latish hamda o‘yga toldirish mumkin. Dublyaj san’ati aynan shu mo‘‘jiza samarasidir. Bu mo‘‘jizaga nuqson etkazishga, ustozlar olib chiqqan cho‘qqidan pastga irg‘itishga haqqimiz yo‘q. Ammo, afsus dublyaj ham ta’bir joiz bo‘lsa, mablag‘ bilan bog‘liq jarayonni boshdan kechirmoqda. To‘g‘ri, yuqori darajadagi kompyuter texnologiyalari bilan dublyajda ham ko‘pgina yutuqlarga erishdik. SHu bilan cheklanib ham qoldik. Jonli ovozlarni kam ishlatmoqdamiz. Bitta aktyorning texnika bilan “sayqallashgan” o‘nlab ovozini bir filmda eshitmoqdamiz. Lekin inson ovozning o‘ziga xos ruhi bor. O‘sha ruh bilan bog‘liq sehr bu sohani san’at darajasiga ko‘tarilmoqda. Menimcha, bitta ruh 10 ta ovozga jo bo‘la olmaydi. SHu sabab kinofilm, teleseriallardagi bir xil ruhdagi o‘nlab o‘xshatilgan ovozlar asabga tegib, sevimli filmlarimizga nisbatan hurmatsizlikni, bee’tiborlikni keltirib chiqarmoqda.Faxr bilan aytish mumkinki, bizda dublyaj san’ati bo‘yicha o‘ziga xos mahorat maktabi yaratilgan. Buni milliy kinematografiyamiz xazinasidan o‘rin olgan oltin fonddagi badiiy filmlar misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Ilgarilari biror filmga ovoz berishdan avval, bu jarayonga daxldor bo‘lgan ijodkorlar birgalikda film syujeti, obrazlar va ularning xarakterini o‘zaro tahlil qilgan holda, kim qaysi rolga ovoz berishi mumkinligi atroflicha muhokama qilingan ekan. Dublyajchi qanchalik mahoratli bo‘lmasin, uning ovozi berilayotgan obraziga mosligi avval sinovdan o‘tkazilgan. YAna bir muhim jixat — filmdagi bitta rolga ovoz bergan aktyor boshqa obrazlarga ovoz berishi mumkin bo‘lmagan. SHuningdek, adabiy til me’yorlariga qat’iy rioya qilingan. Xalqimiz bekorga “Asalning ham ozi yaxshi”- degan iborani qo‘llamaydi. Dublyaj san’atida shirin ovoz sohiblari ko‘p. Masalan: Afzal Rafiqov, Dildora Rustamova, Mohira Nurmatovalarga o‘xshash ovoz egalari yo‘q. Ayajonimning aytishlariga qaraganda, bundan 10 yillar oldin “Dallas” nomli teleserial ekranlarga namoyish etilib, Pamila nomli bosh qaxramonga Mohira Nurmatova ovoz berib tomoshabinlarda katta taassurot qoldirgan ekan. So‘zlarni to‘liq, chiroyli, badiiy saviyada ravon so‘zlashi, ayniqsa, ularning e’tiborlarini tortgan ekan. Men bu aktyorni juda hurmat qilaman. Multfilm, filmlardagi ovozini eshitsam rohatlanaman, deydilar. Lekin 2 ta quyonni quvgan, bittasiga ham etolmaydi. Masalan; Nurmatovaning hozir kampir, yosh qizcha , o‘g‘il bolaga, go‘zal qiz sifatidagi ovozlarini eshitaverish oddiy hol bo‘lib qoldi. Bu balki, aktrisaning, balki rejissyorning aybidir. Menimcha, aktrisa hozir ikkita emas, o‘nta quyonni ortidan quvyapti. Bu degani bitta filmda o‘nga yaqin personajga ovoz bermoqda. Balkim, bu holatdagi dublyaj jarayoni oson, kam xarajatdir, lekin “lekin”i ham bor.
Kinosevarlarni aldab bo‘lmaydi. Ular har qanday kamchilikni ham anglab etadilar. Qaysiki ish chin mehr bilan qilinsa, halqning hurmatini qozonadi. Halol bu mehnatlarini unutishmaydi. SHu nuqtai nazarni dublyaj sohasidagi mutaxassislar o‘ylab ko‘rsalar yaxshi bo‘lardi!
Muxlislar dublyaj haqida. Bir talaba yigit – hozirgi dublyaj ishlari bizlarni kamsitayotgandek tuyulmoqda — dedi. Sababini so‘radim: — o‘zbek yoshlarini ham bilimli, zehnli deb butun jahon ahliga baralla aytishadi. O‘ylab ko‘ring-a!, yuqoridagidek holat o‘z – o‘zimizni ahmoq qilish emasmi? Achinarli. Mablag‘ tejash deysizmi: davlat keragidan ortiq shart — sharoit, mablag‘ ajratib, imkoniyatlar yaratib qo‘ygan bo‘lsa…, deb so‘zini yakunladi. YOshlar qiziqqonda deb yoshi ulug‘ kino sevar onaxonlarga yuzlandim. Ular ham — bir serial qo‘yilsa, bir xil ohang, ovozdan zerikib, uxlab qolyapmiz va uni qaytib qo‘rishga shoshilmayapmiz. O‘zimiz yaxshi ko‘rgan dublyaj ustalarining sehrli ovozlar bir kinoda, bir erkak va bir ayol dublyaj ko‘nglimizga, me’damizga tegyapti: — degan javoblarni berishdi. Kinomuxlislar fikrlaridan ta’sirlanib, O‘zbekiston halq artisti Obid YUnusov dublyaj san’at ustasining “Jannatmakon” jurnalida suhbat qilingan maqolasida dublyaj san’atimizga quyidagi fikrlarni bildirgan. -Dublyaj “dubl – so‘zidan olingan, ya’ni originalga aynan o‘xshash bo‘lishi kerak. Agar biror joyda obrazga ovoz tembri, aktyorlarning xarakteri yoki lab harakati mos tushmay qolsa dublyaj qoidalariga zid keladi. Hozir ham dublyajga chaqirishadi. Ammo avvalgi talab, ishga qunt bilan yondoshuv yo‘qligini qo‘rib ko‘pincha hafsalam pir bo‘ladi. Hatto, bir safar matnni o‘zim uchun o‘qib chiqdim. SHunda rejissyor “yozildi keyingisiga o‘tavering” -desa bo‘ladimi?! “Hoy inson, men hali shunchaki o‘qidim, hali obrazga kirganim ham, ovozimga ehtiros va intonatsiya qo‘shganim ham yo‘q”, — desam “Bo‘laveradi” — deydi. SHunaqa “Bo‘laveradi” bilan bir paytlar yuqori o‘rinlarda turgan, hamma tan bergan dublyaj san’atimiz yo‘qolib ketyapti” -dedi kuyinib.
Dublyaj san’ati haqida ilmiy tadqiqot olib borayotgan Maxsuma Xojimatova sevimli aktrisamiz, dublyaj ustasi Rimma Axmedovaning quyidagi gaplarini aynan haqiqat deb ta’kidlaydi “Hozir dublyajimiz o‘tirib qoldi, lekin o‘z davrida hech qaerda bizdagidek san’at darajasiga ko‘tarilgan emas. O‘zbek ijodkorlari bu borada katta maktab yaratdi” — degan fikrlarni ma’qullaydi. U mazkur maktab Bori Xaydarov, Javod Obidov, Eson Karimov, Sobit Saidov, Ilyos YOqubov, Sofiya Imomqulova, Mirg‘iyos Soatov, Yo‘ldosh Abdukarimov va shu kabi darg‘alarning ko‘p yillik mehnati professional mahorati natijasida yuzaga kelgan.” — deydi.
O‘zbekiston xizmat ko‘rsatgan artisti, dublyaj ustasi Fatxulla Mas’udov. – “ekrandagi obrazga ovoz tushsa bas, deb o‘ylash noto‘g‘ri. Aktyorning yuragi, harakteri, temperamentri ham mos kelishi kerak. Ilgari bunga qat’iy amal qilishar edi, qolaversa, har bir dublyaj ustasi tayyorgarligi bo‘lmagan kishilarning jalb etishini yoqlamayman.” — deydi.
Xulosa qilib aytganda, hozirgi dublyaj san’atiga bildirilayotgan bu fikrlar qay ma’noda bu sohani oqsayotganidan darak berayotgan emasmi? Menimcha, professional dublyajni san’at darajasiga olib chiqqan maktabga qaytish kerak. Mablag‘ni ro‘kach qilib “diktorlik dublyaji ”- bir erkak ovoz va bir ayol ovozi bilan sharoitdan chiqib ketishga yo‘l qo‘ymaslik kerak.