9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Twitter

 

Yangi g‘oya  –  yangi qoya

Notiqlik san'ati - Rahimboy Jumaniyozov rasmiy sayti > musiqa  > Yangi g‘oya  –  yangi qoya

Yangi g‘oya  –  yangi qoya

Ijodkor  qoyaga talpingan alpinistga o‘xshaydi. Agar u intilmasa, talpinmasa cho‘qqini zabt eta olmasligi aniq. Ijoddan, izlanishdan to‘xtash faoliyatsizlikka yo‘l ochadi. Qilayotgan ishingning xayrli ekanligi kishini ruhlantiradi. O‘ktamjon Kamolov tezkorlik bilan “Oqibat” nomli qo‘shig‘iga klip ishlarini boshlab yubordi. San’atkorning bu klipini yosh, iste’dodli, tajribali rejissyor va tasvirchi Izzat Qalandarov suratga olib nihoyasiga etkazdi. Izzat kino, klip olamiga kechagina kirib kelgan emas. U o‘z ishini “osilsang baland dorga osil” deganlaridek katta ishlardan, aniqrog‘i, yirik polotnoli, badiiy filmlarni suratga olishdan boshlagan. Uning bosh tasvirchi, bosh maslahatchi sifatidagi kinolarini tomoshabinlar sevib tomosha qilishadi. Jumladan, “Qora ilon”, “Ota”, “Begona”, “Biz sevgi yo‘lidamiz” singari o‘nga yaqin filmlari bilan u el e’tiboriga tushgan. O‘z ishiga sinchkovlik, kichik yoki katta ishlar bo‘lsin, qunt va hafsala bilan ishlaydi. U shoshqaloqlik qilmasdan, obdon tasvirga tushiradigan nozik didli operatordir. Hozirda Toshkent madaniyat kollejining kinooperatorlik kafedrasi o‘qituvchisi sifatida ishlar ekan, klip olish uning xobbisi hamdir. SHu sabab she’r matni unga yoqqanligi uchun O‘ktam Kamolovning “Oqibat”qo‘shig‘iga klip oldi.

Izzat bu ishga kirishdan oldin O‘ktamjonning ushbu qo‘shig‘ini bir necha bor eshitdi. Aql chig‘irig‘idan, qalb prizmasidan o‘tkazdi. Bugungi kundagi odamlar orasidagi munosabatda qadrsiz bo‘lib borayotgan mehr-oqibat haqidagi mazkur qo‘shiq so‘zlarining soddaligi, o‘ta ta’sirchanligi bilan kishini befarq qoldirmaydi. Qo‘shiq avvali oqibatning yo‘qolib ketayotgani hamda unga qarata “evordikmi, yo xayr devordikmi”, degan murojaat bilan boshlanadi. Hatto aka-uka, yor-do‘stu qarindoshlar orasida ham mehr-oqibatni samimiy emasligidan kuyunadi ijodkor. YAxshi so‘z ham, yomon so‘z ham bir og‘izdan chiqadi degan gap bor. Bu bejiz emas, albatta, inson qalbiga bir og‘iz so‘z bilan yo‘l toppish mumkin. “YAxshi gap bilan ilon inidan, yomon gap bilan qilich qinidan” chiqishini bilamiz-u bir og‘iz shirin so‘zni yaqinlarimizdan darig‘ tutamiz. Manfaattalab bo‘lib dil og‘ritishlar O‘ktamjonni bezovta qiladi. Bir burda non qorinni to‘ydirar ekan, bir og‘iz shirin so‘z ko‘ngilni ko‘tarar ekan, nega munosabatlarimizga chek qo‘yamiz, uni sun’iylashtiramiz deb kuyunadi ijodkor. Insonni ochlik emas, ochko‘zlik beburd qilishini e’tirof etadi. Manfaattalablik sabab yaqinlar o‘zaro qirpichoq bo‘lib ketganlaridan afsuslanadi u. Bu salbiy illatning tarixi uzoq ekanini Sa’diyning ushbu to‘rtligi ham tasdiqlaydi.

Ishonmagil, maddoh, so‘zamollarga

Zarracha naf uchun seni madh etar

Bir kuni murodin hosil etmasang

Ikki yuzdan ortiq ayb sanab ketar.

Kibr va manmanlik odatda, munosabatlarni buzuvchi nojoiz xislat. YAxshilik qilib javob kutish bu tamagirlik bo‘lsa, uni ro‘kach qilish esa minnatdir. “Oqibatni unutmaylik oqibatni” naqorati qo‘shiq matniga va mazmuniga asos bo‘lgan. Jigarchilik ming yil bo‘lsayu, bir manfaat sabab uni unutish bir kunda sodir bo‘lishi kulgili. Bu esa odamgarchilikka zid degan xulosaga keladi ijodkor. YAxshilik qilish farz, ham qarzdir. Mavlono Bedilning:

YAxshilik qil zamon yaxshilik olsin,

YAxshilik boshiga yaxshilik solsin,

Mol-dunyo sendan ham, mendan ham o‘tar,

YAxshisi dunyoda yaxshilik qolsin, –

degan misralariga monand holda, “odam topilmaydi molu dunyo o‘lsin” – deya g‘azabnok qiyofatda murojaat qiladi shoir. O‘tkinchi dunyoda oladigan narsadan ko‘ra, qoladigan narsalar haqida o‘ylash e’tiborlidir. Sa’diy aytganidek gulning vafosi yo‘q, gulistonning baqosi yo‘q. Boqiy bo‘lmagan narsaga mehr qo‘yish mantiqsizlikdir. SHuning uchun ham mashhur va marhum shoirimiz o‘z paytida “mehr qolur muhabbat qolur” deya bong solgan edilar. Munosabatdagi hurmat, e’tibor, sadoqat odamgarchilik nishonasidir.

Izzat Qalandarov ushbu qo‘shiqdagi g‘oyani anglash asnosida O‘ktam Kamolning ijrosini mufassal yoritib bera olgan. Klip jarayonlari poytaxtimizning diqqatga sazovor xushmanzara, so‘lim joylaridan olingan bo‘lib u qo‘shiq ruhiga, san’atkorning tiynatiga juda mos tushgan.

Har qanday inson orzular va g‘oyalar og‘ushida yashaydi. YAngi maqsadlar yangi g‘oyalarga undaydi. yangi g‘oya o‘z-o‘zidan yangi qoyaga talpinishdir. Inson umri, hayoti mobaynida dovonlar ham, bir-biridan baland cho‘qqilar ko‘p. San’atkor samolar bilan sirlashish, o‘ziga yaqin ahli dillar bilan dillashishni orzu qiladi va shu ishq bilan yashaydi. Bu esa undagi ijodkorlikini yanada yuksaltiradi. Ona-yurtga sadoqat, yurtdoshlarga mehr-oqibat bo‘lgan zamin nurli zamin ekanligini e’tirof etadi.

Zar sochgan yurt zarafshon, nur taratsa nurafshon,

YAngi cho‘qqini quchgan, O‘ktamjonga sharafshon!

No Comments

Leave a Comment