9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

SAMIMIYAT SEHRI

notiq.uz > IJODIYOT  > SAMIMIYAT SEHRI

SAMIMIYAT SEHRI

(SHoir Muhammad Ismoil she’riyatiga chizgilar)

So‘zlash uchun so‘zlash, yozish uchun yozish, qo‘yingki, yig‘lash uchun yig‘lash, hattoki, kulish uchun kulishda ham samimiyat yo‘q. Bu jarayon insonning dil istagidan ko‘ra, g‘ayriixtiyoriy tarzda kechadi. SHundaylar borki, ularning o‘zligida samimiyat, xokisorlik bo‘lganligi uchun so‘zligi ham xuddi shunday. Nazarimda, bu nisbat shoir, noshir, jurnalist Muhammad Ismoilga mosu xos, yarashiqlik libosdir. U ayrimlarga o‘xshab qurgan qasri bilanmas, yashayotgan yarim asri, mazmundor nazmu nasri bilan faxrlanuvchi do‘stlarimizdan.

O‘z yurtining qadriga etish, uning o‘tmishi, buguni va ertasiga daxldorlik tuyg‘usini tuyish har bir insonga faxru iftixor baxsh etishi uchunmi vatan haqidagi she’rlarni deyarlik har bir shoir ijodida uchratamiz. Ayni paytda bu bosh mavzulardan biri hamdir. Nazmiy bitiklardan birida qayd etilganidek, “Nima mo‘‘tabardir so‘yla, ey inson, dedi ul, kindik qon to‘kilg‘on makon” degan hikmat ham bejiz emas. Bulbul chamanini sevgani kabi inson o‘z vatanini mehr bulog‘i deya ardoqlashi haq. Bu tuyg‘u Muhammad Ismoilga ham begona emas. Vatan sha’niga she’r bitish shunchaki istak yoki mayldan emas, balki, shoir dilidagi iftixordan kelib chiqadi. U yozadi:

Milyon, milyon odam

keldi, ketdilar.

YOzmoqqa taqozo qilmay

vaziyat.

shu Vatanga mehr

izhor etdilar

  • Ko‘klarda u mas’ud,

she’riy vasiyat.

Aslida, yuzu ko‘zda balqqan nur, qalbda qalqqan g‘urur vataning ozodligi, el yurtning shodligi va obodligi bilan ekanini shoir yaxshi his etadi.

Nur balqdi.

Vatan qad ko‘tardi, muzaffar.

Er sharin ayladi,

munavvar, ko‘rkam.

Mustaqillik toji,

ming yil muqarrar,

Tole’ quyoshidir,

boshingda o‘lkam.

 

Sen – ozodlik istab

yongan ko‘zdagi

Seni duo etgan, sevgan,

alqagan.

Borligingdan baxtli,

xurram yuzdagi

Mehru–muhabbatdan

yuksalding, Vatan!

Vatanparvarlik tuyg‘usini vatanparastlikdan farqlash zarur. Birinchisida samimiylik, hayotiylik bo‘lsa, ikkinchisida havoyilik, ko‘ksiga urib hayqirish, minbardagi balandparvozlik, tantanavor ohang bo‘ladi. SHoirning vatan sha’niga bag‘ishlangan she’rlarida ohorli, samimiy istaklarni sodda tarzda ifodalanishini kuzatamiz. Qutlug‘ zaminimizda yashab o‘tgan ulug‘lar ruhlarining shod bo‘lishi bugungi kundagi bunyodkorligimiz, erkparvar, haqsevar xalqimizning ajdodlar ma’naviyatiga munosibligi bilan bog‘liqligini shoir ayricha g‘urur bilan qog‘ozga tushiradi. SHu yo‘sinda u ajdodlar zikri avlodlar fikri bilan uyg‘unligini ta’kidlagandek bo‘ladi.

Temur bobom uchun,

hikmat berilib,

Tirilmog‘in Xudo

etsa ixtiyor.

Sohibqiron bugun

mag‘rur kerilib,

Qilardi ey, Vatan

sendan iftixor.

Ammo ishonaman

shu yurtdan o‘tgan

Aziz avliyolar

arshi a’loda,

Jamuljam bo‘lishib,

sen uchun Vatan

Tunu–kun duoda,

hamdu–sanoda.

 

Ayni damda xalqimiz qo‘lga kiritgan ozodlik va obodlik shunchaki bo‘lmaganini, uning tagzaminida katta aql-idrok, shijoat va taraqqiyparvar g‘oya va mafkura turganligini anglash va anglatish ilinji shoirga tinchlik bermaydi. Erishilgan yutuqlarni asrash, himoya qilish, mustaqillik mafkurasini mustahkamlash, milliy g‘oyamizga sadoqat hissi har bir fuqaroning dil amriga aylanishini chin dildan istayotgandek bo‘ladi shoir. Bu shoirlik ilhomigina emas, balki har bir fuqaroning qalb amri, majburiyat burchi, mas’uliyat hissi ekanini yurtning ertasi va egasi bo‘lg‘uvchi kelajak avlodga uqtirish niyati bilan bog‘liqdir.

Vatan, sen loyiqsan,

hazrat Navoiy

Bugun ulug‘lasa,

sharaflab she’rda.

YOki kamolingni

ko‘rib, fidoiy

YAngi Navoiylar

tug‘ilsa erta.

YAshar va kurashar

har kim ahd bilan

Bugun bor, ertaga

bo‘lmasman, ammo

Eng go‘zal u she’rni

jonu–jahd bilan

SHa’ningga aytmasdan

o‘lmasman, aslo!

 

SHoir ijodidagi ijtimoiy-falsafiy mavzu uning boshqa she’rlari ruhiga ham singdirilgan.

YAxshi she’r buyurtma, shartnoma bilan yozilmaydi. Kuzatish, his etish, voqelikni aql chig‘irig‘idan o‘tkazish va uni badiiyat tili bilan ilinish sabab yaraladi. Falsafiylik she’rning umri uzaytiruvchi mezon. Falsafa badiiy asarning jon tomiri, qon tomiridir. Uning tirikligi esa so‘z bilan, so‘zning qudrati, nafosati bilandir. So‘zning tirikligi uning o‘z o‘rnida qo‘llanishi va ma’no tarovati bilan ekanligini his etgan shoir so‘zni yonuvchi va yondiruvchi olov taftiga qiyoslaydi.

So‘z olami kengdir, yonmasang berkdir,

Har bir so‘z olovda, jonim garovda.

Tangrim, shoirlik bu – isyon va erkdir,

Iymondir, bu – umr degan sarobda.

 

Kimdir qasr qurdi, kim bo‘ldi dongdor

Kimnidir ko‘ksida tangaday nishon.

Ko‘ylak keltirsam gar, sevma – dedim yor,

– Sevgi ramzi emas, bermoq oshu-non

 

Me’mor maqtaganday qurgan binosin,

Bog‘larin alqagan singari bog‘bon.

YUksakka chorlagan mangu marosim –

SHoirning faxridir – she’r ila doston.

 

So‘zdan qurilgan imorat inson qalbidan joy tutsa, shoirlikning ayni muddaosi ham shu. Ezgulik imoratining bunyodkori bo‘lish, yondirish zavqu shavqi shoir orzu armoni va sharafidir. Qalbdagi tug‘yon isyonga, ilhom tuyg‘usi erkka bog‘lanarkan, xuddi shu ma’noda u “shoirlik bu — isyon va erkdir” deyishi bilan haqlidir. Bu esa mangulikka muhrlangan marosim shoir iftixori, oru viqoridir. Hissiz kalom bamisoli tuzsiz taom, tussiz olamga monand. So‘z munosabat, so‘z murojaat, so‘z mulohaza va muhokamaga asos. SHoirni qaysi bir she’riga nazar tashlamang, una shu haqiqatni ko‘rasiz. Sizda fikr uyg‘otish, teran tafakkur olamingizni yana kengaytirish fikru zikri bilan qalam tebratadi shoir. SHoir nomi uning asarlari bilan atalsa, alqansa demak, murodi hosil bo‘libdi deyvuring. CHunki, shoirning o‘zi ta’kidlab o‘tganidek, “shoirning faxridir – she’r ila doston”. Qobil farzand ota – onaga sharaf keltirgani kabi shoir she’riyati ham uning iftixoriga daxldorligi uning mas’ulligini yanada oshiradi. Zamonasozlik emas zamonaviylik shoirning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va qiymatini belgilovchi mezon. Zamonasozlik muayyan davrda ma’lum bir tuzum va tizimga xizmat qilsa, zamonaviylik taraqqiyparvar, umumbashariy g‘oyalar bilan barhayot. Zamonaviylik haq va xalqning talab ehtiyojidandir.

Keyingi paytlarda “qo‘shiqchi shoir” degan ibora ommalashgandek go‘yo. Aslida, bu muayyan bir san’atkor yoxud sozandaga qo‘shiq matni tayyorlab berishdir. Buyurtma asosida tayyor bo‘luvchi bunday “she’r”lar mazmundan ko‘ra, kuy ohangiga mos tushishi bilan buyurtmachini xursand qiladi. Natijada maza-matrasiz, qandaydir ismlar takrori, sevgilisining ko‘zu qoshlarining ta’rifidan iborat “so‘z uyumi” paydo bo‘ladi. Bundan kim manfaatdor degan savol tug‘iladi. Xalqni didsizlantirishga qaratilgan bu kabi “she’r”lar xonandaning cho‘ntagini qappaytirishga xizmat qilishi mumkindir, ehtimol. Bunisi etmaganidek, so‘zini va kuyini ham bastalab ovoz bilan xirgoyi qilingan holatda san’atkorlarga taqdim etadigan “shoirvachcha”lar ham ko‘paygan. Bu ma’naviyatni, sof san’atni poymol etishdan boshqa narsa emas. Atoqli bastakor Rustam Abdullaev qo‘shiqlarni badiiy ko‘rikdan o‘tkazayotgan paytda bir qo‘shiqchidan matn va musiqa muallifini so‘ragan ekanlar, so‘zi o‘zimniki, musiqasi ham o‘zimniki, ijrochi ham o‘zim desa, unday bo‘lsa tinglaydigan ham raqsiga tushadigan ham o‘zingiz bo‘laqoling deganini aytib kulgan edilar.

“Qo‘shiqchi shoir” iborasini negadir men o‘zimga singdirolmayman. CHinakam shoir o‘z o‘y-kechinmalarini, tuyg‘ularini she’rga soladi. U birovning buyurtmasi bilan ish tutmaydi. Lekin, uning she’ri muxlislarniyam, san’atkorlarniyam e’tiboriga tushadi. San’atkor uni qo‘shiq qiladi, muxlis yod aytib yuradi. Kitob mutolaa qiladigan san’atkor o‘zining diliga xos, didiga mos she’rni albatta, topadi. Afsuski, ayrim qo‘shiqchilarimiz buni o‘ziga ep ko‘rishmaydi. Go‘yoki vaqti yuq. To‘y marosimlari-yu turli ommaviy tadbirlardan ortmaydigandek. SHunday shoirlar borki, o‘z iste’dodi bilan xalq dilidagi gaplarni jo‘yali va chiroyli tarzda ifoda etadi. Ularning she’rlari tajribali, talantli hofizlarimiz tomonidan yuksak san’atkorlik mahorati bilan ijro etib kelinmoqda. Ular san’atkorlarning choy chaqasi uchun qo‘liga qalam olmaydi va bundan hazar ham qiladi. Ularning she’rlarining o‘ziyoq, kuyi bilan dunyoga keladi. SHe’rning o‘zi yarim qo‘shiq emasmi.  So‘zi va sozi bilan paydo bo‘ladigan she’r go‘yoki, egizak farzand dunyo yuzini ko‘rgandek. Qo‘shiqchilar murojaat qildimi, demak, so‘z ma’nosi, misra mazmuni va musiqiyligi uning qalbiga o‘tirdi. Natijada yaxshi bir qo‘shiq tug‘ildi.

Muhammad Ismoilning she’rlarini yod aytib, qo‘shiq qilib yurgan san’atkorlar talaygina. Teleradiokanallarda eshitib qolganidan keyin shoirning o‘zi xabar topadi. U shoirlikni qismat va tug‘ma tabiatning jilosi deya tushunadi. Har bir makinu makonda, har bir zaminu zamonda shoir she’ri ong, bong va dong qozonishning hosilasi bo‘lgan. SHuning uchun ham ularga e’tibor kuchli bo‘lgan. E’tibor ehtiromga eshik bo‘lsa, e’zozga beshikdir. SHunday ekan, u so‘zligiga ham, o‘zligiga ham nihoyatda e’tiborlidir.

So‘z bilan yaralgan olam azaldan.

So‘zidan qaytmagan odam atalgan.

Qaydaki bor bo‘lsa yuksalgan Vatan

SHoirga ehtirom bilan qaralgan.

 

Gar kimda dard bo‘lsa –darmondir shoir

Gar kimki mard bo‘lsa –qalqondir shoir.

Kim maosh to‘labdi asalariga

Tabiat yaratgan –davrondir shoir.

Ana, shu boradagi shoirning qarashi, ijod falsafasi. SHoirning qadr qiymatini she’ri belgilaydi. O‘ziga qarab kutishlarini, so‘ziga qarab kuzatishlarini bilgan shoir choy chaqa deb badiiy ijodni qadrsizlantirmaydi. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad YUsuf singari uning ham she’rlarini qo‘shiq qilib aytishayaptiki, demak u faxrlanishga to‘la ma’noda haqli. Bugungi kunda o‘z san’ati bilan o‘zbek musiqiy madaniyatiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan Ozodbek Nazarbekov, Gulsanam Mamazoitova, Anvar Sanaev, SHarof Muqimov kabi sevimli san’atkorlarimiz uning she’riyatiga murojaat qilmoqdalar. Bu uning she’rlaridagi yuksak badiiy haqiqatdan,  yuqorida shoirning o‘zi ta’kidlab o‘tganidek, “el dardiga darmon, mard qalbiga qalqon” bo‘lish ishtiyoqi va istagidan dalolatdir.

Go‘zallik dunyoni qutqaradi degan mashhur aqidaga asoslangan holda shoir o‘z she’rlarida go‘zal misralarda, chiroyli tashbehlarni istifoda etmoqchi bo‘ladi. Har qanday asarning go‘zalligi mazmunga mos yarashiqli shakl, ma’naviy-lafziy san’atlari bilan ekani ayni haqiqat. “Ko‘z yoshing ko‘ksingni qiynayotgan qon. Sen – bog‘da dovuldan qaqshagan bahor” singari topilmalari shoir she’riyatiga fusunkorlik baxsh etmasdan qolmaydi. Go‘zallik haqidagi shoir falsafasi ham zalvorli. Olam go‘zalligi har qanday odam nigohida o‘zgacha kechadi. Kimdir faqat nurni, kimdir faqat zulmatni ko‘radi. SHoir shunga javoban o‘z she’rlaridan birida “YUlduzlar egasin bilmagan inson – Bu yorug‘ dunyoda yurgan zulmatdir” deb yozadi. Olamga qanday ko‘z bilan qarash, uni qanday qalb qarichi bilan o‘lchash asli hikmat. Mirzo Kenjaboevning ushbu to‘rtligi yodga keladi shu tobda.

Asl g‘avvos bo‘lsang, durni ko‘rgaysan,

Sof bo‘lsang, ketar chog‘ hurni ko‘rgaysan,

Hammayoq zulmat deb shikoyat qilma,

O‘zingda nur bo‘lsa nurni ko‘rgaysan.

 

SHoir go‘zallik mantig‘ini o‘z yoru diyorida ko‘radi. SHoir go‘zallik shaydosi. Husnu latofat manbai ham unda degan xulosaga keladi. Uning shu xususdagi she’riga e’tibor beraylik.

Meni diddan Xudo qismagan,

SHoir bo‘lmog‘imni istagan.

SHundan ko‘zim bolaligimdan

Har kun go‘zallikni izlagan.

Gulmi, ko‘kda yo uchgan kaptar,

Bulbulmi yo sehrli shahar.

YO dengizda quyosh botishi,

YOki fayzli munavvar sahar.

Gvineya chakalaklari

YO Mirzacho‘l handalaklari

YOki aqlu hushimni olgan

Ko‘rkam Kashmir kapalaklari.

Ko‘rdim,

tinmay kezganman olam.

Gollivudning go‘zallarin ham.

Istanbulda yoki Parijda

Ko‘pdir ko‘rkam, gulsanam…

Ammo…

Seni ko‘rdim, ko‘ksimda — quyun

Go‘zallikning shohisan — gulgun,

Bor hunarin ko‘rsatmish Tangrim,

Sening tengsiz, jamoling uchun.

Arastuda qancha zakovat

Iskandarda qancha jasorat

Bo‘lsa agar,

hadsiz, mukammal

Senda shuncha husnu latofat.

SHoirga she’riyatiga ruh va mazmun baxsh etgan ilhombaxsh kuch ba’zan uning ehtirosli misralarni tizishiga bois ham bo‘lgan. Tangri inkishofi bo‘lgan inson va uning muhabbati borasida notugal mulohazalar ham shoirni chetlab o‘tmagan. Tangri inkishofini inson ixtirosiga yo‘yish holatlari asossiz, albatta. To‘g‘ri, muhabbat o‘zi eski narsa uni har bir qalb yangilaydi degan Hodi Toqtosh fikri bilan kelishgan taqdirda ham inson kashfiyoti deyish, nazarimizda mantiqsizdek tuyuladi.

Baxtli bo‘lmoq uchun inson kashf etgan,

Eng buyuk kashfiyot ekan muhabbat!

Ehtimolki, bunday o‘rinlarni yolqinli, ehtirosli holatdagi ishtiboh jilvasi deyish mumkindir. Bular xayrli va ma’rifiy maqsadga, shoir she’riyatining jozibador va mazmundorligiga o‘z ta’sirini o‘tkaza olmaydi, albatta. Muhimi, shoir nima haqda yozishdan ko‘ra, qanday yozish haqida izlanadi. Bu esa mahoratning toblanishidan dalolatdir.

Qo‘lga olib varaqlaganim shoirning “Meni kuchliroq sev” nomli she’rlar to‘plamidir. SHoir iste’dodining yorqin ko‘zgusi bo‘lgan barcha she’rlarida samimiyat hissi ufurib turadi. Bu so‘zdagi sehrni mehr bilan qalbga ko‘chirish orqali yuzaga keladi. SHoir qalbida samimiyat sehri va mehri uyg‘un. SHu bois uning muxlislari ko‘p, shu sabab uni yaxshi ko‘rishadi, shu sabab uning she’rlariga qo‘shiqchilarimiz kup murojaat qilishadi. Samimiyatga yo‘g‘rilgan shoirning o‘zi yoqimli, so‘zi yuqumli ekani ham yaratganning ne’mati, aslida. Ana shu baxt, iste’dod o‘ziga, oilasiga, elu yurtiga tatisin. YArim asrlik mazmunli umringiz muborak bo‘lsin, qadrdonim. Kitobni ana shunday deb nomlabsiz. Sevgining kuchi nimada o‘zi? Bu kuch ishonch va sadoqatda. Hamisha kitobsevar muxlislaringizning ishonchu e’tiborida bo‘lish baxti nasib etsin sizga.

Ehtirom bilan Rahimboy Jumaniyozov.

 

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.