Ovoz sehri
Shunday ovozlar bo‘ladiki, ular davrning zalvorli yuki va zamonning nafasini o‘zida ifoda etadi. Ovoz, avvalombor, Alloh ne’mati. U nafas bilan birgalikda parvarishga muhtoj.
To‘g‘ri, ovoz qudrati borasida Alisher Navoiyning mulohazalarini keltirmasdan o‘tolmaymiz. Hazrat “Mahbub ul -qulub” asarlarida “Ko‘ngil quvvati dilnavozdandur Ruh quti xushovozdandur” — deb bejiz yozmaganlar. Ovozning yoqimliligi ko‘ngil tortar bo‘ladi. Uni ichki bir xohish, mayl bilan tinglagingiz kelaveradi. O‘zingiz sezmagan holda, unga ergasha borasiz, rom bo‘lasiz. U sizni asriy va samoviy tuyg‘ularga chulg‘aydi.
Ovozning xosiyati va mohiyati borasida islom olamida Dovud alayhissalom, Bilol habash haqida ko‘plab eshitgansiz, ular haqda ko‘plab rivoyatlar o‘qigansiz. Ayniqsa, ikkinchi jahon urushi davrida Levitanning ovozi, axborot o‘qish, etkazish manerasi kuchli va ta’sirli bo‘lgani, hatto, manfur Adolf Gitlerni ham qo‘rquvga, larzaga solganidan xabardorsiz. Bu ovozning beqiyos imkoniyatlari borasidagi haqiqatlardir.
Sa’diyning “Guliston”idan o‘rin olgan ushbu hikoyatni maqsad uzukiga qoshu ko‘zdek mosligi uchun keltiramiz. “Ovozi yoqimsiz bir odam shang‘illab tilovat qilar edi. Uning yonidan o‘tib borayotgan bir sohibi dil undan so‘radi:
— Sen har oyda qancha maosh olursan?
— Hech nima maosh olmasman.
— Unday bo‘lsa, nega o‘zingni qiynaysen?
— Xudo yo‘liga o‘qiydurmen.
— Xudo yo‘liga o‘qima, Bu baytga amal qil:
SHul yo‘sinda o‘qir esang qur’onni ham,
Musulmonlik ravnaqiga bergung barham”.
Qissadan hissa shuki, ovoz imkoniyatlari, talaffuz darajasi ko‘ngildagidek bo‘lmagan insonlarning va’zi ham deyilmoqchi bo‘lgan maqsaddan chalg‘itibgina qolmasdan, balki kishini bezdirishi ham mumkin.
SHunday ekan, ko‘p mav’izalarning maqsadi, ro‘yobi ovozga bog‘liq ekanligini unutish yaramaydi.
Italyan tragik aktyorlaridan Tomazzo Salvinidan “Aktyor uchun eng muhimi, eng zaruri nima?” — deb so‘raganlarida, u “Birinchidan – ovoz, ikkinchidan – ovoz, uchinchidan – ovoz, to‘rtinchidan – boshqa narsalar” — deb javob bergani bejiz emas.
Ovoz ko‘pchilikda bor, lekin uni o‘rnida ishlata bilish yuksak did, farosat, uquv va mahoratning belgisi. Matn, mazmun, ovoz manerasi, tinglovchi diqqati uzviy bog‘langanligini his etish ustazoda san’atkorlarga xos bo‘lgan. Bu borada barcha betakror, buyuk suxandonimiz Qodir Maqsumovga havas qilishi bejiz emas.