9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Muomala madaniyati

notiq.uz > IJODIYOT  > Muomala madaniyati

Muomala madaniyati

(Risola)

Muqaddima

Uchta tushuncha zamon va makon tanlamaydi. Bular so‘zlash, tinglash va anglashdir. Odamzot yaralibdiki, o‘zaro munosabat jarayonida ana shu uch birlikka amal qilib kelinadi. Buning namoyon bo‘lishi har bir xalqning o‘z mentalitetiga mos va xos. O‘zaro munosabat, murojaat qilish jarayonidagi o‘zni tutish va fikr almashuvlar muomala madaniyati tushunchasida uyg‘unlashadi. Munosabat, murojaat, muloqot, munozara, mubohasa, muhokama, mulohaza singari tushunchalarning barchasi muayyan millatning tiynatiga mos bo‘lgan ziynatlar bo‘lib, u etik va estetik me’yorlar, qoidalar bilan amalga oshiriladi.

Muloqot qisman monologik, asosan, dialogik, polilogik shaklda bo‘ladi. Boshqacha aytganda, ikki yoki undan ortiq kishilarning o‘zaro munosabatlarida reallashadi. Dunyo go‘zallik qonuniyatlariga binoan qurilarkan, demak, insonnning xulqi va nutqi ham, ko‘rinishi va kiyinishi ham, munosabati va muloqoti ham go‘zal bo‘lishi maqsadga muvofiq. Xalqimizning “O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar” — degan o‘giti bejiz emas. “Til yarasi bitmas, tig‘ yarasi bitar” — deganida ham inson uchun zarur bo‘lgan muomala jarayoniga e’tibor zaruriyatini sezish qiyin emas.

SHaxs ma’naviyatining uzviy bir bo‘lagi muomala madaniyati bo‘lsa, xulq-atvor, odob-axloq, nutqiy faoliyat tushunchalari uning zamiriga kiradi. Asrlar osha har bir xalqqa xos bo‘lgan, milliy-ma’naviy qadriyatlar yuksak madaniyat ramziga aylangan urf-odatlar, yurish-turish, yashash tarzi barchasi kishi shaxsiyatida aks etishi tabiiy.

Ushbu risolada sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan insonlararo munosabatlar me’yori, shaxs ma’naviyatining shaklanishida ularning o‘rni masalalariga e’tibor qaratilgan.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “YUksak bilimli, intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” ekan, demak, ilm-fanga, ona vatanga munosabat o‘z-o‘zidan ma’naviyatli, barkamol inson tarbiyasida muhim va muqim o‘rin tutishi muqarrardir. Munosabat, shubhasizki, shaxsning muomala madaniyatidan kelib chiqadi. Bu esa barkamollik belgisi bo‘lgan ta’lim va tarbiyaga, ma’naviyat va ma’rifatga borib bog‘lanadi. Aqlan, ruhan va jismonan sog‘lom avlodgina yurtning porloq kelajagidir. Qushning parvozini qo‘sh qanotisiz tasavvur qilish mumkin bo‘lmaganidek, insonning iqboli va yurt istiqbolini ham ta’lim-tarbiya va ma’naviyat-ma’rifatsiz tushunish, idrok etish mushkul.

Poetika, ritorika nazariyasini ilk tadqiqotchilaridan hisoblangan Aristotel san’at va madaniyat olamining paydo bo‘lishidagi ilk asos sifatida muomalani nazarda tutgani ham bejiz emas. Qolaversa, fransuz adibi  Antuan Sent-Ekzyuperining “Bu dunyodagi birdan-bir haqiqiy ne’mat odamlarning bir-biri bilan muloqotidir”,-degan fikrida teran ma’no bor.

Ta’lim talabi nutq bilan, tarbiya talabi xulq bilan bog‘liq ekan, shaxs ma’naviyati, muomala madaniyati, muomala sirlari va odobi masalasi har qachongidan ham dolzarblik kasb etaveradi. Muomala “tarozisi”ning ikki pallasi bo‘lib, biri xulq, ikkinchisi nutqdir. Kitob shu xususda.

Inson qalbiga yo‘l

Mulk sohibi bo‘lishdan ko‘ra, ko‘ngil sohibi bo‘lish sharofati haqida mumtoz adabiy merosimizda ibratomiz fikrlar bisyor. Inson dilini ovlash, unga mehr berish, samimiy tilaklar izhor etish ilinji sharq adabiyotida sharaflangan, taraflangan. Sababi, dunyoda bir ilm borki, bu adabiyotning bosh mavzusi bo‘lib kelgan. Bu insonshunoslikdir. Ushbu ilmning ibtidosi esa inson diliga yo‘l izlashdir. Ilmu fan ham, ma’naviy madaniyat va san’at ham shu haqda bosh qotirib kelgan. Bu esa komil inson konsepsiyasidir.

Inson qalbiga yo‘l topilmasa, barcha sohalarning rivoji, jamiyat taraqqiyoti haqidagi so‘z puchga aylanadi. Insonning ongu shuuri, qalbigina ulug‘ va qutlug‘ ishlarga qodirdir. Bu qalbda dunyoqarash va tafakkur qudrati bor. Tafakkur va ongning yuksakligiga erishmasdan turib oldimizga qo‘yilgan maqsadlarimizning ro‘yobini tasavvur etish mushkul. SHuning uchun ham muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov: “Ma’naviyat haqida har qancha da’vatlar, muhim nazariy fikrlar bildirilmasin, agar ularni jamiyat ongiga singdirish uchun doimiy ish olib bormasak, bu boradagi faoliyatimizni har tomonlama puxta o‘ylangan tizimli ravishda tashkil etmasak, tabiiyki biz ko‘zlangan maqsadga erisha olmaymiz ya’ni, inson qalbiga yo‘l topa olmaymiz” deyishlari bilan haq.

Bu fikrlar o‘git, hikmatgina emas, balki chaqiriq, da’vat o‘rnida jaranglaydigan, barcha ma’naviyat targ‘ibotchilari zimmasidagi mas’uliyat va majburiyatdir. Qalbning qalbga bo‘lgan munosabatisiz, murojaatisiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi.

“YUksak ma’naviyat – engilmas kuch” kitoblarida shularni o‘qiymiz: “Inson qalbiga yo‘l, avvalo, ta’lim tarbiyadan boshlanadi. .. bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasidir”

Darhaqiqat, ta’lim va tarbiya o‘zaro uyg‘un tushunchalar. Ular aslida, ajralmas. Bamisoli insonning vena va arterial qon aylanish tizimiga o‘xshaydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ularni bir tanganing orqa va oldi yoki et va tirnoqqa qiyos qilish mumkin. SHunday ekan, ana shu uzviy birlik barkamollikning belgisi hamdir.

Inson xushfe’l, kamsuqum, xokisor, olihimmat, muloyim, beozor bo‘lsa, ko‘pchilikning e’tirofu e’tiboriga tushadi. CHunki, e’tirof e’tiborga, e’tibor ehtiromga, ehtirom esa e’zozga eshik, ezgulikka beshikdir. Odamzotinng kimligini, ma’naviyatini atrofdagilariga bo‘lgan munosabatidan anglab olish qiyin emas. CHunki, muomala inson xulq-atvorining ziynatidir. Kishi xulqi bilan nazarga ham, hazarga ham duchor bo‘lishi hech gap emas.

O‘zaro tushunish va bir-birini anglash tuyg‘usi muomala madaniyatining asosi hisoblanadi. Ba’zan bir zamonda, bir makonda yashaymiz, bir jamoada  ishlaymiz-u, lekin bir-birimizni tushunmasdan dilxiraliklarga yo‘l qo‘yamiz. Har kimning xarakteri, saviyasi, didi har xil bo‘lgani uchun,  o‘ziga yarasha muomalani talab qiladi. SHu tobda shoirning ushbu bitigi yodga keladi.

Qolmadi odamzot kirmagan go‘sha,

Eru ko‘kda, suvda hozir hamisha.

Oh, gohida yonma yon turaru inson

Birbirin qalbiga kirolmay sarson.

Suv va samo bilan sirlasha olgan inson eng yaqinlarining qalbiga yo‘l topa olmay iztirob chekishi taajjubli hol.

Qalbga yo‘l ma’rifatdan boshlanadi. Ma’naviyatli inson kimga, nima haqda, qachon, qaerda, qanday qilib va qancha aytishni biladi va amal qiladi, shu asnoda obro‘ qozonadi, e’tiborga tushadi. Bir so‘z va bir xatti-harakat e’tirofga yoxud e’tirozga, nazarga yoxud hazarga, yaxshilikka yoxud vahshiylikka sababkor qilishi hech gap emas.  SHundagina voizning o‘zi ham, so‘zi ham joiz bo‘ladi, suhbatdoshi qalbida iz qoldiradi. Ma’rifatli inson madaniyatli ayni damda ma’naviyatlidir. So‘zlash ma’rifatdan, tinglash madaniyatdan, anglash ma’naviyatdandir. Johil kishi so‘zning qiymatini va o‘zining qadrini bilmagani uchun xushmuomalada bo‘lolmaydi. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish va olishish uchun esa bilim, tafakkur, yuksak darajadagi xulqiy va nutqiy madaniyat zarur.

Vaziyatga to‘g‘ri baho berish, maqsaddan kelib chiqqan holda yondoshish, xolislik, oqilona, odilona munosabat va samimiy muloqotgina muomala madaniyatining tarkibiy qismi bo‘la oladi.  Hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adaolatsizlikka chiday olmaslik bizning xalqimiz tabiatiga xosligini ta’kidlanishi bejiz emas. Birovni baholash aslida, o‘zingni baholashdir. O‘rinsiz tanbeh, dashnom yoki ta’na kishi dilini og‘ritadi va uning kayfiyatini buzadi, ruhiyatiga ta’sir qiladi. Samimiy muomalaga darz ketdimi, singan piyolani chegalashdek qiyin ish. Har bir narsa-hodisaning yoki shaxsning yutuq va nuqsonlarini, manfiy va musbat tomonlarini to‘g‘ri e’tirof etish va tushuntirishgina kelishmovchilik va janjallarni bartaraf etadi. Bu esa muomala madaniyatining o‘ziga xos sir-sinoatlarini bilish kerakligini anglatadi. Kimga va nimaga qanday ko‘z bilan qarash, munosabat bildirish muhim. Har kimning o‘z qalb qarichi, baholash mezoni bor. Gap qanday ko‘z bilan qarashda. Kimdir mehr ko‘zi bilan, yana kimdir qahr ko‘zi bilan, birov tasdiq ko‘zi bilan boshqa birov inkor ko‘zi bilan qarashga odatlangan hayotda. Har bir narsadan fazilat izlashdan ko‘ra, illat izlashga odatlangan kimsaga muomala madaniyati haqida so‘z ochish quruq safsatadir.

Inkor ko‘zi-la qaragan kishiga

YUsufning yuzi ham xunuk ko‘rinar.

Agar muhabbat-la qarasa devga

Dev ham farishtadek suluv ko‘rinar.

Demak, qanday ko‘z bilan qarash insonning fe’l-atvori, didi, saviyasi, niyati va dunyoqarashiga, boshqacha aytganda, ta’lim-tarbiyasiga bog‘liq ekan.

YAshash qarash va kurashlar birligidan iborat ekan, insoniyatning tafakkur tarzi, munosabat tarhi ham o‘ziga xos bo‘lishi – tabiiy.

Mutafakkirlardan birining

 “Kimki hayotdan olmasa ta’lim,

Unga o‘rgatolmas hech bir muallim”, – degan hikmati bejiz emas.  Ko‘rgan-kuzatgan, eshitgan-bilganlaringizdan hikmat izlaysiz. Nimanidir uqasiz, anglaysiz. Niyat – amalga yarasha degan gap bor, niyat xayrli bo‘lsa, oqibat ham xayrli bo‘ladi.

“G‘urbat izlaganga–g‘urbat bu dunyo,

 Illat izlaganga–illat bu dunyo,

 Kim neni izlasa, topar begumon,

Hikmat izlaganga–hikmat bu dunyo” – deb yozadi marhum Sadriddin Salim Buxoriy. SHoir–haq.

Tirikchilik tashvishi – hammamizga xos. Eydigan taomimiz, kiyadigan kiyimimiz, yashaydigan joyimiz qayg‘usi hech bir tirik jonni chetlab o‘tmasligi aniq. Bularni ta’min etadigan uch birlik bor. Bu vaqt, zamon tushunchasi bilan izohlanadigan KECHA, BUGUN va ERTAdir. Biz vaqt izmidamiz. Ko‘pincha unga mas’ulligimizni yoddan chiqazib qo‘yamiz. Umrning qimmatli lahzalarini behuda o‘y-tashvishlarga, ikir-chikirlarga sarflaymiz.

Ana shu vaqt birligi har kimning hayotida har xil iz qoldiradi. Bular o‘tmish, hozirgi vaqt va kelajak. Biri-biri bilan bog‘liq. Biri ikkinchisiga, ikkinchisi uchinchisiga zamin hozirlaydi. Birov “kecha” bilan g‘ururlansa, yana birov bugungi kuni bilan, boshqa biri esa ertangi kunga umid bilan yashaydi.

Odamzotdagi har qanday kasallik, illat, aslida, uning ruhiyatidagi siqilish, bezovtalikdan boshlanadi. Demak, kasallik ruhiyatdan tanaga ko‘chadi. Biz tanani davolashga ko‘proq e’tibor qilamiz. SHu bois bormagan joyimiz, uchrashmagan doktorimiz, ichmagan dorimiz, ko‘rsatmagan tabibimiz qolmaydi. Tanani har xil kimyoviy moddalar bilan to‘lg‘izamiz. To‘g‘ri, dori-darmon sabab ma’lum muddat tuzalib, kasallikning oldini olishimiz ham mumkin. Lekin ruhiyat davolanmas ekan, tana to‘la holda shifo topmaydi. Odamzotning tirikligi tan, jon va ruh birligidan iboratdir. Ular sog‘lom bo‘lmasa, barkamollik yo‘q. Barkamollik belgisi aqliy va jismoniy kuchga tayanadi. SHuning uchun ham bir paytlari duoxonlar, azayimxonlarga ehtiyoj sezilgan bo‘lsa kerak. So‘z va nutq orqali inson ruhiyatiga ta’sir etish va uni davolash – sinashta hol. Inson badanida illatga moyil kuchlar bo‘lgani holda, unga qarshi immunitetlar, instinktlar ham borligini inkor etib bo‘lmaydi. So‘z buzadi, so‘z tuzadi. Olqish ham so‘z bilan, qarg‘ish ham so‘z bilan. Omonlik-u yomonlik ham, obodlik-u barbodlik ham u bilan. So‘z o‘ldiradi, so‘z kuldiradi. Bunyodkor g‘oyalar ham, buzg‘unchi g‘oyalar ham u bilan. So‘z xususidagi bu ta’riflar bejiz aytilmagan.

         Xulqi qanday bo‘lsa, kishi nutqi ham shunday bo‘lishi tabiiy. Mutafakkir Alisher Navoiy “Kimning miyasida illat ko‘p bo‘lsa, so‘zida mantiq bo‘lmaydi. Miyasi sog‘lom bo‘lsa, gap so‘zi yoqimli va xatosiz bo‘ladi” – deyishlari bilan haq. Xulq va nutq birlashib o‘z ro‘yobini ko‘rsatsa, kishi yo xushfe’l, yo badfe’l deyiladi.

Insondagi ijobiy fazilatlar uni komillik sari yuksaltirsa, salbiy illatlar tubanlik qa’riga tortadi. Bu esa muomala jarayonida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Muomala inson xulqining oynasi ekani oydin bo‘ladi.

Ma’rifatparvar adib Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida odamzot tabiatidagi maqbul va nomaqbul xislatlarni qayd eta turib, insonlarni yaxshilikka chaqiruvchi, yomonliklardan qaytarguvchi ilm bu axloq ekanini ta’kidlaydi. “Inson ikki narsadan murakkabdur. Biri jasad, ikkinchisi nafsdur. Jasad ko‘z ila bor narsalarni ko‘rur. Ammo nafs idrok ila yaxshini yomondan, oqni qoradan ayirur. Jasadning ham, nafsning ham biror surati bordurki, yo yaxshi va yo yomon bo‘ladur. Jasadning surati hammaga ma’lum bir narsadurki, har vaqt ko‘zga ko‘rinib turadur. Ammo nafsning surati ko‘zga ko‘rinmaydurgan, aql ila o‘lchanadurgan bir narsadurki, buni xulq deb atalur. Agar bir kishi yoshligida nafsi buzulub, tarbiyasiz, axloqsiz bo‘lib o‘sdimi, bunday kishilardan yaxshilik kutmak erdan turib yulduzlarga qo‘l uzatmak kabidur.” (A.Avloniy.,”Turkiy guliston yoxud axloq” T, O‘qituvchi, 1992 y.11-b.)

Anglashilayaptiki, bunday badfe’l kishilarga tarbiya ham ojizlik qiladi. Bu borada boshqa bir shoirning bitigini keltirish o‘rinlidir.

Ilonni har qancha qilsang tarbiyat

Oxir zahrin sochib etkazar zahmat.

Nokas tabiati ilon kabidur,

YUzin ko‘rmaslikka etgil harakat.

Abdulla Avloniy xulqni yaxshi va yomonga ajratadi. YAxshi xulqlar tarkibiga fatonat, diyonat, islomiyat, nazofat, sa’y va g‘ayrat, riyozat, shijoat, qanoat, ilm, sabr, hilm, intizom, vijdon, vatanni suymak, haqqoniyat, nazari ibrat, iffat, hayo, idrok va zako, hifzi lison, iqtisod, viqor, xavf va rajo, itoat, haqshunoslik, xayrixohlik, munislik, sadoqat, adolat, muhabbat, olihimmat va avfni kiritsa, yomon xulqlarga g‘azab, shahvat, jaholat, safohat, hamoqat, atolat, hasosat, rahovat, anoniyat, adovat, namimat, g‘iybat, haqorat, jibonat, hasad, kizb, nifoq, tama’, zulm singarilarni kirishini e’tirof etadi va ular ta’rifida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tadi. Bularning barchasi u yoki bu darajada odamlararo munosabat jarayonida qo‘llanilishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. YAxshi tarbiya topganlarda yaxshi xulqlar, yomon tarbiya ko‘rganlarda esa yomon xulqlar hukmronlik qiladi. Bu esa muomala jarayonida oydinlashadi. Aslida, barcha muammolarning echimi muomalada ekanini unutamiz va munosabatlarimizni chigallashtiramiz.

“Nurnoma”da keltirilishicha, sarvari koinot “Men etti daryo yaratdim, —  deb sanay boshlaydi, — ularning orasida biri ilm daryosi, ikkinchisi hilm daryosi”. Muomalaning barchaga daxldor bo‘lgani hilm haqida so‘z ochish mohiyatlidir.  Bu haqda Abdulla Avloniy shunday yozadi: “Hilm deb bo‘lar-bo‘lmas ishga achchig‘lanmaydurgan, arslon yurakli. YUmshoq tabiatli bo‘lmoqni aytilur. Hilm insonlarning tab’idan xusumat, adovat, g‘azab, hiddat kabi yomon xulqlarni yo‘q qiladurgan har kimcha maqbul bir sifatdur. Hilm ilmi axloq yuzasidan insonga eng kerakli narsadur. (O‘sha kitob. 25-b.)

Halimtabiatlilik muloyimlikdir. Jahl qilish, g‘azablanish ularga yot bo‘lishidan tashqari, fikrini bosiqlik, vazminlik bilan etkazuvchi kishilardir. Jahlning jilovi shaytonning qo‘lida. Halimtabiat inson o‘zgani emas, o‘zini enga olgan kishi mard hisoblaydi. Bu ularning shiori. Demak, insonlararo muomalada  chin inson bo‘lmak uchun havasning qo‘liga nafsning jilovini bermaydirgan, bo‘lar-bo‘lmas narsalardan achchig‘lanmaydurgan, sovuqqonli, yumshoq tabiatli, muloyim so‘zli, halim va sabrli bo‘lmak lozimligi uqtiriladi. SHuning uchun ham hadisi shariflardan birida “Hilm xulqlarning sayyididur” deyiladi. Suqrot hakim: “SHiddat ila muomala qilgan kishilarga man viqor va halimlik ila muqobila qilurman, chunki hilm, shiddatni, xusumatni past qilur. Lekin kishini ojiz va xorlik darajasiga tushuradurgan halimlikdan man bezor”, — deb yozgandi.

Ma’rifatli, ma’naviyati yuksak bo‘lgan insonlar muomala madaniyatida ko‘pchilikka ibrat bo‘la oladi. Xushmuomalalik, xushfe’llik, beozorlik, muloyimlik, hayo-ibolilik ularning husniga husn, obro‘siga obro‘ qo‘shgan. Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida “Vafosizda hayo yo‘q, hayosizda vafo yo‘q” – deya bejiz ta’kidlamagan. Beandishalilik, befahmlik, befarosatlik esa kishini aqldan, hayodan judo qiladi.  SHarq odobnomasida qaerga borish, qanday so‘rashish, qaerda o‘tirish, qanday so‘zlash, kimlarning suhbatida bo‘lish muomala madaniyatining mezonlari sifatida ko‘p bor tilga olingan. Sa’diy SHeroziy “SHirin so‘zli shilgay dushman po‘stini, dag‘al so‘zli dushman qilgay do‘stini” deya o‘rinli ta’kidlagan.

Jon ozig‘i ham, qozig‘i ham, yaxshi so‘z bilan ilon inidan, yomon so‘z bilan pichoq qinidan chiqishi borasidagi dono xalqimizning uqtirishlari zamirida ham muomala madaniyati mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi.  SHarqona lutf, sharqona tavoze’dan bexabarlik insonning ne kuylarga solmaydi, deysiz.

Muomala jarayonida so‘zlashishdan oldin suhbatdoshingizning yuz-u ko‘zidagi ifoda yoxud tabassumi siz uchun muhim. U qovog‘ini solib gapirsa, o‘sha sovuqlik sizgayam ko‘chishi aniq, yoki aksincha. Tabassum ko‘pgina muammolarning kaliti ekanini bilsak ham ba’zan amal qilmaymiz. Negadir xohlamaymiz. Ayniqsa, bizga birov biron bir xizmat yoki iltimos bilan kelsa, aftimizni burishtirib rahbarlik “viqori” yodimizga tushibmi qovog‘imizni solib olamiz. O‘zimiz sezmagan holda suhbatimiz ohangida kibru havo hukmronlik qila boshlaydi. Bu mulohazalar sizga erish tuyulmasligini bilaman. Hayotingiz mobaynida siz ham xuddi shunday sovuqqon bironta korxona yoki tashkilot rahbarchasiga uchragansiz. Undagi manmanlik yoxud sizga bo‘lgan bepisandlikning guvohi bo‘lgansiz. To‘g‘ri, kayfiyati yomon paytda kelibman, yuqori tashkilotlarning biridan dakki egan bo‘lishi mumkin, deb o‘zingizni ovutgan ham bo‘lasiz. Lekin har qanday holatda ham ochiqyuzlilik, o‘zbekona bag‘rikenglik va mehridaryolik xalqimiz tabiatiga xosligini unutmaslik zarur. Ba’zan g‘arbdagi behayolik va tanazzulga yuz tutayotgan jamiyat haqida gapiramiz.

SHogirdlarimdan bir nechtasi xorijdagi nufuzli o‘quv yurtlarida o‘z malakasini oshirib qaytishdi. Ular suhbat jarayonida ko‘cha-ko‘yda qovog‘ini solib yurgan kishilarni kam uchratganini, o‘zlarining tashvish-u muammolar bo‘lsada, boshqalarga uning ta’siri bo‘lmasin, deb tabassumli qiyofada yurishi va ish tutishlarini aytishdi. So‘ngra qaytib kelganlarida, avtobusdagi ayrim kimsalarning baqir-chaqirig‘i, telefonda baland ovozda gapirishlari erish tuyulganini aytishdi. Oilada, ishxonada ba’zan muammoli vaziyatlar tug‘ilishi, asabbuzarliklarga yo‘l qo‘yilishini inkor qilmaymiz. Garchi, shunday bo‘lsada, “shaytonga hay berib” sharqona muomala madaniyatini unutish yaramaydi. Qaerdadir eshitgandim. Bir yapon yigit ishxonasida ochiq chehra bilan ishga unnab, “navbatchi” tabassum bilan yurganmish. SHunda kasbdoshlaridan biri “tunov kuni otang dunyodan o‘tgandi, shekilli, nimaga xomush emassan”, — desa, “vafot etgan mening otam, hamkasblarimnikimas, tushkun, xomush holatda yurib ularning qayg‘umga hasratdosh, sherik bo‘lishlarini istamayman” – deb javob bergan ekan.

Rivojlangan mamlakatlarda qovoq solib yurish, xo‘mrayish ko‘cha etikasiga zid va hurmatsizlik sanaladi, “ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan kabi xalqlar vakillari oddiy muloqotdan oldin albatta, uzr so‘raydilar va suhbat oxirida minnatdorchilik bildirishni unutmaydilar. O‘zaro suhbat davomida sizni mayin tabassum bilan siylab turadilar. Bu «navbatchi» tabassumning foydasi katta, ochiq yuzli odam hammada hamisha yaxshi taassurot qoldiradi. To‘g‘ri, o‘zining tushkun qiyofatini, mahzun holatini boshqalarga ham ravo ko‘rish, go‘yoki o‘zining kasalini boshqalarga yuqtirishga o‘xshaydi. Sovuqqon, tund qiyofada muomalada bo‘luvchi  kimsalar borasida Mirzo Abdulqodir Bedil shunday yozgandi: “YAxshilik izlama sovuq kishidan, muzlagan chechakning hidi juda kam.”

Bularning barchasi inson qalbiga yo‘l topish tilsimlariga borib bog‘lanadi. Muomala sirlari haqida juda ko‘plab allomalar tadqiqot ishlari olib borishgan. O‘zbek kitobxonlariga rus tili orqali bo‘lsa-da, tanish bo‘lgan ruhiyatshunos olim Deyl Karnegidir. Odamlar bilan muomala qilish, ularning qalbini rom etish sir-sinoatlari haqida ko‘p va xo‘p yozgan. Lekin uning fikr-mulohazalarining aksariyati sharqona mentalitetga unchalik mos kelmasligi aniq. Ba’zi mulohazalari bizning milliy, ma’naviy va axloqiy qarashlarimizga to‘g‘ri kelmasligini inkor etib bo‘lmaydi. Umuman olganda, millatidan, irqidan qat’iy nazar inson ruhiyati, talab va ehtiyojlarida mushtarak jihatlar bo‘lgani uchun ayrim masalalarda yaqinlik ham bor. Odamlarga yoqishning usullari, do‘st orttirsh yo‘llari haqida qiziqarli ma’lumotlar keltiradi. U yozadi: “Do‘stim, siz dunyoda do‘st orttirishga eng usta bo‘lgan jonivorni bilasizmi? Albatta, bilasiz. Siz uni xar kuni ko‘chada uchratishingiz mumkin. U sizni 10 qadam naridan ko‘rishi bilanoq, dumlarini o‘ynatib oldingizga yugurib keladi. Agar  siz to‘xtab uni siypalasangiz, u sizdan xursand va sizni juda yaxshi ko‘rishini anglatish uchun turli xil qiliqlar qilayotganligini ko‘rasiz. Siz bu shodlikning orqasida yashirin  bir intilish yo‘q ekanligini — u sizga biron-bir narsani sotish yoki siz bilan turmush qurish ilinjida emasligini yaqqol his qilasiz. Siz biror marta it kun kechirish uchun ishlashi shart bo‘lmagan yagona jonivor ekanligi xaqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Tovuq tuxum qilishi kerak, sigir sut berishi kerak, bulbul esa sayrashi kerak. It-chi? It kun kechirishi uchun  sizga o‘z sadoqatini ko‘rsatishi, sizga vafodor bo‘lishi kerak, xolos. It o‘z umrida ruhiyatga oid biror kitob o‘qigan deysizmi? Lekin u qandaydir tug‘ma instinkt yordamida odamzodga suykalib, ikki oy davomida ikki yilda orttirgan do‘stlaridan ham ko‘proq do‘stlar orttirish mumkinligini biladi.”

Bu borada Deyl Karnegining fikrlariga qo‘shilish mumkin. Lekin shuni unutmaslik kerakki, insonlararo muomala jarayonida qiziqish, manfaat, ehtiyoj degan tushunchalar muhim rol o‘ynaydi. Ko‘p yillar siz bilan do‘stlik rishtasini mustahkamlab yurgan do‘stingiz nimadir sabab bo‘lib bir iltimosini bajarolmasangiz, to‘nini teskari kiyvolib sizga bo‘lgan muomalasi, munosabati keskin o‘zgaradi. Bunday “do‘st”lar yo‘q, deb o‘ylaysizmi? SHoir shuning uchun ham kuyunib ushbu misralarni bitgan bo‘lsa ajab emas.

Ishonmagil maddoh so‘zamollarga

Zarracha naf uchun seni madh etar.

Bir kuni murodin hosil etmasang,

Ikki yuzdan ortiq ayb sanab ketar.(Sa’diy)

 

Ma’rifatda birlashtiruvchilik manfaatda (moddiy) ayiruvchilik kuchi bor. Odatda, munosabatlarning buzilishi manfaatlarning to‘qnashuvidan paydo bo‘ladi. Tabiiyki, bu holatda samimiy muomalaga, do‘stlikka putur etadi. Bir kuni Jaloliddin Rumiydan so‘rashadi: Kuchuklarga qarang, bir-birlarini yalab-yulqab, o‘ynoqlab yurishibdi. Ana shunday ahillik nahotki, insonlarda yo‘q?  Rumiy ularga javoban shunday deydi: O‘sha kuchuklarning oldiga bir bo‘lak suyak tashlab ko‘ring-chi, suyak qolib, bir-birini g‘ajishga tushishadi.”

To‘g‘ri,  muomala qiziqish manfaatdan tashqari kayfiyat bilan ham daxldor. Sizning muomala jarayonida kayfiyatingiz, ruhiy holatingizning suhbatdoshga ta’siri borligini unutib bo‘lmaydi. Xulq-atvoringiz undan oziq olishi hech gap emas. Unga ham sizning kayfiyatingiz yuqadi. Buning esa masalaning ijobiy echimiga sezilarli ta’siri bo‘lishi aniq.

Gorvard universitetining professori U. Djeyms shunday yozadi: “Xulq-atvor kayfiyat natijasi deb hisoblanadi, lekin ular bir-biridan ajralmasdir. Biz o‘z irodamiz bilan xulq-atvorimizni boshqarar ekanmiz, bevosita irodamizga bo‘ysunuvchi kayfiyatimizni ham boshqaramiz.” To‘g‘ri, bu o‘rinda ularni yuzaga chiqaruvchi muayyan vaziyat va sharoitni ham hisobga olinishi maqsadga muvofiqdir.

Muloqot jarayonida muomalaning qanday yo‘sinda bo‘lishi yana nimalarga bog‘liq deb o‘ylaysiz? Gap so‘zdami, ma’nodami, mazmundami yoki fikrdami?- degan savolga V.G.Belinskiy “yo‘q, gap ohangda” — deya javob bergani bejiz emas. Birgina “salom” so‘zini bir necha xil ohangda aytish mumkin. Pichirlab, baland ovozda, kesatish, piching ohangida, istehzo, kinoya bilan va hokazo. SHu orqali suhbatdoshingizning qanday qabul qilishini, qanday holatga tushishini bilib olishingiz mumkin. CHunki, ohangda munosabat, murojaat tarzi, antipatiya va simpatiya shundoqqina sezilib turadi.

Biron narsa borasida bahslashish ham muomala jarayonining muvozanatini buzishi mukin. Bilgan va bilmagan narsasi haqida ham gap talashishini xush ko‘radiganlar bo‘ladi.  O‘zini bilarmon va bo‘larmon qilib ko‘rsatadiganlar bilan bahslashish jiddiy konfliktlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu holatda sukutgina masalani bartaraf etishi mumkin. Hamma o‘zini haq deb biladi. SHoirning ushbu she’ri ham shu haqda.

Dono o‘zni dono deb bilmagani kabi

Telba ham o‘zini telba deb bilmaydi

SHuning uchun ham bu yorug‘ dunyoda

Ularning haqiqati o‘lmaydi.

Egrining ham, to‘g‘rining ham o‘z haqiqati bor

Agar etsang inkor etishar inkor

SHunday bo‘lgach, bo‘lishi mumkin

Har ne haqda tushunchang bekor.

Muomala mayl, qiziqish, talab, ehtiyoj, manfaat, maqsadli harakatdan tug‘iladi. Boshqacha aytganda, kommunikatsiya vositalari yordamida insonni o‘rganish va bilish demakdir. Muomala ma’no va mazmun jihatidan amallar omili, taomili demakdir. SHuning uchun ham amal, omil, muomala, taomil so‘zlari bir o‘zakdan yasalgan arabcha so‘zlardir. Qadimda sharqda bolalarga biron narsa xarid qilishi uchun muayyan miqdorda pul berib, bozorga yuborib unga muomala qilish yo‘llarining o‘rgatilgani ham bejiz emas. SHirin muomala va mulozamat qo‘rs, qo‘pol harakatdan doim ustunlik qilgan. Muhimi, maqsadingizni, fikringizni ifoda etish yo‘llarini bilishingiz muvaffaqiyatlaringiz garovidir. SHuning uchun ham “yo‘lni bilish emas, yo‘lini bilish muhim” degan ibora behuda aytilmagan. Jangda ham g‘alabani ta’minlashda strategiya emas, taktika muhimligini inkor etib bo‘lmaydi. Qachon, qaerda, qanday hujumga yoki himoyaga o‘tishni bilish zafar qozonishning muhim omilidir. Ritorika usullari, mantiqiy mushohada, jestlar, mimika, tashqi ko‘rinish, qo‘yingki, hammasi muomala qobig‘ida, xulqiy madaniyatingiz ko‘rinishida aks etadi.

SHunday ekan, bolalarda nimani, kimga, qanday ifoda eta olish ko‘nikmalarini shakllantirish ijtimoiy masala ekanini unutish yaramaydi. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” – degan naql bejiz emas. Muomala madaniyatini farzand oiladan, avvalo, ota-onasi va barcha yaqinlaridan o‘zi sezmagan holda o‘zlashtira boradi. Tarbiya olgangina tarbiya bera oladi. YOshlarning kamoloti, ma’naviyati, tarbiyasiga e’tiborsizlik yurtimiz istiqboliga, vatanimiz ravnaqiga befarqlikdir. Muomala, ta’lim, tarbiya tushunchalari o‘zaro uyg‘un bo‘lib, bu ma’naviyat atalmish ummonda uyg‘unlashadi. SHunday ekan, bularning yoshlarimiz ongu shuuriga qanday etib borishi har qachongidan ham muhimdir. Prezidentimizning “Ma’naviyat insonga ona suti, ota ibrati, ajdodlar o‘giti bilan birga singadi” deyishlari bejiz emas. YOshlarimizdagi faollik va yurt kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi ham o‘zaro muloqotdan, muomala madaniyatidan, narsa-hodisalarga to‘g‘ri baho berish va xolisona qarash hissini shakllantirishdan iborat.

SHekspirning ta’kidlashicha, hech bir narsa yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkin emas – ular bizning narsalarga qanday qarashimizga bog‘liqdir. Qarash esa shaxsiy manfaat, xudbinlik qobig‘ida emas, balki, umumxalq manfaati nuqtai nazaridan bo‘lishi maqsadga muvofiq. YUrt tinchligi, xalq farovonligi, ijtimoiy hamkorlik komil inson masalasiga borib bog‘lanar ekan, demak, muomala madaniyatining uzviy bo‘lagi xulq-atvorimiz ibratli bo‘lishi kerak. Bolalar dunyoning barcha davlatlarida bir xil yig‘laydilar, o‘xshash, lekin ulg‘aya boshlagach, har xil qiliqlar qilishadi, shubhasizki, bunga sabab, xulq, tarbiya va muomaladir.

Kishilararo ko‘cha-ko‘ydagi o‘zaro muloqotdagi muomala bilan rahbar va xodimlar orasidagi muloqot madaniyati mas’uliyat hissi va majburiyat burchining yuqoriligi bilan ajralib turadi. Aytish mumkinki, notiqlik, muomala madaniyati barcha kasblarning, san’atlarning asosida mavjud. O‘z fikrini ommaga chiroyli tarzda, aniq va sodda tushuntira olish va ishontira bilishga bo‘lgan harakat deyarli barcha soha, kasb egalarining tabiatida bor. Bu ularning doimiy orzusi hamdir. Mashina mexanizmlarni boshqarish uchun shu kasbga oid chuqur bilim, tajriba, layoqat, shijoat bo‘lishining o‘zi kifoya. Odamlar orqali ishni boshqarish, ularga rahbarlik qilish boshqa narsa. SHu xakda fikr yurita turib SH. Razzoqov «Rahbarlik uchun maxsus bilimlar, ko‘nikmalardan tashqari, odamlar bilan muomala qilish, qo‘l ostidagilar bilan til topishish, topqirlik, hozirjavoblik, qaltis vaziyatlardan chiqa olish, vaziyatni baholash, eng asosiysi, har qanday mushkul vazifani qiyin vaziyatlarda ham uddalay oladigan ahil va jipslashgan jamoa tuzish qobiliyati mujassam bo‘lishi lozim», — deb yozadi.

Husn va xulq yarim rizq bo‘lsa, nutq va hunar butun rizqdir. Hadisona mazmun kasb etgan bu hikmat muomala madaniyatining ikki asosi borasidagi mulohazamizni tasdiqlaydi. Biri xulqiy madaniyat bo‘lsa, ikkinchisi nutqiy madaniyatdir. Endi esa uning ikkinchi tomoni nutqiy madaniyat borasida fikrlashamiz. Zotan, nutq xulqning oynasidir. Qolaversa, inson qalbiga yo‘lning nurli chirog‘i ham u bilandir.

 

Dil – qulf, til – kalit

Uyingizdagi yoki ishxonangizdagi xonalarning eshiklariga razm soling. Qulflog‘liq eshikni ochish mushkul. Harchand kirishga urinmang, befoyda. Biroviga tushadigan kalit ikkinchisiga to‘g‘ri kelmaydi. Har birining o‘z ochqichi, “tish”lari boshqacha. Odamzot qalbi ham shunga monand. Har biri o‘z didi, saviyasi, bilimi, fikrlash va yashash tarzi va dunyoqarashi bilan ajralib turadi. Siz ana shularni bilgan holda muomalada bo‘lasiz, aks holda,”qovun tushirib qo‘yishingiz” hech gap emas. Hammaning qalbiga yo‘l har xil yo‘sinda. Did bilan dillashish mushkul. Farzandlaringiz, ota-onangiz, hatto, turmush o‘rtog‘ingiz bilan ham didingiz bir xil bo‘lavermaydi. Ba’zi masalalarda maslakdoshsiz, emak, ichmak, kiymak bobida didingiz har xil. Demak, ruslardagi “vkus i svet tovarishi net”degani bejiz emas.

Ko‘ngil qulfiga mosu xos ochqich bu so‘zingiz, nutqingizdir. U qanday bo‘lishi kerak? Buning uchun esa muomala madaniyatining ikkinchi muhim jihatiga e’tiborni qaratish zarur.

Alisher Navoiyning “ko‘ngil xazinasin qulfi til, kaliti so‘z”,  deganlarida, muomala tilsimotiga ishora qilganlarini ilg‘ab olish qiyin emas. Qolaversa, til muomala odobining avvali ekanini Mahmud Qoshg‘ariy “Ardam (odob) boshi – til” deya e’tirof etgan. “Kishi so‘zlashu, yilqi yizlashu” deganida ham  kishilar bir-birlarini so‘zlashib bilib olganlaridek, hayvonlar hidlashib bilishadi degan fikrni qayd etadi. Bularning barchasi muloqot jarayonida so‘zga, nutqqa ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish zaruratini anglatadi.

Biz ko‘rgan-bilgan, eshitgan, o‘qib o‘rgangan yoki shohid bo‘lgan har bir narsa-hodisaning o‘z tayanch nuqtasi bor. Bu faqat kurrai zaminimizdagi voqelikka taalluqli bo‘lib qolmasdan, galaktikadagi barcha sayyora, yulduz, samoviy jinslarga ham daxldor. Tayanch nuqtasi bor bo‘lmagan narsaning o‘zi yo‘q. Bo‘lgan taqdirda ham, u omonat. E’tibor bering hashamatli, naqshinkor, baland imorat oldida turibsiz. Qanchalik ko‘kka bo‘y cho‘zmasin, yoki qanchalik «viqor»li bo‘lmasin, uning tayanch nuqtasi-poydevori bo‘lmasa, u hech nimadir. Erta-indin qulashi, xarobaga aylanishi tayin. Hatto, erning ham tayanch nuqtasi bor. Beruniy, Arximedlar bu haqda qanchalik o‘y surib, umrini band etgan bo‘lmasin, tayanch nuqta mutloq haqiqat ekanligini anglab etishgan. Erning tayanch nuqtasi bo‘lmaganda edi, u allaqachon orbitadan chiqib ketgan bo‘lardi.

SHunday ekan, insoniyatning, ellarning, dillarning, tillarning ham o‘z tayanchi, suyanchi bor. Tinchlik, totuvlik, o‘zaro birdamlik har bir damda, har qadamda bir-birini tushunishlik xalqlar osoyishtaligi va farovonligining tayanchi bo‘lsa, har bir tilning tayanchi esa ayni xalq nutqida istifoda etiluvchi so‘zlardan iborat.

Tilning boyligi, go‘zalligi, nafosati ham undagi so‘zlarning soni va jilosi bilan bog‘liq. Uning boqiyligi esa undan foydalanuvchi millatning ma’naviyati va istiqboliga tegishli. Ta’bir joiz bo‘lsa, deylik siz me’morsiz. O‘z zahirangizda mavjud bo‘lgan so‘zlardan foydalanib, fikr etkazasiz va qabul qilasiz. Boshqacha ayttanda, tafakkur imoratini bunyod etasiz. SHunday ekan, so‘z ana shu imoratga qo‘yilgan g‘ishtdir. G‘ishtning tarkibi qum, loy kabi jinslardan iborat bo‘lgani kabi so‘zning tarkibi ham tovush, fonemalardan iborat.

G‘isht jips holda o‘z o‘rniga hafsala bilan terilsa, imorat pishiq, mustaqkam bo‘ladi. SHunday ekan, har bir so‘zning o‘z o‘rni, hajmi, o‘lchovi, ko‘rinishi, vazni, tarovati, hidi bor. Uni didi bor, nozikta’b tafakkur sohiblari anglashadi, amalda qo‘llay olishadi. So‘z sahovati va latofatini idrok etgan adiblarimiz buning qudratidan foydalangan holda nasru nazm durdonalarini yaratishgan. Tilda yuz minglab so‘z bo‘lsa ham, ularning moddiy asosini bir necha o‘nlab tovushlar tashkil qilishi haqida fikr yurita turib, muqtadir olim Alibek Rustamiy shunday yozadi: «… o‘zbek adabiy tilida 31 tovush bor. SHevadagilarni qo‘shsak, 40 dan oshmaydi. SHu qadar ozgina tovushdan milliondan ortiq so‘z yasalgan».

To‘g‘ri ta’kidlanganidek, gap so‘zning soni yoki sifatida emas, balki ularni bilish va o‘z o‘rnida qo‘llay olishdadir.  Demak, so‘z – ne’mat, so‘z – rag‘bat, so‘z – tashviq, so‘z – da’vat, so‘z – davlat, so‘z – savlat, so‘z – hikmat, so‘z – himmat, so‘z – hurmat, so‘z – rahmat, so‘z – zahmat, so‘z – fazilat, so‘z – illat, so‘z – tuzuvchi, so‘z – buzuvchi, so‘z – ilm, so‘z – tilsim, so‘z – bilim, so‘z – zulm, so‘z – saboq, so‘z – tayoq, so‘z – havas, so‘z – hasad, so‘z – g‘urbat, so‘z – g‘iybat, so‘z – do‘st, so‘z – dushman, so‘z – sharofat, so‘z – ofat, so‘z – olqish, so‘z – qarg‘ish, so‘z – mehr, so‘z – qahr … xullas, so‘z – hamma narsa. Faqat uni qachon, qaerda, qanday qilib qo‘llash so‘zlovchiga bog‘liq. Bu esa so‘zlovchining ongu shuuriga, aqlu idrokiga, fahmu farosatiga daxldordir.

Demak, til, nutq odobi inson ma’naviyati va kamolotida etakchi mezon ekanini YUsuf Xos Hojibning «So‘zning o‘rni — sir» degan fikridan ham uqish mumkin. So‘zning sir-sinoatlarini idrok etib, o‘rnini topa olgan zukko suxanvarlargina so‘zning sahovatlaridan bahramand bo‘la oladi, o‘zgalarni ham bahramand qila oladi.

YUqoridagi fikrlarning o‘ziyoq, so‘zning nominativ funksiyasidan tashqari fikr etkazuvchi va qabul qiluvchi orasidagi kommunikativ jarayonni ham ta’min etishini anglatadi.

So‘zning xosiyati shular bilan cheklanmaydi. Uning imkoniyat qirralarini etuk notiqlar kashf etadilar. Har bir narsaning xususiyatlari uning to‘la ta’rifini berishi uchundir. Ma’lumki, nutqning, fikrning asosini tashkil qiladigan birlik bu so‘zdir. So‘z orqali nutq va fikr oydinlashadi. So‘zlarninig xarakterini yaxshi bilgan kishi hech qachon qiynalmaydi. Har qanday so‘zning xosiyati esa uni o‘z o‘rnida, to‘g‘ri ishlata olish bilan belgilanadi. So‘z, tovush hamda ma’noning dialektik birligidan iboratligini bilgan notiq uni ifodalashda quyidagi bosqichlarni e’tiborda tutishi lozim: 1.  Topish. 2.  Tanlash. 3.  Qo‘llash (aytish yoki yozish). Topish so‘zlovchining so‘z boyligiga daxldor bo‘lsa, tanlash didi, saviyasiga, qo‘llash esa uning mahoratiga tegishlidir. Topish til boyliklaridan, sinonimlardan qanday foydalana olishingizga mezon bo‘lsa, tanlash psixologik, axloqiy va estetik normalarga amal qilish zaruratini bildiradi. Qo‘llash esa og‘zaki yoki yozma ravishda amalga oshiriladi.

Demak, nutqimizdagi har bir so‘z tinglovchiga yoki o‘quvchiga kontekstga muvofiq ana shu boskichlar orkali etib boradi. Har kanday ma’lumot, fikr, hissiyot ana shu bosqichli jarayonlar orqali anglashiladi.

So‘zlarning xosiyatlari haqida fikr bildira turib, A.F.Konn shunday yozadi: «So‘z insonning buyuk qurollaridan biri. O‘rnida sidqidildan aytilgan oddiygina so‘z qudratli va engilmas kuchga aylanadi. U so‘zlovchining o‘zini qiziqtirib yuborishi, uni va atrofidagilarni o‘z nafisligi bilan mahliyo etishi mumkin». Bu iqtibosda so‘z estetikasi, uning ijtimoiy aloqa vositasi ekani ta’kidlanayotgani sir emas.

So‘z nutq hosil qilishning bosh omili ekan, demak, uning xarakterini, ma’no darajasini yaxshi bilish lozim. So‘z zahirasiga, so‘z boyligiga ega bulgan nutq sohiblari nazariy va amaliy jihatdan etuk bilim, malakaga ega bo‘lishgan. So‘zlar ma’nodoshligi, shakldoshligi, zidligi, talaffuzdoshligi, dublet va variantliligi, ko‘p ma’noliligi, to‘g‘ri va ko‘chma ma’nolarda qo‘llanilishi bilan bir-biridan farklanib turadi. Bularni puxta o‘rganish faqat fikr etkazish (yoki qabul qilish) uchungina emas, balki uning ta’sirchanligi, ekspressiv va emotsionalligiga ham xizmat qiladi.

So‘zning xususiyatlaridan kelib chikqan holda eng maqbul ta’rif shunday ifodalangan: «So‘z borlikdagi hodisa va narsalarning ma’nosini ifoda etuvchi, grammatik jihatdan shakllangan va jamiyat a’zolari tomonidan bir xil tushuniladigan, tovush formasida ifodalanadigan mustaqil va markaziy til birligidir».

Har davrning o‘z so‘zi bulganidek, har bir ijodkorning ham so‘zga o‘z qarashi bor. Ana shu fikrlarni to‘ldirish, boyitishni inobatga olgan holda «So‘z haqida so‘z» ruknida adiblarning ayrim mulohazalarini keltiramiz.

«So‘zdan qudratlirok narsa yo‘q. O‘tkir dalil va yuksak fikrlar safini yorib o‘tish mumkin emas. So‘z yovuzlarni yakson etadi, qal’alarni yiqadi. U ko‘zga ko‘rinmas qurol. So‘z bo‘lmasa, dunyo dag‘al kuchlar qo‘lida qolar edi. So‘z sehridan kuchliroq sehr yo‘q».  A. Frans.

«So‘z bilan ifodalangan hap qanday fikr ta’sir ko‘lami tugamaydigan kuchdir. So‘z buyuk narsa. SHuning uchun qam buyukki, so‘z bilan odamlarni birlashtirish, so‘z orqali ularni bir-birlari bilan yuz ko‘rmas qilib yuborish mumkin, so‘z bilan mehr qozonish, so‘z bilan nafrat va adovatta yo‘liqish mumkin. Odamlarni bir-biridan ajratadigan so‘zni aytishdan saqlan». L.N.Tolstoy.

«So‘zni ko‘ngulda pishqormaguncha tilga kelturma, Har nekim ko‘ngulda bor — tilga surma».  A.Navoiy.

«So‘z aytishdan avval, har daqiqada so‘z ortidan keladigan oqibatni o‘yla».       I.P.Pavlov.

«So‘z shamolga qarab uchadigan o‘yinchoq pufak emas. U ish quroli: u ma’lum darajadagi og‘irlikni ko‘tarib turmog‘i lozim. O‘zgalar kayfiyatini qanchalik rom etishi va o‘zgartirishiga qarabgina biz so‘zning ahamiyati va kuchini baholamog‘imiz mumkin.”    V.G.Korolenko.

 «Nodon kishi so‘z, hikmat lazzatini bilmaydi, bamisoli tumov kishi gulning hidini sezmagani kabi. Agar tilingning ortikcha suzlapshga ega bula olmasang, unda tizgining jilovini shaytonga topshirgan bulasan. Tilingdan chiqqan sadaqa (ya’ni, pandu nasihating va mav’izayu hasanang) ba’zan qo‘lingdan (mol-dunyongdan) chiqqan sadaqangdan ko‘ra xayrliroqdir. Ko‘p so‘zlar borki, ular seni jangu jadalga solib, halokatga giriftor qiladi yoki ulardan qaytarsa ham elka chuquringni gul kabi qizargan holga keltirgandan keyin qaytaradi (ya’ni, mashaqqatlardan keyin). Mahmud az-Zamahshariy.

So‘zning xosiyati qanchalik e’tiborli bo‘lsa, shunga muvofiq nutqning mohiyati ham muhimdir. Nutq qator xususiyatlar bilan birga nutqiy vositalarga ham ega. Bu holat uning, nutq madaniyatining har ikkala ko‘rinishiga, og‘zaki va yozma nutkqa baravar taalluqlidir.

Tovush – so‘zning moddiy tomoni. Boshqacha aytganda, tovushlar talaffuzi tilning harakatdagi amaliy jarayoni. Har tovushning o‘z sifati, jarangi, ohangi va talaffuz me’yori bor. Bu jihatlarni doimo nazarda tutish kerak. CHunki nutqqina fikrni sodda, tushunarli va teran bo‘lishini ta’min etadi. Nutqning mohiyati uning madaniyligi, ommaviyligi va ijtimoiy qimmati bilan belgilanadi.

Jonli nutqning ikki qanoti bir-biridan kuch oladi. Bu nutq madaniyatining ikkita ko‘rinishidir. Muomala jarayoni bularni puxta bilish, o‘zlashtirish va amalda muvaffaqiyatli qo‘llashni taqozo etadi. Bu og‘zaki va yozma nutq madaniyatini egallashdir. Kimdir og‘zaki nutqqa mohir bo‘lsa, kimdir yozma nutqqa.  Aslida, har ikkalasining ham ustasi bo‘lish kerak.  Xalq  iborasi bilan aytganda, «gapga do‘ppi kiygizadigan» so‘z ustalarining nutqi kishini o‘ziga rom etmasdan qo‘ymaydi. Ustozlardan biri shunday degan edi: «Men minbarga chiqsam, o‘zimni miltiq o‘qtalgan ovchi oldida dag‘-dag‘ titrayotgan quyonga o‘xshataman, yozish uchun stolga yaqinlashsam, o‘zimni bamisoli arslondek tasavvur qilaman».

Bu og‘zaki nutqqa, so‘zga chechanligim yo‘q, fikrni qog‘ozga tushirish va etkazish bobida uquvim yo‘q emas, deganidir. Og‘zaki nutqning ham, yozma nutqning ham o‘z talablari, imkoniyat doirasi bor. SHunday hamkasblarimiz borki, so‘z bobida birov oldiga tusholmaydi, hech kimga gap ham, gal ham bermaydi. Lekin, yozish bobida ojiz. Ikkita jumlani bir-biriga bog‘lab, fikrni qog‘ozga tushira olmaydi, umumlashtira olmaydi.

Og‘zaki va yozma nutq aslida,  bir-birini to‘ldiradi, boyitadi.  Har ikkala nutqning imkoniyati va qamrovini bilmagan notiq na unisida zo‘r, na bunisida. Xo‘sh, muomala madaniyatining tarkibiy qismi bo‘lgan og‘zaki va yozma nutqning farqli jihatlari biri talaffuz, ikkinchisi yozuv bilan ifodalanishidami?   Yo‘q, albatta.

Og‘zaki nutq yozma nutqqa nisbatan ancha faol, jonli jarayon. Og‘zaki nutq qo‘llanish usuliga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: oddiy so‘zlashuv nutqi va adabiy so‘zlashuv nutqi. Oddiy so‘zlashuv nutqi kundalik hayotimizda, o‘zaro muomala jarayonida ishlatilsa, adabiy so‘zlashuv nutqi muayyan shaxslar doirasida tilning me’yoriy mezonlarini qo‘llash orqali ro‘yobga chiqadi.

Og‘zaki nutqda shevachilik ta’siri sezilib turadi. Biz qaysi  viloyat, qaysi go‘shadan bo‘lmaylik, nutqimizda ma’lum muddat yashagan makonimizning so‘zlashuviga xos shevaning ta’siri bo‘ladi. Bu nutq tovushlarining talaffuzida yoki shevaga xos so‘z va iboralarni qo‘llashda seziladi. Og‘zaki nutq  tezkor, avtomatik jarayon bo‘lgani sababli o‘ylab turish, so‘ng so‘zda  davom etish qiyin. So‘zlov va o‘ylov bir vaqtning o‘zida amalga oshadi. Boshqacha aytganda, so‘zlab turib o‘ylaniladi. Og‘zaki nutq shaxsiy, individual faoliyatdir. SHuning uchun ham fikriy bayon va nutqiy uslub, ovoz ifodalari bir-biriga o‘xshayvermaydi. Og‘zaki nutq so‘zlovchining kayfiyati, ruhiyati, tabiatiga hamda vaziyatga, nutqiy a’zolarning sog‘lom va  normal ishlashiga ham bog‘lik. Odamning behol, kasalvand vaqtidagi nutqi bilan sog‘lom,  ruhan tetik paytidagi nutqi orasidagi farqni sezish qiyin emas.  Kishi so‘zlayotganda o‘z nutqiga yozayotgandagidek etarli darajada e’tibor beravermaydi. Ma’lum bir davrada so‘zlayotganida nutqida kamchilikka yo‘l qo‘yganini o‘zi sezib qolsa, nutqning keyingi holati ham ko‘ngildagidek bo‘lmaydi. Og‘zaki nutq o‘ziga xos grammatik tuzilishiga va qurilish tartibiga ega bo‘ladi. Unda gap bo‘laklarining tushib qolishi, qisqarishi, almashinishi, takrorlar, keraksiz unsurlarning bo‘lishi kuzatiladi.

Og‘zaki nutqdagi ma’no ottenkalari, munosabatdagi tasdiq yoki inkor alomatlari, ohang, talaffuz, imo-ishora vositalari orqali amalga oshiriladi. YOzma nutqda esa bu xususiyatlarni ifoda etuvchi boshqa belgilar mavjud. Unda imloviy va punktuatsion normalar muhim rol o‘ynaydi.

YOzma nutq, avvalo, u manba. Xohlagan paytda uni qayta o‘qish, tuzatish, boshqa so‘z va so‘z birikmalari bilan almashtirish mumkin. YOzma nutq namunasidagi maqsadni to‘la anglash uchun imlo hamda tinish belgilarining xususiyatlarini o‘quvchi ham yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishi lozim. Aks holda, matn zavqu shavqidan bebahra qolinadi.

Nutqni yozma ravishda bayon etish qadimdan qo‘llanib kelingan. Munshiylar, kotiblar va allomalar bu san’atni yuqori darajaga ko‘targanlar. YOzma va og‘zaki nutqning jilosi tafakkur mashqlaridir. SHu haqda so‘z yuritib, professor Nusratillo Jumaev yozadi: «yozma nutq bilan shug‘ullanmagan notiq nutqining rivoji sust, sayqal topishi qiyin kechadi. Uning so‘z boyligi, ifoda imkoniyatlari cheklangan bo‘ladi ».

Og‘zaki va yozma nutqning o‘zaro bog‘liqligi ularning shakllanish jarayonidagina emas, balki taraqqiy etishida, sayqal topishida muhim ham muqimdir. Davraga chiquvchi notiq demoqchi bo‘lgan maqsadini to‘la bo‘lmasa-da, xomaki tarhini qog‘ozga tushirib rejalashtiradi. Nimadan nimaga o‘tish, qancha to‘xtalish, nimalarni aytish yoki aytmaslik haqidagi chizgilar notiq so‘zlayotgan paytda ham uning ko‘z oldida xuddi qog‘ozdagidek xayoliy suvrati namoyon bo‘lib turadi. Aks holda, nutq me’yori buzilib, vaqt cho‘zilib ketishi, auditoriya yaxshi qabul etmasligi mumkin. Qo‘pol aytganda, notiq o‘zining fikr tizginini jilovlay olmasdan talmovsirab qolishi mumkin. YUqorida keltirilgan iqtibosning davomida xuddi shunday ibratomuz fikrlarni o‘qiymiz: «Notiqning fikru o‘ylari, qalb kechinmalari yozma nutq jarayonida rosa ishlanadi, pishib mumtoz darajaga etadi. So‘ng og‘zaki nutqda jamol ko‘rsatadi. Og‘zaki nutq ham ijod jarayoni. Unda inson favqulodda noyob fikr, g‘oyalarni, badiiy ifodalarni kashf etadi. Ularni so‘zlab yurib, pishitib sayqal toptiradi va qiyomini quyma qilib yozma nutqida terib yozadi».

Og‘zaki nutqning qator vazifaviy ko‘rinishlari mavjudki, ular kezi kelganda, yozma nutqqa jilo beradi. Uning ta’sirchanligini oshiradi. Kundalik so‘zlashuv nutqi, lektorlar nutqi, radio va televidenie nutqi, sahna nutqi bularning har biri alohida tadqiqni talab etadi.

Ko‘z, quloq, miya, yurak bu ko‘rish, eshitish, anglash, his etish demakdir. Ularning ro‘yobi til, nutq orqali ikkinchi vujudga, tom ma’noda aytadigan bo‘lsak, ommaga etib boradi. Biz bir-birimizga fikrimizni, tushunchalarimizni nutq orqali etkazib anglatamiz. Ularda tasdiq yoki inkor ma’nosida fikr uyg‘otamiz. SHuning uchun ham allomalar nazdida tilga e’tibor alohida ahamiyat kasb etgan. Hadisi shariflardan birida “so‘zda sehr, she’rda hikmat bor” deyilishi bejiz emas. So‘zning sehrini bilish uchun unga mehr qo‘yish zaruriyatini ham yoddan chiqazmaslik zarur.

Kishilik jamiyati paydo bo‘libdiki, so‘z va nutqdan foydalanish, uning imkoniyatlari doirasida fikr etkazish va qabul qilishning turli usullari shakllangan. Notiqlik, voizlik, ritorika, oratorlik, krasnorechie, xatoba ana shunday san’atdir. Ushbu san’atlar har bir davrda o‘sha zamonning mafkurasiga xizmat qilib kelgan. Turli “izm-izm”lar, har xil mafkuraviy oqimlar undan ustalik bilan foydalanishgan. SHu ma’noda, notiqlikni dudama xanjarga o‘xshatishadi. YA’ni, u ikki tomoni ham kesuvchi quroldir. Bir tomonida adolat tursa, ikkinchi tomonida adovat. Kim undan qanday foydalanishiga bog‘liq. Demak, voiz va voizlik san’atining sir-asrorlari va mohiyatini chukur bilish kerak. Voiz o‘zi ham so‘zi joiz bo‘lishi uchun chuqur bilim va malakaga, etuk dunyoqarash va saviyaga ega bo‘lishi kerak. Toki, uning har bir so‘zi xalq farovonligi, yurt tinchligi, vatan ravnaqiga xizmat qilsin.

Hozirgi zamonda xalq qalbi va onggi uchun kurash ketayotgan paytda turli xil usullar bilan o‘z manfaatlarini ifoda etuvchi g‘ayri kuchlar paydo bo‘laveradi. Bularga qarshi chuqur bilim va ma’rifat bilan javob bera olish, voizlik mahorati orqali fikr etkazish san’atini egallash lozim. “Mafkura poligonlari yadro poligonlariga nisbatan katta kuchga ega” ekanligi “YUksak ma’naviyat — engilmas kuch” asarida ta’kidlanishi bejiz emas. Mafkura, g‘oya birligi ham so‘z bilan.  So‘z g‘oya bayrog‘i, mafkura mayog‘i, xulq qaymog‘i, nutq aymog‘idir.

Qanday yosh va qanday kasbda bo‘lishdan qat’iy nazar, har birimiz kishilar bilan nutqiy munosabatda bo‘lamiz – so‘zlaymiz, tinglaymiz, fikrlashamiz. Har kimning o‘z didi, saviyasi, dunyoqarashi, sajiyasi, fe’l-atvori, ko‘rinishi, kiyinishi bo‘lganidek, uning ovozi, so‘zlashish uslubi, til va nutqiy madaniyatni egallash darajasi ham o‘ziga xos.

«O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar»- degan naql bor. Kishining fahm-farosati va saviyasi ikki og‘iz so‘zidayoq namoyon bo‘ladi. Kishi fikrining aniq, samimiy va ta’sirli etib borishi so‘zlovchining  til va uning harakatdagi ifodasi bo‘lgan nutq qoidalarini qanchalik bilishi va amal qilishiga bog‘liq. SHunday ekan, nutqning aniqligi-tafakkurning tiniqligiga daxldor bo‘lsa, talaffuzning aniqligi-nutqning tiniqligiga bog‘liqdir. Notiq nutqining mantiqiy qudrati, ta’sir kuchi, jozibasi ham, aslida shu bilan. Notiq nutqi, voiz va’zi har bir davrlarda, har bir makonlarda joiz bo‘lgani haq.

Demak, nutqiy mahoratni egallashga intilish nutq odobi, aniqrog‘i, til va nutq vositalarini puxta bilishni taqozo etadi. Nazariy ma’lumotlar amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashmas ekan, bunga erishish mushkul.

Har qanday so‘zning xosiyati nutqning mohiyati bilan aloqadorgina emas, balki mantiqiy tafakkur mezoni hamdir. Nutq, notiq, mantiq, notiqlik atamalarining bir o‘zakdan yasalgani ham bu til birliklarining o‘zaro uzviy bog‘liqlikda namoyon bo‘lishini anglatadi. Biri birisiz ro‘yobga chiqmasligini, biri ikkinchisini taqozo etishini bildiradi.

Nutqiy mahoratning ikki omili bor. Biri nutq xususiyatlarini bilish bo‘lsa, ikkinchisi nutq texnikasini egallashdir. Nutqning to‘g‘riligi, aniqligi, mantiqiyligi, sofligi, boyligi, ifodaviyligi, ta’sirliligi, jo‘yaliligi, maqsadga muvofiqliligi uning xususiyatlarini tashkil etsa, og‘zaki nutqdagi ovoz, diksiya, pauza, urg‘u, ohang, intonatsiya, yozma nutqdagi tinish belgilari silsilasi nutqiy texnikadir.

Fikrlash texnikangiz kuchli, ammo ovozingiz past, ta’sirsiz bo‘lsa, yoki aksincha o‘ktam ovoz, o‘tkir nafasga ega bo‘la turib tafakkuringiz bo‘lmasa, bari behuda. Har ikkalasi omixta bo‘lishi maqsadga muvofiq. Tinglovchi e’tiborini, dastavval, notiqning ko‘rinishi, so‘ngra uning ovozi tortadi. Ovoz o‘qituvchining ham, notiqning ham birinchi quroli. SHuning uchun ham italyan aktyorlari Tomazzo Salvinidan «Aktyor uchun nima birlamchi?» — deb so‘raganlarida, u «birinchidan ovoz, ikkinchidan ovoz, uchinchidan ovoz, to‘rtinchidan boshqa narsalar»— deb javob bergani bejiz emas.

Bu mulohazalar targ‘ibot va tashviqot ishlarida ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchilariga mas’uliyat va ogohlik, hushyorlik va sergaklik yuklaydi. SHuning uchun ham Navoiy hazratlari “Va’z bir murshid va ogoh ishidur va aning nasihatin qabul etgan maqbul kishidir” deyishlari bejiz emas. Notiqlik, avvalombor, ishontirish san’ati. Uning uchun dalillarga boy asoslangan ta’sirli nutq zarur.  YAkka yoki jamoa bilan muloqot jarayonida muomala madaniyatiga amal qiluvchilar ushbu qoidalarni bilishi foydadan xoli emas.

Targ‘ibot ishlari samarasi kamaygan joyda turli xil anglashilmovchilik va nizolar paydo bo‘lishi aniq. SHu o‘rinda ahli donishlardan birining “bir kun so‘z to‘xtasa, ertasiga zambarak, to‘plar ishga tushadi” — degan fikrini eslash kifoya. Har qanday mafkura omma ongiga to‘g‘ri  singdirilgandagina, u qudratli kuch kasb etadi.

SHunday suhbatdoshlar bo‘ladiki, ular so‘zga chechanligi, so‘zining ta’siri kuchi, aniqrog‘i so‘zni topib, tanlab, kishi ruhiyatiga bog‘lab, eshituvchini ko‘rinmas iplar bilan bog‘lash xususiyatiga ega. Illyuzion o‘yinlar ko‘rsatuvchi sehrgarning harakatiga, manipulyasion mashqlariga qarab, hayratdan yoqa ushlaymiz. Biz eplay olmaydigan harakatlarni qilib har xil usulda fokuslar ko‘rsatadi. U shu yo‘l bilan ko‘zimizni bog‘laydi, tomosha ko‘rsatadi. SHuning uchun ham u ko‘z boyloqchidir. Notiq esa so‘z boyloqchi. U so‘z sehgari. Fokuschi oddiy tomosha bilan ko‘zni bog‘lasa, voiz ta’sirchan so‘zi bilan miyani bog‘laydi. So‘z magiyasi, uning ta’sir kuchi va doirasiga e’tibor kuchli bo‘lmas ekan, Milliy g‘oya mohiyatini etkazish, targ‘ib etishda ojiz qolaveramiz.  So‘z va nutq yaxshining ham, yomonning ham qo‘lida qurol. Go‘yo qalam va pichoqning mohiyatiga o‘xshaydi. Qalam bilan birovga sog‘inchlik salom xati yozish ham, birovning ustidan yozish ham mumkin. Pichoq bilan sabzi, piyoz to‘g‘rash, kartoshka archish singari ro‘zg‘or yumushlarida foydalanish ham hatto, odamzot joniga qasd qilish ham mumkin. Kim undan qanday niyatda foydalansa, unga xizmat qilaveradi. SHuning uchun ham voizlik dudama, ya’ni ikki damli xanjarga o‘xshaydi. Ikki tomoni ham kesadi. Bir tomonida adolat bo‘lsa, ikkinchi yonida adovat. Qaysi tomoni bilan kesish kesuvchining niyatiga bog‘liq. Nutq ta’sirchanligi haqida so‘z ketganda, shuni aytish kerakki, nimaga odob-axloqqa yo‘g‘rilgan amri ma’rufni berilib tinglaymizu, o‘quv yurtlaridagi auditoriyada ba’zi o‘qituvchilarning ma’ruzasini eshitish o‘rniga mizg‘ib o‘tiramiz. Demak, siyqasi chiqqan so‘z, nomigagina o‘qilayotgan, hayot va zamon bilan onqadar bog‘lanmagan nutq kishini bezdirishi tayin.

Har yili muntazam ravishda Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazining tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan  “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” Respublika ko‘rik-tanlovi ham mohiyat e’tibori bilan ahamiyatlidir. Tanlovda Qoraqalpog‘iston respublikasi, Toshkent shahri  va respublikamiz viloyatlaridan saralangan ma’naviyat targ‘ibotchilari ishtirok etishadi. Ular o‘z chiqishlarida nutqining ta’sirchan, mazmunli va jozibador chiqishi uchun  audio va video texnik vositalaridan, turli ko‘rgazma qurollardan foydalanishlari maqsadga muvofiq bo‘lmoqda. Ular ko‘targan mavzular dolzarbligi bilan ajralib turdi. Asr vabosi deya e’tirof etilgan giyohvandlik, diniy ekstremizm va odam savdosiga qarshi mavzularda o‘z mulohazalarini etkazish usullari targ‘ibotchilarda yildan-yilga shakllanib borayotganligi kishini quvontiradi. Kimki mavzuni chuqur va atroflicha bilib o‘rgangan bo‘lsa, uning nutqi ravon bo‘lishi tabiiy. Mavzuga daxldor ma’lumotlarni to‘plash, dalil va asoslarni yig‘ish hamda ularning ta’sirchanligiga e’tibor qilish targ‘ibotchilarning diqqat markazida bo‘ladi.

Toshkent viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining pedagoglar jamoasi xuddi shu xususiyatlarni nazarda tutgan holda, kitob nutq va fikr manbai ekanligini, fikrni  emas, fikrlashni o‘rganish va o‘rgatish muhimligini o‘quv jarayonida pedagog tinglovchilarga qayta-qayta uqtirishlari, o‘qituvchi va o‘quvchining muloqot va muomala madaniyati ta’lim-tarbiya ta’sirchanligi va samarasining  muhim omili ekanligini e’tirof etishlari e’tiborga molikdir.

Muomala madaniyati, notiqlik san’ati bu tilshunoslik fani ob’ekti emas, u mantiq, ruhiyatshunoslik, etika, estetika, falsafa, tafakkur, siyosatshunoslik, jamiyatshunoslik ilmi hamdir. SHunday ekan, masala mohiyatini teran anglagan holda, tajribali voizlarni jamlab muomala madaniyatini, notiqlik san’atini o‘rgatishga qaratilgan maxsus o‘quv muassasalarini tashkil etish davr talabidir.

Rim notig‘i Mark Tuliy Sitseron “Qalb harorati bilan sug‘orilmagan ehtirossiz nutq hech narsaga yaramaydi.” deydi. To‘g‘ri, tinglovchiga aytilgan hissiz kalom go‘yoki, tuzsiz taom edirgandek gap. SHunga monand holda, ma’naviyat va ma’rifatning fidoyi, tolmas targ‘ibotchisi iqtidorli shoira, voiza Tursunoy Sodiqovaning fikrlariga e’tibor bering: “Voizning yuragi bulbulzor, bo‘g‘zida ohang qaynaydi. Voizning nutqi yuraklarni erituvchi bir qo‘shiqday: Avjlari titroqli, so‘zlari kamalak rangli, ovoz pardalari qochirimlarga boy bo‘lishi kerak. Voiz daftarga to‘plangan hujjatlar, kitoblardan ko‘chirilgan iqtiboslar yordamida mavzu yoritib boruvchi notiq emas, minbarda muolaja olib borayotgan tabibdir”.

Bu mulohazalar zamirida ta’lim-tarbiyaning ta’sirchanligiga taalluqli talablar taraqqiyotimiz tarzi ekaniga da’vat bor. Targ‘ibot va tashviqotning ta’sirli kuchisiz maqsad to‘la anglashilmasligi ayon.

Muloqot vositasi sifatida kommunikatsiya nutqiy (og‘zaki va yozma), paralingvistik (tovush ohangi, gap tezligi, ovoz tembri), kinetik (xatti-harakat, mimika, harakatning boshqa shakllari) va narsa belgili (haykal, rasmlar) vositalar tarzida amalga oshirilgan. Har davrning o‘z g‘oyalari va shakllari bo‘ladi. Inson kamolotida diniy va dunyoviy  ta’limotning o‘z ta’siri bo‘lar ekan,  voizlik ham yangicha ko‘rinishda yashashga haqli.  Muomala madaniyati esa uning uzviy bir bo‘lagidir. Ma’naviyatli, ma’rifatli jamiyat o‘lmas g‘oya  va shakllardan foydalanib kelganligi haq.

Jamoa bilan olib boriladigan muomala ijtimoiy mohiyatga ega bo‘lishini nazarda tutish o‘rinlidir. Bayram tadbirlari, ijodiy kecha, konsert dasturlari yoxud to‘y marosimlaridagi boshlovchilik ham ma’naviyat targ‘ibotchisi sifatida jamoa bilan muomala madaniyatini namoyon etuvchi ko‘zgudir. Buning o‘ziga xos talablarini bilmaslik muomala jarayonida oqsash, nutqiy nuqson, noqulay vaziyatlarga sabab bo‘ladi.

To‘g‘ri, ma’naviyat targ‘ibotchisi uyda ham, to‘yda ham, ko‘cha-ko‘yda ham ma’rifat tarqatadi. SHunday ekan, har bir davraning tosh-tarozisi, talabi bor. Didli boshlovchi buni his etgan holda ish tutadi. To‘y davrasini olib boruvchilar so‘zga chechan, vaziyatga mos va xos so‘z aytadigan bo‘lishi kerak. To‘tiqushga o‘xshab u er, bu erdan yod olgan so‘zlarini takrorlayveruvchi bo‘lmasligi kerak. Ular turli hududlarda, turlicha nomlar bilan yuritiladi: davraboshi, davra raisi, o‘rtakash, boshlovchi, tamada, boshqaruvchi va hokazo.

To‘y davrasini boshqarish aslida, g‘oyat murakkab. Uni mohir so‘z ustalari ham ba’zan eplasha olmaydi. Hatto, yuqoridagi talablarga ega bo‘lgan suz ustalari ham talmovsirab qolishadi. CHunki, to‘yda har xil tabiatli, turli kayfiyatdagi mehmonlar bo‘lishadi. Har birining ko‘ngliga yo‘l topish, so‘zni o‘tkazish, fikrni etkazish, yoqish mushkul. To‘y o‘rtasida, ayniqsa, yakunida davra boshqarish qiyin kechadi. CHunki shirakayf mexmonlar bilan yuzlashasiz, ularning ko‘ngliga malol kelmaydigan so‘zni topib aytishingiz kerak. Aks holda, sizni ranjitishlari tayin. Ba’zilari shirakayf bo‘lib, san’atkorlarga xiralik kilishi, san’atkorlar tili bilan aytganda, «egov bulishivga toqat kilishingiz kerak. Ko‘plab davralarni ko‘rgan, so‘z, nutq malakasiga ega bulgan so‘z ustalari to‘yning mazmunli va chiroyli o‘tishini ta’minlaydilar. Serso‘zlikdan qochib, ta’sirli, to‘yga mos va xos so‘zlarni topib ayta bilish davra raisiga sharaf keltiradi. Mehmonlarning kayfiyatini chorlash, to‘y egalari bilan ular orasidagi mehr  rishtalarini bog‘lash, umuman aytganda, to‘yda yokimli «iqlim» yarata olish ko‘p jihatdan boshlovchi mahoratiga bog‘liq. Noto‘g‘ri ishlatilgan bir so‘z bilan noqulay vaziyat tug‘dirib qolmasdan, kishi dilini ranjitish ham mumkin. SHoirlarning to‘rt-beshta she’rlarini yod olib, u to‘ydan bu to‘yga o‘tkazish, vaziyatga to‘g‘ri kelish-kelmasligiga qarab o‘qiyverish tutiqushning holatini eslatadi. Bir tuyda yaxshi qabul nilingan she’r yoki askiya ikkinchi to‘yga, umuman mos kelmasligi, davra qatnashchilari tomonidan yaxshi qabul qilinmasligi mumkin.

SHuning uchun ham davraboshi — boshlovchini butun boshli orkestrni yulga solib turuvchi dirijyorga o‘xshatishlari bejiz emas. Mehmonlarning kasbi, yoshi, jinsi bilan qiziqmasdan kuldiraman deb, bachkana qiliqlar qilish, har xil so‘zlar aytish o‘rinsizdir. Bu bilan olqish olib bo‘lmaydi. Ommaning nazari bir zumda hazarga aylanib qolishi hech gap emas. O‘rinsiz so‘z, xatti-harakat yoki qiliq, kishini xijolatlikka olib keladi. Davraboshi va san’atkorlar guruhini tanlash muhim. CHunki, farzand yoki biron yakinlaringiz bois o‘tkazilayotgan orzu-umid to‘yini chiroyli o‘tishi, mehmonlar ko‘ngli shod bo‘lib qaytishi sizning asosiy niyatingizdir. Aqiqa, beshik, sunnat, farz, yubiley kabi to‘y marosimlarining har biri o‘ziga xos. Davraboshilar ularning xususiyatlarini yaxshi bilibgina qolmay, to‘y egalarining ahvoloti va maqomoti haqida ham to‘la ma’lumotga ega bo‘lsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Ko‘p hayotiy tajribaga ega bo‘lmasdan, o‘zi yosh bo‘la turib otasi qatori insonlar orasida nasihatomiz hikmatlarni aytish erish tuyulmaydimi? Davra ahliga va’z qiluvchi davraboshi ukalarimiz ustoz ko‘rib, maktab o‘tab sung jamoaga yuzlansalar chakki bo‘lmasdi. CHunki jamoada el qadri, yurtdoshlar izzati, urf-odat, xalq, millat, ulug‘ allomalar, avlod-ajdodlar haqida so‘z aytib, ularning munosib izdoshlari ekanimiz haqida fikr uyg‘otiladi. Ona yurt madhi, jannatmakon yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, nozu ne’matlar qadri borasida ta’sirli so‘zlar ayta olish davra fayzidir. SHunday ekan, to‘yda boshlovchilik qilish uchun ma’naviy huquq bo‘lishi kerak. To‘y tadbirlarini boshqaruvchi so‘z ustalariga yo‘l-yo‘riq, ta’lim beradigan, malakasini oshiradigan o‘quv-amaliy kurslar joriy etilishi zarur emasmikan. CHunki, ular qaysidir ma’noda hayotimizning, g‘oya va mafkuramizning targ‘ibotchilari hamdir.

YAkka shaxs yoki jamoa bilan muloqot o‘ziga xos muomala madaniyatini talab etsa-da, so‘zni o‘rinli qo‘llash, uning mazmun-mohiyatini bilish katta ahamiyatga egadir. Muomala jarayonida amal qilinishi zarur bo‘lgan so‘zga munosabat tarzidagi adiblarimizning asarlari bilan tanishish foydadan xoli emas. Tilda umumiylik, nutqda esa individuallik bor. Til va nutq munosabati masalasidagi bog‘liqlikni Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida obrazli tarzda ifodalagan. “til shuncha sharafi bilan nutqning qurolidir. Agar nutq noma’qul bo‘lib chiqsa, tilning ofatidir”.

Kaykovus “Qobusnoma”sida keltiriladi: “agar sendan so‘rasalar, so‘z senikimi, yo sen so‘znikimi, javob ayg‘il, so‘z meniki, men so‘zniki.” Bu o‘rinda tildagi so‘zlar xalqniki, agar siz uni o‘z nutqingizda qo‘llasangiz sizniki bo‘ladi. CHunki aytilgan so‘z otilgan o‘qdek etib borarkan, endi siz aytgan so‘zingizga mas’ulsiz. SHuning uchun ham shoir ta’kidlaganidek,

Ko‘kka etsa agar boshing so‘zingdan,

Ko‘zdan oqsa agar yoshing so‘zingdan,

YAxshilik ham, yomonlik ham so‘zingdan

Og‘u bo‘lsa ichar oshing so‘zingdan

Neki bo‘lsa, o‘zingdan ko‘r, o‘zingdan.

Demak, siz aytgan so‘zingiz tufayli yakka shaxs yoki jamoada qandaydir kayfiyat, o‘zingizga nisbatan munosabat uyg‘otasiz. Bu borada ehtiyotkorona harakat zarurligi ta’kidlanayapti. SHuning uchun ham aytilgan so‘z mis, aytilmagani oltin deyiladi. Mas’ullik aytgan so‘zingiz va qilgan ishingizga javobgarlik demakdir. Yirik mutafakkir shoir Abu Abdulloh Rudakiyning ushbu hikmatiga e’tibor bering:

Ko‘pincha so‘z aytib, bo‘ldim pushaymon,

Aytmagan so‘zimdan – doimo shodmon.

Etti o‘lchab bir kesishni biladiganlar, o‘ynab gapirsa ham o‘ylab gapiradiganlar bu borada oqsamasliklari aniq. Ma’lum bir vaziyatda, jahl otiga minib turgan bir damda o‘ylamay-netmay aytgan bir so‘zi uchun umr bo‘yi xijolat chekib yurganlarning ham guvohi bo‘lgansiz.  Birovning gapiga kirib munosabatlarni buzish, qarindoshlik rishtasini uzish, yuz ko‘rishmas bo‘lib ketish muomala madaniyatiga zid. O‘rinsiz xatti-harakat yoxud bir og‘iz aytilgan noo‘rin so‘z sabab dilxiraliklarga yo‘l qo‘yish xunuk illat. SHarqona odob-axloq me’yorlarini bilmaslik, rioya qilmaslik, uni buni bahona qilishlar aqli raso insonlarga yarashmasligi aniq. Muomala jarayonida ziddiyatlar avjga chiqqan paytda sukut va sabr eng to‘g‘ri yo‘l ekani adabiy manbalarda e’tirof etilgan. Rivoyatlardan birida kelitirilishicha, g‘azabnok bir kimsa “men haqimda falon odam unday debdi, bunday debdi, men hozir undan alamimni olaman, do‘pposlab xumorimdan chiqaman, uni haqorat qilishga qanday huquqi bor, deya yoshi ulug‘, so‘zi qutlug‘ bir donishmanddan so‘rabdi. Donishmand aytibdi:

  • YAxshisi, uyingga bor, damingni ol, sabr iymondandir, ertaga gaplashasan.
  • Nega, axir, temirni qizig‘ida bosgan yaxshimasmi?!
  • Sen temir emas, odamsan, bilmaysanmi, kiyimingga loy sachragan bo‘lsa, u qurigandan keyin yaxshiroq tozalanadi.

Tildan to‘g‘ri va aqlu idrok, fahmu farosat bilan foydalanilsa, muloqot ko‘ngildagidek kechadi. Qiziqqonlik bilan qilingan harakat esa maqsadga putur etkazadi. Turli muammolarni keltirib chiqaradi. Bular ayni paytda boshga kulfatlar olib kelishi mumkin. SHuning uchun ham bunga “til ofatlari” deyiladi.

Tildan keladigan ofatlar ko‘p va turli-tuman bo‘lib, ular qalbni sarxush qiladi. Odam tabiatida ham ularga moyillik bor. Mazkur ofatlardan qutulishning eng oson yo‘li jim turish orqali bo‘ladi. Bu juda katta fazilatdir. Jim turish himmatni jamlaydi va fikrni soflaydi.

Taniqli alloma Muhammad Zohid Qo‘tqu “Tilni tiyish – bu xoinlik, tuhmat, yolg‘on, g‘iybat, chaqimchilik, istehzo, birovni masxaralash, yolg‘on qasam ichishdan tiyilish kabi til vositasida bajariladigan behuda va yomon amallardan o‘zini saqlashdir” deb bejiz ta’kidlamagan.

Til ofatlari borasida so‘z ketganda, zarur bo‘lmagan, keraksiz, ortiqcha so‘zdan chetda turish muomala madaniyatining maqbul jihatlari sifatida tilga olinadi.

Hakim zotlarlarning biridan: «Seni bunchalik hikmatga nima etkazdi?» deb so‘ralganda, «Bilgan narsamni so‘ramayman, keraksiz narsani gapirmayman», deb javob berganligi ham shunga asosdir. Alisher Navoiy hikmatlaridan biri shunday: Sihhat tilasang kam e, izzat tilasang kam de. Kam gapirishning foydasi borasida ko‘plab naql va rivoyatlar bor.

Abu Sa’id rivoyat qilishicha, “Odam bolasi tong ottirsa, uning

a’zolarining barchasi tilga: «Bizning haqqimizda yaratgandan qo‘rq! Biz

senga bog‘liqmiz. To‘g‘ri bo‘lsang, to‘g‘rimiz. Egri bo‘lsang, egrimiz, der

ekanlar».

Bundan anglashiladiki, til kishining boshqa a’zolarini boshchisi va da’vatchisi hamda ularni etakchisi (yaxshilik yoki zalolatga) ekanligi bilinadi. “Mo‘minning tanasida tilchalik alloh sevgan parcha et yo‘q. Alloh mo‘minni tili tufayli jannatga olib boradi. Kofirning vujudida Allohga tilchalik yoqimsiz parcha et yo‘qdir. Alloh taolo kofirni tili tufayli do‘zaxga tashlaydi.” Xuddi shu hadis mazmunidagi bitikka monand Alisher Navoiy “Og‘ziga kelganni demoq nodonning ishi, oldiga qo‘yganni emoq hayvonning ishi” deya bejiz aytmagan. Gapi ko‘payganning xatosi ko‘payadi deyilishida ham mantiq yo‘q emas. Kaykovus so‘zning ikki tomoni, ya’ni yaxshi va yomon tomoni borligini ayta turib uni qo‘llashda yuksak did va go‘zal axloq bo‘lishini ta’kidlaydi. Odatda, ko‘pchilik ana shu so‘zlarni chalkash qo‘llash orqali e’tibordan e’tirozga sababchi bo‘ladilar. YOmon so‘z jondan imonga o‘tishi haqidagi ushbu bitikka e’tibor qilaylik. Aytishlaricha, Bahrom Go‘r bir daraxtning ostida o‘tirgan edi. Nogoh shoxlar orasidan bir qushning ovozi eshitildi. Bahrom o‘q bilan bemavrid “so‘zlovchi” bu qushning ishini tamom qildi. Qushning tani mix misol shoxlarga urildi va joni esa o‘q-yoyning issiq sixi bilan tilindi. U dedi: “Qush ham, inson ham o‘z tilini saqlasa omon bo‘larkan!”

Bayt: YAmon so‘zkim, kelib jong‘a urg‘ay,

Ki jondin o‘tib imong‘a urg‘ay.(Navoiy)

SHubhasizki, muomala madaniyati nozik tab’likni, sezgirlik va ziyraklikni talab etadi. Nutq odobi muomala madaniyatining tub mohiyatini ifoda qilish bilan birga kishining kimligini namoyon etuvchi oynadir. SHuning uchun ham so‘zlik o‘zlik uchun ko‘zgudir. Nutq odobiga ilmiy ta’rif beriladigan bo‘lsa, u etkazilishi kerak bo‘lgan ma’lumotlarni eshituvchiga bo‘lgan hurmat va samimiyatni saqlagan holda, dilini og‘ritmasdan, ya’ni ko‘ngliga tegmasdan adabiy normadagi ifodalar, iboralar bilan axloqiy me’yorlarga mos holda etkazishdir.

O‘zi guvoh bo‘lgan xunuk hodisani ikki kishi birovga etkazish zaruriyati bo‘lsa, ikki xil etkazadi. Buning uchun ular tilning ifoda imkoniyatlarini, adabiy me’yorlarini, nutqiy faoliyatni qay darajada egallaganligiga bog‘liqdir. Mudhish xabarni qanday tarzda aytish ham insonning nutq mahoratiga, odobiga bog‘liq. Tinglovchining ruhiy holatini kuzatish, uning kayfiyatiga moslash orqali etkazilgan xabar qanday bo‘lishidan qat’iy nazar tinglovchiga malol kelmaydi. Muloyim, yoqimli so‘zlash kishining saji’asi, ya’ni xarakteri, qanday temperament tiplariga daxldorligi bilan ham izohlanadi. YOshlikdan olingan ta’lim-tarbiya, kimlargadir ergashish, taqlid qilish yoki ta’sirlanish orqali nutq odobiga, muomala madaniyatiga erishiladi. Tilshunos olim T. Qudratov o‘quvchi uchun eng yaxshi namuna o‘qituvchi nutqidir, buni o‘qituvchi har doim his etib turishi, o‘z nutqida hech vaqt odob-axloq, nutq madaniyati normalaridan chiqmasligi lozim deb o‘rinli mulohazalarni ilgari suradi.(77-b).

SHunday ekan, ibratli insonlarga, mahoratlik voizlarga, etuk notiqlarga ergashish ijobiy va ijodiy ma’noda bo‘lishi o‘rinlidir. O‘quvchilarga berilayotgan ta’lim tarbiya qobig‘ida etkazilmas ekan, keyinchalik, olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin degan hikmatni takrorlashdan nariga o‘tilmaydi. Aks holda, Mahatma Gandining ushbu so‘zlari bejiz aytilmaganiga iqror bo‘lamiz. “So‘zlaringizga hushyor bo‘ling tushunchangizga aylanmasin, tushunchangizga hushyor bo‘ling xatti-harakatingizga aylanmasin, xatti-harakatingizga hushyor bo‘ling his-tuyg‘ularingizga aylanmasin, his-tuyg‘ularingizga hushyor bo‘ling, bahoyingizga aylanmasin, bahoyingizga hushyor bo‘ling fe’l-atvoringizga aylanmasin, fe’l-atvoringizga hushyor bo‘ling taqdiringizga aylanmasin”.

Uchrashuvdagi ikki holatga e’tibor qilaylik. Salomlashuv va xayrlashuv. SHuning o‘zidayoq, maqsad-muddao, nutqiy va xulqiy madaniyat namoyon bo‘ladi qoladi. “So‘z boshi – salom, ish boshi – intizom”. Bu maqolni hammamiz yaxshi bilamiz. Lekin, salomlashish odobini joyiga qo‘ya olamizmi? Salomlashish suhbatning debochasi, uni qanday davom etishiga omildir. Berilgan salom, olingan alik suhbatdosh o‘rtasidagi yaqinlikni bildiradi. U xolis, samimiy, hurmat nuqtai nazaridan bo‘lsa, albatta. Aks holda, salomiga yarasha alik bo‘ladi. Salomlashishning, salom berishning o‘ziga yarasha sharqona qonun-qoidalari bor. “Assalomu alaykum”(sizga sog‘lik tilayman), “valaykum assalom”(sizga ham sog‘lik tilayman) ma’nosida ilk uchrashuvdagi nigohlar to‘qnashuvi, qo‘llar bog‘lanishi yoki o‘ng qo‘lni ko‘krak ustiga qo‘yish bu hurmatning belgisi. Ba’zan shu so‘zning talaffuzida, (o‘zlari ma’nosini bilmagan holda, albatta) xorazmcha shevada erkalangansimon “sommakim” deyishadi. Bu o‘ta xunuk so‘z. Som arabcha o‘lim degani. Sizga o‘lim tilayman degan ma’noni beradi. Undan ko‘ra, qisqa qilib “salom” deyilgani durust.

Hozirgi paytda ko‘rishishning yangi bir “shakli” paydo bo‘lgani sir emas. Oldiniga yosh bolalarda shu odat bo‘lardi. YA’ni, qo‘chqorga o‘xshab bosh urishtirish. (Ushbu fikrlarni qog‘oz yuziga tushirayotgan muallif ham qaysidir do‘sti kelib bosh bilan ko‘rishganda, ilojsiz bosh urishtirgan.) Bu odatning ommalashib ketishini kim o‘ylabdi, deysiz.

Xayrlashishning ham bir necha ma’nodoshlari bor. “Ko‘rishguncha”, “hozircha xayr, omon bo‘ling”, “Uchrashgunga qadar, xayr”, “Salomatlikda ko‘rishaylik”, “Xayr, yaxshi qoling”, “Xayr, yaxshi boring”… va hokazo. Xoh yuzma-yuz bo‘lsin, xoh telefonda bo‘lsin deylik, sizning suhbatingizni tinglab o‘g‘il-qizingiz yoningizda turishgan bo‘lsa, salomlashish, so‘rashish va xayrlashish madaniyatini sizdan yuqtirishga harakat qilishi tabiiy. So‘z orasida “Mayli, poka”, “Bo‘pti, gaplashamiza”, “Xayr, do vstrecha”, “Mayli, xo‘pchik” degan g‘ayriadabiy so‘zlarni qo‘llasak, bu ham ommaviylashib ketmasligiga kim kafolat bera oladi. SHunday ekan, muomala madaniyatida oddiy, e’tiborsiz bo‘lib ko‘ringan narsa keyinchalik milliy-ma’naviy madaniyatimizga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazishi muqarrar. Navoiy hazratlari o‘z vaqtidayoq, “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz” — deya hushyorlikka chorlaganlar.

So‘zlarning o‘z ma’no doirasini bilmaslik, so‘zlashuv nutqi bilan adabiy nutq me’yorini farqlamaslik, aniqrog‘i, his etmaslik kishini g‘alati holatga solishi mumkin. Do‘stim bilan shinamgina kafega kirdik. Qahvaxona orasta, xizmat ham a’lo darajada edi. Tabassum qilib bir o‘spirin keldi. Ofitsiant ekan. Salom berib bo‘ldi-da, “birinchisiga nima buyurasizlar,” dedi. Biz aytdik, u yozib ola boshladi. Biroz kutib turgandan keyin “ikkinchisiga hech balo kerakmasmi?” dedi. Ofitsiantning bir og‘iz so‘zi do‘stimning tab’ini tirriq qildi, shekilli, “ketdik,” — deb o‘rnidan turdi. Ofitsiant yigitchaga “kafega balo eyish uchun kelishmaydi” deb tushuntirgan bo‘ldim. U yuz bor istihola qilib, hijolat chekib uzrlar so‘ray boshladi. Uzrini qabul qildim, keyin bilsam, “hech narsa” degan so‘zni sinonimi o‘rnida uyda ham shunday qo‘llashlarini aytib, qayta-qayta kechirim so‘rab qoldi. Madaniyatli inson o‘z aybini mardona tan olib kechirim so‘rashi ham xushmuomalalik belgisi, o‘z g‘ururini erga urish emas, balki odoblilik alomatidir. Biron qilingan ish uchun o‘z vaqtida minnatdorlikni bildirish ham har ikkala tomonning o‘zaro hurmat-ehtiromini bildiradi. “Barakalla”, “rahmat”, “qoyil”, “gap yo‘q, sizga”, “minnatdorman” degan so‘zlarni eshitib ko‘ring, sizga qay darajada ta’sir etib, ruhiyatingizga tetiklik, kayfiyatingizga ko‘tarinkilik baxsh etishini his etasiz.

To‘g‘ri va yolg‘on so‘zga munosabat ham muomala madaniyatida muhim o‘rin tutadi. Boshingga qilich kelsa ham to‘g‘ri gapir, to‘g‘ri so‘zning to‘qmog‘i bor, yaxshidur achchiq haqiqat, lek shirin yolg‘on yomon mazmunidagi rostgo‘ylikka da’vat etuvchi bitiklarni bilamiz. SHuningdek, yolg‘onning umri qisqa, yolg‘on yo farzandga urar, yo davlatga kabi aldoqchilikni inkor etuvchi naqllar ham bor.

To‘g‘ri, ba’zan to‘g‘ri so‘zni aytish ham o‘rinli bo‘lmaydigan holatlar bo‘ladi.  Buni aytmaslik, andisha va istihola qilish kabi sharqona odob qoidalarini inkor qilib bo‘lmaydi. Bu, albatta yaxshilikka, ezgulikka xizmat qilsa. Navoiy hikmatlaridan biri shunday: “Xiradmand chin so‘zdin o‘zga demas, lekin bari chin ham degulik emas” Mazmuni: Aqlli kishi to‘g‘ri gapdan boshqa narsa aytmaydi, lekin barcha to‘g‘ri gaplar ham har doim aytilavermaydi. Musnadi Ahmadda shunday keltiriladi: “Odam farzandiga barcha yolg‘onlar yoziladi. Illo, ikki bandani yarashtirib qo‘yish uchun so‘zlangan yolg‘on bundan mustasno.”

Ikkala bitikda to‘g‘ri va yolg‘on gapning aytilish o‘rni, holatini e’tiborga olmaslik adovat urug‘ini sochishga, nizo va nifoqning kuchayishiga xizmat qilishi mumkin degan aqida bor. SHarqona hayo, mulozamat, odob doirasida o‘ziga xos tavoze’ va iltifot borligini anglab olish qiyin emas.

SHarqona muomala madaniyati chin yoxud yolg‘on so‘zni qanday aytish bilan emas, balki, aytuvchi hamda tinglovchining yoshi va jinsi masalalariga ham e’tiborni qaratadi. Ota, ona, o‘g‘il, qizning va boshqa nasliy yaqinliklarning oilada o‘z o‘rni, o‘z so‘zi, o‘z xizmati, o‘z hurmati borligi e’tirof etiladi. SHarqona odob-axloq qoidasi so‘zlovchining foydasi ekanini bilishi, qaerda qanday yo‘l tutishiga, hayotda doimo o‘z o‘rnini topishiga xizmat qililini anglash foydadan xoli emas. Maqbul va manzur adibimiz Tohir Malik shunday yozadilar: “Foydasiz so‘z foydasiz dori kabidir. Boshqacharoq aytilsa – dorining ham, so‘zning ham ortiqchasi zararlidir. Sukut vaqtida sukut saqlashni, suhbat paytida so‘zlashni bilgan kishi baxtiyor insonlardan hisoblanadi. Ma’nosiz, poyma-poy so‘zlamoqdan ko‘ra, sukut qila bilish nodir fazilatdir. Zero, sukut lozim bo‘lganda, sukut saqlagan, suhbat lozim bo‘lganda, suhbatlashishni bilgan insonni buyuklar safiga qo‘sharlarki, vaqtida sukut saqlamak – oqil so‘zlamakning shartlaridan biridir.”

Ko‘ngil qulfi o‘ziga xosu mos ochqichni talab etarkan, uni tanlash topish va ochish esa kalit ushlagan, muloqotga kirishayotgan notiqning, targ‘ibotchining didi, farosati va uquviga bog‘liq. Suhbatdoshining qiziqishi bilan qiziqmagan notiqning qizig‘i yo‘q. Bu oddiy haqiqat, oddiy muomala, xolos. Deyl Karnegi “Men qaymoq solingan qulupnayni yaxshi ko‘raman, baliq esa chuvalchangni”- deydi va savol qo‘yadi:  “Baliq oviga borayapman nima olib borishim kerak?” Albatta, chuvalchangni-da. Muloyim xulqingiz, yoqimli nutqingiz, samimiy muloqotingiz bilan rom eta olmasangiz, siz o‘zingizga sadoqatli suhbatdoshni topa olmaysiz. Har qanday voiz o‘zi yoqimli, so‘zi yuqumli bo‘lmas ekan, muomala jarayonida yutqizib qo‘yishi tayin. Har qanday strategik maqsad taktika orqali amalga oshirilishini bilish zarur. Til kalit bo‘lsa, dil qulf, shunday ekan, har qanday qulfga har qanday kalit tushavermaydi. Tilingiz dilingizga, dilingiz didingizga mos bo‘lsagina marra sizniki.

Xulosa

Muomala madaniyati bilim va ma’rifatdan, axloqiy tarbiyadan, o‘tmish bobokalonlarimiz merosini yaxshi bilish va ma’naviy qadriyatlarimizga sadoqatdan kelib chiqar ekan, uning jamiyat madaniy-ma’rifiy taraqqiyotining, millat ma’naviy kamolotining muhim alomati ekaniga shubha yo‘q. SHuning uchun ham, mustaqilligimizning ilk kunlaridan boshlab, ma’naviy-ma’rifiy masalalarga, ta’limiy va tarbiyaviy sohalarga e’tiborning qaratilganidan buni anglash qiyin emas. Bu sohadagi islohotlarning barchasi, yurtimizning ertasi, xalqimizning istiqboli bo‘lguvchi yoshlarimizga bo‘lgan, aniqrog‘i, aqlan va jismonan sog‘lom, barkamol avlodga bo‘lgan mehr va muhabbatdan kelib chiqadi.

Respublikamizning “Davlat tili haqida”gi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlarida, “Kadrlar tayyorlash bo‘yicha milliy dasturi” va boshqa juda ko‘plab hujjatlarida yuqorida qayd qilingan masalalarga  alohida ahamiyat berilgan.

Muloqot, muomala tushunchalari bugungi kunda ijtimoiy siyoyosiy mohiyat kasb etishini hammamiz yaxshi idrok qilishimiz zarur.

Xalqaro maydonda mafkuraviy, g‘oyaviy va informatsion kurashlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab va tahlikali davrda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlarimizni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, yurtdoshlarimizning hayotga ongli munosabatini shakllantirish, yon-atrofda yuz berayotgan voqealarga daxldorlik hissini oshirish, mamlakatimiz mustaqilligi, tinch-osoyishta hayotimizga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan tajovuzlarga qarshi izchil kurash olib borish vazifasi ushbu sohadagi ishlarni qayta ko‘rib chiqib, takomillashtirishni, “jaholatga qarshi ma’rifat bilan” bahsga kirisha oladigan muloqot va muomala qila oladigan ritor va iqtidorli notiqlarni tayyorlashni talab etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’kidlaganidek, “…insoniyatning ko‘p ming yillik tajribasi shundan dalolat beradiki, dunyodagi zo‘ravon va tajovuzkor kuchlar qaysi bir xalq yoki mamlakatni o‘ziga tobe qilib, bo‘ysundirmoqchi, uning boyliklarini egallamoqchi bo‘lsa, avvalambor, uni qurolsizlantirishga, ya’ni eng buyuk boyligi bo‘lmish milliy qadriyatlari, tarixi va ma’naviyatidan judo qilishga urinadi”. (“YUksak ma’naviyat – engilmas kuch”, T.: 2008 yil)

Butun dunyoda targ‘ibot va tashviqot tizimi shiddat bilan rivojlanib, kuchayib bormoqda. Dunyoning eng chekka qismida sodir bo‘lgan voqea-hodisa bir zum o‘tmay istalgan mamlakatda paydo bo‘lib, o‘z ta’sir doirasini yaratmoqda. Barcha mamlakatlarda bo‘lgani kabi mustaqil O‘zbekistonning ham o‘z ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tizimi shakllanib, yanada takomillashib bormoqda. Mazkur soha rivojiga qaratilgan bir qancha farmon va qarorlar qabul qilindi. Ularning ma’naviy hayotimizdagi tarixiy ahamiyati haqida ko‘p gapirish mumkin.

Butun xalqni birlashtiradigan bayroq bo‘lmish mamlakatimizdagi ma’naviy targ‘ibot ishlari samaradorligining amaliy jihatlarini tadqiq etish hamda notiqlik san’ati tarixini va dolzarb muammolarini nazariy o‘rganishni  Prezident quyidagicha ta’riflaydi: – “Endigi eng dolzarb vazifamiz – bu jarayonlarning ilmiy-nazariy asoslarini, ularning yangi-yangi qirralarini mukammal ochib berish, o‘quvchilarimiz, talabalarimizga, keng jamoatchilikka sodda, lo‘nda qilib tushuntirib berish va ularni yangi hayot, zamon talablariga javob beradigan jamiyat qurilishining faol va jo‘shqin ishtirokchilariga aylantirishdan iborat”.

Jamiyat qurilishining faol va jo‘shqin ishtirokchilari milliy g‘oyamiz himoyachisi bo‘lishlari uchun til, so‘z, nutq masalalariga ularning e’tibori yanada yuqori bo‘lishi doim ta’kidlanadi. Targ‘ibot, tashviqot, muloqot, muomala tushunchalari o‘zaro uzviy bog‘lanib ketgan. Ularning barchasi zamirida so‘z turadi. Mavlono Rumiy:”So‘z – haqiqatning soyasi va parchasidir. Modomiki, soya o‘ziga tortar ekan, u holda haqiqat yanada yaxshiroq jazb etadi. So‘z – bahonadir. Bir insonni boshqa bir insonga tortgan narsa so‘z emas, balki ikkalovida mavjud bo‘lgan ruhiy birlikdan bir parchadir”, – deya e’tirof etadi.

Bu ruhiy birlik, qalblar yaqinligi, maqsadlar mushtarakligi demakdir. CHunki, ahillik, o‘zaro birlik, muayyan maqsad sari og‘ishmay sobitqadamlik bilan ildamlashgina Mustaqil vatanimizni yanada yuksak qoyalar va ulug‘ g‘oyalar sari etaklaydi. SHoirmiz haqli e’tirof etganidek,

Maqsad bir bo‘lmasa jam bo‘lmagaymiz,

Jam bo‘lsak, boshimiz xam bo‘lmagaymiz,

Vatan bir, g‘oya bir do‘stmiz, birodar,

Dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagaymiz.

Muloqotlar mezoni, muomala mohiyati bo‘lgan xulqiy va nutqiy madaniyatimiz   hamisha g‘oya bayrog‘i, mafkura mayog‘iga bog‘langan ijtimoiy birlikdir.

 

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.