9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Muqallidlik san’ati

notiq.uz > IJODIYOT  > Muqallidlik san’ati

Muqallidlik san’ati

San’at turlari va shakllarining rivoji dialektik jarayon bo‘lib, ular davrlar o‘tishi bilan o‘ziga xoslik kasb etib, rivojlanib boradi. O‘zbek milliy san’ati tarixida ham xilma-xil janrlar bo‘lganligi ma’lum. Ulardan ba’zilari unutilib ketgan, ayrimlari davr hamda ijtimoiy sharoit taqozosiga ko‘ra, o‘z rivojini to‘xtatgan yoxud tor doirada saqlanib qolgan. Bunga ommaviy qo‘shiqchilik, bir paytlar mashhur va maqbul bo‘lgan qissaxonlik, qissago‘ylik san’atlarining tarixiy taqdirini misol qilib ko‘rsatish mumkin.

Mavzuimizga asos bo‘layotgan – muqallidlik ham ana shunday san’at turlaridan biri bo‘lib, u o‘ziga xos tarixga va an’anaga ega. “Farhangi zaboni tojik” (M.1969, 793- bet) kitobida yozilishicha, “muqallid” arabcha so‘z bo‘lib, kishilarning qiliq va so‘zlariga taqlid va payrav qiluvchi demakdir. Ushbu san’atning mohiyati ham so‘z zamiridagi ana shu ma’noda aks etadi.

Muqallidlik, dastavval, kishining o‘z xatti-harakati va imo ishoralarini tabiat va jamiyatdagi narsa-hodisalarga o‘xshatishdan, moslashtirishdan boshlangan. Keyinchalik bu hunarning ustomonlari chiqib, uni tom ma’noda san’at darajasiga ko‘tarishgan. SHu tariqa u tomosha san’atlaridan biri sifatida xalq orasiga keng yoyilgan va san’atning boshqa turlarining shakllanishida muhim omil bo‘lib xizmat qilgan. Bu fikrda hech qanday mubolag‘a yo‘q, zotan har qanday san’atning ibtidosida, tarixiy zamirida tabiatga taqlid yotadi. Xususan, teatr san’atini, qo‘g‘irchoq teatri san’atini busiz tasavvur etish mushkul.

Demak, muqallidlik uzoq asrlar mobaynida xalq orasida yashab, uning ma’naviyatidan oziqlangan. Mashhur muarrix, tazkiranavis Zayniddin Vosifiyning “Badoe ul-vaqoe” asarida qiziq hikoya keltiriladi. U Alisher Navoiy bilan hamsuhbat bo‘lgan kishilarning xislat-fazilatlari, jamiyatda tutgan mavqei va kasb-hunarlari haqida to‘xtalib, shunday hikoya qiladi: Ertalab bog‘ o‘rtasidagi chortoqda dam olayotgan Navoiy huzuriga hofiz G‘iyosiddin Dehdor degan bir kishi kirib keladi. Navoiy undan kimligini so‘raganida, u o‘zining hofiz, qissaxon, tolibi ilm, tabbox (oshpaz) ekanligini ayta turib, shunday qo‘shimcha qiladi: “YAna muqalliddurman! Hamma biladi, bu ishda menga teng keladigani yo‘q”. SHundan so‘ng Navoiy mulozimlarini chaqirib hofiz Giyosiddindan o‘z hunarini namoyish qilishini so‘raydi. Vosifiy uning muqallidligini shunday tasvirlaydi: “Bog‘bon bilan uning g‘ulomi shu erda turishgan edi. Ularning taqlidini qilib hammani kuldirdi, ba’zilarga shunday ta’sir qildiki, kulaverib yumalab qoldilar…”. Demak, bundan shu narsa ravshan bo‘layaptiki, muqallidlik 15-17-asrlardayoq, o‘ziga xos san’at sifatida xalq orasida yashagan. Keyinchalik, masxarabozlik va qo‘g‘irchoqbozlik kabi san’atlarga singib ketgan deyish mumkin. Ayrim tarixiy manbalarda o‘sha davrda hofiz Dehdordan tashqari G‘iyosiddin Muhammad, Abdulla Devona kabi muqallidlar ham o‘tganligi qayd etiladi.

Hayvonlar tovushiga o‘xshatish, qush bo‘lib sayrash, chigirtka va qurbaqalar ovozini berish, ular harakatiga xos qiliqlarni aynan takrorlash kabilar insonning boy tajribasi, tabiat va jamiyat hodisalarini sinchiklab kuzatishi asosida yuzaga kelgan. O‘tmishda bu san’atning g‘oyaviy-estetik funksiyasidan ko‘ra, moddiy zaruriyat va ehtiyoj tomoni ancha ustunlik qilgan. CHunki ibtidoiy odamlar har xil hayvonlarni ovlash maqsadida ular harakati va tovushiga muvofiq ishlarni qilishi zarur bo‘lgan. Ayrim cholg‘uvchilar skripka, nay, sato orqali turli parranda va darrandalarning tovushiga mos holatni ham qo‘llashadiki, bu ham muqallidlikning bir ko‘rinishi deyishimiz mumkin.

Muqallidlikning asosida kulgi-taqlid yo‘li bilan kuldirish turadi. Bu shunchaki kulgi emas, balki o‘tmishda jamiyatdagi turli mansab vakillarining xulq atvorlari, xatti-harakatlari, deyish mumkinki, kirdikorlari, ustidan kulishdir. SHu ma’noda u tizimning ijtimoiy asoslariga munosabat hamdir. Bu esa o‘tmishda muqallidlikning boshqa san’at turlari singari ma’naviy hamda sinfiy kurash quroli funksiyasini o‘taganligini ko‘rsatadi.

Muqallidlikning ayrim izlari iste’dodli adib Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida ham aks ettirilgan. Asardagi xalq tomoshasi epizodini eslang. Qo‘g‘irchoq teatrining tipik namunasi sifatida unda Musulmonqul Xudoyorxonning qiyofasi ishlangan qo‘g‘irchoq maketi xalqqa ko‘rsatiladi. Parda orqasida ularning ovoziga taqlid qilishadi. SHu yo‘l bilan xon, uning amaldorlari yurgizayotgan siyosatdan, ularning qilmishlaridan o‘z noroziliklarini ifodalashadi. SHuningdek, asardagi o‘sha tasvir orqali xalqning xonlik tuzumi va rejimiga bo‘lgan keskin nafrati ufurib turishini his qilamiz.

Ulardan tashqari, 19-asrning ikkinchi yarmida To‘la masxara, Muzrob masxara, Odil do‘ppiyoza, Rizo buyuk kabi masxaraboz va qiziqchilar muqallid janrida katta yutuqlarga erishganlari ma’lum. O‘tgan asr boshlarida Xorazm masxarobozlaridan Matchon Baqay, Bobosari, Hayitboy masxarabozlar bu janrni muvaffaqiyat bilan rivojlantirishgan.

Ammo 30-yillarga kelib muqallidlik san’ati o‘zining ijtimoiy funksiyasini yo‘qotgan. U ommaviy san’at turi bo‘lmasdan, tor doirada, ziyofat va ayrim yig‘inlardagina saqlanib qolgan.

Ijtimoiy voqeligimiz muqallidlikning alohida bir san’at turi sifatida yashashga haqli ekanligini ko‘rsatmoqda. Fikrimizning isboti uchun o‘tkazib turiladigan oilaviy hamda folklor-etnografik xalq ansambllarining chiqishlarini misol qilib ko‘rsatish mumkin.

Mazkur san’atning taqlid ob’ektiga qarab ham xilma-xil turlari mavjudligini ko‘ramiz. Bular tabiat hodisalariga, insonlarga, hayvon va parrandalarga taqlid turlaridir. SHu o‘rinda “Orazibon” folklor-etnografik xalq ansamblining a’zolaridan biri YAxshim ota Ashurov ijrochilik faoliyatini eslab o‘tish joizdir. U ansamblda qo‘shiq aytish bilan birga muqallid sifatida chaqaloqning yig‘isi, parovoz tovushlariga taqlid qilib ko‘pchilikningb olqishiga sazovor bo‘lgan.

Tabiat hodisalariga taqlid turiga, asosan, momaqaldiroqning gumburlashi, yomg‘ir yog‘ishi, kuchli shamolning esishi natijasida chiqadigan shovqinga, bo‘ron, dovulga taqlid qilishlar kiradi. Boshqa taqlid turlari esa, o‘z navbatida, yana ikki turga bo‘linadi. Birinchisi tovushga taqlid, ikkinchisi holatga taqlid.

Inson qiyofasi, xatti-harakati, ovoziga taqlid esa muqallidlik san’atining eng yuksagi va mas’ulyatlisidir.

Muqallidlik san’atining bu turi etik va estetik talablar doirasida ijro etilishi lozim bo‘lib, u ayrim shartlardan ham mustasno emas.

Birinchidan, bunda taqlid ob’ektiga olingan shaxs ko‘pchilikka ma’lum yoxud mashhur shaxs bo‘lishi kerak. Aks holda, bu san’atning mohiyati va maqsadi ro‘yobga chiqmaydi – muqallidning, ya’ni taqlid qiluvchining ijrosi ko‘ngildagidek bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, bu san’atning zamirida taqlid obektidagi shaxsni kalaka qilish yoxud masxaralash emas, balki o‘zaro hurmat va o‘rtoqlarcha hazil yotishi kerak. SHuni ham qayd etish zarurki, o‘tmishda ijtimoiy sharoit va tarixiy vaziyat talabi nuqtai nazaridan bu san’atning mohiyati boshqacharoq, keskin tus olganligi bejiz emas.

Inson ovoziga, xatti-harakatiga va imo-ishorasiga taqlid qilish kishi ma’naviyatining ham belgisidir. Ayrim to‘y va ma’rakalarda ma’lum shaxslarning ovozi yoki qiyofasiga taqlid qilishda ba’zi bir noxushliklarga yo‘l qo‘yish kabi holatlar quloqqa chalinib turadi. SHuning uchun ham taqlid qilish iqtidoriga ega bo‘lgan shaxs, avvalo, muqallidlik san’atining o‘ziga xos nozik jihatlarini, etik va estetik normalarini yaxshi bilgan bo‘lishi lozim. Bu san’atning hozirda ko‘p uchraydigan hammaga ma’lum va maqbul bo‘lgan turi taniqli, mashhur aktyor yoki xonanda ovoziga taqlid qilishdir. Albatta, hamma san’atkorlar ham taqlid obekti bo‘lolmaydi. Buning uchun u o‘z ovozi va uslubiga, ijro mahorati va manerasiga  ega bo‘lgan talantli san’atkor bo‘lishi lozim. SHundagina muqallidlik bu turi taqlid obektidagi shaxsning qobiliyatiga, san’atkorlik iste’dodiga tan berish ifodasi bo‘la oladi.

Ovozidagi o‘ziga xoslik, ajralib turuvchi jihatlari bor bo‘lgan san’atkorlargagina taqlid qilishadi. SHu ma’noda, ayrim qiziqchilar mashhur san’atkorlarimizdan Zikir Muhammadjonov, Hamza Umarov, Olim Xo‘jaev, Abror Hidoyatov, Abbos Bakirov, SHukur Burhonov, Soyib Xo‘jaev, Ergash Karimov, Qodir Maqsumov, Mirzohid Rahimov, Turg‘un Azizov, Erkin Komilov, Tesha Mo‘minov kabi iste’dod sohiblarigagina taqlid qila olishadi.

Muqallidlik san’atining ayrim ko‘rinishlarini, hattoki, yozma adabiyotda ham uchratish mumkin. Bunda ham taniqli olim yoki tanqidchilikning badiiy asarni tahlil qilishdagi o‘ziga xos uslubini chuqur o‘zlashtirish orqali uning tahlil va talqiniga o‘xshatib yoziladi. SHu yo‘sinda engil kayfiyat va beozor kulgi tug‘diriladi. Bir paytlari “SHarq yulduzi” jurnalining ayrim sonlarida berib turiladigan “o‘rtoqlik hazillari” rubrikasi ostidagi materiallar ham taqlid san’atining badiiy ijod sohasidagi bir ko‘rinishidir. Undan tashqari qiziqchilarning ayrimlari shoirlarimizning she’r o‘qish uslubiga o‘xshatish orqali ham e’tibor qozonishadi. Abdulla Oripov, Omon Matjon, Halima Xudoyberdieva kabi mashhur ijodkorlarning she’r o‘qishiga xos usul, qochirimlarini egallash va muqallidlik qilishning hamma ham uddasidan chiqavermaydi.

Muqallidlik san’atining taqlid tushunchasini badiiy ijoddagi taqlid tushunchasi bilan almashtirmaslik kerak. Ikkalasi boshqa-boshqa narsalardir. Badiiy adabiyot olamidagi ta’sir tushunchasi uning rivojini ta’min etsa, taqlid tushunchasi chinakam ma’nodagi adabiyot va san’atning taraqqiyoti yo‘lidagi g‘ovdir. SHuning uchun ham taqlid va ta’sir tushunchalari o‘zaro murosasizdir.

Muqallidlikning insonga taqlidini o‘z mohiyatiga ko‘ra, quyidagi turlarga bo‘lish mumkin: insoning xatti-harakatiga, qiyofatiga, ovoziga, nutqiga. SHu o‘rinda nutqning o‘ziga xosligi san’atkorning xarakterini ochishda muhim omildir. Har bir insonning o‘ziga xos so‘z topish va tanlash usuli bor bo‘lib, nutq shu ma’noda individualdir. Til esa umumiylik kasb etadi. Aytish joizki, har bir san’atkorning ham o‘zi xush ko‘rib ishlatadigan so‘zi, boshqacha aytganda, tayanch so‘z va iboralari bo‘ladi. Nozik didli, o‘ta kuzatuvchan muqallidlar buni e’tibordan soqit qilishmaydi. Muqallidlik  hozirjavoblik, bamisoli notiqlik san’atiga o‘xshash vaziyatga mosu xos so‘zni topib ayta bilish san’ati hamdir. Sahna nutqi bu aktyor nutqining jilolanishi, aniqroq aytadigan bo‘lsak, muayyan qoidalarga amal qilinishi majmuidir. Sahna nutqi bilan notiq nutqini farqlash zarur. Muqallid esa aktyor nutqiy ohanglarini o‘zlashtira olish mahoratidan kelib chiqadi.

Notiqlikda so‘z qo‘llash mahorati borasida so‘z ketganda, notiq nutqida uch bosqich amalga oshiriladi. Bu topish, tanlash, va qo‘llashdir. Topish notiqning so‘z boyligiga daxldor bo‘lsa, tanlash didi, saviyasiga, qo‘llash esa uning mahoratiga tegishlidir. Topish til boyliklaridan, sinonimlardan qanday foydalana olishingizga mezon bo‘lsa, tanlash psixologik, etik va estetik normalarga amal qilish zaruratini bildiradi. Qo‘llash esa og‘zaki yoki yozma ravishda bo‘ladi. Siz tinglovchi yoki tomoshabin bilan yuzma-yuz bo‘lasiz. Aytilgan so‘z otilgan o‘qdek keta boshlaydi. Zal yoxud auditoriyada o‘zingizni, so‘zingizni, yuzu ko‘zingizni jamoaga roslaysiz, xoslaysiz, moslaysiz. Aks holda, fikr ommaga etib bormaydi, maqsad to‘g‘ri yo‘naltirilmagan bo‘ladi. Jamoaga etkazmoqchi bo‘lgan fikringiz, oliy maqsadingiz strategiya bo‘lsa, uni amalga oshirish bilan bog‘liq usul va yo‘llar esa taktikadir. Har qanday taktik harakat strategik maqsad bilan ekanini yodda tutish mohiyatlidir. Vaziyatga, omma kayfiyatiga qarab taktikani almashinib turishini e’tibordan soqit qilish yaramaydi. Nutqning jonli, ta’sirchan va aniq ifodalashga intilish, ya’ni, ijro mahoratiga erishish ahamiyatli.

Notiqning nutqiy jarayoni uch bosqichli bo‘lsa, sahna nutqida esa ikkita bosqich amalga oshiriladi. Bu yodlash va aytish. Matn turg‘unligi aktyorning erkin harakat qilishiga imkon bermaydi. U ta’bir joiz bo‘sa, jilovlangan ot kabidir. To‘g‘ri, aktyor matn mazmuni va ruhidan kelib chiqqan holda, ba’zan improvizatsiyaga yo‘l qo‘yishi mumkin. Lekin, me’yordan oshib ketishi ma’qul ko‘rilmaydi. Aktyor quvvai hofizasi va so‘zlarni aniq, jozibador, ta’sirli ayta olishi bilan notiqlarga ibrat bo‘ladi deyish mumkin. CHunki, ularda ovoz, nafas mashqlari, til, tish, burun, lab, jag‘ kabi nutq a’zolarining maromli, me’yoriy harakatlari qayta-qayta ishlanib takomillashgan bo‘ladi.

Notiq ham, aktyor ham, boshlovchilar ham o‘zini ko‘zguda ko‘rib pardoz-andozini joyiga keltiruvchi mashshota singari o‘zini eshitib, jamoa nigohi bilan o‘zini ko‘rmasa maqsadi ro‘yobga chiqmasligi tayin.

Notiq nutqi va sahna (aktyor) nutqi tafovutlari borasida har xil munozaralar bor. To‘g‘ri, nutq ta’sirchanligini ta’minlashda har ikkalasi bir-birini to‘ldiradi, boyitadi. Lekin birida ijod, ikkinchisida ijro muhim rol o‘ynashini yodda tutish kerak. Avtobus va tramvayni ko‘z oldingizga keltiring. Avtobusni boshqarishda rulni o‘ng-u so‘lga burib harakatlantirish, qayrilish mumkin. Tramvayni esa yotqizilgan temir yo‘li va ustidagi elektr simlari manbaisiz, uning harakatini tasavvur qilish mushkul. Faqat harakatning sekin va tezligigina, uning izmida. Notiq nutqi avtobus haydovchisiga, aktyor nutqi esa tramvay boshqaruvchisiga o‘xshaydi.

Muqallidlik san’atida har ikkalasiga xos xususiyatlarni ham idrok etish talab etiladi. Aks holda, muqallidni muvaffaqiyat qarshilamaydi.

Umuman aytganda, ildizlari qadim zamonlarga borib taqaluvchi muqallidlik san’ati kulgi orqali kishi diliga ruhiy engillik baxsh etuvchi katta ijtimoiy qimmatga ega bo‘lgan san’atgina emas, balki u xalqimiz tabiati, didi va dunyoqarashining ko‘zgusidir.

Biz muqallidlik san’atining tarixi, o‘ziga xosligi va turlari borasida umumiy yo‘sinda ba’zi fikrlarni o‘rtoqlashdik, xolos. Bu san’atni atroflicha o‘rganish, qiziqchilik, askiyachilik, teatrshunoslik kabi san’at turlariga munosabat masalalarini yoritish san’atshunos va folklorshunoslar oldida turgan vazifalardandir.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.