9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Xokisorlik xosiyati

notiq.uz > NAZM-U NASR  > Xokisorlik xosiyati

Xokisorlik xosiyati

U nimaiki ish qiladigan bo‘lsa xolislik bilan beminnat bajaradi. Uning qalbida qo‘lingdan ish keladimi, yordam ber, odamlarni xursand qil degan da’vat dil amriga ko‘chgandek, kaminadan ancha yosh bo‘lishiga qaramasdan, o‘tkinchi dunyo falsafasini siz-u bizdan oldin idrok etgandek go‘yo. Insonning yuzu ko‘zidagi tabassum va kimningdir faoliyatidagi yutuqlarni ko‘rsa, eshitsa, o‘sha kuni undan shod inson yo‘q. SHirin so‘zi va bildiradigan dil izhori yoxud tabrigi tayyor. Ijtimoiy tarmoqlar yoxud o‘zining mualliflik sayti orqali darhol o‘z munosabatini bildirib boshqalarning ham tabriklarini etkazishga qobil bo‘lgan, hech qanday tama’ yoki manfaatni ko‘zlamaydigan sodda, samimiy, muhimi, kamtarin inson. Hammani o‘ziga do‘st tutadi. Respublikamiz hayotidagi ma’naviy-ma’rifiy jarayonni iqtidorli jurnalist, fotomuxbir, videomuhandis sifatida yoritadigan, san’at va madaniyat xodimlarining ishonchini oqlab ularni qizg‘in faoliyatga chorlay oladigan iste’dod sohibi. Bu inson siz va bizni qadrlab qadr topishni niyat qilgan o‘zimizning Muzaffarbek Muhammadnazardir. Uning nazmu nasrga tab’i ham baland, badiiy ijodga uquvi yuqoriligini nazmiy va nasriy bitiklaridan angladim. Gapni cho‘zib nima qilaman. YAxshisi, uning quyidagi bitta hikoyasini o‘qish asnosida o‘zingiz baho bering.

Ehtirom ila Rahimboy Jumaniyozov va Bahriddin Muqimov.

 

KO‘ZBOYLOG‘ICH

Va’da berib qo‘yganim uchun, o‘g‘ilchamni sirkka obordim. Tomosha ko‘rib o‘tirganimizda yonimda o‘tirgan kishi men bilan quyuq salomlashib qoldi. Odob yuzasidan hol-ahvol so‘rashdim-u, ochig‘i, uni mutlaqo tanimaganim uchun biroz o‘ng‘aysizlandim. O‘g‘lim esa sahnadagi sherlarga og‘zi ochilgancha tikilib o‘tirardi.

Navbatdagi tomoshada ko‘zboylog‘ichlik san’ati boshlandi. CHap tomonimdagi o‘rindiqda o‘tirgan boyagi kishi yana menga gapirdi:

– Ha, bularning hamma siri menga ma’lum. Ko‘rayapsizmi, ko‘zboylog‘ichning yordamchisi besh metrcha narida sham ko‘tarib turibdi. Fokuschi hozir ko‘zim bilan shamni yondiraman, deyapti. Aslida, shamning piligiga maxsus kimyoviy suyuqlik shimdirilgan. YOrdamchisi esa uning ishorasi bilan ikkinchi qo‘lidagi kimyoviy kukunni sezdirmay sham ustidan sochgach, ikki modda reaksiyaga kirishadi va sham yonadi.

O‘ng tarafimdagi o‘g‘lim uning gapini eshitib, bizga qarab yuzlandi:

– Demak, bularning hammasi yolg‘on ekan-da. SHuncha odamlarni aldasharkan-da!

Bunga javoban bilag‘on qo‘shnim bularning bari tomoshabinlarning nigohini chalg‘itish, mohirona uddaburonlik ekani xususida erinmay ma’ruza o‘qiy ketdi.

Biror narsa tomosha qilayotganimda kimdir yonimda vaysab tursa, g‘ashim keladi. SHuning uchun qo‘shnimga yuzlandim-da, iloji boricha xushmuomalalik bilan gapirishga urindim:

– Tomosha tugaguncha jimgina o‘tirsangiz, iltimos!

Uning tashqi ko‘rinishi aftodahol edi: ko‘zlari kirtaygan, yuzlari ich-ichiga botib, yonoqlari turtib chiqqan, yupungina kiyingan, soqollari olinmagan.

– Meni tanimadingiz, a?

– Yo‘q, o‘ylaymanki, biz tanish emasmiz. Siz chamasi, meni kim bilandir adashtirdingiz. Ma’zur tutasiz!

U boshini sarak-sarak qilib, mig‘ida kuldi:

– Hecham adashtirganim yo‘q. Xotirangiz yomon ekan. Men bir marotaba ko‘rgan odamimni o‘n yildan keyin ham taniyman.

– Endi, harholda, xotirani mustahkamlash haqida ma’ruza o‘qimassiz, deb umid qilaman, – dedim uning gaplarini eshitishga toqatim yo‘qligini yashirmasdan,.

– Ha, qayoqdan bila qoldingiz, mabodo telepat emasmisiz? Ichimdagini birpasda topa qoldingiz, a?! – dedi u ham kesatib.

Oraga bir muddat jimlik cho‘kkach, u yana gap boshladi:

– Bundan roppa-rosa etti yil avval men haqimda gazetangizga maqola yozgandingiz, Muxtor aka. Ilk tanishuvimiz esa hamkasbingiz Salim Sattorovning uyidagi sunnat to‘yida bo‘lgandi. Siz mening ko‘zboylog‘ichlik san’atimga qoyil qolganingizni aytib, meni tahririyatga chaqirgandingiz.

E, ha, endi esladim! O‘shanda bu kishi yaltiroq qora kostyum kiyib olgan, kapalaksimon bo‘yinbog‘ taqib, boshiga silindrsimon qalpoqni qo‘ndirib olgandi. Uning guruhida akrobatlik o‘yinlari, olovli halqalardan sakrab, singan shishalar ustida yalangoyoq yurishlari bilan tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘lgan sohibjamol ayol ham bor edi. O‘sha ko‘zboylog‘ich akrobat juvonni u bizga «xotinim” deb tanishtirgandi. YOpiray! U odam to‘lachadan kelgan odam edi-ku. Ro‘paramdagi nusxa esa qoq suyakning xuddi o‘zginasi! Nahotki… shu odam bir paytlar mashhur ko‘zboylog‘ich sifatida dong taratgan Karim Ilyosov bo‘lsa?!

– Siz…

– Ha, xuddi o‘sha Karim Ilyosovman! Hechqisi yo‘q, xijolat bo‘lmang! Meni hozirgi ahvolimda rahmatli tuqqan onam ham tanimagan bo‘larmidi, ehtimol.

− Ammo, ko‘nglingizga olmang-u, qanday qilib…

– Bunday ayanchli ahvolga tushib qolganimni bilmoqchisiz, shundaymi? Mayli, tomosha tugasin, sizga barchasini batafsil gapirib beraman.

U «gapim tamom” degandek, mendan ko‘zini uzib, sahnaga qaradi-da, negadir qovog‘ini uyib oldi. Boyagina asabimga tegayotgan odam endi menda achinish hissini uyg‘otibgina qolmasdan, qiziqishimni ham orttirgandi.

Ichimda «Sabrning tagi sariq oltin”, dedim-u talqon yutgandek jimgina o‘tiraverdim.

Nihoyat, tomosha tugab, tomoshabinlar o‘rinlaridan turishib, sirk binosini tark eta boshladilar. Men qo‘shnimga savolomuz boqdim.

– Ketdikmi?

– Ha, yuring. Faqat biror joyga kirib, tamaddi qilib olsak. Bamaylixotir o‘tiramiz va bafurja gaplashamiz.

Men «tushunarli”, degandek bosh irg‘ab, o‘g‘limni qo‘lidan etaklagancha, tashqariga yo‘naldim. Hamrohim ortimdan ergashdi. SHu yaqin atrofdagi «Hilola” restoraniga taklif qildim, ammo Karim Ilyosov bosh chayqadi.

– Hozir restoranlarda o‘tirishga qurbim etmaydi. Birorta oddiygina oshxonami, qahvaxonagami kira qolaylik.

– Mehmon qilmoqchiman sizni, Karimbek, haqini o‘zim to‘layman, bu yog‘idan xotiringiz jam bo‘lsin.

– Noqulay-da…

– O‘zim ham tamaddi qilib olmoqchi edim, baribir. Sirkka kech qolmay, deb ishdan shoshib chiqdim, ovqatlanishgayam fursatim bo‘lmagandi. Bahonada birgalikda qorinni to‘ydiramiz.

Restoranga kirib, joylashib o‘tirib olganimizdan keyin, ofitsiant qiz oldimizga keltirib qo‘ygan taomnoma ro‘yxatiga qarab qovurilgan jo‘ja, o‘n besh six kabob, bir shisha aroq, yaxna ichimlik buyurtma qildim.

Ota-bobolarimiz aytgan «Avval taom, ba’daz kalom” maqoliga rioya qilib, ovqat chog‘ida ortiqcha savollar bergim kelmadi. Keltirilgan taomlarga yutoqib tikilayotganidan mehmonimning qorni ochligi, anchadan beri tansiq ovqat emagani sezilib turardi.

– Qani, tortinmay, boshlang, hujumni boshladik! – deb hazillashib, dasturxonga undadim.

Karim Ilyosov avval biroz tortinib turdi-da, so‘ng oldidagi taomlarni ishtaha bilan eya boshladi. Stol ustida turgan aroqni oldim-da, qadahlarga quydim.

− Qani, Karimbek, salomat bo‘laylik! SHuning uchun, qani, bir olaylik-chi!

SHisha yarimlagach, och qoringa ichilgan aroq o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Bir payt qarasam, Karimning ko‘zlari jiqqa yosh.

– Men… men.. etimchaman, g‘irt etimchaman, aka! Hech kimim yo‘q! – deya ko‘kragiga mushtlab, ho‘ng-ho‘ng yig‘lab yuborsa bo‘ladimi!

Xudo rahmat qilgur Hojiboy Tojiboevdan ayrimlar ichib olsa «Etimman”, deb yig‘lashini eshitgandim-u, ammo ko‘rmaganim uchunmi, Karimning bu holatini ko‘rib, noqulay ahvolga tushib qoldim.

– Karimbek, o‘zingizni bosib oling! Atrofdagilar bizga qarashayapti, – dedim uyatdan erga kirgudek bo‘lib.

Agar shu hol davom etsa, ofitsiant bilan hisob-kitob qilib, o‘rnimdan turib ketvoraman, deb turgandim, yo‘q, haytovur, Karim qanday «lov” etib yongan bo‘lsa, shunday «pov” etib o‘chdi.

− Kechirasiz… O‘zimni bir lahza tutolmay qoldim. Bo‘ldi… o‘tib ketdi, kechiring! Aka, yana bir qadahdan ichib olaylik… Va’dam esimda, sizga boshimdan o‘tkazganlarimni gapirib beraman.

YAna bir qadahni bo‘shatganimizdan keyin, Karim chindan ham ko‘rgan-kechirganlarini bir boshdan gapira boshladi.

− Lobar bilan viloyatga uyushtirilgan gastroldagi safarlarimizning birida tanishib qolgandim. Taklifimga ko‘ra u men ijodiy rahbar bo‘lgan sayyor sirk guruhimizga qo‘shildi. Birgalikda ishlay boshladik. Men o‘sha paytlari juda ko‘p pul to‘plashni, qisqa fursat ichida behad boyib ketishni orzu qilardim. SHu orzuyimga etishi uchun jon-jahdim bilan harakat qilardim. Nazarimda, boy bo‘lib olsam bas, o‘z-o‘zidan baxtli bo‘lib qoladigandek edim. Afsuski… Xullas, Lobar akrobatik o‘yinlari, shisha siniqlari ustida yalangoyoq yurishlari bilan hammani o‘ziga mahliyo qilib olgandi. Viloyatlarga safarga borganimizda, anqayib, og‘zini lang ochib qolgan tomoshabinlarga ko‘zboylog‘ichlik san’atimni ko‘rsatardim. Tomosha orasida esa ko‘zlarini shamg‘alat qilib, ayrimlarining cho‘ntaklarini «tozalab” qo‘yardim. Qarabsizki, ko‘z ochib-yumguncha anoyilarning cho‘ntaklaridagi pullar, barmoqlaridagi tilla uzuklar, bo‘yinlaridagi zanjirlar mening cho‘ntagimga o‘tib qolardi. Lobarning muxlislari va shaydolari ko‘pligi menga qo‘l kelardi, ayniqsa sodda dovdirlarning unga suqlanib tikilib qolishlari ayni muddao edi. Negaki, bunday paytda ular hushyorlikni unutib, chalg‘ib qolardilar, mening mohir va epchil qo‘llarim hech kimga bilintirmay, o‘z ishini bajarardi. Bundan o‘z maqsadim yo‘lida foydalanishni o‘ylab qoldim. Hozir-ku unga yaxshigina haq to‘lab turibman. Ammo mendan ko‘ra ko‘proq pul to‘laydigani topilib qolsa, qushcha qo‘ldan uchib ketishi tayin edi. Bundan tashqari, uning turmushga chiqib ketish ehtimoli ham niyatlarimni chippakka chiqarishi aniq. SHuning uchun, o‘ylay-o‘ylay, unga uylanib olishga ahd qildim. SHunday qilsamgina, ko‘zlagan rejalarim to‘la amalga oshardi. Bir qarorga kelganimdan so‘ng, uzoq o‘ylab o‘tirmay, unga sevgi izhor qildim. Aslida, uni mutlaqo sevmasdim. Yigitlar bilan hiringlashishlari, o‘zini engiltaklardek tutishidan jahlim chiqsa-da, asosiy daromadimiz manbai bo‘lgani uchun, unga qattiq gapirolmasdim. U ham ko‘p noz qilib o‘tirmay, darrovgina rozi bo‘ldi. Men uni osongina laqqillatganimdan ich-ichimdan rosa suyundim! Ana endi pul deganlari, siz bir paytlar gazetangizda ta’riflagandek, «sehrli qo‘llar” vositasida oqib kelaverishi turgan gap edi.

Ammo… Ko‘p o‘tmay, soddagina bo‘lib ko‘ringan, aslida esa makkora Lobar meni chuv tushirgani ma’lum bo‘lib qoldi. Ha… to‘yimizning birinchi visol kechasidayoq uning bokira emasligi ayon bo‘ldi. G‘azabim qanchalik jo‘sh urmasin, hammasini ichimga yutishga majbur bo‘ldim…

Turmush qurganimizdan keyin uning boshqa erkaklar bilan kulishib gaplashishlari endi menda rashk tuyg‘usini uyg‘ota boshladi. Xuddi atrofimdagilardan ko‘pchiligi uning behayoligini biladigandek, xotinim ham ularga qo‘shilib, birgalikda ustimdan mazax qilib kulishayotgandek tuyila boshladi menga. Unga bir-ikki bor bu xususda gap ochganimda, ketib qolishini pisanda qilgach, daromadim manbaidan ajralgim kelmay, tishimni tishimga bosishimga to‘g‘ri keldi.

Hademay, oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, qizchalik bo‘ldik! Endilikda u qizalog‘imizga qarashi kerak edi. SHu tufayli, uni gastrollarga birga olib keta olmasdim. U uyda chaqaloq bilan yolg‘iz qolganda, yuragimni shubha-gumonlar kemirar edi. Uyga charchab qaytganimda, u menga achchiqqina qahva tayyorlab berar, qahvani ichganimdan keyin uyqum qochishi o‘rniga, negadir dong qotib, uxlab qolardim. Qahva, aslida, uyquni qochirishini keyinchalik bilib oldim. Etimxonada o‘sganim uchun, avvallari qahva ichmaganim uchun, uning xususiyatidan bexabar edim.

Kunlarning birida, Buxoro viloyatidagi gastrolimiz odam gavjumligi bois, uch-to‘rt kunga cho‘zilib ketadigan bo‘lib qoldi. CHiptalar sotilib bo‘lingani uchun, xotinimga qo‘ng‘iroq qilib, yana bir-ikki kun Buxoroda bo‘lishimni, xavotirlanmasligini aytdim. Kechga borib, suyaklarim zirqirab og‘rigancha, paylarim, tomirlarim qattiq tortishib qoldi. Miyamda esa, chidab bo‘lmas darajada kuchli sanchiq paydo bo‘ldi! Og‘riq qoldiradigan dorilardan analginu baralginlar ham naf bermadi. Nima bo‘layotganiga tushunolmasdim. Og‘riqlarga zo‘rg‘a chidab, bir amallab uyga etib kelganimda, qo‘shni xotinning gapi hammasidan oshib tushib, dardimga o‘n chandon dard qo‘shdi.

– Karimboy, xotiningizni to‘g‘ri yo‘lga solsangiz bo‘lmaydimi? Qanaqa erkaksiz? Yo‘qligingizda, uyingizga har xil erkaklar kelib, yarim kechagacha magnitofonni varanglatib qo‘yishadimi-ey, tapir-tupir qilib, bilmadim, quvlashmachoq o‘ynashadimi-ey, o‘yinga tushishadimi-ey. Har holda erkaksiz, g‘ururingiz bormi o‘zi?!. Bor gapni ochiq aytganim uchun mendan xafa bo‘lmang.

Eshikni kalit bilan ochib kirdim-u vajohat bilan xotinim yotgan xonaga kirdim. Ikkalamiz qattiq janjallashib ketdik. Men undan uyda bo‘lmagan paytlarim kelib-ketadigan erkaklar kimligini so‘raganimda, xotinim uvvos solib, yig‘lashga tushdi.

– Bilaman, kimdir ko‘rolmasdan, sizga meni g‘iybat qilgan. Erim «Qayoqqa borganding?”, demasin, qo‘ni-qo‘shni gapirmasin, deya, uydan ostona hatlab ko‘chaga chiqmasam ham gap qiladiganlar topilarkan-da! Qo‘shnilar bizning yaxshi topish-tutishimizga hasad qilishadi, nahotki shuni tushunmasangiz? Siz mish-mishlarga quloq solavering, qulog‘ingizga lag‘mon ildiravering! Xotiningiz sha’nini bulg‘ashsa, meni himoya qilish o‘rniga, indamay eshitavering. Kamiga men bilan janjallashing! To‘y kuni meni kechirganingiz uchun sizga umrbod vafodor xotin bo‘lishga ahd qilganman. Bundan so‘ng birov bilan yursam Xudo ursin, deb ichgan qasamim yodingizdami? Men yosh edim, aldandim, menga uylanaman degan yigit qamalib ketdi. Ishoning, to‘yimizdan keyin sizga xiyonat qilganim yo‘q! Xudo ursin agar yolg‘on gapirayotgan bo‘lsam!

Xotinimning artistlarga xos soxta ko‘z yoshi to‘lib turgan ko‘zlariga ishonqiramay qarasam-da, isbotim yo‘qligi uchun indolmadim.

Navbatdagi gastrolimiz Xorazmda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Sayyor guruhimiz bilan birga borgandik. Ayrim texnik nosozliklar sababli tomosha qoldirildi va bizni taklif qilgan kishi kelishuvimizga asosan, kelishilgan pullarni sanab bergach, hammamizni bir tanishining to‘yiga taklif qildi. To‘y bo‘layotgan xonadonda ham tomosha ko‘rsatib, pul ishlab olishimiz mumkin edi. Guruhimizning bir qismi to‘yga, qolganlar esa, shu jumladan men ham, uyimizga jo‘nadik.

Uyga tong sahar, soat to‘rt-to‘rt yarimlarda etib kelib, ichkariga kirganimda… ne ko‘z bilan ko‘rayki, yotoqxonadagi karavotda xotinim begona erkakning quchog‘ida yotar, qizchamiz esa, beshikda uxlardi. Lobar onadan tug‘ilganday, Momo Havoning «libosi”da yotgandi.

Men erkakka tashlandim va uning yuz-ko‘ziga ayamay ura ketdim. Lobar qo‘qqis cho‘chigancha uyg‘onib ketib, qo‘rquvdan qichqirib yubordi va unga qo‘shilib, qizimiz ham yig‘lay boshladi. Erkak mendan ko‘ra ancha baquvvat va gavdali edi. Men tinmay tushirayotgan zarbalardan bir zumda o‘ziga kelib, menga javob qaytardi. Avvalo, yotgan joyida, qornimga tepib, meni devorning u chetiga uloqtirib yubordi va keskin harakatlar bilan o‘rnidan sapchib turib, kaftining qirrasi bilan tomog‘imga va bo‘ynimga kuchli zarba bilan urdi. Kamiga qornimga qattiq tepdi. So‘ngra, sochimdan ushlab olib, boshimni devorga ura ketdi. Ko‘z oldim qorong‘ulashib, ko‘nglim ozdi, hamma yog‘im ketma-ket ayovsiz tushayotgan musht va tepkilardan qattiq og‘rirdi. Og‘riqning zo‘ridan ingrab to‘lg‘angancha, erda cho‘zilib yotardim. Erkakni Lobar kelib to‘xtatmaganda, bilmadim, oxiri nima bo‘lardi.

Erkak istehzoli tirjayib, menga po‘pisa qildi:

– O‘v, daydi ko‘zboylog‘ich, gaplarimni diqqat bilan eshit! Lobar mening ma’shuqam edi. Lekin senga o‘xshagan bir hezalakni o‘ldirib qo‘yib, qamalib ketgandim. Hozir ko‘rganlaringni unut, bo‘lmasa, miyangni pachoqlab qo‘yaman, keyin yo xotirangdan ayrilasan, yo bo‘lmasa aqldan ozasan, tushundingmi, xunasa?!

Xiyonatkor Lobar esa bir chekkada g‘olibona, bepisand qiyofada, qo‘llarini ikki beliga tiraganicha, og‘zining tanobi qochib, iljayib turardi.

Xushtori uydan chiqib ketgach, xotinim tepamga kelib, mensimagan ohangda gap boshladi:

– Senga bir haqiqatni aytaymi? Senga doim qahva tayyorlaganimda, qoradori qo‘shardim. Sen o‘zing bilmagan va istamagan holda giyohvand bo‘lib qolgansan. O‘likday sasib yotganingda men mazza qilib maishat qilardim, bildingmi? Nega bu gaplarni qo‘rqmay aytayapti, deb hayron bo‘layotgandirsan, a? CHunki, seni endi yo‘q qilaman! Meni ushlab olmaganingda, tinchgina masxarabozligingni qilib yashayvergan bo‘larding.

Qizimning tinmay yig‘layotgani, Lobar unga ahamiyat bermayotgani battar asabimga tegardi. O‘rnimdan turishga holim yo‘q edi. Jismoniy zarblardan ham ko‘ra, bu aytilgan gaplar yurakka urilgan xanjarday og‘irroq edi.

– Qizimizni emiz, sen bilan keyin gaplashaman, – dedim zo‘rg‘a.

Lobar xo-xolab kuldi:

– Qizimiz deysanmi? Qanaqasiga bu sening qizing bo‘lsin? Sen nafaqat o‘g‘ri, kissavur, muttahamsan, balki bangi hamsan! Boya gapimni tushunmadingmi? Nashavandlardan bola tug‘ilmaydi. Erlik burchingni bajara olmay qolganingga qancha bo‘lganini bir eslab ko‘r-chi?

Bu gaplarga ortiq dosh berolmadim! Bor kuchimni to‘plab, o‘rnimdan irg‘igancha sakrab turdim-u, uni o‘lasi qilib savaladim va «bu uyni endi elkamning chuquri ko‘rsin”, degancha, uydan bosh olib, chiqib ketdim. Biroq o‘sha kuniyoq militsiya xodimlari tomonidan hibsga olindim.

Kaltak egan Lobar militsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘ri, kissavurligimni aytibdi va men chindan ham tomoshabinlardan o‘margan narsalarim, jumladan, tilla taqinchoqlarni dadiliy ashyo sifatida topshiribdi. Lekin uning berganlari, yiqqan bor bisotimning o‘ndan biri edi, xolos. Buni tergov paytidagina bildim. Qolganini o‘zi qaergadir yashirgan. YAna u: «Erim giyohvand, vos-vos bo‘lib qolgan, bo‘lar-bo‘lmasga rashk qilib, meni har kun uradi, xo‘rlaydi. Ko‘ziga uyda begona erkak yurgani ko‘rinarmish. Bu gallyusinatsiya, qoradorining ta’siri ekanligini har qancha tushuntirishga urinsam ham, tushunmayapti”, – deya noligancha ko‘z yosh to‘kib, men iste’mol qiladigan «qoradorilarim”ni ham «yashirib qo‘ygan joyimdan” topib beribdi.

Narkologiya ekspertizasi o‘tkazildi, qonimda giyohvand moddasi mavjudligi o‘z tasdig‘ini topdi. O‘g‘rilik, giyohvandlik, qasddan tan jarohati etkazishda ayblanib o‘n besh yilga ozodlikdan mahrum qilindim. Amnistiyaga tushib, etti yil deganda, shu bugun ozodlikka chiqdim. Qamoqxonada biroz pul berishgandi. Borar erim bo‘lmagani tufayli men necha yillar mobaynida sog‘inganim, qadrdon sirkka kelgandim. U erda sizni uchratdim. Mening qayg‘uli qissam shu, Muxtor aka…

Bir paytlar o‘zim maqtab yozgan qahramonim Karim Ilyosovga judayam achinib ketdim. Bechora… qancha azob va uqubatlarni ko‘ribdi.

Vaqt allamahal bo‘lib qolgandi. Ofitsiant bilan hisob-kitob qilgach, hamrohimdan bu kecha qaerda tunashini so‘radim.

– Ochig‘i, birorta uyni ijaraga olaman, deb o‘ylagandim. Keyin ishga kirmoqchi edim. Sirkdan keyin uy qidirmoqchi edim. Suhbatimiz cho‘zilib ketib, kechga qolib ketdim. Buning ustiga kayfim bor. Kim ham mendek mast odamni kechqurun uyiga kiritardi? Ko‘chada tunab qolsam kerak.

Men uchun vaqt ajratgan eski tanishimni ko‘chada qoldirishga vijdonim yo‘l qo‘ymasdi. Lekin uni uyga taklif qilish yoki qilmaslikni ham bilmay, ikkilanayotgandim.

– Mayli, rahmat sizga! Siz tufayli bugun to‘yib ovqatlandim. Meni qo‘yavering. O‘ylamang. Menga ishonmayotganingizni, uyingizga bir kechagagina mehmon qilishdan cho‘chiyotganingizni sezib turibman. Lekin bilib qo‘ying, men tuzlig‘imga tupurmayman. O‘g‘irlagan bo‘lsam, mutlaqo notanish odamlarnikini o‘g‘irlaganman. Bularni sizga aytmasligim ham mumkin edi. Xayr. YAxshi boring.

Uning mung‘ayib qolganini ko‘rib, battar ichim achidi. «O‘zingga ehtiyot bo‘l, qo‘shningni o‘g‘ri tutma”, deganlar. Ehtiyotkorlik choralarini ko‘rib qo‘ysam, nima ham qila olardi? Qolaversa, o‘zi ham egan tuzlig‘imga tupurmayman, deyapti-ku, degan fikrlar ko‘nglimdan o‘tdi.

– YUring uyga! Sizni bu ahvolda ko‘chaga tashlab keta olmayman. Bir kechaga biznikida tunab qolasiz. Faqat ertaga boshqa erdan ijaraga uy topasiz, kelishdikmi? – dedim unga.

Karim quvonib ketdi:

– Rahmat, Muxtor aka! YAxshiligingizni o‘la-o‘lgunimcha unutmayman!

Taksi to‘xtatib, uyga etib kelgunimizcha, yo‘lda o‘g‘lim uxlab qoldi. Uni qo‘limga ko‘tarib olib, mashinadan tushdim va mehmonni uyga boshlab kirdim. Xotinim bizni poylab o‘tirgan ekan.

− Dadajonisi, yaxshi keldingizmi? Ovqatni isitib kelaymi, boya och ketgandingiz, – dedi u g‘amxo‘rlik bilan.

Men ovqatlanib kelganimizni aytdim. Mehmondan ham mezbon sifatida so‘rab qo‘ymaslik o‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmas, degan andishada so‘radim:

– Sizning qorningiz qalay? Ovqatlangingiz kelayotgan bo‘lsa, tortinmang, bexijolat aytavering.

− Qornim-ku to‘qku-ya, ammo achchiqqina choy bo‘lsa, yo‘q demasdim. Malol kelmasa, albatta. Bo‘lmasa, zarur emas, – dedi Karim tortinib.

– O‘zim ham yuzta-yuztadan keyin bosh og‘rig‘ini qoldirish va kayfim tarqashi uchun choy ichmoqchi bo‘lib turgandim. Xotin, bir choynak achchiqqina choy damla.

CHoy damlab kelingach, oshxonaga o‘tdim-da, sekin xotinimga shivirladim:

– Xotin, bu odam eski tanishim, lekin aytib qo‘yay, qo‘li egri. Ehtiyot bo‘l. Tilla-pillalaringni yuzada qoldirma, javonga yashirib, qulflab qo‘y. Iloji bo‘lsa, ertalabgacha uxlamaslikka harakat qilaylik. Kim bilsin, tag‘in, televizor yoki boshqa biror qimmatbaho narsani yarim kechasi ko‘tarib ketmasin.

SHirinliklarni likopchaga joylayotgan xotinimning rangi quv o‘chib ketdi.

– Voy, dadasi, tag‘in bizni bir balo qilib ketmasin. Bunaqa o‘g‘rilar odamlarning narsasini o‘g‘irlab, o‘zlarini so‘yib ketishgani haqida ko‘p yozishadi. Bekor olib kelibsiz.

– Bo‘ldi, bo‘ldi, vahima qilaverma! Xotin zoti o‘zi shu, pashshadan fil yasaydi. Men borman-ku, nimadan qo‘rqasan? – deb uni tinchitdim.

Mehmonxonaga kirib, Karim bilan birgalashib choy ichdik. Unga boshqa xonada joy tayyorlab, yotishga hozirlandik.

CHiroqni o‘chirdik, ammo men uxlamasligim kerak. Xotinimni sekin turtgandim, u sho‘rlik cho‘chib ketdi.

− Tss! – barmog‘imni labimga tekkizdim. – Qo‘rqma. Uxlamayapsanmi?

– Yo‘q, dadasi.

– Tillalaringni qulflab qo‘ydingmi?

– Ha. Pullarniyam qulflab qo‘ydim. Xotirjam bo‘ling.

– Unday bo‘lsa, yaxshi.

SHuncha uxlamaslikka urinaman, ammo qovoqlarim o‘z-o‘zidan og‘irlashib, yumilib ketaverdi.

…Bir mahal ko‘zimni ochsam… tong yorishgan! Xotinim yonimda, yuzida dastro‘mol, qimirlamay yotibdi. Nafas olayotgan-olmayotgani sezilmaydi. O‘takam yorilgudek qo‘rqib ketdim!

– Hoy, xotin, tur! – deya elkasidan silkitdim.

Xotinim arang ko‘zini ochdi-yu nimadir esiga tushgandek, ko‘zlari moshdek bo‘lib ketdi:

– Voy! Dadasi! O‘g‘limiz qani?

YUragimni vahm bosib, yugurgancha o‘g‘lim yotgan xonaga kirsam, u pishillab uxlab yotardi. Karim yotgan joyga qarab yugurdim. U… yo‘q edi. Xotinim yig‘ladi.

– Dadasi, kecha yarim kechasi haligi er yutgur xonamizga pusib kirdi. Men sizni uyg‘otdim, turmadingiz. Qo‘rqib ketdim. U pichoq o‘qtalib, tovushimni chiqarsam, ikkalamizni ham so‘yishini aytdi. Keyin burnim aralash og‘zimga allaqanday sassiq, ho‘l dastro‘molni bosdi. So‘ngra nima bo‘lganini bilmayman… – dedi yig‘idan hiqillab.

– Narsalarni qaerga berkitganding? YUr, qaraylik-chi, balki topolmagandir yo ocholmagandir, – dedim ishonchsiz ohangda oxirgi umid bilan.

Xotinim javonni ochganida… javon bo‘m-bo‘sh edi!

Dasturxon ustida allaqanday qog‘oz turardi. Uni qo‘limga olib, xotinimga tayinladim:

– Tez, militsiyaga qo‘ng‘iroq qil! Uyimizni o‘g‘rilab ketishganini ayt! Men ungacha u nimalarni yozganini o‘qib turaman! Imillama, tez bo‘l!

– Voy, surbetligini qarang, a! Hali xat ham yozibdimi?

– Gap sotmasdan, tezda qo‘ng‘iroq qil! CHop!

Men xatni o‘qishga tutindim.

«Muxtor aka! O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganlari rost ekan. Sizni narsalaringizni ship-shiydon qilib ketish niyatim yo‘q edi. Aslida, chindan ham birorta uy topib, egasidan ijaraga qo‘yishini so‘rab, unga uyqu dori berib, narsalarini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgandim. SHuning uchun avvaldan uyqu dori va kerakli narsalarni qolgan-qutgan pulimga sotib olgandim. Baxtimga siz uchradingiz. Oshxonaga chiqqaningizda xotiningizga meni o‘g‘ri, deb yomonlaganingiz qulog‘imga chalindi. Bo‘rining og‘zi esa ham qon, emasa ham. Xotiningizga tillalaringni yashir, deganingizni eshitib, jahlim chiqdi. YAxshilik qilib, qornimni to‘ydirganingiz, uyingizdan joy berganingiz qaerda qoldi-yu, ishonchsizlik sabab, meni o‘g‘riga chiqarganingiz nimasi! Bergan tuzingizga rozi bo‘ling! Tilla taqinchoqlar va pullaringiz bus-butun, yostig‘ingizning tagida. Hech narsangizni olganim yo‘q. Omon bo‘ling!”.

Xonaga kirib, shosha-pisha yostig‘imni ko‘tardim. Xotinimning tilla uzugi, ziraklari, bo‘yniga iladigan zanjiri va pullar turgandi.

– Xotin, tez kel! – deya quvonganimdan baqirib yubordim. Hovliqib yugurib kirgan xotinim qimmatbaho narsalarni ko‘rib, yig‘lab yubordi. – Yig‘ini qo‘ysang-chi! Sana, tekshir hammasi joyidamikan?

U pullarni qo‘liga olib, sanadi va menga ajablanib qaradi.

– Ha, nega angrayasan? Gapir! Qancha kam?

– Kam emas, qaytaga ko‘p. SHunga ajablanayapman. Jamg‘arib qo‘ygan pulimiz besh yuz dollar edi, yana yuz dollar qo‘shilibdi.

SHu top eshik qo‘ng‘irog‘i ustma-ust jiringladi! Xotinim ikki kaftini og‘ziga olib bordi.

– Hoynahoy, militsiya! Boya militsiya chaqiruvdi-ku! Endi nima deymiz?

Men eshikni ochdim. Darhaqiqat, ikkita militsiya kiyimidagi yigit eshik yonida turishardi.

– Mumkinmi? Sizlarning uyingizda sodir bo‘ldimi o‘g‘irlik? Qachon narsalaringiz o‘g‘irlanganini bildingiz? Bir boshdan gapiring-chi! – deya, hali og‘iz juftlab ulgurmasimdan, meni ketma-ket savollarga ko‘mib tashladi xodimlardan biri.

Ularga tushuntirishdan avval, ularga xatni ko‘rsatishni ma’qul, deb topdim.

– Kiringlar ichkariga, men hozir, – deya, mehmonxonaga o‘tdim.

Ne ko‘z bilan ko‘rayki… xat kuyib, qop-qora kulga aylangandi. Uning ko‘zboylog‘ichligi, shu erda ham nayrang qilganini anglab, asabiylashganimdan, xo-xolagancha kulib yubordim.

Militsiya xodimlaridan biri bir menga, bir sherigiga tikilib:

– Bechora… Juda katta davlatidan ayrilganga o‘xshaydi. Jinni bo‘lib qolibdi, shekilli, – deganini eshitib, battar kuldim!

– Pullarimizni o‘g‘irlamabdi. Umuman, hech narsamizga o‘g‘ri tegmabdi, – deganimni eshitib, battar hayrati oshdi.

– Siz chindan ham telba bo‘lib qolganga o‘xshaysiz! Unda bizni nega chaqirdinglar? YOlg‘on chaqiriq uchun javobgarlikka tortishim mumkinligini bilasizmi?

Xotinim qoraygan qog‘ozga qarab, gap nimadaligini fahmladi. U menga ko‘z qisib, militsiya xodimlariga shivirladi:

– Sizlar ketaveringlar. Erim jinni bo‘lib qolibdi, men jinnixonaga qo‘ng‘iroq qilaman. Ana, qaranglar, tuppa-tuzuk jurnalist o‘zini hech kulgidan to‘xtata olmayapti! Jinni odamni esa, javobgarlikka tortib bo‘lmaydi…

Militsionerlar bir-birlariga ma’nodor qarab olishgach, nimanidir tushunganday indamay chiqib ketishdi. Xotinim ularni kuzatib qaytib kelganida men hamon xo-xolab kulardim…

Muzaffar Muhammadnazar. 2004 yil.

 

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.