Qo’sh qanotsiz qush parvozi
Hayotda kimdir kimningdir ta’sirida yohud kimningdir turtkisi bilan o’z o’rnini topadi. Kimningdir muhabbati, kimningdir muruvvati sabab ulg’ayadi, voyaga yetadi, el-yurt e’tiboriga tushadi. Ota-onaning borligi farzandlarning boyligidir. Xuddi shu ma’noda, ota-ona farzand uchun qo’sh qanot. Lekin ba’zan taqdir kimlargadir shu baxtni darig’ tutadi. Farzandlari bolaligidayoq ota-onalari dunyoni tark etadi. Ular yetimlikda hayot muammolariga duch kelishadi, barcha qiyinchiliklarni yengishga intilishadi. Hayot so’qmoqlari, turmush zarbalari ularni chiniqtiradi.
“Yelkamdagi qush” deb nomlangan dramatik film ota-onasidan yetim qolgan aka-singil Maqsadbek va Nazira Ahadovalarning boshidan kechirganlari haqida. Mohiyat-mazmuni bilan ta’lim-tarbiya va mehr-oqibatning inson hayotida, kamolotida tutgan o’rni borasida hikoya qiluvchi ushbu filmning bosh postanovkachi rejissori Olim Sulaymonovdir. Bu film iqtidorli yosh rejissor Olim Sulaymonovning birinchi filmi emas. U bu filmga qadar “IQTIDOR” video studiosi tomonidan suratga olingan “Qora ilon” va “Begona” nomli o’tkir siujetli badiiy filmlarning ham bosh rejissori edi. Bu filmlar uning rejissorlik mahoratini oshishida zinapoya rolini o’ynadi desak, mubolag’a bo’lmaydi.
Ushbu film o’z singlisiga mehribonlik tuyg’usi ustun bo’lgan, singil uchun xonumonidan, kerak bo’lsa jonidan kechishga tayyor bo’lgan akaning fidoyiligi va jonbozligi haqida. Aka o’z singlisiga ota-ona bera olmagan mehrni beradi. Uni qalblarga malham, dardlarga darmon bo’luvchi tibbiyot xodimi, bosh vrach bo’lib yetishishida muhim rol o’ynaydi. Filmda aka Maqsadbek rolini G’ayrat Boymirzayev, singil Nazira rolini esa Shodiya To’xtayevalar mahorat bilan ijro etishgan. G’ayrat Boymirzayevning taniqli aktyor va rejissor Ma’ruf Otajonov suratga olgan “Ota” nomli badiiy film orqali kino muxlislari juda yaxshi tanishadi. Taniqli san’atkorlarimizdan Shodiya To’xtayeva, Nargiza Abdullayevalarning, rassom Abbos Abduvahobov, postanovkachi operator Xurshed Jumayev, film prodyusseri Ilhom Ochilovlarning hissalari, aytish joizki, filmning muvaffaqiyatli chiqishida o’z ulushlari bor. Shuningdek, filmda “Karavan” studiyasi, “Jayron” bolalar teatri, Salon-1 stilistlari, NBK-studiyalarining alohida xizmatlari ham e’tiborga molikdir.
Maqsadbek Nazira uchun qo’shqanot bo’ldi. Singilning parvozi yuksaldi. Jon talvasasida yotgan akasiga singilning “Akajonim, sizni yaxshi ko’rardim, lekin sizning yaxshiligingiz menikidan ham cheksiz ekan” mazmunidagi yurak so’zlari inson vujudida titroq uyg’otmasdan qo’ymaydi. Bu jarayonni his etish uchun filmni albatta, diqqat bilan tomosha qilish kerak. U sizga ma’naviy ozuqa beradi, ruhiy ehtiyojingizni qondiradi. Film ijodkorlarining ishonchi qat’iy.
Keling, yaxshisi, “Yelkamdagi qush” dramatik filmini tomosha qiling. Zavqlaning, o’zingiz baho bering.
Film premyerasi 5 – yanvar kuni Kinochilar uyida soat 17.00. da, Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda esa xuddi shu kuni soat 18.00.da bo’lib o’tadi. 6 – yanvardan esa kinoteatrlarda to’la namoyish etila boshlanadi.
Marhamat, tomosha qiling.