Ibrat va iftixor maktabi
Shunday insonlar bo‘ladiki, ularning hayoti ibrat, o‘zlari ham, so‘zlari ham o‘rnak bo‘ladi. Ulardagi ilohiydan berilgan yuksak boshqarish madaniyatiga havas qilasan kishi. Ularning tiynatida olimlik va odamiylik fazilatlari o‘zaro uyg‘un bo‘ladi. Ta’limni ham, tarbiyani ham, muomala va muloqotni ham o‘z joyiga qo‘ya oladi. Hayot yo‘li butun bir jamiyatimizning qalbu qiyofatini o‘zida aks ettira oladi. SHu haqda so‘z ochsam, beixtiyor ko‘p yillar mobaynida ta’lim va tarbiya tushunchalarini taqdiriga aylantirgan, ta’lim tizimida uzoq yillar rahbarlik lavozimlarida ishlab kelgan Risboy Haydarovich Jo‘raevni eng avvalo, tilga olaman. E’zozli ustozimiz qutlug‘ yoshlarga etgan bo‘lsalar-da, ular hamon ilk safda, shogirdlariga o‘rnak va saboq maktabi bo‘lib kelmoqdalar.
Insonni bilish, tanish va undagi iste’dodni tan ola bilish, yordam qo‘lini cho‘zish kamdan-kam ustozlarga nasib etadi. Har qanday ishni puxta va havas qilsa arzigulik qilib ado etishni ma’qul ko‘radilar. Olim aniqlik va reallikni xush ko‘rishini qayta-qayta takrorlaydilar. Talabchanlik, prinsipiallik, inson tuyg‘ularini his etish, jamoadoshlariga muruvvatli va muhabbatli bo‘lish kabi fazilatlar ustozga umrlari mobaynida hamroh bo‘lib kelayaptiki, bu hamisha insonning e’zozu ehtiromda bo‘lishiga asosdir.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari (injenerlari) institutining bitiruv kursida o‘qirdim. Diplom ishlari himoyasi avjida. Hamma muvaffaqiyatli o‘tish uchun elib yugurgan, kutubxonada kitob titish bilan band edilar. O‘shanda men institut yoshlar tashkilotining rahbari edim. Bizning fakultet talabalari ham davlat imtihonlarini topshirishga shay edilar. Hamma hayajonda, ko‘pchilik cho‘chib turishardi. Negaki, davlat imtihon komissiyasi raisi sifatida o‘ta talabchan inson kelganmish. Bilim darajang ko‘ngildagidek bo‘lmasa, o‘tolmasdan “yiqilishing” tayin deb qo‘rqib, hayajonlanib turganlar ham talaygina. O‘sha paytda hammani hayajonga va qo‘rquvga solgan domla DIK raisi Risboy Haydarovich Jo‘raev edilar. Barcha qatori meni ham chaqirib qolishdi. YUrak yutib hayajondan hapqirib kirib bordim. Savollarga javob berishimni zimdan kuzatib turgan rais komissiya a’zolariga nimadir degandek bo‘ldilarda, keyin ovozlarini balandlatib, ularga qarab “bu yigitni institutda olib qolish kerak, undan yaxshi mutaxassis chiqadi, uning kelajagi bor ko‘rinadi,” — dedilar. SHu-shu bo‘ldi-yu, faoliyatim poytaxt bilan bog‘lanib qoldi. Talabalik davrlarimni eslab, onda-sonda diplomimni qo‘limga olgan paytlarimda DIK raisi degan joyda Risbek Haydarovichning imzolarini ko‘rib g‘ururlanib ketgan damlarim ko‘p bo‘lgan. Keyinchalik, yoshlar shahrining hokimi bo‘lib ishlagan paytlarimda, hurmatli Prezidentimizning e’tiborlariga tushib, ularning qo‘llaridan “SHuhrat” medalini olganimda ham ustoz o‘gitlari yodimda turdi. Keyinchalik, to‘y-hashamlarimda ham ustozning o‘zlari kelib bosh-qosh bo‘lib, davrani ochib berganlar. Ustozning mehri iygan shogirdlaridan bo‘lganim uchun mamnunman.
To hanuz ustozning ushbu so‘zlariga amal qilib kelaman, hayotiy faoliyatim davomida bu o‘gitlar menga hamon asqotib keladi. “Hayotda parranda va darrandalarining ham, bandalarining ham o‘z o‘rni bor. Odamzot ongli mavjudot, u bularni aql bilan idrok etishi kerak. Inson qalbi qildan ham nozik. Tadbir o‘tkazishmi, yoki biron bir sharaflash kechasimi har kimning o‘z xizmati va hurmatini bilish kerak. SHunga yarasha hurmat ko‘rsatish, ehtiromini o‘z joyiga qo‘yish kerak. Aks holda, diliga ozor etishi mumkin. Jamoada odatda, ijrochi va ijodkor xodimlar bo‘ladi. ularning o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ish tutsang, hech qachon qoqilmaysan. Tashabbuskorlikni hamma ham qila olishi mumkin, lekin tashkilotchilikni hamma ham eplab bilmaydi.” Ustozning bu maslahatlari men uchun dasturulamaldir.
U inson kimga, qachon, qaerda, qanday qilib va qancha gapirishni bilishlari bilan meni hamon hayratga soladi. YOdimda, xalq ta’limi tizimida ishlardim. Ishim kasb-hunar ta’limi kollej va litseylardagi tahsil jarayoni bilan bevosita bog‘liq edi.
Mening faoliyatim bilan tanishgan bo‘lsalar kerakki, irrigatsiya yo‘nalishida tahsil olgan bo‘lsam-da, pedagogik ta’lim yo‘nalishida ilmiy ish qilishing kerak, — deb qoldilar. Bir kun kelib fanlarning integratsiyalashuvi zamon talabi bo‘ladi, — degan fikrlariga asosan bugungi ta’lim jarayonida fanlararo integratsiyalashuv dolzarb mavzu bo‘lganligi meni taajjubga soladi. Ustozning mutaxassisligi injener-gidroenergetik bo‘lsa-da, ko‘p yillik izlanish va intiluvchanlik, ko‘p qirrali ilmiy salohiyat texnika va pedagogikani umumlashtira olgan. Mustaqillikka qadar O‘rta Osiyo Irrigatsiya ilmiy tadqiqot markazida texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga, 1995 yilda esa pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lganlar. Rossiya kasbiy texnika ta’limi ilmiy-tadqiqot institutida bu darajaga ega bo‘lish fan va ta’lim, soha mutaxassislarining e’tiboriga tushish uchun yuksak iste’dodga ega bo‘lish zarur edi. SHubhasizki, ustozimdagi bu ma’naviy jasorat ularning tabiatida bor bo‘lgan.
1996 yildan buyon professor ilmiy unvoniga ega bo‘lib kelish asnosida biz singari juda ko‘plab shogirdlariga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq va maslahatlar berib kelmoqdalar. Ularning umr yo‘liga birrov nazar tashlayman. Qaerda va qanday vazifada ishlamasinlar, munosabatdagi samimiylik, talabchanlik, boshqarishdagi jonkuyarlik va fidoyilik hamon meni rom etadi.
Respublika ta’lim tizimidagi yuqori lavozimlarda, mas’uliyatli vazifalarda ishlash ustozdagi tajriba va malakaning yanada oshishiga xizmat qilgani rost. Mas’uliyat hissini chuqur idrok etgan, majburiyat burchini tushungan insonlar uchun uncha-muncha mashaqqatli dovonlar pisanda emas. CHunki, ular to‘g‘riso‘zligi va metindek irodasi bilan barcha hayot dovonlaridan oshib o‘ta olish iste’dodiga egadirlar. SHu o‘rinda shoirning beixtiyor ushbu misralari yodimga keladi:
“Umr davomida ko‘pdir dovonlar,
Undan ustun kelar mard-u maydonlar,
Hali ko‘pdir ushalmagan armonlar,
Sabot ila engar oqil insonlar”.
Ilmu fanga fidoyilik, ta’lim tizimiga rahnamolik qilish ishtiyoqi bugungi kunda ham ustoz faoliyatini chegaralagan emas, umumiy pedagogika, pedagogika ta’lim tarixi mutaxassisligidan doktorlik va nomzodlik himoyasi bo‘yicha maxsus kengashga raislik qilgan paytlarida ham yosh olimlar va tadqiqotchilarga xolis, beminnat yordam berib, o‘z xizmatlarini darig‘ tutmaganlar.
Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimovning o‘z hayotlari va faoliyatlari mobaynida, xalq bilan uchrashuvlarida qayd etgan fikrlari, chizgilari jamlangan “Vatan va xalq mangu qoladi” kitoblarini varaqlarkanman, ushbu hikmatlarni qayta-qayta o‘qimasdan, uqmasdan iloj yo‘q: “YAngicha fikrlovchi kishilarni tayyorlamasdan, tarbiya qilmasdan o‘z oldimizga qo‘ygan vazifa va maqsadlarni ro‘yobga chiqara olmaymiz. Ta’lim va tarbiya tizimini tubdan o‘zgartirmasdan turib, odamlar ongini, demakki, ularning turmush tarzini ham o‘zgartirish mumkin emas. Ilmu ma’rifat insonni yuksaklikka ko‘taradi. Ma’rifat ma’naviyatga olib boruvchi yo‘ldir.”
Ustoz ana o‘gitlarni birinchilardan bo‘lib, majburiyat burchi o‘rnida qabul qilib, amalda qo‘llashga kirishganlardan desam xato bo‘lmaydi. Bu talablarni anglash va idrok etishni shogirdlariga ham uqtirish Risboy Haydarovichning doimiy ilmu amalidir. Aslini olganda, yarim asrga yaqin ta’lim sohasida faoliyat yuritish katta matonat, ma’naviy jasoratdir. Ayniqsa, kadrlar tayyorlash milliy dasturi ta’lim sifatini ko‘tarish va amaliyotga tadbiq etish bo‘yicha qator ishlarni amalga oshirganlari tahsinga sazovordir. SHuningdek, fan va ta’limni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini yaratishga qaratilgan ishlarda bosh-qosh bo‘lganlar. Ta’lim standartlarini ishlab chiqish va modernizatsiyalashda, umumiy o‘rta va kasbiy ta’lim yo‘nalishida darsliklar va qo‘llanmalar yangi avlodini yaratishda, ularni tanlash va amaliyotga tadbiq etishda jonbozlik ko‘rsatganlar. Ta’lim sifatini oshirish, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini tadbiq etish yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratishga qaratilgan faoliyatlari ayniqsa, diqqatga sazovordir.
Tadqiqotchi olimlar va amaliyotchi o‘qituvchilar bilan hammualliflikda monografiyalar, darsliklar, shuningdek matematika, fizika va boshqa o‘quv predmetlaridan elektron darsliklar va multimedia o‘quv qo‘llanmalari jumladan, maktablar uchun elektron interaktiv doska yaratishdagi xizmatlari alohida e’tirofga loyiq. Ustozning shu paytgacha yaratgan o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy-amaliy yo‘sindaki yigirmadan ortiq monografiya va qo‘llanmalari ilmiy pedagogik, fan-ta’lim mutaxassislarining e’tirofi va e’tiboriga sazovor bo‘lgan. Besh yuzga yaqin nashr ishlarining mavjudligi, ularning bevosita rahbarligida 6 nafar doktorlik va 12 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingani ahamiyatlidir.
Ustozning ushbu xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlangan bo‘lib, bugungi kunda bir qator orden va medallari ustoz ko‘ksini bezab turibdi.
Ustoz ayni damda o‘z sulolasining yoshi ulug‘i, oilaparvari, nevarayu chevaralarining maslahatgo‘y, piru badavlat bobojonisidir. Respublikamizda shunday shajaralar borki, ularning butun avlodi O‘zbekistonimiz tarixida muhim va muqim o‘rin tutadi. Jo‘raevlar avlodi ham ana shunday sulolalardandir. Jo‘raevlardan fan-ta’lim, iqtisod, tibbiyot, ma’naviyat, huquq, sport va madaniyat sohasida ko‘zga ko‘rinarli rahbarlar etishib chiqqanligi ham faxru iftixorimizdir. Bugungi kunda Haydar boboning 27 ta farzandi ahillik bilan elu yurtimiz manfaati yo‘lida ulug‘ va qutlug‘ ishlarga kamarbasta. Ularning hammasi bosh maslahatgo‘y sifatida Risboy Haydarovichdan cheksiz minnatdordirlar.
Bosiq, mulohazakor, fidoyi olim Risboy Haydarovich hamon kuch-g‘ayratga to‘la. Biz ularning o‘zlari kabi mustaqilligimiz fan ta’limi taraqqiyoti uchun ko‘plab fidoyilik namunalarini ko‘rsatishlariga ishonch bildiramiz. Men ustozni soya va meva beruvchi serhosil daraxtga qiyos qilgim keladi. Ba’zilar daraxtga chiqib, mevalarini terib, qorinlarini to‘ydirib ketishadi, ba’zilar esa uzun xoda bilan mevalarini erga to‘kib qorinlari va etaklarini ham to‘ldirib ketishadi. Daraxt ularga e’tibor bermaydi, keyingi yil yana beminnat, durkun hosil beraveradi.
Rahbarlikning qo‘sh qanoti bor, nazarimda. Bu tashabbuskorlik va tashkilotchilikdir. Qolaversa, etuk boshqaruv madaniyatining muhim omillaridan biri ham shu. Davriy muammolarga yuksak bilim va intellektual salohiyat bilan javob bera olmagan rahbarni bugun tushunish qiyinligini globallashuv zamonining o‘zi ko‘rsatmoqda. Xuddi shu ma’noda, ayniqsa, ayni damlarda rahbarlik matonatni, chinakam jasoratni talab etmoqda. Prezidentimizning yuqorida nomlari keltirilgan asarlarida bu borada ham ibratli mulohazalar bor: “Inson uchun xalqning ishonchi, mehru muhabbatiga sazovor bo‘lishdan ortiq baxt yo‘q. Rahbarlik lavozim, mansab emas, avvalo odamlarga xizmat qilishdir. YAxshi mutaxassis bo‘lish mumkin, lekin yaxshi rahbar bo‘lish qiyin. Rahbarlikning alohida maktabi yo‘q, rahbar degan, etakchi degan ko‘p narsalarni hayotdan, oddiy odamlardan o‘rganishi kerak. Rahbarlikning eng buyuk mezoni adolat. Har doim va hamma joyda birinchi rahbar ibrat va namuna bo‘lmog‘i kerak.”
Ibrat va iftixor manbaiga aylanish xalqimiz baxtu iqboli yo‘lida, uning buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish bilan barobar ekanligini bugungi hayot yaqqol ko‘rsatib turibdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, bu esa eng oliy saodatdir.
Xuddi shu ma’noda, Risboy Haydarovichning ta’limiy-tarbiyaviy ozig‘i istiqlol nuridan to‘yingani uchun, istiqbolga qat’iy ishonch va sobitqadamlik bilan tashlangan qutlug‘ qadam bo‘lgani bois barkamol avlodni, intellektual yoshlarni iqbol sari, buyuk kelajak sari chorlayveradi.
Ro‘zimurot CHORIYEV
Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent