Sahnaviy nutq va notiq nutqi ta’sirchanligi hamda poetik xususiyatlarining namoyon bo‘lishida innovatsion texnologiyalarning mohiyati
(The essence of innovation technologies in appearing poetic features and the influence of orator speech, scene speech.)
Rahimboy Jumaniyozov.
Filologiya fanlari nomzodi, “Sahna nutqi” kafedrasi dotsenti
Annotatsiya
Innovatsiya, pedagogik texnologiya, interaktiv metodlar, kommunikatsiya kabi so‘z va so‘z birikmalari ta’limning deyarlik barcha yo‘nalishlariga kirib borganligi quvonarlidir. Bulardan ko‘zlangan maqsad zamon bilan hamqadamlik va yangiliklarni, ilmiy-nazariy ma’lumotlarni ta’sirchan, tez va oson etkazish muammolarini hal etishdir. Ta’lim-tarbiya ta’sirchanligi taraqqiyotning talabigina bo‘lib qolmay, balki bilim olish, intellektual salohiyatni oshirish, o‘zlashtirish darajasining yuksalishi bilan ham belgilanadi. Ushbu maqolada sahnaviy nutq va notiqlik san’atining o‘ziga xosligi, aktyorlik mahoratini shakllantirishda innovatsion texnologiyalarning o‘rni masalasiga munosabat bildiriladi.
Na sovremennom etape v sistemu obrazovaniya vplotnuyuvoshlitakie ponyatiya kak innovatsiya, pedagogicheskaya texnologiya, interaktivnыe metodы,kommunikatsiya eti ponyatiya dayut vozmojnost jit i rabotat v nogusovremenem, poluchat nauchno-teoreticheskuyu informatsiyu bыstro i legko reshat problemnыe situatsii. V state osoboe vnimanie udelyatsya osobennostyam iskusstvu rechi texnologiya rechi na ssene i roli innovatsionnыx texnologiy v razvitii aktyorskogo masterstva.
Nawadays conceptions such as innovation, pedagogical technology, interactive methods, communication are become part of education system. They give the opportunity to be up-to-date, to get scientific-theorotical information, to solve problems quickly and easily. This article focuses on the peculiarities of scene speech( speech technologies of scene ), features oratory and the role of innovation technologies in the developing of acting technique.
Taraqqiyotning talabi zamonaviylik va yangilikka intilish bilan ekani ma’lum. Barcha jabhalarda bo‘lgani singari madaniyat va san’atning ravnaqi ham ana shu mezonlarga tayanadi. Hozirgi kunda innovatsiya, pedagogik texnologiya, interaktiv metodlar, kommunikatsiya kabi so‘z va so‘z birikmalari ta’limning deyarlik barcha yo‘nalishlariga to‘la kirib borganligi quvonarli holdir. Bulardan ko‘zlangan maqsad zamon bilan hamqadamlik va yangiliklarni, ilmiy-nazariy ma’lumotlarni ta’sirchan, tez va oson etkazish muammolarini hal etishdir. Ta’lim-tarbiya ta’sirchanligi taraqqiyotning talabigina bo‘lib qolmay, balki bilim olish, intellektual salohiyatni oshirish, o‘zlashtirish darajasining yuksalishi bilan ham belgilanadi. Prezidentimiz I. A. Karimov ta’kidlaganlaridek, “YUksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim shartidir.” 1
SHubhasizki, barqaror taraqqiyot va modernizatsiyaning tub mohiyati ham ta’lim-tarbiya ta’sirchanligiga borib bog‘lanadi. Bu esa novatorlikni ya’ni, yangilikka intilishni, interfaol usul va uslublarni istifoda etishni, turli innovatsion va axborot kompyuter texnologiyalardan foydalangan holda ta’lim ta’sirchanligi, samaradorligi va sifatini oshirishga erishishni taqozo etadi.
“Jahondagi eng ilg‘or ma’rifiy uslublardan bittasi “pedagogik texnologiya”dir” deb yozadi Bo‘ri Ziyomuhammadov “Komillikka eltuvchi kitob” asarida.2 Demak, pedagogik texnologiyaning mazmunini bilish, darslarning yangi loyihalarini tuzib chiqish uchun ta’lim-tarbiya sohasidagi yangiliklar va ularning tashkiliy masalalarini to‘laligicha anglab etish, har qanday pedagogning faoliyatida pedagogik texnologiya uslublari markaziy o‘rinda turishi zarurligini bugungi ta’lim jarayoni talab etmoqda.
“Nazariya quruqdir do‘stim, ammo yashnar hayot daraxti”. Bu ibora Y. V. Hyotening “Faust” tragediyasidagi Mefistofel tilidan keltiriladi. Ushbu fraza ildiziga nazar tashlaydigan bo‘lsak, har qanday nazariya amaliyot bilan uyg‘unlashmas ekan, hayot mohiyatini anglash va anglatish, tushunish va tushuntirishdan ma’no yo‘q deganidir.
YUqoridagi mulohazalar “Sahna nutqi” fanini o‘qitishdagi, innovatsion texnologiyalarni qo‘llashdagi ta’limiy jarayon bilan chambarchas bog‘liq. Nazariy ma’lumotning kuchi uning amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unligidadir. O‘z fanini nazariy jihatdan chuqur bilib, uni amaliyotda qo‘llay olmaslik holati mantiqsizlikdir. Afsuski, ba’zi ta’lim muassasalarida bu holatning mavjudligini inkor etish qiyin. SHuning uchun ham, har ikkalasiga ajratiladigan soatlar taqsimotida ana shu me’yor va muvozanatni saqlash foydadan xoli emas.
————————————-
- I.Karimov. Xalqaro simpozium materiallari. 2012 y. 16-17 fevral.
- B.Ziyomuxammadov. “Komillikka eltuvchi kitob”, “Turon ikbol” nashriyoti, 2006 yil, 39-bet.
Praktiklar iborasi bilan aytganda, “avtomobilni uyida saqlab, har kun atrofini bir necha bor aylanib qo‘yish emas, undan maqsad uzoqni yaqin qilish uchun uni haydash, boshqarish”zarurdir.
Auditoriyada nazariy ma’lumotlarni umumiy tarzda o‘tish mumkin, lekin amaliyot jarayonini yakka holda o‘tkazish, individual shaklda olib borish foydadan xoli emas. CHunki, ma’lumotni o‘zlashtirish va uni amalda qo‘llash har kimda har xil tarzda kechadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, “basharang qiyshiq bo‘lsa oynadan o‘pkalama”, degan naqlni keltirish o‘rinlidir. Sababi har bir o‘quvchi o‘z nutqi ustida ishlashi, uni nazorat qilishi uchun o‘zini kuzatishi, so‘zini tinglashi zarur. Bu esa so‘zi, o‘zi va yuzidagi ifodalarni ko‘rishi, xatti-harakat va holatlarning ularga muvofiqligini anglabgina qolmay, balki uni nazorat qilishi ham muhimligini bildiradi.
Bunda audio va video vositalaridan foydalangan holda ish tutish maqsadga
muvofiqdir. Muayyan matnni ifodali o‘qish va uni qayta ijodiy hikoyalash mahoratini kuzatish, baholash orqali nutq texnikasi tekshiriladi. Muayyan adabiy til normalariga amal qilgan holda talaffuz qoidalariga amal qilinishi nazorat qilinadi. Har bir talaba o‘zi ko‘rgan, eshitgan va bilgan narsasini aytib berish jarayonida bir qator qiyinchiliklarga duch kelishi tabiiy. Bu usulda uning nutqidan tashqari fikrlash qobiliyati va mantiqiy mushohada yurita olish iste’dodi ham nazardan o‘tkaziladi. Nutq va fikr ishqipechak guldek bir-biriga chirmashib keladi. Bu esa o‘ylov va so‘ylovning uyg‘unligini anglatadi. Notiqlikda bir muncha erkinlik bo‘ladi. So‘z tanlash uni aytish ohangida o‘ziga xoslik bo‘lishi tabiiy. Yirik munaqqid V.G.Belinskiy, matn mazmuni va mantiqiyligi borasida fikr yurita turib, gap nimada degan savolga shunday javob beradi: “Gap so‘zdayam emas, fikrdayam emas, balki gap ohangdadir.” CHunki, ohangda munosabat, murojaat tarzi, antipatiya va sinpatiya shundoqqina sezilib turadi. Sahna nutqi fanida birinchi o‘ringa ijro chiqsa, notiqlikda esa ijod turadi. Sahnaviy nutq matn mazmunidan chekkaga chiqmaslik, harf, tovush, so‘z va gaplarni deyarlik o‘zgartirmasdan me’yoriy qoidalari bo‘yicha talaffuz qilishni talab etadi. Notiqlik san’atida esa bir muncha erkinlik, matnning o‘zidan ko‘ra unga bo‘lgan munosabat va matn asosida tug‘ilgan mulohazalarni ta’sirchan ifoda etishga moyillik kuchli bo‘ladi. Har ikkalasida ham tasavvur, taassurot va tafakkur etakchilik qilishi tayin. Aktyor shunchaki ijrochi emas, balki o‘z rolini ruhan idrok etishi, o‘zining qalb prizmasidan o‘tkazishi va tahlil eta bilishi bilan xarakterlanib turadi. Sahnaviy nutq va notiq nutqi ijro etiladigan joyi bilan ham ajralib turadi. Aktyor muayyan sahnaviy dekoratsiyalar bilan bezangan joyda turli xil personajlar bilan munosabatga kirishadi. Notiq esa minbar oldida jamoa bilan yuzma-yuz turib nutq irod qiladi.
Demak, nutqning va xatti-harakatning muvofiqligini tekshirish uchun audiovizual vositalar o‘rnatilgan bo‘lishi zarur. Tasavvur qiling. Talaba keldi, matndagi so‘z va jumlalarni o‘qishga tutindi.
U oldin o‘z ovozini ohanrabo tasmaga, yoxud magnitofonga yozib tinglamagan bo‘lsa, eshitgani hamonoq, dovdirab qoladi. CHunki, u o‘z ovozini nazorat qila olmaydi. Sababi unga eshitilayotgan ovoz bir muncha “notanish”dir. O‘z ovozini eshitgan zahoti ovozidan ijirg‘anmagan odam topilmasa kerak. Qayta-qayta eshitaverganingizdan so‘ng o‘z ovozingizga ko‘nikish hosil qilasiz. Siz ilk bor o‘zingizni tinglaganingizda taajjubga tushganingizning boisi so‘zlaganingizda ovoz to‘g‘riga yo‘naltiriladi, natijada sizga eshitiladigan og‘iz bo‘shlig‘idan quloqlarga etib boradigani “aldamchi” ovoz bo‘ladi. Demak, aytar ovoz emas, balki, qaytar ovoz siznikidir. Talabalar esa ovoz yozish va eshitish jarayonini ko‘p marotaba bajarishi lozim. Toki, o‘z ovozini eshitib, ko‘nikib, uni nazorat qila oladigan bo‘lsin. Ana shu jarayondan keyingina orfoepik artikulyasion mashqlarni to‘la va to‘g‘ri bajarishga o‘tish maqsadga muvofiqdir.
Nutqning aniqligiga, talaffuzning tiniqligiga erishish, yutuq va kamchiliklarni anglash, ularni tuzatish uchun tinimsiz mashqiy jarayonni amalga oshirish kerak. Dastavval, har bitta talabaga berilgan matnni qanday o‘qishi tekshiriladi. Nazmiy yoki nasriy matnni o‘qishida uning o‘z tushunchasi aks etadi. YA’niki, kimning qanday o‘qishi uning shunday tushunishidir. Navbatma-navbat boshqa talabalarga o‘tishdan oldin matnni ifodali o‘qib, uning mazmunini so‘zlab bergan talabaga xos bo‘lgan nutqiy yutuq va nutqiy nuqsonlarni aniqlash jarayonini amalga oshirish talab etiladi. Har biri o‘z nuqtai nazarini kuzatuvlari asosida bayon etishadi. SHu yo‘sinda kamchiliklar aniqlanadi. CHunki, aksariyat talabalar turli viloyatlardan bo‘lib ular nutqida mahalliy sheva unsurlari sezilib turadi. Adabiy til me’yorlariga rioya etishlari uchun mashaqqatli mashqiy jarayondan o‘tishlari kerak. Bu esa uzluksiz va muntazam ravishdagi izlanish va takroriy mashqlar bilan hal etiladi. Talabalarning nuqsonlari bilan o‘qilgan ovozli matnlari saqlab qo‘yilishi, imkoni bo‘lsa, o‘zlariga ko‘chirib berilgani ma’qul. Toki, ular o‘z kamchiliklarini bilib, tugatsinlari uchun. So‘ng taqdim etilgan she’riy yoki nasriy matnning taniqli va tajribali suxandon yoki aktyorlar ijrosida o‘qilgan ovozli variantini ularga qo‘yib berish ham bu borada ancha samara berishi haq. To‘g‘ri, did bilan dillashish mushkul. Hammaning o‘z qarashi, didi va baholash mezoni bor. Lekin shuni yodda tutish zarurki, matn mazmuni, so‘z ma’nosi qanday o‘qishni ko‘rsatuvchi yo‘llanmadir.
Talabalarda har bir matnga, hattoki, so‘zga munosabatni, unga tanqidiy va tahliliy qarashni shakllantirish yo‘llarini izlash kerak. Buning uchun axborot texnologiyalaridan, internetdan foydalana olish ko‘nikmasini hosil qilishga erishish lozim. Mavzuga daxldor ma’lumotlarni olish va ularni “Power pount” dasturiga, ayni paytda matn va tasvir bilan birgalikda audio hamda videolavhalarni joylashtirish, kerakli o‘rinda qo‘llashni bilish ham ahamiyatlidir. Ma’lum bir asarlarning teatr va kino variantlarini o‘zaro muqoyasa qilish orqali fikr yurita olishlari ham muhimdir. Televidenie yoki radio boshlovchilarining muallifligida efirga uzatilgan ayrim ko‘rsatuv yoki eshittirishlarning maqsad-mazmunidan kelib chiqqan holda boshlovchilar nutqini tahlil qilish tajriba almashish borasida keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Notiqlikda so‘z qo‘llash mahorati borasida so‘z ketganda, notiq nutqida uch bosqich amalga oshiriladi. Bu topish, tanlash, va qo‘llashdir. Topish notiqning so‘z boyligiga daxldor bo‘lsa, tanlash didi, saviyasiga, qo‘llash esa uning mahoratiga tegishlidir. Topish til boyliklaridan, sinonimlardan qanday foydalana olishingizga mezon bo‘lsa, tanlash psixologik, etik va estetik normalarga amal qilish zaruratini bildiradi. Qo‘llash esa og‘zaki yoki yozma ravishda bo‘ladi. Siz tinglovchi yoki tomoshabin bilan yuzma-yuz bo‘lasiz. Aytilgan so‘z otilgan o‘qdek keta boshlaydi. Zal yoxud auditoriyada o‘zingizni, so‘zingizni, yuzu ko‘zingizni jamoaga roslaysiz, xoslaysiz, moslaysiz. Aks holda, fikr ommaga etib bormaydi, maqsad to‘g‘ri yo‘naltirilmagan bo‘ladi. Jamoaga etkazmoqchi bo‘lgan fikringiz, oliy maqsadingiz strategiya bo‘lsa, uni amalga oshirish bilan bog‘liq usul va yo‘llar esa taktikadir. Har qanday taktik harakat strategik maqsad bilan ekanini yodda tutish mohiyatlidir. Vaziyatga, omma kayfiyatiga qarab taktikani almashinib turishini e’tibordan soqit qilish yaramaydi. Nutqning jonli, ta’sirchan va aniq ifodalashga intilish, ya’ni, ijro mahoratiga erishish ahamiyatli.
Notiqning nutqiy jarayoni uch bosqichli bo‘lsa, sahna nutqida esa ikkita bosqich amalga oshiriladi. Bu yodlash va aytish. Matn turg‘unligi aktyorning erkin harakat qilishiga imkon bermaydi. U ta’bir joiz bo‘sa, jilovlangan ot kabidir. To‘g‘ri, aktyor matn mazmuni va ruhidan kelib chiqqan holda, ba’zan improvizatsiyaga yo‘l qo‘yishi mumkin. Lekin, me’yordan oshib ketishi ma’qul ko‘rilmaydi. Aktyor quvvai hofizasi va so‘zlarni aniq, jozibador, ta’sirli ayta olishi bilan notiqlarga ibrat bo‘ladi deyish mumkin. CHunki, ularda ovoz, nafas mashqlari, til, tish, burun, lab, jag‘ kabi nutq a’zolarining maromli, me’yoriy harakatlari qayta-qayta ishlanib takomillashgan bo‘ladi.
Notiq ham, aktyor ham, boshlovchilar ham o‘zini ko‘zguda ko‘rib pardoz-andozini joyiga keltiruvchi mashshota singari o‘zini eshitib, jamoa nigohi bilan o‘zini ko‘rmasa maqsadi ro‘yobga chiqmasligi tayin. SHubhasizki, bu jarayon audio, video texnik vositalarisiz, aniqrog‘i, axborot kommunikatsion texnologiyalarisiz to‘la va ta’sirchan tarzda amalga oshmaydi. Zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalar kompyuter texnikasi, audio va videotasmalar, multimediya, test savollari va tarqatma materiallardan foydalanilgandagina ta’limning mazmuni va samaradorligi haqida so‘z bo‘lishi mumkin.
Sahna nutqi fanini o‘qitishdagi innovatsiyalar modulining muhim vazifasi ham shu asosda sahna nutqi modulini o‘qitish hamda amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishdir.
YUqoridagi mulohazalardan kelib chiqqan holda, xulosa o‘rnida shularni qayd etish mumkin. Innovatsion texnologiyalarni o‘rinli qo‘llash quyidagi qulaylik va imkoniyatlarni beradi.
- Ko‘rish va eshitish organlari orqali ma’lumot mohiyatini bilish, anglash va idrok etish;
- Matnning ta’sirchanligi va mazmuni jihatdan samaradorligiga erishish;
- Keng va katta hajmli informatsiyani qisqa va ixcham shaklda akslantirish;
- Ma’lumotni turli chizmalar, matn, tasvir, ovoz va videolavhalar orqali tomoshabin ko‘z o‘ngida jonlantirish;
- Notiq yoki aktyor o‘z-o‘zini kuzatishi, to‘g‘rilashi, nazorat qilishi uchun imkoniyatlarning mavjudligi;
- Bo‘lajak notiq yoki aktyorlarni faollashtirish, o‘z ustida ishlash, bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularning diqqat e’tiborini kuchaytirish va qiziqishlarini oshirish;
- Ma’lumotlarning uzoq muddat xotirada saqlanishiga erishish va internet vositasida boshqa manzilga jo‘natish yoki qabul qilish;
- Sahna nutqi, xususan so‘z san’ati ijrochiligida har tomonlama mukammal ijro mahoratiga ega bo‘lishga zamin hozirlashni ko‘zda tutadi.
SHu o‘rinda ta’lim-tarbiya ta’sirchanligi taraqqiyot talabi bilan bog‘liqligi borasida ba’zi mulohazalarni o‘rtoqlashish ham sahnaviy nutq va notiq nutqining xarakterli jihatlarini oydinlashtirishga xizmat qilishi aniq. Qaysi fan, qanday o‘quv predmeti bo‘lmasin, o‘qituvchi oldida muhim bir muammo turadi. Bu o‘z mavzusini, fanini o‘quvchiga etkazish aniqrog‘i, uning ongu shuuriga singdirishidir. Xoh tabiiy, xoh ijtimoiy fan bo‘lsin, o‘qituvchi o‘z sohasining etuk bilimdoni va mohir ustasi bo‘lishi zarur. Fan haqidagi nazariy ma’lumotlarni qiziqarli yo‘sinda etkazish jarayonida bir qancha muammolar borligini inkor etib bo‘lmaydi. Tasavvur qiling, pedagog o‘z mavzusini to‘la o‘zlashtirgan bilimli shaxs, shu xususda bir qancha kitoblar muallifi ham deylik, lekin unda bilimlarini, fikrini ommaga etkazish, tushuntirish borasida malaka, tajriba, ko‘nikma hosil qilinmagan bo‘lsa, maqsad to‘la amalga oshmaydi. SHuning uchun ham o‘qituvchidan bu borada tinimsiz mehnat, mashaqqatli mashq va izlanish, tashabbus va tashkilotchilik talab etiladi. Zamon bilan hamnafas va hamqadam odimlash ma’naviyat targ‘ibotchisidan yuksak mas’uliyatni va majburiyatni talab etadi. Bugungi kunda yoshlar kattalarga nisbatan kengroq axborotga ega bo‘layotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. YOshlar internet saytlariga kirib har xil ma’lumotlarga ega bo‘la olishlari sir emas. Ko‘plab internet tarmoqlari, turli portallar va boshqa texnologiyalar orqali etib kelayotgan informatsiyalar ham muayyan maqsadlarga qaratilganini e’tibordan soqit qilish yaramaydi. SHunday ekan, qabul qilinayotgan ma’lumotlarning asosli yoki asosli emasligini bilish va bildirish uchun pedagoglarning o‘zi internet va boshqa informatsion vositalardan xabardor bo‘lishi zarur. Uni to‘g‘ri tushuntirib, to‘g‘ri tahlil qilib bera olish zarur. Aks holda, yoshlar axborot xurujlari orqasida qanday g‘arazli maqsadlar yashiringanini idrok etmay, turli uydirma ma’lumotlarni boshqa tengqurlariga etkazib ularning fikrini chalg‘itishi hech gap emas. “G‘oyaga qarshi faqat g‘oya, fikrga qarshi faqat fikr, jaholatga qarshi faqat ma’rifat bilan bahsga kirishish, olishish” mumkinligi ta’kidlanarkan, demak, targ‘ibotchining o‘zi ma’rifatga, etuk bilim va dunyoqarashga ega bo‘lishi zarur. Uning bilimi, ma’naviyati esa ma’rifat mayog‘i, himoya yarog‘idir. Milliy g‘oya himoyachisi bo‘lish, mustaqillik mafkurasini mustahkamlash mas’uliyati shuni taqozo etadi. Xalq qalbi va ongi uchun kurash ketayotgan, mafkura poligonlari yadro poligonlariga nisbatan katta kuchga ega bo‘lgan ayni zamonda targ‘ibotchining vazifasi va ogohligi har qachongidan ham muhimdir.
Prezidentimizning “Endigi vazifamiz shundan iboratki, milliy istiqlol g‘oyasi tushunchalari asosida keng jamoatchilik, ziyolilarimiz, ilm — fan va madaniyat namoyandalari, avvalo, ma’naviy — ma’rifiy soha xodimlari milliy mafkurani takomillashtirish hamda uning asosiy tamoyillarini odamlar ongi va qalbiga singdirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishlari zarur” degan mulohazalari bejiz emas.
Ta’lim va tarbiya inson kamolotida qo‘sh qanot ekan, uning ta’sirli bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Har bir pedagog yuqoridagi fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqara olishi va amalda to‘g‘ri qo‘llay bilishi kerak.
Xo‘sh, ta’lim — tarbiyaning ta’sirchanligi faqat zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish, ko‘rgazmalilik asosida ish olib borishmi? Bu vosita, xolos. Avvalombor, targ‘ibotchining muloqot jarayonidagi nutqi va xulqi muhim masaladir. Nutq madaniyatining har ikkala shaklini, og‘zaki va yozma nutqni to‘la va to‘g‘ri amalda qo‘llay olmagan targ‘ibotchining maqsadi sarobdir. Nutq madaniyatining har ikkala ko‘rinishi, ya’ni og‘zaki va yozma nutq qoidalarini bilishi va amalda qo‘llay olishi zarur. Bu bir oylik yoki bir yillik emas, doimiy izlanish va mashq qilish orqali ro‘yobga chiqadi. SHuning uchun ham “shoir bo‘lib tug‘iladilar, notiq bo‘lib etishadilar” degan gap bejiz aytilmagan. Qanday yosh va qanday kasbda bo‘lishdan qat’iy nazar, har birimiz kishilar bilan nutqiy muloqotda bo‘lamiz — so‘zlaymiz, tinglaymiz, fikrlashamiz. Har kimning o‘z didi, saviyasi, dunyoqarashi, sajiyasi, fe’l-atvori, ko‘rinishi, kiyinishi bo‘lganidek, uning ovozi, so‘zlashish uslubi, til va nutqiy madaniyatni egallash darajasi ham o‘ziga xos. «O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar»- degan naql bor. Kishining fahm-farosati va saviyasi ikki og‘iz so‘zidayoq namoyon bo‘ladi. So‘zlik insonning o‘zligi uchun ko‘zgudir. Kishi fikrining aniq, samimiy va ta’sirli etib borishi so‘zlovchining til va uning harakatdagi ifodasi bo‘lgan nutq qoidalarini qanchalik bilishi va amal qilishiga bog‘liq. SHunday ekan, nutqning aniqligi-tafakkurning tiniqligiga daxldor bo‘lsa, talaffuzning aniqligi-nutqning tiniqligiga bog‘liqdir. Notiq nutqining mantiqiy qudrati, ta’sir kuchi, jozibasi ham, aslida shu bilan. Notiq nutqi, voiz va’zi har bir davrlarda, har bir makonlarda joiz bo‘lgani haq. Demak, nutqiy mahoratni egallashga intilish nutq odobi, aniqrog‘i, til va nutq vositalarini puxta bilishni, amal qilishni taqozo etadi. Nazariy ma’lumotlar amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashmas ekan, bunga erishish mushkul. Og‘zaki va yozma nutqning o‘zaro bog‘liqligi ularning shakllanish jarayonidagina emas, balki taraqqiy etishida, sayqal topishida muhim ham muqimdir. Og‘zaki nutqning qator vazifaviy ko‘rinishlari mavjudki, ular kezi kelganda, yozma nutqqa jilo beradi. Uning ta’sirchanligini oshiradi. Kundalik so‘zlashuv nutqi, lektorlar nutqi, radio va televidenie nutqi, sahna nutqi bularning har biri alohida tadqiqni talab etadi. Har qanday so‘zning xosiyati nutqning mohiyati bilan aloqadorgina emas, balki mantiqiy tafakkur mezoni hamdir. Nutq, notiq, mantiq, notiqlik atamalarining bir o‘zakdan yasalgani ham bu til birliklarining o‘zaro uzviy bog‘liqlikda namoyon bo‘lishini anglatadi. Biri birisiz ro‘yobga chiqmasligini, biri ikkinchisini taqozo etishini bildiradi. Demak, so‘z xosiyatli bo‘lganidek, nutq ham mohiyatli bo‘lishini uni istifoda etuvchilar, xususan, o‘qituvchilar, notiq, diktor, ritor, didjey va lektorlar doimo yodda tutishlari, amalda o‘rinli qo‘llay bilishlari zarur. Nutqiy mahoratning ikki omili bor. Biri nutq xususiyatlarini bilish bo‘lsa, ikkinchisi nutq texnikasini egallashdir. Nutqning to‘g‘riligi, aniqligi, mantiqiyligi, sofligi, boyligi, ifodaviyligi, ta’sirliligi, jo‘yaliligi, maqsadga muvofiqliligi uning xususiyatlarini tashkil etsa, og‘zaki nutqdagi ovoz, diksiya, pauza, urg‘u, ohang, intonatsiya, yozma nutqdagi tinish belgilari silsilasi nutqiy texnikadir. Fikrlash texnikangiz kuchli, ammo ovozingiz past, ta’sirsiz bo‘lsa, yoki aksincha o‘ktam ovoz, o‘tkir nafasga ega bo‘la turib tafakkuringiz bo‘lmasa, bari behuda. Har ikkalasi omixta bo‘lishi maqsadga muvofiq. Tinglovchi e’tiborini, dastavval, notiqning ko‘rinishi, so‘ngra uning ovozi tortadi. Ovoz o‘qituvchining ham, notiqning ham birinchi quroli. SHuning uchun ham italyan aktyorlaridan biri Tomazzo Salvinidan «Aktyor uchun nima birlamchi?»-deb so‘raganlarida, u «birinchidan ovoz, ikkinchidan ovoz, uchinchidan ovoz, to‘rtinchidan boshqa narsalar»- deb javob bergani bejiz emas.
Ma’lumki, targ‘ibotchi va omma orasidagi muloqot muayyan mavzu bo‘yicha ma’lumot almashish, bilim berishdir. Muloqotning vositalari ikkita bo‘lib, ular nutqiy, ya’ni verbal va nutqiy bo‘lmagan, ya’ni noverbaldir. Har ikkalasidan o‘rinli foydalanish targ‘ibotchiga keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Ular orasiga xitoy devori qo‘yish o‘rinlimas, ular bir-birini boyitadi, to‘ldiradi, asoslaydi va izohlaydi. Oddiy suhbat jarayonida, olimlarning e’tirof etishlaricha, ma’lumotning 35% dan kam qismi nutqiy muloqot, 65% dan ziyod qismi noverbal, boshqacha aytganda, paralingvistik hodisalar orqali etkazilarkan. Taniqli ruhiyatshunos olim, professor Erkin Sattorov “Omadga erishish psixologiyasi” nomli kitobida shu xususda fikr yurita turib, “nutqiy kanal orqali axborot uzatiladi, noverbal kanal bo‘yicha esa muloqot sherigiga bo‘lgan munosabat uzatiladi” degan fikrni keltiradilar. Bir jihatdan qaraganda, e’tiroz yo‘qdek, lekin ular o‘zaro bog‘liq hodisa bo‘lib, noverbal kanal fikrni, ma’lumotni etkazishdagi tasdiq, “yo‘llovchi va qo‘llovchi” vosita ekanligini ham e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi. Pedagog muloqot jarayonida tinglovchi holatini, darajasini his etish asnosida yo‘l tutishi muhim. Ma’lumotni o‘zlashtirish va qabul qilish har bir kishida har xil kechishini yaxshi bilamiz. Tasavvur qiling, dars jarayonida o‘qituvchi e’tiborsizroq o‘quvchi yoniga borib qo‘l harakati bilan uning boshini silab o‘tib ketsa, o‘quvchiga qanchalik ta’sir etishi va muloqotning samimiy bo‘lishini sezish qiyin emas. O‘qituvchining o‘quvchini tushunishi va his etishi, fanda identifikatsiya va empatiya terminlari bilan yuritiladi. Bular odamning o‘zini o‘zgaga ko‘chirishi orqali o‘sha vaziyatda uning o‘zi qanday yo‘l tutishi mumkinligini o‘ylashi va uni his etishi jarayonlarini anglatadi. Dil — qulf, til — kalit. Duch kelgan eshikka to‘g‘ri kelgan kalit tushavermagani singari har bir tinglovchining o‘qish va o‘zlashtirish darajasi borligini inkor etib bo‘lmaydi. Verbal va noverbal vositalarni targ‘ibotchi va tinglovchi bilan boshqacha aytganda, ikki qirg‘oqni bog‘lovchi, bordi-keldini ta’minlaydigan “ko‘prik” deb tushunish o‘rinlidir. Ko‘prik mustahkamligi esa har ikkala tomonning bir-birini yaxshi tushunishi va his etishiga bog‘liq. Tinglovchiga mavzuning bayoni va mazmuni yuz foiz etib bormasligi aniq. Har qanday holatda ham tinglovchi mavzuga qanchalik diqqat qilmasin, ma’lumotning etib borishida juz’iy yo‘qotishlar bo‘lishi tabiiy. YUqorida qayd etilgan kitobda uning tinglovchiga etib borishidagi holat quyidagicha izohlanadi. “Fikr o‘ylanildi, nutqiy shaklga ega bo‘ldi (100%), aytildi (80%), eshitildi (70%), tushunildi (60%), xotirada qoldi (24%).”
Demak, har qanday holatda ham mavzuni to‘la etib borishi mushkul ekan. Lekin mavzuni o‘quvchi ongu shuurida to‘la o‘zlashtirishi va xotirada mustahkamlashi uchun turli interfaol metod va zamonaviy pedtexnologiyalardan foydalanish zaruratini yoddan chiqazish yaramaydi. Bunda tinglovchi faolligi, qiziquvchanligi, ijodkorligiga ko‘proq e’tiborni qaratish foydadan xoli emas. Pedagog so‘zining lug‘aviy ma’nosi “bola etaklovchi” demakdir. Nutqiy jarayonda ham shunga monand holat kuzatiladi. YA’ni, targ‘ibotchi etaklovchi va tinglovchi etaklanuvchi. Bu jarayonda etaklovchi bilim, tajriba, ko‘nikma va malakaga, intellektual kuchga ega bo‘lmas ekan, murod hosil bo‘lmasligi ayon. Pedagog tinglovchining aqlu tuyg‘usiga ta’sir etib uning diqqatini tortmasa ta’lim ta’sirchanligi haqida so‘z ham bo‘lmaydi. Tinglovchi e’tibori targ‘ibotchining e’tiborida bo‘lmas ekan, ta’lim o‘z samarasini bermaydi. Diqqat-e’tibor masalasi hamisha muhim. Nimagadir chalg‘igan tinglovchining o‘zlashtirish darajasi sust va past bo‘lishi oynadek ravshan. SHuning uchun ham mashhur adib Dante “Diqqatdir – suhbatning asl asosi” deyishi bilan haqli edi. Tinglovchi diqqat-e’tiborini tortmasdan aytilayotgan so‘z bamisoli nishonga olmasdan o‘q uzayotgan ovchininng holatini eslatadi.
Pedagogning ta’lim-tarbiyaning ta’sirchanligiga tegishli talablarni bilishi tinglovchilarning mavzuga bo‘lgan qiziqishini tobora ortishiga sabab bo‘ladi.
Hissiz kalom aytish bamisoli tuzsiz taom tortgandek gap. Bu esa zamonaviy pedagogik texnologiyalar va interfaol metodlarni o‘rinli qo‘llash va notiqlik san’atini chuqur egallash zaruratini taqozo etadi.
Notiqlik san’ati va sahna nutqi fanlarini o‘qitishdagi innovatsiyalar ta’limning tizimliligi, o‘quv jarayonining istiqbolli va natijali bo‘lishiga zamin hozirlaydi. Ta’lim oluvchi va ta’lim beruvchi o‘rtasida axborotni taqdim qilishning zamonaviy vositalari va usullarini keng istifoda etish, “FSMU”, “BBB”, “Venn diagrammasi”, “Zinama zina”, “Klaster”, “Sinkveyn” kabi turli o‘yin va interfaol uslublardan foydalanish, dialektik mushohadani shakllantirish va rivojlantirish yo‘sinida mustaqil ijodiy faoliyatni ta’minlash har qachongidan ham muhim va dolzarb masalalardandir. Prezidentimiz I. A. Karimovning “Ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlar boshlangan dastlabki yillarda men jahon tajribasi va hayotda o‘zini ko‘p bor oqlagan haqiqatdan kelib chiqib, agar bu maqsadlarimizni muvaffaqiyatli ravishda amalga oshira olsak, tez orada hayotimizda ijobiy ma’nodagi “portlash effekti”ga, ya’ni, yangi ta’lim modelining kuchli samarasiga erishamiz” degan fikrlarining bejiz bo‘lmaganligini bugungi davr, ta’lim jarayoni to‘la tasdiqlamoqda.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
- Karimov I.A. YUksak ma’naviyat engilmas kuch-T Ma’naviyat, 2008
- Ishmuhammedov R., AbduqodirovA., Pardaev A.Ta’limda innovatsion texnologiyalar. – Toshkent, 2008.
- A.Nosirova. “Sahna nutqi” “Tafakkur bo‘stoni”, T – 2013.
- Xodjimatova M. “Sahna nutqi” XrestomatiY. T. 2011.
- Jumanov I. Sahna nutqi. –T., 2007.
- Stanislavkiy K.S. Rabota aktyora nad soboy chast-2.-M.: Isskustvo.
- Inomxo‘jev S.Badiiy o‘qish asoslari. –T.: O‘qituvchi, 1973.