9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Yоzma nutq san’atlari

notiq.uz > IJODIYOT  > Yоzma nutq san’atlari

Yоzma nutq san’atlari

Yоzma nutq bilan bog‘langan qator san’atlar, aytish mumkinki, kasb-hunarlar ham bo‘lgan. Ular ham ajdodlarimiz e’tiboridan chetda qolmagan.

Kaykovus «Qobusnoma»sida tilga olingan dabirlik, munshiylik, kotiblik ana shular sirasiga kiradi. Aslida, bu kasb, hunar, lekin uni san’at darajasiga ko‘tarishgan. Agar «dabir (ish yurituvchi) va kotib bo‘lsang, yozma nutqni yaxshi egallagil, xatni yaxshi bilgil va ko‘p yozmokni odat qilgil, toki, yaxshiroq, mohir bo‘lgaysen».

Yоzma nutq sirlarini bilish xat ilmini egallashni ham taqozo qiladi. Qog‘oz yuziga tushgan chiroyli xat zavq-shavq uyg‘otadi. SHuning uchun mirzolik, munshiylik, xattotlik uzviy bog‘liq. Ularning mashqi doimiy, uzluksiz bo‘lishi zarurligi uqtiriladi. Xoja Ismoil kotiblarga doimo shunday derkan: «O‘zimning kotibligimda har shanba kuni nuqson ko‘raman, buning sababi shuki, har juma kuni devonxonaga kelmayman, hech narsa yozmayman».

Maktubning go‘zalligi qog‘ozga tushgan xatning chiroyidagina emas, balki undagi fikriy teranlikdadir. Xatni o‘qishlik qilish zarur. Unda maqsad aniq bo‘lishi lozim. Istioralar, ibratli hikoyatlar bilan dalillash ta’sir kuchiga kuch qo‘shadi. Xattotning baxti-taxti uning husndor xatida bo‘lganidek, dabir, munshiy, kotibning muvaffaqiyati sodda, aniq, teran matn bilan maqsad anglatishidadir.

«Kotiblikning yana bir sharti uldurki, kotib bo‘lg‘oningda hamisha podshoh huzurida hozir bo‘lg‘il va har ishning otini bilg‘il. Barcha ishni imtihon qilg‘il, bir ishdin faromush bo‘lmag‘il, hamma ishni yodingda saqlag‘il va barcha devonning holidin ogoh bo‘lg‘il. Hamma omilning muomalalarin bilgil va har turli ishni bilmakda tajassus (qidirish) qilgil», – deb yozadi Kaykovus.

Dabirlik, kotiblik, mirzolik, munshiylik, xattotlik bir-biriga yaqin tushunchalar bo‘lib, bu kasb egalari yozma nutqning ifoda imkoniyatlarini puxta egallagan bo‘lishlari zarur.

Og‘zaki yoki yozma nutq bilan bog‘lik, san’atlar qatorini yana davom ettirish mumkin. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ularning hammasi ijro hamda ijod bilan, so‘z hamda nutq bilan o‘z tarovatini ko‘rsatadi. So‘zni to‘g‘ri topish, tanlash va o‘rinli qo‘llash og‘zaki hamda yozma nutqqa zeb beradi.

So‘z va nutq, vositasida yakka shaxs yoki jamoa bilan munosabatda bo‘lishga qaratilgan san’atlarni, quyidagicha tasniflash mumkin.

NUTQIY SAN’ATLAR

YOZMA NUTQ: 1. Dabirlik 2. Kotiblik Z. Munshiylik (mirzolik) va hokazo.

OG‘ZAKI NUTQ: 1. Voizlik 2. Notiqlik Z. Suxandonlik 4. Qissaguylik 

  1. Roviylik 6. Badihago‘ylik. 7. Askiyachilik  8. Maddohlik va hokazo.

QIROATXONLIK

  1. a) adiblar nomi bilan bog‘langanlari (navoiyxonlik, boburxonlik, bedilxonlik, mashrabxonlik, ogahiyxonlik,va h .k.)
  2. b) janr nomi bilan bog‘langanlari (qasidaxonlik, masnaviyxonlik, g‘azalxonlik, muxammasxonlik, ruboiyxonlik, qissaxonlik, xamsaxonlik va h.k.)

Qiroatxonlik nazmiy yoxud nasriy manbadan yoki yoddan ifodali o‘qish san’atidir.

 

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.